Развитие навыков аудирования в обучении узбекскому языку как иностранному

Авторы

  • Университет Альфраганус
Развитие навыков аудирования в обучении узбекскому языку как иностранному

Аннотация

В процессе обучения иностранному языку формирование и развитие каждого вида речевой деятельности требует своеобразных методических подходов. Аудирование служит опорой для говорения, говорение – для чтения, чтения – для письма. Навык аудирования готовит к пониманию устной речи на изучаемом языке. Для формирования этого навыка в процессе обучения языку используются аудио- и видеоматериалы с записью образцов живой речи. Известно, что живая речь на узбекском языке значительно отличается от литературной речи. Поэтому в обучении узбекскому языку как иностранному актуальными проблемами на сегодняшний день являются способы разработки аудиоматериалов для развития и оценивания речевых навыков, виды применения этих материалов для повышения их эффективности. В статье делается акцент на взаимосвязь навыка аудирования с другими видами речевой деятельности, представлены виды и механизмы аудирования. В ходе исследования выявлены проблемы, возникающие в процессе аудирования, проанализированы этапы развития навыка аудирования в обучении узбекскому языку.

Ключевые слова:

Узбекский язык речевая деятельность аудирование говорение чтение письмо

Inson bolalikdan nutqiy faoliyatning to‘rt turini tabiiy tarzda o‘zlashtiradi. Bu jarayon bosqichma-bosqich, muayyan tartibda yuz beradi. Avvaliga tinglab tushunish ko‘nikmalari rivojlanadi – bolalar atrofdagilarning nutqini eshitadilar va tushunishga harakat qiladilar. Keyin gapirish ko‘nikmasi shakllanadi – eshitganlariga tayanib, bolalar so‘zlashni boshlaydilar. Gapirish ko‘nikmasi egallangach, ular o‘qishni o‘rganadilar va undan keyingina yozma nutqni o‘zlashtiradilar. O‘zbek tilini xorijiy til sifatida o‘rganishni ham ayni tartibda amalga oshirish tabiiy va qulay hisoblanadi.

Tinglab tushunish – nutqiy faoliyatning retseptiv turi bo‘lib, eshitilayotgan nutqni ongli qabul qilish va uning mazmunini tushunishdan iborat.

Tinglab tushunish murakkab psixofiziologik jarayon sifatida quyidagi bosqichlardan iborat:

  • nutqni eshitish kanallari orqali qabul qilish;
  • nutqni boshqa tovushlardan ajratish;
  • nutqni anglash (tushunish);
  • qabul qilingan axborotni qayta ishlash.

Tinglab tushunish jarayonida nutqni boshqa tovushlardan ajratish – tilning moddiy vositalarini (fonemalar, morfemalar, so‘zlar, gaplar va b.) tahlil va sintez qilish, tushunish esa ushbu vositalarning ma’nolarini tahlil va sintez qilish natijasidir. Bu tinglab tushunish tovush signallarining passiv qabul qilinishi emas, ularni faol ravishda muayyan ma’noli nutqqa aylantirish jarayoni ekanligidan dalolat beradi. Tinglab tushunish mexanizmlarining yetarli darajada shakllanganligi nutqiy faoliyatning boshqa turlari rivojlanishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Demak, tinglab tushunish nafaqat til ta’limining maqsadlaridan biri, balki til materialini o‘zlashtirish va u bilan ishlash vositasi hamdir.

I.A. Zimnyaya tinglab tushunish jarayonini quyidagi darajalarga ajratadi:

  1. motivatsion-rag‘batlantiruvchi (tinglovchining nutqni tushunishga tayyorligi);
  2. tahliliy-sintetik (audiomatnni eshitish va dekodlashtirish, ya’ni shartli kodlardan tushuniladigan birliklarga aylantirish);
  3. yuqori (eshitilganlarni tushunish) (Zimnyaya, 2001).

Ushbu ko‘nikmaning yuqori darajasi tinglab tushunish kompetentligi mavjudligini anglatadi. Tinglab tushunish kompetentligi deb tinglanayotgan nutqning umumiy g‘oyasini va unda yaqqol ko‘rinmaydigan ma’noni tushunish, undagi emotsional holatni va fikrning ma’nosini farqlay olish, eshitilgan axborotga nisbatan o‘z munosabatini ifodalay olish layoqatiga aytiladi.

