Создание и деятельность музея в Намангане

Авторы

  • Наманганский государственный университет
 Создание и деятельность музея в Намангане

Аннотация

В данной статье представлена информация об образовании Государственного музея истории и культуры Наманганской области, лицах, инициировавших создание музея, материально-технической базе и деятельности музея в 20-30-е годы XX века.

Ключевые слова:

Иванов фауна Совнарком Туркестана минералогия Тулум музей-кабинет И.В.Янковского музей Скобелева.

Bugungi kunda muzeylar nafaqat madaniy-ma’rifiy muassasa, shu bilan birga ilmiy maskanlarga ham aylanib bormoqda. Shunday maskanlardan biri Namangan viloyat tarixi va madaniyati davlat muzeyi hisoblanib, u 100 yillik tarixga ega. Muzey respublika muzeylari ichida o‘ziga xos tarixga egaligi va qadimiyligi bilan alohida o‘rin tutadi.

Muzey tashkil etilishida Namangan shahridagi 1-rus o‘rta maktabining fizika fani o‘qituvchisi Vladimir Ivanov katta tashabbus ko‘rsatdi. U 1919 yilda Namangan shahar xalq ta’limi bo‘limiga yozgan xatida o‘quvchilarga puxta bilim berish maqsadida  shahar maktablaridagi barcha fizika o‘quv asboblarini bir joyga jamlab, markaziy fizika xonasi, saqlash xonasi, ustaxona tashkil etishni taklif qildi[1]. Bu taklif Namangan shahar xalq ta’limi bo‘limi tomonidan kabul qilindi. Mazkur muzey 1919 yil 19 apreldagi Turkiston xalq komissarlari sovetining dekretiga asosan Namangan shahar xalq ta’limi bo‘limi tasarrufidagi 7 yillik 1-rus o‘rta maktabi binosidan ikkita xona ajratilib, fizika muzey-kabineti sifatida ishga tushirildi[2].  1919 yilning sentyabr oyida Namangan shahar ijroiya qo‘mitasining qaroriga asosan Ivanov fizika kabineti hamda o‘quv anjomlari ustaxonasi mudiri etib tayinlandi[3].

1919 yilning 1 oktyabridan fizika xonasi uchun o‘quv anjomlarini qabul qilish ishlari boshlandi va 20 dekabrdan to‘liq faoliyat ko‘rsata boshladi[4].  

1920 yilning may oyida shahar xalq ta’limi bo‘limiga fizika kabinetini Namangan muzeyi qilish to‘g‘risidagi loyiha taqdim etildi, ammo ushbu loyiha xalq ta’limi bo‘limi tomonidan tasdiqlanmadi. Buning o‘rniga fizika kabinetini kengaytirish, u yerdagi anjomlarni ko‘paytirish taklifi berildi[5].

1920 yil avgust oyidan 1-maktab fizika xonasidagi anjomlar ancha-muncha yetarli ekanligi hamda yig‘ilgan hayvon qotirmalari tashrif buyurayotganlarni qiziqtirayotganini ko‘rib, nafaqat hayvonot dunyosi, balki fauna (o‘simliklar) haqida ma’lumotlar ham jamlandi. Fizika kabineti mudiri V.Ivanov o‘zi ham faunaga qiziqishi hamda yaxshi bilishi sababli, xalq ta’limi bo‘limiga murojaat qilib, bu ishga barcha maktab o‘quvchilarini jalb qildi va shu sohaga oid turli qo‘llanmalar yaratildi. Ushbu qo‘llanmalar yordamida darslar tashkil etildi. V.Ivanovning o‘zi ham mazkur qo‘llanmalardan 2-o‘rta maktabda kechki darslarida foydalandi.

Keyingi yillarda mahalliy tashkilot Turkiston xalq komissarlari  soveti madaniyat bo‘limining 1920 yil 20 avgustdagi  qaroriga asosan, muzey faoliyatini yanada kengaytirish maqsadida Namangan shahri markazidagi qo‘qonlik savdogar Hamdam Qalandarov do‘koni binosi muzey uchun ajratib berildi. Shu yildan Namangan shahar xalq ta’limi bo‘limi yangi muzeyni moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga e’tiborini kuchaytirib, eksponatlar sotib olish uchun mablag‘ ajratdi.

