Роль симуляций в обучении английскому языку студентов нефилологических направлений

Аннотация
Данное исследование рассматривает значение стратегий симуляции в обучении английскому языку студентов нефилологических направлений. Методы симуляции могут играть важную роль в повышении коммуникативной компетентности студентов, особенно тех, кто обучается в технических, экономических и других нефилологических областях. Исследование включает систематический анализ множества научных работ, опубликованных в последние годы. Результаты свидетельствуют о том, что методы симуляции эффективно способствуют значительному улучшению речевых навыков студентов, их мотивации, профессиональной коммуникативной компетентности и уверенности в себе. Кроме того, установлено, что интеграция с инновационными технологиями, такими как виртуальная реальность (VR), смешанное обучение и модель перевёрнутого класса, может дополнительно усилить эффективность симуляций. Эти результаты рекомендуют широкое применение стратегий симуляции в обучении английскому языку студентов нефилологических направлений.
Ключевые слова:
симуляция нефилологические направления обучение английскому языку коммуникативная компетентность интерактивное обучение.Kirish
Global iqtisod va xalqaro munosabatlar rivojlanib borayotgan bugungi kunda ingliz tilini bilish, ayniqsa nofilologik soha vakillari uchun, muhim kasbiy ko‘nikma bo‘lib qolmoqda. Texnika, iqtisod, tibbiyot va boshqa sohalarda mutaxassislar o‘z kasbiy faoliyatida ingliz tilidan samarali foydalanishlari uchun yuqori darajadagi kommunikativ kompetensiyaga ega bo‘lishlari zarur.
An’anaviy til o‘qitish usullari ko‘pincha grammatika va lug‘at o‘rgatishga yo‘naltirilgan bo‘lib, real hayotiy vaziyatlarda til ko‘nikmalarini qo‘llashga yetarli e’tibor bermaydi (Sarpparaje, 2015). Bu esa talabalarning til o‘rganishga bo‘lgan motivatsiyasini pasaytiradi va ularning kasbiy faoliyatda kerak bo‘ladigan kommunikativ ko‘nikmalarini yetarli darajada rivojlantirmaydi (Fanous, 2023).
Simulyatsiya strategiyasi esa, aksincha, talabalarni real hayotiy vaziyatlarni sinf sharoitida taqlid qilish orqali til o‘rganishga jalb qiladi. Bu metod talabalarning til ko‘nikmalarini rivojlantirish bilan birga, ularning kasbiy sohalardagi bilimlarini ham mustahkamlashga yordam beradi (Hamad & Alnuzaili, 2022).
Ushbu tadqiqotning maqsadi:
1. Nofilologik yo‘nalish talabalariga ingliz tilini o‘qitishda simulyatsiya strategiyalarining samaradorligini o‘rganish.
2. Simulyatsiya texnikasining talabalarning nutq ko‘nikmalari, motivatsiyasi va o‘ziga ishonchiga ta’sirini aniqlash.
3. Nofilologik yo‘nalish talabalariga ingliz tilini o‘qitishda simulyatsiya strategiyalarini takomillashtirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqish.
Metod
Ushbu tadqiqot tizimli adabiyotlar tahlili usulida o‘tkazildi. So‘nggi 10 yil ichida (2014-2024) nofilologik yo‘nalish talabalariga ingliz tilini o‘qitishda simulyatsiya texnikasiga bag‘ishlangan ilmiy tadqiqot ishlari tanlab olindi va tahlil qilindi.
