Intangible cultural heritage of the people of Fergana Valley related to farming and horticulture

Authors

  • Fergana State University
Нематериальное культурное наследие народов Ферганской долины, связанное с земледелием и садоводством

Abstract

This article analyzes the farming and horticultural traditions of the peasant population of the Fergana Valley in the context of intangible cultural heritage based on historical and ethnographic materials. Traditions related to planting, caring for, and harvesting crops, folk calendars, and knowledge and skills related to grape growing have been researched as intangible cultural heritage.

Keywords:

Ferghana Valley agriculture horticulture intangible cultural heritage folk calendars viticulture rituals traditions.

KIRISH.

O‘zbekistonda mustaqillik yillarida tarixiy xotirani, milliy-madaniy an’analarni tiklash borasida salmoqli ishlar amalga oshirildi. Ayniqsa, nomoddiy madaniy meros namunalarini o‘rganish borasida O‘zbekiston hukumatining qator xalqaro tashkilotlar (YUNESKO, ICHKAP) bilan hamkorligi va nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish, ilmiy o‘rganish va targ‘ib qilishni rivojlantirishga oid qator huquqiy-me’yoriy hujjatlar asosida tashkil etilgan ilmiy-amaliy ekspeditsiyalar, ilmiy loyihalar o‘z samarasini bera boshladi (ICHKAP, n.d.).

O‘zbekiston nomoddiy madaniy merosida tabiat va koinot bilan bog‘liq urf-odatlar muhim ahamiyat kasb etadi. O‘zbekistonning turli mintaqalarida o‘ziga xos tarzda uchraydigan yomg‘ir chaqirish marosimi, xalq tabobati an’analari, dehqonchilik, bog‘dorchilik va chorvachilik bilan bog‘liq bilim va ko‘nikmalarni nomoddiy madaniy meros sifatida qayd etish, uni asl mazmun-mohiyati bilan tiklash va targ‘ib etish davlat ahamiyatiga molik masala sifatida qaralmoqda.

ADABIYOTLAR TAHLILI VA METODOLOGIYA.

Farg‘ona vodiysining qulay geografik holati nafaqat o‘lkaning iqtisodiy, madaniy taraqqiyotini ta’minlab berdi balki, turli etnik komponentlar oqimining bu yerga kelib joylashib qolishiga ham ma’lum darajada katta ro‘l o‘ynadi. Bundan tashqari Farg‘onaning tabiiy izolyatsiyalanganligi o‘lkaning bir qadar osoyishta bo‘lishiga va hatto ba’zida siyosiy voqealar ta’siridan tashqarida qolishiga ham imkon berardi (Gubaeva, 1991, p. 4).

Turli ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy voqealar ta’sirida nafaqat yondosh mintaqalar balki, Farg‘onaning alohida hududlaridan odamlarning yashash uchun qulay joylarga kelib o‘rnashishi sababli XX asrning boshlarida Farg‘ona vodiysi O‘rta Osiyoning aholisi eng zich va ko‘p millatli mintaqasiga aylandi. Farg‘ona vodiysining rang-barang tabiiy sharoiti aholining ko‘pqirrali mashg‘ulotlarining shakllanishiga olib keldi. Baland tog‘liklar yozgi yaylovlar sifatida xizmat qilgan bo‘lsa, yarimdasht hamda tog‘oldi adirlari erta bahor yaylovlari va lalmi dehqonchiligi rivoji uchun katta ahamiyatga ega bo‘ldi.

Farg‘ona vodiysi aholisining qadimgi davrdan boshlab bugungi kungacha bo‘lgan dehqonchilik an’analari A.Bernshtam, Yu.Zadneprovskiy, N.Gorbunova, K.Shoniyozov, A.Anorboyev, S.Gubayeva, U.Abdullayev, A.Ashirov, B.Matboboyev, F.Maqsudov, Z.Isoqov va A.Sarimsoqov kabi arxeolog va etnolog olimlarning ishlarida yoritib berilgan (Zadneprovskiy, 1962; Gorbunova, 1984; Anarbayev, 2001; Gubayeva, 1991; Abdullayev, 2005; Ashirov, 2005; Matbobayev, 2001; Maqsudov, n.d.; Isoqov, 2011; Sarimsoqov, 2014).

NATIJALAR VA MUHOKAMA.

