GAMIFIKATSIYA JARAYONI VA UNING ARAB TILINI OʻRGANISHDA TAʼSIRI

Authors

  • O'zbekiston Davlat Jahon Tillari Universiteti
GAMIFIKATSIYA JARAYONI VA UNING ARAB TILINI OʻRGANISHDA TAʼSIRI

Abstract

Maqolada chet tilini oʻrganishning innovatsion usullaridan boʻlgan gamifikatsiya metodi hamda arab tilini oʻrganishda uning taʼsiri haqida soʻz boradi. Gamifikatsiya tushunchasi, uning bugungi kundagi ahamiyat, nega aynan arab tilida bu jarayonni qoʻllash, arab tiliga boʻlgan ijobiy va salbiy taʼsirlari va qaysi elementlar bu jarayonda muhim rol oʻynashi haqida maʼlumotga ega boʻlasiz. Ta’lim jarayonida o‘yin elementlaridan foydalanish o'rganuvchilarning ishtiyoqini oshirishi hamda o'zlashtirish samaradorligining kuchayishi imkoniyatlari ham ko 'rib chiqiladi. Oʻyinlashtirish jarayoni orqali til oʻrganuvchilar motivatsiyasini oshirish, doimiy bilimlarini mustahkamlab borish va qiyin koʻringan arab tili grammatikasi va alifbosini oʻyin texnologiyalari orqali oʻrganib borish ilmiy asosda tahlil qilinadi.

Keywords:

gamifikatsiya jarayoni arab tili raqamli texnologiyalar yangi til o'rganuvchilari grammatika alifbo Duolingo.

Hozirgi kunda taʼlim sifatini oshirishga alohida eʼtibor berilar ekan, uni rivojlantirish maqsadida koʻpgina tizimli chora-tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda. Shunday jarayonlardan biri gamifikatsiya usuli hisoblanib, u oʻquvchilar faolligini va oʻqishga boʻlgan qiziqishi, motivatsiyani oshirish, bilimini mustahkamlash, oʻz fikrini erkin, qoʻrqmasdan bayon eta olish uchun xizmat qiladi. Zamonaviy metodlarga asoslangan gamifikatsiya jarayonini taʼlim va oʻyin texnologiyalari hamohangligi deb atasak ham mubolagʻa boʻlmaydi. Uning asosiy mohiyati shundaki, unda oʻquvchilar oʻyin elementlari (ball, daraja, topshiriq, sovrin, natija) orqali darsga aloqador jarayonlarda ishtirok etib, dars mazmunini qiziqarli shaklda o‘zlashtiradilar, faol ishtirok etishga intiladilar va o‘z bilimlarini bosqichma-bosqich mustahkamlab boradilar.Bu jarayon o‘quvchilarda sog‘lom raqobat, yuqori motivatsiya hamda mavzuga nisbatan ijobiy munosabat shakllanshiga yordam beradi. Yana bir muhim jihatlardan biri, bu metod chet tilini oʻrganishda ham koʻplab til o'quvchilar tomonidan samarali foydalanib kelinmoqda. Sebastian Deterding, Dan Dixon, Rilla Khaled va Lennart Nackelarning (2011) ta'kidlashicha, o'yinlashtirish birinchi marta 2010-yilda o‘yin bo'lmagan muhitlarda o'yin dizayni elementlarini qo'llashni tasvirlash uchun joriy etilgan.Bundan tashqari, til oʻrgatish jarayoni ayniqsa arab tili darslari muntazam mashq qilish va doimiy qiziqishni talab qiladi. Arab alifbosi, grammatikasi murakkabligi va lugʻat boyligi sababli yangi til oʻrganuvchilari ayrim qiyinchiliklarga, ularni esda saqlashda baʼzi muammolarga duch kelishi mumkin. Shu sababli aynan shu gamifikatsiya texnologiyasi dars jarayoning yanada qiziqarli va interaktiv bo'lishini ta'minlaydi. Zamonaviy tadqiqotlar ham bu yondashuv oʻquvchilarning o‘rganishga bo‘lgan munosabatini yaxshilashi va dars samaradorligini oshirishini ko‘rsatmoqda. Shu bois, ushbu maqola gamifikatsiyaning jarayoni va uning arab tilini oʻrganishdagi oʻrnini aniqlashni maqsad qilgan.

