Научные основы формирования духовно-нравственных качеств у будущих воспитателей
Аннотация
Вопрос духовно-нравственного воспитания становится сегодня одной из важнейших, актуальных проблем. В данной статье рассматривается значение формирования духовно-нравственного воспитания у будущих педагогов и его педагогическое содержание, анализ в научных, исторических и литературных источниках.
Ключевые слова:
Духовность нравственное воспитание формирование личности воспитание будущий воспитатель подрастающее поколение.Kirish
Pedagogika fani bo‘yicha tayyorlangan izohli lug‘atda ma’naviy-axloqiy tarbiyaning mazmuni quyidagicha izohlangan: “Ma’naviy-axloqiy tarbiya – yosh avlodni xalqning boy milliy-madaniy tarixiy an’analariga, urf-odatlari hamda umumbashariy qadriyatlariga asoslangan samarali tashkiliy, pedagogik shakl va vositalarni ishlab chiqib, amaliyotga joriy etiladigan tarbiya” (Odilova, 2023).
Xalq pedagogikasi fan sifatida shakllangan davrlardanoq qabila a’zolari bolalarda mehnatsevarlik, mehr-oqibatlilik, insonparvarlilik kabi axloqiy fazilatlarni shakllantirish va rivojlantirishga harakat qilingan. Tarixiy manbalarda axloq tarbiyasiga alohida e’tibor berilgan. Ota-bobolarmiz axloqiy tarbiyada Shiroq, To’maris, Alpomish, Ravshan kabi afsonaviy qahramonlar tasvirlangan dostonlardan foydalanishgan.
Metodologiya. Ma’naviy-axloqiy tarbiyaning mazmuni, shaxsda ma’naviy-axloqiy sifatlarni shakllantirish masalalari ilmiy, tarixiy, adabiy, diniy manbalarda muayyan darajada yoritib berilgan. Xalq og‘zaki ijodi namunalaridan bo‘lgan ertak, maqol, doston va hikmatli so‘zlarda o‘z aksini topgan. Shuningdek diniy manbalarda ham ma’naviy-axloqiy tarbiya masalalariga ham yetarlicha e’tibor qaratilgan. Jumladan, diniy ilming bilimdonlaridan biri Usmonxon Alimovning “Oilada farzand tarbiyasi” kitobida bu haqida quyidagi fikrlarni bildirgan: “Bolalik chog‘imizda kattalar so‘zlab bergan ertaklarning qahramonlari dev, yalmog‘iz yoki alvasti kabi qo‘rqinchli maxluqlar oldiga kirishda salom berishar, bunga o‘sha maxluqlar: “Agar saloming bo‘lmaganda, ikki yamlab bir yutar edim”, – deb javob qaytarishardi. O‘sha ertaklardan bir joyga albatta salom bilan kirish zarurligiga nega bunga urg‘u berilganligining sabablarini ulg‘ayganimdan keyin tushundim” (Alimov, 2014).
Salomlashish odobning boshi, tanishuv muqaddimasi, musulmon axloqining asosiy tushunchalaridan biridir. Shu bois, xalqimiz “So‘z boshi-assalom, ish boshi-intizom” deb ta’kidlagan. Barcha davrlarda ham xulqi yaxshi odamlar, oliyjanob, shirinso‘z, halol insonlar jamiyatning ko‘rki bo‘lib kelishgan. Payg‘ambarimiz Muhammad (alayhisalom) ummatlarining xususan xulq, odobli, andishali bo‘lishiga chaqirgan. Bu haqda ko‘plab hadislar bitilgan:
“Hamma ishlaringizda to‘g‘ri bo‘ling, odamlarga muomalada xulqingiz chiroyli bo‘lsin! Kichikni hurmat qilmagan, insonning qadriga yetmagan bizdan emas”, “Odamlarga taom beringlar va shirinso‘z bo‘linglar”, “Yaxshilikni chehralari ochiq, xushro‘y odamlardan kutinglar”, “O‘zini kamtarin olib yuruvchi, halol kasb qiluvchi, qalbi pok, ko‘rinishi yoqimli, odamlarga zarar yetkazmaydigan xayr-ehson qiladigan, behuda gapdan o‘zini tiyadiganlar insonlarning eng yaxshilaridir”.
