Исторический анализ отношений между Имамкули-ханом и казахскими султанами до 20-х годов XVII века

Авторы

  • Ферганский государственный университет
Исторический анализ отношений между Имамкули-ханом и казахскими султанами до 20-х годов XVII века

Аннотация

В данной статье анализируются политические отношения одного из крупных представителей династии Аштархани – Имамкули-хана (1611–1642) с казахскими султанами, такими как Ешим-хан, Турсын-хан и Абылай султан. До 1620-х годов XVII века Бухарское ханство находилось в соперничестве с казахскими султанами по вопросам территорий Ташкента, приаральских районов Сырдарьи и Ферганской долины. Политические процессы этого периода освещены на основе первичных источников.

Ключевые слова:

Бухарское ханство казахские султаны Имамкули-хан Ешим-хан Абылай султан Турсын-хан Ташкент Фергана бассейн Сырдарьи.

Kirish. Buxoro xonligi ashtarxoniylar sulolasi hukmronligi davrida qo‘shni davlatlar bilan faol siyosiy hamda diplomatik aloqalar olib borgan. Xuroson masalasida safaviylar, Badaxshon, Balx hududlari uchun boburiy hukmdorlar bilan ayrim nizoli holatlar mavjud bo‘lgan. Xuroson masalasi siyosiy jihatdan tashqari diniy qarashlardagi azaliy nizolar tufayli harbiy to‘qnashuvlar keskin tus olgan bo‘lsa, boburiylar bilan munosabatlar siyosiy manfaatlar to‘qnashuvi sababli asosan diplomatik aloqalar orqali tartibga solinib turilgan. Xonlikning Qozoq xonligi bilan munosabatlari ayniqsa keskin bo‘lib, ikki davlat o‘rtasida Sirdaryo havzasiga egalik qilish, Farg‘ona vodiysiga siyosiy ta’sir ko‘rsatish kabi qator omillar ular o‘rtasida uzoq yillar davomida tinimsiz urushlarga olib keldi.

Mavzuga oid adabiyotlar tahlili. Mavzuni tahlil etishda, asosan tarixiy manbalar va ba’zi o‘rinlarda ilmiy adabiyotlardagi mavjud ma’lumotlarga tayanildi. Jumladan, “Imomqulixonnoma”, “Tarixi olamaroyi Abbosiy”, “Bahr ul-asror”, “Tarix” kabi birlamchi tarixiy asarlardagi ma’lumotlar o‘zaro solishtirilib, qozoq tadqiqotchilarining mazkur masala bo‘yicha chop etilgan asarlaridagi xulosalar bilan boyitildi.

Tadqiqot metodologiyasi. Mazkur maqolani yozishda ilmiy-tahliliy yondashuv qo‘llanildi. Asosiy manbalar sifatida XVI-XVII asrlarga oid tarixiy manbalar, xususan, “Imomqulixonnoma” va “Bahr ul-asror” asarlaridan foydalanildi. Shuningdek, Buxoro xonligi va qozoq xonliklari o‘rtasidagi munosabatlarni yorituvchi zamonaviy tadqiqotlar ham tahlil qilindi. Ma’lumotlar solishtirma-tahlil usuli yordamida o‘rganilib, voqealar rivoji mantiqiy ketma-ketlikda ifodalandi. Mavjud tarixiy manbalarning tafsilotlari o‘zaro taqqoslanib, ulardan olingan dalillarni tekshirish va tasdiqlash orqali xolis xulosa chiqarishga harakat qilindi.

Tarixiy shaxslarning harakatlari va siyosiy qarorlarining sabab-natijalari muayyan tarixiy sharoit va kontekstda ko‘rib chiqildi. Mazkur davr siyosiy manzarasini yanada to‘liqroq yoritish maqsadida, qozoq sultonlari va Buxoro xonligi bilan aloqador boshqa davlatlar o‘rtasidagi munosabatlar ham e’tibordan chetda qolmadi. Tadqiqot davomida qo‘llanilgan manbalarning aksariyati sharq qo‘lyozma manbalari bo‘lib, ular tarjima qilinib, tahlil qilindi.