Farg‘ona vodiysida dehqonchilik madaniyatining rivojlanishini Chust va Elatan madaniyati misolida kuzatish mumkin. Ayniqsa, Elatan madaniyati davrida (mil. avv. VII–IV asrlar) butun Farg‘ona vodiysi bo‘ylab sug‘orma dehqonchilik madaniyati keng yoyiladi. Vodiyning bu davr aholisi vohalarda asosan, dehqonchilik xo‘jaliklari bilan, ularni o‘rab olgan tog‘ oldi adir va dasht aholisi – yaksart orti saklar esa chorvachilik bilan shug‘ullanishda davom etadilar (Zadneprovskiy, 1962; Anarbaev et al., 2005).

Farg‘ona vodiysi aholisining madaniy merosi sifatida saqlanib qolgan xo‘jalik an’analarning tarixiy ildizlari aynan Chust va Elatan madaniyati yaratuvchilari an’analari bilan uzviy bog‘liqligi tadqiqotlarda o‘z isbotini topgan.

Dehqonlar xo‘jalik faoliyati davomida asrlar davomida to‘plangan tajriba va usullar, fenologik kuzatishlar asosida o‘ziga xos ziroatchilik an’analari va marosimlarini o‘tkazib kelganlar. Mazkur an’analarda diniy-mifologik qarashlar va rituallar ham muhim ahamiyat kasb etgan (Ashirov, 2005).

Dehqonlar, bog‘bonlar va chorvadorlar ayozli kunlardan omon-eson chiqib, bahorning issiq kunlarini intiqlik bilan kutib, katta dehqonchilik ishlariga jiddiy tayyorgarlik ko‘rganlar, omoch-bo‘yinturuqlarni, molalarni sozlab, taxt qilganlar, otlar sovutilgan, aravalar tuzatilib ishga yaroqli holga keltirib qo‘yilgan. Asosiy ishchi kuchi bo‘lgan ho‘kizlarni yaxshi parvarishlab, ularni yer haydashga olib chiqqanlar. Zahmatkash dehqonlar aynan shu kuni dalaga qo‘sh chiqarib dastlabki urug‘ni yerga qadaganlar. Albatta, bu ishlar nomoddiy madaniy meros sifatida saqlanib qolgan amaliy tajribalar, bilimlarga tayanilgan va rang-barang marosim hamda urf-odatlar asosida o‘tkazilgan.

Farg‘ona vodiysida ekin-tikinchilik ishlari dehqonchilik taqvimlari asosida olib borilgan. Ziroatkorlarning asrlar davomida tabiatni izchil kuzatishi natijasida dehqonchilik taqvimi paydo bo‘lgan (Jo‘raev, 1994; Narziqulov, 1991; Livshits, 1975; Sarimsoqov, 1986). Aynan dehqonchilik an’analarini tadqiq etgan olim Z. Isoqovning ma’lumotlariga ko‘ra, qishloq xo‘jaligida qo‘llanilgan dehqon taqvimi har biri 90 kunlik muddatni o‘z ichiga olgan fasllardan tashkil topgan: bahorgi to‘qson (hamal, savr, javzo), yozgi to‘qson (saraton, asad, sumbula), kuzgi to‘qson (mezon, aqrab, qavs) va qishki to‘qson (jaddiy, dalv, xut). Yozgi jazirama issiq va qishki sovuq davrlar katta va kichik chillalarga bo‘lingan (Isoqov, 2011, p. 89).

Farg‘ona vodiysi ziroatkorlari ham dehqonchilik ishlarini Sharq xalqlari taqvimi asosida olib borgan. Bahorgi dala ishlari, mahalliy taqvimga ko‘ra, yangi yil – quyoshning baliq (hut) burjidan qo‘y (hamal) yulduzlar turkumiga o‘tgan vaqtdan boshlangan. Hozirgi amaldagi oy kalendari bo‘yicha bu 21-martdan boshlanib 21-aprelgacha bo‘lgan davrni o‘z ichiga oladi (Kyslyakov, 1947; Narziqulov, 1991). Dastlabki dehqonchilik yumushlari Navro‘z tantanalari bilan bir paytda boshlangan.

Farg‘ona vodiysidagi xalq taqvimlarining quyidagi turlari ham mavjud bo‘lgan;

  1. Shamsiy taqvimi;
  2. Qamariy taqvimi;
  3. Qush qayi yoki dolg‘a hisobi (fenologik kalendar);
  4. To‘g‘al yoki to‘qush hisobi;
  5. Toshuv hisobi (ya’ni daryo toshqinlari asosida);
  6. Muchal hisobi;
  7. Chorva hisoblari.

