Semantic classification of anthroponymic titles on the example of Abdulla Oripov’s work

Authors

  • Andijan State University

DOI:

https://doi.org/10.5281/zenodo.18465903
 Semantic classification of anthroponymic titles on the example of Abdulla Oripov’s work

Abstract

The title is one of the important elements in the analysis of a work of art. It acts as a key to the literary text. Based on the meaning of the word taken in the title, the reader gets an initial idea of the literary text. The purpose of the research is to study the anthroponymic title and its semantic classification, as well as its relationship with the literary text, using the example of the titles given to the poems of Abdulla Oripov. The research methods were based on linguistylistic, poetic, semantic analysis. Research results: The titles denoting the name of a person used in the work of Abdulla Oripov were classified according to their content into mythological anthroponymic title, mythopoetic anthroponymic title, religious-historical anthroponymic title, literary anthroponymic title, allusive anthroponymic, and historical anthroponymic titles. In conclusion, the study of anthroponymic titles in the example of the poet's work shows the poet's skill in using onomastic units. It also helps to analyze the author's use of anthroponyms for purposes such as understanding historical and national identity, expressing religious worldview, and emphasizing the image in the literary text, together with the content of the work.

Keywords:

Title anthroponymic title mythological anthroponymic title mythopoetic anthroponymic title religious-historical anthroponymic title literary anthroponymic title allusive anthroponymic historical anthroponymic

Kirish

Tilshunoslikda onomastika nomlarni o‘rganuvchi maxsus bo‘lim hisoblanib, antroponimlar shu bo‘lim tarkibida o‘rganiladi. Antroponimlarga ismlar, familiyalar, otasining ismlari, laqab, taxalluslar kiradi. Ijodkorlar o‘z badiiy maqsadidan kelib chiqib antroponimlardan asarlari uchun sarlavha sifatida foydalanishi mumkin. Bunday holda, muallif uchun bu qahramonni boshqalardan ajratib ko‘rsatish, uning eksklyuzivligini ko‘rsatish muhimdir. Badiiy asar sarlavhasi badiiy matndagi yetakchi mazmunni ifoda etish uchun xizmat qiladi. Tadqiqotda aniqlangan muammo o‘zbek tilshunosligida Abdulla Oripov she’rlariga qo‘yilgan antroponim sarlavhalarning semantik tahlili o‘rganilmagan. Tadqiqot maqsadi maqolada biz shoir ijodida qo‘llanilgan antroponim sarlavhalarni semantik jihatdan turlarga ajratib tahlil qilish va bu orqali shoir ifoda etmoqchi bo‘lgan fikrlarni aniqlashni maqsad qildik. Tadqiqot vazifalari shoir she’riyatidagi antroponim sarlavhalarni aniqlash, semantik tasnif qilish, shunga ko‘ra antroponim sarlavha turlarini yaratish, shaxs nomlari va badiiy matn aloqadorligini o‘rganish.

Adabiyotlar tahlili va Metodlar

Xalqaro tilshunoslikda O. Bogdanova ingliz nasrida sarlavhalarning qo‘llanilishini o‘rganib chiqqan. Unda antroponim sarlavhalarga ham e’tibor qaratgan. Asarlarga ayollar ismining berilishida ko‘proq mualliflar jozibador ismlardangani va familiya ko‘rsatilmaganini e’tirof etadi. Bunga sabab qilib asarlarning to‘y bilan tugashi, qizlarning esa familiyalari o‘zgarishini aytadi. Sharlotta Bronte qalamiga mansub “Jeyn Eyr” romanida esa Eyr familiyasini sarlavhada berilishiga bosh qahramonning mustaqilligi, alohidaligini ta’kidlash badiiy maqsad bo‘lgan. Muallif asar qahramonining ismi asar g‘oyasini yetarlicha ochib bermaydi deb hisoblasa unga qo‘shimcha izoh kiritgan. S.Richardsonning “Klarissa yoki yosh xonimning tarixi” asarini bunga misol qilib keltiradi (Богданова, 2009). O‘zbek tilshunosligida S.Nasimova ilmiy maqolasida (Nasimova, 2023) antroponim sarlavhalar haqida to‘xtalib, “antroponimlar bilan ifodalangan badiiy asarlar nomida mazmuniy jihatdan tarixiy shaxslar yoki mifologik qahramonlar nomlari bilan, qarindoshchilik nomlari bilan bog‘lanib kelgan ismlar orqali, ifodalanishi mumkin. Struktur jihatdan esa ular bitta ism, ism+ism, ism bilan hosil bo‘lgan tobe bog‘lanish, gap qolipidagi bog‘lanish va hokazolarga bo‘linadi” deydi. M.Bozorova “Umumtа’lim mаktаblаridа diniy аllyuziyalаrni o‘qitishning ilmiy-metodik аsoslаri” maqolasida allyuziv antroponimlarga izoh berib, misollar keltirgan, ularni maktab darsliklarida o‘qitish metodikasi haqida to‘xtalgan.