Tahlil va natijalar. Buxoro xonligi Imomqulixon davrida o‘z taraqqiyotining cho‘qqisiga chiqqan. Uning faoliyatidagi dastlabki davr ayniqsa siyosiy qizg‘in kechib, Sirdaryo havzasi hududlari uchun qozoqlar, Farg‘ona vodiysi uchun esa shayboniy Suyunchxojaxon xonadonining so‘nggi vakillaridan biri Abul Muhammad sulton bilan kurashdi. Mazkur to‘qnashuvlarning dastlabkilarida g‘olib chiqqan Imomqulixon Farg‘ona mulkini o‘z hokimiyatiga qo‘shib olib, hududda Abul Muhammad sulton hokimligini saqlab qolgan. Buxoro xoni va vodiy hokimi o‘zaro quda-andalik bo‘lishi natijasida munosabatlar ancha iliqlashgan. Lekin, Abul Muhammad sulton qozoq xonlari bilan yaqinlashuvi ikki o‘rtadaga sovuqchilik tushirdi. Farg‘ona hokimi qozoqlar bilan ittifoqda Buxoro xoniga qarshi kurashib, o‘zining avvalgi mavqeyini qaytarishni maqsad qilgan bo‘lsa, Imomqulixondek kuchli raqibga qarshi kurashishda qozoqlar uchun Abul Muhammad sultondek shaxslar bilan hamkorlik qilishdan manfaatdor edi.

Ammo voqealarning keyingi rivoji butunlay teskari tus oldi. Chunki, 1618-yilda qozoq sultonlari – Eshimxon, Abulay sulton, Nazar sulton va Kuchek sultonlar Abul Muhammad sultonning hokimiyatiga chek qo‘yish uchun unga qarshi hujum qilishgan. Buning sababi sifatida, ayni paytda mulksiz qolgan yuqoridagi sultonlar, Imomqulixonga yoqish va undan ma’lum mulk umidida hamda vodiyni talon-taroj qilish orqali o‘zlarining moddiy ahvollarini yaxshilash maqsadida uning dushmani Abul Muhammad sultonga hujum qilganligi keltirilgan [1: 131b-132b, 2: 233]. Bosqinchilarning to‘g‘ri Andijonga yetib kelib, uni qamal qilganligi ushbu hujum Abul Muhammad sulton uchun kutilmaganda sodir bo‘lganligini, u yetarli darajada himoya choralarini ko‘ra olmaganligini hamda qozoq sultonlari o‘zlari bilan ko‘chmanchilarning katta qismini ergashtirib kela olganligini ko‘rsatadi. Manbada aniq ko‘rsatilmagan bo‘lsa-da, voqealarning mantiqiy rivojlanishidan kelib chiqib, qozoq sultonlari vodiyning shimoli-sharqiy chegaralari orqali kirib kelganligini taxmin qilishimiz mumkin. Shuningdek, vodiy qo‘shining bir qismini tashkil etgan va Abul Muhammad sultonning ittifoqchilari bo‘lgan qirg‘iz qabilalari ham bosqinchilar tomoniga o‘tib ketgan ko‘rinadi. Andijon shahri qamal qilingach, chorasiz qolgan Abul Muhammad sulton qochishga harakat qilgan, lekin ortidan yetib kelgan qozoqlar uni oilasi bilan birgalikda o‘ldirishgan [2: 233].

Qozoq sultonlari mazkur “xushxabar”ni tezroq Imomqulixonga yetkazib, unga itoat etishdan bosh tortgan Abul Muhammad sultonni o‘ldirish orqali Farg‘ona vodiysi hududi boshqaruvini o‘zlariga berishni iltimos qilishgan. Chunki, Toshkent hamda Sirdaryo bo‘ylaridagi hududlarda Buxoro xoni yordami tufayli ega chiqqan Tursunxon rasman Imomqulixonning noibi hisoblansa-da, qozoqlarning asosiy xoni bo‘lib olgan edi.

