Формирование современных дипломатических терминов и их адаптация в национальные языки

Авторы

  • Узбекский государственный университет мировых языков
Формирование современных дипломатических терминов и их адаптация в национальные языки

Аннотация

Система дипломатических терминов представляет собой сложное и многослойное явление, которое занимает важное место как один из основных источников лексического обогащения языка. Благодаря тесной взаимосвязи дипломатии с различными общественными сферами – международным правом, политикой, культурой и экономикой – терминология данной области постоянно развивается и обновляется. Поэтому современная дипломатическая терминология формируется как самостоятельная семантическая система в языке международного общения, образуя значимый лингвистический пласт, обеспечивающий точность и эффективность межгосударственной коммуникации. В данной статье рассматриваются вопросы формирования современных дипломатических терминов и их адаптации в национальные языки, в частности, в узбекский язык, с точки зрения лингвистики и переводоведения. В исследовании освещаются этапы формирования дипломатической терминологии в международной системе, а также её морфологические и семантические особенности и механизмы заимствования из испанского языка в узбекский. На примере таких терминов, как embajada, nota verbal, asilo político, acuerdo marco, reunión bilateral, анализируются процессы фонетической, семантической и функциональной адаптации. Автор подчёркивает важность сохранения эквивалентности, нейтральности и культурного контекста при переводе дипломатических терминов. В исследовании применяются сравнительный, описательный и контекстуальный методы анализа. Научная новизна работы заключается в том, что испаноязычные дипломатические термины, заимствованные в узбекский язык, впервые изучаются в комплексе с лингвистической и прагматической точек зрения. Полученные результаты имеют практическое значение для дальнейшего изучения дипломатического языка, переводоведения и культуры международного общения.

Ключевые слова:

Термины дипломатические термины культура коммуникация политика лингвистика заимствование

XXI asrda globallashuv jarayonlarining jadallashuvi natijasida diplomatik munosabatlar xalqaro hamkorlikning eng muhim yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Diplomatik muloqotning samaradorligi ko‘p jihatdan unda qo‘llaniladigan til vositalarining aniqligi, neytralligi va normativligi bilan belgilanadi. Shu nuqtayi nazardan, diplomatik terminologiya nafaqat siyosiy va huquqiy tushunchalarni ifodalovchi vosita, balki davlatlararo kommunikatsiyaning madaniy-me’yoriy ko‘rinishi sifatida ham alohida o‘rin tutadi.

Diplomatik terminlar – bu xalqaro huquq, tashqi siyosat, elchilik amaliyoti va xalqaro tashkilotlar faoliyatiga oid tushunchalarni ifodalovchi leksik birliklardir. Ularning shakllanish jarayoni tarixan turli tillarning o‘zaro ta’siri, siyosiy tizimlarning o‘zgarishi va xalqaro hujjatlar tili bilan chambarchas bog‘liq. Bugungi kunda diplomatik atamalar asosan ingliz, fransuz va ispan tillaridan keng o‘zlashmoqda. Masalan, ispan tilidagi nota verbal, embajador, asilo político, reunión bilateral, acuerdo marco kabi terminlar ko‘plab milliy tillarga, jumladan, o‘zbek tiliga ham kirib kelmoqda.

Mavzuning dolzarbligi shundan iboratki, zamonaviy diplomatik leksika xalqaro siyosiy diskursda tez o‘zgarib, yangi ma’no qirralarini kasb etmoqda. Shu bois ularning milliy tillarga o‘zlashish mexanizmlarini o‘rganish tilshunoslik, tarjimashunoslik va diplomatik amaliyot nuqtayi nazaridan muhim ahamiyat kasb etadi.

Mazkur maqolaning maqsadi – zamonaviy diplomatik terminlarning shakllanish manbalarini aniqlash, ularning ispan tilidan o‘zbek tiliga o‘zlashish jarayonini tahlil qilish hamda tarjima jarayonida yuzaga keladigan ekvivalentlik muammolarini yoritishdan iborat.

