O’QUVCHILARNING GAPIRISH KO’NIKMASINI RIVOJANTIRISHDA ONLAYN PLATFORMALARNING AHAMIYATI
Abstract
Ushbu maqolada ingliz tilini o’qitish va gapirish ko’nikmasini shakllantirishda zamonaviy ta'lim texnologiyalaridan foydalanishning ahamiyati, samaradorlik imkoniyatlari va o’quvchi faoliyatiga ta’siri tahlil qilindi. Online platformalar, multimedia vositalari, sun’iy intellekt asosidagi o’quv dasturlari hamda masofaviy ta’lim imkoniyatlari orqali dars jarayonini modernizatsiya qilishning afzalliklari ko’rsatib berildi.
Keywords:
zamonaviy texnologiyalar onlayn ta’lim mobil ilovalar virtual laboratoriyalar raqamli texnologiya Quizlet Kahoot Wordwall Bamboozle Wheel of Names grammatika interaktiv mashqlar videodarslik audio dialoglar nutq tezligi mustaqil fikrlash sun’iy intelekt masofaviy ta’lim videomuloqot videosuhbat dars samaradorligi.Bugungi rivojlanib borayotgan zamonaviy ta’lim tizimida, ingliz tilini o’rganishga bo’lgan talablar tobora ortib bormoqda. Shu bois, ta’lim jarayonida yangicha yondashuv, raqamli vositalardan samarali foydalanish va o’quvchilarni faollikka undaydigan metodlardan dars jarayonida foydalanish muhim ahamiyat kasb etadi. Hozirgi kunda zamonaviy texnologiyalar o’qituvchi uchun yordamchi vosita bo’libgina qolmay, balki butun bir o’quv jarayonini boshqaruvchi asosiy vosita bo’lib qolmoqda. Ingliz tilin o’qitish respublikamizda davlat siyosati darajasiga ko’tarilgan desak mubolag’a bo’lmaydi. Yurtboshimiz Mirziyoyev Shavkat Miromonovich tomonidan 2021-yil 19-maydagi PQ-5117-sonli “Chet tillarini o’qitish tizimini takomillashtirish chora tadbirlari” qarorida ham buning yaqqol namunasini ko’rishimiz mumkin. Qarorda zamonaviy raqamli platformalar, elektron darsliklar, mobil ilovalar, virtual laboratoriyalar va onlayn ta’lim vositalaridan foydalanish zarurligi qayd etilgan. Shu bilan birga ingliz tili o’qituvchilarining malakasini oshirish uchun hamda xalqaro sertifikatlarga ega bo’lishlari uchun sharoitlarni yaratish va tashkillashtirilayotgan dars jarayonlarini zamon bilan hamnafas holatda o’tilishi ham muhim yo’nalish sifatida ko’rsatib o’tilgan. Ta’kidlash joizki ushbu qaror ingliz tili o’qitish jarayonida zamonaviy texnologiyalardan foydalanish uchun qonuniy asos yaratdi va ta’lim tizimida keskin burilishlarga sabab bo’lmoqdi.
Har bir faoliyat yurituvchi shaxsning ish quroli bo’lganidek (dehqon-ketmen, ishchi-bolg’a, adib-qog’oz) o’quvchi va o’qituvchi ham o’zlariga tegishli bo’lgan o’quv qurollari va materiallari bilan ta’minlanadi. Daftar, ruchka, qalam, o’chirg’ich, chizg’ich kabilarning o’quvchining o’quv qurollari hisoblansa, hozirgi kunga kelib o’qituvchining asosiy quroli uning kitobi yoki darsligi bo’libgina qolmay, onlayn platformalar orqali darslikni o’quvchilar uchun yanada kengroq, tushunarliroq, qiziqarliroq holatda yaratib, ularni darsning o’zidayoq uyga berilgan vazifani yoki yangi mavzuni qay darajada o’zlashtirganligini onlayn platformalar orqali tekshirib olishyapti. Bu esa o’quvchilarni faollikka, darsni yaxshiroq o’zlashtirishga, raqobatbardoshlikni kuchaytirishga undamoqda. Bular hozirgi zamonda o’qituvchilarning ta’lim sohasidagi erishayotgan yutuqlaridan biri desak ham bo’ladi. Shu bilan birga, zamonaviy axborot texnologiyalari ta’lim jarayonini nafaqat osonlashtirmoqda, balki uni butunlay yangi bosqichga olib chiqmoqda. Avvallari o’qituvchi dars jarayonida faqatgina og‘zaki tushuntirish, doskaga yozish yoki kitobdagi ma’lumotlar bilan cheklangan bo‘lsa, bugungi kunda interaktiv taqdimotlar, videodarslar, virtual laboratoriyalar, test platformalari va elektron kundaliklar orqali dars jarayonini ancha samarali tashkil etish imkoniyati paydo bo‘lmoqda. O‘quvchilar ham endilikda faqat tinglovchi emas, balki to‘laqonli ishtirokchi sifatida darsga jalb qilinmoqda. Masalan, dars davomida onlayn testlar orqali darhol o‘z bilimini sinab ko‘rishi, mavzuni chuqurroq o‘zlashtirish uchun qo‘shimcha videoroliklar ko‘rishi yoki interaktiv mashqlarni bajarishi mumkin. Bu nafaqat ularning qiziqishini oshiradi, balki mustaqil fikrlash, izlanish va o‘z ustida ishlash ko‘nikmalarini shakllantiradi. Bundan tashqari, onlayn platformalar yordamida o‘qituvchi va o‘quvchi o‘rtasidagi aloqa yanada mustahkamlanmoqda. O‘qituvchi ularning natijalarini real vaqt davomida kuzatib borishi, qaysi mavzu qiyinchilik tug’dirayotganini aniqlashi va har bir o‘quvchiga individual yondashuvni amalga oshirishi mumkin. Bu esa ta’lim sifatining oshishiga, har bir o‘quvchining o‘z qobiliyati va imkoniyatiga qarab rivojlanishiga zamin yaratadi.