Qolgan qozoq sultonlari Yorkend xonligi, Dashti Qipchoq va Buxoro xonligi chegaralarida mulksiz sarson bo‘lishgan. Bular orasida Abulay sulton o‘zining siyosiy faolligi bilan ajralib turgan. Abulay sulton yuqorida ta’kidlaganidek,
1612–1613-yillarda ashtarxoniylardan mag‘lub bo‘lib, Mo‘g‘ulistonga ketgan edi. Biroz muddat o‘tgach, u qozoq va qirg‘izlar bilan birgalikda Yorkend xoni sulton Shujoddin Ahmad (1610-1618) va uning to‘ng‘ich farzandi Temur sultonga qarshi kurash olib borganligi ma’lum [3: 269]. Keyinchalik, Abulay sulton Temur sultonga qizini berib, qarindoshlik rishtalarini o‘rnatgan. 1614-yil Temur sulton vafot etgach, katta ehtimol Abulay sulton ham Yorkenddan yana ortga qaytgan ko‘rinadi.

Shunday qilib, Abul Muhammad sulton 1604-yildan boshlab, 1617–1618-yillargacha Farg‘ona vodiysini boshqardi. Uning davrida siyosiy vaziyat keskin bo‘lganligi uchun, asosan, ko‘chmanchilar bilan birgalikda Buxoro xonligiga qarshi kurash olib borgan. Kuchlar nisbati teng bo‘lmaganligi va mahalliy aholi orasida yetarli mavqega ega emasligi natijasida 1614–1617-yillar oralig‘ida vodiyni ashtarxoniylarga tobe hokim sifatida idora qildi. 1618-yil qozoq sultonlari bilan bo‘lgan janglar natijasida esa o‘ldirildi.

Abul Muhammad sultonning qatl etilishi Imomqulixon uchun kutilmagan voqea bo‘ldi. Bir qarashda, rasman Buxoro xoniga tobe ekanligini bildirgan, lekin zimdan unga qarshi bo‘lgan kuchlar bilan ittifoq tuzishga harakat qilayotgan Andijon voliysining o‘limi mantiqan Imomqulixonga ma’qul bo‘lganligiga qaramay, sharqiy hududlarda qozoqlarning mavjudligi Abul Muhammad sultonga qaraganda ancha xavfli edi. Qozoq sultonlarining ayni damda mulksiz ekanligi, o‘zlari uchun juda qulay hududga joylashib olganligi bilan Buxoro xoni manfaatlariga soya solardi. Farg‘ona vodiysining qozoq xoni Shig‘ayxon avlodlari qo‘liga o‘tishi nafaqat Buxoro xoni uchun balki, Jolim sulton avlodi hisoblangan Tursunxon manfaatlari uchun ham birdek foydali emas edi. Bundan tashqari, Imomqulixonning qaynog‘asi bo‘lgan Abul Muhammad sultonning qozoq sultonlari tomonidan o‘ldirilishi bevosita Buxoro xonining siyosiy obro‘siga putur yetkazgan. Bu orada esa vodiyni egallagan qozoq xonlari atrofdagi Buxoro xoniga qarshi bo‘lgan ko‘chmanchilar bilan ittifoq tuzishib, unga qarshi chiqishni boshlashgan.

Yuqoridagi sabablar tufayli Imomqulixon Farg‘ona vodiysi uchun navbatdagi katta yurishga tayyorgarlik ko‘rishni boshlaydi. Qozoq sultonlari Andijonni egallash vaqtida Imomqulixon qaynog‘asiga yordam bera olmaganligiga sabab sifatida ikki holatni keltirish mumkin. Dastlabkisi, 1617-yil qishida o‘ttiz ming kishilik Buxoro askarlari Nadr devonbegi tog‘oyi boshchiligida Marvga hujum qilib, bu yerda biroz vaqt ushlanib qolganligi bo‘lsa [4: 1145-1146, 5: 1151-1152], ikkinchidan 1618-yil Yalangto‘sh bahodir boshchiligida balxliklar Hirotga hujum qilib, uning atrofidagi ayrim hududlarni talon-taroj etishgan [4: 1161-1162; 5: 1651-1652]. Yuqoridagi ikki yurish ashtarxoniylarning asosiy e’tibori janubi-g‘arbiy hududlarga qaratilganligini anglatadi. Vaziyatdan foydalangan qozoqlar osonlikcha Abul Muhammad sultonni o‘ldirishgan.

