The current state of teaching Uzbek to foreign students in practice

Authors

  • Alisher Navoi University of Uzbek Language and Literature
Текущее состояние практики преподавания узбекского языка иностранным студентам

Abstract

In recent years, Uzbekistan’s political, economic, and cultural influence on the international stage has steadily increased, and the expansion of cooperation with international organizations and foreign countries has significantly boosted interest in the Uzbek language. Today, Uzbek is taught in approximately 60 leading universities worldwide, as well as in over 100 educational and cultural centers, which strengthens its global position. (Web link, 2019). Moreover, the steady annual increase in the number of international students coming to Uzbekistan to pursue studies in various fields makes teaching Uzbek as a foreign language an urgent academic and methodological task. This article provides a comprehensive analysis of the current state of teaching Uzbek to foreign students. It examines the international spread of the language, intercultural integration, and the role of Uzbek in public diplomacy. The needs of students studying at various higher education institutions in Tashkent and the linguistic, methodological, and psychological challenges encountered during the learning process are also explored. To address these challenges, modern approaches are proposed, including the development of needs-based curricula, the use of integrative teaching methods, the creation of visual and multimodal materials, and the development of intercultural competence. The study’s findings contribute to improving the methodology of teaching Uzbek as a foreign language, creating an effective learning environment, and promoting the global development of the Uzbek language.

Keywords:

Uzbek language foreign language international students teaching methodology curriculum needs analysis

Kirish

O‘zbek tili so‘nggi yillarda xalqaro miqyosda tobora ommalashib borayotgan tillardan biriga aylandi. Davlat tilimiz bir necha yil avval asosan Markaziy Osiyo doirasida muhim ahamiyatga ega bo‘lgan bo‘lsa, bugungi kunda AQSh, Turkiya, Janubiy Koreya, Xitoy, Rossiya kabi yirik davlatlar hatto Yevropa mamlakatlarida ham o‘zbek tilini o‘rganish bo‘yicha dasturlar yo‘lga qo‘yilmoqda. Bu jarayonning ortida turli sabablar yotib, ularning har biri o‘zbek tilining xalqaro maydondagi ahamiyatini oshirishga xizmat qilmoqda. Dastlab, geosiyosiy omillarni inobatga oladigan bo‘lsak, O‘zbekiston bugungi kunda Markaziy Osiyoning iqtisodiy jihatdan eng tez rivojlanayotgan mamlakatlaridan biri sifatida e’tirof etilmoqda. Jahon banki va Xalqaro valyuta jamg‘armasi hisobotlariga ko‘ra, O‘zbekiston Markaziy Osiyoda eng tez o‘sayotgan iqtisodiyotlardan biridir. Tabiiyki, bu jarayon xorijiy sarmoyadorlar, diplomatlar va tadbirkorlarning mamlakatga bo‘lgan qiziqishini oshirmoqda. Masalan, Janubiy Koreya O‘zbekistonda eng yirik investorlardan biri bo‘lib, 2023-yil holatiga ko‘ra, mamlakatda 1000 dan ortiq koreys kompaniyalari faoliyat yuritmoqda. Ushbu iqtisodiy aloqalar natijasida Seul Milliy Universiteti, Hanguk chet tillari universiteti kabi oliy ta’lim muassasalarida o‘zbek tili kurslari ochildi (Web havola, 2021). Shuningdek, AQShning Indiana universiteti va Arizona universitetida Markaziy Osiyo tillari dasturi doirasida o‘zbek tili muntazam ravishda o‘qitib kelinmoqda.

O‘zbek tilining xalqaro maydonda ommalashishiga ta’sir qiluvchi yana bir muhim omil – uning madaniy va tarixiy merosidir. Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Ahmad Yassaviy, Imom al-Buxoriy kabi buyuk shaxslarning nodir merosi jahon ilmiy jamoatchiligining qiziqishini tortmoqda. Masalan, AQShning Harvard universitetida Navoiy ijodi bo‘yicha tadqiqotlar olib borilmoqda, Germaniyaning Gettingen universitetida esa Boburning “Boburnoma” asari tahlil qilinmoqda. Jahonning ko‘plab mamlakatlarida turkologiya bo‘yicha mutaxassislar o‘zbek tili va adabiyotini o‘rganmoqda.