Tadqiqotning, ya‘ni maqolaning bir qator vazifalarini ko’rib chiqamiz, ular quyidagilardan iborat: diplomatik terminlarning lingvistik va ijtimoiy asoslarini aniqlash; ispan tilidagi diplomatik terminlarning semantik tahlilini berish; o‘zbek tilidagi o‘zlashgan shakllarini qiyoslash; diplomatik terminlarning tarjima muammolarini o‘rganish.

Ishning ilmiy yangiligi shundaki, maqolada ispan tilidagi diplomatik terminlarning o‘zbek tiliga o‘zlashish jarayoni ilk bor lingvistik va tarjimashunoslik nuqtayi nazardan kompleks tarzda tahlil qilinadi. Shuningdek, terminlarning morfologik, semantik va funksional moslashuvi bo‘yicha amaliy misollar keltiriladi.

Maqolada taqqoslama, deskriptiv va kontekstual tahlil metodlari qo‘llaniladi. Maqola natijalari diplomatik til, tarjima amaliyoti va til o‘qitish metodikasi sohalarida qo‘llanishi mumkin.

Diplomatik terminologiya masalasi lingvistika, tarjimashunoslik va xalqaro huquq sohalarining kesishgan nuqtasida o‘rganiladi. Zamonaviy ilmiy adabiyotlarda bu tushuncha turli jihatlardan talqin etilgan. Masalan, ingliz olimi Piter Nyumark (Newmark, 1988) diplomatik tilni “neytral, aniq va rasmiy uslubning eng yuqori shakli” deb ta’riflaydi va tarjimada so‘z tanlashda “minimal ekspressivlik va maksimal aniqlik” tamoyiliga amal qilishni zarur deb biladi.

Tilshunos A.V. Superanskaya (2003) terminlarni ijtimoiy sohalar bilan bog‘liq holda ko‘rib, diplomatik terminlar “xalqaro siyosiy faoliyat jarayonida vujudga keladigan barqaror nominativ birliklar” ekanini ta’kidlaydi. Unga ko‘ra, har bir diplomatik termin o‘z kontekstida qat’iy semantik chegaraga ega bo‘lishi lozim.

Rossiyalik olim V.N. Komissarov (1990) esa diplomatik tilni tarjima nuqtayi nazaridan tahlil qilib, “diplomatik diskursdagi terminologik aniqlik millatlararo totuvlik uchun xizmat qiladi” degan fikrni ilgari suradi. U tarjimada ekvivalentlikning to‘rtta darajasini farqlaydi: leksik, semantik, pragmatik va stilistik. Bu tamoyillar diplomatik matn tarjimasida ayniqsa muhim, chunki birgina so‘z noto‘g‘ri tanlansa, butun diplomatik ohang buzilishi mumkin.

O‘zbek tilshunosligida ham bu masala bir necha yo‘nalishda o‘rganilgan. Sh. Mirzayev (2021) o‘z tadqiqotida o‘zbek diplomatik terminologiyasining shakllanish jarayonini tahlil qilib, “o‘zbek tili diplomatik leksik tizimi asosan rus va ingliz tillari orqali boyigan, biroq to‘g‘ridan-to‘g‘ri ispancha va fransuzcha o‘zlashmalar ham uchraydi”, deya qayd etadi. G‘. Jo‘rayev (2018) esa diplomatik matn tarjimasida sinonimiya va neytrallik muammosini o‘rganib, “har bir diplomatik termin faqat rasmiy kontekstda o‘z ma’nosini to‘liq namoyon etadi”, deydi.

Shuningdek, ispan tilshunosi J. Alcaraz Varó (2007) diplomatik ispan tili leksikasini maxsus qatlam sifatida tahlil qilib, “ispan diplomatik terminologiyasi lotin, fransuz va ingliz tillarining tarixiy qatlamlariga tayangan holda shakllangan” deb ta’kidlaydi. Unga ko‘ra, embajada, protocolo, negociación, asilo político kabi terminlar zamonaviy ispan tilida o‘z semantik mustaqilligini saqlab qolgan, ammo ularning xalqaro ekvivalentlari bilan fonetik yaqinligi ularni boshqa tillarga oson o‘zlashuvchi qiladi.