Tinglab tushunishning bevosita, kontaktli (dialogik nutq) va vositali, masofali (radio va teleko‘rsatuvlar) ko‘rinishlari bo‘ladi. Bu ko‘nikmaning murakkabligi tinglab tushunish jarayoni real muloqotda takrorlanmasligi, uni tahlil qilish va eslab qolish imkoni yo‘qligi bilan izohlanadi. Yangi axborot eskisining o‘rnini egallaydi, aytilgan narsa izsiz yo‘qoladi. Aksariyat hollarda eshitilgan ma’lumot haqida mulohaza qilishga vaqt bo‘lmaydi, bu esa tushunishni qiyinlashtirib, muloqot jarayoniga putur yetkazadi. Bundan xulosa qilish mumkinki, tinglab tushunish bevosita insonning xotirasi imkoniyatlariga, shuningdek, ushbu jarayonda ishtirok etadigan qator mexanizmlarga bog‘liq ekan.

Tinglab tushunish jarayonining maqsadi turlicha bo‘lishi mumkin.

  1. Aniqlash – zarur va muhim axborotga ega bo‘lish. U turli vaziyatlarda yuz beradigan muloqotda, xususan, o‘qish jarayonida, kundalik hayotda, ish jarayonida uchraydi. Bunda inson axborotni o‘zi foydalanadigan biror ma’lumotni olish maqsadida tinglaydi, uni boshqalarga uzatishni ko‘zda tutmaydi. Bu jarayonda axborot yaxlit tarzda va ayrim tafsilotlari bilan qabul qilinadi. Tinglayotgan odamning diqqat-e’tibori kuchayadi, eslab qolish tabiiy holda ro‘y beradi, axborot operativ xotirada saqlanadi. Axborot, odatda, bir marta tinglanadi.
  2. Tanishish – olingan axborotdan keyinchalik foydalanish rejalashtirilmaydi. Bunday axborot, asosan, tinglovchi o‘zi uchun nimanidir bilib olishi uchun kerak bo‘ladi. Shu bois tinglash jarayonida alohida diqqat talab qilinmaydi, axborot tez esda qoladi. Agar tinglovchi diqqat bilan eshitsa, axborot xotirasida mustahkam joylashishi mumkin.
  3. Tafsilotlarni eslab qolish – axborotni darhol yoki muayyan vaqt o‘tgandan keyin uzatish (masalan, tarjimonlik) uchun batafsil eslab qolishga qaratiladi. Bunda tinglash jarayoni faollashib, diqqat jamlanadi va axborot tabiiy holda esda qoladi. Tinglab tushunish materiali sifatida monologik va dialogik nutqdan foydalaniladi. Uning samarasi axborotning mazmuni va faktlarni tushunish darajasiga bog‘liq. Xususan, til ta’limining dastlabki bosqichlarida bunday ko‘nikmalar zarur.
  4. Tanqidiy (interaktiv) tinglab tushunish audioxabarning yaqqol namoyon bo‘lmaydigan, qo‘shimcha ma’nolari, yashirin mazmunini tushunishga qaratiladi. Bu jarayonda tinglovchi so‘zlovchining muloqot maqsadini anglash uchun nafaqat so‘z va jumlalarning ma’nosi, tuzilishini tushunishi, balki so‘zlovchi nazarda tutayotgan fikrga yaqin ma’nolarni, uning motivlarini, niyatini, his-tuyg‘ularini, kechinmalari, aslida nima demoqchi ekanligini ham anglay olishi kerak bo‘ladi. Shu tariqa, tanqidiy tinglab tushunish audioaxborotni shunchaki yuzaki tushunish emas, chuqur tahlil qilib anglash bilan bog‘liq. Ko‘p hollarda tinglovchi o‘zining muloqot tajribasi va vaziyatga munosabatiga tayanib, tinglangan axborotga o‘zidan axborot qo‘shadi. Tanqidiy tinglab tushunish ko‘nikmalari til ta’limining o‘rta va yuqori bosqichlarida shakllanadi.

Tinglab tushunish mexanizmlari

Tinglab tushunishning eng muhim mexanizmi ichida so‘zlash mexanizmidir. Tinglayotgan odam qabul qilish analizatorlari yordamida tovushli va tasvirli obrazlarni talaffuz qilinadigan shaklga aylantiradi. Biroq, so‘zlarni ichida to‘g‘ri ifodalash uchun tinglovchida tashqi nutqni aniq talaffuz qilish ko‘nikmalari bo‘lishi kerak. Shu bois dastlabki bosqichda tinglab tushunish so‘zlash bilan baravar rivojlantirilishi zarur. Bu talaffuz ko‘nikmalarining shakllanishini ta’minlaydi va artikulatsiya hamda eshitish layoqatining mustahkam aloqasini o‘rnatishga yordam beradi.

