История последнего периода тюркских каганатов в англоязычных исследованиях

Авторы

  • Ферганский государственный университет
Ingliz tilli tadqiqotlarda turk xoqonliklarining so‘nggi davri tarixi

Аннотация

В статье рассматривается история последних этапов существования Тюркских каганатов на основе англоязычных зарубежных исследований, с акцентом на политические, военные и дипломатические процессы середины VIII века и последующего периода. Особое внимание уделяется распаду Восточного и Западного Тюркского каганатов, династическим конфликтам, сложным отношениям между кочевыми и оседлыми силами, а также связям с империей Тан, халифатом Омейядов и Тибетом. Англоязычные источники интерпретируют этот период не просто как упадок, но как этап политических трансформаций и появления новых сил. Такой подход способствует более глубокому пониманию исторического наследия тюркских народов и их места в глобальной истории Центральной Азии.

Ключевые слова:

Тюркский каганат империя Тан VIII век отношения Тан и тюрок Омейяды геополитика кочевники англоязычные исследования.

Kirish

Turk xoqonliklari tarixi islomgacha va ilk islom davri Markaziy Osiyosini o‘rganishda muhim o‘rin egallaydi. Yevrosiyo dashtlarida kuchli ko‘chmanchi imperiyalar sifatida shakllangan Sharqiy va G‘arbiy Turk xoqonliklari VI–VIII asrlarda mintaqaning siyosiy, harbiy va madaniy manzarasini shakllantirishda hal qiluvchi rol o‘ynadi. Garchi bu xoqonliklarning paydo bo‘lishi va ravnaqi masalalari ko‘plab tadqiqotlarda keng yoritilgan bo‘lsa-da, so‘nggi yillarda ingliz tilidagi ilmiy adabiyotlarda ularning inqirozi va parchalanishi davriga tobora ko‘proq e’tibor qaratilmoqda.

Xususan, VIII asrning o‘rtalarida turk siyosiy hokimiyatining markazlashgan shakli tanazzulga yuz tutdi. Bunga sharqda Tang sulolasi, g‘arbda esa Umaviylar xalifaligidan bo‘lgan tashqi bosimlar, shuningdek, ichki urug‘lararo kelishmovchiliklar sabab bo‘ldi. Aynan shu davrda Turkashlar va Qarluqlar kabi yangi siyosiy kuchlar paydo bo‘lib, Markaziy Osiyodagi kuchlar muvozanatini tubdan o‘zgartirdi.

Ushbu maqolada turk xoqonliklarining so‘nggi davri ingliz tilidagi zamonaviy tarixiy tadqiqotlar misolida tahlil qilinadi. Maqolada g‘arb olimlarining turk imperiyalarining inqiroz davrini nafaqat qulash balki siyosiy transformatsiya jarayoni sifatida baholashi ochib beriladi. Shuningdek, ingliz tilidagi tadqiqotlarda qo‘llanilgan metodologik yondashuvlar va mavzuviy yo‘nalishlar ham alohida tahlil qilinadi.

Adabiyotlar tahlili va metodologiya

Maqolada tarixiylik tamoyili, qiyosiy tahlil, tizimlashtirish, tasniflash, muammoviy-xronologik kabi usullardan foydalangan holda, tadqiqot uchun qo‘yilgan asosiy maqsad hisoblangan ilmiy tadqiqotlarda keltirilgan ilmiy tahminlarning ingliz tilli tadqiqotlarda asoslanganligi ochib berishga harakat qilingan.

