Значение психолингвистических особенностей в прагматической формации текстов

Авторы

  • Ферганский государственный университет
Значение психолингвистических особенностей в прагматической формации текстов

Аннотация

В статье показано, что язык является одним из самых эффективных средств выражения человеческих эмоций. Он обладает таким свойством, что «управляет» чувствами читателя – вызывает в его душе различные переживания и эмоции. В частности, художественный текст «воплощает в себе множество возможностей, таких как духовное вдохновение человека, вызывая у него слезы, смех, уводя его в мир воображения, погружать в размышления, формировать эстетическое мышление и учить смотреть на события глубже, по-другому». В психологической литературе подробно изложены сведения об изучении человеческих эмоций, выделяя такие виды, как аффект (сильные, но кратковременные эмоциональные реакции), эмоция (длительная и устойчивая эмоциональная реакция), настроение и стресс (сильное психическое потрясение). В статье также утверждается, что       язык (слова) выступает в роли вторичного сигнала, как говорил         известный психолог П.П. Павлов, «пробуждая» определённые точки в центральной нервной системе человека, то есть воссоздавая образы о словах, попадающих в ассоциативное поле. Этот процесс наиболее                   ярко проявляется в поэзии – одном из лирических жанров, основная цель которого – описание человеческих чувств, – описывается процесс осмысленного восприятия речевой структуры – интерпретация читателем незнакомого текста, нахождение скрытых идей.

Ключевые слова:

Текст прагматическая формация психолингвистические особенности процесс речевой коммуникации психолингвистический анализ текста говорящий адресат речевое высказывание субъект объект оценка основание эталон восклицательные слова прагматические задачи эмоциональная оценка среда общения модальность персонаж психическое состояние проекция текста

Kirish

Tabiiyki, badiiy adabiyot bu emotsiyalarning barcha turlarini ifodalash imkoniga ega. Psixolingvistikada o‘ziga xos yo‘nalish yaratgan V.P.Belyanin matnni psixolingvistik tahlil qilib, matnda ifodalangan emotsiya turlariga ko‘ra ularni 6 turga ajratadi: 1) yorug‘ matnlar; 2) qorong‘i matnlar; 3) qayg‘uli matnlar; 4) quvnoq matnlar; 5) chiroyli matnlar; 6) murakkab matnlar. V.P. Belyanin badiiy asarning psixolingvistik tahliliga bag‘ishlangan bu asarida hissiy-mazmuniy dominanta badiiy matn yaratilishida asosiy uyushtiruvchilik vazifasini bajarishi haqidagi fikrni ilgari surdi. V.P. Belyanin hissiy-mazmuniy dominanta terminiga “...muayyan shaxs tipi uchun xarakterli bo‘lgan hamda olam manzarasi va matnni metaforalashtirish va verballashtirish uchun psixik asos bo‘lib xizmat qiladigan kognitiv va emotiv etalonlar tizimidir”, deya ta’rif beradi. V.P. Belyanin        hissiy-mazmuniy dominanta haqidagi qarashida matnda ifodalangan muayyan vaziyatni shaxs aksentuatsiyasi bilan bog‘laydi.  O‘zbek badiiy prozasida ham insoniy hissiyotlar ifodasi berilgan matnlar ko‘plab uchraydi. Hissiyot ifodasi berilgan mikromatnlar badiiy asarlarda turli holatlar vositasida yuzaga keltiriladi (Lutfullaeva, 2010.) Ulardan asosiylari quyidagilardan iborat:

  1. Asar personajining kechinmalari uning nutqidan anglashiladi.
  2. Personajning ruhiy holati asar muallifi nutqi vositasida beriladi. Bunda muallif quyidagi usullardan foydalanadi:
  3. personajning ruhiy holatini bevosita bayon qiladi;
  4. personajning jismoniy xatti-harakatlarini tasvirlash orqali uning ruhiy holatiga ishora qiladi;
  5. tabiat tasviri orqali personajning ruhiy holatiga ishora qiladi.