Operativ va qisqa xotira mexanizmi faoliyatining mohiyati shundaki, eshitilgan so‘z yoki birikma tinglayotgan odamning ongida subyektiv holatda ma’lum vaqt davomida yangrab turadi. Bu vaqt butun jumlani yoki tugallangan fikrni tushunish uchun zarur. Qabul qilinayotgan nutqiy birlikning hajmi inson operativ xotirasi hajmiga bog‘liq.

Operativ xotira hajmini kengaytirish tinglab tushunishga o‘rgatish vazifalariga kirmaydi. Qisqa muddatli yoki operativ xotira tinglayotgan odamga nutq jarayonida eshitish kanallari orqali kelayotgan axborotni zarur ketma-ketlikda saqlab turishga imkon beradi. Turli odamlarda qisqa muddatli xotira hajmi turlicha bo‘ladi, biroq, umuman olganda, uning hajmi cheklangan. Shunga qaramasdan, bu mexanizmni maxsus mashqlar yordamida rivojlantirish mumkinligi tasdiqlangan. Yangi tilni o‘rganayotganda nutqiy tajriba ortgan sari operativ xotiraning hajmi ham kengayib boradi.

Uzoq muddatli xotira mexanizmi kelayotgan nutq signallarini bizning ongimizda saqlanayotgan modellar bilan taqqoslaydi. Uzoq muddatli xotirada u yoki bu nutqiy qolipning mavjudligiga qarab lingvistik axborot tanish yoki notanishga ajratiladi.

Uzoq muddatli xotira avval o‘zlashtirilgan nutq qoliplarini o‘zida saqlaydi va ularni zarur paytda inson eshitayotgan nutq bilan taqqoslash uchun chiqaradi. Demak, uzoq muddatli xotira yangrayotgan nutqning ma’nosini tushunish uchun javob beradi. Shuni hisobga olib, mutaxassislar tomonidan tinglanayotgan jumladagi so‘zlar miqdori 13 tadan oshmasligi, dastlabki bosqichlarda esa 5-6 tadan ko‘p bo‘lmasligi tavsiya etiladi, bundan ortiq miqdordagi so‘zlarni eslab qolish qiyin (Balykhina, 2007).

Tinglab tushunish jarayonida taxmin qilish mexanizmi muhim rol o‘ynaydi. U so‘z, so‘z birikmasi, gap yoki butun jumlaning boshlanishidayoq uning davomi yoki tugallanishini taxmin qilishga imkon beradi. Taxmin qilish nafaqat tilning tarkibiy, lingvistik jihatlariga, balki mazmuniga ham taalluqlidir.

Taxmin qilish mexanizmi qisqa muddatli xotirani himoya qiladi va uning ishini osonlashtiradi, ya’ni tinglanayotgan nutqni boshidan oxirigacha xotirada saqlab turish zarur bo‘lmaydi. Gapning boshini eshitgach, tinglovchi uning davomi yoki oxirini taxmin qila oladi. Bu qisqa muddatli xotiraning hajmini bo‘shatib turadi va tinglab tushunish jarayonini osonlashtiradi.

Tushunish mexanizmi til ta’limida eng mas’ul vazifani bajaradi. U matndagi jumlalar va alohida qismlarni jipslashtirishga yordam beradi. Matnni “yig‘ib bo‘lgach”, mayda detallarni chiqarib tashlaydi va xotirada asosiy mazmunga oid jihatlarni qoldirib, uni axborotning yangi oqimiga bo‘shatib beradi.

Shu tariqa, tinglab tushunishga o‘rgatishning samarasi quyidagi omillarga bog‘liqligini ko‘ramiz:

  • tinglab tushunish mexanizmlarini shakllantirish va rivojlantirish;
  • axborotni qabul qilishning lisoniy qiyinchiliklarini hisobga olish;
  • audiomatnlarni maqsadga muvofiq tanlash;
  • tinglab tushunishga o‘rgatishning tamoyillari, metodlari, usullari va yo‘llarini to‘g‘ri tanlash;
  • ta’lim texnologiyalarini to‘g‘ri tanlash.

Tinglab tushunish jarayonida uchraydigan muammolar

Tinglab tushunishga o‘rgatish nafaqat nutq mexanizmlarini rivojlantirish va takomillashtirish, balki qiyinchiliklarni yengib o‘tish ko‘nikmalarini shakllantirishni ham ko‘zda tutadi. Asosiy muammo nutqni tinglash sharoiti bilan bog‘liq.

