The artistry of symbols and allegories in the prose of Isajon Sultan
DOI:
https://doi.org/10.5281/zenodo.18465856
Abstract
Isajon Sultan’s prose displays a number of features, such as intertextuality, which we emphasize in our article, the multi-level structure of the text, the rhizome (the type of plot as a symbolic labyrinth with a certain center around an axis that does not stick together), including the death of the traditional author’s point of view (narrative chaos). However, the author’s work differs from postmodernist works by a number of features, such as the fact that it grew on the soil of strong national traditions, that it creates metanarratives, and does not turn to the methods of “play” and “theater”, characteristic of postmodernism.
Keywords:
Modernism rhizome social realism folk memory mythological beginningsAdabiyot olamida hech bir yangi hodisa o‘z-o‘zidan qat’iylashib qolmaydi. Baxsu munozara, tasdiqu inkor etishlar, qo‘llab quvvatlash-u qo‘l siltashlarning bari tabiiy hol. Agar bu yangi hodisada davr ruhi o‘z ifodasini topgan bo‘lsa, zamonaning muammolariga muayyan tarzda javob bera olsa, tarix, hayot haqiqatlariga qarshi bormasa,asta sekinlik bilan bo‘lsada, o‘z konsepsiyasini qaror toptira boradi. Asrlar davomida yashab kelayotgan romantizm va realizm ijodiy metodlari, bir asr nari-berisida yashab kelayotgan abadiy yo‘nalishlar hamda 15-20 yil o‘z imkoniyatlarini sarflab bo‘lgan adabiy oqimlar tarixi shundan guvohlik beradi. Oxir oqibat bularning bari birlashib yagona adabiy jarayonni tashkil etishi ham tabiiy hol. Ayni damda Sharq, xususan, o‘zbek adabiyoti uchun ham postmodernism hodisasi ana shunday yangi ijodiy hodisadir. Jahonning turli mintaqalarida mazkur hodisa turlicha ko‘rinishlarda o‘ziligini namoyon qilganligi bois sharq va o‘zbek adabiyoti misolida alohida to‘xtalish lozim. Chunki g‘arb madaniyatlarida o‘zligini isbotlaganushbu hodisa o‘zbek adabiyoti va adabiyotshunosligida o‘shanday ko‘rinish va holatda qabul qilinmaganligini Omon Muxtor, Nabijon Boqiy,Isajon Sulton, Baxodir Qobul kabi ijodkorlar asarlari misolida ko‘rihimiz mumkin.
Professorlar Muxammadjon Xolbekov qayd etganlaridek “… san’atkorning bevosita obraz mazmuniga, uning asl mohiyatiga me’yoridan oshiq diqqat-e’tibor qaratganligi naturalizm nomini oldi; obrazning favqulotda bo‘rttirib tasvirlangan holati abstraksionizm qonuniyatiga asos bo‘ldi, jo‘shqin va hayajonli his – tuyg‘ular bilan to‘yintirib ifodalanganligi esa ekspressionizmga aylandi; ortiqcha mazmundorlik va ko‘p ma’nolilikning kashf qilinishi bevosita syurrealizmga taalluqli bo‘lib qoldi” ni (Leskov, 2020), bu ijodiy yo‘nalishlarning muhim belgilari bugungi o‘zbek nasrida ba’zan alohida, ba’zan qorishiq tarzda ko‘zga tashlanadi.
Isajon Sulton adabiyot tarixidan, jahon adabiyotidan, unda kechgan metod – u yo‘nalishlardan, falsafa, genetika, psixologiya ilmlaridan yaxshi xabardor ekanligi asarlarning mutoalasidan seziladi. Shu bois o‘zlashtirilgan, his qilingan bu an’analar va tajribalarning rang-barang xususiyatlari hikoya, qissa, romanlari o‘zagida goh uyg‘unlashib, ba’zan alohida sifatlari bilan namoyon bo‘lib turadi. Yozuvchi ijodigan munosabat bildirgan ustoz adabiyotshunoslar ham buni ta’kidlab o‘tishadi.
