Лингводидактические и психолингвистические аспекты чтения как компетенции в обучении иностранному языку

Аннотация
В статье рассматривается формирование компетенции в чтении в процессе обучения иностранному языку на основе лингводидактического и психолингвистического подходов. Лингводидактическая перспектива охватывает поэтапное усвоение лексических и грамматических знаний, развитие критического мышления через работу с текстом. Психолингвистический подход направлен на изучение когнитивных процессов, таких как восприятие, память, семантическая обработка и понимание текста. В статье подчеркивается необходимость использования интегративных методических стратегий – аннотированное чтение, рефлексия, работа с мультимодальными текстами – для развития читательской компетенции. Кроме того, акцент делается на важности психологической подготовки, мотивации и ранее усвоенных знаний обучающегося как факторов, влияющих на эффективность обучения. Синтез лингводидактических и психолингвистических подходов способствует формированию самостоятельной, критически мыслящей личности, способной к продуктивному межкультурному взаимодействию.Ключевые слова:
Компетенция в чтении лингводидактика психолингвистика иностранный язык стратегии чтения обучение языку когнитивные процессы.O‘qish kompetensiyasi zamonaviy til o‘rganish metodologiyasida asosiy nutq kompetensiyalaridan biri sifatida e’tirof etiladi. Bu kompetensiya o‘quvchining chet tilida yozilgan matnni anglay olish, ma’lumotlarni tahlil qilish, o‘zlashtirish va uni amaliy faoliyatda qo‘llay olish qobiliyatidir. Grabe (2009) ta’rifiga ko‘ra, o‘qish – bu interaktiv jarayon bo‘lib, u til birliklarini dekodlash va ularni semantik darajada tushunish orqali amalga oshadi. O‘quvchi matnni o‘qish chog‘ida uning strukturaviy, leksik va pragmatik qatlamlarini idrok qiladi.
Tilshunos olima Galskova (2006) o‘qish kompetensiyasini kommunikativ faoliyat bilan chambarchas bog‘laydi. Uning fikricha, o‘qish kompetensiyasi shunchaki matnni tushunish emas, balki uni fikrlab o‘qish, tanqidiy tahlil qilish, kontekstual tahlil asosida talqin qilishdir. Bu yondashuv o‘quvchidan faqat bilim emas, balki tafakkur ham talab qilinishini ko‘rsatadi.
O‘qish kompetensiyasining tuzilmasi bo‘yicha turli olimlar tomonidan taklif etilgan modellarda quyidagi asosiy komponentlar ko‘zga tashlanadi:
- Lingvistik komponent – leksik va grammatik bilimlar asosida matnni dekodlash (Solovova, 2005).
- Semantik komponent – matn mazmunini tushunish, asosiy g‘oya va fikrlarni ajratib olish (Bernhardt, 2011).
- Pragmatik komponent – matnning kommunikativ maqsadini, muallif pozitsiyasini anglash va uni ijtimoiy-kontekstual darajada talqin qilish (Galskova & Gez, 2006).
- Kognitiv faoliyatga asoslangan komponentlar – o‘qish strategiyalarini tanlay olish, mustaqil fikr bildirish va bilimlarni ilgari o‘zlashtirilgan tajribalar bilan bog‘lash (Anderson, 2008).
Ilmiy adabiyotlarda o‘qish kompetensiyasining farqlari ham ko‘rsatilgan. Masalan, Grabe va Stoller (2011) o‘qish kompetensiyasini “effektiv va moslashuvchan strategik o‘qish ko‘nikmalari majmuasi” sifatida talqin qiladi. Bunda faqat ma’lumotni anglash emas, balki uni qayta ishlash, baholash va matnga asoslangan qarorlar qabul qilish ko‘nikmalari ham nazarda tutiladi.
Psixolingvistik nuqtai nazardan qaralganda, o‘qish kompetensiyasi – bu murakkab mental jarayon bo‘lib, u vizual idrok, semantik ishlov berish, xotira, assotsiatsiya va tafakkur vositasida amalga oshadi (Bernhardt, 2011). Mazkur yondashuvda o‘qish faoliyati faqat tilshunoslik emas, balki psixologiya bilan ham bog‘lanadi. Ilmiy adabiyotlarda adabiyotlarda bu kompetensiyaning rivojlanishi ikki asosiy yo‘nalishda tahlil qilinadi:
- Input (kiritma) yo‘nalishi: O‘quvchiga taqdim etiladigan matnning hajmi, murakkabligi va madaniy mazmuni o‘qish natijasiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi.