Tadqiqot uchun tanlab olingan maqolalar quyidagi mezonlarga javob berishi kerak edi:
1. 2014-2024 yillar oralig‘ida chop etilgan
2. Ingliz tilini ikkinchi yoki xorijiy til sifatida o‘qitishga bag‘ishlangan
3. Nofilologik yo‘nalish talabalari bilan ishlash tajribasini o‘z ichiga olgan
4. Simulyatsiya yoki shunga o‘xshash interaktiv texnikalarni qo‘llagan
Ma’lumotlarni tahlil qilish
Tadqiqot uchun 20 dan ortiq ilmiy tadqiqot ishlari va maqolalar tanlab olindi va ularning mazmuni quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha tahlil qilindi:
1. Simulyatsiya texnikasining talabalarning nutq ko‘nikmalariga ta’siri
2. Simulyatsiya texnikasining talabalarning motivatsiyasi va o‘ziga ishonchiga ta’siri
3. Simulyatsiya texnikasining kasbiy kommunikativ kompetensiyani shakllantirishdagi ahamiyati
4. Simulyatsiya texnikasini qo‘llashdagi qiyinchiliklar va ularni yengish yo‘llari
Natijalar
Simulyatsiya texnikasining talabalarning nutq ko‘nikmalariga ta’siri
Tadqiqot natijalari simulyatsiya texnikasining talabalarning nutq ko‘nikmalarini rivojlantirishda samarali ekanligini ko‘rsatdi. Abdualhussein va boshqalar (2024) tomonidan o‘tkazilgan tadqiqotda, simulyatsiya strategiyasi tajriba guruhida nutq ko‘nikmalarini, jumladan ravonlik, tana tili, grammatika va talaffuzni rivojlantirishda samarali bo‘lganligini aniqlandi. SPSS tahlili bilan pre- va post-test natijalari statistik jihatdan sezilarli farqni ko‘rsatdi.
Hamad va Alnuzaili (2022) simulyatsiya strategiyasining EFL nutq ko‘nikmalariga ta’sirini o‘rganishgan tadqiqotlarida, SPSS tahlili simulyatsiyaning ravonlik, grammatika va lug‘at ishlatishda sezilarli yaxshilanish ko‘rsatganini tasdiqladi. Shuningdek, Angelini va García-Carbonell (2019) tadqiqoti simulyatsiyadan keyin umumiy og‘zaki nutqda sezilarli yaxshilanishni ko‘rsatdi, xususan lug‘at, talaffuz, ifoda xilma-xilligi va grammatika kabi til sub-komponentlarida.
Ahmad va boshqalar (2021) tomonidan o‘tkazilgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, simulyatsiya qo‘llanilgan guruhning nutq ko‘nikmalari sezilarli darajada yaxshilangan, nazorat guruhida esa kam o‘zgarish kuzatilgan.
Simulyatsiya texnikasining talabalarning motivatsiyasi va o‘ziga ishonchiga ta’siri
Simulyatsiya texnikasi talabalarning motivatsiyasi va o‘ziga ishonchini sezilarli darajada oshirishi aniqlandi. Yoon (2014) tadqiqoti ko‘rsatishicha, Second Life virtual dunyosida simulyatsiyalar talabalarga ingliz tilini real muhitda amalda qo‘llash imkonini berib, ularning qiziqishi va motivatsiyasini oshirgan. Talabalar simulyatsiyalar sinf muhitini yanada zavqli qilganini va ingliz tilini o‘rganishda yordam berganini bildirgan. Bijani va boshqalar (2021) tadqiqoti simulyatsiya muhitining ingliz tilida gapirishga tayyorlikka (Willingness To Communicate) sezilarli ta’sir ko‘rsatganini aniqladi. Mann-Whitney U testi natijalari simulyatsiyaning WTC darajasini sezilarli oshirganini va o‘quvchilarda o‘ziga ishonch hamda sinfda faol ishtirok etishni kuchaytirishini ko‘rsatdi. Sharifi va boshqalar (2017) tadqiqotiga ko‘ra, simulyatsiya talabalarning dars jarayonidagi ishtirokiga ijobiy munosabatini oshirgan va ularning til ko‘nikmalarini rivojlantirgan.
Simulyatsiya texnikasining kasbiy kommunikativ kompetensiyani shakllantirishdagi ahamiyati
Tadqiqot natijalarida simulyatsiya texnikasining nofilologik yo‘nalish talabalarining kasbiy kommunikativ kompetensiyasini shakllantirishdagi muhim o‘rni aniqlangan. Isaeva va boshqalar (2021) tomonidan o‘tkazilgan tadqiqotda, simulyatsiya texnologiyasi talabalarning kasbiy kompetensiyalarini rivojlantirishda yuqori samaradorlikka ega ekanligi empirik tadqiqotlar orqali isbotlangan.