“Isajon Sulton deganda asar tilidagi joziba va go‘zallikni, aniqlik va ixchamlikni, milliylikni alohida ta’kidlamaslik mumkin emas,” (Nazarov, 2017) – deb yozadi akademik Baxtiyor Nazarov. O‘zbekiston qahramoni, adabiyotshunos Ibrohim G‘afurov esa “Isajon Sulton bu – kun-qizil ekzistentsializm,” – deb qayd etar ekan, uning ekzistentsializm yo‘llari va falsafasiga shaydo ong va yuragida dunyo va tabiatning kelib chiqishiga nazar solish g‘oyasi paydo bo‘lganligini bir qator hikoyalari misolida tahlil qiladi.
“Isajon modernizm, postmodernizm allaqachon jahonni zabt etgan, milliy adabiyotimizga ham dadil kirib kelgan davrning farzandi, yetuk ijodkorlari sifatida maydonga chiqdi, – deb yozadi U. Normatov, – ammo u yangicha tamoyillarga ko‘r-ko‘rona ergashmadi,o‘ziga xos mafkuraviy-ijodiy yo‘ldan bordi.”
- Rasulov, D. To‘rayev, Y. Solijonovlarning chiqishlaridan ham yana misol keltirishda davom etishimiz mumkin, biroq yozuvchi ijodida o‘zbek va jahon adabiyoti kechgan ijodiy jarayonlarning rang-barang tarzda o‘z izini qoldirganligi chin haqiqat.
Yozuvchi nasridagi ramzlar, timsollar uning mumtoz sharq she’riyati, xususan,tasavvuf falsafasidan yaxshigina baxramand bo‘lganligini ko‘rsatadi. Tasavvuf she’riyati ramzlar bilan kodlangan she’riyat. Unda, masalan, gumbaz – dunyoning, osmon – fayzu-barakaning, quduq – tiriklikning, bulbul – ruhning, qafas – vujudning ramzlari bo‘lib keladi. Xuddi shu singari I.Sulton nasrida ham rang-barang ramz va timsollarni uchratamiz. Darbadarlikka maxkum etikdo‘z, shahri Xaybar, Bog‘i Eram, g‘ordagi avliyo, g‘aroyib toshbaqa, saxrodagi karvon, Ozod izlab chiqqan lola va boshqalar ana shunday ramz va timsollardir. Agar she’riy asarda ramzlar motivlik xususiyatiga ega bo‘lsa, nasriy asardagi, xususan, Isajon Sulton nasridagi ramz va timsollar kompozitsion markazni, poetik g‘oyani muayyan qirralari bilan to‘ldirayotgan hikoyalar xarakteriga egadir.
Adabiyotshunos Ilhom Hasanov “Bir bahrning ikki gavhari” maqolasida hazrat Navoiy dostonlaridagi an’analarning A. Qodiriy romanlarida bo‘y ko‘rsatganligini konkret qiyoslashlarda tahlil qilib bergandi (Hasan, 2004). Xuddi shu kabi I.Sulton ham mumtoz mohiyatni, tasavvufiy-falsafiy dunyo-qaralashni postmodernistik shakllarda ifodalab berdi desak xato bo‘lmas.
Isajon Sulton nasrida postmodernizmning bir qator xususiyatlari ko‘zga tashlanadi, masalan, biz dissertatsiyamizda urg‘u berayotgan intermatnlilik, matnning ko‘p darajali qilib tuzilishi, rizoma (ramziy labirint bo‘lib syujet ko‘rinishi ma’lum bir markaziy o‘q atrofida jipslashmaydi) an’anaviy mualliflik nuqta-i nazari tushunchasining o‘lishi (hikoya qilishdagi tartibsizlik) kabilar shular jumlasidan. Biroq, adib ijodi mustahkam milliy an’analar zaminidan o‘sib chiqqanligi metarivoyatlar yaratayotganligi, postmodernizmga xos “o‘yin” va “teatrga xoslik “ usullariga murojaat qilmasligi kabi qator belgilar bilan postmodern asarlardan ajralib turadi. Shu jihatdan mazkur asarlarning qay ijodiy yo‘nalishga mansubligiga e’tibor qaratgan professor Dilmorod Quronovning qarashlarini e’tiborli va asosli deb hisoblaymiz.”…g‘arbda urf bo‘lgan “izm” lar ma’naviyatimiz uchun zararli deguvchilarning tashvishlar,albatta, asossiz emas. Marg‘ub tomoni shuki, Isajon o‘ta “izm” lardan maqbul shaklni olgani holda o‘zi milliy zaminda sobit turibdi. Jillaqursa, bir jihatini olaylik: postmodern kayfiyati degani millatlaru milliy madaniyatning qorishuvini ko‘zda tutadi, shunday zamindan unib chiqadi. Yozuvchining esa by ruh-kayfiyatni butun vujudi bilan inkor qiladi…” (Quronov, 2017).
