История изучения юмора в мировой и узбекской литературе

Авторы

  • Узбекский государственный университет мировых языков
История изучения юмора в мировой и узбекской литературе

Аннотация

В данной статье рассматриваются возникновение, развитие и философско-эстетическое значение жанра юмора в мировой и узбекской литературе. Юмор, как культурное выражение человеческого мышления, всегда был тесно связан с социальной жизнью, моралью и духовностью. От древнегреческой литературы до европейских и восточных традиций — особенно в узбекском устном народном творчестве и письменной литературе — анализируется, как ирония, сарказм и сатира использовались и с какими целями. В статье прослеживается, как юмор проявлялся в разные исторические эпохи и какие идеалы он отстаивал. Особое внимание уделяется произведениям Алишера Навои, Абдуллы Каххара и Гафура Гуляма, где юмор выступает средством выражения социальных, воспитательных и критических идей. Анализируется использование юмора для создания образов, осмысления реальности и акцента на социальных проблемах. Статья показывает юмор не только как средство развлечения, но и как мощный инструмент художественной выразительности, стимулирующий размышления и влияющий на общественное сознание. Всесторонне освещается становление и развитие юмора в литературном процессе, подчеркивается его актуальность в современном обществе. В итоге юмор рассматривается как преобразующая сила, способная воздействовать на общественные установки и культурное мышление.

Ключевые слова:

Юмор остроумие ирония литература социальная критика эстетическое средство культурное наследие сатира

Kirish

Yumor adabiyotda nafaqat kulgi uyg‘otuvchi vosita, balki chuqur estetik, madaniy va ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan ko‘p qirrali badiiy hodisa sifatida qaraladi. Tarixiy jihatdan, hazilning adabiy shakllari insoniyat tafakkurining qadimiy bosqichlaridan boshlab shakllangan bo‘lib, u jamiyatdagi mavjud muammolarni yumshoq tanqid qilish, axloqiy xulq-atvorni targ‘ib etish va madaniy qadriyatlarni mustahkamlash kabi vazifalarni bajargan. Adabiy yumorning shakllanishi, rivojlanishi va turli davrlarda qanday ifodalangani jahon va o‘zbek adabiyoti misolida o‘rganilishi ilmiy va nazariy jihatdan nihoyatda muhimdir.

Yumor matnning tarkibiy qismi sifatida odatda kinoya, istehzo, metafora, ironiya, gipirbola, satira, allegoriya va grotesk kabi stilistik vositalar orqali ifodalanadi. Ushbu vositalar yordamida muallif kulgili holat yaratish bilangina kifoyalanmay, balki ijtimoiy hayotdagi salbiy hodisalarni ochib beradi, ularni tanqid ostiga oladi yoki madaniy stereotiplarga e’tibor qaratadi. Shunday qilib, yumor kulgi ortida yashiringan ma’naviy-estetik kuch sifatida qaraladi.

Jahon adabiyotida yumor turli tarixiy bosqichlarda o‘ziga xos estetik shakllarda ifodalangan. Qadimgi yunon adabiyotida Aristofan komediyalarida ijtimoiy hayotdagi nodonlik, siyosiy nochorlik va ma’naviy tanazzul kulgi orqali tanqid qilinadi. Rim adabiyotida esa satira janri – masalan, Yuvanal va Horats asarlari – yumorni aniq ijtimoiy va axloqiy tanqid shakliga aylantirgan. O‘rta asrlarda esa yumor diniy dunyoqarash bilan chegaralangan bo‘lsa-da, xalq og‘zaki ijodida, karnaval madaniyatida va she’riyatda u o‘z ifodasini topishda davom etgan. Uyg‘onish davridan boshlab esa yumor ijtimoiy-siyosiy va ma’rifiy g‘oyalarni ilgari surish vositasiga aylangan. Jonathan Swift, Voltaire, Molière, Oscar Wilde, Mark Twain kabi adiblar asarlarida hazil orqali chuqur falsafiy va tanqidiy mazmun ifodalanadi.