Tadqiqot ishini olib borishda struktur-semantik tahlilk, konnotativ tahlil, assotsiativ tahlil, kontekstual tahlil metodlaridan foydalanildi.

Natijalar va Muhokama

Antroponim sarlavhalarni A.Oripov ijodi misolida quyidagicha tasnif qildik. Tasniflash jarayonida ularning anglatayotgan ma’nolariga e’tibor qaratdik.

Tarixiy antroponim sarlavha tarixda yashab o‘tgan real shaxs nomi asosida yaratilgan bo‘lib, u tarixiy shaxni, davr yoki voqea bilan bog‘liq ramziy ma’nolarni o‘zida ifoda etadi: “Pushkin” (haqiqiy shoirlar insonlar qalbida barhayot yashashi), “Navoiy” (Navoiy ijodining mangulik va abadiyatga daxldorligi), “Temur” (mustaqillikdan so‘ng nim oqlangan ulug‘ ajdodimizga hurmat), “Napaleon” (soxta buyuklik da’vosini kinoyaviy ifodasi), “Abdulla Qahhor” (ijodkorning teran fikrlashi e’tirofi),“Mo‘min Mirzo” (begunohlik va zulm ziddiyati). “Mo‘min mirzo” she’ri Husayn Boyqaroning sevimli o‘g‘li Badiuzzamon Mirzodan tug‘ilgan nabirasining ayanchli taqdiri haqida. 1497-yil asir olinib, Husayn Boyqaro farmoni bilan qatl etilgan. Bu fojiaga taxt uchun kurash va siyosiy nizolar sabab bo‘lgan. Shoir esa she’rda hozir ham o‘z manfaati uchun har narsaga tayyor ”qotillar” borligi, Mo‘min mirzodek jabrdiyda yoshlar ham uchrashini ta’kidlaydi. O‘shanday johil insonlarga nisbatan o‘z nafratini shoir ushbu she’rda aks ettiradi. Tarixiy shaxs obrazi orqali zulm qurboni bo‘lgan barcha begunoh, pok qalbli yoshlar nazarda tutiladi. Sarlavhaga olingan tarixiy antroponim tarixda yuz bergan fojia, begunohlik va zolimlik o‘rtasidagi ziddiyatni ifodalab kelgan.

Allyuziv antroponim sarlavha – badiiy matn sarlavhasida diniy manbalarda tilga olingan, badiiy adabiyotda ramziy va mifologik obraz hisoblangan shaxs nomining tilga olinishidir. Аllyuziya diniy, mifologik, adabiy va tarixiy matnda eng koʼp foydalaniladigan intertekstual vosita hisoblanadi. U stilistik vositalardan biri bo‘lib, mashhur adabiy, diniy. tarixiy, mifologik fakt, voqea-hodisa, shaxs va joy nomining boshqa yozma yoki og‘zaki nutq jarayonida keltirilishidir (Баженова, 2006). Allyuziv antroponim sarlavha orqali ijodkor maʼlum bir diniy manbadagi shaxs yoki qahramonga ishora qiladi. M.Bozorova o‘z maqolasida badiiy matnda allyuziv antroponimlarni qo‘llashdan maqsadni quyidagicha izohlaydi: “Yozuvchining bundan ko‘zlagan asosiy maqsadi kitobxonda avvaldan mavjud bo‘lgan diniy bilimlarni faollashtirish va bu orqali kitobxon ko‘z oʼngida bir tomondan diniy qahramon, ikkinchi tomondan esa asar qahramonlarining xarakteri, ruhiy holati va tashqi koʼrinishini gavdalantirish hamda bu orqali asar personaji hamda diniy qahramon orasidagi bogʼliqliklarga ishora qilishdan iboratdir” (Bozorova, 2025; 132).

