TARJIMASHUNOSLIK SOHASIDA TA’LIM SAMARADORLIGINI OSHIRUVCHI INNOVATSION METODLAR TATBIQI
Abstract
Ushbu maqolada tarjima jarayonining samaradorligini oshirishda qo‘llaniladigan innovatsion metodlar, xususan kompressiya, qaytarish (shadowing) va eslab qolish texnikalarining o‘quv jarayonidagi o‘rni ilmiy asosda tahlil qilinadi. Tarjima qiluvchi uchun zarur bo‘lgan kognitiv jarayonlar, segmentatsiya va interferensiya kabi usullar mazmunan ochib beriladi. Shuningdek, zamonaviy tarjimani o‘qitish jarayonida interaktiv texnologiyalarning ahamiyati va yetakchi xorijiy hamda mahalliy tadqiqotchilar tomonidan ilgari surilgan ilmiy qarashlari yoritiladi.
Keywords:
innovatsion metodlar kompressiya qaytarish (shadowing) eslab qolish segmentatsiya interferensiya innovatsion texnologiya veb-platforma.Bugungi shiddat bilan rivojlanayoytgan dunyoda tarjima sohasi zamonaviy kommunikatsiyaning ajralmas qismiga aylanib bormoqda. Tarjimonlar tayyorlash tizimida innovatsion yondashuvlarni joriy etish mazkur jarayonning sifat ko‘rsatkichlarini sezilarli darajada oshirishga xizmat qiladi. O‘zbekiston Respublikasida xorijiy tillarni o‘qitish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qator normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi. Jumladan, “O‘zbekiston Respublikasida xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–5117-sonli Prezident qarori ushbu yo‘nalishdagi tub islohotlarning asosiy huquqiy poydevorini yaratdi. Mazkur qarorda zamonaviy ta’lim texnologiyalarini keng joriy etish, tarjima o‘rgatish jarayonida innovatsion metodlar va axborot-kommunikatsiya vositalaridan foydalanishni kengaytirish dolzarb vazifa sifatida belgilangan. Tarjima nazariyasi va amaliyoti bo‘yicha mahalliy va xorijiy tadqiqotchilar fikricha, til o‘rganish jarayonida faollikni kuchaytiruvchi, interaktivlikni oshiruvchi va o‘quvchini jarayonga faol jalb etuvchi usullar natijadorlikni sezilarli oshiradi. Shunga ko‘ra, maqolada tarjima o‘rgatishda qo‘llaniladigan asosiy metodlar ilmiy asoslangan holda sharhlanadi.
Tarjima jarayonining muvaffaqiyatli amalga oshirilishi bir nechta omillarga tayanadi. Ulardan eng muhimlari – kompressiya, qaytarish va eslab qolish texnikalaridir. Ushbu usullar tarjimonning nutq tezligini nazorat qilish, matndagi ma’lumotni qayta ishlash va qisqa muddatda mazmunni anglab yetish qobiliyatlarini rivojlantiradi.
- Kompressiya metodining nazariy asoslari va tarjimadagi roli. Kompressiya – bu matn mazmunini semantik jihatdandan kelib chiqib qisqartirish, ya’ni asosiy ma’lumotni saqlagan holda ortiqcha elementlarni chiqarib tashlash jarayonidir. Tarjima jarayoni, ayniqsa og‘zaki tarjimada kompressiya muhim o‘rin tutadi. Chunki og‘zaki nutq oqimida ortiqcha tafsilotlar, takrorlar yoki keraksiz izohlar ko‘p uchraydi. Kompressiya matnni uch darajada soddalashtirishga yordam beradi: 1) Leksik darajada ya’ni lug‘aviy soddalashtirish orqali:Misol uchun → “due to the fact that’’ ni o’rniga “because’’ yoki ‘‘since’’(sababli), ‘‘extremely important’’ o’rniga ‘‘critical’’(muhim) kabi qisqa variantlar tanlanadi.Bu usulda ma’no o’zgarmaydi,sintaktik yuk kamayadi.