O‘zbek adabiyotida ham yumor qadimdan muhim rol o‘ynagan. Xalq og‘zaki ijodida latifalar, maqollar, masallar, turli ertaklar orqali kulgi jamiyatning axloqiy va ma’naviy mezonlarini aks ettirgan. Ayniqsa, Nasriddin Afandi obrazida ifodalangan xalqona yumor nodonlik, ochko‘zlik, zo‘ravonlik va biroq murosasizlikni tanqid qilish vositasi bo‘lgan. Yozma adabiyotda esa Alisher Navoiy hazil va istehzo orqali o‘z asarlarida axloqiy nasihatlarni ifodalagan. U “Mahbub ul-qulub” asarida badiiy latifalar, kinoya va ramziy obrazlar orqali turli jamiyat qatlamlaridagi illatlarni yoritgan. XX asr o‘zbek adabiyotida esa G‘afur G‘ulom, Abdulla Qodiriy, Said Ahmad, O‘tkir Hoshimov kabi yozuvchilarning asarlarida realistik yumor, satira, xalqona istehzo orqali ijtimoiy muammolar tahlil qilingan.

Yumorni ilmiy jihatdan o‘rganish, ayniqsa, tilshunoslik, stilistika, lingvopragmatika va madaniyatshunoslik fanlari doirasida so‘nggi yillarda kuchaygan. Bu sohalarda yumor tahlili faqatgina kulgi effektini emas, balki kommunikativ maqsad, madaniy kontekst, stilistik ifoda, auditoriyaga ta’sir va tanqidiy baholash kabi jihatlarni ham qamrab oladi. Hazilning madaniy o‘ziga xosligi, milliylik elementlari, jamiyatdagi sotsiopragmatik holatlar bilan bog‘liqligi uni yanada chuqurroq o‘rganishni taqozo etadi.

Ushbu maqolaning maqsadi – jahon va o‘zbek adabiyotida yumorning shakllanish jarayonini, tarixiy bosqichlarini, badiiy vositalar bilan qanday ifodalanganini va qanday estetik hamda ijtimoiy funksiyani bajarganini tahlil qilishdir. Bu orqali adabiy yumorning zamonaviy adabiyotdagi o‘rni, uning shakl va uslublari, kommunikativ maqsadlari va madaniy-milliy xususiyatlari aniqlanadi.

Adabiyotlar tahlili

Yumor adabiy hodisa sifatida turli davrlarda va madaniyatlarda chuqur o‘rganilgan ko‘p qirrali tushunchadir. Uning adabiyotdagi o‘rni ijtimoiy tanqid, estetik baho, axloqiy g‘oyalarni yetkazish vositasi sifatida qaralib keladi. Jahon adabiyotida va o‘zbek adabiy merosida yumorning shakllanishi, falsafiy va badiiy ildizlari turli nazariy manbalar asosida izohlanadi.

Yumorning dastlabki nazariy asoslari qadimgi yunon faylasuflari Platon va Aristotel asarlarida ko‘zga tashlanadi. Platon kulgini nojo‘ya his-tuyg‘u deb qaragan bo‘lsa, Aristotel uni ijtimoiy tanqid vositasi sifatida ko‘rsatgan (Aristotle, 1996). Ushbu qarashlar keyingi o‘rta asr va Uyg‘onish davri adabiyotida rivoj topdi. Ayniqsa Rable, Shakespeare kabi adiblar yumorni falsafiy mazmunga ega badiiy vosita sifatida asarlariga singdira boshladi.

Zamonaviy davrda yumorni ilmiy jihatdan o‘rganishda Mixail Baxtinning "karnaval madaniyati" nazariyasi alohida ahamiyatga ega. U xalq og‘zaki ijodidagi kulgi, grotesk obrazlar va satiraning jamiyatdagi ijtimoiy tengsizlikka qarshi chiqish vositasi sifatida tahlilini berdi (Bakhtin, 1984). Bu nazariya o‘zbek xalq ertaklari, maqollar va hazil latifalarida ham o‘z aksini topgan. Karnaval madaniyatida yumor hokimiyatni           inkor etish, xalq tilidan foydalangan holda o‘z nuqtai nazarini ifodalash vositasi bo‘lib xizmat qiladi.

Zigmund Freyd esa yumorni psixoanalitik nuqtai nazardan izohlab, uni ong ostidagi istak va ehtiyojlarning "chiqish yo‘li" sifatida ko‘rsatgan. Unga ko‘ra, hazil insonning ichki bosimini kamaytirish, himoya mexanizmlarini ishga solish vazifasini bajaradi (Freud, 1928). Adabiyotda bu yondashuv ko‘proq dramatik, fojiaviy asarlarda ko‘zga tashlanadi, ayniqsa, murakkab ruhiy holatlar bilan bog‘liq obrazlar yaratishda.