I.Sulton nasridagi muhim xusisiyatlardan biri hayotdan ma’ni izlash tendensiyasidir. Attor hazratlari hayotni qorong‘I va zax quduqqa qiyoslaganlar. Inson ana shu qorong‘ilik va zaxdan yorug‘ olamga chiqishi kerak, aks holda chuvalchangsifat va qurbaqasimon umrguzaronlik qilib o‘tadi.
Hazrat Navoiyjahondin notavon o‘tmakni hammomdan nopok chiqmoqqa qiyoslaydilar. Biroq modernizm adabiyotida absurd falsafasi keng ishlangan mavzulardan, ya’ni hayotning bema’niliklardan iboratligini badiiylashtirish I.Sulton nasrida har ikkala g‘oyani davom ettirish barobarida o‘ziga xos nuqtai nazar ham shakllangan.
Masalan, “Boqiy darbadar” romanida etikdo‘zga qarata aytilgan:
“Endi sen to qiyomatga qadar betinim daydiga mahkum etilding”, – deyildi unga.
“Hamda sening qiladigan ishing – hech narsa, hech narsa, faqat hech narsa”, – deyildi unga” (Sulton, 2011) kabi gaplar absurddan boshqa narsa emas, albatta. Bu A. Kamyuning “Szif haqida asotir” asarini esga solidi. Ikkinchi jahon urushi daxshatlari Alber Kamyuda absurd tushunchasini qatiylashtirgan edi. Biroq I. Sulton fransuz yozuvchisidan farqli o‘laroq haq yo‘ldanadashishni absurd, ma’nisiz hayot tarziga olib keladi degan xulosaga to‘xtaladi. Haq va haqiqatdan chekinish, Yaratgandan uzoqlashish oxir oqibat inson hayotini mazmunsizlikka olib kelishini yozuvchi engoliy mavjudot – klon bilan bog‘liq syujet miqyosiga ham mahorat bilan singdiradi, yozuvchining fantaziyasi mahsuli bo‘lgan bu obraz sun’iy intellekt xususida shov-shuvlar bo‘layotgan bugungi kunimizning timsolidek taassurot qoldiradi.
“Boqiy darbadar” ning kompozitsion tuzilishi ham uning postmodern romanlarning shakl unsurlarini o‘zlashtirganligini tasdiqlaydi. Syujet yagona nuqtaga jamlanmagan, turli makon va zamondagi voqea-rivoyatlar bir-biridan ayri holda ifodalangan, muallif shaxsining mavjudligi sezilmaydi, aytish mumkinki, hikoya qilishdagi pala-partishlik o‘quvchining adabiy-tarixiy xotirasiga mo‘ljallangan, ya’ni tarqoq, pala-partish tuyulayotgan syujet o‘quvchida, uning idrok va ongida umumlashadi, tabiiyki, bu an’anaviy romanlar o‘quvchisiga uncha ma’qul kelmaydi. O‘zi asli postmodern adabiyot namunalari ommaboplik xususiyatlariga ega bo‘lib, juda katta kitobxonlar auditoriyasini qamrab oladi, biroq I.Sulton nasrida biz bunday ommaboplik jihatlarini ko‘rmaymiz.
