Structural-pragmatic means for expressing the subject’s attitude to the dictum in official discourse

Authors

  • Urgench State University named after Al-Beruni
Структурно-прагматические средства выражения отношения субъекта речи к диктуму в официальном общении

Abstract

This article provides a systematic analysis of the functional and semantic characteristics of structural-pragmatic devices that express the subject’s attitude toward the dictum in both formal and informal communication. The study is conducted within a communicative-pragmatic framework and speech act theory and aims to reveal the mechanisms through which subjective stance is expressed in formal discourse. The article offers a detailed examination of the pragmatic potential of modal verbs and modality-expressing devices, explanatory clauses and parenthetical insertions, impersonal constructions, complex sentences, as well as emphatic structures. The analysis demonstrates how epistemic and deontic modality is employed to convey relations of certainty, probability, obligation, and evaluation in mitigated or indirect forms. In addition, the examples are pragmatically interpreted on the basis of Grice’s Cooperative Principle, politeness theory, and relevance theory. The findings indicate that these structural and stylistic devices play a significant role in maintaining social appropriateness in communication, conveying subjective evaluation with caution, and enhancing overall communicative effectiveness. Authentic samples of real communication in English and Uzbek are used as empirical material. In particular, the English data are drawn from Bill Gates’s interview on “The Late Show with Stephen Colbert” (2023), while the Uzbek data are based on a conversation featuring Alisher Isayev within the “MFactor” project. The results contribute to the comparative study of the structural and pragmatic features of formal discourse and are of considerable scholarly value for linguopragmatic research.

Keywords:

Formal communication dictum structural-pragmatic means subjective attitude semantic analysis speech act theory

Kirish

Rasmiy muloqotda subyektning diktumga munosabati kommunikativ-pragmatik vositalar orqali ifodalanadi. Bu vositalar so‘zlovchining nutqiy maqsadini aniqlashtirish, tinglovchiga ta’sir ko‘rsatish va ijtimoiy munosabatlarni tartibga solishda muhim rol o‘ynaydi. Rasmiy muloqotda qo‘llaniladigan struktur-pragmatik vositalar nutq akti nazariyasi asosida tahlil qilinadi, ularning ingliz va o‘zbek tillaridagi o‘ziga xos xususiyatlari, rasmiy muloqotdagi ahamiyati tadqiq etiladi. Maqolada struktur vositalarning ingliz va o‘zbek tillarida subyektning diktumga munosabatini ifodalashdagi funksional imkoniyatlarini tahlil qilish maqsadida ikkita amaliy suhbat materiali tanlab olindi. Ingliz tilidagi material sifatida Bill Geyts ishtirokida bo‘lib o‘tgan “The late show with Stephen Colbert” (2023) ko‘rsatuvidagi intervyu tanlandi. Ushbu suhbatning “AI is the first technology that has no limit” nomli bo‘limi muloqotning rasmiy va norasmiy (informal) kontekstida yuzaga keladigan struktur vositalarni aniqlash hamda ularning semantik-pragmatik mohiyatini tahlil qilishda asosiy manba bo‘lib xizmat qildi.

O‘zbek tilidagi parallel material sifatida Alisher Isayev ishtirokidagi “MFactor” loyihasining “Milliarder bo‘lish siri? | $3000 topardim, u $30 000 ga norozi! Sinfdoshdan zo‘r bo‘lish yetarlimas!” deb nomlangan intervyusi tanlab olindi. Ushbu suhbat Alisher Isayevning rasmiy-norasmiy ohangdagi nutqida subyektning o‘z fikriga bo‘lgan munosabatini izhor etishda qo‘llagan struktur vositalarni (masalan, izohlovchi gaplar, shaxssiz konstruksiyalar, modal birliklar, emfatik strukturalar va boshqalar) real muloqot kontekstida kuzatish va tahlil qilish uchun imkon yaratdi. Mazkur ikki manbaning tanlanishi tahlilga boy, kontekstual jihatdan mazmunli va kommunikativ ahamiyatga ega struktur birliklarni aniqlash imkonini berdi.