Farg‘onalik dehqonlar bu xalq taqvimlaridan, fenologik bilimlardan yer haydash, ekin ekish va unga ishlov berish ishlarida keng foydalangan.

Shuningdek, Farg‘ona vodiysida dehqonchilik ishlarini yuritishda hafta kunlari bilan bog‘liq an’analarga ham rioya qilishgan. Xosiyatli va barokatli kunlarni aniqlash uchun solnomalar, “haftanoma”lar tuzishgan. Dehqonlarning bilim va ko‘nikmalari asosida tuzilgan “Haftanoma”lardan birida hafta kunlarining xususiyatlari berilgan. Masalan, “Shanba (Zuhal) - dehqonchilik qilmoq yaxshidur, bir donaga ming dona barakat berur, hargiz befoyda bo‘lmas. Yakshanba (Quyosh) - dehqonchilik qilmoq yaxshi emas, ofat tushgay. Dushanba (Oy) - dehqonchilik qilmoq yaxshidur. Seshanba (Mirrix) - agar ziroat qilsa, qurt, sichqon yo hayvondin ul ziroat shikast topgay. Chorshanba (Atorud) - ammo dehqonchilik qilmoq yaxshidur, barakat paydo bo‘lur, xirmon olmoq yaxshidur. Payshanba (Mushtariy) - hamma korlarga yaxshidur. Juma (Zuhra) - dehqonchilik qilmoq yaxshidur” (Haftanoma, 1990, pp. 2–8).

Tadqiqotchi Z. Isoqovning aniqlashicha, Andijon o‘zbeklarida bahorgi yer haydashni shanba kuni boshlash lozim deyilgan bo‘lsa, yer haydash kunduz kuni bo‘lsa shimolga, kechasi bo‘lsa janubga qarab haydalgan (Isoqov, 2011, p. 84). An’anaga ko‘ra, dehqonchilikda “qo‘sh chiqarish”, “shoh moylar”, “qo‘sh oshi” nomlari bilan aytiluvchi marosimlar o‘tkazilgan. Hosilni o‘rib tugallash arafasida bug‘doy o‘rimiga yig‘ilgan hasharchilar ishtirokida maxsus marosim – “Oblo baraka” o‘tkazilgan bo‘lsa, hosilni yig‘ishtirib choshga to‘plaganlaridan keyin “haqullo” marosimi bajarilgan (O‘zbekiston nomoddiy madaniy merosi..., 2014, p. 47).

Vodiyning o‘troq dehqonlari oilasida tug‘ilgan o‘g‘il farzandga atab, maxsus daraxt – terak yoki mevali daraxtlar ekish odati keng tarqalgan. O‘z navbatida biror bir mevali daraxt qurib qolsa, u darrov kesib tashlangan. Chunki xalqona tasavvurga ko‘ra, qurigan daraxt bexosiyat hisoblanib, shu xonadonga o‘lim olib keladi, degan tasavvurlar bo‘lgan (O‘zbekiston nomoddiy madaniy merosi..., 2015, p. 49).

Farg‘ona vodiysi o‘zbeklarida dehqonchilik homiysi hisoblangan Bobodehqon kul’ti va ushbu kul’t bilan bog‘liq holda bajariluvchi juda ko‘plab urf-odat va rasm-rusumlar keng tarqalgan. Dehqonchilikda o‘tkaziladigan barcha urf-odat va marosimlarda, shuningdek urug‘ qadashda uni parvarishlash va yig‘ib olishda “Bobodehqon” kulti muhim ahamiyatga ega bo‘lgan (Isoqov, 2011, p. 87). “Bobodehqon” atamasidan tashqari “Xo‘ja Abdullo dehqon”, “Xo‘jai Xizir” nomlari ham qo‘llanilgan.