O‘zbek tiliga bo‘lgan ehtiyojning ortib borishi nafaqat ilmiy va iqtisodiy omillar bilan, balki migratsiya va diaspora masalalari bilan ham bog‘liq. Bugungi kunda Rossiya, Janubiy Koreya, AQSh va Yevropa davlatlarida o‘zbek diasporasi faoliyat yuritmoqda. Birgina Rossiyaning o‘zida 2 milliondan ortiq o‘zbek mehnat muhojirlari yashaydi. Rossiya hukumati mehnat muhojirlarining jamiyatga integratsiya jarayonini yengillashtirish maqsadida Moskvadagi RUDN universiteti, Sankt-Peterburg Davlat universiteti va boshqa yirik oliygohlarda o‘zbek tili kurslarini tashkil qildi. Bu jarayon Janubiy Koreyada ham kuzatilmoqda – 2021-yilda Seul shahrida o‘zbek tilini o‘qitish bo‘yicha markaz ochildi. Bundan tashqari, Hindistonning “Milliy Islomiya Jomia” universitetida ham o‘zbek tili o‘qitish dasturlari yo‘lga qo‘yilgan. Dunyodagi eng yirik universitetlardan biri – Xitoyning Shanxay universitetida ham o‘zbek tili o‘qitib kelinmoqda.

Davlat tilining xalqaro maydonda rivojlanishi o‘sha mamlakatdagi turizm sohasi bilan ham bevosita bog‘liq. O‘zbekiston so‘nggi yillarda turizmni rivojlantirishga katta e’tibor qaratmoqda. Davlat statistika qo‘mitasi bergan ma’lumotlarga ko‘ra, 2019-yilda mamlakatga 6,7 million sayyoh tashrif buyurgan bo‘lsa, 2023-yilda bu ko‘rsatkich 7,5 millionga yetdi. 2024 yilda esa yurtimizga 8,2 million xorijiy sayyoh tashrif buyurgan bo‘lib, ularning asosiy qismi Markaziy Osiyo mamlakatlariga to‘g‘ri keladi. Shu bilan birga, 1,6 million nafardan ortiq sayyoh Sharqiy va Janubiy Osiyo, Yevropa hamda AQSh mamlakatlaridan tashrif buyurgani qayd etilgan. Mazkur ko‘rsatkich 2023 yilga nisbatan 21,1 foizga ko‘proqni tashkil etadi (Web havola, 2024).

 

 

1-grafik.

 

 

O‘zbekistonga sayyoh sifatida tashrif buyurayotgan chet elliklar o‘zbek tiliga qiziqish bildirishmoqda. Bu esa, o‘z navbatida, gidlar va mahalliy sayyohlik firmalarining vakillari uchun xorijliklarga o‘zbek tilini o‘rgatish ehtiyojini oshirmoqda. Shuningdek, savdo, biznes va akademik hamkorlik rivojlanayotgani sari xalqaro maydonda oʻzbek tilini bilish zarurati ham ortib bormoqda. Jumladan, soʻnggi yillarda Oʻzbekistonga turli sohalar boʻyicha xorijiy talabalar kelib, taʼlim olayotganini kuzatishimiz mumkin. Shu sababli, ona tilimiz Oʻzbekistonning davlat tili sifatida nafaqat mahalliy aholi, balki bu yerda tahsil olayotgan xorijlik talabalar uchun ham muhim ahamiyatga ega. Jahon miqyosida ta’lim turizmining kengayib borishi turli mamlakatlarda, jumladan, O‘zbekistonda ham xorijlik talabalarning ta’lim olish imkoniyatlarini orttirmoqda. So‘nggi yillarda O‘zbekistonning xalqaro maydondagi o‘rni mustahkamlanib, madaniy turizm bilan bir qatorda ta’lim turizmi ham izchil rivojlanmoqda. Shuningdek, 2024-2025 o‘quv yilida O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalarida 12,5 mingdan ortiq xorijiy talaba tahsil olgan. (2-rasm) (Web havola, 2024).

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

2-grafik.