Turli mamlakatlar olimlari asarlarida, xususan, ingliz tilli tadqiqotlarda Turk xoqonliklarning so‘nggi O‘rta Osiyoning arablar istilosi hamda bu jarayonda turkashlar qarshilik harakati tarixiga oid ba’zi ma’lumotlar uchraydi. O‘rta Osiyoning ilk o‘rta asrlar davri tarixiga oid xorijiy mamlakatlarda yaratilgan tadqiqotlarda alohida fikr va mulohazalar bildirilmagan. Shunga qaramay, Fransiya, Rossiya, Yevropa, Amerika, Turkiya, Xitoy va  Markaziy Osiyo mamlakatlarida e’lon qilingan ilmiy ishlarda bizni qiziqtirgan muammo doirasidagi ba’zi e’tiborga loyiq fikrlar bayon etilgan.

O‘rta Osiyoning ilk o‘rta asrlar davri tarixini o‘rganishda ingliz tilida yaratilgan tadqiqotlarning alohida o‘rni bor. Ingliz tilida I. Kristofer Bekvit, A.R. Gibb, R.N. Fray, S. Vayting Marvin, G.R. Havting, V.L.Novak, M.D. Luse, P.B. Golden, Sharon Moshe, D. Elton, A.H. Jangebe B. Xoberman, G.R. Xoyland, B. Jonatan va Xyu Kennedi kabi tadqiqotchilar izlanishlar olib borishgan.

Natija va muhokama

Turk xoqonligining umaviylar sulolasi istilosiga qarshi kurashi hamda bu kurashda Markaziy Osiyo mahalliy hokimlarga qarshi kurashi masalasi ko‘plab xorijiy tadqiqotlarda o‘z aksini topgan. Jumladan, Jonathan Karam Skafning “Sui-Tang China and Its Turko-Mongol Neighbors: Culture, Power, and Connections, 580–800” nomli kitobi turkashlar haqida muhim, shu bilan birga keng ma’lumotlar berilganligi bilan ajralib turadi (Jonathan, 2012). Asarda Turk xoqonligi inqirozga uchragan vaqtlarda tarixi haqida batafsil ma’lumotlar keltirilgan (Jonathan, 2012). Ushbu asarda Suy sulolasi davrida boshlangan inqiroz aniq dalillar asosida ko‘rsatib berilgan. 

G‘arbiy Turklar Ishbara va Anluoni tan olishdan bosh tortdilar hamda bu imperiyani butunlay ikki qismga ajratib yubordi. Suy sulolasining yordami bilan Ishbara G‘arbiy Turklarga qarshi hujum boshladi, biroq imperiyani qayta birlashtirishga qodir bo‘lmadi. Shaxsiy yetakchiligiga qaramay, Ishbara qarindoshlari va ularning tarafdorlarining hasadidan ustun kela olmadi. Bu nizolarning yakuniy natijasi Turk xoqonligini jiddiy zaiflashishiga olib keldi. Taxt vorisligining noaniqligi turkiy yetakchilarini o‘zlariga sodiq ittifoqchilar izlashga va ichki tahdidlardan doimo ogoh bo‘lishga majbur qilardi (Jonathan, 2012). Ayni shu davrdan boshlab bir tomondan umaviylar, ikkinchi tomondan xitoyliklar tahdidlari sabab xoqonlik zaiflashadi. Shuningdek, asarda Turkash xoqonligining Movarounnahrdagi ta’siri xususida anchayin qiziq xulosalar keltirilgan. Jumladan, Turk hukmdorlarining tobe’lariga aylangan shahar-davlatlar hukmdorlari o‘zlarini “qul” deb ataganliklari ma’lum. Masalan, Samarqand podshosi Turkash xoqoni Suluxon bilan ixtiyoriy ravishda ittifoq tuzib, hatto xoqonning shaxsiy soqchilari safiga qo‘shilgan bo‘lsa-da, o‘zini Suluxon xoqonning quli deb atagan (Jonathan, 2012). 