2) Sintaktik darajada - murakkab gaplar soddalashtiriladi.Misol: ‘‘When I walked through the old garden and saw the familiar paths , the moments I had spent there in my childhood suddenly came back to my memory’’ gapini 2 ta sodda gap ko’rinishida , ‘‘Men eski bog’ni kezdim.Bolalikdagi damlarim esimga tushdi’’ kabi soddalashtirish.
3) Semantik darajada - eng asosiy g‘oya ajratiladi, kontekstga ta’sir qilmaydigan elementlar chiqarib tashlanadi.Tarjimaning mazmuniy aniqligi uchun semantik kompressiya muhim bo‘lib, bunda jonli ot o‘rniga olmoshlar qo‘llanadi. Masalan, “Tom and John went to the garden” gapini “Ular boqqa ketishdi” tarzida qisqa tarjimasi mazmunni yo‘qotmagan holda ixchamlashtirilishiga misol bo‘ladi. Mo’minov kompressiyani tarjimaning funksional optimallik tamoyilli sifatida ko’rib, uning semantik aniqlik va pragmatik moslikka bevosita ta’sirini ta’kidlaydi. Kompressiya, ayniqsa, ikki tilning sintaktik tuzilishi farq qiladigan vaziyatlarda o‘ta zarur bo’lib xizmat qiladi. Bu usul orqali tarjimon matndagi asosiy fikrlarni ajratib, nutqni tinglovchiga tushunarli shaklda qayta tiklaydi.
Qaytarish (shadowing) metodining o‘rni. Qaytarish tarjimon malakasini oshirishda eng samarali usullardan biri hisoblanadi. Ushbu metodda o‘quvchi nutqni eshitib, deyarli bir vaqtda uni qaytaradi.I.G’ofurov,O.Muminov, N.Qambarov o’zlarining ‘‘Tarjima nazariyasi’’nomli asarida qaytarish metodini ikki turga, fonemik qaytarish va iborali qaytarish kabi turlarga bo’ladilar. Unga ko’ra: “Fonemik qaytarish – bu butun ma’no yoki so’zni kutmasdan turib har bir tovushning qanday eshitilgan bo’lsa shunaqa takrorlashdir.Ikkinchisi esa, bu iborali qaytarish ya’ni talaba so’zlovchining nutqini boshidan oxirigacha takrorlaydi.Tovushma-tovush qaytarish iborali qaytarish usulidan oldin o’tilishi kerak.Bu usul odatda eshitib,ham bir zumda gapirish qobiliyatini o’stirishda ishlatiladi’’. Mazkur usul tarjimonlarni orqada qolmaslikka o‘rgatadi, chunki nutq oqimidagi kechikish tarjima sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Qaytarish mexanizmi o‘quvchini so‘zlovchi nutqiga tez moslashishga yordam beradi, tinglab qabul qilish va bir vaqtning o‘zida gapirish qobiliyatlarini rivojlantiradi. Mutaxassislar ta’kidlashicha, qaytarish mashqlari talabaning mantiqiy tafakkuri, idrok tezligi va diqqatni jamlash qobiliyatini sezilarli darajada yaxshilaydi.Dastlab fonemik darajadagi qatrarishdan boshlagan talaba keyinchalik iboraviy va mazmuniy qaytarish mashqlariga o’tadi.Bu jarayon nutqni tahlil qilish va sintaktik tuzilmani tez anglash ko’nikmalarini kuchaytiradi.
