Tarjimaning lingvokulturalogik masalallari

Авторы

  • Самаркандский государственный институт иностранных языков
Tarjimaning lingvokulturalogik masalallari

Аннотация

Tarjima — bu bir tildagi matnni boshqa tilga o‘zgartirish jarayoni bo‘lib, bu jarayonda faqat lingvistik (tilga oid) omillarni emas, balki madaniyatga oid, ijtimoiy, tarixiy va psixologik jihatlarni ham hisobga olish zarur. Tarjimaning lingvokultural masalalari, asosan, tildan tashqari madaniyatning tilga ta’siri, madaniyatlararo tafovutlar va semantik aloqalar bilan bog‘liq bo‘ladi. Har bir til va madaniyat o‘ziga xos, noyob xususiyatlarga ega bo‘lib, tarjimon ushbu xususiyatlarni to‘g‘ri va aniq aks ettirishga harakat qiladi. Shuning uchun tarjimaning lingvokultural masalalari tarjimonning asosiy vazifalaridan biridir. Lingvokultural masalalar, aslida, til va madaniyatning o‘zaro ta’siridan kelib chiqadi. Madaniyat til orqali ifodalanadi va har bir til o‘ziga xos madaniy izlar va qadriyatlarni o‘z ichiga oladi. Tarjimon bu o‘ziga xosliklarni va farqlarni hisoblasa, tarjima matnining mazmuni to‘liq va aniqligini ta’minlaydi. Madaniyatlararo farqlar — bu tarjimaning eng murakkab va muhim masalalaridan biridir. Har bir madaniyatda o‘ziga xos urf-odatlar, qadriyatlar, an’analar va xulq-atvorlar mavjud bo‘lib, ular til orqali ifodalanadi. Bunday farqlarni tarjimashunoslikda etnosentrizm yoki kulturologik farq deb atashadi. Tarjimada madaniyatlararo farqlarni hisobga olish, original matnning o‘ziga xosligini saqlashga yordam beradi.

Ключевые слова:

lingvokulturologiya madaniyat til o‘xshatish stereotip

XXI asrga kelib tilshunoslikning tilni shunchaki aloqa vositasi va tafakkur natijasi sifatida emas, millatning madaniy ochqichi sifatida tadqiq etadigan sohalari yuzaga kelmoqda. Bu yo‘nalishlarning paydo bo‘lishiga V. Gumboldt, A.A. Potebnya va boshqa olimlarning ilmiy ishlarida keltirib o‘tilgan. Jumladan, V.Gumboldt “Millatim tilining chegaralari mening dunyoqarashim chegaralarini belgilaydi”, - deb aytgan edi. Til nafaqat borliqni aks ettirish funktsiyasini bajaradi, shuningdek, inson yashayotgan borliq, muhitni uning ongiga tabdil qilib beradi. Aynan Shu tufayli ham keyingi ming yillikda G‘arb falsafasi tildan foydalanish jarayoniga asoslanib rivojlanmoqda. Zamonamizning yetakchi mutafakkirlaridan A.M.Xaydegger tilni “mavjudlik uyi” deb atagan. Shu tufayli ham tilshunoslik har qanday ijtimoiy fanlar tizimida yetakchi metodologik mavqega ega, uning yordamisiz madaniyatni o‘rganish mumkin emas. Mazkur ishda til nafaqat hozirgi zamon millatlarining ichki olami, shuningdek, qadimgi dunyo odamlarining dunyoqarashi, jamiyat hamda olam to‘g‘risidagi tushunchalarini ifodalovchi vosita sifatida talqin etiladi. Ajdodlarning ruhiy olami va tushunchalari bugungi kunga qadar maqol, matal, iboralar, metaforalar, madaniy belgilar orqali yetib kelgan. Ma’lumki, inson bolaligidan boshlab o‘z millatiga xos til va til orqali madaniyatni o‘rganib boradi. Shundagina u inson hisoblanadi. Xalqning nozik madaniy belgilari uning tilida aks etadi. Til insonning o‘ziga xos va o‘ziga mos atributlaridan bo‘lib, u orqali inson o‘zini va olamni anglaydi. Olam haqidagi axborotlarning katta qismi insonga til orqali yetib keladi. Kelib chiqadiki, inson tushunchalar olamida yashaydi. Tushuncha esa narsani real ko`rsatmasligi mumkin. Tushunchalar olami aqliy, ruhiy va ijtimoiy ehtiyoj natijasida yuzaga keladi. Bu olamga axborot albatta so‘z orqali kiradi. Lingvokulturologiya til va madaniyat aloqadorligi bo‘lib, uning asosiy maqsadi – xalqning ichki olami va madaniyatini til orqali kashf etishdir.

