The Study of Proverbs from a Linguocognitive Perspective: Analysis and Interpretation

Authors

  • Tashkent State University of the Uzbek Language and Literature
 Изучение пословиц с лингвокогнитивной точки зрения: анализ и интерпрета

Abstract

This article provides an in-depth analysis of the linguocognitive features of Uzbek folk proverbs, examining their role in reflecting the worldview, culture, and life experiences of the people. Proverbs serve as important linguistic units that express the spiritual values, ways of thinking, and beliefs of the nation, functioning as a fundamental part of the socio-cultural knowledge system passed down from generation to generation. The study analyzes the concepts embedded in proverbs based on a linguocognitive approach and identifies their place within the system of knowledge formed in human cognition. Particular attention is paid to revealing the deep semantic layers of information conveyed through proverbs and explaining the images and perceptions they form in the minds of the people. The article also explores the mechanisms through which national mentality and social experience are transmitted via proverbs. Relying on linguistic and cognitive analysis methods, the research aims to highlight the semantic structure, conceptual foundations, and cultural significance of Uzbek folk proverbs

Keywords:

maqollar lingvokognitiv aspekt konseptual metafora kognitiv lingvistika manba maydoni nishon maydoni

Maqollar xalqning hayotiy tajribasi natijasida maydonga keladi. Ular nutq jarayoniga qadar tilda tayyor holda barqaror birikma sifatida mavjud boʻladi. Maqollar haqida rus yozuvchisi L.N. Tolstoy “Har bir maqolda men shu maqolni yaratgan xalq siymosini koʻraman” – deb yozadi. Darhaqiqat, dunyoda maqollar va hikmatlar durdonasini yaratmagan, ularni asrlar osha koʻz qorachigʻidek asrab-avaylab, sayqal berib, tili va dilida saqlab kelmagan biron bir xalq yoʻq. Maqollar xalqlarning oʻzligini, mentalitetini, milliy xarakterini, urf-odatlarini, qadriyatlarini ifodalovchi vosita hisoblanadi.

Avvalo, maqol va uning tarixiy manbalarda qo‘llanilishiga to‘xtalsak, Yusuf Xos Hojib, Ahmad Yassaviy, Rabg‘uziy, Lutfiy, Alisher Navoiy, Bobur, Abulg‘ozi Bahodirxon, Munis, Ogahiy, Nodira, Muqimiy, Furqat, Avaz, Hamza, Sadriddin Ayniy, Fitrat, Cho‘lpon, Abdulla Qodiriy, Oybek, G‘afur G‘ulom asarlarida turli shakldagi maqollarning qo‘llanishiga duch kelish mumkin. Maqollar tarixda epizodik tur sifatida kelgan asarlarga ham guvoh bo‘lamiz. XI asrning ulkan tilshunos olimi, folklorshunos va etnograf Mahmud Koshg‘ariyning “Devoni lug‘otit turk” asarida kelgan maqollar  bunga yorqin misol bo‘la oladi (Koshg‘ariy, 1960-1963). “Devon”da turli munosabatlar bilan turkiy xalqlar orasida keng tarqalgan 400 ga yaqin maqol va matallar ham keltiriladiki, ularning aksariyati bugun ham ayrim o‘zgarishlar bilan tilimizda muvaffaqiyatli ravishda ishlatilmoqda. Masalan, “Devon” qo‘llanilgan O‘kuz azaqi bo‘lg‘incha, buzag‘u bashi bo‘lsa yik maqoli  hozirgi kunda Ho‘kizning oyog‘i bo‘lguncha, buzoqning boshi bo‘lgan yaxshiroq tarzida qo‘llanilmoqda. Maqollar xalq orasida juda faol qo‘llanilganligiga yorqin namuna qilib Muhammad Sharif Gulxaniyning “Zarbulmasal” asarini keltirish mumkin. Bu asar to‘laligicha maqollar ustiga qurilgan.  Xususan, asardagi bosh omon bo‘lsa, bo‘rk topilur  maqoli bosh omon bo‘lsa do‘ppi topilar shaklida hozirgi kunda ham faol ishlatiladi. Yuqorida ko‘rsatilgan asarlarda qo‘llanilgan maqollarning ko‘pgina qismi turli sabablarga ko‘ra eskirgan. Bu jarayon haqida nemis olimi Wolfgang Mieder “ba’zi maqollar o‘z davriga mos kelmagani sababli foydalanishdan chiqib ketgan bo‘lsa-da, hozirgi zamon odatlari va sharoitlarini aks ettiruvchi yangi maqollar doimiy ravishda maqollar zaxirasiga qo‘shilib kelmoqda”, - deya fikr bildiradi (Mieder, 2004).

