Языковая экспрессивность и ее выражение посредством фразеологических единиц

Аннотация
Данная статья посвящена понятию лингвистической экспрессивности, в ней рассматриваются научные взгляды на него, определения, предложенные различными лингвистами, а также вопросы классификации. Актуальность исследования обусловлена необходимостью изучения феномена экспрессивности, его проявлений и способов формирования, а также его значимости в достижении коммуникативных целей. Фразеологические единицы играют особую роль в этом процессе. Они усиливают экспрессивность языка, расширяют возможности эмоционального и образного выражения, способствуя эффективности общения. В исследовании анализируются семантические и стилистические особенности фразеологических единиц, а также их влияние на степень выразительности в зависимости от контекста. Статья раскрывает значимость фразеологизмов как лингвистических средств экспрессивности и делает выводы об их эффективном использовании в речи.
Ключевые слова:
Экспрессивность эмоциональность фразеологическая единица интенсивность образность оценочностьKirish
Tilshunoslikda til birliklarining ekspressivligini o‘rganish XX asrning 50-yillaridan boshlangan. U eng murakkab kategoriyalardan biri bo‘lib, uni ta’rif va tasniflash munozarali masalalardan hisoblanadi. Ekspressivlik lotincha ‘ekspressus’ so‘zidan olingan bo‘lib eski fransuz va o‘rta asrlar ingliz tilida o‘zgarishlarga uchrab, hozirda ifodalash, chiqarish, bildirish ma’nolarini anglatadi. Ekspressivlik – bu umumiy lingvistik kategoriya bo‘lib, u tilning barcha darajalariga va birliklariga xosdir. Ekspressivlik tushunchasining mazmuni va mohiyati odatda so‘zning semantik ma’nosi bilan bog‘liq. Ekspressivlik lug‘atshunoslik, semantika, stilistika, illokutiv kuch nazariyasi, poetika, ritorika, funksional lingvistika, psixolingvistika va boshqa fanlar doirasida o‘rganiladi. Nafaqat tilshunoslik balki genetika, amaliy san’at va boshqa sohalarda ham qo‘llaniluvchi bu atama keng ma’noda hissiyot, subyektiv baho va munosabatni samarali ifodalash ma’nosini bildiradi. Til asosiy muloqot vositasi bo‘lishi bilan birga, u faqatgina axborot uzatish vositasi emas, balki so`zlovchining o‘z fikrlariga bo‘lgan subyektiv munosabatini ifodalash usuli hamdir. R. Yakobson tomonidan ilgari surilgan g‘oyaga ko‘ra, tilning olti asosiy funksiyasi mavjud: referensial, poetik, emotsional, konativ, fatik va metalingvistik (Yakobson, 1975). Nutq jarayonida shakllangan fikr va shuning natijasida yuzaga kelgan matn, turli ifoda uslublari va darajalari bilan boyigan holda, tilning emotsional funksiyasi mahsuli sifatida namoyon bo‘ladi. Bu funksiya “gapiruvchining hissiy holati, uning ekstralingvistik voqelikdagi hodisalar va obyektlarga bo‘lgan subyektiv munosabati” sifatida talqin qilinadi. Shuni ta’kidlash joizki, ekspressivlik lingvistikaning asosiy muammolaridan biri hisoblanadi, chunki u bevosita inson nutqining individual qirralari, xususan, gapiruvchining nutqiga bo‘lgan emotsional munosabati bilan bog‘liq.
Ushbu tadqiqotning maqsadi tilshunoslikda ekspressivlik hodisasi va uning namoyon bo‘lishini o‘rganishdan iborat. Ushbu hodisani o‘rganish uchun biz ingliz tilidagi ayrim frazeologik birliklarni tanladik. Tadqiqot usullari sifatida ekspressiv leksikani o‘rganish uchun kontekstual tahlil va taqqoslash usullari qo‘llanildi. Ushbu masala lingvistikada ham mahalliy, ham xorijiy olimlar tomonidan keng o‘rganilgan bo‘lsa-da, pragmatik aspekt hali ham ba’zi pozitsiyalarni aniqlashtirishni talab qiladi, xususan, konnotativlik kategoriyasini aniqlash bilan bog‘liq masalalar. Chunki "emotsionallik", "ekspressivlik", "emotivlik", "emotsional bo‘yoqdorlik" tushunchalariga nisbatan hali ham umum qabul qilingan ta’rif yo‘q.