- Processing (qayta ishlash) yo‘nalishi: O‘quvchining til materialini semantik va strukturaviy jihatdan qanday qayta ishlashi, ya’ni idrok va tushunish bosqichlari orqali matnga qanday yondashuvi (Grabe, 2009).
Bundan kelib chiqadiki, o‘qish kompetensiyasini rivojlantirishda matnlar mazmunan mazmunli, til jihatidan darajaga mos, madaniy jihatdan tushunarli bo‘lishi kerak. Shuningdek, har bir matn asosida maqsadli mashq va topshiriqlar tizimi bo‘lishi muhimdir (Nation, 2009).
Yana bir muhim jihat – o‘qish kompetensiyasi mustaqil o‘rganish qobiliyatining poydevoridir. Anderson (2008) o‘z izlanishlarida shuni ta’kidlaydiki, o‘qish kompetensiyasi shakllangan talaba o‘z-o‘zini o‘rgatuvchi, bilimni tahlil qiluvchi, tanqidiy fikrlovchi va kontekstual tushunishga ega bo‘ladi. Bu esa zamonaviy ta’lim konsepsiyalarida faol subyektni shakllantirishga xizmat qiladi.
Yuqoridagi tahlil asosida aytish mumkinki, o‘qish kompetensiyasi – bu lingvistik bilimlar, tafakkur jarayonlari va kommunikativ faoliyatning o‘zaro uyg‘unlashgan shaklidir. Ushbu kompetensiyani rivojlantirish uchun o‘qituvchi matn tanlashdan tortib, savollar, topshiriqlar, baholash mezonlari va refleksiya bosqichlarini ham inobatga olgan holda integratsiyalashgan yondashuvni amalga oshirishi lozim.
Shu asnoda aytish mumkinki, o‘qish kompetensiyasini chet tilini o‘rganish jarayonida muvaffaqiyatli shakllantirish uchun lingvodidaktik yondashuv muhim nazariy asos bo‘lib xizmat qiladi. Lingvodidaktika – bu tilni o‘qitish jarayonini tilshunoslik va didaktika nazariyalariga asoslangan holda tashkil etuvchi fan sohasidir. Bu yondashuv chet tilini o‘rganishning barcha bosqichlarida – leksika, grammatika, matn bilan ishlash, o‘qish strategiyalari, refleksiya, baholash – tizimli yondashuvni talab etadi (Galskova & Gez, 2006).
Lingvodidaktik nuqtai nazardan, o‘qish kompetensiyasi ikki asosiy komponentga bo‘linadi: 1) til materialini anglash, 2) matn mazmunini tushunish va uni interpretatsiya qilish. Grabe (2009) aytganidek, bu ikki komponent faqat o‘zaro integratsiyalashgan holda shakllanadi. Ya’ni, talaba til birliklarini (so‘zlar, tuzilmalar) o‘zlashtirish bilan birga, ularni kontekstda idrok etish, matndagi asosiy va ikkilamchi g‘oyalarni farqlash, mantiqiy bog‘liqlikni aniqlash kabilarni ham o‘rganishi zarur.
O‘quv jarayonida lingvodidaktik prinsiplar asosida tuzilgan topshiriqlar tizimi muhim o‘rin tutadi. Nation (2009) tomonidan taklif etilgan “oqilona o‘qish mashqlari” modeli quyidagicha:
- Matnni sarlavha asosida taxmin qilish;
- Asosiy g‘oya va detalni ajratish;
- Kontekst asosida yangi so‘zlarni tushunish;
- Matn asosida savollarga javob berish;
- Matn mazmunini qayta hikoya qilish.
Bu mashqlar o‘qish jarayonida faqat axborotni qabul qilish emas, balki uni faol ravishda tahlil qilish va qayta ishlash ko‘nikmalarini shakllantiradi. Galskova (2006) bunday yondashuvni “funksional o‘qish” deb ataydi.