Maqollar xalqning tarixiy tajribasi, qadriyatlari, e’tiqodlari va urf-odatlarini aks ettiradi. Ular muayyan millatning dunyoqarashini, turmush tarzini va axloqiy normalarini saqlab qolishda muhim vosita sifatida xizmat qiladi. Masalan, o‘zbek maqollari orqali oila, mehmondo‘stlik, samimiyat va jamoatchilikka oid qadriyatlar avloddan-avlodga o‘tib keladi. Paremiologiyaning bir qismini tashkil etuvchi bu birlik so‘nggi yillarda kognitiv nuqtayi nazardan ham o‘rganilmoqda. Mieder fikricha, maqollar kundalik tajribalar va umumiy kuzatishlarni qisqa va qolipli tilda ifodalab, ularni eslab qolishga oson va og‘zaki yoki yozma muloqotda samarali ritorik vosita sifatida darhol ishlatishga tayyor holatga keltiradi (W.Mieder, 2004). Maqollar inson tafakkuri mahsuli sifatida xalqning kognitiv qobiliyatlarini aks ettiradi. Ular metaforik va analogik tafakkur yordamida voqelikni tushuntirish, umumlashtirish va ma’lumotni qisqa, tushunarli shaklda ifodalash imkonini beradi. Misol uchun, Qush uyasida ko‘rganini qiladi maqolida inson hayotida ijtimoiy taqlid va o‘rnak olishning ahamiyati kognitiv jarayon sifatida tasvirlangan. Shu o‘rinda maqollarning xalq tilining boyligi va obrazliligini ko‘rsatuvchi manba ekanligini ham e’tiborga olish lozim. Ular odamlarga qisqa va aniq shaklda fikr bildirishga, ogohlantirishga yoki maslahat berishga yordam beradi. Bu orqali ular insonlar o‘rtasidagi muloqot jarayonini boyitadi va ijtimoiy munosabatlarni mustahkamlaydi. Shuningdek, ushbu xalq og‘zaki ijodi namunasi inson ongiga ijobiy ta’sir ko‘rsatib, ma’naviy ruhni ko‘tarishga va ijtimoiy birdamlikni ta’minlashga xizmat qiladi. Rus olimi V.Propp fikriga ko‘ra, maqollar insoniyatning ijtimoiy hayotidan kelib chiqqan bo‘lib, ular ma’lum bir davrda odamlarning qarashlari, axloqiy qoidalari va kundalik ehtiyojlariga mos ravishda shakllangan. Maqollarning mazmuni real hayot hodisalarini, mehnat jarayonlarini va jamiyatda mavjud bo‘lgan normalarni aks ettiradi (Пропп, 1976).

Maqollar xalq og‘zaki ijodi mahsuli bo‘lib, ular madaniy merosni saqlash va uzatish, insonlarning muloqot qilishini va bir-birini tushunishini osonlashtirishda beqiyos ahamiyatga ega. Shu bilan birga, ular turli madaniyatlar va tafakkurni o‘rganishda ham muhim vosita bo‘lib xizmat qiladi.  Shu nuqtayi nazardan maqollarni nafaqat adabiy janr sifatida, balki lingvistik aspektlarda tadqiq etish ehtiyoji tug‘iladi.