Raqamli texnologiyalar (Quizlet, Kahoot, Bamboozle, Wordwall, Wheel of Names) ingliz tilida gapirish ko’nikmasini takomillashtirishga bo’lgan qiziqishlarni oshirishda hamda tabiiy muhitni yaratib berishda anchagina qo’l keladi. Bundan tashqari gapirish ko’nikmasining muhim elementi hisoblangan yangi so’zlarni, grammatikani o’rganishda, interaktiv mashqlar tayyorlashda, dars jarayonini jonli tarzda o’tkazishga yordam beradi. Videodarsliklarni qo’llash, audio dialoglar o’quvchini talaffuzini to’g’irlash va nutq tezligi bilan ishlash yo’llarini ochib beradi. Bu kabi ilovalar darslarni raqamli texnologiyalar bilan boyitish va darsga bo’lgan qiziqishini oshiradi, mustaqil fikrlay olish qobiliyatini shakllantiradi. Ayniqsa, qilayotgan xatolarini zudlik bilan to’g’irlay olish imkonini beradi. Bunday jarayonda darslarni tashkillashtirish, o’z o’zini baholash va raqamli platformalarning har bir darajalarga moslanuvchanligi tufayli har bir o’quvchi o’z darajasiga mos bo’lgan mashqlarni bajarish orqali bilimlari kuchayib boradi.
Hozirgi kunda jadal rivojlanayotgan SI yani sun’iy intelekt ham bundan istesno emas, chunki bu ingliz tilida darslarini tashkillashtirishda keng imkoniyatlar yaratmoqda. SI vositalari orqali darsning o’zida o’quvchini talaffuzini avtomatik tekshirish, grammatikasi to’g’irlab ketish va matnlarni tahlil qilib individual ishlash mumkin.
Zamonaviy texnologiyalar masofaviy ta’limning ham yanada rivojlanishiga katta hissa qo’shmoqda. Online platformalar, videomuloqotlar, videosuhbat klublari o’quvchilarga o’z uylaridan turgan holatda samarali til o’rganish o’qiy olish imkoniyatini bermoqda. Dunyoning turli nuqtalarida bo’lgan o’zining tengdoshlari bilan muloqot qilgan holatda o’zlarining tushuna olish va gapira olish ko’nikmalarini rivojlantirishmoqda. Umumiy olib aytganda, ingliz tilini o’qitishda zamonaviy texnologiyalarni qo’llash dars jarayoning samaradorligini keskin tarzda oshiradi.
Gapirish ko’nikmasi til o’rganuvchilarning eng ko’p diqqat qaratadigan ko’nikma turi bo’lib, mazkur ko’nikmani shakllantirish biroz vaqt talab qiladi. Chunki, 1-2 so’z yodlab olib chet tilida ravon gapirib ketish mushkul. Buning uchun, albatta, mehnat va tajriba kerak bo’ladi. “Sen ingliz qilida gapira olasanmi?” yoki “Sen rus tilida gapira olasanmi?” degan savollarni ko’p eshitamiz. Lekin, hech kim “Sen chet tilida tinglay olasanmi yoki yoza olasanmi?” deb so’ramaydi. Bundan ko’rinib turibdi-ki, gapirish til o’rganuvchilar uchun barcha ko’nikmalardan ham ustun ekan. A.G.Solomatina ham: “Agar o’quvchi ingliz tilida erkin gapira olishga muvaffaq bo’lsa, demak u tilni o’rganishga erishgan bo’ladi.” deb ta’kidlab o’tadi. Shunday ekan, maktab o’quvchilarining gapirish ko’nikmasini qanday rivojlantirish mumkin? Gapirish ko‘nikmalarini rivojlantirishning asosiy maqsadi:
-O‘quvchiga erkin fikrini ifodalash imkonini berish.