U, ayniqsa, romanlarida ko‘tarib chiqayotgan muammolar xos, intellekti yuqori kitobxonga mo‘ljallangan. Chunki insonning yaralishi va mavjudligini belgilaydigan falsafiy masalalar, irsiyat, gen bilan bog‘liq muammolar talqinining kitobxoni ko‘p bo‘lmaydi. Ommabop adabiyot deganimiz yengil-yelpi mavzularga va ularning soddaroq talqiniga tayanadi. Masalan, Ulug‘bek Hamdamning “Ota” romanini shunday asarlar qatoriga kiritish mumkin. Chunki unda hayotiy masalalar osongina hal qilinadi, ikkinchidan tasviriylik o‘rnini bayonchilik egallaydi, uchinchidan, yozuvchi o‘zigacha mavjud motiv va syujetlarni sal-pal o‘zgartirgan holda ishlataveradi. Misol uchun, “Ota” romanida shunday bir epizod keltiriladi, urushda asir olingan nemis jangchisiga o‘zbek yigiti achinish bilan qaraydi. Uning yosh qiyofasi va beg‘ubor ko‘zlarida urushga aloqador hech bir xususiyatni ko‘rmaydi. Ayni shu epizod Lev Tolstoyning “Urush va tinchlik” romanida ham mavjud bo‘lib, undagi raqiblar rus va fransuz askarlaridir.
Chinakam postmodern adabiyotning sarguzasht asarlarga yaqinligi bor, biroq ular bir xildagi adabiyotlar emas. Nazarimizda, ularni yaqinlashtiradigan jihatlar yengil o‘qilishida va ommaboplik belgilarida. Shu bois ba’zi adabiyotshunoslar ham ba’zan postmodern romanlarni sarguzasht asarga nisbat berishadi. Chunonchi, professor Damin To‘rayev “Boqiy darbadar” romani haqida yozgan moqolasini “falsafiy sarguzasht roman” deb ataydi. Vaholanki, sarguzasht asarda ham ba’zan falsafiy masalalar ko‘rib o‘tilgan bo‘lishi mumkin, biroq unda qay bir xususiyatning ustuvorligiga e’tibor qaratish zarur. Zotan falsafiylik va sarguzashtlik bir-biriga yaqin tushunchalar emas, chunki falsafiy asarning kitobxoni ko‘p bo‘lmaydi, sarguzasht asarning o‘quvchisi esa aksincha ko‘p bo‘ladi.
- Sulton nasrida postmodernizmga xos janrlar va uslublar qorishuvini ham kuzatishimiz mumkin. Birgina “Boqiy darbadar” ning o‘zida Gvido Bonatti bilan bog‘liq tarixiy ma’lumot, sun’iy urchitish, genlarni takomillashtirish va klonlashtirish bilan bog‘liq ilmiy qarashlar, murojaat ko‘rinishi, fantastika, rivoyat, publisistika kabi qator ifoda usullarining sifatlari singdirilgan, shu bois aniq-tiniq qahramon uchramaydi. An’anaviy romanda barcha syujet chiziqlarini o‘zida jamlaydigan qahramon va obrazlar bo‘lardi, bu romanda esa biz buni ko‘rmaymiz. “Boqiy darbadar” da janrlar va turli ifoda yo‘sinlarining qorishuvi natijasida publisistik xitoblar, ortiqcha nasihatbozligu kitobiylikning maqomi oshgandek taassurot qoldiradi. Masalan, “Grigor Menda kashf etgan qonuniyatlar bilan sharq she’riyatidagi aruz vazni bahrlaridagi fe’l turlanishlari orasidagi bog‘liqlikni mantiqiy modellashtirish orqali kashf etgan va gen o‘ramlarining eng maqbul kombinatsiyalaridan birini topgan” professor Ziyo xususidagi mulohazalar bachkanaroq tuyuladi. Yoki Ziyoning o‘g‘li maktubida Vatanu unga jonfidolik haqiagi gaplar publisistik yalang‘ochlikni yuzaga keltirgan. Badiiy asarda xarakter o‘zining vatanparvarligini so‘zda emas, amaliy harakatda ko‘rsatganida o‘rinli bo‘lar edi.
