Typological features of syntactic structures of the German language and the importance of grammar exercises in their acquisition
Abstract
The article examines the syntactic constructions of the German language, including simple sentences, and their comparative analysis with the Uzbek language. The features and characteristics of this type of speech are highlighted. The article examines the similarities and differences between German and Uzbek sentences, as well as how important these aspects are in learning the language. Both languages are originally from different language families, and the genetic diversity between them is clearly visible and causes a number of difficulties in the process of learning German. In particular, one can note the strict word order and grammatical patterns of German sentences. To solve these problems, this article describes several strategies that can be used with grammar exercises. The amount of grammar materials selected for practical exercises should be sufficient to ensure the level of communication envisaged by the language programs, and the possibility of their acquisition should also be based on real conditions. It is explained that these exercises are divided into several types based on their functional aspect.
Keywords:
comparative analysis syntactic structure simple sentence grammatical exercises word order.Turli xil til oilalariga mansub bo‘lgan tillar, xususan, nemis (flektiv) va o‘zbek (agglyutinativ) o‘rtasida o‘zaro qiyosiy tipologik tahlil haqida fikr yuritish o‘ta murakkab masala bo‘lib, shubhasiz, ulardagi til birliklari alohida shakl va mazmun xususiyatlariga ega. Shunga qaramasdan, har ikkala til o‘rtasidagi munosabatlar va muloqotlar so‘ngi yillarda tobora kengayib bormoqda. Garchi ushbu tillar o‘rtasidagi aloqalar uzoq tarixga borib taqaladaigan bo‘lsa-da, yigirmanchi asrning ikkinchi yarmidan boshlab, ularning o‘zaro munosabatlari alohida bosqichga ko‘tarildi. Bunga avvalombor, zamonaviy o‘zbek tilining marfologik va sintaktik qoida va me’yorlaridagi o‘zgarishlar hamda zamonaviy nemis tilidagi ayrim asarlarning o‘zbek tiliga o‘girilishi va, umuman, ikki xalq o‘rtasidagi muloqotlarning faollashuvi alohida ahamiyat kasb eta boshladi.
O‘zaro muloqatlar jarayonida inson fikrini to‘liq ifoda etish uchun keng qo‘llanadigan va nutq vositalari ichida murakkab tarkibga ega bo‘lgan birikmalardan biri, shubhasiz, gaplar hisoblanadi. Gaplarda tilning barcha xususiyatlari, xususan, grammatik, leksik, semantik, fonetik va stilistik jihatlari to‘laligicha namoyon bo‘ladi. Shuning uchun ham gaplar, ular qanday turda bo‘lishidan qat’iy nazar, til o‘rganish jarayonida erishiladigan eng muhim maqsad va natijalar sifatida qaraladi. Shuning uchun ham inson o‘z ona tilidagi gaplarni to‘laligicha o‘zlashtira olsa, uning nutqi ravon va mukammal xususiyat kasb etadi.
Qayd etish joiz-ki, tillar o‘rtasidagi sintaktik tipologiya tilshunoslikning keng qamrovli obyektlari sifatida e’timrof etiladi va umumiy tadqiqotlar doirasida so‘zlar va morfologik tipologiyaga qaraganda ancha murakkab xususiyatga ega. Sintaktik birliklar yoki gaplarni o‘zaro qiyoslash tamoyili o‘tgan asrning oxirlarida rus olimi I.I. Meshaninov tamonidan ilk bor ishlab chiqilgan bo‘lib, u til turkibiy tuzulmalarida so‘z birikmalari va gaplarni qiyoslashga qaratilgan.