  1. Axborot bir marta eshittirilganda tinglovchi ayrim so‘zlarni tahlil qilishga ulgurmaydi, bu yangrayotgan matnni yuqori tezlikda qabul qilish mahoratini talab qiladi.
  2. Turli ovoz tembrlari va talaffuz xususiyatlariga ega bo‘lgan odamlarning nutqini tushunish jarayonni murakkablashtiradi.
  3. Nutq tezligi qanday bo‘lishidan qat’i nazar, tinglovchi uni tushunishga ulgurishi kerak.
  4. Ritm va ohangning turliligi tinglanayotgan nutqni tushunishdan chalg‘itadi.

Yuqorida aytib o‘tilgan holatlar tufayli dastlabki bosqichda audiomatnlarni o‘qituvchining tanish ovozi bilan o‘qish maqsadga muvofiq. Keyinchalik boshqa diktorlar tomonidan o‘qilgan matnlarni tinglashga o‘tish mumkin. Bunda erkaklarning ovozlari tinglovchini ayollar va bolalarning ovozlaridan ko‘ra tezroq toliqtirishini nazarda tutish lozim. Shuningdek, matnni eshittirish vaqtini dastlabki bosqichda 1,5-2 daqiqadan oshirmaslik va asta-sekin yuqori bosqichlarda 30-40 daqiqaga yetkazish tavsiya etiladi.

Audiomatnning tezligi ta’lim bosqichiga qarab oshirib boriladi. Dastlabki bosqichda 1 daqiqada 60-70 so‘zdan iborat matnlardan foydalanish mumkin. Zarur hollarda axborotning muhimligi va dolzarbligini ta’kidlash uchun matnni sekinroq o‘qish, qo‘shimcha va uncha muhim bo‘lmagan axborot borasida so‘z yuritilganda tezroq o‘qish maqsadga muvofiq.

Ayrim metodistlarning fikriga ko‘ra, matnni 2 marta eshittirish samara beradi. Bunda birinchi bor eshittirilgandan keyin uning tushunilish darajasi tekshirib olinadi. Boshqa fikr tarafdorlari matnni bir marta eshittirishni tavsiya qiladilar, buni real muloqotga yaqin sharoit bo‘lishi kerakligi bilan izohlaydilar. Biroq bunda tinglovchilar tomonidan matnga tayyorlaydigan matnoldi mashqlari bajarilishi maqsadga muvofiq. Shuning uchun o‘qituvchi bu masalani ta’lim bosqichi va o‘rganuvchilarning tinglab tushunish darajasiga qarab belgilashi kerak bo‘ladi.

Qiyinchiliklarning keyingi guruhi matnning lisoniy shaklini anglash bilan bog‘liq.

  • Fonematik qiyinchiliklarga so‘zning og‘zaki nutqdagi talaffuzi yozilishidan farqlanadigan holatlar kiradi.
  • Leksik qiyinchiliklarga omonimlar va ko‘p ma’noli so‘zlarning turli variantlarini tanish bilan bog‘liq holatlar kiradi.
  • Grammatik shakllarning his-hayajonli nutqda boshqa shaklga o‘tib qolishi bilan bog‘liq holatlar ham qiyin hisoblanadi.

Masalan, matnda tinglovchiga notanish bo‘lgan leksik yoki grammatik material uchrasa yoki tanish material tinglash uchun qiyin shaklda qo‘llangan bo‘lsa, yuqoridagi kabi muammolar kelib chiqadi. Tajribalar shuni ko‘rsatadiki, audiomatnda bir nechta leksik yoki grammatik jihatdan notanish so‘z va jumlaning uchrashi muloqot jarayoniga zarar yetkazmaydi, biroq matnni tushunish darajasiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Shu bois dastlabki bosqichda faqat tanish so‘zlardan iborat matnlardan foydalanish, asta-sekin notanish so‘zlar qo‘shib borish, ularning hajmini 2-5 %dan oshirmaslik, ular matnning umumiy mazmunini tushunishga xalal bermasligi tavsiya etiladi (Chesnokova, 2015). Shuningdek, notanish so‘zlar matnda ketma-ket kelmagani ma’qul deb hisoblanadi.