Turkash xoqonligining geosiyosiy mavqei masalasida ham e’tiborga molik retrospektiv fikrlar keltirilgan. Masalan, Ili daryosi mintaqasida joylashgan Turkashlar Xitoyning asosiy hududlaridan ancha uzoqda edilar, biroq Markaziy Osiyo geosiyosatida muhim o‘rin egallaganlar. Ular shimoli-sharqda turklar, sharqda Tang imperiyasi, g‘arbda arablar va janubda Tibet bilan chegaradosh bo‘lgan. Tang va Turkashlar 717-yilda to‘qnashuvga kirishgan bo‘lsalar-da, 718-yilda tinch diplomatik munosabatlar o‘rnatishga kelishib oldilar. Turkash xoqoni Tang imperiyasi tomonidan “duke” (ya'ni, davlatdagi yuqori martabali amaldor) unvoni bilan taqdirlandi – bu unvon Xitan podshosinikidan bir pog‘ona past bo‘lgan (Jonathan, 2012). Umaviylar va Turkash xoqonligi orasidagi qarama-qarshilik masalalari 725-yili Sulu xoqon elchilarining Umaviy sulolasi hamda G‘arbiy Turklar taklif qilingan Tang imperiyasi poytaxtidagi qabulda marosimida ham ko‘rish mumkin (Jonathan, 2012).

O‘rta Osiyoning ilk o‘rta asrlar davri tarixini o‘rganishda Amerikalik olim I. Kristofer Bekvitning asarlari alohida o‘rin tutadi. Uning ijodi “The Tibetan Empire in Central Asia”, “Medieval Tibeto-Burman Languages”, “Koguryo, the Language of Japan’s Continental Relatives”, “Phoronyms: Classifiers, Class Nouns, and the Pseudopartitive Construction”, “Warriors of the Cloisters: The Central Asian Origins of Science in the Medieval World”, “Empires of the Silk Road: A History of Central Eurasia from the Bronze Age to the Present”, “Greek Buddha: Pyrrho‘s Encounter with Early Buddhism in Central Asia” asarlardan iborat.

I. Kristofer Bekvit tilshunos bo‘lganligi uchun arab-fors, xitoy, yapon va hind tillarini yaxshi o‘zlashtirgan. Aynan shu holat uning asarlari ilmiy qiymati yuqoriligini ta’minlaydi. Olim o‘z asarlarini yozishda “The Tibetan empire in Central Asia: a history of the struggle for great power among tibetians, Turks, Arabs and Chinese during tre early middle ages”  ва “Empires of the Silk Road (a history of Central Eurasia from the Bronze age to the present)” arab-fors va xitoy tillaridagi manbalardan hamda tibet hujjatlaridan foydalanadi (Beckwith, 2009).

I. Kristofer Bekvitning 1993-yilda nashrdan chiqqan “The Tibetan empire in Central Asia: a history of the struggle for great power among tibetans, turks, arabs and Chinese during tre Early middle ages” (Beckwith, 2009) (“Markaziy Osiyodagi Tibet imperiyasi: O‘rta asrlardagi tibetliklar, turklar, arablar va xitoyliklar o‘rtasida buyuk kuch uchun kurash tarixi”) nomli asarida ham Turkash xoqonligi to‘g‘risida hikoya qilinadi. Jumladan, asosiy raqiblarining zaiflashuvi natijasida Sulu xoqon va turkashlar geosiyosiy kuch sifatida tez sur’atlarda tiklana boshladilar. Xitoy tarixchisi Ssu-ma Kuangning ma’lumotiga ko‘ra, 716-yilning kech yozida Sulu o‘zini rasmiy ravishda xoqon deb e’lon qilgan. Bu voqea turkashlar tomonidan G‘arbiy Markaziy Osiyodagi siyosiy ustunlikni qayta tiklash yo‘lida muhim bosqich bo‘ldi. 717-yil yoziga kelib, turkashlar o‘zlarining ilgari egallagan harbiy-siyosiy mavqeini katta darajada tiklagan edilar. Shu yilning may oyiga taalluqli bir Xitoy manbasida qayd etilishicha, turkashlar hali ham Tang imperiyasiga xiroj yuborayotgan bo‘lsalar-da, bu elchilik missiyalaridan Tang chegaralarini razvedka qilish va josuslik faoliyati uchun niqob sifatida foydalanayotganliklari taxmin qilingan (Beckwith, 2009). Muallif keltirgan ma’lumotlarning ishonchliligi ancha yuqori, chunki u o‘z ishida arab, xitoy manbalaridan hamda turli davrlardagi tarixshunoslik va manbashunoslik tadqiqotlaridan unumli foydalangan.

