The irrigation system of the kashkadarya oasis, its role and importance in the life of the country
Abstract
This article describes the irrigation system of the Kashkadarya region, its role and significance in the life of the Okla, and the development of irrigation facilities in the Oasis. At the same time, the main indicators of reservoirs and canals are reflected on their negative and positive aspects in the national economy.
Keywords:
irrigation facilities canal basin management pumping station Main CanalKIRISH: Qashqadaryo vohasi qadimdan obod bo‘lganligi bizga ma’lum. Tarix sahifalarida bitilishicha, bundan 600-800 yil avval Zarafshon suvi Qarshi dashtiga oqqan bo‘lsa, Amu suvi esa Qarshi shahrining janubi g‘arb qismini bo‘ston qilgan. Ta’kidlash joizki, agrar va sanoat ishlab chiqarish, shuningdek ijtimoiy hayot asosini suv tashkil etadi. Bundan ko‘rinib turibdiki iqtisodiyotning taraqqiy etishi irrigatsiya-meliorasiya bilan uzviy bo‘gliq. Bugungi kundagi vaziyatning o‘zi ham amudaryo irrigatsiya tizimini o‘rganish qanchalik dolzarb ekanligini ko‘rsatmoqda.
NATIJA VA MUHOKAMALAR: Ma’lumki, Voha yerlari tabiiy iqlimiga ko‘ra uch qismga bo‘linadi.
- Qashqadaryoning yuqori qismsi. Unga Kitob, Shahrisabz, Chiroqchi va Yakkabog tumanlari kiradi.
- Qashqadaryoning o‘rta qismsi. Bunga Qamashi, G‘uzor tumanlari kiradi.
- Qashqadaryoning quyi qismsi. Unga Koson, Qarshi va boshqalarni kiritish mumkin (Toshev, 1976).
Birinchi qismda yangi o‘zlashtiriladigan yerlar mavjud. Bular Makrid cho‘li, Yakkabog‘ va Qamashi tumanlariga qarashli qariyb 42 ming gektarlik Sandal massivi, Chiroqchi tumanidagi 40,5 ming gektarlik Kukdala massivlaridan iborat.
Ikkinchi qismda ham qariyb 100 ming gektarga yaqin sug‘oriladigan yerlar mavjud. Bular asosan Qamashi tumanining ayrim hududlari hamda G‘uzor tumani hududida joylashgan yerlaridir. Mazkur hududlarning har qaysisida, agar suv bo‘lsa, ming minglab tekis ekinbop maydonlarni obod qilish mumkin.
Qashqadaryo vohasining asosiy suv manbalari Hisorak va Zarafshon tizma tog‘laridan oqib keladigan irmoqlardan iborat. Hisorak tog‘idan Qashqa, Jinni, Oksuv, Tanxoz, Yakkabog‘ (Qizil daryo), Guldara, Langar va G‘uzor irmoqlari oqib turib, bular Zarafshon, Bobotog‘ tog‘laridan boshlangan irmoq bilan qo‘shilib Qashqa daryoni tashkil qiladi. Qashqadaryoning eng katta va ser suv irmoqlaridan biri — Oqsuvdir. Bu irmoqdan yiliga 400 million kubometrgacha suv oqadi. Oksuv va Yakkabog‘ daryolarining suvi asosan qor hamda muzlarning erishidan hosil bo‘ladi. Qishda bu daryolarda suv kam, yozda esa mo‘l bo‘ladi.
Sovet hokimiyati yillarida respublikada irrigatsiya tizimining taraqqiyotiga jiddiy e’tibor qaratildi, natijada ko‘plab suv omborlari barpo etildi. Bu bunyodkorlik ishlari, o‘z navbatida, sug‘orish uchun suv zaxiralarini to‘plash va saqlash imkonini berdi. Biroq ularni haddan ziyod qurish markazning o‘sha vaqtdagi paxta yakkahokimligi siyosati bilan chambarchas bog‘liq bo‘lib, sug‘orish sohasi aynan paxtachilikni rivojlantirishga yo‘naltirildi. Suv inshootlari qurilishida respublikaning tabiiy shart-sharoitlari va imkoniyatlari deyarli hisobga olinmadi. Shu sababli gidroinshootlarning meyoridan ortiqcha barpo etilishi tabiiy ravishda ekologik muammolarni keltirib chiqardi. Biroq, sovet ma’murlari bunday muammolarga umuman e’tibor bermadi va inobatga olmadi. Ularni faqatgina paxta yetishtirish va undan yuqori hosil olish, tayyor xomashyoni markazga tashib ketishgina qiziqtirar edi.