 

 

O‘zbekistonga tashrif buyurayotgan chet elliklarning maqsad va ehtiyojlaridan kelib chiqib, ularga o‘zbek tilini o‘qitish masalasi yuzasidan so‘rovnoma o‘tkazildi muhokama qilindi. Avvalo, ehtiyojlarni tahlil qilish, buning uchun xorijliklar qanday maqsadda yurtimizga tashrif buyurayotganini aniqlash muhimdir. Ma’lumotlar tahlilidan ma’lum bo‘ldiki, so‘nggi yillarda O‘zbekistonga ta’lim maqsadida ko‘plab xorijliklar tashrif buyurmoqda. Bu esa o‘zbek tili mutaxasssislari, tilshunos va metodist olimlardan alohida ilmiy va amaliy izlanishlarni talab qiladi. Chunki xorijliklarga turli sohalarda ta’lim dasturlarini taklif qilish muhimdir. Ta’lim maqsadida tashrif buyuruvchi xorijliklarning asosiy qismi tilshunoslik, tibbiyot, muhandislik kabi yo‘nalishlarda tahsil olishga qiziqish bildirmoqda. Ayniqsa, tibbiyot oliygohlariga qiziqish yuqori. Oʻzbekistonning tibbiy taʼlim sohasidagi nufuzli oliy o‘quv yurtlari – Toshkent davlat tibbiyot universiteti, Samarqand, Buxoro va Andijon tibbiyot institutlari va boshqa shu kabi tibbiy oliy ta’lim tashkilotlariga Hindiston, Pokiston, Bangladesh, Janubiy Koreya, Xitoy, Saudiya Arabistoni kabi xorijiy davlatlar hamda MDH mamlakatlaridan talabalar oqimi yil sayin ko‘paymoqda. Xo‘sh, ular nega aynan O‘zbekistonda tibbiy ta’lim olishni tanlamoqda? Bu jarayonga quyidagicha izoh berish mumkin:

  • Oʻzbekistonning geografik va madaniy jihatdan qulay joylashuvi. Xususan, Hindiston, Pokiston va Bangladesh kabi davlatlar hamda MDH mamlakatlari bilan Oʻzbekiston oʻrtasida tarixiy-madaniy aloqalar mavjudligi ham muhim rol oʻynamoqda.
  • Tibbiy taʼlimning xalqaro tan olinishi. Oʻzbekiston tibbiyot oliygohlarining diplomlari xalqaro miqyosda akkreditatsiyadan o‘tkazilkadi hamda jahon miqyosida oliy tibbiy ma’lumot sifatida tan olinadi.

Oʻqish narxining nisbatan arzonligi. Koʻplab xorijiy talabalar Yevropa yoki AQShdagi nufuzli tibbiyot universitetlariga qabul qilinish qiyinligi va oʻqish toʻlovlari yuqoriligi sababli Oʻzbekistonni tanlamoqda. (Israilova, 2025)

Sun’iy intellekt ma’lumotlariga ko‘ra, bir qancha xorijiy tibbiy oliy o‘quv yurtlaridagi to‘lov kontraktlari miqdori anchagina qimmat ekanini ko‘rishimiz mumkin:

 

 

 

 

 

 

 

 

 

3-grafik.

 

 

Ko‘rishimiz mumkinki, dunyoning aksariyat mamlakatlarida tibbiy oliy ta’lim to‘lovi juda yuqori bo‘lib, O‘zbekiston bu borada ham sifatli, ham arzon ta’limni taklif qilmoqda. Bu esa, tibbiyot oliygohlarimizga xorijlk talabalarning oqimi yanada oshishiga sabab bo‘lmoqda.

Biroq xorijlik talabalar uchun Oʻzbekistonda oʻqish jarayoni har doim ham oson kechmaydi. Eng katta muammolardan biri – davlat tilini oʻrganish. Koʻplab xorijlik talabalar oʻzbek tilini yetarlicha oʻzlashtira olmagani sababli, garchi ta’lim ingliz/rus tilida olib borilishiga qaramay, oʻquv jarayonida qiyinchiliklarga duch kelmoqda. Ayniqsa, tibbiyot taʼlimida til muammosi yanada dolzarb, chunki tibbiyot oliygohida ta’lim nazariya bilan amaliyot parallel olib borilgani uchun talabalar oʻz bemorlari bilan bevosita muloqot qilishlari talab etiladi. Bemorlar esa, asosan, mahalliy aholi vakillari bo‘lib, ular bilan muloqot qilishda davlat tilini bilish bir qancha ustunlik berishi mumkin. Mazkur muammolarni bartaraf etish maqsadida o‘zbek tilini o‘qitish bo‘yicha ehtiyojlarga moslashtirilgan maxsus o‘quv dasturlari ishlab chiqilishi zarur.