Diplomatik terminlarning shakllanishida uch asosiy yo‘nalish kuzatiladi:

  1. Transliteratsiya yo‘li bilan o‘zlashuv – xorijiy termin fonetik shaklda qabul qilinadi (memorándum, visita oficial, embajada).
  2. Kalka yo‘li bilan o‘zlashuv – termin tarkibiy qismlari tarjima qilinadi (nota verbalog‘zaki nota, reunión bilateralikki tomonlama uchrashuv).
  3. Semantik moslashuv – mavjud so‘zga yangi diplomatik ma’no yuklanadi (protokol → rasmiy marosim qoidalari).

Tilshunos L. Venuti (2012) tarjimada madaniy ekvivalentlikni muhokama qilib, “diplomatik matn tarjimoni so‘zlarni emas, madaniy kontekstni tarjima qiladi” deya ta’kidlaydi. Bu fikr o‘zbek tiliga diplomatik terminlarni o‘zlashtirish jarayoniga ham to‘liq tatbiq etiladi, chunki har bir termin milliy siyosiy-madaniy muhitda qayta talqin qilinadi.

Masalan, ispan tilidagi asilo político termini o‘zbek tiliga “siyosiy boshpana” deb o‘zlashgan, ammo u xalqaro huquqiy kontekstda “diplomatik boshpana” ma’nosida ham ishlatiladi. Shu kabi nota verbal iborasi ham “og‘zaki nota” deb tarjima qilinsa-da, aslida bu diplomatik yozma hujjatdir – ya’ni so‘zma-so‘z tarjima semantik nomuvofiqlik tug‘diradi.

Demak, diplomatik terminlarning shakllanishi va milliy tillarga o‘zlashuvi jarayonida lingvistik omillar bilan bir qatorda pragmatik va madaniy omillar ham hal qiluvchi rol o‘ynaydi. Diplomatik terminlarning milliy til tizimiga kirib borishi tilni boyitadi, biroq ularni normativlash va yagona ekvivalentlar tizimini yaratish ilmiy masala sifatida hanuz dolzarbligini saqlab turibdi.

A.A. Shaxmatovning fikricha, Diplomatik terminlarning shakllanishi ko‘p qatlamli jarayon bo‘lib, u tilning leksik boyish manbalaridan biri hisoblanadi. Diplomatiya, avvalo, xalqaro huquq, siyosat, madaniyat va iqtisodiyot kabi ko‘plab sohalar bilan bevosita bog‘liq bo‘lgani sababli, ushbu soha terminlari doimo dinamik o‘zgarishda bo‘ladi. Shu bois zamonaviy diplomatik terminologiya xalqaro kommunikatsiyada o‘ziga xos semantik tizimni tashkil etadi.

Tilshunoslar fikricha, diplomatik terminlar asosan uchta manbadan shakllanadi:

  1. xalqaro huquq tizimi asosidagi universal terminlar;
  2. milliy diplomatik amaliyotda shakllangan o‘ziga xos birliklar;
  3. boshqa tillardan o‘zlashgan terminlar.

Ispan tili bu borada alohida o‘ringa ega, chunki u Birlashgan Millatlar Tashkilotining rasmiy tillaridan biri hisoblanadi. Shu sababli ispancha diplomatik atamalar ko‘plab tillarga, jumladan o‘zbek tiliga ham bevosita yoki rus tili orqali o‘zlashgan. Masalan, embajador (elchi), embajada (elchixona), nota verbal (og‘zaki nota), asilo político (siyosiy boshpana), reunión bilateral (ikki tomonlama uchrashuv), protocolo diplomático (diplomatik protokol) kabi terminlar bugungi kunda xalqaro hujjatlar va OAV matnlarida faol qo‘llanmoqda.