Buxoro xoni Imomqulixon tog‘asi Nadr devonbegi tog‘oyi boshchiligida Andijon tomon uchinchi bor qo‘shin yuborishga hozirlik ko‘rishni boshlaydi. Bu yurishga Toshkent hokimi Tursunxon ham jalb etilgan. Chunki, Tursunxon sharqiy chegaralarida o‘ziga dushman kayfiyatidagi qozoq sultonlari hokimiyatining o‘rnatilishiga Imomqulixon kabi qarshi edi. Toshkent hokimi va Nadr devonbegi tog‘oyi boshchiligidagi qo‘shin taxminan 1028/1619-yil vodiy hududlariga kirib kelishgan. Dastlab, birlashgan qo‘shin Marg‘ilon*ni qamal qilishga kirishgan [1: 136b, 2: 234]. Mazkur shaharni Nazar sulton himoya qilayotgan edi. U yaqinlari bilan qamaldan chiqib, Buxoro lashkariga hujum qilgan lekin mag‘lubiyatga uchrab, Ulug‘ tog‘ tomon qochib ketgan [1: 137b]. Nazar sultonning qochib ketishi, boshqa qozoq sultonlariga salbiy ta’sir ko‘rsatgan. Nadr devonbegi tog‘oyi va Tursunxon zudlik bilan Andijon tomon yurishni davom ettirishgan. Buxoro qo‘shinlarini bunday tez kelishini kutmagan va sarosimada qolgan Eshimxon va Kuchekxonlar O‘zgan tomon qochishgan. Ittifoqchilar dushmanni oxirigacha ta’qib etib, O‘zgangacha yetib borishgan. Ilojsiz qolgan qozoq sultonlari Dashti Qipchoq tomon ketishga majbur bo‘lishdi [1: 137b, 2: 234].

Mazkur voqealarni tahlili asosida ba’zi mulohazalarni bildirish mumkin. Vodiyni egallagan qozoq sultonlari uni himoya qilish uchun ikki qismga bo‘lingan. Asosiy qo‘shin bilan Nazar sulton Marg‘ilonga joylashib, imkon qadar bu yerda ashtarxoniylarni uzoq vaqt ushlab turishi kerak edi. Bu vaqtda Andijonda turgan Eshimxon, Kuchek sultonlar atrofdagi ko‘chmanchilardan yordam olishni rejalashtirishgan. Ammo Nazar sulton qamalda qolishni xohlamay qal’adan tashqariga chiqib jang qilishi oqibatida mag‘lub bo‘lgan. Shuningdek, manbalarda bu haqida aniq ma’lumotlar uchramasa-da, qozoq sultonlari o‘rtasida mustahkam birlik bo‘lmagan ko‘rinadi. Chunki, mag‘lub bo‘lgan Nazar sulton Andijonda turgan qabiladoshlarini oldiga emas, balki, Dasht tomon ketgan. Bu esa ular o‘rtasida ma’lum ziddiyatlar bo‘lganini ko‘rsatadi. Qozoq sultonlari Farg‘ona vodiysini o‘zaro taqsimlash hamda o‘zlari uchun yetakchi belgilash masalasida bir to‘xtamga kela olmagan bo‘lishi mumkin. Bu vaqtda atrofdan yetarli madad ololmagan Eshimxon va Kuchek sulton Andijonni jangsiz topshirib, vodiyning eng sharqiy chegaralariga chekinishgan. Mavjud vaziyatni to‘g‘ri baholay olgan Nadr devonbegi tog‘oyi va Tursunxon ularni butkul vodiy hududlaridan haydab chiqarishgan. Ammo e’tiborli jihati shundaki, yuqorida qochib ketgan qozoq xonlari ichida Abulay sulton nomi qayd etilmagan. Aynan shu qozoq xoni ko‘p o‘tmay ro‘y bergan Shohruxiya jangida Andijon hokimi sifatida “Bahr ul-asror”da keltirilgan [6: 106b]. 1619-yilgi yurishdan so‘ng Andijonga kimni hokim qilib tayinlanganligi haqida mavjud manba va adabiyotlarda so‘z yuritilmagan bo‘lsa-da, ashtarxoniylar qo‘shini Marg‘ilon va Andijonga kelgan vaqt Abulay sulton Imomqulixon tomoniga o‘tishga qaror qilgan ko‘rinadi. Yurish yakunlaganidan so‘ng Farg‘ona vodiysini boshqarish aynan Abulay sultonga topshirilgan. Vodiyni Abulay sultonga topshirish Toshkent hokimi Tursunxonning mavqeyini kuchsizlantirish uchun ham zarur edi. Chunki Tursunxon va Abulay sultonlar o‘zaro raqobatdagi sulola vakillari bo‘lgan.