Qiyinchiliklarning uchinchi guruhiga yangrayotgan nutqning mazmuni, umumiy g‘oyasi, matnning mohiyati va so‘zlovchining motivlarini tushunish jarayoni kiradi. Bunday darajadagi matnlarning tushunilganligini tekshirish uchun ularni eshittirgandan keyin quyidagi usullarni qo‘llash tavsiya etiladi:

  • audiomatnning yozma ko‘rinishida bo‘sh qoldirilgan joylarni to‘ldirish;
  • savollarga javob berish;
  • matnning muayyan qismlarini izohlash;
  • tinglangan axborotga munosabat bildirib izoh berish;
  • olingan axborotni suhbat yoki munozara jarayonida qo‘llash.

Tinglab tushunishga o‘rgatish bosqichlari

  1. Yo‘naltirish va motivatsiya berish bosqichi. Bunda nutqiy muloqotni yuzaga keltiradigan vaziyat yaratiladi. O‘quvchilar tinglanadigan matnning nima haqda ekanligiga doir taxminlarini bildiradilar. Keyin ularga matnni tinglashga tayyorlovchi topshiriqlar beriladi. Bu mashqlar muloqot vaziyatida to‘g‘ri yo‘l topish ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratiladi (matnning nomi, rejasi, ko‘rgazmali vositalari, annotatsiyasiga qarab uning mavzusi yoki mazmuni haqida taxmin qilish).
  2. Mashq qilish bosqichi. Bunda audiomatnning lisoniy materiali bilan ishlash nazarda tutiladi. Eshitish qobiliyatini rivojlantirishga qaratilgan (imitatsiya, almashtirish, aralash, transformatsiya), fonetik, leksik-grammatik mashqlardan foydalaniladi.
  3. Birinchi marta tinglash va nazorat. Bunda xabarni to‘liq tushunish malakalari shakllantiriladi, axborot mashqlari bajariladi (savol-javob, tasdiq va inkor kabi).
  4. Ikkinchi marta tinglash va nazorat. Audiomatnni uning tafsilotlari bilan va tanqidiy tushunish maqsadida tinglash ko‘zda tutiladi. Bu bosqichda eshitilgan axborotni zichlash, talqin qilish va unga baho berish malakalarini rivojlantiradigan reproduktiv va nazorat mashqlari, pragmatik-muloqot mashqlariga alohida e’tibor qaratiladi.

Tinglab tushunish ko‘nikmalarini rivojlantirish jarayonida qo‘llanadigan mashqlar ikki yirik guruhga ajratiladi: tayyorlov va nutq mashqlari.

Tayyorlov mashqlarining maqsadi lisoniy shaklni anglash ko‘nikmalarini hosil qilishdan iborat bo‘lib, ular xotira mexanizmlari va taxmin qilishni rivojlantirishga qaratiladi. Tayyorlov mashqlari tinglab tushunish ko‘nikmalarini shakllantirishning birinchi bosqichi hisoblanadi. Agar tayyorlov mashqlari yangrayotgan nutqdan axborotni ajratib olish malakasini shakllantirsa, nutq mashqlari yordamida ushbu axborotni tushunish malakalari hosil qilinadi.

Nutq mashqlari yordamida erishiladigan natija yangrayotgan nutqni tarjimasiz tushunishni ta’minlashi kerak. Bunday mashqlarni bajarishda tinglovchilarning diqqati butun audiomatn yoki uning alohida qismlari mazmunini aniqlashga qaratiladi. Bu jarayonda matnning shakli tinglovchini chalg‘itmasdan, intuitiv tarzda qabul qilinishi muhim. Shu bois nutq mashqlarini tinglovchilarning lingvistik va nutqiy tajribasini hisobga olib tuzish zarur.

Библиографические ссылки

Balykhina, T. M. (2007) Metodika prepodavaniya russkogo yazyka kak nerodnogo, novogo. Moscow.

Zimnyaya, I. A. (2001) Lingvopsikhologiya rechevoi deyatel’nosti. Moscow – Voronezh.

Chesnokova, M. P. (2015) Metodika prepodavaniya russkogo yazyka kak inostrannogo: Uchebnoe posobie. Moscow.

Опубликован

Загрузки

Биография автора

Гулшан Асилова,
Университет Альфраганус

Доктор пед. наук (DSc), профессор

Как цитировать

Асилова, Г. (2025). Развитие навыков аудирования в обучении узбекскому языку как иностранному. Лингвоспектр, 11(1), 265–270. извлечено от https://lingvospektr.uz/index.php/lngsp/article/view/1173

Похожие статьи

<< < 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 > >> 

Вы также можете начать расширеннвй поиск похожих статей для этой статьи.