Adabiyotlar tahlili
Ekspressivlik tushunchasini talqin qilishga turli xil yondashuvlar mavjud. Masalan, Arnold (1973), Aznaurova (1988) va Skrebnev (1994) ekspressivlikni stilistik kategoriyalar qatoriga kiritadi. Lukyanova (1987), Vejbitskaya (1972), Gak (1977) va boshqa olimlar esa ekspressivlikga semantik hodisa sifatida qaraydi. Ayrim tadqiqotchilar, masalan, Yakobson (1960) va Reformatskiy (1967) ekspressivlikni tilning funksiyasi deb hisoblaydi. Piotrovskiy (1985) va Metsler (1990) esa ekspressivlikni pragmatik kategoriyalar qatoriga kiritadilar. Yakobson (1960) va Matezius (1975) ekspressivlikni emotsionallik bilan tenglashtirib, ularni bir hodisa sifatida talqin qilsa, boshqa tadqiqotchilar uni baholovchanlik bilan bog‘laydi. Ekspressivlikning ko‘p komponentli hodisa ekanligini ta’kidlovchi olimlar esa obrazlilik va emotsionallikni uning tarkibiy qismlari deb hisoblaydilar (Vinogradov, 1972; Lukyanova, 1987). Ko‘plab tilshunoslar (Lukyanova, 1987; Pentyulyuk, 1994; Shanskiy, 1969; Bugadov, 1980; Shcherba, 1974) badiiy adabiyotda til ekspressiyasining nazariy asoslarini va uning amaliy qo‘llanilishini o‘rganganlar.
Ekspressivlik va emotsionallik tushunchalarini ajratish ekspressiv semantikaga oid bir qator masalalarni aniqlashtirish imkonini beradi. Ekspressivlik va emotsionallik tushunchalarining o‘zaro munosabatlari masalalari Galkina-Fedoruk (1958) va Kiseleva (1978) kabi olimlarning ishlarida yoritilgan. Galkina-Fedoruk ekspressivlik va emotsionallik tushunchalarini o‘rganib, ekspressivlikni kengroq kategoriya sifatida ta’riflaydi. Uning fikricha, ekspressivlik nutqning ifodaliligi va ta’sirchanligini kuchaytirishdir. Galkina-Fedoruk shuningdek, ekspressivlikning emotsionallik, obrazlilik, baholovchanlik va intensivlik kabi komponentlarini til vositalarining ajralmas qismi deb hisoblaydi. Uning ta’kidlashicha, ekspressivlik emotsionallikni o‘z ichiga oladi, lekin emotsionallik har doim ham ekspressivlikni anglatmaydi. Ekspressivlik – “mazmunning ovoz kompleksidan o‘tib idrok qilinishining prizmasi”dir. Kojina (1983) ekspressivlikni “ifodalilik darajasi, aytilgan narsaning ta’sirchanlik darajasi” deb ta’riflaydi. Ekspressivlik omillari, masalan, intensivlik, obrazlilik, emotsionallik va baholovchanlik, nutq birliklari uchun (adgerent ekspressivlik) va til birliklari uchun (ingerent ekspressivlik) xosdir. Kontekstga qarab, ekspressivlik kategoriyasining mazmuniy komponentlari turlicha namoyon bo‘ladi.
Muhokama
Tilda axborot turli kommunikativ maqsadlarda til (yoki nutq) vositalari orqali ifodalanadigan mazmun bo‘lib, u nafaqat intellektual (kognitiv) tushunchalar, xulosalarni, balki emotsional konseptlarni (eng keng ma’noda) ham o‘z ichiga oladi, bunda muallifning emotsional munosabati, uning motivlari va aloqa maqsadlari aks etadi. "Ekspressiya" tushunchasi turlicha talqin qilinadi: keng ma’noda u nutqning noodatiyligi, ifodaliligi, yorqinligi sifatida tushuniladi. Lisoniy ekspressivlikning tashqi shakli, unga erishishning turli usullari va vositalari ushbu sohadagi tadqiqotlarning asosiy yo‘nalishlaridan biridir. Ekspressivlik xabar mazmunining kuchaytirilishi, ma’lum bir axborotning ajratib ko‘rsatilishi, muallifning nutqda ifodalangan mazmunga shaxsiy munosabati va unga e’tibor qaratilishi sifatida tushuniladi. Xabarning ekspressiv funksiyasining amalga oshishi faqat uning kommunikativ jarayonga, ya’ni muloqot jarayoniga kiritilishi orqali mumkin bo‘ladi. Til va nutq ekspressivligi tushunchalari farqlanadi. Til ekspressivligini ifodalovchi vositalar til tizimining o‘ziga xos ekspressiv vositalari bo‘lib, ular doimiy ravishda qayta ishlatilish xususiyatiga ega. Nutqiy ekspressiv vositalar esa faqat kontekstda, ya’ni nutq jarayonida yuzaga keladigan ifoda vositalaridir.