Farg‘ona vodiysida erta bahorda dehqonchilikni yaxshi biladigan keksalar dalalarga chiqib tuproqni shudgorlash uchun yetilgan yoki yetilmaganini aniqlashgan. Agar yer haydash uchun tayyor bo‘lsa, dehqonchilikning yana bir udumi hisoblangan «shoxmoylar» marosimi o‘tkazilgan. Ushbu marosim udumga ko‘ra qozon osilib unga yog‘ quyib qizdirilgan va unda bo‘g‘irsoq va chalpak pishirilib, so‘ngra xuddi shu qozondagi yog‘ bilan oiladagi keksaroq kishi xo‘kizning shoxini, yelkasini, tuyoqlarini va hatto irim qilib omochning tishini ham moylagan. Ushbu marosim vodiying So‘x tumani tojiklarida “govxunukkunon” yoki “yug‘munon” deb atalgan (Dzhanov, 1989, pp. 110–111).

Folklorshunos olim B. Sarimsoqovning ta’kidlashicha, «Shoxmoylar marosimi dehqonlar bilan bog‘liq urf-odatlarning eng asosiysi bo‘lib, bu udum ziroatchilik marosimlariga yo‘l ochgan. Shuning uchun dehqonlar shoxmoylarni zo‘r tantana bilan o‘tkazishga intilishgan» (Sarimsoqov, 1986, p. 198). Shoxmoylar paytida ho‘kizlarga ko‘z tegmasligi uchun irim qilinib tumorlar taqilgan. Shoxmoylar marosimlarning barcha rasm-rusumlari qilingach, mulla tomonidan «dehqonchilik risolasidan» parchalar o‘qilgan. Shundan so‘ng ho‘kiz bo‘yniga bo‘yinturuq solingan (Isoqov, 2001; Isoqov, 2011).

Bahorga dehqonchilik bilan bog‘liq marosimlar o‘tkazilib bo‘lingach dehqonlar ishga kirishganlar. Yerlarga ishlov berishda dehqonlar bir-biriga yordam qo‘lini cho‘zishib, hamjihatlik bilan mehnat qilishgan. Chunki aksariyat hollarda dehqonlarning ko‘pchiligida ishchi hayvonlar yoki ishchi kuchi yetarli bo‘lmasdi. Bunday sheriklik qilish usuli «alg‘ov», «hamgav», «hamqush» deb ham yuritilib, O‘rta Osiyo va dunyoning boshqa dehqonchilik hududlarida ham bu usul keng qo‘llanilgan (Shoniyazov, 1964, pp. 50–51; Shoniyazov, 1974, pp. 174–175). Ushbu usul nafaqat yerlarga ishlov berishda, balki hosilni parvarishlashda, uni yig‘ishtirib olish hamda yanchishda ham keng qo‘llanilgan.

Shu o‘rinda qayd etish lozimki yerga ishlov berish vaqtida, dehqonlar o‘zaro kelishib, bir-birining omoch yoki xo‘kizlaridan ham foydalanishgan. Ijara haqi esa hosil pishib yetilgandan so‘ng qaytarilib, bu vodiyning ayrim tumanlarida «qo‘sh xaqi» deb yuritilgan. O‘sha davrdagi boy oilalarda esa barcha imkoniyatlar yetarli bo‘lganligi bois ular o‘z yerlariga ishlov berishda yollanma ishchilar mehnatidan foydalanishgan. Ushbu mulkdorlar o‘z yerlarini ko‘p hollarda chorakorlarga ijaraga berishgan.

Mahalliy aholi hosildorlikni yaxshi bo‘lishi ob-havoga bog‘liq bo‘lgan qurg‘oqchilik dehqonlar uchun ofat hisoblangan. Vodiyning Quva tumani Tolmazor qishlog‘ida yashovchi 94 yoshli Nishonboy otaning ma’lumot berishicha qurg‘oqchilik yillari qishloqda Ollohdan yomg‘ir so‘rab xayri xudoyilar o‘tkazilgan. Ushbu xudoyilar odatdagi xudoyilardan shunisi bilan farq qilganki, unda qatnashayotgan oqsoqollar soni 7 kishi yoki 17 kishi bo‘lishi shart bo‘lgan (Isoqov, 2011, p. 96).