Badiiy asarlarni kuzatish natijasida aytish mumkinki, ohang insonning affektiv holatini tasvirlashda eng aktual birlik sifatida namoyon bo‘ladi. Quyidagi mikromatnga e’tibor bering: Ikromjon hamon uning duch kelgan joyiga musht solardi. U mushtlardi-yu, allaqanday xunuk ovoz bilan baqirardi: – Onang qandoq xotin edi! Qandoq xotin edi! Nomard! Ona qabrga qo‘yilayotganda ko‘rib turib yoniga borolmagan, oqpadar! O‘z qo‘li bilan tuproqqa qo‘yishdan qochgan, yaramas! Onang qandoq xotin edi-ya! Sen juvonmargga qandoq mehr qo‘ygan edi-ya! Sen uni o‘ldirding! O‘zing o‘ldirib, yana o‘zing uni tuproqqa qo‘yganlarini tomosha qildingmi? Iflos! (S. Ahmad. «Ufq») Matnning muallif-matn-resipient uchligidan iborat mohiyatga ega ekanligi aynan shaxsning yuqoridagi kabi ruhiy larzaga tushgan holatini tasvirlovchi matnlarda namoyon bo‘ladi. Ma’lumki, shaxsning ruhiy holatini yozma matn muayyan darajada aks ettira olsa-da, uning og‘zaki nutqi orqali namoyon bo‘ladigan ohang tovlanishlarini to‘liq ko‘rsatishga qodir emas. Matnda tasvirlangan shaxs ruhiyati, uning yuragidagi kechinmalar xarakteri yuqoridagi kabi matnlarda, asosan, ohang orqali yuzaga chiqadi. Badiiy asarni o‘qish tajribasiga ega bo‘lgan o‘quvchi badiiy asar qahramoni nutqini, bu vaziyatda u qanday ohangda so‘zlashi lozim bo‘lsa, aynan shu ohangda o‘qiydi. Ohang orqali ifodalangan mazmunni his etmagan o‘quvchi uchun esa matn har qanday hissiyotdan mahrum oddiy gaplar tizmasidan iborat tuzilma bo‘lib qolaveradi. Ma’lumki, so‘zlar o‘z ma’nosi bilan inson ruhiyatiga ta’sir etish xususiyatiga ega. Inson so‘zlarning ma’nolari bilan birga obyektiv olamda o‘z sezgi a’zolari orqali his etgan ularga xos xususiyatlar haqidagi ma’lumotlarni ham xotirada saqlaydi. Shu sababli muayyan so‘z uni eshituvchi odam xotirasida muayyan assotsiatsiyalarni paydo qiladi. Agar matnda bir assotsiativ maydonga kiruvchi so‘zlar qo‘llangan bo‘lsa, ular o‘quvchi ruhiyatiga yanada kuchliroq ta’sir etadi. (Lutfullaeva, 2010).

Quyidagi matnga e’tibor bering: Unsin xuddi dadasidan katta hayitlik olib bozorboshiga ketayotgan yosh boladay chopqillab, qarshisidan esayotgan shamolga so‘z bermay, ba’zan irg‘ishlab borar edi; biroq go‘riston ko‘chasiga burilib, salobat bilan tebranayotgan qop-qora chinor ostida oqarishib turgan 28 sag‘analarni, belgisiz zulmatni ko‘rganda yuragi uvushdi-yu, zovur ko‘prigidan o‘tib, ikki qadam yurgancha to‘xtab qoldi. Dahshat uning yuragiga rahna soldi: Ganjiravon, ota-onasi, dugonalari xayolidan ko‘tarilib, ko‘z oldiga oppoq kafanga o‘ralib sag‘ana va go‘rlar atrofida yelib yurgan arvohlar keldi. Uning eti jivirlashib, sochi boshidagi ro‘molini bir qarich ko‘targanday bo‘ldi. Unsin beixtiyor bir qadam orqaga chekindi, lekin shu ondayoq xuddi o‘likdan qo‘rqmasligini birovga pisanda qilayotganday, baqirib: «O‘likning joni yo‘q, o‘likning joni yo‘q!»deb olg‘a intildi. Shu yugurganicha chinor ostidagi Onhazratim sag‘anasi oldida to‘xtadi; choynak bilan qumg‘onni oyog‘i ostiga qo‘ydi, paranji-chimmatini bir chekkaga tashladi, ichida: «Ko‘pi ketib ozi qoldi»,  deb suyundi. (A.Qahhor. «Dahshat» hikoyasi). Matndan ko‘rinadiki, uning tarkibida qo‘llangan go‘riston, sag‘ana, arvoh, kafan, o‘lik, go‘r, zulmat, qop-qora so‘zlari hikoya personaji – Unsinning yuragidagi benihoya kuchli dahshatni ifodalashi bilan birga, o‘quvchida ham qo‘rquv hislarini paydo qiladi. O‘quvchi go‘yoki Unsin bilan birga «qop-qora chinor ostida oqarishib turgan sag‘analarni, belgisiz zulmatni» ko‘rgandek «yuragi uvushadi». Bu yerda til (so‘zlar) mashhur ruhshunos P.Pavlov aytganidek, ikkinchi signal vazifasini bajarib, insonning markaziy asab tizimidagi ma’lum nuqtalarni «uyg‘otadi», ya’ni assotsiativ maydonga kiruvchi so‘zlar haqidagi obrazlarni qayta tiklaydi. Bu jarayon inson tuyg‘ularini tasvirlash bosh maqsadi bo‘lgan lirik tur janrlaridan biri bo‘lgan she’rda yanada yorqinroq namoyon bo‘ladi. Turli she’rlarni mutolaa qilganimizda bizda turli kayfiyatning paydo bo‘lishiga eng avvalo uning ohangi va assotsiativ so‘zlar paydo etuvchi reaksiya sabab bo‘ladi. O‘quvchi she’rni o‘qish jarayonida unda ifodalangan mazmunni anglash barobarida she’r ohangi                 va assotsiativ so‘zlar ta’sirini ham his qilib boradi. Nutqiy tuzilmani mazmuniy idrok etish jarayoni – o‘quvchining begona matnni talqin qilishi, undagi obyektiv mazmunni anglashi, yashirin g‘oyalarni topishi, binobarin, muallif matni asosida o‘zining variantini yaratishi demakdir. Ma’lumki, nutq yaratilishi bilan shug‘ullangan ko‘plab olimlar nutq hosil bo‘lishida oraliq bosqich borligini e’tirof etganlar. Bu bosqichda nutq mazmuni bilan birga uning pragmatik xususiyatlari ham aks etadi. Bizningcha, tushunish faoliyatini ham bosqichli jarayon sifatida qabul qilish lozim. Dastlabki bosqich tayanch tushunchalarni ajratish bilan bog‘liq bo‘lsa, oxirgi bosqichda, albatta, mazmun yaxlit tuzilma ko‘rinishini olishi zarur.