Hozirgi texnologiyalar asrida oʻqitish tajribasini mustahkamlash va yangi til oʻrganishda texnologiyalardan foydalanish zaruratga aylanar ekan, bunga “Z” avlodining (1996-2011-yillar oralig‘ida tug‘ilgan yosh avlodlar) raqamli texnologiyalar bilan ulgʻayganligi va qisqa vaqt ichida koʻproq vizual va interaktiv maʼlumotlarni qabul qilishini sabab qilishimiz mumkin. Bu avlod ananaviy turdagi taʼlim tizimi bilangina cheklanib qolmay, oʻquv mashgʻulotlari paytida tezkor fikr, interaktiv jarayon va raqobatni talab qiluvchi har xil turdagi qiziqarli oʻyin elementlarini afzal koʻrishadi. A.Yusupov (2024) ta’kidlaganidek, gamifikatsiya orqali oʻquvchilar oʻrganish jarayonini o'yin shaklida qabul qiladilar, bu esa ularning motivatsiyasini oshiradi va oʻquv materialini yanada osonroq yodlashlariga yordam beradi.  Raqamli oʻyinlar va interaktiv platformalar, masalan, Duolingo, Kahoot, Quizizz kabi vositalar o'quvchilarga bilimlarni oʻzlashtirishda faollik ko'rsatish, o'zaro raqobatlashish va muvaffaqiyatga erishish imkoniyatini yaratadi.

D.Zaynobiddinova (2025) tomonidan olib borilgan tadqiqotlarga koʻra, oʻyin elementlari qoʻllangan darslarda oʻquvchilarning darsga jalb qilinishi 20-30% ga oshgan va oʻzlashtirish bilan bogʻliq muammolar esa sezilarli darajada kamaygan. Shu bilan birga, mustaqil fikrlash va muammolarni hal qilish qobiliyati ham rivojlangan. Chunki mavzuga yoʻnaltirilgan oʻyinlar oʻquvchilarni oddiygina oʻylashga emas, balki tanqidiy va mantiqiy oʻylashga ham turtki boʻladi.

Arab tili xalqaro hamjamiyatda ikkinchi til sifatida katta e'tibor qozondi va BMT uni rasmiy muloqot tili sifatida qabul qilgan, shu sababli uning oʻrganilishi ham ortib bormoqda. Shundan keyin bu tilni ona tilisi arab tili boʻlmagan nutq soʻzlovchilarning soni ham sezilarli darajada oshdi va bu tilni oʻrganishga boʻlgan ehtiyoj ham ortib bordi. Ammo, oʻz navbatida arab tilining oʻziga xos bir qancha qiyinchiliklari ham mavjud: harflar yozilishi, soʻz ildizlar tizimi, bogʻlanishlar (logaturalar), murakkab grammatik tuzilmalarni oʻz ichiga oladi. Bu qiyinchiliklarni yengishda aynan gamifikatsiya yondashuvi yordam beradi. Bu jarayon ularga motivatsiya past boʻlganda ragʻbat beradi, soʻz yodlash jarayonini yengillashtirishadi, qiyin mavzularni qiziqarli qiladi. Arab tili darslariga mos gamifikatsiya elementlari orqali oʻquvchilar yangi tilni yanada puxta oʻzlashtiradilar. Jumladan, yangi soʻzlar yodlashda - “word challenge”, harflarni toʻgʻri yozishda – “alifbo pazzlelar”, arabcha dialoglar uchun “role-play” oʻyinlar va Duolingo, Kahoot, Quizizz kabi platformalar aynan qoʻl keladi. Shuningdek, bu platformalar til oʻgranuvchilariga istalgan paytda mustaqil ravishda bilimini tekshirish va mustahkamlab borish imkonini beradi. Al-Azawi, R., Al-Faliti, F., & Al-Blushi, Mlarning “King of Grammar” (“Grammatika Shohi”) deb nomlanuvchi mobil ilova yuzasidan tadqiqot olib boradi, bu tadqiqotda eksperimental va nazorat guruhli dastur qo‘llanildi. Unga koʻra, 90 nafar o‘rta maktab o‘quvchisi ikkita guruhga bo‘linadi( tajriba guruhi va nazorat guruhi). Nazorat guruhi ananaviy usulda taʼlim olgan boʻlsa, tajriba guruhi ananaviy darslar bilangina cheklanib qolmay, King Kong ilovasidagi darajalar, ballar, mukofotlar va reyting jadvallari kabi gamifikatsiya elementlaridan foydalanishgan. Tadqiqot natijalariga ko‘ra, grammatika test natijasi tajriba guruhida 89% bo'lgan bo'lsa, nazorat guruhida 72% kuzatilgan. Darslarga qiziqish 89% (t.g) - 45% (n.g), mashq qilish vaqti 82% (t.g) - 35% (n.g) vaqtini oshirgan (2 baravar koʻp amaliyot). Motivatsiya darajasi tajriba guruhi yuqori boʻlgan boʻlsa, nazorat guruhi oʻrtacha darajaga erishgan.

Gamifikatsiya jarayonining yangi arab tili oʻrganuvchilari uchun bir qancha afzalliklari mavjudligi aniqlangan.

