NEMIS TILINI O‘QITISHDA INNOVATSION METODLARNING O‘RNI VA AHAMIYATI
Abstract
Ushbu maqolada nemis tilini o‘qitish jarayonida qo‘llanilayotgan innovatsion metodlarning nazariy asoslari, ularning turlari hamda ta’lim samaradorligiga ta’siri yoritilgan. Interaktiv, axborot-kommunikatsion va kreativ metodlardan foydalanish til o‘rganuvchilarning kommunikativ kompetensiyasini rivojlantirishi, dars jarayonini jonlantirishi va talaba faolligini oshirishi ilmiy manbalar asosida tahlil qilingan. Tadqiqot natijalari innovatsion yondashuv nemis tilini o‘zlashtirishda muhim pedagogik omil ekanligini ko‘rsatadi.
Keywords:
innovatsion metodlar kommunikativ yondashuv interaktiv texnologiyalar CLIL gamifikatsiya raqamli ta’lim nemis tili.KIRISH
Bugungi kunda globallashuv va raqamli texnologiyalar jadal rivojlanar ekan, ta’lim tizimida innovatsion metodlardan foydalanish dolzarb masalaga aylandi. Rivojlangan davlatlar – Germaniya, AQSH, Finlyandiya, Yaponiya kabi mamlakatlarda CLIL, gamifikatsiya, loyihaviy ta’lim, raqamli platformalardan foydalanish ta’lim samaradorligini oshiruvchi asosiy omillardan biri sifatida e’tirof etilmoqda. Innovatsion yondashuv o‘quvchilarning mustaqil fikrlashi, muloqot kompetensiyasi va ijodkorligini rivojlantirishi bilan ahamiyatlidir. Jumladan,Respublikamizda ham ta’lim tizimini modernizatsiya qilish doirasida interaktiv metodlar, AKT vositalari, elektron platformalar va integratsiyalashgan yondashuvlarni dars jarayoniga joriy etish kengayib bormoqda. Xususan, chet tillarni o‘qitishda innovatsion metodlardan foydalanish o‘quvchi kompetensiyasini rivojlantirish, kommunikativ savodxonligini oshirish va nutq faoliyatini faollashtirishda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi. Innovatsion yondashuv o‘quv jarayonini interaktiv, mazmunli va samarali tashkil etish imkonini beradi [1].
Avvalo innovatsiya so‘ziga to‘xtalib o‘tamiz. Innovatsiya nima? Innovatsion metodlar biz uchun qanday ahamiyat kasb etadi? Innovatsiya – bu yangilik, yangicha g‘oya, ta’lim, texnologiya, ishlab chiqarish yoki boshqaruv jarayoniga yangilik kiritish, samaradorlikni oshirishga qaratilgan modernizatsiya, yangi metod, usul, texnologiya yoki mahsulot yaratish va uni amaliyotga joriy etish jarayoni. E. Rogers izohiga ko‘ra, innovatsiya – shaxs yoki guruh tomonidan yangi deb qabul qilingan g‘oya, usul yoki obyektni yaratish va joriy etish jarayoni. Pеdagogikada innovatsiya – o‘qitish jarayonini takomillashtirishga qaratilgan yangicha texnologiya va metodlar majmuasi.Ta’lim jarayonida innovatsiya – bu yangicha yondashuv, texnologiya, metod yoki vositalardan foydalanish orqali o‘quv jarayonini takomillashtirishga qaratilgan faoliyatdir. Pеdagogik innovatsiya nazariyasi E. Rogersning “Innovatsiyalarning tarqalishi” g‘oyalariga tayanadi. Rogers innovatsiyani o‘qitish jarayoniga kirib keladigan yangilik, uni o‘zlashtirish va amaliyotga tatbiq etish bosqichlarini tavsiflab beradi [2]. Kommunikativ yondashuv nazariyasiga ko‘ra, chet tilini o‘qitishda asosiy maqsad – tilning grammatik tuzilishini o‘rgatish emas, balki haqiqiy kommunikativ vaziyatlarda samarali muloqot qilishni ta’minlashdir [3].