Оськина (2017) maqolasida tasvirlangan tajribada, yuridik fakulteti talabalari bilan o‘tkazilgan "moot trial"(soxta sud jarayoni) simulyatsiyasi talabalarda leksik-grammatik (13% dan 27% gacha "a’lo" darajasi) va nutq ko‘nikmalarini (13% dan 22% gacha) yaxshilaganini ko‘rsatdi.
Tynkaliuk va Semeriak (2018) tadqiqotiga ko‘ra, kelajakdagi dasturiy ta’minot muhandislarida professional maqsadlarda xorijiy til bilan muloqot qilish strategiyalarini shakllantirishda virtual ta’lim muhiti va simulyatsiyalar samarali bo‘lib, talabalarning til o‘rganishga qiziqishini 82% gacha oshirgan.
Simulyatsiya texnikasini qo‘llashdagi zamonaviy yondashuvlar
So‘nggi yillardagi tadqiqotlar simulyatsiya texnikasini zamonaviy texnologiyalar bilan integratsiyalashuvining istiqbolli ekanligini ko‘rsatmoqda. Lowell va Yan (2023) virtual reallik (VR) dan xorijiy til suhbat simulyatsiyalarini osonlashtirishda foydalanishni o‘rganib, VR immersiya, haqiqiy kontekst va o‘zaro ta’sir kabi xususiyatlari orqali talabalarning nutq ko‘nikmalarini rivojlantirishga yordam berishini aniqlagan.
Angelini va García-Carbonell (2019) "flipped classroom" modeli va ICONS veb-platformasi simulyatsiya bilan birgalikda qo‘llanilganda samarali natijalar berganini ko‘rsatgan. Tajriba natijalariga ko‘ra, flipped classroom model orqali talabalar sinfdan tashqarida nazariy materialni o‘rganib, sinfda esa kichik miqyosli sinf simulyatsiyalari va ICONS platformasi orqali katta miqyosli real vaqt simulyatsiyalarida qatnashgan. Bu yondashuv ularning og‘zaki nutq ko‘nikmalarini sezilarli darajada oshirgan.
Yoon (2014) Second Life platformasidan foydalanish bo‘yicha tadqiqot o‘tkazgan va bu virtual dunyoning talabalarning til o‘rganishga bo‘lgan motivatsiyasini oshirishda muhim rol o‘ynashini aniqlagan. Shuningdek, bu platforma talabalarning autentik til muhitida tajriba orttirish imkoniyatini bergan.
Muhokama
Olib borilgan tadqiqot natijalarining tahlili shuni ko‘rsatadiki, simulyatsiya strategiyasi nofilologik yo‘nalish talabalariga ingliz tilini o‘qitishda samarali usul hisoblanadi. Bu strategiya talabalarning kommunikativ kompetensiyasini, motivatsiyasini va o‘ziga ishonchini oshiradi, bu esa ularning kasbiy faoliyatda ingliz tilidan foydalanish ko‘nikmalarini yaxshilaydi.
Abdualhussein va boshqalar (2024) hamda Hamad va Alnuzaili (2022) tadqiqotlari simulyatsiya strategiyasi talabalarning nutq ko‘nikmalarini yaxshilashini ko‘rsatdi. Bu natijalar Bijani va boshqalar (2021) ning tadqiqoti bilan mos keladi, unda simulyatsiya talabalarning ingliz tilida gapirishga tayyorligini oshirganini aniqlangan. Shuningdek, Sharifi va boshqalar (2017) simulyatsiyaning talabalarning sinf faoliyatiga ijobiy munosabatini va til o‘zlashtirishini oshirishini ko‘rsatgan.
Simulyatsiya texnikasining asosiy afzalliklari quyidagilardir:
1. Autentik kontekst yaratish: Simulyatsiyalar talabalarni kasbiy sohalarda duch keladigan real vaziyatlarni sinf sharoitida taqlid qilishga imkon beradi (Nicolas & Blair, 2018). Bu talabalarning kasbiy muhitda kerak bo‘ladigan kommunikativ ko‘nikmalarini rivojlantirishga yordam beradi.