Ma’lumki, gap tilning sintaktik qurilishidagi asosiy birlik hisoblanadi va unda turli gap bo‘laklarining erkin, ya’nii ma’no jihatidan erkin bog‘lanishi va asosiy gapga tobelik, ya’ni unga ergashib kelish kabi munosabatlarni o‘zida ifoda etadi. Bundan tashqari gaplar o‘zining mazmuni va shakliga ko‘ra bir qator qoliplar yoki tarkibiy tuzilishlarga ega bo‘lgan til birliklari hisoblanadi. Gaplarning bog‘lanish xususiyatlari va ularning qoliplari o‘ziga xos tipologik belgilarga ega bo‘lib, ularning nemis va o‘zbek tillaridagi shakllari alohida qiyosiy talqinni talab etadi.
Har ikkala tildagi gaplarda bir-biriga o‘xshash bo‘lgan semantik, ya’ni mazmuniy xususiyatlar mavjud. Ularning har birida moslashuv, boshqaruv, bog‘lanish, so‘z tartibi, talaffuz kabi sintaktik bog‘liklar mavjud. Nemis tilidagi gaplar o‘zbek tilidan farqli ularoq, gap bo‘laklarining o‘rni, ularda eganing ishtiroki, ya’ni shaxsli va shaxssiz gaplar kabi tarkibiy xususiyatlarga ega. Shu bilan birga, ikkala tildagi gaplarning o‘zaro farqni, ulardagi shakl va ifodani aks ettiruvchi til vositalarida ham kuzatish mumkin.
Nemis tili sintaksisi borasida amaliy tadqiqotlar olib borgan olim, I.G.Admoni unda so‘zlar o‘zaro qattiq bog‘liq bo‘lishi va gapda qat’iy o‘rniga ega ekaniga e’tibor qaratadi. Bunday bog‘liqlik sintaksis guruhning ahamiyatini orttiradi, ya’ni so‘zlar ma’lum bir qolibdagina gapning to‘liq ma’nosini ifoda eta oladi. Masalan, Er hat ein interessantes Buch gelesen. Bu yerda kesimning ikkinchi va oxirgi o‘rinlarni egallashi shartligi gapning shakli va mazmuni uchun asosiy ahamiyatga ega. O‘zbek tilida kesimning bunday qat’iylik bilan ikkinchi o‘rindan joy egallashi deyarli kuzatilmaydi. Ammo aniqlovchi va aniqlanmishning joylashuvi har ikkala tilda ham o‘ta o‘xshash bo‘lib, faqat o‘zbek tilida u turlanmaydi. Shu bilan birga, shveysariyalik tilshunos Sharl Balli nemis tilini fransuz tiliga nisbatan erkinroq sintaksis xususiyatlarga ega til sifatida e’tirof etadi (Balli, 1955). Ya’ni nemis tilidagi so‘zlar fransuz tilidagi so‘zlarga nisbatan sintaksisning talabalariga kamroq bog‘liq bo‘ladi.
Qiyosiy tilshunoslikda an’anaviy tarzda gaplarning xususiyatlariga qarab, bir necha turlarga bo‘lib o‘rganiladi. Bunda, asosan, gaplarning tuzilishi, mazmuni, nutqdagi vazifalari, talaffuz ohangi, qo‘llanish stili kabi bir qator o‘ziga xosliklariga qarab klassifikatsiya qilinadi. Ularning bunday xususiyatlari haqida kengroq tasavvurga ega bo‘lish chet tillarini o‘rganish uchun o‘ta muhim ahamiyatga ega. Chunki inson o‘z ona tili haqida qanchalik chuqur bilimga ega bo‘lsa, uning uchun biror bir chet tilini o‘zlashtirish shunchalik oson kechadi. Bu masala, ayniqsa, o‘rta maktabni tugatgandan keyingi bosqichda til o‘rganuvchilar uchun alohida ahamiyatga ega bo‘lib, bu davrda inson ongida boshqa fanlar qatori til haqidagi bilimlar va tasavvurlar shakllanib ulguradi. Bolalik davridan farqli ularoq, bunday vaziyatda til o‘rganayotgan odam doim o‘zining ona tilidagi xodisalarni boshqa tildagilari bilan qiyoslay boshlaydi va turli farqlar hamda o‘xshashliklarni topishga harakat qiladi.