“Xizr” (Oripov, Quyosh bekati, 2010) she’rida sarlavhaga olingan allyuziv antroponim Xizr, Hazrati Xizr, Xizr buva kabi nomlar bilan tilga olingan, islom rivoyatlaridagi shaxs, taqvodor inson. Xizr Qurʼonda tilga olinmagan, lekin ulamolar Qurʼonda “Allohning quli” nomi bilan tilga olingan shaxsni Xizr deb talqin qiladilar (Tilakova, 2021). Ibn Hajar Asqaloniy Raboh ibn Ubayda rahmatullohi alayhdan quyidagi rivoyatni naql qilgan: “Umar ibn Abdulazizning qo‘liga suyanib u bilan birga kelayotgan kishini ko‘rdim. O‘zimcha: “Bu odam (birovga suyanib oladigan) shafqatsiz kishi ekan”, – dedim. Umar ibn Abdulaziz namoz o‘qib bo‘lgach undan: “Ey Abu Hafs, boya sizning qo‘lingizga suyanib kelgan kishi kim edi?”, – dedim. U: “Sen u kishini ko‘rdingmi?”, – dedi. Men: “Ha”, – dedim. U: “Sen solih kishi ekansan, u birodarim Xizr edi. U menga kelajakda rahbar bo‘lishim va adolat qilishim haqida xushxabar berdi”, – dedi. Bu rivoyatdan shuni xulosa qilish mumkinki, Xizr adolatli, haqiqatni barcha narasadan ustun qo‘yadigan vijdonli insonlarga homiylik qiladi. Umar ibn Abdulaziz o‘tmishda o‘z xalifaligi davrida adolat va tenglikning keng yoyilishiga sabab bo‘lgan.

Samo peshtoqidan Xizr paygʻambar

Zaminga quvonib tashladi nazar

Buning sababini soʻrashsa dedi:

Meni qabul qildi yerda bir rahbar.

Xizrning quvonishi – yer yuzida adolat, haqiqatni tan oladigan vijdonli rahbar borligini anglatadi. Ramziy ma’noda Xizr haqiqat va adolat timsoli. Rahbar bu yerda shaxs nomi emas, ijtimoiy mavqe bildiruvchi umumlashma so‘z. Zaminga tashlangan quvonchli nazar esa umid ramzi. She’rning Xizr deb atalishi badiiy-ramziy yechim hisoblanib, rahbarlarda bo‘lishi kerak bo‘lgan mas’uliyatga axloqiy va ilohiy o‘lchovlar asosida baho beriladi.

Diniy-tarixiy antroponim sarlavhalar bu sarlavha shaxs nomi asosida yaratilib, unda bir vaqtning o‘zida diniy va tarixiy ma’nolar aks etadi: “Bilol habash”, “Oyisha”. “Bilol habash” she’ri islom tarixidagi buyuk shaxs – Bilol ibn Raboh (r.a) obraziga atalgan. She’rda ushbu qahramon sadoqat va vafo timsoli bo‘lib keladi (“Sidq ila vafoga bo‘ldi u timsol”). She’r sarlavhasi she’rdagi asosiy obrazni nomlab, matndagi fikrlarning barchasini bir nuqtaga jamlagan. Tana rangi (“qora habash”) va qalb pokligi(“oq dilida iymon ohangi”) o‘rtasidagi ramziy qarama-qarshilikni shoir diniy-tarixiy antrponim misolida ko‘rsatib bergan.

Adabiy antroponim sarlavhalar – bunda sarlavha ijodkor tomonidan yaratilmaydi, sarlavhaga olingan shaxs boshqa bir ijodkor tomonidan yaratilgan asar qahramoni hisoblanadi. Ushbu qahramon jahon adabiyoti va madaniyatida o‘zgarmas semantik modelga aylangan bo‘ladi. Bunday sarlavhalar intertekstual ma’no hosil qiladi. “Otello” (Oripov, 2019; 53) she’rida Shekspirning shu nomdagi tragediyasi bosh qahramoni sarlavhaga olingan. Bu qahramon o‘zida “rashk”, “ishonchsizlik”, “fojia”, “nafrat” semalarini ifoda etadi. A.Oripov she’rda “rashk” va razillarga nisbatan “nafrat” semasini faollashtiradi:

“Istardim sendagi rashkni ham illo,

Bulubulga dard qayda gul yo‘qsa agar”.

… “Sendagi nafratni xohlardim asti,

Razillar ko‘ziga boqolsam xunxor.

Chunki haligacha, Otello, rosti,

Yagona o‘qitib qo‘yguvchilar bor”.