Farg‘ona vodiysi tomon uchinchi yurish faqatgina “Imomqulixonnoma” asarida keltirilgan. Bu davrning yana bir muhim manbasi hisoblangan “Bahr ul-asror”da yuqoridagi voqealar haqida so‘z yuritilmagan. Ushbu holatni quyidagicha izohlash mumkin:

– Mazkur manba Nadr Muhammadxon topshirig‘i bilan yozilganligi va bu voqeada Nadr Muhammadxonning ishtirok etmaganligi uchun muarrix yuqoridagi voqeadan bexabar qolgan yoki yozishni joiz, deb topmagan;

– Mahmud ibn Vali asarini 1640-yilda yozib tugallagan. Asarni yozish davomida ko‘plab manba, guvohlardan unumli foydalanishga harakat qilgan. Lekin u, asosan, Balxdagi saroy kutubxonaasidagi mavjud kitoblardan foydalanganligi uchun, Buxorodagi yilnoma va manbalar uni e’tiboridan chetda qolgan. Jumladan, “Imomqulixonnoma” ham. “Imomqulixonnoma” asari Taxminan 1623–1624-yil voqealari bilan tugallangan. Demak asar ham shu yillar atrofida yozilgan.

1619-yildagi Farg‘ona yurishidagi muvafaqqiyatlar ashtarxoniylarning sharqiy chegaralardagi mavqeyini ancha mustahkamladi. Ular shundan foydalanib, Tursunxon bilan tuzilgan avvalgi noiblik shartnomasini yana-da qulayroq shartlar asosida yangilashga qaror qildilar. Nadr devonbegi tog‘oyi va Tursunxon o‘rtasida navbatdagi shartnoma tuzildi. Unga ko‘ra, avvalgidek Tursunxon Toshkent hamda Turkiston hududlarini Buxoro xonining noibi sifatida boshqarishi, har yilgi boj hamda xirojni to‘lashi lozimligi, Imomqulixonga to‘la itoat etishi zarur edi. Tursunxon shartnomaga bajonidil rozi bo‘lgan. Shundan so‘ng Nadr devonbegi tog‘oyi Samarqandga, Tursunxon Toshkentga qaytib ketgan [1: 138a-139b, 2: 234-235]. Mana shu shartnoma ham ko‘rsatib turibdiki, Imomqulixonning qozoq xonlariga nisbatan ishonchi sust bo‘lgan. Endilikda, shimoli-sharqiy hududlarda Buxoro xoniga qarshi chiqishi mumkin bo‘lgan yagona kuch Tursunxon bo‘lib qoldi. Shuning uchun Nadr devonbegi tog‘oyi u bilan 1021/1612–13-yilda kelishilgan shartnomani qaytadan tuzgan. Bu sulhdan qaysidir ma’noda Tursunxonning o‘zi ham manfaatdorligi aniq. Sababi Farg‘onada mag‘lub etilgan qozoq sultonlarining hech bir jismonan yo‘q qilinmadi. Bu esa, ularga istalgan payt Dashtdagi yangi kuchlar bilan Tursunxon boshqaruvidagi hududlarga bosqin qilish imkoniyatini berardi. Ayniqsa, Eshimxon Qozoq xonligidagi obro‘si Tursunxonga qaraganda ancha yuqori bo‘lgan. Toshkent hokimi va Buxoro xoni o‘rtasidagi munosabatlar bevosita yoki bilvosita Farg‘ona vodiysiga ta’sir etardi.