Ko‘pgina tadqiqotchilar fikriga ko‘ra, ekspressivlik murakkab tushuncha bo‘lib, uning asosiy komponentlari bir-birini taqozo qiluvchi va til tizimida o‘zaro bog‘liq bo‘lgan quyidagi jihatlar hisoblanadi: emotsionallik, intensivlik, obrazlilik, baholovchanlik. Ekspressivlikni ifodalanish shakllari esa so‘z yasash, fonetik, leksik, sintaktik va morfologik usullar orqali amalga oshiriladi. Bundan tashqari ekspressivlik ifoda vositasiga ko‘ra lisoniy (til birliklari) va nolisoniy (mimika, ohang, intonatsiya) bo‘lishi mumkin. D.A.Richardson(1988) tomonidan taklif etilgan til kategoriyalari tipologiyasiga murojaat qilamiz, unda so‘zlarning ikki xil ma’nosi va funksiyasi ajratiladi: emotsional–evokativ va ramziy–referensial ma’no. Emotsional ma’no uchun munosabat, adresatga nisbatan his-tuyg‘ularni ifodalash xos bo‘lsa, ramziy ma’no ma’lum bir axborotni uzatishga xizmat qiladi. L.P.Yakubinskiy(1923) ushbu tipologiyani taklif qilib, nutqning ikkita o‘zgarishini – intellektual yoki emotsional jihatning ustunlik qilishi bilan ajralib turadi. Bu jarayonda ruhiy faoliyat sohalari – irodaviy, intellektual va emotsional omillar o‘rtasidagi bog‘liqlikka alohida e’tibor qaratiladi.
Olimlar orasida ekspressivlik atamasini talqini borasida yagona fikr mavjud emas. L.E.Kruglikova(2004) nutq ekspressivligi va til birliklarining ekspressivligi kabi tushunchalarni farqlab, birinchi atamaning hajmi ancha kengroq ekanligini ta’kidlaydi. Bizning nazdimizda esa tilda ekspressivlik atamasini o‘zbek tilida ifodalilik deb atash mumkin.
Keng ma’noda ekspressivlik til birliklarining ma’lum bir funksiyasi, ya’ni ta’sir ko‘rsatish funksiyasi sifatida tushuniladi. Ushbu ta’rifdan kelib chiqib, ekspressiv birliklarni nominal va umumlashtiruvchi funksiyalardan tashqari, pragmatik, ya’ni ta’sir ko‘rsatish funksiyasini bajaruvchi birliklar sifatida ko‘rib chiqish mumkin. Bu birliklarning asosiy maqsadi faqatgina muayyan axborotni yetkazish emas, balki buni suhbatdoshga ta’sir ko‘rsatadigan tarzda amalga oshirishdir, bunda ikkinchi vazifa birinchi o‘ringa chiqadi. Ushbu kontseptsiyaga ko‘ra, har bir FB ekspressiv xususiyatlarga ega. Tadqiq qilinayotgan hodisaning tor ma’nodagi tarafdorlari ekspressivlikni til birligining ifodalangan belgi yoki harakatning yuqori darajada namoyon bo‘lishini anglatish xususiyati deb hisoblaydilar. Ba’zan ekspressivlik tushunchasi emotsionallik, baholovchanlik tushunchalari bilan tenglashtiriladi.