Maqollarni lingvistik jihatdan o‘rganish ularning tuzilishi, mazmuni va vazifalarini chuqurroq anglash, shuningdek, tilning madaniyat, tarix va jamiyat bilan o‘zaro bog‘liqligini aniqlashda muhim ahamiyatga ega. Quyida maqollarni lingvistik jihatdan o‘rganishning asosiy sabablari yoritiladi:

  1. 1. Til va madaniyat o‘rtasidagi bog‘liqlikni aniqlash zarurati. Maqollar xalqning dunyoqarashi, urf-odatlari va qadriyatlarini aks ettiradi. Ularni lingvistik jihatdan o‘rganish orqali ma’lum bir xalqning madaniy kodlarini va tilning madaniy xususiyatlarini aniqlash mumkin. Masalan, o‘zbek maqollarida mehnat, oilaviy qadriyatlar va jamoaviy hayot muhim o‘rin egallaydi, bu esa xalqning tarixiy tajribasini aks ettiradi.
  2. Tilning estetik imkoniyatlarini o‘rganish zarurati. Maqollar tilning eng ixcham va ta’sirchan shakllaridan biri hisoblanadi. Ularni lingvistik jihatdan o‘rganish orqali tilning obrazlilik, metaforiklik, antitezis va ritmik tuzilish kabi xususiyatlarini aniqlash mumkin.
  3. 3. Tilning tarixiy rivojlanishini tushunish zarurati. Maqollar tilning qadimiy qatlamlarini saqlab qolgan bo‘lib, ularni lingvistik jihatdan tahlil qilish tilning tarixiy o‘zgarishlarini aniqlashga yordam beradi. Xususan, o‘zbek tilidagi maqollarning ayrimlari qadimiy turkiy tilga oid unsurlarni o‘zida aks ettiradi.
  4. Til qoidalarining barqarorligini tahlil qilish zarurati. Maqollar doimiy shaklda saqlanib qoladi, ularni o‘rganish tilning barqaror grammatik va sintaktik tuzilmalari haqida ma’lumot beradi. Maqollarning sintaktik tuzilishini tadqiq etish orqali tilga tarixiy shakli haqida ma’lumotga ega bo‘lish mumkin.
  5. Lingvokognitiv xususiyatlarni o‘rganish zarurati. Maqollarni lingvokognitiv aspektda tahlil qilish dissertatsiyaning asosiy mazmuni hisoblanadi. Maqollar xalqning fikrlash tarzini ifodalaydi. Ularni lingvistik jihatdan tahlil qilish orqali insonlarning borliqni qanday tasavvur qilishini va qanday metaforalardan foydalanishini bilib olish mumkin. Shuningdek, olamning lisoniy manzarasi ham maqollarni lingvokognitiv tahlil qilish jarayonida ochib beriladi
  6. Tarjima va tillararo tadqiqotlar uchun ahamiyati. Maqollarni lingvistik jihatdan o‘rganish ularni boshqa tillarga tarjima qilishda muhimdir. Tarjimada semantik, pragmatik va madaniy o‘ziga xosliklarni hisobga olish lozim. Turli tillardagi maqollarni chog‘ishtirma aspektda o‘rganish har bir tilga tegishli maqollarning lingvokulturologik tomonlarini ochishda yordam beradi
  7. Pedagogik va kommunikativ ahamiyati. Maqollar o‘quv jarayonida nutqni rivojlantirish, til o‘rgatish va mantiqiy tafakkurni shakllantirishda qo‘llaniladi. Ularni lingvistik tahlil qilish bu jarayonlarni samarali tashkil qilishga yordam beradi.

Maqollarni lingvistik jihatdan o‘rganish tilshunoslik, madaniyatshunoslik, tarix va pedagogika fanlari uchun ham dolzarbdir.

  Maqollarni  lingvistik aspektda tadqiq etgan olimlar qatoriga chet el olimlaridan V.Vinogradov, Y.Lotman, J.Lakoff, Z.Kovechesh,  W.Mieder, R.Trench, N.Norrik, R.Honek, M.Konnig, Sh.Arora, V.Propp, A.Afanasyev, J.Syorl, D.Hayms va o‘zbek tilshunosligida B.Jo‘rayeva, X.Abdurahmonov, M.Sadriddinova, P.Bakirov kabi olimlarni kiritish mumkin.

  Maqollarni ligvistik birlik sifatida tadqiq etishda dastlab struktur yondashuvga to‘xtalish lozim. Chunki, til birliklarini struktur yondashuv asosida o‘rganish maqollarni ham chetlab o‘tmaydi va bu yondashuv atroposentrik paradigma nuqtayi nazaridan turli aspektlarda maqollarning o‘rganilishiga asos bo‘ladi. Til birliklariga struktur yondashish nazariyasi F. de Sossyur va N.Xomskiyning izlanishlari bilan bevosita bog‘liq.