Islom dinida birovning haqqiga xiyonat qilish halol mehnat bilan topgan mulk mablag‘ini zo‘rlik va aldov yo‘li bilan olish, o‘g‘irlik qilish, og‘ir gunoh hisoblangan.
Hadislar ilmining sultoni imom Al-Buxoriy bobomiz “Al jomi ac-sahih’ kitobida har bir odamni ilmlarni egallashga chorlab, “Dunyoda ilmdan boshqa najot yo‘q va bo‘lmag‘ay” deb ta’kidlagan. Bundan tashqari donishmand bobomiz shunday deydi: “Rasululloh aytganlar: “Tushimda menga bir idishda sut keltirdi, sutdan qongunimcha ichdim, hatto tirnoqlarimdan sut chiqqanini ko‘rdim”.Sahobalar so‘radilar: Yo Rasululloh, sutni nimaga yo‘ydingiz?, “Ilmga”, –dedilar (Al Buxoriy, 1991). Demak, bugungi tarbiyachi ilmli, ma’naviy-axloqiy jihatdan yetuk va ma’rifatli shaxs bo‘lmog‘i lozim.
Ibn Sinoning fikricha axloqiylik tug‘ma holda yuzaga kelmaydi, u tarbiya orqali shakllanandi. Axloqiy tarbiyadan maqsadi – faqat o‘z shaxsiy mafaati uchun emas, balki boshqalar uchun ham yashaydigan insonning yetishtirishdir. U xushomadgo‘ylikni qoralaydi. Olimning uqtirishicha, shaxsiy kuchga haddan tashqari bino qo‘yish, maqtanchoqlik insoniylik jihatdan yetilmaganlik belgisidir (Qambarov, 2022).
Yusuf Xos Hojibning fikricha insonning ulug‘ligi aql-idrok, so‘zlash qobiliyati, bilim, o‘quv hunar egallaganligidadir. O‘quv tug‘ma ravishda inson ruhiyatida mavjuddir, bilim esa o‘qish, o‘rganish va mehnat tufayli egallanadi. Agar ularning har ikkisi o‘zaro birlashsa, insonning qadri ortadi. Bilim jilov kabidir, u kishini har xil noloyiq ishlardan asraydi (Yusuf Xos Hojib, 1991).
Mahmud Qoshg‘ariy “Devonu lug‘atit turk” asarida tarbiyalashda, ilm o‘rganishda eng to‘g‘ri yo‘l dono, bilimli odamlarga ergashishdir. Ammo, ularning pand-nasihatlarini eshitishning o‘zi kamlik qiladi. Muhimi ulardan eshitganlarni hayotga tadbiq etishdir.
Tasavvuf ta’limotining vakillaridan biri Ahmad Yassaviy bobomiz axloqiy qarashlarida g’arib yetim va mazlumlarga ozor bermaslikka undaydi:
G‘ariblarni ko‘rgan yerda og‘ritmangiz
G‘ariblarga achchiqlanib so‘z qotmangiz
Zaif ko‘rib g‘ariblarga tosh otmangiz
Bu dunyoda g‘ariblardek balo bo‘lmas (Ahmad Yassaviy, 1991).
Buyuk mutafakkir jamoat va davlat arbobi Alisher Navoiyning fikricha, odob odamning oliyjanob fazilatlaridan biridir. Odobli kishi ochiq yuzli, xushmuomali, yoqimli bo‘ladi. Bunday kishilar uchun ikkiyuzlamachilik, qo‘pollik yotdir. Odobli odam doimo hurmat va izzatdadir. Ota-ona, aka-uka, opa-singilning, do‘stlarni hurmat-izzat qilmoq, har bir odobli kishining burchidir (Tohir Malik, 2018).