Vodiyning So‘x tumanida yomg‘ir chaqirish bilan bog‘liq bo‘lgan boshqa rasm-rusumlar ham bajarilgan. Masalan, So‘x qishloqlarida «tarishkunak» deb nomlangan odat bo‘lib. Bu odatga ko‘ra qishloq erkaklari yarim yalang‘och holda ko‘chaga chiqishib bir-birini ustidan suv quyishgan hatto biror kishini aksariyat hollarda mahalla imomi yoki mullasini suv oqayotgan ariqqa tashlashgan. Shu kunlari qishloq aholisi xohlagan xonadonga kirishgan va u yerda ularni bajonidil mehmon qilishgan. Bunday kunlarda qishloqning barcha xonadonlarida marosimiy taomlar, aksariyat hollarda chalpak pishirilgan (Isoqov, 2011, p. 98). Bu taom mahalliy tilda «Kashki chavari» deb atalgan (Dzhanov, 1989, p. 112). Farg‘ona vodiysining shimoliy tumanlarida yomg‘ir chaqirishning «sust xotin» yoki «suv xotin» deb ataluvchi udumlari qayd etilgan (Dzhanov, 1989, p. 118).

Yomg‘irni to‘xtatish uchun vodiyning ayrim tumanlarida g‘ayri oddiy usullar qo‘llanilgan. Masalan, Andijon viloyatining Marhamat tumani va Farg‘ona viloyati Quva tumanida odamlar yomg‘irni to‘xtatish uchun shu qishloqda yashab o‘tgan va yashayotgan kal va ko‘sa odamlarning ismlarini toq sonlar bilan sanashgan (ya’ni 1,3,5,7 va hokazo). Ular shu sanog‘ 41 taga yetkazilsa yomg‘ir to‘xtaydi deb ishonishgan (Field data, 2001, Rovat village, Marhamat district). Agar sanog‘ 41 taga yetkazilsa, u holda hisoblanayotgan kallar soni 21 tani tashkil etgan.

Etnolog olim A.Ashirovning ta’kidlashicha, dehqonlar tomonidan hosilni yig‘ib olishdan avval xayri xudoyi qilish uni beziyon yig‘ishtirib olish maqsadida yovuz ruhlar, insu-jinslar xurujining oldini olishga qaratilgan (Ashirov, 2005).

Dehqonchilik qilish uchun bir qadar qulay bo‘lgan muhit bu kichik daryo vohalari va tog‘oldi tekisliklaridir. Bunda yuqori hosildorlikka ega bo‘lgan paxta, mevalar, uzum, shuningdek, donli, poliz ekinlari ekilgan. Albatta butun vodiy bo‘ylab dehqonchilik qilish uchun qulay sharoit bo‘lsa-da, ammo geografik ham tarixiy sabablar tufayli u yoki bu madaniy o‘simlik bir xil yetishtirilmagan. Masalan, sholi yetishtirish Farg‘ona vodiysining barcha joylarida deyarli bir xil darajada (aynan Sirdaryo bo‘ylarida va tog‘ daryolarining tekislikka chiqish joyida) bo‘lgan. Barcha sholi yetishtiruvchi hudud o‘ziga yaqin bo‘lgan qishloqlarni ham sholi bilan ta’minlab turgan. Birgina Isfara sholikorlari Konibodom, Beshariq, Yaypan va hatto Qo‘qonni guruch bilan ta’minlab turgan (Sovremennyy kishlok Sredney Azii, 1927, p. 130).

Bog‘dorchilik va uzumchilikning rivoji uchun ham tabiiy iqlim qulay bo‘lgan. Ayniqsa vodiyning janubi-g‘arbiy qismi Isfara, So‘x, Chimyon, Mindon va Rishtonda asosan o‘rik daraxti ekilgan. Ushbu joylarda tayyorlangan quritilgan o‘rik (turshak, g‘o‘lin) O‘rta Osiyoda juda mashhur bo‘lib, nafaqat tutash mintaqalar balki Rossiyaga ham sotish uchun chiqarilgan. Farg‘ona vodiysida hatto shahar aholisi ham dehqonchilik qilishgan. Aksariyat shaharliklarning shahar tashqarisida dala hovlilari bo‘lib, u yerda meva va sabzavotlar yetishtirganlar (Tursunov, 1976, p. 119; Sukhareva, 1979, pp. 203–211).

Jamol Qarshiy o‘zining "Mulhakat as-surax" asarida “Farg‘ona mamlakati hosildor va keng diyor, bog‘lari ne’matga to‘la, qishloqlari soz, havosi toza, mevalari barakali, mozorlari muqaddas bo‘lib, unda tog‘lar bor” (Abu-l-Fadl ibn Muhammad..., p.124) – deb yozgan. Chjanng Chyan qadimgi Farg‘ona to‘g‘risida: “Davanliklar (Farg‘ona qadimgi xitoy manbalarida – Da yuan - Davan deyilgan) o‘troq hayot kechiradilar, dehqonchilik bilan shug‘ullanadilar, sholi va bug‘doy yetishtiradilar. Ularda uzum sharbati bor. Boy-badavlat kishilar o‘n ming dangacha (bir dan 100 kg.ga teng) vino saqlaydilar. Davanda 70 dan ortiq shahar va qishloqlar mavjud,” – deb yozgan (Khojaev, 2013, p. 71).