Aksariyat xorijlik talabalar oʻzbek tilini nafaqat akademik ehtiyojlar, balki kundalik hayotda muloqot qilish, o‘quv jarayonida faol ishtirok etish yoki ish bozorida raqobatbardosh boʻlish uchun oʻrganishga harakat qilishadi. Biroq, xorijlik talabalar o‘rtasida olib borilgan muloqotlar natijalari shuni koʻrsatdiki, xorijlik talabalar oʻzbek tilini oʻrganishda qator muammolarga duch kelmoqda. Bular orasida yetarli oʻquv adabiyotlarining yoʻqligi, soʻzlashuv va grammatika koʻnikmalaridagi qiyinchiliklar – asosiy muammolar sifatida ko‘rilmoqda. Ayniqsa, xorijlik talabalarning aksariyati Toshkentda joylashgan oliygohlarda tahsil olayotgani sababli, Toshkent shevasi bilan adabiy til oʻrtasidagi tafovutlar va oʻquv dasturlari yetishmasligi tufayli bir qancha qiyinchiliklarga duch kelmoqda. Xususan, hindistonlik talabalar uchun oʻzbek tilini oʻrganish yanada murakkab kechmoqda. Xorijiy talabalar uchun o‘zbek tilini o‘rgatish jarayonida standart darsliklar yo‘qligi, o‘qituvchilarning metodik tayyorgarlik darajasi pastligi kabi muammolar mavjud. Shu bilan birga, raqamli texnologiyalar, ilmiy asoslangan ta’lim modellarining joriy etilishi va xalqaro akademik hamkorlik imkoniyatlari o‘zbek tilini global maydonda keng targ‘ib etishga sharoit yaratmoqda (Pulatova, 2025).

Tadqiqotimiz yuzasidan biz xorijlik talabalar uchun oʻzbek tilini oʻrganish jarayonidagi mavjud toʻsiqlarni tahlil qilib, ularga yechim sifatida qanday takliflar ilgari surish mumkinligi borasida muhokama yuritishni maqsad qildik. Shu sababli, maqola tadqiqi yuzasidan Toshkentdagi xorijlik talabalar oʻrtasida ularning lingvistik ehtiyojlarini aniqlash maqsadida “Google Forms” platformasi orqali onlayn soʻrovnoma oʻtkazildi. Soʻrovnomada filologik va nofilologik yo‘nalishlarda tahsil olayotgan 100 ga yaqin xorijlik talabalar ishtirok etdi. Talabalar asosan Hindiston, Pokiston, Bangladesh, Janubiy Koreya va boshqa mamlakatlardan kelgan. Natijalar quyidagi asosiy jihatlarni koʻrsatdi:

Oʻquv adabiyotlarining yetishmasigi. Soʻrovnomada qatnashgan xorijlik talabalar oʻzbek tilini oʻrganishda maxsus adabiyotlar yetarli emasligini taʼkidlashdi. Mavjud materiallar asosan grammatikaga yoʻnaltirilgan boʻlib, muloqot va kasbiy soha uchun maxsus tayyorlangan qoʻllanmalar yetishmaydi.

Soʻzlashuv va grammatikaga oid qiyinchiliklar. Xorijlik talabalar koʻpincha oʻzbek tilining murakkab morfologik va sintaktik tuzilishini tushunishda qiynalmoqda. Jumladan, fe’l zamonlari, egalik qoʻshimchalari va soz birikmalarini oʻzlashtirish eng qiyin jihatlardan biri sifatida qayd etilgan.

Toshkent shevasini tushunishdagi muammolar. Oʻzbek tilining adabiy shaklini oʻrgangan xorijlik talabalar hududiy shevalar, xususan, Toshkent shevasidagi soʻz va talaffuz oʻzgarishlarini tushunishda qiyinchiliklarga duch kelmoqda. Ayniqsa, shahar hayotida, bozor va jamoat joylarida muloqot qilayotganda, ular uchun Toshkent shevasini bilish muhim ekani aniqlandi.