-Kommunikativ qobiliyatni oshirish.
-Tinglash va javob berish orqali interaktiv muloqotga tayyorlash.
- Gapirish ko‘nikmalarini rivojlantirish metodlari
- a) Dialoglar va rol o‘yinlari (Role-play)
-O‘quvchilar turli vaziyatlarda muloqot qilishni mashq qiladilar (masalan, do‘kon, aeroport, restoran).
-Shaxsiy tajribani ifodalash va ijtimoiy vaziyatlarda muloqot qilish ko‘nikmasi rivojlanadi.
-Faol ishtirok va kreativlikni oshiradi.
- b) Gruppa ishlari va juftlik ishlari (Pair & Group Work)
-O‘quvchilar kichik guruhlarda mavzu bo‘yicha suhbat quradilar.
-Fikr almashish va bir-birini tinglash ko‘nikmasi shakllanadi.
-Xatolardan qo‘rqmasdan muloqot qilish muhitini yaratadi.
- c) Debatlar va munozaralar (Debates & Discussions)
-O‘quvchilar muayyan mavzuda o‘z fikrini asoslab gapiradi.
-Tanqidiy fikrlash va argumentatsiya ko‘nikmasi rivojlanadi.
-Rasmiy va norasmiy nutq uslublarini o‘rganish imkonini beradi.
- d) Ta’sirli savol-javob mashqlari (Question-Answer Drills)
-O‘qituvchi savollar beradi, o‘quvchilar qisqa va aniq javoblar beradi.
-Talaffuz, intonatsiya va tezkor javob berish qobiliyati yaxshilanadi.
-Yangi so‘zlar va iboralarni amaliyotda qo‘llashni osonlashtiradi.
- e) Hikoya qilish (Storytelling)
-O‘quvchilar qisqa hikoyalarni yoki shaxsiy tajribalarini ingliz tilida so‘zlab beradi.
-Nutqni uzluksiz, mantiqiy ravishda qurish ko‘nikmasi shakllanadi.
-So‘z boyligi va ifoda vositalari kengayadi.
- f) Texnologiya va multimediadan foydalanish
-Audio va video materiallar orqali nutqni takrorlash.
-Virtual suhbatlar, onlayn platformalar va til o‘rgatish ilovalari yordamida mashq qilish.
-Real hayotiy muloqot sharoitini simulyatsiya qilish.
- Gapirish ko‘nikmalarini rivojlantirishda e’tibor beriladigan jihatlar
-Xatolardan qo‘rqmaslikni rag‘batlantirish.
-Talabalar motivatsiyasini oshirish (qiziqarli mavzular, shaxsiy tajribalar).
-Talaffuz va intonatsiyaga e’tibor berish.
-Kommunikativ vaziyatlarni real hayotga yaqinlashtirish.
Shuni aytish joizki, bugungi kunda o‘qituvchining roli ham o‘zgarib bormoqda: u endi faqat bilim beruvchi emas, balki yo‘naltiruvchi, motivatsiya beruvchi, zamonaviy texnologiyalarni to‘g‘ri qo‘llab, o‘quvchini mustaqil ta’lim olishga undovchi yetakchiga aylanmoqda. Bu esa nafaqat o‘qituvchilar, balki butun ta’lim tizimining zamonaviy talablar asosida rivojlanayotganidan dalolat beradi.
References
O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 19-maydagi PQ-5117-sonli “Chet tillarini o’qitish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to’g’risidagi qarori.
O’zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi. “Chet tillarini o’qitishni rivojlantirish strategiyasi – 2021 – 2025”. Toshkent, 2021.
Urinova Durdona Farhodovna. Creative Methods of teaching in reading skill / D.F.Urinova. – Toshkent 2025. American Journal of social sciences and humanitry research. – 33-34
Jalolov Jamol Jalolovich. Chet tilini o’qitish metodikasi: chet tillar oliy o’quv yurtlari (fakultetlari) talabalari uchun darslik / J.J.Jalolov. – Toshkent: O’qituvchi, 2012. -40b
Jalolov Jamol Jalolovich. Chet tilini o’qitish metodikasi: chet tillar oliy o’quv yurtlari (fakultetlari) talabalari uchun darslik / J.J.Jalolov. – Toshkent: O’qituvchi, 2012. -266b
Published
Downloads
How to Cite
License
Copyright (c) 2025 Maftuna Ravshan qizi XISOMIDDINOVA

This work is licensed under a Creative Commons Attribution 4.0 International License.