XULOSA.
Farg‘ona vodiysi orasida bugungi kunga qadar bog‘dorchilik bilan bog‘liq an’analar saqlanib qolgan. Ayniqsa, uzumchilik keng rivojlangan Oltiariq va Chimyonda tok ekish, parvarishlash, uzum yetishtirish va hosilni terish, saqlash bilan bog‘liq ko‘plab xalq bilim va ko‘nikmalari bor. Uzumdan qadimgi an’analarni davom ettirib, shinni, musallas tayyorlash an’analari saqlanib qolgan.

O‘zbekiston nomoddiy madaniy merosida muhim ahamiyat kasb etuvchi tabiat va koinot bilan bog‘liq an’analar, dehqonchilik va bog‘dorchilikka oid bilim va ko‘nikmalar Farg‘ona vodiysi qishloq aholisi turmush tarzida yaxshi saqlanib qolgan. Vodiyning mirishkor dehqonlari an’ana, marosim va urf-odat tarzida amal qilib kelayotgan nomoddiy madaniy merosni aniqlash, tiklash va rivojlantirish bugungi globallashuv davrida muhim ahamiyat kasb etadi.

References

ИЧКАП - Осиё ва Тинч океани минтақасидаги Номоддий маданий мерос соҳасидаги халқаро ахборот ва ҳамкорлик халқаро маркази.

Губаева С.С. Население Ферганской долини в конце Х1Х - начале ХХ в. Ташкент, 1991. С-4.

Заднепровский Ю.А. Древнеземледельческая культура Ферганы // МИА. – № 118. – М., -Л., 1962; Горбунова Н.Г. Некоторые особенности формирования древных культур Ферганы // АСГЭ. Вып. 25. – Л., 1984. – С. 99-108; Анарбаев А.А. Қадимги ва ўрта асрларда Ахсикент // Ўзбекистон тарихида қадимги Фарғона. – Т., 2001; Губаева С.С. Население Ферганской долини в конце Х1Х-начале ХХ в. Ташкент, 1991; Абдуллаев У.С. Фарғона водийсида этнослараро жараёнлар. –Тошкент: Янги аср авлоди, 2005; Аширов А. «Авеста» ва деҳқончилик анъаналари хусусида айрим мулоҳазалар // O‘zbekistonda ijtimoiy fanlar. – Тошкент, 2005. – №. 1-2. Матбабаев Б. Қадимги Фарғона давлати (Давань) // Ўзбекистон давлатчилиги тарихи очерклари. – Т., 2001. – Б. 27-44; Становление и этапы развития земледельческой культуры южной Ферганы (вторая пол. I тыс. до н.э. – первая пол. I тыс. н.э. по материалам Маргилансайского оазиса). Автореф. дисс... канд. ист. наук. – Самарқанд, 2002; Исоқов З. Фарғона водийси анъанавий деҳқончилик маданияти (Хўжалик маданий анъаналар: тавсифи ва таҳлили) - Тошкент, “YANGI NASHR”, 2011; Саримсоқов А. Ўзбекларнинг тақвимий маросимлари (Фарғона водийси материаллари асосида). Тошкент: Yangi Nashr. 2014. 176 бет.

Заднепровский Ю.А. Древнеземледельческая культура Ферганы // МИА. – № 118. – М., -Л., 1962; Анарбаев А., Исманов А., Максудов Ф. Древнеземледельческая культура Южной Ферганы и образования антропогенного ландшафта//Ўзбекистон тарихида моддий маданият ва ёзма манбалар.- Тошкент, 2005.- Б. 98-116..

Аширов А. «Авеста» ва деҳқончилик анъаналари хусусида айрим мулоҳазалар // O‘zbekistonda ijtimoiy fanlar. – Тошкент, 2005. – №. 1-2. – Б. 12.