Frazeologik birlik til ifodaliligi (ekspressivligi)ni o‘rganish uchun ajoyib misol bo‘lib xizmat qiladi, chunki u tilning ma’nolarni faqat so‘zma-so‘z emas, balki yanada chuqurroq ifodalash imkoniyatini namoyon etadi. Buning sabablari quyidagicha:
- Obrazlilik – frazeologik birliklar ko‘pincha majoziy yoki metaforik ma’noga ega bo‘lib, ularning ifodalash kuchini oshiradi. Masalan, ketmonini ilmoq iborasi oddiygina ishdan voz kechish ma’nosini anglatadi, lekin badiiy va ta’sirchanroq ifodalaydi.
- Madaniy o‘ziga xoslik – tildagi frazeologik birliklar jamiyatning madaniyati, tarixi va dunyoqarashini aks ettiradi. Har bir jamiyat turli tushunchalarni o‘ziga xos birliklar bilan ifodalaydi.
- Ifodaning ixchamligi – frazeologik birliklar murakkab tushunchalarni qisqa va lo‘nda ifodalash imkonini beradi, bu esa nutqning badiiy va ta’sirchan bo‘lishiga yordam beradi.
- Hissiy va uslubiy imkoniyatlar – frazeologik birliklar kinoya, hajv, mubolag‘a yoki hissiy bo‘yoqlar qo‘shib, tilga ifodalilik va joziba bag‘ishlaydi.
- Strukturaviy va semantik barqarorlik – Bu birliklar odatda qat’iy tuzilishga ega bo‘lsa-da, ba’zan o‘zgarishlarga ham uchraydi, bu esa tilning o‘zgaruvchanligini namoyon etadi.
- Qiyosiy tilshunoslik – Frazeologik birliklarni turli tillarda o‘rganish lingvistik ifodalilikning o‘xshash va farqli jihatlarini ochib beradi, tarjimashunoslik hamda madaniyatlararo muloqotni rivojlantirishga yordam beradi.
FBlarni o‘rganish jarayonida biz ularning aksariyati mutlaq yoki ingirent ekspressivlikka ega ekanligi xulosasiga keldik, ya’ni ushbu FBlarning ifodali-obrazli xususiyatlari nafaqat nutqda, balki til darajasida ham namoyon bo‘ladi. Shunday qilib, ekspressiv ma’no FBlarning o‘ziga xos xususiyatidir. Til belgisi o‘zi ekspressiv bo‘lib, uning muayyan kontekstda qo‘llanilishi ham shundaydir. Masalan, quyidagi FBlar yuqori ekspressivlikka ega:
Plain as Salisbury (kundek ravshan),
Set the Thames on fire (oyni osmondan tushirish),
Lombard Street to a china orange (boshimni tikaman),
Paris is worth a mass (aniq foyda uchun murosaga borish kerak),
Not to know smb from Adam (kimdir haqida hech qanday tasavvurga ega bo‘lmaslik).
Bundan tashqari ekspressivlik gradatsiyalanishi ham mumkin:
Make a good living (el qatori, o‘rtamiyona pul topmoq)
Rolling in money (yaxshi pul topmoq)
Worth a fortune (katta boylik)
Xulosa
Zamonaviy ingliz tili frazeologiyasining olami keng va rang-barang bo‘lib, uning har bir jihati alohida e’tiborga loyiqdir. Frazeologik birliklar (FB) yordamida tilning estetik jihati kuchayadi. Idiomalar orqali, xuddi turli ranglar yordamida bo‘lgani kabi, tilning axborot jihati bizning dunyomiz va hayotimizning hissiy-intuitiv tasviri bilan boyitiladi.
Aynan FBlar semantik boylik, obrazlilik, rang-baranglik, ixchamlik va ifodalilik xususiyatlariga ega. Ular og‘zaki va yozma nutqqa o‘ziga xoslik, ifoda va nafislik baxsh etadi. Ushbu sohaning yetakchi tadqiqotchilaridan biri bo‘lgan professor A.V.Kunin (1970) frazeologiyani "til xazinasining durdonasi" deb ataydi. Frazeologik birliklar xalqning tarixi, madaniyati va turmush tarzining o‘ziga xosligini aks ettiradi. Frazeologizmlarning bunday xususiyatlari, masalan, obrazlilik, ma’no yaxlitligi, barqarorlik, idiomatiklik va ayniqsa ekspressivlik, nutqimizni yanada yorqin, hissiy, obrazli va ifodali qiladi. Ta’kidlash joizki, ekspressivlik frazeologik birliklarning asosiy kategoriyaviy xususiyatlaridan biridir. Bu frazeologiyaning alohida daraja sifatida mavjudligini asoslaydi. Kuchaytirilgan ifodalilik yoki ekspressiya FBlarni leksik birliklardan farqlovchi o‘ziga xos xususiyatdir.