Uning “Empires of the Silk Road (a history of Central Eurasia from the Bronze age to the present)” (“Ipak yo‘li imperiyalari (Yevroosiyo markazi bronza davridan bugungacha)”) nomli monografiyasida ham O‘rta Osiyo, jumladan, Farg‘ona arablar, turkashlar, xitoyliklar va tibetliklar manfaati to‘qnashgan hudud sifatida tasvirlanadi. Asarda ta’kidlanishicha, 716-yilda Kapag‘an xoqon turkash qabilalari hududidan chiqib ketganidan ko‘p o‘tmay yurish paytida halok bo‘ladi. Uning o‘rniga jiyani, Elterishning o‘g‘li Bilga xoqon taxtga o‘tirdi. Unga ukasi Kul Tegin katta yordam ko‘rsatdi. Bu vaqtda turkashlarning Qora suyak urug‘idan bo‘lgan Suluxon G‘arbiy Turk yurti hududlarida xoqon deb e’lon qilindi. U tez orada turkashlar qudratini tiklab, ulardan oldingi hukmdorlarga qaraganda ancha kengroq hududlarni egallashga muvaffaq bo‘ladi. Turkashlar Movarounnahr va To‘hariston ustidan ilgari G‘arbiy Turklar tomonidan o‘rnatilgan hukmronlikni tiklash da’vosini ilgari surdilar. Shu tariqa ular arablar va islomga qarshi mahalliy xalqlarning himoyachisiga, shuningdek, tibetliklarning yaqin ittifoqchisiga aylandilar. Xitoyliklar turkashlar va tibetliklar o‘rtasidagi bu ittifoqni qadimgi Xan sulolasi davridayoq qo‘rquv uyg‘otgan shimol va janub o‘rtasidagi xavfli bog‘lanishning ro‘yobga chiqishi sifatida qabul qiladilar. Bu bog‘lanish Xitoyni G‘arbdan uzib qo‘yishi mumkin edi. Xan sulolasining siyosiy merosiga ergashgan Tang imperatorlari bu ittifoqni yo‘qqa chiqarishga harakat qiladilar. Shunday qilib, ular arablar bilan yashirin ittifoq tuzdilar va turkashlar hamda tibetliklarni ag‘darish rejasini tuzdilar (Beckwith, 2009).

G‘arbiy Turklar yerlaridagi turkashlar Markaziy Osiyoning savdo shaharlarida, ya’ni Buyuk Ipak yo‘lining iqtisodiy yuragida, hukmronlik qilardilar. Arab va Xitoy manbalarida keltirilgan ko‘plab ochiq dalillar shuni ko‘rsatadiki, turkashlar Jung‘ariya va Markaziy Osiyoning katta qismida savdo aloqalarining homiylari va himoyachilari bo‘lgan (Beckwith, 2009).

Biroq, 730-yillarda Tang sulolasi va arablar tomonidan olib borilgan uzluksiz harbiy hujumlar samara beradi va 737–740-yillar oralig‘ida Turkash xoqonligi butkul qulatildi. Bu holat natijasida mintaqada kuch bo‘shlig‘i yuzaga keldi – urug‘lar bir-biriga hujum qila boshladi. Bu holat Xitoy hamda arab kuchlariga Markaziy Osiyo savdo shaharlaridagi ta’sirini kuchaytirish imkonini berdi.