Жўраев М. Ўзбек халқ тақвими ва мифологик афсоналар. Бухоро 1994. 5-6 бет; Нарзиқулов А. Деҳқон тақвими. Т. 1991. 8-бет; Ливщиц В.А. Зароастрийский календар. В кн Бикерман. Э. Хронология древнего мира. Ближний восток и античность М. Наука. 1975. с. 6-15. Саримсоқов Б. Ўзбек маросим фольклори. - Т. 1986.- Б. 40-42.

Исоқов З. Фарғона водийси анъанавий деҳқончилик маданияти (Хўжалик маданий анъаналар: тавсифи ва таҳлили) - Тошкент, “YANGI NASHR”, 2011. - Б.89-бет.

Кисляков Н.А. Старинные приёмы земледельческой техники и обряды, связанные с земледелием, у таджиков бассейна реки Хингоу // СЭ. - 1947. – № 1. – С. 21; Нарзиқулов А. Деҳқон тақвими. - Т.: Меҳнат, 1991. - Б. 7-11.

Ҳафтанома. Т., 1990. 2-8-бетлар.

Исоқов З. Фарғона водийси анъанавий деҳқончилик маданияти... 84 бет.

Ўзбекистон номоддий маданий мероси рўйхати. - Тошкент, 2014. - Б.47.

Ўзбекистон номоддий маданий мероси рўйхати. - Тошкент, 2015. - Б.49.

Исоқов З. Фарғона водийси анъанавий деҳқончилик маданияти (Хўжалик маданий анъаналар: тавсифи ва таҳлили) - Тошкент, “YANGI NASHR”, 2011. - Б. 87.

Джаханов У. Земеледелие таджиков долины Соха в конце ХIХ-нач. ХХ в. Душанбе, 1989. - С. 110-111.

Саримсоқов Б. Ўзбек маросим фолклори Т. 1986. - Б. 198.

З. Исоқовнинг дала ёзувлари. Марҳамат тумани, Ровот қишлоғи. 2001 й. Исоқов З. Фарғона водийси анъанавий деҳқончилик маданияти. - Тошкент, 2011.

Шаниязов К. Узбеки-Карлуки Т. 1964.- С. 50-51; Ўша муаллиф. К этнический истории узбекского народа Т. 1974. - С. 174-175.

Исоқов З. Фарғона водийси анъанавий деҳқончилик маданияти... - Б. 96.

Исоқов З. Фарғона водийси анъанавий деҳқончилик маданияти... – Б.98.

Джахонов У. Земледелие таджиков долины Соха в конце XIX - начале XX в. Душанбе 1989. - С. 112.

Джаханов У. Земледелие таджиков долины Соха... - С. 118.

Дала ёзувлари 2001 й. Мархамат, туман Ровот, қишлоғи. Ушбу одат кўпроқ водийнинг чорводор чўпонларида кузатилади.

Аширов А. Ўзбек халқининг қадимий эътиқод ва маросимлари. .. Б.

Современный кишлок Средней Азии. Вып VI. Ташкент, 1927. С. 130.

Турсунов Н.О. Сложение и пути развития городского и сельского населения Серевного Таджикистана Х1Х-начало ХХ в. Душанбе, 1976. С. 119. Сухарева О.А. Традиция сочетания ородскихи сельских занятий в Средней Азии конца Х1Х-начале ХХ в// Товарно денежные этномения на Ближнем и Среднем Востоке в эпоху Средневековья. М., 1979. Стр. 203-211.

Абу-л-Фадл ибн Муҳаммад Джамол ад-дин Қарши, Мулхақат а-сурах (извлечение) - Перевод с персидского Р.Ш. Шарафутдиновой, МИСЦА, Х-ХIХ вв. - С. 124.

Хўжаев А. Фарғона тарихига оид маълумотлар: қадимги ва илк ўрта аср Хитой манбаларидан таржималар ва уларга шарҳлар. Фарғона, “Фарғона” нашриёти, 2013. Б.71.

Published

Downloads

Author Biography

Axrorjon Usmonov ,
Fergana State University

Teacher of the Department of History of Uzbekistan

How to Cite

Usmonov , A. (2025). Intangible cultural heritage of the people of Fergana Valley related to farming and horticulture. The Lingua Spectrum, 2(1), 572–578. Retrieved from https://lingvospektr.uz/index.php/lngsp/article/view/470

Similar Articles

<< < 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 > >> 

You may also start an advanced similarity search for this article.