  • Xotirani mustahkamlaydi: yangi soʻzlarni yodlashda turli xil soʻz oʻyinlari, memory cardlar va harflarni ulash mashqlari takrorlash mexanizmini kuchaytiradi.
  • Motivatsiya oshiradi: gamifikatsiya dars jarayonini rag‘batlantiruvchi mexanizmlar bilan boyitadi (ball, badge, daraja, reyting). Bu jarayon qanchalik qiyin bo'lmasin, ular buni shunchaki o'yin sifatida qabul qilishadi va tilni o'rganishga bo'lgan motivatsiya yanada oshib, davomli oʻrganishga tayyor boʻlishadi.
  • Tilni amaliy qoʻllash imkoniyati: tilni faqatgina nazariy emas, balki amaliy jihatdan ham qoʻllash imkoniyati mavjud boʻladi. Rolli oʻyinlar, dialog musobaqalari, vaqtli topshiriqlar arab soʻzlarini real muhitda qoʻllash vaziyatini yaratadi.
  • Jamoaviy ishlash koʻnikmasi rivojlanadi: boshqa oʻquvchilar bilan hamkorlikda ishlash orqali jamoaviy va muloqot koʻnikmalarini rivojlantirish mumkin. Ba’zi bir yoshlarda boshqalar oldida uyalish hissi yuqori boʻlgani uchun oʻzi fikrini erkin bayon eta olmaydi. Shunday vaziyatda ular kichik jamoalarda ishlab, oʻz jamoa aʼzolari oldida erkin fikrini bayon etoladi va muloqot koʻnikmalarini ham rivojlantirib boradi.
  • “Z” avlodiga mos oʻquv muhitini yaratadi: bu metod ayniqsa texnologiyalar bilan katta boʻlayotgan “Z” avlodi uchun juda mos hisoblanadi. Chunki ular tez zekirishiga odatlanib qolishgan, shuning uchun faol ishtirok orqali oʻrganishni afzal koʻrishadi. Shuningdek, hozirda ularning deyarli hammasida mobil telefonlar mavjud va Duolingo, Memrise, Drops va shu kabi turli xil til oʻrgatuchi ilovalarni oʻrnatib, doimiy ravishda bilimlarini tekshirib borish, yangi mavzular, soʻzlarni oʻrganish, hattoki oʻsha tilning “native speaker”lari bilan muloqot qilish imkoniyati mavjud boʻladi.
  • Raqobat hissi paydo boʻladi: gamifikatsiya elementlari taʼsirida til oʻrganuvchilari oʻrtasida raqobat paydo boʻladi, natijada til oʻrganishga boʻlgan ishtiyoq yanada ortadi va oʻz bilimlarini kuchaytirishda davom etadi.

Arab tilini o'rganish uchun oʻyinlashtirishning samaradorligi va ta’siri oʻtmishdagi adabiyotlarda ham keng oʻrganilgan. Xususan, Mazer va Al-Ajlouni (2023) Iordaniyada arab tilini oʻrganishda oʻyinlashtirishga e’tibor qaratdi. Ular tillar uchun til o'yiniga asoslangan oʻquv strategiyalaridan foydalanish va oʻquvchilarning arab tilini oʻqish va yozish koʻnikmalaridagi yaxshilanish oʻrtasida ijobiy munosabat borligini xabar qilishdi.

Ammo bu usul bir qancha muammolarni ham keltirib chiqarishi bir qancha olimlar tomonidan oʻrganilgan.

  • Oʻqituvchilarning texnologik bilimlari yetarli bo’lmasligi: oʻqituvchilarning hammasi ham texnologiyalaridan toʻliq xabardor boʻlmasligi mumkin, ayniqsa, yoshi kattalar va bu dars jarayonida raqamli asosdagi oʻyinlarni qoʻllash toʻsigʻini keltirib chiqaradi. Shu sababli oʻqituvchilar arab tili grammatikasi va soʻz boyligini oʻqitishda ananaviy usuldagi taʼlimga tayanadilar. Taʼlim tizimi texnologiyalar bilan bogʻliq holda rivojlanib borar ekan, til oʻrgatuvchularning har biridan texnologik koʻnikmalariga ega boʻlishi talab qilinishi kerakdir.
  • Oʻyin elementlari chuqur oʻrganishni kamaytiradi: bu metodda oʻrganuvchi fanga toʻliq kirib bormaydi, ya’ni bunday paytda faqat tezlikka e’tibor qaratiladi va mazmunga chuqur kirish talab qilinmaydi. Oʻz navbatida bu oʻquvchilar bilimi pasayishiga olib keladi. Al-Adwan (2020) arab tili lug‘atida gamifikatsiyadan foydalangan talabalar chuqur tushunish emas, balki tezkor javob berishga ko‘proq e’tibor qaratganini aniqladi.
  • Oʻqituvchi uchun yuklama ortadi: Bu usul koʻp vaqt va resurs talab qiladi. O'rgatuvchi asosiy metodikasiga kam vaqt ajratadi. Oʻyinlarni yaratish, kontentni moslashtirish va balli tizimlar shular jumlasidandir.