Tilshunoslikda esa Attardo va Raskin (1991) tomonidan ishlab chiqilgan "Verbal Hazilning Umumiy Nazariyasi" (GTVH) alohida o‘rin tutadi. U semantik jihatdan hazil tuzilishini, ya’ni g‘oyaviy qarama-qarshilik, mantiqiy mexanizmlar, kontekst va kommunikativ niyatlarni aniqlash imkonini beradi. Ushbu model asosan aforizm, hajviy hikoyalar va dramatik sahnalarda ishlatiladigan yumorni tahlil qilishda qo‘llaniladi.

Jahon adabiyotida satira va kinoya ko‘p hollarda ijtimoiy munosabatlarga tanqidiy munosabat bildirish vositasi sifatida ishlatilgan. Masalan, Jonatan Sviftning A Modest Proposal asarida kinoyali ifoda orqali siyosiy va ijtimoiy adolatsizliklar ochib berilgan (Greenblatt, 2012). Mark Tven esa Huckleberry Finn romanida irqiy muammolar va axloqiy notengliklarni satira yordamida ifoda etgan.

O‘zbek adabiyotida yumor avvalo og‘zaki xalq ijodida, masalan, latifa, maqol, doston va ertaklarda yuzaga chiqqan. Unda ko‘pincha ijtimoiy tengsizlik, jaholat, hokimiyat suiiste’moli kabi holatlar tanqid qilingan. Alisher Navoiy asarlarida yumor estetik did bilan uyg‘unlashib, murakkab badiiy shakllar orqali ifodalangan. U hazil va istehzoni axloqiy g‘oyalarni yetkazish vositasi sifatida ishlatgan (Karimov, 2010).

XX asrda G‘afur G‘ulom, Abdulla Qodiriy kabi yozuvchilarning asarlarida yumor yanada realistik tus oldi. G‘ulomning satirik hajviy hikoyalari xalqona ohangda yozilgan bo‘lib, unda insoniy kamchiliklar, byurokratik muammolar, ma’naviy inqiroz holatlari kulgi orqali yoritilgan (Saidov, 2013). Qodiriy esa O‘tkan kunlar romanida ijtimoiy tuzumdagi nosog‘lom munosabatlarni o‘tkir kinoya bilan tasvirlab bergan.

Mustaqillik davrida o‘zbek adabiyotida yumor ko‘proq shaxsiy tajriba, global madaniyat va generatsiyalararo ixtiloflar bilan bog‘liq bo‘lib, zamonaviy mavzular bilan boyidi. Abdullaev (2019) yangi davr o‘zbek nasrida yumor orqalib biroq tanqidiy ruh, iroda va yangilanish g‘oyalarini aks ettiradi, deb ta’kidlaydi.

Tahlil va muhokamalar

Yumor – bu adabiyotda ko‘p qirrali va murakkab badiiy vosita bo‘lib, uning namoyon bo‘lishi har bir davrning madaniy, ijtimoiy va estetik talablariga bog‘liqdir. Ushbu maqolada ta’kidlanganidek, jahon adabiyotida yumor qadimdan boshlab ijtimoiy tanqid, axloqiy baholash va badiiy ifoda vositasi sifatida shakllanib kelgan. Ayniqsa, antik davr komediyalaridan tortib, Yevropa Uyg‘onish davri va zamonaviy adabiyotgacha bo‘lgan jarayonda yumorning shakllanishi keskin estetik o‘zgarishlarga duch kelgan. Masalan, Jonathan Swiftning kinoyaviy satirasi yoki Oscar Wilde'ning ijtimoiy maskaradga asoslangan pyesalari orqali yumor shunchaki kulgi emas, balki muhim g‘oyaviy va tanqidiy kuchga ega vosita sifatida namoyon bo‘ladi. Bu jihat adabiy tanqidchilarning fikricha, o‘quvchi bilan muallif o‘rtasida yashirin intellektual muloqotni yuzaga keltiradi (Greenblatt, 2012). O‘zbek adabiyotida esa yumor ko‘proq xalq og‘zaki ijodi bilan bog‘liq holda rivojlangan. Xususan, latifa va maqollarda xalq donishmandligi va hayotiy tajribasi bilan yo‘g‘rilgan hazil tuyg‘usi orqali o‘tkir ijtimoiy baho berilgan. Alisher Navoiy kabi mutafakkirlarning asarlarida yumor falsafiy mazmun kasb etgan: u bilvosita tanqid, istehzo, o‘zaro murosaga chaqiruv sifatida ishlatilgan (Karimov, 2010).