Xuddi nutq yaratilishida bo‘lgani kabi, tushunish jarayonida ham oraliq bosqich mavjud bo‘lib, unda o‘quvchi matnning verbal tuzilishida ifodalanmagan qo‘shimcha ma’lumotlarni tiklaydi. Mazmunni qayta shakllantirish va tushunish uchun lozim       bo‘lgan qo‘shimcha ma’lumotlarni matnni idrok etuvchi shaxs o‘z xususiy bilim zahirasidan izlaydi.

Psixolingvistik adabiyotlarda resipientning roli matn proeksiyasiga qarab belgilanadi. Hosil bo‘lgan matn proeksiyasi xarakteriga ko‘ra V.P.Belyanin o‘quvchilarni ikki turga ajratadi:

  1. Matn proeksiyasi muallif proeksiyasiga maksimal yaqin bo‘lgan o‘quvchilar.
  2. Muallif matni asosida o‘z proeksiyasini yaratadigan o‘quvchilar. V.P. Belyanin fikriga ko‘ra, matnni qabul qilish quyidagi bosqichlarni o‘z ichiga oladi:
  3. gaplar mazmunini anglash;
  4. gap mazmunini anglash bilan bir vaqtda matnning umumiy mazmunini tushuna borish;
  5. o‘quvchi ongida matn proeksiyasining paydo bo‘lishi. Bunda psixolingvistlar tomonidan tushunishning turli darajalari farqlanadi. Masalan, S.A. Vasilev tushunishni uch bosqichga ajratadi:
  6. Tarjima. 2. Sharh. 3. Talqin .

Ko‘plab tadqiqotchilarning fikriga ko‘ra, o‘quvchi psixologik jihatdan muallifga qanchalik yaqin bo‘lsa, matnni tushunishi shu darajada yuqori bo‘ladi. Bu jarayonda resipientning hissiy, aqliy, ijtimoiy tajribasi katta ahamiyat kasb etadi. Resipient o‘zi o‘qiyotgan matndagi axborotni qayta ishlashi, matn mazmunini umumlashtirishi kerak bo‘ladi. Bunda uning jinsi, yoshi, bilimi, qiziqish doirasi, kayfiyati kabi omillar muhim o‘rin tutadi. Tadqiqot davomida olib borilgan ishlar asosida o‘tkazilgan tajribaga ko‘ra quyidagi xulosalarga kelindi:

  1. Resipient mutolaa jarayonida matnning eng muhim o‘rinlarinigina eslab qoladi.
  2. Agar matnda voqealarning xronologik tartibi buzilgan bo‘lsa, so‘zlash jarayonida resipient uni tartibga solgan holda aytib beradi.
  3. Resipient ko‘p hollarda matnni so‘zlash davomida asar personajlari haqidagi o‘z subyektiv munosabatini bildirib o‘tadi.
  4. Matn mazmuni metaforik xarakterda bo‘lsa, resipient uni o‘z qarashlaridan kelib chiqib talqin qiladi. Metaforik mazmunli matnlar turli o‘quvchilarda turli assotsiatsiyalarni hosil qilishi mumkin.
  5. Resipient asar mazmunini so‘zlash davomida undagi voqealarga o‘z munosabatini ham bildirib o‘tadi.
  6. Resipient matn mazmunini so‘zlash davomida unga qo‘shimcha axborot qo‘shishi mumkin. Uchinchi bobning uchinchi bo‘limidan «Matn idrokida assotsiativ tafakkurning o‘rni» xususidagi kuzatishlar o‘rin olgan. Ma’lumki, fanda assotsiatsiya (lotincha associate – birlashish; o‘zaro aloqa)ga tafakkur jarayonida psixika elementlari o‘rtasida sodir bo‘luvchi aloqa sifatida qaraladi. Bu shunday aloqa turi hisoblanadiki, bir elementning yuzaga kelishi xotirada u bilan bog‘liq boshqa bir element obrazining paydo bo‘lishiga olib keladi. Boshqacha aytganda, assotsiatsiya alohida olingan predmet, voqea-hodisa, faktlar aloqasining inson xotirasida aks etishi va saqlanishidir. Psixologiyaga doir adabiyotlarda assotsiativ tafakkurning quyidagi turlari farqlanadi:
  7. joylashish o‘rniga asoslangan assotsiatsiya;
  8. o‘xshatishga asoslangan assotsiatsiya;
  9. zidlikka asoslangan assotsiatsiya.

Demak, assotsiativ tafakkurning matn pragmatikasiga katta ta’siri mavjud. Insonda yuz bergan  assotsiativ holat uning til qurilishida aks etib, pragmatik o‘zgarishlarga olib keladi.

Pretsedent birliklar til tizimini tadqiq etishning yetakchi yo‘nalishlaridan biri bo‘lgan lingvokulturologiyaning asosiy o‘rganish obyektlaridan biri hisoblanadi. Mazkur birliklarga bag‘ishlangan tadqiqotlarda qayd etilishicha, pretsedent termini tilshunoslikda birinchi marta Yu.N. Karaulov tomonidan qo‘llangan. Rus tilshunosligida muayyan til sohiblariga yaxshi tanish bo‘lgan va ularning lisoniy xotirasida saqlanadigan, nutqiy faoliyatda qayta-qayta murojaat qilinadigan shaxs nomlari, barqaror so‘z birikmalari, jumlalar hamda matnlar pretsedent birliklar sifatida qayd etiladi (Sharifian, 2011). Ye.A. Naximova pretsedent fenomenlarni xalqning milliy ongida saqlanuvchi tizim sifatida baholaydi. Pretsedentlik intertekstuallik tushunchasi bilan bog‘liq, aniqrog‘i, uning ichiga kiruvchi hodisadir. Badiiy matnda intertekstuallik hodisasini batafsil tadqiq etgan M. Yo‘ldoshev unga shunday ta’rif beradi: «Muayyan badiiy matn tarkibida o‘zga matnlarga daxldor unsurlarning mavjudligi shu matnning intertekstualligidir». Ayrim tadqiqotlarda pretsedentlik intertekstuallikning bir turi sifatida qayd etilgan. Biz ham ushbu fikrni ma’qullaymiz. (Safarov, 2008). Pretsedentlik intertekstuallikning namoyon bo‘lish shakllaridan biri bo‘lib, til sohiblarining asosiy qatlamiga yaxshi tanish ekanligi, nutqda qayta-qayta qo‘llanishi bilan xarakterlanadi. Masalan, o‘zbeklarda dafndan so‘ng «Marhum qanday odam edi?» deb so‘rash odat tusiga kirgan. O‘.Hoshimov ushbu pretsedent jumla asosida quyidagi matnni yaratgan: Umrida birovga yaxshilik qilmagan aksincha, hammaning dilini og‘ritgan battol bir odam bandalikni bajo keltiribdi. Odatdagi savol o‘rtaga tushibdi. – Falonchi qanday odam edi? Hech kimdan sado chiqmabdi. Savol tag‘in takrorlanibdi: – Birodarlar, falonchi qanaqa odam edi? Yana uzoq sukunat cho‘kibdi. Nihoyat, shu mahallada yashaydigan tish do‘xtiri o‘rtaga chiqibdi. – Hamma tishlari       butun edi, - debdi... O‘zbekning g‘alati donishmandligi bor (O‘. Hoshimov, «Taomil»). Matndan ko‘rinadiki, Yaxshi odam edi o‘rnida qo‘llangan Hamma tishlari butun edi jumlasi orqali yozuvchi o‘zbek xalqi mentalitetining bir qirrasini ochib bera olgan. Zamonaviy tadqiqotlarda o‘xshatishlarning lingvokulturologik hamda etnolingvistik jihatlariga katta e’tibor berilmoqda. «Lingvokulturologiya» kitobining muallifi           V.A. Maslova o‘xshatishlarda muayyan xalqning milliy dunyoqarashi aks etishini ta’kidlab, bu fikrini rus, belorus va qirg‘iz tilida qo‘llanuvchi o‘xshatish qurilmalari tahlili asosida dalillaydi. V.A. Maslova, shuningdek, muayyan xalqning obrazli tafakkur tarzi xususan o‘sha xalq tilida qo‘llanuvchi o‘xshatishlarda ham yaqqol namoyon bo‘lishini ta’kidlaydi. Olimaning bu fikrini o‘zbek tilidagi turg‘un o‘xshatishlar ham tasdiqlaydi.(Farzad Sharifian, 2011.)