Lingvokulturologik tadqiqotning obyekti madaniy axborotning tarjimoni bo‘lgan tilning o‘zaro aloqalarini o‘rganishdir. Bu obyekt bir qancha fundamental fan – tilshunoslik va madaniyatshunoslik, etnografiya va psixolingvistikaning tutashgan nuqtasida paydo bo‘lgan.

Madaniyatshunoslik- madaniyat rivojlanishining eng umumiy qonuniyatlarini o‘rganadi. Uning manbai insoniyat yaratgan barcha madaniy qadriyatlardir. Madaniyatshunoslikning asosiy vazifasiga insonning tabiat, jamiyat bilan birgalikdagi faoliyatini hamda kishilarning ma’naviy turmushiga oid barcha jarayonlarni tadqiq qilish kiradi. Uning tadqiqot manbai bo‘lib:

  • inson yaratgan sanoat sohasi;
  • kishilarning muomala vositasi bo‘lgan til;
  • jamiyat boyligi va mezoni bo‘lmish bilim;
  • ijtimoiy munosabatlar va ijtimoiy tashkilotlar;
  • jamiyatda sodir bo‘luvchi demografik va etnik jarayonlar xizmat qiladi.

Madaniyatshunoslik umumnazariy fan hisoblanib, unga xos bo‘lgan xususiyat - insonning madaniy hayoti hodisasini tartibli tizimga solib yondashish hisoblanadi. Shuningdek, madaniyat gumanitar bilimlarni o‘zida mujassam qilgan holda namoyon bo‘lishi bilan birga bilishning o‘ta murakkab obyekti hamdir.

Lingvokulturologiya sohasida jiddiy tadqiqotlar yaratgan V.A.Maslova[1] ushbu sohaning rivojini 3 bosqichga ajratadi:

1) fan shakllanishiga turtki bo‘lgan dastlabki tadqiqotlarning yaratilishi (V.fon Gumbolg`dt, E.Benvenist, L.Vaysgerber, A.A.Potebnya, E.Sepir kabi tilshunoslarning ishlari);

2) lingvokulturologayaning alohida soha sifatida ajratilishi;

3) lingvokulturologiyaning rivojlanish bosqichi.

Madaniyat, xalq tafakkuri, uning olamni idrok etishidagi o‘ziga xos jihatlarning tilda aks etishini o‘rganish lingvokulturologiyaning asosiy maqsadidir. Mazkur sohaning obyekti til va madaniyat, predmeti esa o‘zida madaniy semantikani namoyon etuvchi til birliklari hisoblanadi.

Binobarin, lingvokulturologiyada madaniy axborot tashuvchi til birliklari tadqiq etiladi. Bunday til birliklari lingvomadaniy birliklar termini ostida birlashadi. Ramz, mifologema, etalon, metafora, paremiologik birliklar, lakunalar, stereotiplar, pretsedent birliklar, nutqiy etiketlar eng asosiy lingvomadaniy birliklar hisoblanadi. Olamning lisoniy manzarasini, madaniyatning asosiy konseptlari majmui bo‘lgan konseptosferani, lisoniy ongni tavsiflash hamda til egalarining milliy-madaniy mentalligini aks ettiruvchi lisoniy birliklarni, insoniyatning qadimiy tasavvurlariga muvofiq keluvchi madaniy arxetiplarni, nutqiy muloqotga xos bo‘lgan milliy ijtimoiy-madaniy stereotiplarni aniqlash lingvokulturologiyaning asosiy vazifalari hisoblanadi. Til va madaniyatning o‘zaro ta’siri muammosi etnolingvistika, etnopsixolingvistika, kogaitiv tilshunoslik, lingvomamlakatshunoslik, lingvokonseptshunoslik, lingvopersonologiya kabi sohalarda ham o‘rganiladi. Shu sababli ushbu sohalar lingvokulturologiyaga yaqin sohalar hisoblanadi. Hozirgi vaqtda lingvokulturologiya dunyo, xususan, rus tilshunosligida eng rivojlangan sohalardan biri bo‘lib, bu borada salmoqli tadqiqotlar, bir qancha o‘quv qo‘llanmalar yaratilgan. Mazkur sohaga oid ishlarda tadqiqotchilarning olamning lisoniy manzarasi, lingvomadaniy konseptlar, pretsedent birliklar, intertekstuallik, lisoniy ong, barqaror birliklarning lingvomadaniy xususiyatlari kabi masalalarga katta ehtibor qaratayotganliklarini kuzatish mumkin. Bunday tadqiqotlarda tilning barcha sathlari birliklari, xususan, so‘z va matnning tamoman yangicha talqini va tahlili ustuvorlik qiladi. Bunda lisoniy birliklarning nafaqat til qonuniyatlari, balki jamiyat, inson, madaniyat, ruhiyat, milliy mentalitet kabi omillar nuqtai nazaridan ham tadqiq etilishi til ilmida yangi g‘oyalar, yangi ilmiy qarashlar va tamoyillarning yuzaga kelishiga sabab bo‘ldi.