Xuddi shunday qiyosiy til o‘rganish jarayonini o‘zbek va nemis tillari misolida ko‘zatadigan bo‘lsak, har ikkala tilning o‘ziga xos jihatlariga, xususan, ulardagi gaplarning tuzilishi va mazmuniga alohida e’tibor qaratishga to‘g‘ri yeladi. Yuqorida qayd etilganidek, nemis va o‘zbek tillari o‘zlarining tuzilishi va kelib chiqishi nuqtai nazaridan boshqa-boshqa tillar oilalariga mansub bo‘lib, ulardagi gap yasalishi usullari ham bir-biridan keskin farq qiladi. Bu holat, ayniqsa, gapning mafologik va sintaktik xususiyatlarida yaqqol ko‘zga tashlanadi. Masalan, nemis tilida:
Ich wohne in der Schweiz. Sodda, darak gap.
(Men) Shveysariyada yashayman (istiqomat qilaman, turaman).
Har qanday variantda ham nemis tilidagi so‘z tartibi o‘zbek tiliga mos kelmaydi, „in der “ predlog va artiklli birikmasi dativ kelishigini ifoda etib, joy nomidan oldin keladi, o‘zbekchada esa, bu “-da” o‘rin-payt kelishigining qo‘shimchasi bilan ifodalanadi. Gapning kesimi nemis tilida ikkinchi o‘rinda kelayotgan bo‘lsa, o‘zbek tilida u gapning oxirida joylashgan. Bundan tashqari, nemis tilidagi gaplarda (Ich) eganing ishtiroki majburiy hisoblanib, o‘zbek tilida esa, eganing mazmuni kesimdagi (-man) shaxs-son qo‘shimchasi bilan ifodalanishi mumkin va “men” egasining ishtiroki majburiy emas (Rahmatillayev, 2006).
Bunday farqli jihatlar ayniqsa tayyorlanmagan nutq va og‘zaki muloqot jarayonida katta qiyinchiliklar tug‘diradi va fikrni hamsuhbatga yetkazishda noaniqliklar ham tushunmovchiliklar yuzaga keladi. Shuning uchun o‘zbek va nemis tillaridagi gaplarni qiyosiy o‘rganishni, an’anaviy tarzda, oddiydan murakkabga tamoyili asosida amalga oshirish maqsadga muvofiq.
Gaplar tuzilishiga ko‘ra va ularda gapning bosh bo‘laklarining (ega va kesim) soniga qarab sodda yoki murakkab gaplarga ajratiladi. Dastlab sodda gaplarning eng kichik, ya’ni eng kam gap bo‘laklari ishtirok etganlarini tahlil qilishga harakat qilamiz. Masalan,
- Kraus arbeitet. - Kraus ishlamoqda, ishlaydi, mehnat qiladi.
- Er ist Ingenieur. – U injener.
Garchi ikkinchi gapda nemis tilida ot kesim ikki qismdan iborat bo‘lsada, bunday turdagi gaplarni o‘zbek tilida tushunib olish katta muammo tug‘dirmaydi. Chunki ega va ot kesimning gapdagi ketma-ketligi, yordamchi fe’lni hisobga olmaganda, har ikkala tilda ham uxshash xususiyatga ega. Ammo sodda gaplarda ikkinchi darajali gap bo‘laklarining bir nechtasi ishtirok etishi bilan, ularning nafaqat grammatik, balki ma’no xususiyatlari ham murakkablashadi va bunday gaplarni o‘zbek tilidagi muqobillarini shakllantirish uchun bir qator omillarni hisobga olish kerak bo‘ladi:
Kraus arbeitet seit 4 Jahren bei Siemens als Ingenieur.
Kraus 4-yildan buyon Simensda injener bo‘lib ishlaydi.