1920-1921 yillarda Namangan shahar xalq ta’limi bo‘limi muzey xamda fizika kabinetini kengaytirish uchun juda katta sahiylik qildi, natijada muzey uchun ahamiyatli jihozlar to‘plandi va sotib olindi, 1921 yilda esa I.V.Yankovskiy orqali muzeyning barcha bo‘limlarini boyitadigan Kvitonning shaxsiy kolleksiyalar to‘plami sotib olindi[6].

Muzey tashkil bo‘lgan dastlabki yillarda jamg‘arma fondi, bo‘lim va ekspozisiyalarni tashkil etish uchun yetarli eksponatlar yo‘q edi. Asosan eksponatlar geologiya, minerologiya va zoologiyaga tegishli bo‘lib, xazina fondida 1000 ga yaqin ashyolar bor edi. Bular ichida qisman mahalliy aholini uy-ro‘zg‘orda foydalanadigan etnografiya buyumlari uchrardi.

Shunday bo‘lsada, Namangan muzeyining rivojlantirish ishlari samara bermadi. V.Ivanov muzeyni kengaytirish hamda kolleksiyalar sotib olish uchun mablag‘ ajratish hamda smeta tuzish bo‘yicha  Namangan shahar ijroiya qo‘mitasiga bir necha marta xat bilan murojaat qildi va ijobiy javob ololmadi.

Bu davrda muzey Turkiston maorif xalq komissarligi muzeylar bo‘limi bo‘ysunuvida faoliyat yuritgan[7].

V.Ivanov 1921 yil 17 mayda  Namangan shahar xalq ta’limi bo‘limi va Turkiston muzeylar ishlari va qadimiy yodgorliklar, tabiat va san’atni muhofaza qilish qo‘mitasiga TURKKOMSTARIS quyidagicha xat bilan murojaat qiladi va unda Namangan shahar ijroiya qo‘mitasi V. Ivanov va muzey qorovuli bilan shaxsiy shartnomani mablag‘ yo‘qligi sababli imzolashdan bosh tortadi. Bir vaqtning o‘zida uchta muassasa (muzey, kutubxona va fizika kabineti) raxbarligiga yanvar, fevral va mart oylari uchun V. Ivanovga 75 so‘m to‘lash o‘rniga 55 so‘m, koravulga esa 20 so‘m o‘rniga bor yo‘g‘i 16 so‘m to‘lanadi. Shu tufayli Namangandagi muzey sohasiga bunday e’tibor uchun V.Ivanov Namangan muzeyini Turkiston muzey ishlari bo‘yicha qo‘mitasiga qo‘l ostiga olinishini, agar bunday bo‘lmasa, muzey xodimlarining muzey ishiga bo‘lgan barcha sadoqati yo‘q qilinishi, yuqori xaq to‘ladigan ish  izlashga va muzeyni o‘z xolicha qoldirishga majbur bo‘lishini ta’kidlab o‘tadi. Bundan tashqari mazkur xatda V.Ivanov tomonidan Namangan muzeyini Skobelev muzeyi[8] singari butunlay yo‘q bo‘lib ketishi hech kimni qiziqtirmayotganligini hisobga olgan holda, Namangan va Skobelev muzeylarini Qo‘qonga shahridagi  xon saroyi – O‘rdaga ko‘chirish va u yerda yagona Farg‘ona viloyati muzeyini tashkil etish to‘g‘risida ham o‘z taklifini bildiradi, ammo bu taklif amalga oshmagan[9].

1920-1921 yillarda juda yaxshi jihozlarni sotib olindi va muzeyni jihozlash ishlari amalga oshirildi. Ammo 1922 yildan boshlab muzeyga ajratiladigan mablag‘lar kamayib, mutlaqo hech narsa ajratilmay ko‘yildi. 1922 yilda V.Ivanovning  shaxsiy tashabbusi va kamdan-kam kilingan xayriyalar evaziga  biroz kengaytirish ishlari amalga oshirildi[10].

Bu davrda muzeyda 12 ta, ya’ni anatomiya, zoologiya, botanika, mineralogiya, arxeologiya, numizmatika, texnologiya va sanoat, fizika, mexanika, kimyo, ko‘rgazmali va turli buyumlar bo‘limlari faoliyat yuritgan.