1968 yili G‘uzor va Dehqonobod tumanlari chegarasida Pachkamar “suv ombori” qurib bitkazildi. Bu dengiz o‘z bag‘rida 260 million kubometr suvni oladi. Ombor to‘g‘onining balandligi 72,5 metr bo‘lib, mazkur suv havzasi ishga tushirilishi, hududda mahsulot hosildorligi keskin ko‘payishiga olib keldi. Vohada aholining asosiy mashg‘uloti chorvachilik bo‘lgani bois, asosan yem-xashak yetishtirilishi oshirishga ahamiyat berildi.
Yurtimiz qishloq xo‘jaligida paxta yakkahokimligi siyosati tufayli asrlar davomida shakllanib kelgan almashlab ekish tizimi buzildi. Paxta ekin maydonlari muttasil kengaytirilib, nazoratsiz sug‘orilishi oqibatida suv tanqisligi muammosi yuzaga keldi. Xususan, Paxta yakkahokimligining vujudga kelishi oqibatida respublikaning don va undan olinadigan o‘ta muhim oziq-ovqat xom ashyosi turlari, go‘sht va sut bo‘yicha, ya’ni eng zarur oziq-ovqat ta’minoti bo‘yicha markazga va boshqa respublikalarga qaramligi vujudga kelgan edi. Oqibatda aholini oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlashda jiddiy qiyinchiliklar vujudga keldi. Paxta yakkahokimligi tufayli ilmiy jihatdan asoslangan almashlab ekish tizimi buzildi, yer o‘z hosildorligini yo‘qota bordi, suv resurslarining yetishmovchiligi kuchaydi (Karimov, 2010).
Sovet ma’murlari shuni yaxshi bilardiki, Qarshi cho‘lida oliy navli paxta yetishtirish uchun qulay imkoniyat mavjudligini, shuning uchun bu yerdagi qo‘riq va partov yerlarni o‘zlashtirishga jiddiy ahamiyat qaratildi. Shu sababli aynan cho‘lga hujum mazkur davrdan boshlab asta-sekinlik kuchayib bordi. Xususan, 1963 yilning 26 fevralida SSSR Davlat reja qo‘mitasining Davlat ekspert komissiyasi qarori bilan Qarshi cho‘lidagi 200 ming gektar qo‘riq yerni o‘zlashtirish va sug‘orish ishlarini 1975 yilgacha tugallash maqsadga muvofiqligi belgilandi (G‘oipova, 1984). 1965-1975 yillar davomida Qarshi cho‘lini o‘zlashtiruvchilarning asosiy e’tibori bosh obyektlar bo‘lmish, Qarshi magistral va Ulyanov kanallarini qurishga qaratildi.
Qarshi cho‘lini o‘zlashtirish harakati boshlandi. Bunda ham o‘zlashtirishni izchil amalga oshirish maqsadida respublikaning turli hududlaridan ko‘plab oilalar «majburiy-ixtiyoriy» tarzda ko‘chirib keltirildi. Xususan, “Aholini Qarshi cho‘llariga tashkiliy ravishda ko‘chirishning butun davri mobaynida u yerga 600 ta oila ko‘chib borgan bo‘lib, bugungi kunga qadar ulardan 40 ta oila yashab qolgan...” (Karimov, 2011).
“Средазгипроводхоз” instituti zimmasiga 1965 yilning 1 dekabriga qadar o‘rta Qashqadaryo yerlarini o‘zlashtirish bo‘yicha loyiha tuzish va Chimqo‘rg‘on suv omboridan chap va va o‘ng qirg‘oqlarida nasos stansiyalariga ega bo‘lgan kanallar qurilishini 1966 yildagi umumiy ish hajmining ishchi chizmalarini yakunlash taklif qilindi. Yuqoridagi buyruq asosida O‘zbekiston KP Qashqadaryo viloyat qo‘mitasi va viloyat ijroiya qo‘mitasining taklifini ham qabul qildi. Bu takliflar, jumladan, quyidagilar edi: -“Eski Angor” kanalidan sug‘oriladigan “Ko‘kdala” davlat xo‘jaligi yerlari bazasi va “Ulus” davlat xo‘jaligi quyi bo‘limida paxtachilikka ixtisoslashgan xo‘jaliklarning tashkil qilinishi to‘g‘risida;
- “Eski Angor” kanalidan «Ko‘kdala» xo‘jaligining ming ga yangi yerlarini sug‘orish uchun «Sredazgiprovodxoz» instituti 1964 yilning 30 dekabriga qadar bir bosqichli (kanalni boshqa bir tomonga burish va yo‘naltirish) loyihani ishlab chiqishni ta’minlashi haqida va boshqa takliflar ilgari surildi.