Ushbu gapning o‘zbek tilidagi muqobili bilan qiyoslanganda, avalombor, undagi kesimning va old qo‘shimchalarning o‘rni farqli ekanligi ko‘zga tashlanadi. Nemis tilida sodda gaplarni yasashda birinchi navbatda kesimning ikkinchi o‘rinda kelishiga e’tibor qaratish lozim va albatta old qo‘shimcha (predlog) o‘zi bog‘langan so‘zdan oldin turadi.
Agar nemis tilida sodda gaplarni murakkab o‘tgan zamon shaklida, masalan perfektda ifodalaydigan bo‘lsak, unda kesimning tuslanuvchi qismi ikkinchi o‘rinda turadi:
Kraus hat 4 Jahre bei Siemens gearbeitet.
Kraus 4-yil Simensda ishladi.
Ma’lumki, nemis tilining birmuncha murakkab grammatikasi va undagi gaplarning tarkibiy tuzilishidagi qat’iy ketma-ketlilik masalalari bu tilni o‘rganish jarayonida ko‘proq e’tiborni amaliy grammatik mashqlarga qaratishni talab etadi. Shu nuqtai nazardan, nemis tilini o‘qitish jarayonida berilayotgan til materiallarning ichida grammatik mashqlar alohida ahamiyat kasb etadi.
Nemis tilidagi grammatik materiallar, asosan, keng qo‘llanuvchi amaliy mashqlar yordamida tahlil qilinadi va o‘zlashtiriladi. Ular o‘z xususiyatiga ko‘ra faol aqliy jarayonni, til o‘rganuvchining nutq malakasini egallashga bo‘lgan qiziqishini, bilimlarning tizimliligini, maqsadga yo‘naltirilganlikni ta’minlashga xizmat qiladi. Ushbu mashqlarni qo‘llashdan asosiy maqsad - nutqni grammatik jihatdan to‘g‘ri tashkil eta olish, nemis tili sintaktik tuzilmalarini o‘zlashtirish, muloqotning tushunarli bo‘lishi, turli mazmundagi yozma va og‘zaki ma’lumotlarni chuqurroq anglab yetishdan iborat. Ana shu maqsadlarga erishish uchun nemis tilini o‘qitish jarayonida o‘ziga xos grammatik mashqlar tizimidan foydalaniladi (Lifanova, 2013).
Nemis tilidagi grammatik mashqlar o‘zlarining xususiyatlariga ko‘ra, bir necha turlarga bo‘linadi va ularni klassifikatsiya qilishda quyidagilarga e’tibor beriladi. Funksional jihatdan umumiy tavsiflanganda, ushbu mashqlarni nutq ko‘nikmalarini shakklantiruvchi, rivojlantiruvchi va mustahkamlovchi mashqlarga ajratish mumkin. Agar klassifikatsiya uchun ular tilning tarkibiy tuzilishiga oid bilimlarni shakllanttirishga yo‘naltirilgan bo‘lsa, unda ular morfologik (yoki leksiko-morfologik) va sintaktik mashqlarga bo‘lib o‘rganilishi mumkin. Bundan tashqari, grammatik mashqlarning bajarilish jarayonida amalga oshirilayotgan aqliy jarayon nuqtai nazaridan tavsiflanadigan bo‘lsa, ular analiz, sintez, qiyoslash va umumlashtirish mashqlari deb atadishi mumkin.