Postmodernizatsizm madaniyati mohiyatida yangicha ezgulik g‘oyalari yotishi ko‘pgina adabiyotshunoslarning tadqiqotlarida ta’kidlab o‘tiladi.Bu yangicha ezgulik doirasiga inson, hayvonot, nabotot, koinot, xullas, butun olam uyg‘unlik kasb etadi. Bugungi o‘zbek nasrida, jumladan, tadqiqotimiz obyekti bo‘lgan I.Sulton ijodida, B.Qobul nasrida ana shu g‘oyaning tajassum topganligini ko‘rishimiz mumkin.
- Sulton ijodi xususida so‘z yuritgan adabiyotshunos Yo‘ldosh Solijonov, jumladan, bu borada quyidagicha qayd etgan edi: “Adib ijodida ayniqsa”, Havolarni almashtiradigan va tabiatni jo‘shtiradigan shamol, suv, bulut,yomg‘ir kabi tabiat unsurlarimuhim o‘rin tutadi va muallifga qahramonlari holatini, ichki olamini, muhit hamda vaziyatni yanada ishonarli ifodalashiga xizmat qiladi. Inson bilan hamisha yonma-yon yuradigan ona tabiatning bu ajoyib hodisalari yozuvchi asarlarida goh detal, goh obraz sifatida namoyon bo‘lib, zarur paytda o‘z sohibi bilan suhbatlashadi, unga ko‘maklashadi, niyatiga yetishga yordam beradi (Solijonov, 2017).
Chindan ham I. Sulton va B. Qobul ijodida to‘rt unsur: suv, havo, olov, tuproqdan turli-tuman vaziyat va holatlarni ifodalashda unumli foydalanganliklariga guvoh bo‘lish mumkin. Tabiat hodisalari hamda turli darajadagi obraz, detal vazifalarini bajaruvchi to‘rt unsur asar obrazlarining makon va zamon hududidagi harakat hamda xayollari behududligini ta’minlaydigan vositalarga aylanadi hamda ijodkorlarga umumbashariy g‘oyalarni milliylik bilan to‘yintirishga xizmat qiladi. Bahodir Qobulning “Ena shamol”, “Otachiroq” qissalari to‘lasincha ana shu konsepsiyaga bo‘ysindirilgan. I. Sultonning “Boqiy darbadar” romanidagi shamol detali bilan bog‘liq bo‘lgan quyidagi mulohazalarga to‘xtalib o‘tamiz:
“…Otaxon shamolning tog‘larda avliyo bilan suhbat qurganini, shahri Haybar xarobalarining qumlarini to‘zg‘itib-sochib o‘tganini nevarasiga aytmadi. Zero, cholning hadigi bor edi. Shamollarning turlariniyu vazifalarini u yaxshi bilardi. Lekin, bunisi bag‘rida yomg‘irlarni olib keluvchi rahmat epkini emasdi. Gullarning to‘kuvchi va mevalarni changlantiruvchi rizq shamoli ham, marhamat shamoli ham, fasllarni o‘zgartiruvchi mavsum shamoli ham emasdi. Aksincha boshqa epkin edi, uning esishida jazo shiddati borga o‘xshardi” (Solijonov, 2017).
Adibning romanidagi bu xususiyat uning boshqa janrdagi asarlariga ham xosligini qayd etish bilan birga bu tasvir usuli yozuvchining individual uslubiy maneralaridan biri darajasiga ko‘tarilganligni ta’kidlash joiz.
Insonni butun olam bilan bir butunlikda aks ettirish tendensiyasi nafaqat postmodernizmda, romantik metodda yaratilgan badiiyat namunalariga ham xos edi, biroq postmodern adabiyot namoyondalari ushbu masalaga alohida urg‘u berganlari bois bu go‘yoki keyingi davr adabiyotiga xos xislat sifatida talqin etiladigan bo‘ldi.
“Layli va Majnun” da Majnunning sahroga hayvonot olami bilan muloqot qilishlari, “Farhod va Shirin” da Farhodning o‘limi oldidan sahroyu cheksizliklardan, hunarmandlik anjomlaridan, parrandayu darrandadan uzr so‘rab, tonggi saboga murojaat qilishlari – ushbu ifoda yo‘sinining romantizmga hamxosligiga bir misoldirki, har ikki adib: B. Qobul va I. Sulton ham jahon adabiyotida kechgan va kechayotgan o‘zgarishlardan yaxshi xabardor ekanligini ko‘rsatadi.