She’rda ijodkor Otelloga nisbatan ritorik murojaat qiladi, klassik g‘arb adabiyotidagi obrazni milliy va umuminsoniy ruhda qayta kashf qiladi. Sarlavhaosti izohida she’r aktyor Abror Hidoyatov (Otello rolini ijro etgan) xotirasiga bag‘ishlanganini aytiladi. Buning izohini she’r yakunida izohlaydi:

“Rolingni o‘ynasa rashk qilib, mana,

Qabrga tiqibsan buyuk aktyorni”.

  “Gulliver” (Oripov, 2019; 409) she’rida ijodkor ingliz yozuvchisi J.Sviftning “Gulliverning sayohatlari” asariga ishora qiladi. Shoir bu obrazdan ramziy timsol sifatida foydalanadi. She’r mavzusi nisbiylik, inson qadri, buyuklik va kichiklikning jamiyatga aloqadorligi haqida. Ijodkor bu dunyoda kishining asl qiymati uni kim baholayotganiga qarab o‘zgarishini ulkanlar va mitti odamchalar orqali asoslab beradi. She’r bir-biriga zid bo‘lgan semantik maydonlar asosiga qurilgan(mitti-ulkan). Bu yerda hajm bildiruvchi so‘z ijtimoiy-ma’naviy ma’noni anglatib kelgan. Mittilar past qatlam, oddiy xalqni, ulkanlar hokimiyat, hukmronlikni bildirgan. She’rda Gulliver obrazi oddiy odam misolida ulkanlar uchun “zarra” yoki “o‘lgan”day tuyilishi, mitti odamchalar uchun esa “buyuk”, “ulkan” bo‘lib tan olinishi shoirning asosiy g‘oyasini ochib bergan. Mitti odamchalar kontekstda ijobiy baho oladi, ular orqali muallif xalqni nazarda tutadi. Demak, sarlavhaga olingan adabiy antroponim obraz ramziy ma’noda hokimlar inkor etgan, lekin xalq tomonidan ulug‘langan insonni( haqiqatparvar inson, ijodkor, ziyoli, adolat tarafdori bo‘lishi mumkin) ifoda etgan.

Mifologik antroponim sarlavhada mif yoki afsonadagi qahramon ismi sarlavhaga olinadi. “Ikar” (Oripov, 2019; 10) she’riga sarlavhaga olingan mifologik antroponim – “fazoga ilk bora qanot qoqqan”, “o‘zini beayov o‘tda yoqqan” qadimgi yunon afsonaviy qahramoni hisoblanadi. Yunon afsonalarida u mashhur Afinalik ixtirochi Dedalning o‘g‘li sifatida eslanadi. Dedal Afinada sodir etgan jinoyati uchun o‘lim jazosidan qochib Krit oroliga boradi. U yerda Minos shohi uni va og‘lini tutqun sifatida saqlaydi, chunki Dedal mohir rassom ham edi. Butun umr tutqunlikda yashashni istamagan Dedal esa qochish uchun kechalari o‘z ixtirosi – qanotlar ustida ishlaydi. O‘zi va og‘li Ikar uchun ikki juft qush qanotini yasaydi. Qanotlar tayyor bo‘lgach ota va bola parvoz qilishadi. Ota o‘g‘liga quyosh patlarni ushlab turgan mumni eritib yuborishi, shuning uchun unga yaqinlashmaslikni uqtiradi. Bola Ikar esa parvozning zavqidan yanada yuqoriroq uchadi. Quyoshning zarrin nurlari uni o‘ziga rom etadi. Qiziqish uni Quyosh tomon yetaklaydi. Mumlar erib, bola Ikar bo‘ronli dengizning eng qorong‘u qa’riga qulaydi. Ota esa o‘z ixtirosini butun umr la’natlab, o‘g‘lining firog‘ida umr o‘tkazadi. Lekin uning kashfiyoti insoniyatning kelajakdagi ixtirolariga turtki bo‘ldi. Ijodkor Ikarning bitta emasligini ta’kidlaydi:

“Ikar bitta emas, yo‘q, bitta emas,

Sanog‘i yulduzlar misoli katta.

Kimki ilk savobga iz ochdimi, bas,

Shu yilning Ikari bo‘lgay, albatta”.

Sarlavhaosti izohida “Talabalarga” deyilgan. Bu kelajak yosh avlodga shoirning murojaatini anglatadi:

Sinmas qanot bilan – buyuklar misol

Ikar bo‘la olgin o‘zing ham axir!”

Ikar buyuk maqsad yo‘lida fojia qurboni bo‘lgan obraz. Shoir idealida yosh avlodni “sinmas qanot”li Ikar bo‘lishini xohlaydi. Sarlavhaga olingan mifologik antroponim shoir aytmoqchi bo‘lgan fikr uchun vosita bo‘lib xizmat qilgan, sarlavhada intertekstuallik hosil qilgan.