Tarjima davomida ma’lumotlarni eslab qolish. Ma’lumotni eslab qolish tarjima jarayonining ajralmas qismidir. Tarjima davomida doimiy, qisqa, o‘rta va uzoq muddatli xotira mexanizmlari faol ishlaydi. Raqamlar, ism-shariflar, joy nomlari, terminlar kabi detallarning aniq eslab qolinishiga ko’proq diqqat qaratiladi.. Buning uchun she’r yodlash, diktant yozish, radio eshittirishlarni tinglab qayta hikoya qilish kabi mashqlar muntazam bajarib borish muhim o‘rin tutadi. Ma’lumotni segmentlarga ajratish – samarali yondashuvlardan biridir. Mazmunni “kim?”, “qayerda?”, “nima uchun?”, “qanday?” kabi savollar asosida tahlil qilish tarjimonning semantik struktura bilan ishlashini osonlashtiradi. Segmentatsiya yordamida matnning asosiy g‘oyasi tez aniqlanadi, tarjima jarayoni izchil kechadi. Natijada tarjimon murakkab matnlarni ham tizimli ravishda tushunadi va tarjima jarayoni ancha yengillashadi.Eslab qolish jarayonida axborotning mantiqiy ketma-ketligini anglash juda muhim, chunki tarjima davomida gaplarning tashqi shakli emas, balki ularning semantik mazmuni va kommunikativ maqsadi yetkaziladi.Shu sababli tarjimon ma’lumotni yod olishda alohida so’zlarni emas, balki g’oya bloklari,mantiqiy bog’lanishlar va asosiy fikrlarni xotirada saqlaydi.
Interferensiya hodisasi va uning tarjima sifatiga ta’siri. Interferensiya – tarjima jarayonida manba tilining so’z tanlovi, grammatik tuzilishi yoki uslubi tarjima tiliga noo’rin ravishda ko’chib o’tib, matnning tabiiyligini susaytiradigan lingvistik ta’sirdir . Piter Nyumarkning fikricha :’’Tarjimada sinonim tanlash erkin almashtirish emas,balki kontekst va matn funksiyasiga eng mos variantni topish jarayonidir’’.U ta’kidlaydiki,sinonimlar ma’nodoshlikka ega bo’lsada,ularning konnotativ va stilistik qiymati turlicha bo’ladi.Shuning uchun tarjimon so’zni o’zgartirayotganda : matnning ohangi,kommunikativ maqsad,auditoriya, pragmatik kontekstni hisobga olishi shart.U tarjimada interferensiyani kamaytirish uchun ‘‘ target language priority’’ – ya’ni tarjima til me’yorlarini ustuvor qo’yish tamoyilini taklif qiladi:ya’ni tarjima tilining tabiiy me’yorlari har doim ustuvor bo’lishi kerak.Shu bilan birga, interferensiya jarayoni faqat tilda ko’chish hodisasi sifatida emas, balki tarjimonning kognitiv faoliyati bilan bog’liq murakkab psixolingvistik jarayon sifatida ham izohlanadi.Tarjimon matnni idrok etayotganda ikki tilning grammatik modeli, leksik resurslari va uslubiy normalari ongida bir vaqtning o’zida faol bo’ladi. Shuning uchun ularning bir-biriga aralashib ketishi tabiiy hol,ammo bu jarayonni boshqarish tarjimon mahoratining asosiy mezonlaridan biri hisoblanadi.Tarjimon har doim matnning ijtimoiy vazifasini, auditoriyani,nutq odobini hisobga olishi zarur.
Innovatsion texnologiyalarning tarjimadagi o‘rni. Zamonaviy tarjimani o‘qitish jarayonida interaktiv veb-platformalarning ahamiyati tobora ortib bormoqda.Rudi Hartono yondashuviga ko‘ra, interaktiv texnologiyalar talabaning mustaqil o‘rganish strategiyalarini shakllantiradi, tarjima jarayonida analitik va kreativ fikrlashni rag‘batlantiradi. Onlayn platformalar orqali matnni tahlil qilish , avtomatik qayta ishlash vositalaridan foydalanish, audio-video materiallar orqali tarjima qilish kabi usullar o‘quv jarayonining sifatini oshiradi.Talaba matnni tarjima qiladi,uni darhol tahrilaydi,muhokama qiladi va fikr almashadi.Bu esa o’z navbatida , refleksiya jarayonini kuchaytiradi. Uning qarashlarida yana bir muhim jihat – real vaqt rejimidagi interaktivlik.U audio va video materiallar bilan ishlashni nafaqat