Postmodern adabiyotda tasavvur kuchi alohida o‘rin egallaydi. Tasavvurda jonlanganholat, kechinma, qachonlardir kechgan hodisaning eng ostida saqlangan uzuq yuluq lavhalarini tasvirlashga alohida e’tibor qaratiladi. “Boqiy darbadar” da syujet dunyoning turli burchaklarida kechgan, kechishi mumkin bo‘lgan makonlarida ro‘y berganligi asarda inson omili, umumbashariy dard yetakchi o‘ringa chiqqanligini ko‘rsatadiki, bu ham yozma dostonchiligimizning hayotbaxsh an’analari ta’siri desak xato bo‘lmaydi, zotan ulug‘ mutafakkir Alisher Navoiy dostonlaridagi voqelik ham Chin, Rum, Yunon, Arab, Arman va boshqa mamlakatlarda kechgandek talqin etiladi. Bahodir Qobul nasrida esa umuminsoniy qadriyatlarga tarixiy haqiqatning kechinmalar assosatsiyasi orqali badiiylashtirilishida erishiladi. Hayot + xayol + tasavvur + kechinmalar assosatsiyasi B. Qobul nasri harakat yo‘nalishlarini belgilab beradigan asosiy tasvir usullari bo‘lib, ular vositasida badiiy konsepsiya turli makon va zamonlarda ro‘y bergan tarixiy saboqlarga tayanadi, shu bois bu asarlarning poydevori mustahkam degan xulosaga kelishimiz mumkin.
Albatta, bugungi roman kechagi romandan, bugungi tafakkur tarzi kechagidan farqlanadi. Chunki asar yozilgan davr bilan undan oldingi va keyingi davr muammolari o‘zgargan bo‘ladi. Sh. Xolmirzayevning “Olabo‘ji”, A. Muxtorning “Ko‘zgu oldidagi odam” romanlarida absurd tuyg‘usi kuchli. Bu asar qahramonlari “to‘qayzor” da katta hayot yo‘liga chiqish uchun sarson bo‘lishadi.
“Boqiy darbadar”da ham Hazratni itarib yuborgan etikdo‘zning darbadarlikka mahkum etilishida ham absurd qarash mavjud, biroq asarning umummatnidan kelib chiqilsa, unda absurd qarashlarning ustunligi sezilmaydi, onda-sonda be’manilik bo‘lib tuyuladigan epizodlar ertangi kunga umidbaxsh etadigan islomiy va insoniy qarashlarning soyasida qolib ketadi. Shu bois “Mutafakkirning vido maktubi”ga, ya’ni Gabriel Markesning so‘nggi asariga urg‘u qaratiladi yoxud “Tiyonshon bag‘ridagi g‘orda istiqomat qiluvchi avliyo” hikoyati, professor Ziyoning o‘g‘li otasiga yozgan maktublar bejizga roman matnidan joy olmaganligi ertangi kunga bo‘lgan ishonchning, haq va haqiqat poydorligining, ezgulikning tantana qilishiga bo‘lgan optimistik qarashlarning ifodasi va timsollaridir. Bahodir Qobul nasrida ham shu xususiyatni ko‘ramiz. Masalan, “Enashamol” asarining “Tengsiz Tengri oti bilan boshlayman”, – deb boshlanishining o‘ziyoq asarning poetik asosi islomiy va insoniy g‘oyalarga to‘yinganligiga ishora berib turadi.