Nemis tilini o‘qitishda eng ko‘p tarqalgan grammatik mashqlar sifatida leksiko-morfologik mashqlar bo‘lib, bunday mashqlar avvalombor, dastlabki grammatik ko‘nikmalarni shakllantirishda muhim rol o‘ynaydi. Bugungi kunda katta e’tibor berilayotgan til bilish darajalari tamoyilidan kelib chiqilganda, grammatik mashqlarning bu turi o‘qitilayotgan leksik mavzu bilan uzviy bog‘liq tarzda amalga oshiriladi. Ya’ni, asosiy e’tibor tanlangan mavzudagi lug‘at boyligiga va so‘zlarning yasalishiga qaratilgan bo‘lib, so‘zlarning o‘zaro bog‘lanishi, ularni gapda qo‘llanishiga oid qoidalar kichik va qulay jadvallar shaklida berib boriladi. Bunda o‘rganilishi lozim bo‘lgan morfologik qoidalar mashqlarning boshida namuna sifatida ko‘rsatiladi hamda ular asosida shartlar bajariladi.
Shu o‘rinda grammatik qoidalarga o‘ta nazariy tus bermaslik va har bir grammatik qoidani amaliy muloqot doirasidan tashqarida zerikarli tarzda takrorlamaslikka e’tibor qaratish zarur. Bunday holda nemis tilini o‘qitish jarayoni qiziqarsiz qoidalar yodlashdan iborat bo‘lib qoladi. Shuning uchun bunday hollarda avvalambor, grammatikaga til bilishning asosiy maqsadi sifatida emas, balki nutq ko‘nikmalarini shakllantirish uchun zarur bo‘lgan, ya’ni so‘zlarning yasalishi, o‘zgarishi va gapdagi joylashuvi haqidagi tasavvurni kengaytirish uchun kerakli bo‘lgan uslubiy vosita sifatida qarash lozim (Samsonova, 2012). Bundan tashqari, tinglovchilarning til bilish darajasiga qarab, grammatik minimumni aniqlab va ajratib olish zarur. Ana shu ajratib olingan grammatik minimumni o‘zlashtirish uchun yetarli bo‘lgan amaliy mashqlardan foydalanish yaxshi samara beradi.
Nemis tilidagi grammatik minimum deganda, har bir til darajasi uchun mo‘ljallangan nutq ko‘nikmalarini hosil qilishga xizmat qiluvchi, tanlangan mavzuning maqsadiga mos ravishda muloqat imkoniyatini beruvchi, morfologik va sintaktik vositalar tushuniladi. Ular nutqni rivojlantirishga yo‘naltirilgan turli grammatik qoida va shartlarning majmuasidan iborat bo‘ladi. Zamonaviy metodik adabiyotlarda grammatik minimumni ikki turga, ya’ni aktiv va passiv grammatik minimumlarga bo‘lish hollari ham kuzatiladi. Aktiv grammatik minimum deganda ma’lum bir til bilish darajasidagi produktiv nutq turlarini (gapirish va yozish) egallash va ushbu nutq jarayonini ta’minlash uchun tavsiya etiladigan grammatik vositalarning majmuasi tushunilsa, passiv grammatik minimum – retseptiv nutq turlarini (ya’ni eshitib tushunish va o‘qish) egallash va ushbu nutq jarayonini ta’minlash uchun tavsiya etiladigan grammatik vositalar majmuasi tushuniladi. Ammo, nutq turlarini, ya’ni retseptiv va produktiv nutq turlarini bir-biridan ajratgan holda o‘rgatishning imkoni bo‘lmaganligi bois, obyektiv nuqtai nazardan kelib chiqib, grammatik minimumni umumiy xususiyatiga e’tibor qaratishga harakat qilinadi. Demak, aktiv va passiv grammatik minimum har doim biraglikda qo‘llanilib, ularning bunday klassifikatsiyasi shartli xususiyat kasb etadi.