  1. de Sossyur tilshunoslikka umumiy yondashuv va struktural yondashuvni kiritgan olim hisoblanadi. Maqollarni o‘rganishda F. de Sossyurning tilni belgi (sign) tizim sifatida tahlil qilish nazariyasi qo‘l keladi.  Bu nazariya orqali ularning shakli (signifiant) va mazmuni (signifié) o‘rtasidagi bog‘liqlik tahlil qilinadi. Shuningdek,  til birliklarini sinxron va diaxron tahlil qilish nazariyasi orqali maqollarni bir vaqtning o‘zida (sinxron) yoki ularning tarixiy rivojlanishi (diaxron) nuqtai nazaridan tahlil qilish mumkin (Sossyur., 2016).

N.Xomskiyning tilshunoslikka oid asarlarida maqollarni o‘rganishga bag‘ishlangan maxsus fikrlar bo‘lmasa-da, u o‘zining transformatsion-generativ grammatika nazariyasi orqali tilning umumiy tuzilishi va insonning til qobiliyati haqida tadqiqot olib borgan. Bu nazariya tilda murakkab iboralar va jumlalarni tahlil qilishga imkon beradi, shu jumladan, maqollarni ham tahlil qilish mumkin (Xomsky, 1965).

Til birliklarini struktur yondashuv asosida o‘rgangan yana bir olim Y.Lotman hisoblanadi. U boshqa til birliklari kabi maqollarni ikki qismli tuzilishi (masalan, sabab va natija, qiyoslash va qarama-qarshilik), sintaktik va ritmik xususiyatlari, oppozitsion birliklari (masalan, yaxshilik va yomonlik, boylik va kambag‘allik) kabi jihatlarni o‘rganishni tavsiya qiladi (Ю.М.Лотман, 1970).

Maqollarni semantik va stilistik jihatlarini o‘rganish ham ushbu birliklarning mazmun tomonini, qo‘llanilish doirasini belgilashda muhim ahamiyat kasb etadi. V.Vinogradov maqollarni o‘ziga xos nutq birligi deb bilib, ularning grammatik tuzilishi va semantikasining o‘zaro bog‘liqligini o‘rgangan (В.Виноградов, 1947). Ularning qisqa, ammo mazmunan chuqur bo‘lishi tilning maxsus stilistik ifoda vositasi sifatida ajralib turishini ta’kidlagan. Shu bilan birga, u o‘zining “Rus tili stilistikasi bo‘yicha ocherklar” (Очерки по стилистике русского языка) asarida tilning stilistik jihatlari, jumladan, maqollarni nutqda qo‘llashning o‘ziga xos xususiyatlari ko‘rib chiqilgan (В.Виноградов., 1952,).

Maqollarning semantik jihatini tadqiq qilgan yana bir olim N.R.Norrik hisoblanadi. Norrik maqollarni mustaqil ma’no birliklari sifatida qaraydi, ya’ni har bir maqol o‘ziga xos ma’noni ifodalaydi va bu ma’no atrof-muhitga, ya’ni boshqa suhbat yoki muloqotga bog‘liq emas. Bu yondashuv boshqa yondashuvlardan farq qiladi, chunki u maqollarni katta muloqot yoki suhbatning bir qismi sifatida emas, balki alohida bir ma’no shakli sifatida o‘rganadi (R.Norrick., 1985).

Struktur, semantik va stilistik tomonlardan maqollar yuqorida qayd etilgan olimlar tomonidan chuqur tadqiq etilgan va maqollarni tadqiq etishda ular ishlab chiqqan nazariyalar hozirgi kunda ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan. Kognitiv nuqtayi nazardan maqollarning o‘rganilishiga e’tibor qaratsak, bu bo‘yicha J.Lakoff, M.Jonson, Z.Kovechesh, W.Mieder, R.Honek kabi olimlar izlanishlar olib borganligiga guvoh bo‘lamiz.