Muzey ekspozision rejasi quyidagicha tuzilgan:

– anatomiya bo‘limi ikki kichik bo‘limga: odam anatomiyasi va hayvonlar anatomiyasiga bo‘lingan. Birinchi bo‘linmada 20 ta eksponat ro‘yxatga olingan va tizimli katalogi tuzilgan va katta oynakli vitrinalarga  joylashtirilgan, unda ikkita skelet va alohida  inson organlarning maketlari joylashtirilgan. Ikkinchi bo‘linmada va shuningdek, turli xil vitrinalarda 30 ta buyum mavjud bo‘lib, ular  hayvonlar tulum (kotirma) lari bilan to‘ldirilgan;

– zoologiya bo‘limi 6 ta bo‘limga bo‘lingan: sutemizuvchilar 31 ta, qushlar 78 ta, qolganlari (baliqlar, bo‘g‘im oyoqlilar) quyidagicha taqsimlangan: sudraluvchilar va amfibiyalarning har biriga uchta eshikli ikkita katta vitrina ajratilgan, baliqlar alohida qutili vitrinani, bo‘g‘imoyoklilar katta alohida vitrinani egallaydi va bundan tashqari, hasharotlar (quruq moslamalar)da ilonlar bilan zalda bir xil tokchada joylashtirilgan;

– botanika bo‘limi 3 oynakli katta vitrinani egallaydi, gerbariylar esa yopiq kutilarda saklangan;

–mineralogiya alohida vitrinani egallaydi va devorda ikkita maxsus Ural minerallari iborat quti joylashtirilgan. Paleontologik kolleksiya alohida joylashtirilgan;

– arxeologiya bo‘limiga alohida maxsus joy ajratilgan, ammo bu bo‘limda arxeologik ashyolar juda kam bo‘lgan;

–numizmatika bo‘limi,  u juda qiziqarli kolleksiyaga egaligi bilan ajralib turgan, alohida korpusda va uchta alohida ramkada joylashgan bo‘lib, bir nechta tanga va medallarga ega, ammo unda Turkiston va boshqa davlatlarning banknotlari ham joylashtirilgan;

– texnologiya va sanoat bo‘limi alohida shkafni egallaydi, u yerda ishlab chiqarish haqida ma’lumot beruvchi, yoqilg‘i va boshqa ishlab chiqarish namunalari tasvirlangan bir nechta fanolar joylashtirilgan;

– fizika bo‘limi yon oynalari mavjud bo‘lgan ikkita katta vitrinaga joylashtirilgan;

–  mexanika bo‘limi esa alohida kabinetga joylashtirilgan;

– kimyo bo‘limida fizika asboblari bilan bir qatorda, qisman muzey laboratoriyasi joylashtirilgan;

– ko‘rgazmali qurollar bo‘limi ikkinchi zalda alohida, maxsus vitrinalarda joylashtirilgan.

–  turli buyumlar bo‘limi fond xonasi hisoblangan.

Bundan tashqari, muzeyda 2 ta akvarium va 2 ta tirik ilon va toshbaqalar joylashgan terrarium mavjud bo‘lib, 1923 yilda tirik echkemerlar uchun yana bir terrarium tashkil etish rejalashtirilgan[11].

1923 yil mart oyida Namangan shahar xalq ta’limi bo‘limiga muzey shart emasligi, uning jihozlarini qaytarib maktablarga tarqatish kerakligi xaqida fikrlar ilgari surila boshlandi. Shundan so‘ng muzey Namangan ijroiya qo‘mita raisi Shog‘ofur Shomansurov[12], qo‘mita a’zolaridan Asror Zayniddinov, Ahadjon Muximardonov, Mark Milyavskiy, V.Chiverevlar mehnat tekshiruvchilari bilan birgalikda  to‘liq ko‘rib chiqildi, oqibatda fizika muzey kabinetini namunali, tartibli hamda ahamiyatli deb hisoblab, 1923 yil 20 mart kuni Namangan inqilobiy qo‘mita raisi tomonidan muzey va fizika kabinetini o‘z joyida qoldirish, shahar xalq ta’limi bo‘limiga biriktirish xamda unga “Namangan shahar muzeyi” maqomini berish to‘g‘risida qaror qilindi[13].

Shu davrdan boshlab, muzey va fizika kabineti xodimlari, xalq ta’limi bo‘limidan nafaqalar olishni boshlashdi. Tekshiruv natijalariga qaramay, har oy muzeyning foydasi yo‘qligi, uni berkitib, jihozlarni qaytarib maktablarga tarqatish kerakli xaqida ogoxlantirishlar berildi.