Prof. Sh. Safarovning 2006 yilda nashr qilingan “Kognitiv tilshunoslik”[2] nomli monografiyasi ayni sohaga oid nazariy qarashlarning o‘zbek tilshunosligiga kirib kelishida muhim qadam bo‘ldi. Kitobning ustuvor jihatlaridan biri shundaki, unda til va tafakkur munosabati milliy mentallik va milliy madaniyat tushunchalari bilan bog‘liq ekanligiga alohida e’tibor qaratilgan. Sh.Safarov, jumladan, bu borada quyidagi fikrlarni bildiradi: “Tilning tafakkur bilan aloqasini hozircha hech kim inkor etgan emas (hatto bunga harakat ham qilingan emas). Biroq til va tafakkur aloqasini “teng huquqli hamkorlik” darajada ko‘rmoq kerak. Aslida, tilga ham, tafakkurga ham ta’sir o‘tkazadigan madaniyatdir"[3]. Olimning ikki yil avval ehlon qilingan “Semantika” nomli monografiyasida lingvokulturologiya, xususan, lingvomadaniy konseptga doir nazariy qarashlar yanada keng talqin etildi. Monografiyaning “Konsept va ma’no” deb nomlangan 8- bobida muallif konsept xususidagi turli qarashlarni chuqur tahlil etib, ularga o‘z munosabatini bildirgan.  

Olimning “Konsept mundarijasida til sohiblarining dunyoqarashi va boshqa turli 17 milliy-madaniy belgilarning aks topishi muqarrar” degan xulosasi bugungi kun lingvokonseptshunosligida usguvor bo‘lgan qarashlar bilan hamohangdir.

 

[1] Darvishov I. O‘. Lingvokulturalogiya “Ma’ruzalar matni”. Namangan 2021.

[2] Safarov Sh. “Kognitiv tilshunoslik”

[3] Tuychiyeva P. B. (2023). METHODS USED IN FOREIGN LANGUAGE LEARNING IN OUR COUNTRY AND IN OTHER COUNTRIES . Journal of New Century Innovations, 26(5), 64–68

Библиографические ссылки

Darvishov I. O‘. Lingvokulturalogiya “Ma’ruzalar matni”. Namangan 2021.

Safarov Sh. “Kognitiv tilshunoslik”

Tuychiyeva P. B. (2023). METHODS USED IN FOREIGN LANGUAGE LEARNING IN OUR COUNTRY AND IN OTHER COUNTRIES . Journal of New Century Innovations, 26(5), 64–68

Tuychiyeva P. B. (2024). COMMON USED TERMS IN MODERN TOURISM INDUSTRY . Ta’lim Innovatsiyasi Va Integratsiyasi, 18(5), 128–131.

Опубликован

Загрузки

Биография автора

Парвина Туйчиева ,
Самаркандский государственный институт иностранных языков

assistent–o‘qituvchi

Как цитировать

Туйчиева , П. (2024). Tarjimaning lingvokulturalogik masalallari. Лингвоспектр, 2(2), 202–204. извлечено от https://lingvospektr.uz/index.php/lngsp/article/view/251