2. Motivatsiyani oshirish: Yoon (2014) tadqiqot natijalariga ko‘ra, simulyatsiyalar talabalarning ingliz tiliga qiziqishini sezilarli darajada oshirdi, o‘rganish jarayonini yanada qiziqarli va yoqimli qilishga xizmat qildi, talabalarni ko‘proq mustaqil o‘qishga undadi hamda umumiy jihatdan ingliz tiliga bo‘lgan ijobiy munosabatni rivojlantirishga yordam berdi. Tadqiqot ma’lumotlari simulyatsiyalar orqali o‘qitish an’anaviy metodlarga qaraganda talabalarning motivatsiyasiga kuchliroq ijobiy ta’sir ko‘rsatishini tasdiqladi.
3. Tashvishni kamaytirish: Ganesan (2013) va Fanous (2023)tadqiqotlari ko‘rsatishicha, simulyatsiyalar talabalarning ingliz tilida gapirishdagi qo‘rquvlarini kamaytiradi va ularning o‘z fikrlarini erkin bayon qilishlariga yordam beradi.
4. Kasbiy kommunikativ kompetensiyani shakllantirish: Isaeva va boshqalar (2021) hamda Oскина (2017) tadqiqotlari simulyatsiya texnikasi talabalarning kasbiy faoliyatga oid kommunikativ ko‘nikmalarini rivojlantirishda samarali ekanligini ko‘rsatdi.
Simulyatsiya texnikasini qo‘llashda qiyinchiliklar ham mavjud, masalan:
1. Vaqt va resurs talab etishi: Lowell va Yan (2023) tadqiqoti ko‘rsatishicha, virtual reallikdan foydalanish sezilarli darajada texnik resurslarni talab qiladi va dars jarayonlarini tashkil etishda o‘qituvchilardan ko‘p vaqt hamda mehnat sarflashni talab etadi. Bu ayniqsa resurs cheklangan ta’lim muassasalari uchun jiddiy to‘siq bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari, o‘qituvchilarning ham simulyatsiya texnologiyalarini o‘zlashtirishlari uchun qo‘shimcha malaka oshirish kurslari zarur bo‘ladi.
2. Talabalarning tayyor emasligi: Ba’zi talabalar, ayniqsa boshlang‘ich darajadagilarda, simulyatsiya faoliyatiga qo‘shilishda qiyinchilik bo‘lishi mumkin. Fanous (2023) kuzatishlariga ko‘ra, til bilish darajasi past bo‘lgan talabalar simulyatsiya vaziyatlarida o‘zlarini noqulay his qilishlari, stressga tushishlari va faoliyatdan to‘liq foyda ololmaslik hollari kuzatilgan. Bu esa talabalar orasida o‘ziga ishonchsizlik va qo‘shimcha xavotirni keltirib chiqarishi mumkin, natijada o‘quv jarayoni samaradorligi pasayadi.
3. Baholash murakkabligi: Simulyatsiya faoliyatlarining natijalarini baholash an’anaviy usullarga qaraganda murakkab bo‘lishi mumkin. Angelini va García-Carbonell (2019) tadqiqotlari shuni ko‘rsatadiki, simulyatsiya jarayonida yuzaga keladigan ko‘p qirrali kommunikativ vaziyatlarni baholash uchun an’anaviy test yoki yozma nazoratlardan farqli metodologiya zarur. Bunday baholash tizimini ishlab chiqish va joriy etish o‘qituvchilardan qo‘shimcha malaka va vaqt talab qiladi, shuningdek baholash mezonlarini standartlashtirish ham muammoli bo‘lishi mumkin, chunki simulyatsiya vaziyatlari har bir guruh va talaba uchun turlicha kechadi.
Bu qiyinchiliklarni yengish uchun quyidagi tavsiyalar beriladi:
1. Bosqichma-bosqich o‘tish: Fanous (2023) taklif qilganidek, simulyatsiya faoliyatlarini bosqichma-bosqich joriy qilish va talabalarni bu jarayonga asta-sekin o‘rgatish maqsadga muvofiq. Bu yondashuv talabalarning simulyatsiya texnikasiga ko‘nikishini osonlashtiradi va til o‘rganuvchilarning turli darajadagi ehtiyojlarini qondiradi. Dastlab oddiy va qisqa muloqot vaziyatlaridan boshlab, keyinchalik murakkab kasbiy vaziyatlarga o‘tish talabalarning o‘ziga ishonchini oshiradi. Shuningdek, o‘qituvchilar birinchi mashg‘ulotlarda ko‘proq yo‘naltiruvchi va qo‘llab-quvvatlovchi rolni o‘ynab, keyinchalik talabalarning mustaqilligini oshirib borishi muhim ahamiyatga ega.