Lingvodidaktik yondashuvda til kompetensiyasining barcha tarkibiy qismlari (leksik, grammatik, semantik) o‘qish kompetensiyasi bilan birgalikda rivojlanadi. Bu esa o‘quvchini faqat bilim egasiga emas, balki til muhitida faol ishtirok eta oladigan shaxsga aylantiradi.Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, lingvodidaktik yondashuvni samarali amalga oshirish uchun quyidagi shart-sharoitlar zarur:
- O‘quv matnlari o‘quvchilarning darajasiga mos, madaniy jihatdan qulay bo‘lishi kerak (Grabe & Stoller, 2011);
- Matn asosida tuzilgan topshiriqlar tanqidiy fikrlash, tahlil va baholashni rag‘batlantirishi kerak;
- O‘qituvchi o‘z faoliyatida differensial yondashuvga amal qilishi, ya’ni har bir o‘quvchining individual ehtiyojini hisobga olishi lozim;
- O‘qish faoliyati yakunida baholash mezonlari aniq belgilangan bo‘lishi kerak – bu refleksiya va o‘z-o‘zini nazorat qilishga yordam beradi (Anderson, 2008).
Shuningdek, zamonaviy chet tillarini o‘qitish metodikasida lingvodidaktik yondashuvning integratsiyalashgan modellari ham taklif qilinmoqda. Misol uchun, “text-based instruction” (matnga asoslangan yondashuv) modeli o‘qish kompetensiyasini mustahkamlashda nafaqat til bilimlarini, balki madaniyatlararo kompetensiyani ham rivojlantiradi (Bernhardt, 2011).
Xulosa shuki, o‘qish kompetensiyasini shakllantirishda lingvodidaktik yondashuv nafaqat tilshunoslik asoslarini, balki metodik, psixologik va kommunikativ elementlarni ham o‘z ichiga olgan kompleks metodologik asosdir. Mazkur yondashuvning izchil qo‘llanilishi o‘quvchining chet tilidagi matnni mustaqil va ongli o‘qish ko‘nikmasini rivojlantiradi hamda uning umumiy til kompetensiyasi shakllanishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
Lingvodidaktika – bu tilni o‘rganish jarayonini metodik, didaktik va kommunikativ nuqtai nazardan tahlil qiluvchi fan. U o‘qish kompetensiyasini shakllantirishda quyidagi asosiy tamoyillarga tayangan: a) sistemalilik va izchillik: o‘quv materiallari bosqichma-bosqich, osondan murakkabga qarab taqdim etiladi; b) kommunikativlik: matn faqat bilim manbai emas, balki muloqot vositasi sifatida ishlatiladi; c) individuallashtirish: har bir o‘quvchining bilim darajasi, o‘rganish uslubi va ehtiyojlari hisobga olinadi; d) kontekstual yondashuv: til birliklari real hayotiy kontekstda taqdim etiladi, bu esa o‘quvchining motivatsiyasini oshiradi.
Lingvodidaktik yondashuvning samarali metodlaridan eng asosiylari esa bu birinchisi Top-down strategiyahisoblanib, umumiy mazmunga asoslangan taxmin va prognoz qilishga asoslanadi. Ikkinchisi bu Bottom-up strategiya hisoblanib, fonetik, leksik va sintaktik tahlil orqali umumiy ma’no hosil qilishga asoslanadi. Bu metodlar kombinatsiyalangan holda qo‘llansa, o‘qish malakasini shakllantirish samaradorligi ortadi (Grabe & Stoller, 2011).
Chet tilida o’qish jarayonidagi idrok va tushunish mexanizmlarini chuqurroq o‘rganish hozirda dolzarb hisoblanib kelayotgan psixolingvistik yondashuvni e’tiborga olishni taqozo etadi. Psixolingvistika – bu til va tafakkur o‘rtasidagi o‘zaro aloqani o‘rganadigan fan bo‘lib, tilning idrok, eslab qolish, ma’lumotni qayta ishlash va psixologik moslashuv kabi kognitiv jarayonlar orqali qanday o‘zlashtirilishini tadqiq qiladi (Field, 2004). Chet tilida o‘qish jarayonida quyidagi psixik bosqichlar amalga oshadi:
- Dekodlash: matndagi grafemalarni fonemalarga aylantirish, so‘z tanib olish.
- Semantik ishlov berish: kontekst asosida so‘z va gaplarning ma’nosini aniqlash, semantik birliklar o‘rtasidagi aloqani tushunish.
- Assotsiativ va xotira jarayonlari: yangi axborotni ilgari o‘rganilgan bilimlar bilan bog‘lash.