qo’shimcha mashg’ulot,balki tarjima jarayonining asosiy tarkibiy qismi sifatida baholaydi. Talaba multimodal materiallar orqali ishlaganida tinglab idrok qilish qobiliyati rivojlanadi, nutqning tabiiy ritmi va intonatsiyasi bilan ishlash ko’nikmasi shakllanadi va eshitib tarjima qilish uchun mustahkam baza yaratiladi. Chunki bugungi yoshlar raqamli muhitda shakllanadi, axborotni ko’proq vizual yoki multimedia vositalari orqali qabul qiladi va o’rganish jarayoni ham shunga mos bo’lishi kerak.Hartono innovatsion texnologiyalar – bu ta’limning kelajagi emas,balki bugunidir deb ta’kidlaydi.Shuning uchun ularni o’quv jarayoniga keng tatbiq etish nafaqat o’qitish uslubini yangilaydi, balki global axborot maydonida o’z o’rnini topa oladigan,har qanday vaziyatga moslashuvchan va kreativ fikrlay oladigan tarjimonlarni tayyorlaydi. Shuningdek, Mattiyeva ta’kidlaganidek, tarjima jarayonida har xil talqinlar va izohlarning mavjudligi tarjimaning ko‘p qatlamli jarayon ekanini ko‘rsatadi.Uning fikricha, matnning bir nechta qatlamga ega bo’lishi – leksik, semantik, pragmatik va madaniy qatlamlar – tarjimonni har safar matnga yangicha yondashishiga majbur qiladi.Shuning uchun ham tarjima ‘‘bitta to’g’ri javobi bor’’ jarayon emas, balki kontextga mos yechimlarni tanlash san’atidir.Matnni turlicha talqin qilish imkoniyati tarjimonning erkinligini kengaytiradi, biroq shu bilan birga ma’suliyatni ham oshiradi.Tarjimon har bir talqinnni nafaqat til me’yorlari,balki auditoriya ehtiyojlari, janr talablari, matnning maqsadi va madaniy fon bilan moslashtirishi zarur. Innovatsion metodlar ana shu murakkablikni soddalashtiradi va o‘quvchining matnni chuqur anglashiga ko‘mak beradi.
Shundey qilib,tarjimani o‘rgatishda innovatsion metodlarning qo‘llanilishi jarayonning samaradorligini oshiradi, talabalarning nutqiy, kognitiv va analitik ko‘nikmalarini mustahkamlaydi. Kompressiya, qaytarish, eslab qolish, segmentatsiya va interferensiya kabi texnikalar tarjimonning mustaqil fikrlashi va tezkor qaror qabul qilish qobiliyatini rivojlantiradi.Bu esa tarjimaning asosiy maqsadi – ikki madaniyat o’rtasida to’g’ri va tabiiy muloqot yaratish – jarayonini samaraliroq amalga oshirishga yordam beradi. Interaktiv texnologiyalar esa jarayonni zamonaviy ta’lim talablariga moslashtiradi.Shuningdek, innovatsion metodlar o’qituvchi va talaba o’rtasidagi kommunikatsiyani samarali tashkil etadi.Onlayn platformalar va masofaviy tahlil tizimi tarjima sifatini baholashni yengillashtiradi, talabaning xatolarini o’z vaqtida ko’rishga va tuzatishga yordam beradi.Bunday o’quv muhiti esa o’z navbatida talabalarning motivatsiyasini oshiradi va mustaqil o’rganish madaniyatini shakllantiradi. Natijada tarjima sohasi rivojiga hissa qo‘shuvchi, keng fikrlaydigan malakali tarjimonlar shakllanadi.
References
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 19-maydagi PQ-5117-sonli “O‘zbekiston Respublikasida xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori.
Mattiyeva , F. (2022). Tarjima talqinida turlicha yondashuvlar va izohlar. Евразийский журнал академических исследований, 2(13), 953–957.
G‘ofurov I., Mo‘minov O., Qambarov N. Tarjima nazariyasi. Toshkent: Tafakkur-Bo‘stoni, 2012.
Hartono R. Teaching Translation Through the Interactive Web. Language Circle: Journal of Language and Literature, 2015.
Newmark P. Approaches to Translation. Oxford: Pergamon Press, 1981.
Published
Downloads
How to Cite
License
Copyright (c) 2025 Lobar Nodir qizi BOLTAYEVA

This work is licensed under a Creative Commons Attribution 4.0 International License.