O‘zbekiston xalq yozuvchisi Tohir Malikning “Mehmon tuyg‘ular kitobida“ dono ustozlardan biri debdilarkim, agar biron bir kishi odamlarga yaxshilik bilan xizmatda bo‘lishni o‘ziga bayroq qilib olsa, so‘nggi quvvati qolguncha ota-onani parvarish etsa, vatanga jon fido qilmoqqa har on tayyor tursa, o‘zgalar bilan faqat va faqat haqiqat tilida gaplashsa, uning yetarlidarajada ilmli bo‘lishida, men uni ulug‘ olim, deb izzat deb qilar va u orqali ota-onaga, vatanga sadoqatli insonlarni boshqalar bilan haqiqat tilida gaplashadigan garchi ularning ilmi yetarli bo‘lsada “ulug‘ olim“ deb ta’kidlashda chuqur ma’no bor. Bugun oliy o‘quv yurtining auditoriyasida o‘tirgan, ertangi mutaxassis, bo‘lajak tarbiyachida ham “Mehmon tuyg‘ularini” bo‘lishini istaydi. Shuningdek Tohir Malikning “Odamiylik mulki”. “Shaytanat” asarlarida ham shaxsda ma’naviy-axloqiy sifatlarni shakllantirishga alohida e’tibor qaratilgan (Tohir Malik, 2018).
Bo‘lajak tarbiyachilarda ma’naviy-axloqiy sifatlarni shakllantirishda:
- xalq pedagogikasining imkoniyatlaridan oqilona foydalanish;
- ma’naviyat va ma’rifatparvarlik dini bo‘lgan islom dinining shaxsda halollik, imon-etiqodlilik, vatanga murabbiy ota-onaga hurmat, sabr-qanoat, ilmni egallash haromdan hazar qilish kabi axloqiy sifatlarni shakllantirish bilan bog‘liq jihatlarini amaliyotga qo‘llash;
- bo‘lajak tarbiyachilarda ma’naviy-axloqiy sifatlarni shakllantirishda milliy tariximizni puxta o‘rganish, tarixdan saboqlar chiqara olish fazilatlarini shakllantirish;
- kitobxonlik madaniyatini bo‘lajak tarbiyachilarda ma’naviy-axloqiy sifatlarini rivojlantirish.
- talabalarda ma’naviy-axloqiy sifatlarni shakllantirish bo‘yicha amalga oshirish ilmiy-tadqiqot ishlarning yutuqlaridan amaliyotda foydalanilsa, bo‘lajak tarbiyachilarni ma’naviy-axloqiy sifatlarini shakllantirishdek davlat buyurtmasi bajarilgan bo‘ladi.
Bugungi kunda bo‘lajak o‘qituvchilarning ma’naviy tarbiyasini shakllantirish masalasi borasida gap borganda birinchi navbatda olimlarning yoshlar tarbiyasi, davlatning bu boradagi siyosatini o‘rganish maqsadga muoffiqdir. Darhaqiqat bugungi kunda nafaqat malakali, balki yuqori mas’uliyatli, vijdonli xodimlarga mehnat bozorida talab kuchli. Chunki bunday insonlar uchun ma’naviy qadriyatlar standartga, hatti-harakatlar uchun motivatsiya manbaiga aylanib bo‘lgan. SHuning uchun ham ular bilan ishlash nafaqat korxonaga, muassasaga iqtisodiy daromad keltiradi, balki rahbarga ma’naviy kuch ham berib turadi.
Shaxsning ma’naviy sohasini o‘rganish va shakllantirish masalalari V.P. Annenkov, B.P. Bitinas, I.V. Vashchenko, I.A. Zyazyun, P.R. Ignatenko, X. Ibragimov, X. Turakulov, R. Xaydarov, R. Safarova Sh. Abdullayeva va boshqalarning tadqiqotlari aksiologik yondashuvning mohiyati va xususiyatlarini o‘quv jarayonini qurish uchun asos bo‘lib, ular shaxsda qadriyatlarni shakllantirish shakllari va usullarini taqdim etadi.
Biroq, zamonaviy vositalarni ishlab chiqish zarurati mavjud. Bo‘lajak tarbiyachilarning ma’naviy tarbiyasini shakllantirish masalasi hali - hanus dolzarb bo‘lib qolmoqda. Shuning uchun ushbu ishning asosiy maqsadi nazariy yondashuvlarni tahlil qilish natijasida talabalar o‘rtasida ma’naviy qadriyatlarni shakllantirishning pedagogik-psixologik xususiyatlarini yoritishdir.
Tahlil va natijalar
Oliy o‘quv yurtida o‘qiyotganda talabalar uchun rivojlanishning ijtimoiy holati vujudga kelib u asosan mustaqil hayotga o‘tish (kasbiy shakllanishning boshlanishi, hayot rejalarini amalga oshirish) bosqichi hisoblanadi. Bu boradagi adabiyotlar tahlil qilinganda, asosan yoshlar tomonidan o‘zigini anglash, ahloqiy va ma’naviy qadriyatlar, tamoyillar, me’yorlar va xulq-atvor qoidalarini bilish bu ijtimoiy mas’uliyat ekanligi ta’kidlanadi.