Adabiyotlar tahlili

Nutq akti nazariyasi tilshunoslik va pragmatikada muhim o‘rin tutib, nazariyaga J.L.Ostin tomonidan asos solingan (Austen, 1975). Mazkur nazariya nutqning nafaqat ma’lumot uzatish, balki ijtimoiy harakatlarni amalga oshirish vositasi ekanligini ta’kidlaydi. Olim nutq aktlarini so‘zlarning vazifasiga ko‘ra ikki guruhga, konstativlar (constative-dunyoni tasvirlashda ishlatiladigan nutq aktlari) va performativlar (performatives-harakatni tasvirlashda ishlatiladigan nutq aktlari)ni sanab, ular orasidagi farqlarni ko‘rsatib bergan.

  1. Syorl Ostin nazariyasini rivojlantirib, nutq aktlarini besh turga representative (haqiqatni ifodalash), directive (buyruq berish), commissive (o‘z zimmasiga olish), expressive (his-tuyg‘u ifodalash) va declarative (ijtimoiy-huquqiy holatni o‘zgartirish) tasniflaydi (Searle, 1979).

Nutq aktlari nazariyasi ustida ilmiy izlanishlar olib borgan ingliz tilshunos olimlari K.Bax va R.M.Harnish o‘zlarining illokutsiya aktlari ularning maqsad-vazifalariga ko‘ra bir-biridan farqlanishi haqida fikr bildirganlar (Radjapova, 2021). Tilshunoslar fikricha, “agar tinglovchi so‘zlovchining munosabatini anglasa, yetkazib berish nazarda tutilgan g‘oya ifodalangan munosabat turlariga mos kelsagina, illokutsiyaning maqsadi to‘liq anglangan hisoblanadi” (Bach, 1982).

Metodologiya

Mavzuni yoritishda tavsiflash, tasniflash, diskurs-pragmatik, funksional-semantik, taqqoslash tadqiq usullaridan foydalanildi.

Natijalar

Subyektning diktumga munosabatini ifodalovchi struktur vositalar bu gap qurilishining o‘ziga xosligi orqali subyektiv munosabatni bevosita yoki bilvosita bildiruvchi sintaktik birliklar hisoblanadi. Ushbu vositalarni quyidagicha tasniflash mumkin:

Modal fe’llar va modallikni ifodalovchi vositalar

Mazkur vositalar orqali so‘zlovchining diktumga munosabati – ishonchi, shubhasi, ehtimolligi yoki majburiyati aniq ifodalanadi. Shuningdek, ular keskin buyruq yoki to‘g‘ridan-to‘g‘ri baho o‘rniga yumshatilgan, muloyim ifodani yaratadi, mazmun kuchining semantik darajasini bildiradi.

We can figure out how it that is gonna to change life.” (Biz bu narsaning hayotni qanday o‘zgartirishini tushunishimiz mumkin). Jumladagi modallik bilish imkoniyati, kognitiv salohiyatni ifodalab, so‘zlovchining fikriga ko‘ra, insonlarda ushbu o‘zgarishlarni tushunish qobiliyati yoki imkoniyati bor. Muloqot jarayonida B. Geyts “is going to” iborasi o‘rniga unga ekvivalent bo‘lgan norasmiy qisqartma – “gonna” formasidan foydalanadi. Bu holat Amerika ingliz tilisiga xos bo‘lib, rasmiy muloqot doirasida bo‘lishiga qaramasdan, so‘zlovchining uslubiy erkinligini va tinglovchiga yaqin bo‘lishga intilishini ifodalaydi. Jumladagi “can” modal fe’li kelajakdagi rejalashtirilgan harakat yoki muqarrarlikni bildiradi.