Библиографические ссылки
Arnold, I. V. (1973). The English word. Vysshaya Shkola.
Aznaurova, E. S. (1988). Expressive means of the English language. Fan.
Barkhudarov, L. S. (1981). O frazeologicheskikh yednitsakh v yazyke. Nauka.
Bugadov, R. A. (1980). Expressive means in modern Georgian. Metsniereba.
Gak, V. G. (1977). Comparative stylistics of the French and Russian languages. Nauka.
Galkina-Fedoruk, E. M. (1958). O vyrazitel’nosti rechi (On the expressiveness of speech). Nauka.
Kaxarova, I. S. (2024). Emotiv, taqlid va modal so‘zlarning lingvopragmatik xususiyatlari. O‘zbek davlat jahon tillar universiteti.
Kiseleva, L. A. (1978). Voprosy teorii rechevogo vozdeystviya (Issues of the theory of speech influence). Nauka.
Kojina, M. N. (1983). Stilistika russkogo yazyka (Stylistics of the Russian language). Vysshaya Shkola.
Kruglikova, L. E. (2004). Expressiveness of speech and language units. Nauka.
Kunin, A. V. (1970). Kurs frazeologii sovremennogo angliyskogo yazyka. Vysshaya Shkola.
Lakoff, G., & Johnson, M. (2008). Metaphors we live by. University of Chicago Press.
Lukyanova, N. A. (1987). Expressiveness in language and speech. Nauka.
Matezius, V. (1975). A functional analysis of present-day English on a general linguistic basis. Charles University.
Metsler, A. A. (1990). Pragmatic functions of expressive means. Nauka.
Moydinova, E.K. (2018). Metody prepodavaniya frazeologicheskikh yednits dlya obogashcheniya slovarnogo zapasa. NovaInfo. Ru, 1(94), 137-140.
Pentyulyuk, M. I. (1994). Expressive syntax of the modern Ukrainian language. Lybid.
Piotrovskiy, R. O. (1985). Pragmatics and expressiveness in language. Nauka.
Ramazanova, D. A., Khasbulatova, Kh. M., & Kurbanova, Z. G. (2017). Expressiveness in literary text and means of its expression. Dagestan State Pedagogical University Journal: Social and Humanitarian Sciences, 11(3), 86–91.
Reformatskiy, A. A. (1967). Introduction to linguistics. Vysshaya Shkola.
Richardson, D. (1988). Esperanto: Learning and using the international language. Esperanto League for North America.
Shanskiy, N. M. (1969). Lexicology of the Russian language. Prosveshchenie.
Shcherba, L. V. (1974). Language system and speech activity. Nauka.
Skrebnev, Yu. M. (1994). Fundamentals of stylistics. Nauka.
Vejbitskaya, A. (1972). Semantic primitives. Nauka.
Vinogradov, V. V. (1972). The Russian language: A grammatical study. Nauka.
Yakobson, R. O. (1960). Linguistics and poetics. Harvard University Press.
Yakubinsky, L. P. (1923). On the question of the speech of artistic works. Petrograd.
Zaynuldinov, A. A. (2009). K voprosu o sootnoshenii semanticheskikh kategoriy: ekspressivnost’, emotsional’nost’, emotsional’naya otsenochost’. Mir russkogo slova, (2), 28–34.
Zinkevichus, K. A. (n.d.). Ekspressivnost’ frazeologicheskikh yednits, soderzhashchikh imena sobstvennye. Gomelskiy gosudarstvennyy tekhnicheskiy universitet imeni P. O. Sukhogo.
Опубликован
Загрузки
Как цитировать
Выпуск
Раздел
Лицензия
Copyright (c) 2025 Дурдона Нурматова

Это произведение доступно по лицензии Creative Commons «Attribution» («Атрибуция») 4.0 Всемирная.