Akademik I.A. Zyazyun ta’kidlaganidek, "ruhiy elita, birinchi navbatda, axloqiy ideallarni, adolatli jamiyatni barpo etish yo‘llarini izlayotgani bilan qadrlidirdlar" (Зязюн, 2015). Insonning kasbiy olamga kirishi bilan undagi aql faoliyati bilan bog‘liq bo‘lgan o‘zgarishlar kasbiy faoliyat sirlarini o‘zlashtirishi bilan bir qatorda shaxsning ichki muhiti, uning faoliyati va o‘zini o‘zi anglash zarurati o‘zgaradi.
Bo‘lajak tarbiyachilarning ma’naviy tarbiyasini shakllantirish borasida bugungi bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Ma’lumki, hayotda iqtisod, siyosat, ma’naviyat sohalari bir-biridan ajralgan, sof holda uchramaydi, shu sababli ko‘pincha ularning o‘zaro kesishuvida mohiyatan murakkab, bir birni to‘ldiruvchi vazifani bajarishi kerak bo‘ladi. Bu esa tarbiya jarayoni bilan bog‘liq bo‘lganligi uchun ham uning bir maqsadga qaratilganligiga e’tibor berish maqsadga muoffiqdir.
Bo‘lajak tarbiyachilarning ma’naviy tarbiyasini shakllantirishni ikki bosqichda amalga oshirish samarali bo‘ladi. Birinchi bosqich shaxs ma’naviyatining asosiy tarkibiy jihatlari - iymon, ilm, mas’uliyat, mehr tuyg‘ularini shakllantirishga qaratilgan bo‘lib, e’tiqod tarbiyasidan boshlanadi. Ikkinchi bosqich ma’naviyatning moddiy voqelikda akslanishi, ya’ni madaniyat bilan bog‘liq bo‘lib, ko‘pincha ma’naviyat va iqtisod, ma’naviyat va siyosat kesishuvida shakllanadigan murakkab tarbiya yo‘nalishlaridan iborat bo‘ladi.
Har bir bo‘lajak tarbiyachi ta’lim tarbiya jarayonlarida ma’naviy tarbiyani va uning mazmunini anglab borishi maqsadga muoffiqdir. Bu masalani anglab etgan ustozlar yoshlar tarbiyasining naqadar murakkabligi va mas’uliyatli his etgan holda bo‘lajak o‘qituvchilarni ma’nan etuk shaxs qilib tarbiyalashda milliy qadriyatlar va boy ma’naviy meroslarimizdan foydalanish zarur degan xulosaga kelishgan.
Oliy Majlisning IX sessiyasida O‘zbekiston Respublikasining birinchi Prezidenti Islom Karimov o‘zining “Barkamol avlod O‘zbekiston taraqqiyotining poydevori” deb nomlangan nutqida ta’limni tubdan isloh qilishda birinchi galda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar qatorida o‘qituvchilar, tarbiyachilar malakasini oshirish masalasini ham sanab o‘tgan. Jumladan, Islom Karimov: “Tarbiyachilarning o‘ziga zamonaviy bilim berish, ularning ma’lumotini, malakasini oshirish kabi paysalga solib bo‘lmaydigan dolzarb masalaga duch kelmoqdamiz. Mening fikrimcha, ta’lim tarbiya tizimini o‘zgartirishdagi asosiy muammo ham mana shu yerda. O‘qituvchi bolalarimizga zamonaviy bilim bersin, deb talab qilamiz. Ammo zamonaviy bilim berish uchun, avvalo, murabbiyning o‘zi ana shunday bilimga ega bo‘lishi kerak”, deya ta’kidlagan edi.