Nemis tilini o‘qitishda innovatsion metodlar
Interaktiv metodlar
- “Blended learning” – an’anaviy dars va onlayn o‘qitishning uyg‘unlashuvi. Bu model o‘quvchini mustaqil ta’limga yo‘naltiradi, multimedia resurslardan foydalanish imkonini kengaytiradi.
- “CLIL” (Content and Language Integrated Learning) – mazmun orqali til o‘rgatish metodida o‘quvchilar fanlararo mazmunni nemis tilida egallaydi.
- Rol o‘yinlari va muloqotli vaziyatlar – kommunikativ kompetensiyani rivojlantiradi, real nutq sharoitlarini yaratadi.
Raqamli texnologiyalar asosidagi metodlar
- Onlayn platformalar (Duolingo, LingQ, Deutsch-online.de) – o‘quvchining individual sur'atda ishlashiga imkon beradi.
- Virtual hamkorlik vositalari (Padlet, Mentimeter, Quizlet) – lug‘at boyligini mustahkamlaydi, darsni interaktiv qiladi.
- Mobil ilovalar – o‘quvchilarni darsdan tashqari ham o‘qishga jalb qiladi.
Kreativ metodlar
- “Mind-mapping” – g‘oyalarni xarita shaklida tuzish orqali til birliklarini tizimlashtiradi.
- Storytelling – hikoya yaratish orqali grammatik konstruktsiyalarni amaliy qo‘llashni rag‘batlantiradi.
- Gamifikatsiya (o‘yinlashtirish) – o‘yin elementlari yordamida o‘quvchilarning motivatsiyasi oshadi
Innovatsion metodlar nemis tili ta’limida quyidagi natijalarni beradi:
- O‘quvchi faolligi va mustaqil fikrlashi oshadi.
- Kommunikativ ko‘nikmalar tezroq shakllanadi.
- O‘quvchilarning nutq madaniyati, eshitish va tushunish kompetensiyalari rivojlanadi.
- Dars jarayoni qiziqarli, mazmunli va interaktiv bo‘ladi.
Tadqiqot natijasi shuni ko‘rsatadiki, innovatsion texnologiyalar asosida tashkil etilgan darslar an’anaviy darslarga nisbatan ko‘proq natija beradi, chunki u o‘quvchining faol ishtirokiga asoslanadi [4].
XULOSA
Xulosa qilib shuni aytishimiz joizki, nemis tilini o‘qitishda innovatsion metodlardan foydalanish o‘qitish jarayonini optimallashtirish, o‘quvchilarning til ko‘nikmalarini rivojlantirish hamda kommunikativ kompetensiyani mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Interaktiv, axborot-kommunikatsion va kreativ metodlarning uyg‘unlashuvi yuqori natija beradi. Dars davomida o‘quvchilarning kompetensiyasini shakllantirib borish uchun doimiy interaktiv hamda innovatsion ta’lim texnologiyalaridan foydalansa maqsadga muvofiq bo‘lardi. Bunda talaba nafaqat til o‘rganadi, balki zamonaviy innovatsion metdodlardan foydalanish usullarini ham o‘rganib boradi.
References
Otaboyeva M. R. Chet tilini o‘qitishda zamonaviy innovatsion texnologiyalar va ularning samaradorligi. Molodoy ucheniy, 2017.
Rogers E. M. Diffusion of Innovations. New York: Free Press, 2003.
Littlewood W. Communicative Language Teaching. Cambridge University Press, 1981.
Richards J., Rodgers T. Approaches and Methods in Language Teaching. Cambridge University Press, 2014.
AXMEDOVA, A. (2023). NEMIS TILI FONETIK KOMPETENSIYASINI SHAKLLANTRIRISHDA INNOVATSION TA’LIM TEXNOLOGIYALARINING ROLI . Journal of Research and Innovation, 1(4), 42–45.
Akhmedova Adolat Ravshan kizi. (2022). Problems of Formation of Phonetic Competence of Students (A Level 1). Eurasian Scientific Herald, 6, 160–162.
Published
Downloads
How to Cite
License
Copyright (c) 2025 Askarjon Nuriddinovich OSTANOV

This work is licensed under a Creative Commons Attribution 4.0 International License.