Akademik B. Nazarov, B. Qobulning “Otachiroq” kitobiga yozgan so‘z boshisida quyidagilarni alohida qayd etadi: “Bu asarda modern asosda ko‘proq g‘arb adabiyotidan ta’sirlanish,absurd, ijodiy fikrlash tarzi emas, o‘zbek mumtoz nasri, xususan, Alisher Navoiy nasridagi badiyatning sir-asrorlari bordek ko‘rinadi. Zotan,biz hozir modern deb atashga o‘rganib borayotganimiz badiiy fikrlash yo‘nalishidagi, ong oqimining evrilish va erkin o‘rin almashinuvi, tarixiy,romantic va mifologik prinsiplarning uyg‘unlashishidagi serqatlamlik xususiyatlarning go‘zal namunasiga Navoiy nasrida ham duch kelasiz”.
Ko‘rinib turibdiki, g‘arb postmodernizmidan ayrim kompozitsion qurilishiga oid komponentlaridan o‘zlashtirilgani bilan aynan uning o‘zi emas. Yuqorida ko‘rib o‘tilgan masalalardan shunday xulosaga kelish mumkinki, bizda modernizm, postmodernizm xususiyatlari model sifatida qabul qilindi va bu model milliy adabiy an’analar va qadriyatlar mazmun-mohiyati bilan shakllantirildi.
- Sultonning hikoyalarini o‘qiganda har gal hayoldan hazrat Yassaviyning
Ota-ona, qarindosh,
Hech kim bo‘lmaydi yo‘ldosh,
Mardona bo‘l g‘arib bosh,
Umring yeldek o‘taro – satrlari jonlanaveradi. Yozuvchi go‘yoki ana shu miskin misralarni hikoya janrida, nasrda naqshlagandek tuyulaveradi. Uning “TODD”, “Bog‘i eram”, “Avliyo” hikoyalari ana shu ruhda.
Yozuvchi hikoya va adabiy syujetlarida falsafaga judayam qiziqib qolganini gapirib o‘tadi. Tabiiyki, falsafa, eng avvalo,inson, uning qismati,yashashdan maqsadi, tiriklik va o‘lim, baqo va fano, ruh va tan, aql va hissiyot qarama-qarshiligi bilan bog‘liq tushunchalarning mohiyati xususida bosh qotirishni, izlanishni talab etadiki, ayni masalalarning, talqinini adibning yuqorida eslatilgan hikoyalari misolida ko‘rish mumkin.
“TODD” – bu bir umr yelib-yugurib, ro‘zg‘or degan g‘ordan qutulolmagan, tuzuk-quruq nafas rostlashga ham vaqt topmay dunyodan o‘tib ketgan Mamasidiq pishiqning absurd qismati to‘g‘risida. Mamasidiq urushda asir tushib konslagerdan har tong uni shaxtagacha yugurtirgan nemis zobitining ismi Todd. Toddning lug‘aviy ma’nosi o‘lim degani ekan. Qahramon hayoti bilan bog‘liq voqealarni ustalik bilan bog‘lagan ijodkor hikoya so‘ngida nahotki, har qanday yelib-yugurishlarning ortida Todd, ya’ni o‘lim tursa degan savolni ko‘ndalang qo‘yadiki, masalaning bu tarzda yakunlanishi o‘quvchini ham o‘ylashga, hayot haqida chuqurroq mushohada yuritishga majbur qiladi.
“Bog‘i Eram”da esa masalaning mohiyati ancha kengroq qamrab olinadi. “TODD”da bir inson qismati asos vazifasini o‘tagan bo‘lsa, bu hikoyada umuman inson hayotining tong va shom orasidek qisqa va bevafoligi majoziy timsollardaaks ettiriladi.
Xalqimiz ongu tafakkurida jannat,do‘zax kabi tushuncha-tasavvurlarning chuqur ildizlari mavjud. Dunyoning besh kunligi, hayotning o‘tkinchiyu daraxt bargidek omonatligi to‘g‘risida ham shunday deyish mumkin. Hazrat Navoiy aytganlaridek “Xazon sipohig‘a, ey bog‘bon, emas mone, Bu bog‘ tomig‘a gar ignadin tikan qilg‘il,”- ya’ni barglarni igna bilan daraxtga sanchib qo‘ysang ham xazon lashkarini to‘xtatib bo‘lmas. “Bog‘i Eram”da ana shu tushuncha va qarashlar bola,bobo,non,bog‘ timsollari vositasida konkretlashtirib tasvirlanadi.