 «O‘zbek tili o‘xshatishlarining izohli lug‘ati» uchun yig‘ilgan materiallar shundan dalolat beradiki, xalqning muayyan predmet, belgi, harakat-holatga munosabati, assotsiativ fikrlash tarzi o‘xshatishlarda ham namoyon bo‘ladi. Jumladan, buni o‘zbek tilidagi inson haqidagi o‘xshatishlarda ham ko‘rish mumkin. O‘zbek tilidagi insonga doir o‘xshatishlar 8 ta ma’noviy guruhni tashkil etib, ularda hayvon, o‘simlik, meva nomlarini bildiruvchi so‘zlar etalon sifatida ko‘p qo‘llanganligi ona            tilimizda muloqot qiluvchi til sohiblarining etnopsixolingvistik xususiyatlarini namoyon qiladi. O‘xshatish, jonlantirish asosidagi matnlarning matn yaratilishidagi o‘rni tahlil etilishi va ularning til sohiblari lisoniy xotirasida saqlanuvchi pretsedent shakllari aniqlanishi maqsadga muvofiq. Lingvokulturologik yondashuvlarga ko‘ra, matn – muayyan xalqning madaniy qadriyatlarini, milliy-mental fikrlash tarzini namoyon etuvchi lingvomadaniy birlikdir. Xususan, pretsedent birliklar madaniy kodlarni avloddan avlodga olib o‘tuvchi vosita sifatida namoyon bo‘ladi. Tarkibida o‘xshatishlar, metaforalar, maqol va frazeologik birliklar, nutqiy etiketlar bo‘lgan matnlar o‘zida milliy-madaniy qadriyatlarni tajassum etgan lisoniy-madaniy fenomen sifatida qayd etiladi. O‘zbek yozuvchilari tomonidan yaratilgan nasriy asarlarda tasavvurga asoslangan matnlarni ham uchratish mumkin. Tasavvur asosida yaratilgan matnlarga xos xususiyat shundan iboratki, ularda tasvirlangan voqelik obyektiv reallikka muvofiq kelmaydi (Safarov, 2008). Bu kabi matnlar tarkibidagi propozitsiyalar matn tuzuvchining tasavvuri va fantaziyasi asosida yaratilgan vaziyatlarni ifodalab, matn makropropozitsiyasi yuzaga kelishida «muallif referensiyasi» ustunlik qiladi. Masalan: Shoir daricha yonida, shamga yaqin o‘tirib, qalamini qog‘ozlar betida qitirlatdi.            Ikki til – o‘zbek va forsi tillari – ikki pahlavon. Ular goh mantiqning gurzisini ko‘taradilar, goh husn va salobatlarini namoyish qiladilar, goh qo‘yinlaridan dur va gavharlarni hovuchlab-hovuchlab sochadilar. Bu ajoyib, bemisl kurashni tamosho qilg‘ali Firdavsiydan boshlab mavlono Jomiyga qadar hamma ulug‘ fors shoirlari kelgan edilar. Har qaysilari o‘z obro‘larining yuksak poyasida yarqirab o‘tirardilar (Oybek, «Navoiy»).