2. Zamonaviy texnologiyalardan foydalanish: Lowell va Yan (2023) hamda Yoon (2014) tadqiqotlari ko‘rsatishicha, virtual reallik, Second Life kabi platformalar simulyatsiyalarni yanada samarali qilishi mumkin. Ushbu texnologiyalar talabalarning real hayotda duch kelishi mumkin bo‘lgan vaziyatlarni xavfsiz muhitda tajriba qilish imkoniyatini beradi. Zamonaviy texnologiyalar talabalarning vizual, eshituv va kinestetik o‘rganish uslublarini qamrab olishga yordam beradi, bu esa turli xil o‘rganish uslubiga ega bo‘lgan talabalarning ehtiyojlarini qondiradi. Bundan tashqari, virtual simulyatsiyalar masofadan o‘qitish sharoitida ham samarali qo‘llanilishi mumkin, bu esa pandemiyadagi ta’lim tajribasidan so‘ng ayniqsa muhim ahamiyat kasb etadi.
3. Flipped classroom modeli: Angelini va García-Carbonell (2019) taklif qilganidek, flipped classroom modeli orqali talabalar sinfdan tashqarida nazariy materialni o‘rganib, sinfda esa simulyatsiya faoliyatlarida qatnashishi mumkin. Bu yondashuv sinf vaqtini samarali ishlatish imkonini beradi, chunki nazariy materiallarni o‘rganish uchun sarflanadigan vaqt uyga vazifa sifatida beriladi. Natijada, sinf mashg‘ulotlari davomida ko‘proq amaliy simulyatsiya vaziyatlarini yaratishga, real muloqot tajribasini oshirishga va hamkorlikda ishlashga e’tibor qaratiladi. Bunday yondashuv talabalarning shaxsiy mas’uliyatini oshiradi va ta’lim jarayonining markazida o‘quvchi turadi. Shuningdek, bu model o‘qituvchiga har bir talabaning individual ehtiyojlariga ko‘proq e’tibor qaratish va qo‘shimcha yordam ko‘rsatish imkoniyatini yaratadi.
Xulosa
Tizimli adabiyotlar tahlili asosida o‘tkazilgan ushbu tadqiqot shuni ko‘rsatadiki, simulyatsiya strategiyasi nofilologik yo‘nalish talabalariga ingliz tilini o‘qitishda samarali usul hisoblanadi. Bu strategiya talabalarning nutq ko‘nikmalarini, motivatsiyasini, o‘ziga ishonchini va kasbiy kommunikativ kompetensiyasini oshiradi.
Simulyatsiya texnikasining afzalliklari - autentik kontekst yaratish, motivatsiyani oshirish, tashvishni kamaytirish va kasbiy kommunikativ kompetensiyani shakllantirish - bu strategiyani nofilologik yo‘nalish talabalariga ingliz tilini o‘qitishda juda foydali qiladi.
Zamonaviy texnologiyalar bilan integratsiyalashuv, masalan virtual reallik, Second Life platformalari va flipped classroom modelini qo‘llash, simulyatsiya strategiyasining samaradorligini yanada oshirishi mumkin.
Kelajakdagi tadqiqotlar uchun simulyatsiya texnikasini turli nofilologik sohalarda qo‘llash, talabalarning kasbiy ehtiyojlariga moslashtirilgan simulyatsiya modellarini ishlab chiqish va zamonaviy texnologiyalar bilan integratsiyalashuv imkoniyatlarini o‘rganish tavsiya etiladi.
Библиографические ссылки
Abdualhussein, M., Ibraheem, S. D., & Joodi, A. M. H. (2024). Using simulation in developing the learning of English as a foreign language. Excellencia: International Multi-Disciplinary Journal of Education, 2(5), 1077-1086.