J.Lakoff va M.Jonsonlar tilshunoslikda konseptual metaforalar va kognitiv lingvistika nazariyalari asoschisi sifatida tanilgan va ular maqollarni o‘zining metafora nazariyasi hamda kognitiv lingvistika doirasida o‘rganadi. Shuningdek, maqollarni insonning dunyoqarashi, tajribasi va kognitiv jarayonlari bilan bog‘liq til birligi sifatida tahlil qiladi. Ular ishlab chiqqan konseptual metafora nazaiyasi (Conceptual Metaphor Theory) maqollarni kognitiv aspektda o‘rganish uchun asos bo‘ladi. Lakoffning fikriga ko‘ra, maqollar ko‘pincha kontseptual metaforalarga asoslanadi. Bu nazariyaga binoan, inson tafakkuri abstrakt tushunchalarni oddiyroq, ko‘rgazmali tushunchalar orqali anglashga moyil (G.Lakoff and M.Johnson, 1980).

Jorj Lakoff va Mark Jonson tomonidan ilgari surilgan konseptual metafora nazariyasi (Conceptual Metaphor Theory, CMT) kognitiv lingvistikaning muhim yutuqlaridan biri bo‘lib, inson tafakkuri va tili o‘rtasidagi aloqalarni tushuntiradi.  Ushbu nazariya asosida konseptual metafora hodisasi bilan bog‘liq ikki tushuncha yotadi. Bular “manba maydoni” (source domain) va “nishon maydoni” (target domain) hisoblanadi. Ya’ni “manba maydoni” sifatida odatda aniq va konkret tushunchalar, “nishon maydoni”ga ko‘chirilgan tushuncha esa murakkab yoki mavhum tushuncha hisoblanadi. Bu ikki tushunchani chuqur tadqiq qilgan A.G.Yuldashev “manba maydoni” insonning tajribasi orqali borliqni idrok etishidagi aniq bilimlari yig‘indisi  va “nishon maydoni” esa nisbatan kam oydinlashgan, aniqlashgan muqarrar bilim ekanligini ta’kidlaydi (A.G.Yuldashev, 2016). Metaforalar orqali insonlar abstrakt domenni konkret domen vositasida anglashadi.

Ba’zi konseptual metaforalar insoniyat uchun universal bo‘lib, ular inson tajribasi va tanasi bilan bog‘liq. Masalan, “yuqoriga ko‘tarilish – ijobiylik”, “pastga tushish – salbiylik” kabi metaforalar deyarli barcha madaniyatlarda uchraydi.

Lakoff va Jonsonning konseptual metafora nazariyasi asosida maqollarni tahlil qilish, ularni inson tafakkuri va olamni anglash jarayonining lingvistik ifodasi sifatida ko‘rib chiqishni nazarda tutadi. Bu nazariya maqollardagi ma’noni faqat ularning yuzaki semantik mazmuni orqali emas, balki ular asoslangan kontseptual metaforalar yordamida tahlil qilishni taklif etadi.

Maqollarni konseptual metafora nazariyasi asosida tahlil qilishning asosiy yo‘nalishlari sifatida quyidagilarni taklif etish mumkin:

1.Konseptual metaforalarni aniqlash. Maqollar odatda abstrakt tushunchalarni konkret tajribalar orqali anglatadi. Nazariya asosida maqoldagi asosiy manba maydoni (aniq, konkret tushuncha) va maqsad maydoni (murakkab, abstrakt tushuncha) aniqlanadi.

2.Til va tafakkur bog‘liqligi. Maqollar, odatda, kishilarning umumiy tajribalari va dunyoqarashiga asoslanadi. Lakoff va Jonsonning nazariyasi bo‘yicha maqollar insonlarning jismoniy tajribalari yoki madaniy konseptual modellar asosida shakllanadi.

  1. Abstrakt tushunchalarning konkretlashtirilishi. Maqollarda ko‘pincha abstrakt tushunchalar (masalan, hayot, vaqt, sevgi, baxt) konkret obyektlar yoki jarayonlar sifatida tasvirlanadi. Bu kontseptual metaforalar orqali amalga oshadi.
  2. Madaniyatga xos metaforalarning tahlili. Lakoff va Jonsonning nazariyasi maqollarning madaniyatga xos tomonlarini ham o‘rganishga yordam beradi. Turli madaniyatlardagi kontseptual metaforalar va maqollarni taqqoslash orqali bir xil g‘oyaning qanchalik turli xil ifodalanganini ko‘rish mumkin.
  3. Universal va maxsus konseptual metaforalarni ajratish. Lakoff va Jonson nazariyasi yordamida maqollarning universallik va maxsuslik darajasini aniqlash mumkin. Ba’zi metaforalar hamma madaniyatlar uchun umumiy bo‘lsa (masalan, “hayot – sayohat”), boshqalari faqat o‘ziga xos milliy tajribaga bog‘liq bo‘ladi.