Tasavvuf falsafasida inson ma’naviyatini shakllantirish o‘ziga xos uslublar orqali aks ettilgan. Abu Hamid-al G‘azzoliy, Attor, Ahmad Yassaviy, Abduxoliq G‘ijduvoniy, Bahouddin Naqshband, Najmiddin Kubroning ta’lim-tarbiyaga, xulq axloqiga oid qarashlari, Abu Nasr Farobiyning “Fozil odamlar shahri”, “Kitob al Musiqi al-Kabir”, “Katta musiqa”, “Ritmlar tartibi haqida” Beruniyning “Mas’ud qonuni”, “Hindiston”, “Qadimiy xalqlardan qolgan yodgorliklar”, “Saydana”, “Axloq haqida risola”,sidagi ma’naviy-ma’rifiy masalalar, Abu Ali ibn Sinoning “Tadbiri manozil”, “Axloq haqida risola”, “donishnoma”, “Salamon va Ibsol”, “Xay ibn Yakson”, “Tib qonunlari”, Alisher Navoiyning “Makorim ul-axloq”,(Mukarram xulqlar), “Badoiy ul-bidoya”, (“Go‘zallikning boshlanishi”), “Navodir un-Nihoya”, (“Nodirliklar nihoyasi”), “Xazoyin ul-Maoniy”, (“Ma’nolar xazinasi”) asarlarida insonni tarbiyalash g‘oyalari hozirgi zamon bilan hamohangdir.
Buyuk mutafakkir Alisher Navoiy tarbiyalanganlikning asosiy belgilari quyidagilardan iborat, deb hisoblaydi:
-jahl chiqqanda o‘zini bosa olish;
-har bir ishni qilganda “yeti o‘lchab bir kesish”;
-sir saqlay olish, mulohaza qilib,ayrim gaplarni ichga yutish;
-doimo ishonch bilan yashash va olg‘a intilish; andisha chegarasidan chiqmagan holda dadil bo‘lish;
-bir ishni boshlaganda keyin uni oxiriga yetkazmay qo‘ymaslik;
-topgan-tutganini tejab-tergab sarflash va hakazolar.
Az-Zmahshariyning fikricha, tarbiyalanganlikning o‘nta nishonasi farqlanadi:
-birinchi-xalq to‘g‘ri deb topgan narsani noto’g‘ri deb qaramaslik;
-ikkinchisi-o‘z nafsiga erk bermaslik;
-uchinchisi-birovdan ayb qidirmaslik;
-to‘rtinchisi-yomonlikni yaxshilikni yoyishlik;
-beshinchisi- agar gunohkor uzr so‘rasa, uzrini qabul qilish;
-oltinchisi-muhojirlar hojatini chiqarish;
-yettinchisi-el g‘amini yeyish;
-sakkinchisi-o‘z aybini tan olish;
-to‘qqizninchisi-el bilan ochiq yuzli bo‘lish;
-o‘ninchisi-odamlar bilan shirin muomalada bo‘lish.
“Xushxulqli, yaxshi tarbiya ko‘rgan kishi yaqinlari, yoru-do‘stlari uchun misli o‘chmas chiqordir”, – deb yozadi Servantes.
“Xushxulqlik, yaxshi muomala, shirin so‘zlik va oliyjanoblik-tarbiyalanganlikning asl belgilaridan”,-deb ta’kidlaydi alloma G‘aybulloh as-Salom. “Tarbiyalanganlik esa, jamiyatda qabul qilingan axloqiy normalarga bo‘ysunish va o‘zgalarning nafratini qo‘zg‘atadigan xatt-harakatlardan o‘zini tiya bilishdir” (G‘aybulloh as-Salom, 2000).
Abdulla Avloniyning fikricha; “…xulq-nafsning suvrati”. Hamza hakimzoda Niyoziyning ta’riflashicha: ”Axloq xulqning ja’midur. Axloq ikki qism bo‘lur. Biri axloqi husniya (yaxshi xulqlar), ikkinchisi axloqi zamina (yomon xulqlar)dur. Axloqi husniya insoniyat olamining bir gulshanidirki, anda hayo,qilm, saxo, qanoat, rizo, shukur, sabr, tavba, sidq, tavoz’u, ajz, faqiga o‘xshash adolat gullari bilan muzayyan va muattar o‘lur. Axloqi zamina bir sh’razoredurki, oni aksincha jafo, zulm, hassad, kibr, kufr, tama’, g‘azab, nifoq, gasb, namima, kizb, bo‘hton, g‘iybat, buxl, xiyonat, isrof, qirs, poyriq, ta’jil, fitna, hosil; bunga o‘xshash turli qabohat nimar-sadan boshqa shaylar ko‘karmaslar”. Demak, tarbiyalanganlik barcha ijobiy xulqlarni o‘zida mujassamlashtirib, salbiy xulqlardan forig‘ bo‘lish demakdir.