Sotsialistik realizm adabiyotida ko‘z bilan ko‘rib, qo‘l bilan ushlab ko‘rish mumkin bo‘lgan real hodisa va tushunchalar qalamga olinardi. Xalq xotirasida va ruhoniyatida yashab kelayotgan bu qarashlarning hikoyada jonli tasvirlanishi kitobxonlarda katta qiziqish uyg‘otdi. “Avliyo” hikoyasini “Bog‘i Eram”ningmantiqiy davomi deyish mumkin. “Bog‘i Eram”da ko‘tarilgan falsafiy qarashlar, umr, qismat, bexishtu do‘zax bilan bog‘liq tushunchalar xalqimizning o‘zga bir udumi aziz avliyolarga sig‘inishi, qadamjolarni ziyorat qilishi, og‘ir kunlarida ulardan umidvor bo‘lishi va madad kutishi kabi realistik hayotiy aqidalar fonida ochib beriladiki, “Avliyo” hikoyasi ham muayyan turkumning mustahkam bir halqasidek taassurot qoldiradi. Yurtimizning ko‘hna shahar va kentlarida xalqimiz sig‘inib, sog‘inib keladigan minglab qadamjolar bor. Aziz avliyolardan madad so‘rash, ularning ruhi poklariga yukunish va qurbonliklar qilish udumi ongda, ongostida, qolaversa, ommaviy ongsizlik qatlarida yashab kelayotgan bu inonch tuyg‘usi yozuvchi uchun yangi hayotiy material bo‘lib xizmat qiladi, kattakon dardu o‘ylarini, odamu olamni anglash yo‘lidagi iztiroblarini badiiy bo‘yoqlarda ko‘rsatishga xizmat qiladi.
- Sultonning “Boqiy darbadar”, “Ozod” romanlari Poulo Koeloning “Alkimyogar”, “Beshinchi tog‘” romanlari qurilishi va ifoda uslubiga hamda voqelikkamajoziy obrazlarda yondashishi bilan ancha yaqin turadi. Tabiiyki, I.Sulton uning romanlarini o‘qigan, ulardan ta’sirlangan bo‘lishi ham mumkin. Biroq uning ilk hikoyalaridan romanlarigacha bo‘lgan ijodiy yo‘lini xronologik tartibda kuzatadigan bo‘lsak, uslubining shakllanishidagi ilk kurtaklar uning shu taxlit romanlar ijodkoriga aylanishini muqarrar va tabiiy qilib ko‘rsatadi. Uning poetik uslubi asardan asarga sayqal topib, biz hozir guvohibo‘layotgan poetik mahoratini qaror toptirdi, olamga qarashi, yozish manerasi hamda individual badiiy uslubini ro‘yobga chiqardi.
Xulosa qilib aytganda, tahlilga tortilgan Isajon Sulton asarlari, qiyoslab o‘tilgan Bahodir Qobul nasri namunalari bugungi o‘zbek prozasi jahon adabiyoti yutuqlari bilan boyib borayotganligini va ayni paytda milliy nasrimiz sarchashmalaridan oziqlanayotganligini tasdiqlaydi.
References
Hasan, I. (2004). Biri kam dunyo. Buxoro: Buxoro nashriyoti.
Nazarov, B. (2017). Iste’dod manzaralari. In Isajon Sulton nasri badiiyati. Tashkent: Turon zamin ziyo.
Quronov, D. (2017). O‘ylashga undovchi asar. In Isajon Sulton nasri badiiyati. Tashkent: Turon zamin ziyo.
Sulton, I. (2011). Boqiy darbadar. Tashkent: O‘zbekiston.
Solijonov, Y. (2017). Niyati qutlug‘ adib. In Isajon Sulton nasri badiiyati. Tashkent: Turon zamin ziyo.
Xolbekov, M. (2020). XX asr jahon adabiyoti manzaralari. Tashkent: Mumtoz so‘z.
Published
Downloads
How to Cite
Issue
Section
License
Copyright (c) 2026 Suhrob Shavkat o‘g‘li Hasanov

This work is licensed under a Creative Commons Attribution 4.0 International License.