Sovet davrida esa yumor o‘ziga xos ijtimoiy “senzura” vositasi sifatida ishlatilgan. G‘afur G‘ulom, Abdulla Qodiriy kabi yozuvchilar o‘z asarlarida hazil orqali byurokratiya, jaholat, ikkiyuzlamachilik kabi muammolarni ko‘tarishgan. Hazil ularning asarlarida og‘ir haqiqatni yumshatish, ammo e’tibordan chetda qoldirmaslik uchun xizmat qilgan (Saidov, 2013).

Bugungi zamonaviy o‘zbek adabiyotida yumor yanada murakkablashgan: u shaxsiy psixologik holat, global muhitdagi ziddiyatlar, biroq mahalliy qadriyatlar bilan bog‘liq jarayonlarning o‘ziga xos aksidir. Yumorning zamonaviy asarlarda metaforik, ironik va absurdishtirilgan shakllarda namoyon bo‘lishi uning imkoniyatlari cheksizligini ko‘rsatadi.

Muhokamalar shuni ko‘rsatadiki, yumor adabiyotda doimiy o‘zgaruvchanlikka ega, lekin har doim asosiy kommunikativ va estetik vazifalarni bajara oladigan vosita bo‘lib qoladi. Bu esa uning nazariy va amaliy jihatdan yanada chuqur o‘rganilishini talab qiladi.

Yumorning adabiy asarlardagi ifodalanish shakllari o‘ziga xos badiiy vositalar, uslublar va kontekstga bog‘liq ma’no qatlamlari orqali namoyon bo‘ladi. Jahon va o‘zbek adabiyotida yumor faqat kulgi vositasi emas, balki ijtimoiy tanqid, madaniy xotira va axloqiy g‘oya ifodasidir. Quyida ushbu jihatlar ayrim taniqli adabiy asarlar misolida tahlil qilinadi. Jonatan Sviftning “A Modest Proposal” (1729) asari yumorning eng yorqin satirik namunalaridan biridir. Asarda muallif Irlandiyadagi ocharchilik va ingliz hukumatining befarqligini tanqid qiladi. “Yangi tug‘ilgan chaqaloqlarni ovqatga aylantirish” taklifi — achchiq kinoyadir. Bu kinoya orqali Swift o‘quvchini larzaga soladi va chuqur ijtimoiy muammolarga e’tibor qaratadi (Greenblatt, 2012). Yumor bu yerda noqulay haqiqatni absurd shaklda bayon qilish orqali o‘quvchini fikrlashga majbur etadi. Mark Tvenning “Huckleberry Finn” romanida esa yumor ijtimoiy va axloqiy mavzularni yoritishda asosiy vosita sifatida ishlatiladi. Jim va Huckleberryning sayohat davomida boshdan kechirgan sarguzashtlari orqali Twain Amerikaning irqiy tengsizlik, diniy riyo va ijtimoiy ikkiyuzlamachilik kabi muammolariga satirik ohangda murojaat qiladi. Masalan, Huckning qarshi fikr bildiruvchi ichki monologlari orqali muallif axloqiy inkishofni hazil orqali yoritadi (Twain, 1885/2002). Oskar Vayldning “The Importance of Being Earnest” pyesasida esa yumor ijtimoiy munosabatlarni, ayniqsa, viktorian jamiyatdagi ikkiyuzlamachilikni ochib beradi. Wilde satirani ijtimoiy soxta qadriyatlar ustidan kulish, ayniqsa nikoh va obro‘-e’tibor borasidagi yondashuvni tanqid qilish uchun ishlatadi (Wilde, 1895/2005). Personajlarning dialoglarida keskin irodi, kinoya va mantiqiy paradokslar orqali yumor namoyon bo‘ladi.