Lakoff va Jonsonning konseptual metafora nazariyasiga ko‘ra, maqollarni inson tafakkurining bir qismi sifatida tahlil qilish mumkin. Maqollar nafaqat ma’nolarni ifodalash, balki insonning dunyoqarashi, tajribasi va madaniyatini aks ettiruvchi lingvistik vositalar bo‘lib xizmat qiladi.

Lakoff va Jonsonning konseptual metafora nazariyasini (Conceptual Metaphor Theory, CMT) rivojlantirgan olimlardan biri Z.Kovechesh hisoblanadi. Kövecsesning fikricha, maqollar biror madaniyatning o‘ziga xos dunyoqarashi va qadriyatlarini aks ettiradi (Kövecses., 2002). U madaniy metaforalarni tahlil qilib, maqollarning ma’nosini milliy madaniyat kontekstida ochib beradi. Z.Kovechesh maqollarni lingvistik tahlil qilishda konseptual metafora nazariyasini asos sifatida qo‘llab, ularning madaniy va kognitiv xususiyatlarini o‘rganadi. Shuningdek, u maqollarni universal va milliy o‘ziga xos xususiyatlarini birlashtiruvchi hodisa sifatida ko‘rib, ularni tahlil qilishda metaforik xaritalash, madaniy kontekst va asosiy tajribalarni hisobga olish zarurligini ta’kidlaydi. J.Lakkof va M.Jonson tomonidan ilk bor qo‘llangan konseptual metafora nazariyasini nazariyasi Z.Kovecheshning qatorida V.Raymond, J.Gibbs, M.Turner, G.Faukonnier, E.Semino, J.Greydi, A.Barselona, D.Gerarts, H.Kuykens, L.Kameron, A.Sienki kabi olimlar tomonidan rivojlantirildi. Ushbu nazariya maqollarni kognitiv aspektda o‘rganish uchun eng samarali nazariya deyish mumkin.

Maqollar xalq madaniyati va turmush tarzi bilan bog‘liq holda yuzga keladi.   D.Haymsning qarashlarida aynan maqollarni etnografik, madaniy va sotsiolingvistik jihatdan tahlil qilish haqidagi nazariy fikrlarini ko‘rishimiz mumkin. Haymsning fikriga ko‘ra, maqollar faqatgina til birliklari emas, balki muayyan ijtimoiy vaziyatlarda ma’no hosil qiluvchi nutq voqealari (speech events) hisoblanadi. Ular ma’lum bir madaniyatda qanday ishlatilishini tahlil qilish, ya’ni maqollarning ijtimoiy va kommunikativ funksiyalarini aniqlash muhimdir (Hymes, 1974). Hayms maqollarning lingvistik tahlilida ularning madaniy va etnografik kontekstini hisobga olishni ta’kidlaydi. Maqolni faqat til birligi sifatida emas, balki xalqning urf-odatlari, qadriyatlari va dunyoqarashlarini aks ettiruvchi ijtimoiy hodisa sifatida o‘rganish kerak. Bu yondashuvda maqollar turli xalqlarning turmush tarzi va tafakkurini tushunishda kalit bo‘lib xizmat qiladi. Shuningdek, maqollarni madaniyat va tilning o‘zaro ta’sirining yorqin namunasi sifatida ko‘radi. Maqollardagi obrazlilik, metaforalar va ramziy ma’nolar xalqning madaniy tafakkurini ochib beradi. Shu bilan birga, ularning qo‘llanilishi tilning kommunikativ va madaniy funksiyalarini anglatadi.  Dell Hayms tomonidan ishlab chiqilgan S-P-E-A-K-I-N-G modeli tilni ijtimoiy hodisa sifatida o‘rganishga bag‘ishlangan nazariya hisoblanadi. Bu nazariya barcha til hodisalari kabi maqollarga nisbatan ham qo‘llanilishi mumkin. Ya’ni bu model nutqiy voqealarning quyidagi jihatlarini o‘rganishni o‘z ichiga oladi:

S (Situation, scene and setting) maqolning qo‘llanadigan ijtimoiy va madaniy konteksti.