Mifopoetik antroponim obraz – bu badiiy asarda inson nomi (antroponim) orqali mifologik, ramziy, poetik ma’nolarni o‘zida aks ettirgan badiiy obrazdir. Bu kabi obrazlar oddiy qahramon nomini emas, balki afsona, arxetip bilan bog‘liq ma’no yukini olib yuradi. O‘zbek adabiyotida Alpomish (xalq qahramoni, kuch va sadoqat timsoli), Xizr (abadiy hayot va ilohiy yo‘l ko‘rsatuvchi). “Layli va Majnun” (Oripov, 2019; 351) she’rida sarlavhadagi antroponimlar Sharq mumtoz adabiyotida mifopoetik obrazlar bo‘lib, ular insoniy muhabbat va ilohiy haqiqat yo‘lini o‘zida ifoda etadilar. Ular tarixiy shaxs emas. Asrlar davomida ijodkorlar tomonidan qayta talqin qilinib arxetip darajasiga ko‘tarilgan. Layli oshiqni Haqqa eltuvchi vosita. Majnun Haq ishqida o‘zini yo‘qotgan solik. She’rda Layli – istak, Majnun – iltijo timsoli sifatida talqin qilingan. Layli Ka’baga borganda Majnunsiz hayoti u uchun tiyra ekanligini aytadi. Bu orqali shoir Allohga bo‘lgan ilohiy ishq Ka’badan ham yuqori turishi g‘oyasini ifoda etmoqchi bo‘ladi. Majnunning Ka’baga borib faqat Laylini so‘rashi u uchun dunyoviy istaklardan ko‘ra Haqqa bo‘lgan ishq ustun turishini bildirgan. Mifopoetik antroponim obrazlar shoirning diniy, ijtimoiy qarashlarini ifoda etish uchun vosita bo‘lgan.

Xulosa

Ijodkorlar sarlavha sifatida antroponimlardan ham foydalanishadi. Sarlavhada tilga olingan shaxs kitobxon ongida avvalgi bilimlari bilan assotsiatsiya hosil qiladi va badiiy asar mazuni bilan aloqadorlik kelib chiqadi. Bu jarayonda intertekstuallik hodisasi yuz berib, ijodkor aytmoqchi bo‘lgan fikr yaqqolroq anglashila boshlaydi. Natijada, shoir mahorati va sarlavhaning asar poetik yaxlitligidagi ahamiyatini yetarlicha yoritishga xizmat qiladi.

References

Oripov, A. (2019). Saylanma. Toshkent: "Tafakkur qanoti".

Oripov, A. (2019). Tanlangan asarlar. Toshkent: “Sharq”.

Oripov, A. (2010). Quyosh bekati. Toshkent: Sharq.

Bozorova, M. (2025). Umumtа'lim mаktаblаridа diniy аllyuziyalаrni oʼqitishning ilmiy- metodik аsoslаri. “Inter education & global study”.

Tilakova, N. (2021). Folklor va mumtoz asarlarda Xizr obrazining talqini. Oriental Renaissance: Innovative, educational, natural and social sciences. Retrieved from https://cyberleninka.ru/article/n/folklor-va-mumtoz-asarlarda-xizr-obrazining-talqini

Nasimova, S. (2023). Antroponim sarlavhalar. Conference on Applied and Practical Sciences.

Баженова, A. (2006). Интертекстуальность// Стилистический энциклопедический словарь русского языка – М.: Флинта; , 2006. - 104-108. Mocква: Наука. Retrieved from https://studfile.net/preview/14297733

Богданова, O. (2009). Заглавие как семантико-композиционный элемент художественного текста: на материале английского языкатема. Москва. Retrieved from https://search.rsl.ru/en/record/01003466084

https://uz.wikipedia.org/wiki/Ikar_(mifologiya)

https://muslim.uz/uz/e/post/39132-xizr-alayhissalom

Published

Downloads

Author Biography

Zarnigor Javoxirbek qizi Muxtarova ,
Andijan State University

Doctoral student

How to Cite

Muxtarova , Z. J. qizi. (2026). Semantic classification of anthroponymic titles on the example of Abdulla Oripov’s work. The Lingua Spectrum, 1(1), 54–59. https://doi.org/10.5281/zenodo.18465903

Similar Articles

1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 > >> 

You may also start an advanced similarity search for this article.