O‘zbek tilida diplomatik terminlarning shakllanishi tarixan rus tili orqali amalga oshgan. Biroq so‘nggi yillarda ingliz, fransuz va ispan tillaridan to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘zlashuv holatlari ham ko‘paymoqda. Bunda terminlarning semantik moslashuvi, ya’ni milliy til tizimiga ma’no jihatdan moslashish jarayoni muhim rol o‘ynaydi. Masalan, nota verbal iborasi o‘zbek tiliga “og‘zaki nota” shaklida kirgan bo‘lsa-da, u aslida rasmiy yozma hujjatni bildiradi. Shu kabi semantik tafovutlar tarjimada aniqlik talab qiladi.

Diplomatik terminlarning milliy tilga o‘zlashuvi ko‘p bosqichli:

  • avvalo, termin xorijiy til tizimida qo‘llaniladi;
  • so‘ng u tarjima yoki transliteratsiya orqali milliy tilga kiradi;
  • keyinchalik, huquqiy va diplomatik amaliyotda mustahkamlanadi;
  • nihoyat, keng omma leksikasiga o‘tadi.

Masalan, ispancha asilo político termini dastlab xalqaro huquq terminologiyasi orqali o‘zbek tiliga kirgan, keyinchalik siyosiy va jurnalistik matnlarda faol qo‘llanila boshlagan.

Diplomatik terminlarning shakllanishida morfologik va sintaktik moslashuv ham muhim. Ispan tilidagi terminlar ko‘pincha ikki yoki undan ortiq so‘zli birikmalar shaklida bo‘ladi: acuerdo marco (asosiy kelishuv), negociaciones multilaterales (ko‘p tomonlama muzokaralar), relaciones exteriores (tashqi aloqalar). O‘zbek tilida bunday birikmalar odatda so‘z birikmasi shaklida to‘liq tarjima qilinadi, ammo ayrim hollarda qisqartma yoki kalka yo‘li bilan o‘zlashadi (memorándum de entendimiento – “o‘zaro anglashuv memorandumi”).

Tarjima jarayonida diplomatik terminlar bilan ishlashda ekvivalentlik masalasi eng muhim nazariy va amaliy muammolardan biridir. Har bir termin ma’lum siyosiy-kontekstual yuklama kasb etgani bois, ularni so‘zma-so‘z tarjima qilish diplomatik neytrallikni buzishi mumkin. Shu bois tarjimon “formal ekvivalentlik”dan ko‘ra “funksional ekvivalentlik”ni afzal ko‘radi. Masalan, comunicado conjunto terminini “qo‘shma bayonot” shaklida tarjima qilish mazmunni to‘liq beradi, holbuki “birgalikda e’lon qilingan xabar” varianti grammatik jihatdan to‘g‘ri bo‘lsa-da, diplomatik uslubga mos emas.

Diplomatik terminlarning o‘zbek tiliga o‘zlashuvi, umuman olganda, milliy terminologiya tizimini boyitmoqda. Shu bilan birga, yangi terminlarning paydo bo‘lishi ularni standartlashtirish, yagona atamalar bazasini yaratish zaruratini ham tug‘dirmoqda. Bu esa tilshunos va diplomatik tarjimonlar oldiga yangi ilmiy-amaliy vazifalarni qo‘yadi.

Yuqoridagi tahlillar shuni ko‘rsatadiki, zamonaviy diplomatik terminologiya xalqaro til tizimining eng faol rivojlanayotgan qatlamlaridan biridir. U faqat lingvistik emas, balki siyosiy, huquqiy va madaniy omillar bilan chambarchas bog‘liq bo‘lib, davlatlararo munosabatlarda kommunikativ aniqlik va neytrallikni ta’minlaydi.

D.Xaydarovaning fikricha, diplomatik terminlarning shakllanish jarayoni ko‘p manbali bo‘lib, u tarixan lotin, fransuz, ingliz va ispan tillari asosida rivojlangan. Ispan tili esa o‘zining tarixiy va xalqaro mavqeiga ko‘ra, bugungi diplomatik leksikaning muhim manbalaridan biri hisoblanadi. Embajada, nota verbal, asilo político, acuerdo marco, protocolo diplomático kabi terminlar xalqaro hujjatlar orqali ko‘plab tillarga, jumladan, o‘zbek tiliga ham o‘zlashgan.