Bu sarmoya ekan, muhitga ham sarmoya qilishni bilish kerak ekan. Jumladagi “ekan” – modal so‘z bo‘lib, bu yerda faktual, haqiqatga yaqin bo‘lgan xabarni (epistemik modallik) bildiradi, ya’ni so‘zlovchi ushbu fikrni o‘z xulosasi aniqligi sifatida qabul qilmoqda. “Kerak” – deontik modal bo‘lib, majburiyat, zarurat ma’nosini beradi. Shu bilan birga, “kerak ekan” konstruksiyasi qo‘shimcha modal ta’sir bilan shaxsning ichki xulosasi yoki maslahat berish tarzida ifodalanadi. Jumlaning pragmatik tahliliga ko‘ra, shaxsning diktumga munosabatini – aniq, lekin muloyim tarzda ifodalaydi. Ya’ni, xushmuomalalik nazariyasiga ko‘ra, “kerak ekan” ifodasi majburiyatni ko‘rsatadi, ammo “ekan” qo‘shilishi bilan yumshatilgan, shaxsiy fikr sifatida berilgan (Leech, 2014). Gap muhokama qilinayotgan masalaga ijobiy munosabat va tavsiya, maslahat ko‘rinishida berilgan. Graysning hamkorlik tamoyillari nuqtayi nazaridan, quality (haqiqat) – so‘zlovchi o‘z xulosasini bildiradi, ya’ni gap “fakt” sifatida berilgan, quantity (miqdor) – kerakli va lo‘nda axborot, relevance (mohiyatga muvofiqlik) – gap dolzarb, mavzu bilan bog‘liq, manner (aniqlik) – gap aniq, tushunarli tarzda ifodalangan.

Izohlovchi gaplar va kiritmalar

Struktur jihatidan kiritmalar odatda gapdan ajralgan holda bo‘lib, qo‘shimcha axborot yoki munosabatni bildiradi. Semantik jihatdan esa gapga subyektiv munosabatni qo‘shadi. Bunday birliklar xushmuomalalik nuqtayi nazaridan qaraganda, so‘zlovchining munosabatini yumshatish yoki aniqlashtirish funksiyasini bajaradi.

Oh, I say two things, one is that you don’t have to worry, you know, you can send your kids to any school. Jumlaning “...one is that you don’t have to worry...” qismi izohlovchi gap bo‘lib, avval aytilgan fikrni (two things) aniqlashtiradi. Pragmatik jihatdan esa axborot aniqligi va tushunarlilikni oshiradi, so‘zlovchining nutqni tartibli yetkazishga bo‘lgan intilishini ko‘rsatadi, bu esa hamkorlik tamoyili doirasidagi “aniqlik” (manner) prinsipiga mos keladi (Grice, 1989). Bundan tashqari, jumlada “you know” kiritmasi ham mavjud bo‘lib, u gapdagi ekspressivlikni oshiradi. Ushbu birlik tinglovchi e’tiborini tortish, unga ma’lum bo‘lgan yoki tushunishi kerak bo‘lgan narsani ifodalash va muloqotdagi yaqinlikni saqlashga xizmat qiladi – bu esa xushmuomalalik sifatida ahamiyatlidir.

Asosiy, birinchi raqamli omil bu muhit deb o‘ylayman, o‘sha siz aytganingizdek, bu kafega birincha marta kirganda qanday bola edik, hozir baribir ancha o‘zgarishlarni his qilamiz. Struktur jihatidan “o‘sha siz aytganingizdek” izohlovchi gap hisoblanib, boshqa gapdagi “o‘sha” so‘zini aniqlab, tushuntirib bermoqda. Pragmatik jihatdan esa ushbu izohlovchi gap interaktiv kontekstni kuchaytiradi – ya’ni suhbatdoshning ilgari bildirgan fikrga ishora qilib, hamfikrlik tuyg‘usini yaratadi, shuningdek, tinglovchiga bo‘lgan hurmatni ifodalaydi. Bundan tashqari, jumlada “deb o‘ylayman” kiritmasi ham mavjud bo‘lib, asosiy fikrga so‘zlovchining subyektiv munosabatini bildiradi. Bu modal konstruksiya subyektivlik va ehtimollikni bildiradi.