Shu nuqtai nazardan, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Uzluksiz ta’lim tizimining chet tillar bo‘yicha davlat ta’lim standarti”da qo‘yilgan talablariga binoan nemis tilidan A, yani boshlang‘ich daraja uchun quyidagi grammatik minimumni ajratish mukin:
- so‘z turkumlaridan olmosh, ot, son va sifatlarning turlanishidagi (Deklination der Nomen) umumiy shartlar;
- aktiv muloqat uchun zarur bo‘ladigan fe’llarning Presens, Preteritum, Perfekt, Futurum I zamon shakllarining yasalishi va ularning ushbu zamonlarda tuslanishi, aniq bir predlogni talab etuvchi fe’llar;
- predloglarning turlari, mazmuni va moslashuvi;
- vaqt, o‘rin-joy, masofa, yo‘nalish va maqsadni ifoda etuvchi ravishlarning ayrimlari;
- sodda, so‘roq va buyruq gaplar va ulardagi so‘z tartibi;
- bog‘langan qo‘shma gaplar (Satzreihe), ergash gapli qo‘shma gaplarning (Satzgefüge) ayrimlari, masalan, “dass-Sätze” kabi murakab bulmagan grammatik vositalarni ajratish mumkin.
Shu o‘rinda grammatik minimumni o‘zlashtirish uchun bajariladigan mashqlarning miqdori qanday bo‘lishi kerak, degan savol tug‘iladi. Qoidaga ko‘ra, mavjud darsliklarda leksiko-grammatik mashqlar hajmi va mazmuni mavzuning maqsadidan va o‘qitish sharoitidan kelib chiqqan holda aniqlanadi. Bir grammatik qoidani mustahkamlash uchun berilgan mashqlarning soni murakkabligiga qarab uchtadan o‘n beshtagacha bo‘lishi mumkin. Ammo, talabaning individual qobiliyatini e’tiborga olinadigan bo‘lsa, ayrim talabalarga qoidani o‘zlashtirish uchun to‘rt-beshta mashq yetarli bo‘ladi, ayrimlari uchun esa qo‘shimcha grammatik darsliklarning ham imkoniyatlaridan faydalanish zarur bo‘ladi.
Ma’lumki, grammatik bilimlar asosan kommunikativ maqsadlar uchun xizmat qilishi zarur bo‘lib, tanlangan grammatik materiallarning hajmi til dasturlarida nazarda tutilgan muloqat darajasini ta’minlash uchun yetarli bo‘lishi va ularni o‘zlashtirish imkoni ham real sharoitdan kelib chiqishi lozim. Shu bilan birga, so‘nggi vaqtlarda til o‘rganuvchi nutqdagi grammatik qoidalarni o‘qish jarayonida ixtiyoriy tarzda yodlab qolishi lozim, degan qarashlar ham keng tarqalgan. Ammo, bu holatda qoidani yodlab qolish va uni ongli egallash jarayoni boshqa-boshqa voqelik ekanligini unutmaslik lozim. Yodda saqlash bu qoidani egallash uchun, ya’ni qo‘llay olish darajasida bilish va o‘zlashtirish amalga oshirilayotgan jarayonining bir bosqichi hisoblanadi. Odatda grammatik qoidani puxta egallash uchun aniq maqsadga yo‘naltirilgan maxsus mashqlarni bajarish talab etiladi.
Shu o‘rinda masalaning ikkinchi muammoli tomoni yuzaga chiqadi, ya’ni grammatik qoidalarni egallash uchun mo‘ljallangan mashqlarning ko‘payib ketishi o‘qish jarayonidagi ko‘p vaqtni band qiladi. Shuning uchun bunday hollarda materiallar hajmini real sharoitga moslab chegaralash maqsadga muvofiq bo‘ladi (Solovova, 2008). Ushbu muammoni hal etish uchun metodik adabiyotlarda grammatik minimumni tanlab olish uchun zarur bo‘lgan eng asosiy prinsiplar ishlab chiqilgan.
Xususan, nutqning produktiv va retseptiv turlarini ta’minlash uchun quyidagi tamoyillarga amal qilinadi: 1) grammatik vositalarning og‘zaki nutqda qay darajada tarqalganligi; 2) grammatik qoidalarning namunaviyligi; 3) sinonimlikdan voz kechish, ya’ni grammatik qoidalarning bir-biriga o‘xshash bo‘lmasligi tamoyillari.