Hindistonlik talabalar uchun alohida qiyinchiliklar. Hindistonlik talabalar uchun oʻzbek tilini oʻrganish ancha murakkab boʻlib, bunga hind va oʻzbek tillarining hech bir aspekti bir-biriga yaqin emasligi sabab qilib koʻrsatilmoqda. Harflar, talaffuz, grammatika, jumla tuzilishi butunlay farqlanadi. Shu sababli, ular uchun maxsus moslashtirilgan darslik va metodika ishlab chiqish zarur.

Shuningdek, Yuqoridagi muammolarni bartaraf etish uchun quyidagi chora-tadbirlar tavsiya etiladi:

  1. Oʻquv dasturlarini takomillashtirish – Xorijlik talabalar uchun maxsus oʻquv materiallari, soʻzlashuv qoʻllanmalari va kasbiy tilda muloqotni osonlashtiruvchi darsliklar ishlab chiqilishi lozim. Bunda lingvistik va kasbiy ehtiyojlar inobatga olinishi, ya’ni nofilologik yo’nalishdagi talabalarga mutaxassisligiga yo’naltirilgan maxsus o‘quv dasturi yaratish kerak. Masalan, tibbiyot oliygohlarining chet ellik talabalari uchun tibbiyotga yo‘naltirilgan mavzular asosida o‘zbek tilini til ko‘nikmalari qamrab olinishi hamda “Tibbiy o‘zbek tili” darsligiga ehtiyoj yuqori.
  2. Interaktiv va kommunikativ yondashuvlar – Til oʻrgatishda jonli suhbat, roliklar, audio-matnlar va rolli oʻyinlardan foydalanish kerak.
  3. Hududiy shevalar, xususan, Toshkent shevasi boʻyicha lugʻat yaratish. Toshkent shevasidagi asosiy iboralar va soʻzlarni o‘z ichiga olgan maxsus lugʻat tuzish, ayniqsa, Toshkentdagi oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan xorijlik talabalarning mahalliy aholi bilan muloqot jarayoni va davlat tilini o‘qitishda samarali boʻladi.
  4. Hindistonlik talabalar uchun maxsus kurslar tashkil etish. Hind tilidan oʻzbek tiliga oʻrgatuvchi qoʻshimcha manbalar tayyorlanishi lozim. Buning uchun vositachi til sifatida ingliz tilidan foydalanish yanada samarali bo‘lishi mumkin. Chunki Hindistonning ikkinchi rasmiy tili ingliz tili bo‘lgani sababli ko‘plab hind talabalar ingliz tilini biladi. Shuningdek, o‘zbekistonlik o‘zbek tili o‘qituvchilari hind tilidan ko‘ra ingliz tili bo‘yicha bilim darajasi yuqori va o‘zbek tilini o‘qitish jarayonida vositachi til sifdatida ingliz tilidan foydalanish oson kichadi.
  5. O‘quv soatlarining yetarli emasligi. O‘zbekistondagi oliy ta’lim muassasalarida chet ellik talabalar uchun o‘zbek tili darslari yo‘lga qo‘yilgan. Lekin o‘quv soatlari yetarli emas. Masalan, birgina Tibbiyot akademiyasi (hozirda Tibbiyot universiteti) da 2024-2025 o‘quv yilida xorijiy o‘zbek tili o‘quv fani uchun 30 soat (15 juftlik) dars ajratilgan. Bu esa talabalar yangi xorijiy tilni o‘rganishlari uchun yetarli emas.

Maqolada koʻrib chiqilgan ma’lumotlardan kelib chiqib, xorijlik talabalar uchun oʻzbek tilini oʻrganish jarayonida bir qator jiddiy muammolar borligi aniqlandi. Bu muammolarni hal etish maqsadida quyidagi xulosa va takliflarni ilgari surish mumkin:

Birinchidan, xorijlik talabalar oʻzbek tilini oʻrganishda yetarli adabiyotlarning yoʻqligidan shikoyat qilmoqda. O‘zbek tilini xorijiy til sifatida oʻrgatishga moʻljallangan zamonaviy, interaktiv va kasbiy ehtiyojlarga moslashtirilgan hamda madaniy aspektni o‘z ichiga olgan oʻquv materiallarini yaratish zarur. Ushbu darsliklar xorijlik talabalar uchun tushunarli, kontekstual va kommunikativ yondashuv asosida ishlab chiqilishi lozim. Shu bilan birga, elektron va audiovizual resurslardan foydalanish ham ta’lim jarayonini yanada samarali qiladi.