Alisher Navoiy asarlarida yumor ko‘pincha latifa, o‘xshatish va allegoriya orqali beriladi. “Mahbub ul-qulub” asarida ijtimoiy nohaqlik, ochko‘zlik va johillik holatlari o‘tkir istehzo bilan yoritiladi. Navoiy jamiyatdagi kamchiliklarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri aytmasdan, hazil vositasida o‘quvchini mulohaza yuritishga chorlaydi (Karimov, 2010). Bu yondashuv o‘zbek klassik adabiyotining madaniy kodlariga mos keladi — bevosita emas, bilvosita tanqid. G‘afur G‘ulomning “Tilsim” hikoyasi realistik yumorning yorqin namunasi hisoblanadi. Asarda sovet byurokratiyasining absurd holatlari, rasmiyatchilik va oddiy xalqning holati hazil orqali yoritiladi. Masalan, oddiy odamning “tilsimga uchrab” idoralarda sarsongarchilikda yurishi, o‘quvchida kulgi uyg‘otadi, lekin aslida bu kulgi orqali ijtimoiy tanqid beriladi (Saidov, 2013). Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar” romanida yumor ko‘pincha kinoya va xalqona iboralar orqali beriladi. Personajlar orasidagi dialoglar, ayniqsa, Hasanali va Otabek o‘rtasidagi muloqotlarda jamiyatdagi ijtimoiy notenglik, urf-odatlarga so‘zsiz bo‘ysunish tanqid qilinadi. Yumor bu yerda og‘ir mavzularni yengil ohangda berib, o‘quvchini chuqur tahlilga undaydi (Saidov, 2013).

Mustaqillik davrida o‘zbek adabiyotida yumor yangi ijtimoiy mavzular bilan boyidi. Xurshid Davron, Erkin A’zam kabi yozuvchilarning asarlarida yumor yordamida zamonaviy insonning ruhiy holati, globalizatsiya, byurokratiya va shaxsiy inqirozlar tasvirlanadi. Bu asarlarda yumor noaniqlik, metafora va nutqiy o‘yinlar vositasida chuqur ma’nolarni anglatadi (Abdullaev, 2019).

Xulosa

Yumor adabiyotning doimiy va muhim badiiy vositalaridan biri bo‘lib, uning o‘ziga xosligi ijtimoiy, axloqiy va madaniy kontekstlarda namoyon bo‘ladi. Jahon adabiyotida Swift, Twain, Wilde kabi yozuvchilar yumorni kuchli tanqidiy      va estetik vosita sifatida qo‘llagan bo‘lsa, o‘zbek adabiyotida bu an’ana Navoiy, Qodiriy, G‘afur G‘ulom ijodida chuqur ildiz otgan. Yumor bu asarlarda nafaqat kulgi, balki jamiyatdagi muammolarni badiiy tilda yoritish, axloqiy    saboq berish va o‘quvchini fikrlashga undash vositasidir.

Yumor orqali mualliflar o‘quvchining tafakkurini faollashtirib, murakkab haqiqatlarni soddalik bilan ifodalaydi. Ayniqsa, istehzo, kinoya, metafora, xalqona iboralar va stilistik o‘yinlar orqali yaratilgan yumoriy obrazlar asarlarning mazmuniy qatlamini boyitadi.

Xulosa qilib aytganda, yumor o‘ziga xos estetik vosita bo‘lib, uning adabiyotdagi o‘rni chuqur tadqiq etilishi lozim. U insoniyat tafakkurining serqirra ko‘zgusi, jamiyat holatining badiiy ifodasi va madaniy xotiraning tarkibiy qismi sifatida doimiy ilmiy va badiiy e’tiborga loyiqdir.

Библиографические ссылки

Abdullaev, M. (2019). Hazil vositasida zamonaviy o‘zbek jamiyatidagi ijtimoiy muammolar ifodasi. Toshkent: Akademnashr.

Bakhtin, M. M. (1984). Rabelais and His World (H. Iswolsky, Trans.). Indiana University Press.

Freud, S. (1928). Humor. International Journal of Psycho-Analysis, 9, 1–6.

Greenblatt, S. (Ed.). (2012). The Norton anthology of English literature (9th ed.). W.W. Norton.

Karimov, U. (2010). Alisher Navoiy asarlarida badiiy istehzo vositalari. Samarqand: SamDU nashriyoti.

Saidov, M. (2013). O‘zbek satirik adabiyotining taraqqiyot bosqichlari. Toshkent: Fan.

Twain, M. (2002). The adventures of Huckleberry Finn. Penguin Books. (Original work published 1885)

Wilde, O. (2005). The Importance of Being Earnest. Dover Publications. (Original work published 1895)

Опубликован

Загрузки

Биография автора

Нигора Султонова,
Узбекский государственный университет мировых языков

Старший преподаватель

Как цитировать

Султонова, Н. (2025). История изучения юмора в мировой и узбекской литературе. Лингвоспектр, 5(1), 267–272. извлечено от https://lingvospektr.uz/index.php/lngsp/article/view/849

Выпуск

Раздел

Статьи

Похожие статьи

1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 > >> 

Вы также можете начать расширеннвй поиск похожих статей для этой статьи.