Shunga qaramay, muzey o‘z faoliyatini qiyinchilik bilan davom ettirdi. V.Ivanov jonbozliklari asosida muzey aholi orasida katta qiziqish uyg‘otganligini quyidagi raqamlardan bilish mumkin: 1920 yil 3205 nafar, 1921  yil 9172 nafar, 1922  yil 9229 nafar, 1923  yilning 15 sentyabriga qadar 20339 nafar maxalliy va xorijiy sayyohlar tashrif buyuradi.

Bular orasida ommaviy tashrif kunlaridan tashqari o‘qituvchilar tomonidan olib kelingan o‘quvchilar hisobga olinmagan.

Bu davrda muzey joylashgan bino pishiq g‘ishtdan qurilgan bo‘lib, 2 ta katta zali mavjud bo‘lgan. Birinchi zalda muzey ekspozisiyalari joylashtirilgan bo‘lib, 4 ta katta derazalari ko‘cha tomonga qaragan. Ikkinchi zali 4 ta katta oddiy oynali bo‘lib auditoriya uchun mo‘ljallangan. Shuningdek, binoda kichik fizika laboratoriyasi, hovlida muzey kanselyariyasi uchun xona, ilmiy kutubxona, mudir xonasi va qoravulxona, oshxona mavjud edi. Muzeyning  birinchi zali tagida betondan qilingan yerto‘la bo‘lib, u yerda V. Ivanov rahbarligida seysmograf (zilzilaning kuchi va yo‘nalishini aniqlash va o‘lchash uchun mo‘ljallangan qurilma – I.K) o‘rnatilgan, tashqi hovlida esa, alohida maxsus minorada 1-va 2-toifali meteorologik stansiyalar ham mavjud bo‘lgan[14].

Bino mazkur davrda ham qo‘qonlik savdogar Qalandarovga tegishli bo‘lib binoni muzeyda qoldirish masalasi to‘liq  xal etilmagan.

Muzey ekspozisiya zallari faqat birinchi zalda joylashgan bo‘lib, ikkinchi zalda zahira vitrinalar, auditoriya, kafedraga taalluqli partalar, sinf doskasi va tajribalar stoli saqlangan.

Muzey direktori V. Ivanovning 1923 yil 15 sentyabrda Turkiston muzey ishlari va qadimgi yodgorliklarni saqlash, tabiat va san’at komitetiga yozgan  105-sonli hisobotida, muzeyda mebellar bo‘yicha yetarli zaxira mavjudligi, ammo eksponatlar xavfsizligini ta’minlash maqsadida oynali vitrinalar uchun oynalar zarurligi, bundan tashqari, muzeyning hozirgi faoliyati davomida eksponatlarning himoya vositalari naftalin, formalin, kulrang uglerod yetishmasligi ta’kidlab o‘tilgan.

1923 yilda muzeyda ashyo inventar raqamlari 770 tani tashkil etgan, 1924 yildan tizimli katalog joriy etilishi bilan ushbu raqam sezilarli darajada oshgan, chunki bitta kolleksiya yuzlab namunalarni o‘z ichiga olgan bo‘lsada bitta invertar raqam ostida rasmiylashtirilgan.

Muzey mulkini baholashga ko‘ra, urushdan oldingi davr narxlariga nisbatan, uning qiymati 12 mln rubldan oshgan[15]. 1923 yilgi xisobotda keltirilishicha, V.Ivanov tomonidan muzey hovlisida jonli burchak tashkil etiladi, unda tirik ilonlar, toshbaqalar va 3 dona echkemar singari sudralib yuruvchi hayvonlar namoyish etilgan. 1924 yil 1 yanvardan Namangan shahar ijroiya qo‘mitasi shahardagi xalq kutubxonasini muzey tasarrufiga o‘tkazadi. Shu munosabat  bilan muzey ikkinchi zalida 14 ta shkafda kitoblar joylashtirildi[16].