Ushbu tamoyillarga binoan grammatik mashqlarda nutqda keng tarqalgan qoidalar aks etishi lozim. Jumladan, nemis tilida muloqot uchun eng zarur bo‘lgan va og‘zaki nutqida eng ko‘p ishlatiladigan qoidalarga, gaplardagi so‘z tartibi, asosiy so‘z turkumlarining gapda moslashuvi, predloglar va shu kabi muhim grammatik vositalar kiradi. Qoidalarning namunaviyligini ta’minlash uchun mashqlarda ma’lum bir grammatik qoida uchun namuna beriladi va mashqning qolgan qismlari ana shu namuna asosida amalga oshiriladi. Namunalar odatda jadvallar tariqasida yoki nutqning tugallangan tuzulmasida, ya’ni gaplarda va matnlarda ifoda etiladi. Shu sababdan grammatik mashqlarning samarasi gapning tayyor tuzulmasini to‘g‘ri tanlash va o‘rganilayotgan qoida leksik mavzuning maqsadi bilan mos kelishida namoyon bo‘ladi.
Shu bilan birga, mashqlarni tashkil etishda va o‘qitishda ma’lum bir ketma-ketlikka amal qilish lozim bo‘ladi. Bunda nutqning ikki jihatini, ya’ni uning formal tuzulishini (shaklini) va mazmunini e’tiborga olish kerak. Ushbu ikki jihat mantiqiy uyg‘unlikda aks etishi uchun, avvalombor, tarkibiy tuzilishni, ya’ni grammatik shaklni o‘rgatish maqsadga muvofiq. Bunda grammatik qoidalar avval o‘rganilgan leksik materiallar asosida morfologik va tarkibiy o‘ziga xosliklar ma’lum bir shaklda beriladi. Grammatik shakl va tuzulma esda saqlab qolingach, nutqning tematikasiga oid leksik materiallarning boyitilishi evaziga nutqning mazmuni kengaytirib boriladi (Nakaznyuk, 2007).
Zamonaviy sharoitda grammatikaga o‘qitish jarayonini quyidagicha tashkil etish maqsadga muvofiq. Yangi grammatik qoidani tushuntirish, ya’ni darsga kiritishda an’anaviy yozuv doskasidan foydalanib, unga murakkab bo‘lmagan matn bo‘lagi yoki jumlani yozish mumkin, yoki bu qoida jadval, surat va sxema yordamida namoyish etiladi. Ushbu vositalarni alohida emas, balki o‘zaro moslashgan tarzda qo‘llanishi yaxshi samara beradi. Grammatik voqelikni tushuntirish uchun avvalambor, uning shakliy xususiyati va belgilarini yoritib berish kerak, keyin uning mazmunini ochish lozim. So‘ngra uning nutqdagi va konteksdagi vazifasini tushuntirish, shundan keyingina uning dastlabki mustahkamlanishiga o‘tish maqsadga muvofiq.
Nemis tilini o‘zlashtirishda va nutq malakasini shakllantirishda, jumladan, o‘qib tushunish, gapirish, yozish uchun talaba tomonidan tahlil qilinishi lozim bo‘lgan ma’lumotning 50 foizini grammatikaga oid shartlar tashkil etadi. Shu bilan birga, grammatik bilim va malakalar asosan ko‘rish xotirasi orqali o‘qish tajribasining shakllanishi va rivojlanishi jarayonida shakllantirilgan namunalar asosida yaratiladi va ular grammatik qoidalrni anglab olish va tushunish uchun xizmat qiladi. Shu sababdan grammatik bilimlarni shakllantirish uchun aynan o‘qish ko‘nikmasining ahamiyatini ham alohida ta’kidlash lozim. Chunki yangi matnlarni o‘qish orqali tinglovchi nemis tilidagi grammatik hodisalarning bir necha yuzlab variantlari bilan tanishib boradi va ularni anglab, tushunib olish jarayoni nafaqat leksik bilimlarning kengayishiga, balki grammatik ko‘nikmalarning ham mustahkamlanishiga hissa qo‘shadi.