Xulosa. Ilmiy adabiyotlar va amaliy tajribalar asosida, ma’naviy-axloqiy sifatlarni shakllantirishda tarbiyachilarning etukligi, ma’naviy-axloqiy qadriyatlarni anglash va ularni kundalik hayotda amalga oshirishga tayyorligi muhimligi aniqlangan. Shuningdek, ta’lim jarayonida ma’naviy-axloqiy qadriyatlarni o‘rgatish, misollar bilan boyitish va tarbiyachilarning shaxsiy namunasini yaratish muhimdir. Shu bilan birga, ilmiy asoslar asosida ishlab chiqilgan metodikalar va pedagogik texnologiyalar yordamida bo‘lajak tarbiyachilarda ma’naviy-axloqiy sifatlarni rivojlantirish mumkinligi isbotlandi. Bu jarayonda, o‘qituvchilar va tarbiyachilarning roli katta bo‘lib, ularning etukligi va shaxsiy namunasi yosh avlodda ma’naviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlashda asosiy omil hisoblanadi.
Xulosa qilib aytganda, bo‘lajak tarbiyachilarda ma’naviy-axloqiy sifatlarni shakllantirishning ilmiy asoslari yuksak pedagogik va psixologik tushunchalar bilan mustahkamlangan bo‘lib, ularni rivojlantirish uchun zamonaviy ta’lim metodlari va texnologiyalarni keng qo‘llash muhim ahamiyatga ega. Bu esa, yosh avlodning ma’naviy-axloqiy kamolotiga, jamiyatda muvofiqlashtirilgan va ma’naviy boy shaxslar tarbiyalanishiga xizmat qiladi.
Библиографические ссылки
O‘zbekiston Respublikasining “Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonuni. (2020). Toshkent.
O‘zbekiston Respublikasining “Maktabgacha ta’lim va tarbiya to‘g‘risida”gi Qonuni. (2019). Toshkent.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 31-dekabrdagi “Uzluksiz ma’naviy tarbiya Konsepsiyasini tasdiqlash va uni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 1059-sonli qarori. (2019). Toshkent.
Al-Buxoriy. (1991). Al-Jomi' as-Sahih (1-jild). Toshkent.
Alimov, U. (2014). Oilada farzand tarbiyasi. Toshkent: Movarounnahr.
Malik, T. (2018). Mehmon tuyg‘ular. Toshkent: Hilol nashr.
Navoiy, A. (1939). Mahbub ul-qulub [Qo‘lyozma], 43 bet.
Odilova, M., Jabbarova, D., & Jo‘raev, S. (2023). Pedagogik atamalar. Namangan.
Qambarov, M. M. (2022). Pedagogika tarixi. Toshkent: O‘quv qo‘llanma.
Salom, G. (2000). Ezgulikka chog‘lan, odamzot. Toshkent: G‘afur G‘ulom nomidagi san’at va adabiyot nashriyoti.
Turkiy so‘zlar devoni (Devoni lug‘atit turk) (3 tom). (1963). Toshkent: O‘zbekiston SSR Fanlar akademiyasi nashriyoti.
Xalq ta’limi mustaqillik yillarida 1991–2001: Istiqlol va ta’lim. (2001). Toshkent: Sharq nashriyoti.
Yassaviy, A. (1991). Hikmatlar. Toshkent: G‘afur G‘ulom nomidagi adabiyot va san’at nashriyoti.
Yusuf Xos Hojib. (1991). Qutadgʻu bilig. Toshkent.
Зайюн, И.А. (2015). Духовная элита в обществе: интеллигентность и гражданственность. В Проблемы и перспективы формирование национальной гуманитарно-технической элиты: сборник научных трудов.
www.ziyouz.com.2007
library.ziyonet.uz
Опубликован
Загрузки
Как цитировать
Выпуск
Раздел
Лицензия
Copyright (c) 2025 Мунира Джаббарова

Это произведение доступно по лицензии Creative Commons «Attribution» («Атрибуция») 4.0 Всемирная.