O‘zbek tilida diplomatik terminlarning shakllanishi dastlab rus tili vositachiligida amalga oshgan bo‘lsa-da, so‘nggi yillarda to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘zlashuv holatlari ham ortmoqda. Bu holat o‘zbek tilining xalqaro maydondagi kommunikativ salohiyati ortib borayotganidan dalolat beradi. Shu bilan birga, o‘zlashgan terminlar milliy til tizimiga semantik, morfologik va uslubiy jihatdan moslashib, til boyligini kengaytiradi.

Diplomatik terminlarni tarjima qilishda ekvivalentlik, neytrallik va madaniy kontekst muvozanatini saqlash muhimdir. Chunki har bir diplomatik birlik ma’lum pragmatik yuklama va siyosiy ohangga ega. Shu bois tarjimonlar formal emas, balki funksional ekvivalentlik tamoyiliga tayanishi lozim.

Mazkur maqolamizdagi tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatadiki: diplomatik terminlarning o‘zlashuvi jarayonida fonetik va semantik moslashuv muhim o‘rin tutadi; ispan tilidan kirib kelayotgan terminlar xalqaro diplomatik diskursda universal xususiyat kasb etmoqda; o‘zbek tilida diplomatik terminlarni tizimlashtirish, izohli va ikki tilli lug‘atlar tuzish zarurati ortib bormoqda; kelgusida diplomatik til va tarjima amaliyotini integratsiyalashgan holda o‘rganish dolzarb ilmiy yo‘nalish sifatida qaralishi kerak.

Xulosa qilib aytganda, zamonaviy diplomatik terminlarning shakllanishi va ularning milliy tillarga o‘zlashuvi jarayoni til taraqqiyotining muhim ko‘rsatkichidir. Bu jarayon milliy terminologiya tizimini boyitish bilan birga, xalqaro muloqot madaniyatini ham yangi bosqichga ko‘taradi. Shu bois diplomatik terminlarni chuqur o‘rganish, ularni normativ jihatdan mustahkamlash va tarjima standartlarini ishlab chiqish nafaqat tilshunoslik, balki xalqaro diplomatik amaliyot uchun ham ilmiy-amaliy ahamiyatga ega.

Библиографические ссылки

Alcaraz Varó, J., & Hughes, B. (2007). El inglés jurídico y diplomático. Madrid: Alianza Editorial.

Komissarov, V. N. (1990). Teoriya perevoda (lingvisticheskiye aspekty). Moskva: Vysshaya shkola.

Mirzayev, Sh. (2021). O‘zbek diplomatik terminologiyasining shakllanishi va rivojlanish bosqichlari. Toshkent: Fan nashriyoti.

Newmark, P. (1988). A Textbook of Translation. Oxford: Pergamon Press.

Superanskaya, A. V. (2003). Obshchaya terminologiya: Voprosy teorii. Moskva: Nauka.

Venuti, L. (2012). The Translator’s Invisibility: A History of Translation. London: Routledge.

Жўраев, Ғ. (2018). Diplomatik matn tarjimasida sinonimiya va neytrallik muammolari. Тошкент: Университет нашриёти.

Хайдарова, Д. З., Идальго, Р., & Марсела, Р. (2025). ИСТОРИЯ ВОЗНИКНОВЕНИЯ И РАЗВИТИЯ ДИПЛОМАТИЧЕСКОЙ ТЕРМИНОЛОГИЧЕСКОЙ СИСТЕМЫ ИСПАНСКОГО ЯЗЫКА. Журнал гуманитарных и естественных наук, (19 [1]), 170-178.

Опубликован

Загрузки

Биография автора

Дилафруз Хайдарова,
Узбекский государственный университет мировых языков

Старший преподаватель

Как цитировать

Хайдарова, Д. (2025). Формирование современных дипломатических терминов и их адаптация в национальные языки. Лингвоспектр, 11(1), 5–10. извлечено от https://lingvospektr.uz/index.php/lngsp/article/view/1133

Похожие статьи

<< < 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 > >> 

Вы также можете начать расширеннвй поиск похожих статей для этой статьи.