Movarounnahrning xalifalik tomonidan egallanishi masalasi hamda Turk xoqonligining bunga munosabati yevropalik tadqiqotchilar birinchilardan bo‘lib o‘z e’tiborlarini qaratishgan. Jumladan, A.R. Gibb (1923) Movarounnahrda Arab xalifaligining harbiy yurishlari va antiarab koalitsiyasining faoliyatlariga alohida to‘xtalgan. A.R.Gibbning kitobida “Turk qarshilik harakati” deb nomlangan alohida qismida quyidagi ma’lumotlar keltirilgan. 713-yilda, Qutayba ilk bor o‘z qo‘shini bilan Sayhun (Yaxart) daryosidan o‘tgan yili, Xitoyda ham g‘arbga qarab ekspansiyaning yangi davri boshlandi. Bu esa Xuanzong (Xuan-tszun) imperator taxtiga chiqishi bilan bog‘liq edi. 714-yilda xitoyliklar Tiele qabilalari ishlariga aralashib, ularning darhol bo‘ysunishiga erishdilar. Keyingi yili esa Farg‘ona hukmdorligini tikladilar. 

716-yilda Shimoliy Turklar xoni Me-chuo vafot etgach, kuchli Turkash qabilalari mustaqilligini e’lon qilib, o‘z boshlig‘i Sulu boshchiligida Xitoy yordami bilan Ili vodiysida yangi davlatga asos soldilar. Movarounnahr mahalliy hukmdorlari ushbu voqealardan foydalanib, arablar hukmronligidan xalos bo‘lishga harakat qildilar. 

718-yilda Tug‘shoda, G‘urak, Qumidning podshosi Narayana va Chag‘oniyon podshosi Xitoyga birlashgan elchilik missiyalarini yubordilar. Tug‘shoda, G‘urak va Narayana arablar ustidan yordam so‘radilar. Bu hujjatlarning to‘liq matni Shavanning “Document” asarida keltirilgan. Tug‘shoda xitoyliklardan turkashlarga arablarga hujum qilishni buyurishni iltimos qilgan, G‘urak esa Samarqandning bosib olinganini bayon etib, harbiy yordam so‘ragan, Narayana esa arablar tomonidan uning barcha xazinasi tortib olinganini aytib, soliq yengilliklari bo‘yicha arablar bilan muzokara olib borishni iltimos qilgan. E’tiborlisi shundaki, Chag‘oniyon podshosi – To‘xariston Yabgusining vassali sifatida – bu talabnomalarga qo‘shilmasdan, ehtiyotkorona pozitsiyada turgan. Biroq “yaxshi so‘zlar”dan tashqari, Xitoy imperatori (osmon farzandi) hech qanday real choralar ko‘rmadi va Sayhundan g‘arbdagi hududlarga Xitoy qo‘shinlari yuborilmadi, garchi Movarounnahr hukmdorlari o‘zlarini Xitoyning ixtiyoriy vassali deb e’lon qilgan bo‘lsalar-da, ular tomonidan ko‘p bora murojaatlar qilindi (Gibb, 1923).

R.N. Fray (1949) numizmatik materiallar asosida Movarounnahrdagi xalifalik siyosatini o‘rgangan. Jumaladan, R.N. Fray(1949) numizmat olim Drouin tomonidan aniqlangan tangalar ehtimoliy ravishda Turkashlarga tegishli bo‘lishi ancha ishonarlidir, deb xulosa beradi. Ushbu tangalar, ehtimol, Turkashlar tomonidan markazlashtirilgan boshqaruv, iqtisodiy barqarorlik va savdo aloqalarini mustahkamlash maqsadida zarb etilgan bo‘lib, ularning mustaqil siyosiy subyekt sifatidagi maqomini aks ettiradi. Tangalar dizayni, yozuvlari va metall tarkibi orqali ushbu davr va mintaqaning tarixiy-geosiyosiy jarayonlarini chuqurroq anglash imkonini beradi.