Oʻyinlarni loyihalashtiradigan naqshlarning odatiy dizayni “oʻyin elementlari“ deb nomlanadi. Ballar, nishonlar, reyting jadvallari, progress jadvali, natija grafigi, topshiriq, darajalar, avatarlarni bunga misol qilishimiz mumkin va bularning barchasining oʻziga xos xususiyatlari mavjud. Quyidagi jadvalda ularning vazifalari haqida tanishasiz.

1-jadval.

Gamifikatsiya elementlari

Ta’rifi (oʻzbek tilida)

Arab tilini oʻrganishda foydasi

Ballar(Points)

Ma’lum topshiriqlar bajarilganda beriladigan sonli ko‘rsatkichlar.

O'quvchini muntazam mashq qilishga undaydi, motivatsiyani oshiradi.

Nishonlar (Badges)

O‘quvchining ma’lum yutuqlarini ko‘rsatib turuvchi ramziy belgilar

Kichik yutuqlarni nishonlash orqali O'rganish jarayonini yanada qiziqarli qiladi

Reyting jadvali (Leaderboards)

O‘quvchilarning muvaffaqiyatlariga ko‘ra  tartiblangan ro‘yxat.

Raqobat muhiti yaratib, “Z” avlodini faolroq oʻrganishga undaydi.

Muvaffaqiyat paneli (Progress bars)

O‘quvchining qanchalik oldinga siljishini ko‘rsatuvchi indikator.

Oʻquvchi oʻz oʻsishini koʻrib, davom ettirishga ragʻbat oladi.

Natija grafigi (Performance graph)

Oʻquvchining umumiy koʻrsatkichi va rivojlanish dinamikasi.

Qaysi boʻlimlarda sust ekanligini aniqlashga yordam beradi.

Topshiriqlar / Vazifalar (Quests)

Oʻyin ichidagi bajarilishi kerak boʻlgan mini-vazifalar.

Lugʻat, talaffuz va grammatikani kichik bosqichlarda oʻrganishni osonlashtiradi.

ljtimoiy elementlar (Social elements)

Boshqa foydalanuvchilar bilan oʻzaro aloqa qilish imkoniyati.

Arab tilida suhbat qilish mini-musobaqalar oʻtkazish orqali real kommunikativ tajriba

Darajalar (Levels)

Oʻyin yoki oʻquv jarayonining muayyan bosqichlari.

Ragʻbat orqali oʻquvchilar qoʻshimcha topshiriqlar bajarishga qiziqadi.

Gamifikatsiya til oʻrgatish jarayonida, ayniqsa, arab tili ona tili boʻlmagan oʻrganuvchilar uchun juda samarali omil hisoblanadi. Oʻquv muhitida raqamli asosdagi oʻyinlar oʻynash oʻquvchilar sodiqligi va sinf faoliyatidagi ishtirokini qoʻzgʻatadi va raqobatdosh muhitda oʻz ustida tinimsiz ishlab boradilar. Ba’zi salbiy jihatlari bor boʻlishiga qaramasdan, afzalliklari koʻproq ustun keladi va bir qancha tadqiqotlar ham buni isbotlagan. Yaqin kelajakda arab tilini oʻrganishda raqamli platformalarni keng joriy etish barcha til oʻrganuvchilari uchun birdek foydali boʻladi.

 

References

Garland, C. M.(2015). Gamification and implications for second language education: A meta analysis.

Yusupov, A. (2024). Xorijiy tillarni o‘rganishda gamifikatsiya: o‘quv jarayonida raqamli o‘yinlardan foydalanish. Termiz davlat pedagogika instituti.

Almelhes, S. A. (2024). Gamification for teaching the Arabic language to non-native speakers: A systematic literature review. Arabic Language Institute for Non-native Speakers, Teachers Preparing and Training Department, Islamic University of Madinah.

Zaynobiddinova, D. N. (2025). O‘qitish jarayonida gamifikatsiya: foydasi va kamchiliklari. Ta’lim innovatsiyasi va integratsiyasi, 39(2), 355–359.

Published

Downloads

Author Biography

Shahnoza Azamat qizi ADAMOVA,
O'zbekiston Davlat Jahon Tillari Universiteti

Ingliz tili birinchi fakulteti talabasi

How to Cite

ADAMOVA, S. A. qizi. (2025). GAMIFIKATSIYA JARAYONI VA UNING ARAB TILINI OʻRGANISHDA TAʼSIRI. The Lingua Spectrum, 12(2), 313–317. Retrieved from https://lingvospektr.uz/index.php/lngsp/article/view/1274

Similar Articles

1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 > >> 

You may also start an advanced similarity search for this article.