1924 yilda birinchi marta V.Ivanov tomonidan maktablar va boshqa muassasalardan buyumlar qabul qilinganda, inventar daftarlariga ro‘yxatga olindi. Muzeyning tizimli katalogini tuzish ishlari boshlandi va barcha ashyolar etiketkalanadi.[17]

Muzey bir maromda rivojlanishiga qaramay,  xalq ta’limi bo‘limida muzeyni yopish xaqida shov-shuv ko‘tarildi. Xalq ta’limi bo‘limi muzey kerak emasligi, uni berkitish kerakligi, u yerdagi eksponatlarni maktablarga tarqatish kerakligi to‘g‘risida qaror chiqardi[18]. Ushbu sharoitdan foydalangan savdogar Kalandarov Namangan shahar xalq ta’limi bo‘limi bilan shaxsiy aloqalarini ishga solib muzey joylashgan binoni qaytarib olish xakidagi karorga ega bo‘ladi.

Muzey direktori V.Ivanov muzeyni ko‘chirishdan bosh tortadi, shu bilan birgalikda Turkiston muzeylar ishlari va qadimgi yodgorliklarni saqlash, tabiat va san’at komitetiga bir necha marotaba xat bilan murojaat qiladi. Uning harakatlari natijasida muzey saqlanib qoladi, ammo mahalliy organ vakillari bilan aloqasi batamom yomonlashadi, keyinchalik u katta ishtiyoq bilan tashkil qilgan muzeydan ketishga majbur bo‘ladi.  

Xulosa sifatida shuni aytish mumkinki, XX asrning 20 yillarida Namangan muzeyi dastlab Fizika muzey kabineti sifatida ishga tushirilgan vaqtlarda malakali kadrlar yetishmasligi natijasida, V.Ivanov bir vaqtning o‘zida muzey, kutubxona va fizika kabineti mudiri sifatida faoliyat yuritgan. Turkistondagi ocharchilik va oziq-ovqat tanqisligi natijasida Namangan shahar ijroiya komiteti tomonidan muzeylar sohasiga yetarli e’tibor qaratilmadi. Shunday bo‘lsada V. Ivanov tashabbusi va xayriya mablag‘lari evaziga Namangan muzeyi faoliyatini davom ettirdi.

Библиографические ссылки

Аҳмедов Н. Бир маданият ўчоғининг тарихи. // Наманган ҳақиқати. –Наманган, 1962 йил, 19 январь. –№9.

Мирзаалиев Э. Наманган вилоят ўлкани ўрганиш музейи : кеча ва бугун. – Фарғона. Фарғона нашриёти, 2010. – Б. 10.

Ўз МА, Р–394-фонд, 2-рўйхат, 1-иш, 54-варақ.

Ўз МА, Р–394-фонд, 2-рўйхат, 1-иш, 54-варақ.

Ўз МА, Р–394-фонд, 2-рўйхат, 1-иш, 55-варақ.

Ўз МА, Р–394-фонд, 1-рўйхат, 103-иш, 93-варақ.

Ўз МА, Р–94-фонд, 5-рўйхат, 2740-иш, 54-варақ.

Фарғона ўлкашунослик музейи назарда тутилган. –(И.К)

Ўз МА, Р–394-фонд, 1-рўйхат, 101-иш, 44-варақ.

Ўз МА, Р–394-фонд, 1-рўйхат, 101-иш, 44-варақ.

Ўз МА, Р–394-фонд, 1-рўйхат, 101-иш, 8-варақ.

Норматов О. Наманган уезди тарихи хусусида. // Academic Research in Educational Sciences. Volume 3, Issue 4. 2022. –Б. 299.

Ўз МА, Р–394-фонд, 1-рўйхат, 103-иш, 94-варақ.

Ўз МА, Р–394-фонд, 1-рўйхат, 103-иш, 94-варақ.

Ўз МА, Р–394-фонд, 1-рўйхат, 103-иш, 94-варақ.

Ўз МА, Р–394-фонд, 1-рўйхат, 101-иш, 9-варақ.

Ўз МА, Р–394-фонд, 1-рўйхат, 101-иш, 9-варақ.

Ўз МА, Р–394-фонд, 1-рўйхат, 103-иш, 95-варақ.

Опубликован

Загрузки

Биография автора

Исломжон Каримов ,
Наманганский государственный университет

исследователь-фрилансер

Как цитировать

Каримов , И. (2025). Создание и деятельность музея в Намангане. Лингвоспектр, 3(1), 702–706. извлечено от https://lingvospektr.uz/index.php/lngsp/article/view/602