- Tushunilgan axborotni faol mental modellar orqali qayta ishlab, saqlab qolish.
Ushbu jarayonlar samarali amalga oshishi uchun o‘quvchining diqqat, motivatsiya va ilgari o‘zlashtirilgan bilimlari muhim rol o‘ynaydi (Bernhardt, 2011).
O‘qish jarayoni psixolingvistik nuqtai nazardan qaralganda, bu nafaqat matnni ko‘rish yoki o‘qish, balki uni tushunish, baholash va xotirada saqlashni o‘z ichiga olgan murakkab psixik faoliyatdir. Anderson (2008) aytganidek, samarali o‘qish uchun o‘quvchi o‘zining mavjud bilimlari, tafakkuri va semantik assotsiatsiyalaridan faol foydalanadi. Bu esa o‘qish jarayonini nafaqat passiv qabul qilish, balki faol kognitiv jarayon sifatida tushunishga olib keladi.
Psixolingvistik yondashuvda o‘qish quyidagi asosiy bosqichlarda amalga oshadi:
- Vizual dekodlash – matn belgilarini ko‘rish va ular orqali til birliklarini aniqlash;
- Fonologik va semantik ishlov berish – so‘zlarning talaffuzi va ma’nosini aniqlash;
- Sintaktik strukturalarni tahlil qilish – gap qurilishi va kontekstual mantiqni anglash;
- Kognitiv integratsiya – matn mazmunini avvalgi bilimlar bilan bog‘lash va yangi xulosalar chiqarish.
Grabe (2009) bu jarayonni “psixokognitiv integratsiya” deb ataydi va uni samarali o‘qishning poydevori deb hisoblaydi. Bu jarayon davomida o‘quvchi o‘zining ishchi xotirasidan, semantik tarmog‘idan va kontekstual bilimlaridan foydalanadi.
Bernhardt (2011) fikricha, chet tilida o‘qishda psixolingvistik to‘siqlar til bilimlarining cheklanganligi, matnning madaniy konteksti tushunarsizligi va o‘quvchining past motivatsiyasi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Shuning uchun, samarali o‘qish kompetensiyasini shakllantirishda psixologik tayyorgarlik, emotsional muvozanat va motivatsiya asosiy omillar hisoblanadi.
Psixolingvistik yondashuvda o‘qituvchilar quyidagilarni amalda qo’llashlari muhim hisoblanadi:
- O‘quvchining idrok qilish uslublarini aniqlash va unga mos strategiyalarni taklif qilish;
- O‘qish jarayonida o‘quvchilarga kontekstual taxminlar qilish imkoniyatini berish;
- Semantik maydonlarni kengaytiruvchi mashqlarni qo‘llash;
- Stress va xavotir darajasini kamaytirish orqali o‘qish uchun qulay psixologik muhit yaratish.
Misol qilib aytganda, izohli o‘qish, grafik tashkilotchilar, rolli o‘yinlar kabi metodlar psixolingvistik yondashuvda samarali vosita sifatida qaraladi. Bu uslublar o‘quvchilarda o‘qish jarayonini semantik, emotsional va idrok darajasida mustahkamlashga xizmat qiladi (Field, 2004).
Xulosa qilib aytganda, psixolingvistik yondashuv chet tilini o‘rganishda o‘qish kompetensiyasining chuqur, kompleks va ongli shakllanishini ta’minlaydi. Bu yondashuv orqali o‘quvchilar matn bilan emotsional va kognitiv aloqaga kirishadi, o‘zining shaxsiy tajribasiga asoslanib axborotni talqin qiladi va natijada chet tilini faol, ijodiy tarzda o‘zlashtirish imkoniga ega bo‘ladi.
Chet tilini o‘qitishda lingvodidaktik va psixolingvistik yondashuvlarning integratsiyasi muhim hisoblanib, ta’lim jarayonida o‘qituvchidan quyidagilani e’tiborga olishni talab qilishi mumkin:
- Matn tanlashda lingvistik va madaniy murakkablik darajasini hisobga olish.
- Mashqlar tizimini psixolingvistik mexanizmlarga mos holda tuzish: klaster, kontseptual xarita, reflektiv savollar.
- Didaktik materiallarni o‘quvchining idrok darajasi, aqliy salohiyati va psixologik tayyorgarligiga moslashtirish.