XX asr oxirlarida yaratilgan ingliz tilli tadqiqotlar orasida Xolid Yaxyo Blenkinshipning “The End of the Jihâd State: The Reign of Hisham Ibn Àbd Al-Malik and the Collapse of the Umayyads” (Jihod davlatining tugashi: Hishom ibn Abdulmalik hukmronligi va Umaviylarning yemirilishi) asari alohida ajralib turadi. Asarda milodiy 623-yilda boshlangan ilmiy adabiyotlarda “Jihod davlati” deya atalgan va 750-yilgacha davom etgan jarayon – arablarning islomlashtirish niqobi ostida olib borgan dastlab lokal, keyinchalik esa xalqaro miqyosdagi istilolari davriy ketma-ketlikda hikoya qilinadi (Blankinship, 1994). Movarounnahrga keng ko‘lamli harbiy harakatlar xalifalikning uchinchi kengayish davrida sodir bo‘ladi. 73-99/692-718-yillarda Shimoliy Afrika, Ispaniya, Movarounnahr va Sindning bosib olinishiga guvoh boʻlamiz. Bu safar musulmon ekspansiyasi ichki ixtilof emas, balki vizantiyaliklar tomonidan Konstantinopolda yetkazilgan 98-99/717-18-tashqi mag‘lubiyati bilan to‘xtatildi. 99-101/718-20-yillardagi keyingi tanaffus xalifa Umar II tomonidan ushbu mag‘lubiyatni hisobga olgan holda harbiy harakatlarni ixtiyoriy ravishda to‘xtatishdan iborat edi (Blankinship, 1994). Asarda Movarounnahr Abbosiylar o‘z hokimiyati asos qilib olgan o‘lka urf-odatlarini saqlab qolganligi tufayli xalifalik yurishlari haqida eng yaxshi ma’lumotga ega bo‘lgan jabha ekanligi ta’kidlanadi. Shu bilan birga muallif tomonidan Movarounnahrdagi harbiy harakatlar ma’lumotlarining nisbatan ko‘pligi bu eng xavfli front bo‘lganligini anglatmasligi keltiriladi.

Shunday bo‘lsa-da, Movarounnahr jabhasida Hishom boshchiligidagi musulmon qo‘shinlari uchun jiddiy sinov paydo bo‘ldi. Yazid II davrida, Movarounnahrdagi yangi musulmonlarga jizyani qaytarishga urinishlar mahalliy aholining g‘azabini shu qadar g‘azablantirdiki, ularning ba’zilari musulmon hukumatiga qarshi isyon ko‘tardilar. Garchi bular shiddatli yurishlar natijasida barbod bo‘lgan bo‘lsa-da, movarounnahrliklar ham xalifalikdan o‘zlarini himoya qilish uchun Turkash xoqoniga murojaat qilishadi (Blankinship, 1994).

Asarda Turkash xoqoni va umaviylar o‘rtasidagi qarama-qarshilik mavzusiga alohida o‘rin ajratilgan. Xazarlarning sharqida musulmonlar boshqa turk davlati – Turkash xoqonligi bilan to‘qnash kelishdi. Biroq, turkashlar podsholigida shaharlar yo‘qligi uchun Xazar xoqonligidan ham kamroq o‘troq davlat hisoblangan va uning qo‘shinlari O‘rta Osiyoning odatiy ko‘chmanchi kuchlariga tegishli, o‘ta harakatchan va himoya qilish uchun aniq nishonga ega bo‘lmagan. Xitoy manbalarida ikki yuz-uch yuz ming jangchi boʻlgan deb eʼtirof etilgan boʻlsa-da, bu biroz mubolagʻa, Turkashlarning kuchi sonidan koʻra koʻproq harakatchanligi va jangovar fazilatlarida edi. Albatta, movarounnahrliklar arablarga qarshi kurashda umaviy-turkash nizolaridan unumli foydalanishgan hamda bu asarda o‘z aksini topgan (Blankinship, 1994).