Xulosa qilib aytganda, matn tahliliga antropotsentrik nuqtai nazardan yondashish bugungi tilshunoslikning yetakchi yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Jahon  tilshunosligida matnni shaxs omili bilan bog‘lab tadqiq etish, asosan, kognitiv, psixolingvistik         va lingvokulturologik aspektdagi ishlarda ko‘zga tashlanadi. Kognitiv nuqtai nazarga ko‘ra, matn – mental tuzilmaning tilga transformatsiyasi bo‘lib, butundan qismga qarab harakatlanuvchi yaxlit tuzilmaning verbal ko‘rinishidir. Kognitiv yondashuv matn yaratilishini «muallif – matn – matndan tashqaridagi voqelik» tamoyili asosida tahlil etishni taqozo etadi. Diskursiv tahlilga oid nazariy qarashlarda yaxlit nutqiy tuzilmani tushunish – o‘quvchining muallif matni            asosida «o‘z matni»ni yaratishi sifatida izohlanib, bunda nutqiy tuzilma yaratish kodlashtirish jarayoni, uni tushunish esa dekodlash jarayoni hisoblanadi. Muallif matni asosida o‘quvchi lisoniy tafakkurida qayta yaratilgan matn makroqoidalarga ko‘ra yuzaga keltiriladi, ya’ni o‘quvchi matn qismlari mazmunini alohida-alohida emas, umumiy, yaxlit tarzda qabul qiladi. Bunda o‘quvchi ongida matn qismlarining global mazmuni qayta tiklanadi.  Matn orqali ifodalangan konsept verbal bosqichda predmet va hodisalar munosabatini aks ettiruvchi tipik vaziyatlar haqidagi axborot sifatida namoyon bo‘ladi. Badiiy asarlarda matn vositasida ifodalangan konsept, asosan, individual badiiy konsept sifatida namoyon bo‘lib, muayyan tushuncha haqidagi tasavvurga muvofiq keladi. Bunda matn makrotuzilmasida tavsiflanayotgan konseptning matn muallifi uchun ahamiyatli bo‘lgan biror jihati o‘z ifodasini topadi. Matn vositasida ifodalangan konsept o‘zbek tilida, asosan, tavsifiy xarakterdagi, shuningdek, shaxsning muayyan ruhiy holati ifodalangan va mavjudlikni tasdiqlash mazmunidagi matnlarda namoyon bo‘ladi.

Xulosa qilib aytganda, matnda aks etgan har qanday holat pragmatik tuzilish va uning o‘zgarishi bilan amalga oshar ekan, shaxsning muayyan holati til qurilishini yangi bosqichga ko‘taradi va inson til sohibi sifatida yangiliklar yarata oladi.

Библиографические ссылки

Kordi, Ye.Ye. (1988). Modalnye i kauzativnye glagoly v sovremennom frantsuzskom yazyke (p. 13). Leningrad: Nauka.

Lutfullaeva, D., & Boboxonov, L. (2010). Undov so‘zlarning pragmatik xususiyati. In G‘. G‘. Adabiy ta’lim va yoshlar tarbiyasi (pp. 106–108). Toshkent: TDPU.

Qo‘ng‘urov, R. (1980). Subyektiv baho formalarining semantik va stilistik xususiyatlari (p. 42). Toshkent: Fan.

Safarov, Sh. (2008). Pragmalingvistika (pp. 184–185). Toshkent: O‘zbekiston Milliy ensiklopediyasi.

Sharifian, F. (2011). Cultural conceptualisations and language (p. 176). Amsterdam & Philadelphia: John Benjamins.

Sharifian, F. (2011). Cultural conceptualisations and language (p. 168). Amsterdam & Philadelphia: John Benjamins.

Опубликован

Загрузки

Биография автора

Садбархон Нурматова,
Ферганский государственный университет

Преподаватель кафедры социальных наук заочного отделения

Как цитировать

Нурматова, С. (2025). Значение психолингвистических особенностей в прагматической формации текстов. Лингвоспектр, 9(1), 55–61. извлечено от https://lingvospektr.uz/index.php/lngsp/article/view/1023

Похожие статьи

1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 > >> 

Вы также можете начать расширеннвй поиск похожих статей для этой статьи.