Shaxssiz gaplar

Shaxssiz gaplar rasmiy muloqot kontekstida subyektning diktumga munosabatini ehtiyotkorlik bilan, stilistik jihatdan yumshoq tarzda, ayni paytda pragmatik jihatdan maqsadga muvofiq tarzda ifodalash imkonini beradi. Ular subyektiv bahoni xolis va neytral tarzda berish, mas’uliyatni bevosita emas, umumiy ifoda orqali uzatish imkonini beradi. Bu esa xushmuomalalik va hamkorlik nazariyasi tamoyillari nuqtayi nazaridan ham muhim kommunikativ vosita hisoblanadi.

“It is pretty surprising, you know, it was two years ago when I first saw this chatgpt.” Struktur jihatidan bu konstruksiyalar so‘zlovchining pozitsiyasini bilvosita holda shaxsdan xoli qilib, so‘zlovchining taxmini yoki shubhasini bildiradi. Pragmatik jihatdan esa bu konstruksiya dolzarblik nazariyasiga ko‘ra, axborotning optimal darajadagi dolzarbligini ta’minlaydi – ya’ni bildirilgan fikr haqiqat bo‘lish ehtimoli bor, ammo so‘zlovchi bu haqda to‘liq javobgarlikni o‘z zimmasiga olmaydi (Dan, Wilson, 1986).

Aytishadiki, ajoyib davrada katta bo‘lgan inson orada yomon bo‘lib qolsa, u baribir yaxshi bo‘lib ketadi, va yomon oilada, noto‘g‘ri qadriyatli oilada tug‘ilgan odam orada yaxshi bo‘lib qolsa, bu baribir yomon bo‘lib qoladi, ildiziga tortadi degan fikr bor.” Pragmatik jihatdan bu konstruksiya fikr egasini yashiradi, bilvosita baholashni bildiradi, va umumiy e’tirof yoki xalqona hikmat shaklida ifodalanadi. Bu “hedging” (yumshatish) deb ataluvchi stilistik yumshatish strategiyasiga kiradi, ya’ni to‘g‘ridan-to‘g‘ri da’vo qilmasdan, fikrni yumshoq tarzda taqdim etish. “Baribir” – ta’kidlash vositasi, ya’ni emfatik birlik. U orqali muallif o‘z fikriga bo‘lgan ishonchni bildiradi va axborotga urg‘u beradi. Ushbu gap tarkibida shaxssiz konstruksiyalar, qo‘shma gaplar va emfatik birliklarning uyg‘unligi subyektning diktumga bo‘lgan munosabatini ifodalashda muhim struktur vositalar sifatida namoyon bo‘ladi. Shaxssiz ifoda orqali fikr egasining pozitsiyasi bilvosita tarzda bayon qilinadi, bu esa ijtimoiy neytrallikni saqlab, ehtimoliy munozarali mavzuda yuzaga keladigan o‘zaro kelishmovchiliklarni kamaytiradi. Qo‘shma gaplar esa tahlil qilish va solishtirish imkonini berib, fikrni mantiqiy asoslash va to‘ldirishni ta’minlaydi. Emfatik birliklar orqali esa muallif o‘z bahosiga urg‘u berib, tinglovchi e’tiborini asosiy xulosaga yo‘naltiradi.

Qo‘shma gaplar orqali fikr ifodasi

Qo‘shma gaplar yordamida nutq egasi bir nechta fikrni mantiqan bog‘lab, yagona sintaktik birlik tarzida ifodalaydi. Bunda matn tarkibidagi gaplar o‘zaro bog‘langan bo‘lib, kompleks fikrni aniq va soddalashtirilgan shaklda bayon qilish imkonini beradi. Natijada, so‘zlovchi o‘z niyatini aniq strukturada ifodalash orqali kommunikativ samaradorlikni oshiradi. Shuningdek, qo‘shma gaplar fikrlar o‘rtasidagi mantiqiy munosabatlarni (shartlik, sabab, natija, qarama-qarshilik, izohlilik) aniq ko‘rsatadi. Masalan:

“Well, he’s kind of predictable, uh you know, he (he) wishes we were rich enough that we could be more generous.” (Xo‘sh, u biroz oldindan aytib bo‘ladigan odam, bilasizku, u biz yetarlicha boy bo‘lishimizni xohlardi, toki biz yanada saxiyroq bo‘la olaylik.) Ushbu konstruksiya mustaqil va izohlovchi gaplardan tashkil topib, subyektning bir nechta g‘oyasini izchil va mantiqan bog‘langan tarzda ifodalashiga xizmat qiladi. Bunda shaxsiy fikr bildiruvchi gaplar (he’s kind of predictable) hamda subyektiv istakni ifodalovchi konstruksiyalar (he wishes we were...) mavjud. Jumlada “kind of modallik vositasi subyektning bahosini bilvosita shaklda ifodalash, ya’ni to‘liq qat’iylikdan qochgan holda muloyim, noan’anaviy baholashni anglatadi. “Uh”, “you know” kiritmalari tinglovchi bilan yaqinlik, ishonchli ijtimoiy muhit yaratish kabi vazifalarni bajaradi. Shunday qilib, qo‘shma gaplar tarkibida modallik vositalari va kiritmalarning uyg‘unligi subyektning diktumga nisbatan bahosini ijtimoiy maqbul va yumshoq shaklda ifodalashga xizmat qiladi. Bu esa muloqotda ishtirokchilar o‘rtasida kontekstga mos va samarali aloqa o‘rnatilishida muhim rol o‘ynaydi. Masalan:

Hmm, shunaqa loyihalarga men omad tilayman, baraka tilayman. Jumla bog‘lanmagan qo‘shma gap hisoblanib, egasi (subyekt) faqat birinchi gapda ko‘rsatilgan (men), ikkinchisida esa tushirib qoldirilgan. Bu elipsis hodisasi bo‘lib, tildagi tejamkorlik tamoyiliga asoslanadi. Ushbu gapda ijobiy illokutsional kuch mavjud bo‘lib, bu omad va baraka tilash orqali ijobiy niyat (modallik) bildirilmoqda. Bunday gaplar, odatda, ekspressiv va direktiv nutq aktlariga xos xususiyatlarni namoyon qiladi. Shuningdek, jumlada so‘zlovchining subyektiv ijobiy munosabati ifodalangan – u loyihani yoqlab, unga muvaffaqiyat tilamoqda. Gap boshida ishlatilgan “hmm” – bu prosodik vositasi ma’qullash ma’nosida qo‘llanilgan bo‘lib, so‘zlovchining diqqatini yoki fikrga e’tiborini bildiradi. Ba’zan bunday birliklar emotsional fon yaratish uchun xizmat qiladi.

Emfatik strukturalar (urg‘uli konstruksiyalar)

Emfatik strukturalar pragmatik jihatdan tinglovchi e’tiborini axborotga qaratish, subyektiv baho va emotsional ohangni kuchaytirish vositasi sifatida xizmat qiladi. Bunday konstruksiyalar, ayniqsa, rasmiy va norasmiy muloqotda so‘zlovchining pozitsiyasini aniqlashtirishda, shuningdek tinglovchining e’tiborini kerakli nuqtaga jalb etishda muhim vosita hisoblanadi. Ular orqali shaxsiy ishonch, baho, hayrat, shubha yoki e’tiroz kabi munosabatlar ifodalanadi. Masalan:

“But 99% of your money, you would still be a multibillionaire.” Jumla strukturasiga ahamiyat beradigan bo‘lsak, gapda “But 99% of your money” frazasi stilistik urg‘u berish maqsadida gap boshiga chiqarilgan, lekin bu grammatik inversiya emas. Gap oddiy so‘z tartibida qolgani holda, emfatik (urg‘uli) tuzilishga ega. So‘zlovchi diktumga bo‘lgan hissiy munosabatini kuchaytirish maqsadida so‘z tartibini o‘zgartirgan. Masalan:

Har bir qilayotgan ishimizning tagida oliy maqsad bo‘lishi kerak. Oliy maqsad nima bu? Ikkinchi jumladigi “Oliy maqsad nima bu?” emfatik struktura gapda oddiy sintaktik tartib buzilgan bo‘lib, bu oddiy shaklida “Oliy maqsad nima?” bo‘lishi mumkin edi, ammo jumlada emfatiklik usullaridan biri – strukturaviy urg‘u orqali ifodalangan. Emfatik konstruksiyaning pragmatik funksiyasi e’tiborni jalb qilish maqsadida so‘zlovchining asosiy niyatini tinglovchiga yetkazish va uni chuqur o‘ylantirish uchun xizmat qiladi. Bundan tashqari, mazkur struktur vosita shaxsiy pozitsiya va bahoni (har bir ishda ma’naviy va yuksak maqsad bo‘lishi zarurligi – subyektiv baho) ifodalash, so‘zlovchining maqsadini tinglab tinglovchini ham o‘ziga savol berishga undash (“men qilayotgan ishimda oliy maqsad bormi?” kabi) orqali bilvosita ta’sir o‘tkazib, ichki mulohaza qilishga chaqirish maqsadida qo‘llaniladi.

Xulosa va Tavsiyalar

Mazkur tadqiqot rasmiy va norasmiy muloqotda subyektning diktumga munosabatini ifodalovchi struktur-pragmatik vositalarning funksional va kommunikativ xususiyatlarini yoritdi. Kommunikativ-pragmatik yondashuv hamda nutq akti nazariyasi asosida olib borilgan tahlillar rasmiy diskursda subyektiv munosabat ko‘pincha bilvosita, yumshatilgan va pragmatik jihatdan ehtiyotkor strukturalar orqali ifodalanishini ko‘rsatdi. Modal birliklar, izohlovchi gaplar, shaxssiz konstruksiyalar, qo‘shma gaplar va emfatik strukturalar subyektiv bahoni yumshatish, mas’uliyatni bilvosita ifodalash hamda tinglovchiga ijtimoiy jihatdan maqbul ta’sir ko‘rsatishda muhim vosita sifatida namoyon bo‘ldi. Ingliz va o‘zbek tillari materiallari asosidagi qiyosiy tahlil ushbu vositalarning umumiy pragmatik funksiyalari mavjudligini, biroq ularning struktur ifodasi til va madaniy xususiyatlarga bog‘liqligini tasdiqladi. Tadqiqot natijalari rasmiy diskursning lingvopragmatik mexanizmlarini chuqurroq anglashga xizmat qiladi va qiyosiy-pragmatik tadqiqotlar uchun nazariy ahamiyatga ega.

 

References

Austin, J. L. (1975). How to do things with words. Harvard University Press.

Bach, K., & Harnish, R. M. (1982). Linguistic communication and speech acts. MIT Press.

Grice, H. P. (1989). Studies in the way of words. Harvard University Press.

Leech, G. (2014). The pragmatics of politeness. Oxford University Press.

Radjapova, N. (2021). Tendencies of the speech act scheme. In The process and dynamics of the scientific path: Proceedings of the II International Scientific and Theoretical Conference. Athens, Hellenic Republic.

Searle, J. R. (1979). Expression and meaning: Studies in the theory of speech acts. Cambridge University Press.

Sperber, D., & Wilson, D. (1986). Relevance: Communication and cognition. Blackwell.

Published

Downloads

Author Biography

Nafisa Muminjonovna Radjapova ,
Urgench State University named after Al-Beruni

Teacher

How to Cite

Radjapova , N. M. (2026). Structural-pragmatic means for expressing the subject’s attitude to the dictum in official discourse. The Lingua Spectrum, 12(1), 179–185. Retrieved from https://lingvospektr.uz/index.php/lngsp/article/view/1421

Similar Articles

1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 > >> 

You may also start an advanced similarity search for this article.