Xulosa

Ingliz tilidagi zamonaviy va klassik tadqiqotlar Turk xoqonliklarining so‘nggi davr tarixini murakkab va ko‘p qirrali jarayon sifatida tasvirlaydi. Bu davr – ya’ni VII asr oxiri va VIII asr boshlarida – Markaziy Osiyo geosiyosiy muvozanatida muhim o‘zgarishlar yuz berdi. Turkashlar, G‘arbiy Turklar merosxo‘rlari sifatida, qisqa muddatli, biroq ta’sirchan imperiyaviy kuch sifatida maydonga chiqib, Tang imperiyasi, Umaviylar xalifaligi va Tibet bilan diplomatik va harbiy raqobatda faol ishtirok etdi. Ayniqsa, Suluk xoqon davrida turkashlar Movarounnahr va To‘haristondagi arab ekspansiyasiga qarshi mintaqaviy kuchlar yetakchisiga aylanishdi.

Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, ushbu davrda Turk xoqonliklari ichki siyosiy parokandalik, vorislik nizolari va tashqi bosimlar oqibatida asta-sekin zaiflashdi va nihoyat, VIII asr o‘rtalariga kelib, ular o‘rnini qarluqlar eglladi. Shunga qaramay, ingliz tilidagi tarixiy adabiyotlar bu xoqonliklarning siyosiy, madaniy va iqtisodiy merosini Markaziy Osiyo tarixida muhim bosqich sifatida baholaydi. Ularning islomlashuv jarayoniga qarshiligi, savdo yo‘llarini nazorat qilishdagi o‘rni va diplomatik faolligi ko‘plab tadqiqotchilar e’tiborida bo‘lib kelmoqda. Bu esa, turk xoqonliklarini faqat harbiy kuch emas, balki murakkab siyosiy tizim va sivilizatsion o‘ziga xoslikka ega tuzilmalar sifatida ko‘rib chiqishga asos bo‘ladi.

Библиографические ссылки

Beckwith, C. I. (1993). The Tibetan empire in Central Asia: A history of the struggle for great power among Tibetans, Turks, Arabs and Chinese during the early middle ages. Princeton University Press.

Beckwith, C. I. (2009). Empires of the Silk Road: A history of Central Eurasia from the Bronze Age to the present. Princeton University Press.

Blankinship, K. Y. (1994). The end of the Jihâd state: The reign of Hisham ibn Àbd al-Malik and the collapse of the Umayyads (SUNY Series in Medieval Middle East History). State University of New York Press.

Frye, R. N. (1949). Notes on the early coinage of Transoxania. (pp. 34–41). New York.

Gibb, H. A. R. (1923). The Arab conquests in Central Asia. London.

Skafning, J. K. (2012). Sui-Tang China and its Turko-Mongol neighbors: Culture, power, and connections, 580–800. Oxford University Press. p. 147.

Большаков, О. Г. (2010). История Халифата (Т. 4: Апогей и падение). Москва: Восточная литература РАН.

Фильштинский, И. М. (2005). Халифат под властью династии Омайядов (661–750). Москва: Соверо-принт.

Фильштинский, И. М. (2006). История арабов и халифата (750–1517). Москва: Восток – Запад.

Опубликован

Загрузки

Биография автора

Ойистахон Юлдашалиева,
Ферганский государственный университет

базовый докторант 

Как цитировать

Юлдашалиева, О. (2025). История последнего периода тюркских каганатов в англоязычных исследованиях. Лингвоспектр, 5(1), 632–638. извлечено от https://lingvospektr.uz/index.php/lngsp/article/view/887

Выпуск

Раздел

Статьи

Похожие статьи

1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 > >> 

Вы также можете начать расширеннвй поиск похожих статей для этой статьи.