P (Participants): maqollarni ishlatuvchi va eshituvchi shaxslar.

E (Ends): maqoldan foydalanish maqsadi (masalan, nasihat berish yoki axloqiy me’yorni mustahkamlash).

A (Act Sequence): maqolning nutq davomida qanday taqdim etilishi.

K (Key): maqolning ifoda uslubi (hazil, jiddiylik, kinoya).

I (Instrumentalities): maqolning aytilish shakli (og‘zaki yoki yozma).

N (Norms): maqollarni ishlatishdagi madaniy va ijtimoiy qoidalar.

G (Genres): maqolning janri va stilistik xususiyatlari.

Bu model orqali turli til birliklarining, ayniqsa, nutqning bir bo‘lagi hisoblangan maxsus matnlarning madaniy, kontekstual, pragmatik, kommunikativ va sotsiolingvistik tomonlarini ochib berishda keng qo‘llanilgan. Shuningdek, maqollarni ham yuqorida ko‘rsatilgan aspektlarda kompleks tadqiq etish samarali bo‘ladi.

O‘zbek xalq maqollari boy va murakkab tarixga ega bo‘lib, ularning paydo bo‘lishi oddiy til birliklari bilan bog‘liq emas, balki xalqning tafakkuri, dunyoqarashi, turmush tarzi, madaniyati bilan chambarchas bog‘liq. Bu jarayon o‘zbek olimlarining ham e’tiborini tortdi. Maqollar ustida chuqur izlanish olib brogan Sh.Shomaqsudov va Sh.Shorahmedovlar fikricha, maqollar “Hayot qomusi”, og‘zaki ensiklopediya , o‘ziga xos bir badiiy tarixiy solnoma. Ular kishilarning aqlini o‘tkirlashtiradi, nutqini ravshan va ta’sircha qiladi, hayotda to‘g‘ri yo‘lni tanlay bilishga, hayotiy jumboqlar va muammolarni to‘g‘ri yechishga o‘rgatadi, turmushning jamiki katta-kichik masalalari xususida qimmatli maslahatlar beradi (Sh.Shomahmudov, Sh.Shorahmedov, 1990). O‘zbek xalq maqollarini lingvistik jihatdan yondosh hosidalarga bog‘lab o‘rgangan B.Jo‘rayevaning fikriga ko‘ra, borliqdagi va tilimizdagi har bir hodisa kabi maqollar ham serqirra bo‘lib, o‘zining xususiyatlari bilan tilimizdagi turli birliklarga goh yaqinlashib, gohida ulardan uzoqlashib, alohidalikni tashkil etadi (B.Jo‘rayeva, 2020).