Ikkinchidan, xorijlik talabalar soʻzlashuv va grammatika koʻnikmalarini integral uslubda rivojlantirishga e’tibor qaratish kerakligini ta’kidlamoqda. Soʻzlashuv ko‘nikmalarini rivojlantirish uchun xorijlik talabalar bilan muntazam ravishda amaliy mashgʻulotlar oʻtkazish, ularni real hayotiy vaziyatlarga moslashtirilgan interaktiv metodlar orqali oʻqitish muhim ahamiyatga ega.

Uchinchidan, hududiy shevalar, jumladan, Toshkent shevasini bilish xorijlik talabalar nazarida muhim aspekt sifatida qaralmoqda. Chet ellik talabalar nafaqat adabiy tilni, balki hududiy shevalarni ham oʻrganishlari lozim. Chunki ular mahalliy aholi bilan muloqot qilishda shevadagi o‘ziga xos tafovutlar tufayli tushunmovchiliklarga duch kelmoqda. Shu bois, Toshkentdagi chet ellik talabalar uchun Toshkent shevasi boʻyicha maxsus lugʻat yaratish va uni xorijlik talabalar uchun adabiy til bilan parallel ravishda o‘quv jarayoniga kiritish borasida metodik tavsiyalar ishlab chiqilishi lozim.

To‘rtinchidan, hindistonlik talabalar uchun oʻzbek tilini oʻrganish jarayoni ancha murakkab kechmoqda. Bu ularning ona tilidan oʻzbek tiliga oʻtishda fonetik, grammatik va sintaktik jihatdan katta tafovutlar mavjudligi bilan bogʻliq. Shuning uchun hindistonlik talabalar uchun maxsus oʻquv materiallari va moslashtirilgan metodikalarga ehtiyoj yuzaga kelmoqda.

Beshinchidan, Oʻzbekiston OTMlarida, xususan, Toshkent tibbiyot akademiyasida xorijlik talabalar uchun ajratilgan oʻzbek tili dars soatlari qayta ko‘rib chiqilishi maqsadga muvofiq. 30 soatlik (15 juftlik) oʻquv mashgʻulotlari xorijlik talabalar uchun yetarli boʻlmay, ularning muloqot qobiliyatini shakllantirishga imkon bermaydi. Shu sababli, xorijlik talabalar uchun oʻzbek tili darslarini kamida 60-90 soatgacha oshirish, ayniqsa, tibbiyot yoʻnalishidagi talabalar uchun kasbiy terminologiyani oʻz ichiga olgan maxsus kurslarni tashkil qilish lozim.

2019 yil 21 oktyabrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-5850 sonli Farmoni qabul qilindi. Ushbu farmon asosida “2020-2030 yillarda o‘zbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi” ishlab chiqildi. Mazkur ikki hujjatga ko‘ra, davlat tilimizni xalqaro miqyosda tanitish va targ‘ib qilish, buning uchun uni xorijliklarga o‘qitish bo‘yicha mavjud muammolarni hal qilishimiz zarur. Muammolarning yechimi sifatida, avvalo, yuqorida ko‘rib chiqilgan masalalar yuzasidan berilgan takliflar ijobiy hal etilishi va ilmiy jamoatchilik o‘rtasida keng muhokamalar olib borilishi muhimdir.