Xulosa va takliflar. Mazkur maqolada XVII asr boshlarida Buxoro xonligi va qozoq sultonlari o‘rtasidagi siyosiy munosabatlar hamda Farg‘ona vodiysining strategik ahamiyati tahlil qilindi. Tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatdiki, Abul Muhammad sultonning o‘ldirilishi nafaqat Buxoro xonligi, balki qozoq sultonlari uchun ham muhim siyosiy voqea bo‘ldi. Ushbu voqea Imomqulixonning sharqiy chegaralarda siyosiy ta’sirini mustahkamlash uchun yangi imkoniyatlar yaratdi, ammo qozoq xonlari tomonidan kelib chiqadigan xavf-xatarlarga ham yo‘l ochdi.

Maqola davomida qozoq sultonlarining ichki ziddiyatlari, Buxoro xonligi bilan bo‘lgan murakkab munosabatlari hamda Farg‘ona vodiysi uchun olib borilgan kurashlar chuqur tahlil qilindi. Bu holat Imomqulixonning hududni egallash siyosatida nozik diplomatiya va harbiy kuchdan birdek foydalanish zaruratini ko‘rsatadi.

Maqola davomida keltirilgan ma’lumotlar asosida, qozoqlarning ichki ixtiloflari va Buxoro xonligining kuchlar balansi siyosatiga ko‘ra, Imomqulixonning Farg‘ona vodiysi uchun olib borgan harakatlari muhim strategik ahamiyatga ega bo‘lganligi aniqlandi. Ushbu tadqiqot natijalari kelgusida mazkur davr tarixi bilan shug‘ullanuvchi tadqiqotchilar uchun muhim ilmiy material bo‘lishi mumkin.

 

* Shahar nomi manbada “مرغ” deb yozilgan.

Библиографические ссылки

امام قلی خان نامه. O‘zR FA ShI. Qo‘lyozma №89. – B. 150 b.

Абусеитова М.Х., Баранова Ю.Г. Письменные источники по истории и культуре Казахстана и Центральной Азии в ХIII – XVIII вв. (биобиблиографические обзоры). – Алматы: Дайк-Пресс, 2001. – C. 231-234.

Шах-Махмуд ибн Мирза Фазил Чурас. Хроника / Критический текст, перевод, комментарии, исследование и указатели О.Ф. Акимушкина. – 2-е изд. – СПб.: Петербургское лингвистическое общество, 2010. – 496 c.

Eskandar Beg Monshi. History of Shax Abbas the Great (Tārīkh-ye Ālamārā-ye ‘Abbāsī) / translate by Roger M. Savory. Volume II – Colorado: Westviev Press, 1930. – 1392 p.

İsgəndər bəy Münşi Türkman. Dünyanı bəzəyən Abbasın tarixi (Tarix-i aləmara-yi Abbasi). – Bakı, Şərq-Qərb, 2014. – 1400 səh.

محمود بن ولی. بحر الاسرار فی مناقب الاخیار – 409b.

Опубликован

Загрузки

Биография автора

Азизбек Мусаев ,
Ферганский государственный университет

старший преподаватель (PhD)

Как цитировать

Мусаев , А. (2025). Исторический анализ отношений между Имамкули-ханом и казахскими султанами до 20-х годов XVII века. Лингвоспектр, 3(1), 675–679. извлечено от https://lingvospektr.uz/index.php/lngsp/article/view/597