Maqollarni lingvistik tadqiq qilishda yuqoridagi olimlar tomonidan ishlab chiqilgan nazariyalar bir-biridan farqlanadi va har biri turli metodologiyalar hamda tahlil doiralarini taklif qiladi.  F.de Sossyur  tilni belgilar tizimi deb ko‘radi, bunda signifiant (belgi) va signifié (belgilangan narsa) muhim tushunchalardir. U Tilni nazariy asoslarda tahlil qilishni boshlab berdi va bu maqollarni struktur jihatdan tahlil qilish imkonini berdi. N.Xomsky tilni universal grammatik qoidalarga bo‘ysunuvchi ichki qobiliyat sifatida ko‘radi Uning bu nazariyasi grammatik jihatdan maqollarni sintaktik tuzilish bo‘yicha tahlil qilishga imkon beradi. F. de Sossyur va N.Xomskylarning struktur nazariyalaridan farqli o‘laroq V.Vinogradov tilni tarixiy va madaniy kontekstda o‘rganish g‘oyalarini ilgari suradi. U adabiy janrlar, jumladan maqollarni stilistik jihatdan tahlil qiladi. V.Vinogradov o‘z nazariyasi orqali maqollarni tarixiy va ijtimoiy kontekstda tadqiq etishi bu birliklarning stilistik tomonlarini ochib beradi.  Yuriy Lotman nazariyasiga ko‘ra maqollar semiotik belgi sifatida tadqiq etiladi.  U maqollarni belgi va ramzlar sifatida tahlil qilib, ularning madaniy kontekstini chuqurroq tushuntiradi. Bu nazariya maqollarning lingvokulturologik xusuiyatlarini ochib berishda muhim metod bo‘lib xizmat qiladi. Lekin, belgilar tizimining murakkabligi tufayli har doim ham bu metodni amaliy qo‘llash oson bo‘lmaydi. Dell Haymsning kommunikativ  va etnografik tahlil metodlari tilni ijtimoiy va madaniy kontekstda tahlil qiladi. Shuningdek, maqollarni madaniy kontekstda tushuntirib beradi. Ayniqsa,  U o‘zining S-P-E-A-K-I-N-G modeli orqali ularning qo‘llanilish vaziyatlarini chuqurroq tahlil qiladi. Ammo bu modelning qo‘llanilishi murakkabligi sababli, tadqiqot uchun ko‘p vaqt talab etiladi. Maqollarni kognitiv aspektda tadqiq etish, asosan  J.Lakoffning  konseptual metafora nazariyasi (Conceptual Metaphor Theory, CMT) bilan bog‘liqdir. Bu nazariya orqali nafaqat maqol, balki tarkibida metafora hodisasi bo‘lgan boshqa lisoniy birliklarni tadqiq etish imkoniyatini yaratadi. Umuman olganda, inson nutqida metaforik hodisalar o‘z-o‘zidan bo‘lmasligi va mental jarayonlar bilan bog‘liq ekanligini asoslashda bu nazariya qo‘l keladi. Shuning uchun ham bu nazariya Yevropa va Amerika olimlarining shu sohaga oid tadqiqotlarida juda ko‘p qo‘llanila boshladi.

References

Chomsky, N. (1965). Aspects of the theory of syntax. Massachusetts: MIT Press.

Hymes, D. (1974). Foundations in sociolinguistics: An ethnographic approach. Philadelphia: University of Pennsylvania Press.

Jo‘rayeva, B. (2020). O‘zbek xalq maqollari shakllanishining lingvistik asoslari va pragmatik xususiyatlari. Samarqand.

Koshg‘ariy, M. (1960–1963). Devoni lug‘otit-turk (Vols. I–III) (S. M. Mutallibov, Ed.). Toshkent.

Kövecses, Z. (2002). Metaphor: A practical introduction. Oxford: Oxford University Press.

Lakoff, G., & Johnson, M. (1980). Metaphors we live by. Chicago: University of Chicago Press.

Mieder, W. (2004). Proverbs: A handbook. Greenwood Press.

Norrick, N.R. (1985). How proverbs mean. Mouton Publishers.

Shomahmudov, Sh., & Shorahmedov, Sh. (1990). Hikmatnoma. Toshkent: O‘zbek sovet ensiklopediyasi bosh redaksiyasi.

Sossyur, F. de. (2016). Umumiy tilshunoslik kursi. Toshkent: Tafakkur qanoti. (Original work published 1916)

Yuldashev, A.G. (2016). Idiomatik qo‘shma so‘zlarning lingvokognitiv tadqiqi. Toshkent: Fan va texnologiya.

Виноградов, В.В. (1947). Русский язык: Грамматическое учение о слове. Ленинград.

Виноградов, В.В. (1952). Очерки по стилистике русского языка. Вопросы языкознания.

Лотман, Ю.М. (1970). Структура художественного текста. Москва.

Пропп, В. (1976). Фольклор и действительность. Наука.

Published

Downloads

Author Biography

Qobilbek Nazarov ,
Tashkent State University of the Uzbek Language and Literature

Basic Doctoral student

How to Cite

Nazarov , Q. (2025). The Study of Proverbs from a Linguocognitive Perspective: Analysis and Interpretation. The Lingua Spectrum, 4(1), 50–56. Retrieved from https://lingvospektr.uz/index.php/lngsp/article/view/626

Similar Articles

<< < 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 > >> 

You may also start an advanced similarity search for this article.