AQSHdagi Arizona davlat universitetining Kritik tillar institutida o‘zbek tili 2007-yildan beri o‘qitib kelinadi. Kritik til deganda talab, qiziqish katta, biroq taklif, ya’ni o‘qitilish darajasi kamroq bo‘lgan tillar nazarda tutilaldi. KTIda14ta til 7 hafta davomida o‘qitiladi. Tillarni jadal o‘qitishning qiziq tomoni shundaki, talaba kuniga 4-5 soat o‘qituvchi bilan til va madaniyatni o‘rganadi, yana taxminan 4 soat uy ishini bajaradi. Darsdan so‘ng boshqa guruh talabalari vao‘qituvchilar ishtirokida turli taqdimot va uchrashuvlar, davra suhbatlari o‘tkaziladi. Haftada ikki kun darslardan keyin metodik yordamga muxtoj talabalar bilan qo‘shimcha mashg‘ulotlar, maslahat soatlari o‘tkaziladi (Adilova, 2025). Bunday intensiv va metodik jihatdan asoslangan ta’lim modeli o‘zbek tilini chuqur hamda izchil o‘rgatish imkonini yaratadi. Shu bois mazkur yondashuvlarni O‘zbekistonda tahsil olayotgan xorijiy talabalar uchun o‘zbek tilini o‘qitish jarayoniga moslashtirish dolzarb va ilmiy jihatdan asosli hisoblanadi.

Shuningdek, zamonaviy texnologiyalar yordamida o‘zbek tilini o‘qitish samaradorligini oshirish mumkin. Masalan, bugungi kunda ommabop til o‘rganish platformasi hisoblangan “Duolingo” mobil ilovasi yordamida millionlab insonlar xorijiy tillarni o‘rganmoqda. Ushbu platforma 40 dan ortiq tillarni o‘rganishni taklif qiladi. Bunda jahon tillari va boshqa yirik tillardan tashqari, dunyo bo‘yicha juda kam sonli aholi so‘zlashadigan mayda tillar (eston tili, island tili, klington tili, valerian tili va hk.) ham bor. O‘zbek tili o‘z so‘zlashuv auditoriyasi jihatidan qariyb 50 million kishini tashkil qilishini etiborga olsak, (Muhamedova, Shirinova, 2024) “Duolingo” kabi til o‘qitish tizimini yo‘lga qo‘yishimiz va uni ommalashtirishimiz qiyin kechmaydi. Agar o‘zbek tili uchun ham bunday interaktiv platformalar yaratilsa, u yanada ommalashadi. Shu bois, axborot texnologiyalari mutaxassislari bilan hamkorlikda onlayn darsliklar, virtual lug‘atlar, sun’iy intellekt asosida ishlaydigan tarjimon dasturlar ko‘plab ishlab chiqilishi zarur. Biroq, masalaning yana bir tomoni mavjudki, sanab o‘tilgan barcha usullar o‘ziga xos moddiy ta’minotni ham talab etadi. Shuning uchun tegishli mutasaddi tashkilotlar tomonidan o‘zbek tilini xorijiy til sifatida o‘qitish sohasi uchun ham zarur mablag‘lar ajratish hamda texnik ta’minot ishlarini yanada takomillashtirish maqsadga muvofiq. Soha mutaxassislari, tilshunos va metodist olimlarni moddiy rag‘batlantirishni ham mazkur yo‘nalishida qilinishi zarur bo‘lgan ustuvor vazifalardan biri sifatida e’tirof etishimiz lozim. Chunki har qanday sohaning rivoji ana shu yo‘nalish uchun ajratilayotgan moddiy ta’minotning ko‘lamiga ham bog‘liq bo‘lishi mumkin.

Xulosa

Xulosa qilib aytganda, o‘zbek tili tobora xalqaro maydonga chiqayotgan va turli sohalarda o‘rganilayotgan tilga aylanib bormoqda. Uning jahon miqyosida mustahkam o‘rin egallashi uchun zamonaviy metodikalar, texnologiyalar va ta’lim yondashuvlarini joriy etish muhim. Bu nafaqat davlat tilimiz, balki mamlakatimizni ham jahonda obro‘si yanada ortishiga xizmat qiladi. O‘zbek tili nafaqat milliy merosimiz, balki u global til makonida yuqori o‘rniga ega bo‘lishga loyiq tildir.

Published

Downloads

Author Biography

Zuhra Muxsin qizi Israilova ,
Alisher Navoi University of Uzbek Language and Literature

Basic doctoral student

How to Cite

Israilova , Z. M. qizi. (2026). The current state of teaching Uzbek to foreign students in practice. The Lingua Spectrum, 12(1), 243–252. Retrieved from https://lingvospektr.uz/index.php/lngsp/article/view/1430