Ahmad, A., Rahman, G., Hamid, A., & Ahmad, M. (2021). The impact of simulation on speaking skills of intermediate level students in District Abbottabad. Multicultural Education, 7(7), 638-651. https://doi.org/10.5281/zenodo.5741122
Angelini, M. L., & García-Carbonell, A. (2019). Developing English speaking skills through simulation-based instruction. Teaching English with Technology, 19(2), 3-20.
Bijani, H., Abbasi, M., & Bani Orabah, S. (2021). The effect of simulation on Iranian elementary EFL learners’ willingness to communicate. Hong Kong Journal of Social Sciences, 58(Autumn/Winter), 563-572.
Fanous, L (2023). Simulations in EFL Classroom: A Tactic to Improve Communication. University of Balamand - Lebanese University.
Ganesan, A. (2013). The efficacy of simulations in the ESL context for the first generation tertiary learners: An experimental study. Language in India, 13(3), 43-55.
Hamad, M. M., & Alnuzaili, E. S. (2022). The effect of using simulation strategy in developing English as a foreign language speaking skill. Journal of Language Teaching and Research, 13(1), 198-206. https://doi.org/10.17507/jltr.1301.23
Isaeva, T., Malishevskaya, N., Goryunova, E., Lazareva, L., & Churikov, M. (2021). Psychological and pedagogical aspects of simulation technology at English lessons for future engineers of the agro-industrial complex. E3S Web of Conferences, 273, 12011. https://doi.org/10.1051/e3sconf/202127312011
Lowell, V. L., & Yan, W. (2023). Facilitating foreign language conversation simulations in virtual reality for authentic learning. Chapter published on ResearchGate, March 2023.
Moydinova, E., & Uzakbaeva, A. (2024). EXPLORING THE EFFICACY OF INTERNET RESOURCES IN DEVELOPING SPEAKING PROFICIENCY AMONG 10TH GRADE STUDENTS. Talqin va tadqiqotlar, 9, 46.
Nicolas, M. O., & Blair, J. (2018). Simulation as a Key to Successful English Language Acquisition in an EFL Arabic-Speaking Environment. International Journal of Multidisciplinary Thought, 7(1), 143-156.
Rachwan, L., & Nicolas, M. O. (2018). Perceptions of the effects of simulation methodology on the learning of English in a remedial level course: A case study. The Journal of Language Teaching and Learning, 8(2), 12-27.
Saputri, A. D., & Supriani, N. (2018). An experimental study of the implementation of the simulation technique in teaching speaking. Journal of English Language and Language Teaching (JELLT), 2(1), 81-88.
Sarpparaje, M. (2015). Usage of simulations and language games in ESL classes. International Journal Online of Humanities, 1(2), 24-33.
Sharifi, A., Ghanizadeh, A., & Jahedizadeh, S. (2017). The effect of simulation on middle school students’ perceptions of classroom activities and their foreign language achievement: A mixed-methods approach. International Electronic Journal of Elementary Education, 9(3), 667-680.
Sudajit-apa, M. (2015). Role of Simulations in the Thai Graduate Business English Program: Can They Engage and Elicit Learners’ Realistic Use of Specific Language? Theory and Practice in Language Studies, 5(2), 282-291. http://dx.doi.org/10.17507/tpls.0502.07
Tynkaliuk, O. V., & Semeriak, I. Z. (2018). Virtual teaching and learning environment in shaping strategies for professional foreign language communication between future software engineers. Information Technologies and Learning Tools, 67(5), 239-249.
Yoon, T. (2014). The application of virtual simulations using Second Life in a foreign language classroom. Journal of Education and Learning, 8(1), 78-84.
Zain, D. S. M. (2017). Students’ competence in teaching English to young learners: Descriptions through teaching simulations. Advances in Social Science, Education and Humanities Research (ASSEHR), 109, 48-53.
Оськина С. Д. (2017). Симуляция как метод интерактивного подхода к обучению английскому языку в неязыковом вузе. Психопедагогика в правоохранительных органах, 1(68), 75-78.
Опубликован
Загрузки
Как цитировать
Выпуск
Раздел
Лицензия
Copyright (c) 2025 Бахадир Шокиров

Это произведение доступно по лицензии Creative Commons «Attribution» («Атрибуция») 4.0 Всемирная.