O‘zbekiston KP MQ va O‘zSSR Ministrlar Sovetining yuqorida zikr etilgan qarori asosida Qashqadaryo viloyatida sug‘oriladigan yerlar maydonini kengaytirish, jumladan, “Eski Angor” nomida paxtachilikka yo‘naltirilgan hamda Chiroqchi ishlab-chiqarish boshqarmasi bazasida Oxunboboyev nomli davlat xo‘jaligi, uning hududida umumiy maydoni 5800 ga ekinzor yerlar, shu bilan birga, 3400 ga sug‘oriladigan yerlar, shundan 3000 ga paxta maydonini tashkil etish vazifasi yuklatildi (O‘zR MDA, R.2676-jamg‘arma, 1-ro‘yxat, 1010-yig‘ma jild, 70-varaq).
1965 yil 9 fevralda O‘zSSR Ministrlar Sovetining «1965 yilda O‘zSSR sug‘oriladigan yerlarini suv bilan ta’minlashni kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida (O‘zR MDA, R.2483-jamg‘arma, 1-ro‘yxat, 1993-yig‘ma jild, 3–12-varaqlar)» qaroriga asosan O‘zSSR Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish va tayyorlash vazirligi shu yilning 19 fevralida buyruq chiqardi (O‘zR MDA, R.2676-jamg‘arma, 1-ro‘yxat, 1010-yig‘ma jild, 71-varaq). Unda qayd qilinishicha, 1965 yil vegetatsiya davrida barcha daryolarda quyi meyorda suv sarf qilinsa-da, sug‘oriladigan maydonlarda suv tanqisligi muammosi kelib chiqdi. Ayniqsa, bu hol Amudaryo magistral kanallari tizimida kuzatildi. Shu bilan birga, respublikaning ko‘plab hududlarini sug‘orishda suv resurslaridan noto‘g‘ri foydalanilgan (O‘zR MDA, R.2483-jamg‘arma, 1-ro‘yxat, 1993-yig‘ma jild, 3-varaq).
XULOSA: Yuqoridagi ma’lumotlardan ko‘rinib turibdiki, Sovet hokimiyati tomonidan olib borilgan Qashqadaryo vohasida paxta yakkahokimligining o‘rnatilishi natijasida juda ko‘plab ishlar amalga oshirilgan bo‘lib, bularni olib kelgan natijasiga ko‘ra ikki guruhga bo‘lishimiz mumkin: Ijobiy: Qarshi magistral kanali qurilishi, qo‘riq yerlarning o‘zlashtirilishi, yangi suv omborlarining qurilishi va eskilarini ta’mirlanishi va hokozolar Salbiy: Paxta yakkahokimligini o‘rnatilishi asosida boshqa birlamchi mahsulotlarining tanqisligi, aholini majburiy-ixtiyoriy tarzda ko‘chirilishi, keyinchalik vohadagi suv tanqisligi, ekologik muammolar kabi bir qator muammolarni sanab o‘tishimiz mumkin.
References
Toshev, X. (1976). Qashqadaryoda irrigatsiya ishlari. Toshkent: O‘zbekiston.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining 2010 yil 12 noyabrdagi qo‘shma majlisidagi «Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi» mavzusidagi ma’ruzasini o‘rganish bo‘yicha o‘quv-uslubiy majmua. (2010). Toshkent: Iqtisodiyot.
G‘oipova, T. F. (1984). Qarshi cho‘lida mehnat resurslaridan samarali foydalanish (Fan haqida suhbatlar). Toshkent: O‘zbekiston.
Karimov, I. A. (2011). O‘zbekiston mustaqillikka erishish ostonasida. Toshkent: O‘zbekiston.
O‘zR MDA, R.2676-jamg‘arma, 1-ro‘yxat, 1010-yig‘ma jild, 70-varaq.
O‘zR MDA, R.2483-jamg‘arma, 1-ro‘yxat, 1993-yig‘ma jild, 3–12-varaqlar.
O‘zR MDA, R.2676-jamg‘arma, 1-ro‘yxat, 1010-yig‘ma jild, 71-varaq.
O‘zR MDA, R.2483-jamg‘arma, 1-ro‘yxat, 1993-yig‘ma jild, 3-varaq.
Published
Downloads
How to Cite
Issue
Section
License
Copyright (c) 2025 Зиёдулла Эшмирзаев

This work is licensed under a Creative Commons Attribution 4.0 International License.