Chet tilidagi, jumladan, nemis tilidagi grammatik bilimlarni shakllantirish haqidagi fikrlarni umumlashtirgan holda, quyidagilarni xulosa sifatida qayd etish mumkin:
- o‘quv materiallarida namunaviy xususiyatga ega bo‘lgan, shaklan umumiy xarakterdagi qoida va shartlar bilan birga, funksional xarakterdagi materiallarni farqlash, hamda ularning o‘zaro aloqasini, nutqni rivojlanishi uchun foydali jihatlarini batafsil tushuntirib o‘tish lozim.
- grammatik materialni til o‘rganuvchi va o‘qitish jarayoni uchun yetarli hajmda ekanligiga e’tibor berish, ortiqcha vaqt va kuch talab etuvchi qo‘shimcha qoidalardan kamroq foydalanish kerak. Chunki me’yorida tanlangan grammatik materialni mavzuga oid yangi kontekstlarda mustahkamlanishi samarali kechadi.
- yangi materiallarni berish jarayonida, ilgari o‘rganilgan bilim va qoidalardan keng foydalanish lozim. Asosiy qoidalarni ko‘zgazmali materiallar, sxemalar, jadvallar va boshqa shu kabi esda qolarli usullar yordamida tayanch vositasi tariqasida berish maqsadga muvofiq.
- qoidalar va izohlar qisqa va aniq bo‘lib, grammatik ma’noni to‘liq aks ettirishi zarur. Ularni tushutirish jarayoni darsning asosiy vaqtini butkul band etmasligi lozim, grammatika muloqot malakasining shakllanishi uchun yordamchi vosita ekanligini e’tiborga olish zarur.
- grammatik qoidalar va bilimlarni mustahkamlash uchun ko‘proq ikki va ko‘p tomonlama muloqatni shakllantiruvchi o‘qitish usullaridan, jumladan, kichik guruhlarda ishlash, juft bo‘lib ishlash, namuna asosida dialoglar yasash kabi usullardan foydalanish samara beradi.
References
Balli Sharl, (1955) Obshaya lingvistika i voprosi fransuzskogo yazika, M. Inostrannaya literatura, S. 214.
Lifanova Ye. A. (2013) Kompleks uprajneniy dlya obucheniya inoyazichnomu chteniyu studentov yestestvennix fakultetov na primere studentov-programmistov. The Emissia.Offline Letters - Elektronnoye nauchnoye izdaniye (nauchno-pedagogicheskiy internet-jurnal). http://www.emissia.org/offline/2013/1940.htm. murojaat sanasi 17.03.2025
Nakaznyuk N.I. (2007) Prinsipi otbora tekstov dlya zanyatiy po domashnemu chteniyu dlya studentov lingvisticheskix spetsialnostey // Voprosi metodiki prepodavaniya v VUZe. Vipusk 10: Sbornik statey. – SPb.: Nestor. S. 138-143.
Rahmatullayev Sh. (2006) Hozirgi adabiy o‘zbek tili. Toshkent. Universitet. B. 378-379.
Samsonova N.I. (2012) Osobennosti obucheniya grammatike nemetskogo yazika v neyazikovix VUZax. http://www.rusnauka.com/6_PNI_2012/Pedagogica/5_102183.doc.htm. 12.03.2025
Solovova, Ye.N. (2008) Metodika obucheniya inostrannim yazikam. Bazoviy kurs. Posobiye dlya studentov ped. vuzov i uchiteley. M.: ACT: Astrel, S. 47.
Published
Downloads
How to Cite
Issue
Section
License
Copyright (c) 2025 Ботир Рахманов

This work is licensed under a Creative Commons Attribution 4.0 International License.