Masalan, ingliz tilidagi ekologik mavzudagi matn asosida quyidagi integratsiyalashgan topshiriqlar tarzida bo’lishi mumkin:
- Taxmin qilish (top-down): sarlavha asosida mavzuni aniqlash topshiriqlari;
- Sintaktik tahlil (bottom-up): murakkab gaplarni grammatik jihatdan ajratish topshiriqlari;
- Refleksiya: “Matn menga nima berdi? Nimani o‘rgandim?”savollar asosidagi topshiriqlar.
Bu integratsiya ta’lim jarayonini samarali qilibgina qolmay, chet tili ta’limida til va tafakkurni uyg‘un rivojlantiradi.
O‘qish kompetensiyasi chet til o‘rganishda asosiy kompetensiyalardan biri sifatida ko‘riladi. So‘nggi yillarda olib borilgan tadqiqotlar bu kompetensiyani shakllantirishda an’anaviy yondashuvlar bilan bir qatorda zamonaviy didaktik yondashuvlarning ham muhimligini ko‘rsatmoqda. Grabe va Stoller (2011) tomonidan ilgari surilgan fikrlarga ko‘ra, chet tilida o‘qish malakasi faqatgina til bilimlariga asoslanmay, balki o‘quvchining kontekstual tafakkur darajasi, madaniy tayyorgarligi va ijtimoiy-kommunikativ tajribasi bilan ham chambarchas bog‘liqdir.
Lingvodidaktik yondashuv, ayniqsa, o‘quvchilarning til materialiga bo‘lgan qiziqishini oshirish, o‘zlashtirish tezligini kuchaytirish va bilimni amaliyotda qo‘llay olish qobiliyatini rivojlantirishda yordam beradi. Galskova va Gez (2006) bu borada o‘qish kompetensiyasini shakllantirish uchun integratsiyalashgan dars shakllaridan – ya’ni matn asosida bahs-munozara, izohli o‘qish, rolli o‘yinlar – foydalanishni taklif etadilar.
Boshqa tomondan, psixolingvistik tadqiqotlar til o‘rganish jarayonida idrok, eslab qolish, semantik ishlov berish va psixologik to‘siqlarning o‘rni haqida muhim ma’lumotlar beradi. Bernhardt (2011) o‘z izlanishlarida o‘quvchilarning chet tilidagi matnlarni anglash darajasiga ularning ilgari o‘zlashtirilgan til tajribasi va nutq faoliyati bevosita ta’sir ko‘rsatishini aniqlagan. Bu holat o‘qish jarayonida faqat yangi bilim berish emas, balki mavjud bilimlarni faollashtirish orqali o‘quvchini faol subyektga aylantirish muhimligini ko‘rsatadi.
Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, ko‘p hollarda o‘qituvchilar faqat lingvistik bilimlar asosida o‘qish kompetensiyasini rivojlantirishga harakat qilishadi. Biroq bu yondashuv yetarli bo‘lmasligi mumkin. Tilni o‘rganish psixologik, madaniy va kognitiv jihatlar bilan uzviy bog‘langan kompleks jarayondir. Anderson (2008) ta’kidlaganidek, o‘quvchilar faqat grammatika va lug‘atni bilish orqali emas, balki matnni qanday o‘qish, qanday fikrlash va qanday talqin qilishni bilish orqali tilni o‘zlashtiradilar.
Amaliyotda bu shuni anglatadiki, chet tilini o‘qitishda o‘qish materiallarini tanlashda quyidagi mezonlar asosiy o‘rinni egallashi zarur: 1) matnning mavzusi va uslubi o‘quvchiga tanish bo‘lishi; 2) grammatik murakkablik darajasi o‘quvchining til darajasiga mos kelishi; 3) matn doirasida turli vazifalarni bajarishga imkon beruvchi topshiriqlar tizimi mavjud bo‘lishi.
Shuningdek, o‘qituvchilar tomonidan tanlanadigan strategik yondashuvlar (masalan, avval sarlavhaga qarab taxmin qilish, asosiy g‘oyalarni izlash, so‘ng detallarni tahlil qilish) o‘quvchilarning o‘qishdagi muvaffaqiyatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Bunday yondashuvlar psixolingvistik jihatdan fikrlashni faollashtiradi va o‘qish faoliyatini individual darajada samarali qilish imkonini beradi (Nation, 2009).
Yuqoridagi tahlillarga asoslanib aytish mumkinki, o‘qish kompetensiyasi faqat o‘quv materiallari orqali emas, balki o‘quvchining o‘z o‘rganish jarayonini boshqarish, ma’lumotni tanqidiy tahlil qilish va uni kontekstda qo‘llash kabi murakkab faoliyatlar majmuasida shakllanadi. Shu boisdan, o‘qituvchilar o‘quvchilarga tilni emas, balki til orqali fikr yuritish, anglash va ifodalashni o‘rgatishga alohida e’tibor berishlari lozim.
Bunday integratsiyalashgan, tahliliy yondashuv o‘qish kompetensiyasini rivojlantirishda chuqur, izchil va samarali natijalarga erishishga xizmat qiladi.
Talabalarning o'qish kompetensiyasini rivojlantirishda quyidagi lingvodidaktik va psixolingvistik tamoyillar asosida ishlab chiqilgan metodik tavsiyalar talabalarning chet tilida o’qish jarayonini samaraliroq va mazmunliroq bo’lishiga xizmat qiladi:
- O'qish strategiyalarini o‘rgatish: asosiy fikrni ajratish, muqoyasa qilish, savol berish.
- Skimming va scanning strategiyalarini faol qo‘llash: matndan tezkor va aniqlangan ma’lumot olish.
- Reflektiv kundalik yuritish: har o‘qilgan matndan so‘ng o‘z fikrini yozma tarzda ifodalash.
- Multimodal matnlardan foydalanish: video, rasm, infografika bilan integratsiyalangan matnlar.
- Vizual va grafik tahlil asosidagi topshiriqlar: diagramma, jadval asosida matnni sharhlash.
Ushbu amaliy yondashuvlar talabalar o‘rtasida faollikni oshiradi va mustahkam o‘qish malakasini shakllantiradi (Oxford, 1990).
Xulosa qilib shuni aytishimiz mumkinki, o‘qish kompetensiyasini rivojlantirishda lingvodidaktik va psixolingvistik yondashuvlar chuqur ilmiy asosga ega bo‘lib, ularning uyg‘un qo‘llanilishi o‘quvchilarning o‘quv jarayonidagi faolligini oshiradi. Lingvodidaktika, avvalo, til materiallarini didaktik jihatdan tizimlashtirib, ularni bosqichma-bosqich o‘zlashtirishni ko‘zda tutadi. Psixolingvistika esa tilni idrok etish, tushunish va xotirada saqlash mexanizmlariga asoslanadi. Xususan, (Andersonб 2008) va (Nation, 2009) tomonidan olib borilgan tadqiqotlar, o‘qish jarayonida faol strategiyalarni qo‘llash va til materiallarini psixologik qabul qilish o‘rtasida muhim bog‘liqlik mavjudligini ko‘rsatadi. Ayniqsa, chet tilida matn bilan ishlashda fonetik, leksik, grammatik darajadagi murakkabliklar, o‘quvchining psixik tayyorgarligi bilan uyg‘unlashtirilmasa, o‘zlashtirish samaradorligi pasayadi. Shu bois, ta’lim jarayonida lingvodidaktik va psixolingvistik prinsiplarning integratsiyasi o‘quvchini faol, tanqidiy fikrlovchi va til kompetensiyasiga ega shaxs sifatida shakllantirish imkonini beradi.
Библиографические ссылки
Anderson, N. J. (2008). Metacognition and good language learners. In C. Griffiths (Ed.), Lessons from good language learners (pp. 99–109). Cambridge University Press.
Bernhardt, E. B. (2011). Understanding advanced second-language reading. Routledge.
Grabe, W., & Stoller, F. L. (2011). Teaching and researching reading (2nd ed.). Routledge.
Nation, I. S. P. (2009). Teaching ESL/EFL reading and writing. Routledge.
Oxford, R. L. (1990). Language learning strategies: What every teacher should know. Heinle & Heinle.
Гальскова, Н. Д., и Гез, Н. И. (2006). Теория обучения иностранным языкам: Лингводидактика и методика. Москва: Академия.
Соловова, Е. Н. (2005). Методика обучения иностранным языкам: Базовый курс. Москва: АСТ.
Опубликован
Загрузки
Как цитировать
Выпуск
Раздел
Лицензия
Copyright (c) 2025 Дилноза Курбанбаева

Это произведение доступно по лицензии Creative Commons «Attribution» («Атрибуция») 4.0 Всемирная.