Отражение единиц, выражающих понятие еды, в языковой картине мира узбекского и английского народов

Аннотация
В данной статье анализируется отражение единиц, представляющих концепт еды, в языковой картине мира узбекского и английского народов. Автор подчеркивает роль языка и культуры в восприятии человеком окружающей среды. Показаны конкретные концептуальные понятия каждого народа и их изменения в зависимости от духа времени. Пищевые концепции, в частности, такие продукты, как хлеб и чай, отражают национальные ценности, обычаи и культурные кодексы. В статье также рассматриваются лингвистические концепции, связанные с едой, посредством лингвокогнитивного и лингвокультурологического подходов и раскрывается их социальное значение. Различия между узбекским и английским народами, а также то, как концепции еды отражаются в культурном контексте, важны. Это исследование способствует более глубокому пониманию роли пищевых понятий в языке и культуре. Пища является неотъемлемой частью жизни человека, и ее роль и значение в социальной и культурной жизни должны постоянно изучаться. В статье также рассматривается историческое развитие понятий о пище, их место в культурном наследии народа и их значение в современной жизни. Через понятия еды выражаются мнения о сохранении национальной идентичности и культуры, а также о роли еды в международных отношениях и процессах глобализации.
Ключевые слова:
Концепты еды языковой ландшафт концептуальная система лингвокогнитивная лингвокультурологическая национальные ценности культура глюттонический дискурс концепт хлеба чай гостеприимствоKirish
Insonni о‘rab turgan voqelik uning ongida о‘sha jamiyat etnosi tomonidan ong osti tafakkuriga singib ketgan mavjud tushunchalar tizimi (konseptual tizim)da voqelanadi. Konsept – hissiyotlarda, emotsiya va tasavvurda, ishonch hosil qilishda, urf-odat, diniy e’tiqodda namoyon bо‘ladigan hodisa, u til birliklari vositasida ifodalab beriladi.(Cherkashina, 2011). Har bir millat ongida о‘ziga xos konseptual tushunchalar mavjud, ular zamon ruhiga qarab о‘zgarishi, ba’zan esa eskirib, о‘z ta’sirchanligini yо‘qotishi mumkin. Ba’zi tilshunoslar tilning konseptual tizimini “olamning konseptual manzarasi” deb atashmoqda. Shuning barobarida mazkur istiloh umumiy olamning milliy lisoniy manzarasi fonida о‘rganiluvchi muayyan tilga xos konseptlar asosida о‘sha til tashuvchilarining olamning lisoniy manzarasini kashf etishiga xizmat qilishini ta’kidlashmoqda (Pimenova, 2011). Olamning lisoniy manzarasi nihoyatda keng tushuncha, xalqning etnomadaniyati, mifologiyasi, falsafasi, folklori kabilarni о‘z ichiga oladi (Popova, 2007).
Oʻzbek tilishunosligida ham ushbu istilohning turlicha talqinlari mavjud. Xususan, N.Mahmudov о‘z maqolalaridan birida olamning lisoniy manzarasi istilohini olamni bilish nazariyasini tadqiq etuvchi jahon tilshunoslarining bir qator izlanishlarida izchil tadqiq etilayotgan “antropotsentrik paradigma” tushunchasining ekvivalenti sifatida keltiradi. Rus tilshunosi V.A.Maslovaning nazariy qarashlariga tayanib antropotsentrik paradigma faqat kognitiv lingvistikanigina emas, balki lingvokulturologiyani ham, kommunikativ lingvistikani ham, etnolingvistikani ham о‘z ichiga olishini ta’kidlaydi (Mahmudov, 2012). Yoki R.Shirinova oʻz tadqiqotlarida olamning lisoniy manzarasining lisoniy aspektlarini tahlil qilar ekan, uning lisoniy tarkibi sifatida realiyalar, frazeologik birliklar, maqol va matallarni kо‘radi (Shirinova, 2017).
Metodlar
Glyuttonik diskursni oziq-ovqat nomlari asosida oʻrgangan olima G.Odilova esa olamning milliy lisoniy manzarasi terminini qoʻllaydi hamda uni kengroq hodisa ekanligini, uning shakllanishida milliy madaniy tushunchalarni о‘z ichida jamlagan konseptual sistema bilan bir qatorda tabiatning ham ta’siri mavjud ekanligini ta’kidlaydi. Zero, olam individ tasavvurida mikro va makroolamga bо‘linadi. Insonning mikroolamiga u yashayotgan milliy jamiyat bevosita ta’sir о‘tkazadi, shu asosda “milliy ong”, “milliy qiyofa” tushunchalari yuzaga chiqadi (Odilova,2020).
Shuningdek, L.N.Gumilev ta’biricha, milliy qiyofani shakllantiruvchi asosiy unsur – tabiiy omil (Gumilyov, 2001). Darhaqiqat, tabiat insonning olam haqidagi tasavvuri konseptual tizimida tо‘liq aks etadi. Iqlim sharoiti, о‘simlik dunyosi va hayvonot olami lisondan chiqayotgan har bir tushuncha va sо‘zda о‘z aksini topadi. Inson kо‘zi о‘rgangan, doimiy muloqotga kirishgan tabiat hodisalari yoki jonivorlar ogʻzaki va yozma nutqda tasviriy vositalarning asosini tashkil etadi.
Har bir nutqiy faoliyat olamning milliy lisoniy manzarasini hosil qilishga xizmat qiladi. Ammo bu tasvir faqatgina bir millatga xos fikr va qarashlar, ma’naviy ong, urf-odatlar, etnogenez xarakterdagi tushunchalar mahsuli hisoblanadi. Har bir millat vakilining mikroolami uning millatiga xos olamning milliy lisoniy manzarasining ajralmas qismi hisoblanadi. Olamning milliy lisoniy manzarasi bir millatga xos bо‘lsa-da, uning asosida umumiy va yagona olamning lisoniy manzarasi haqidagi tasavvur yotadi.
Olamning “milliy”, “konseptual” yoxud “lisoniy” manzarasi mavjudligi haqida olimlarning fikr va qarashlari nihoyatda tarqoqligini kuzatdik. Bizningcha, N.N.Goncharovaning olam manzarasi va olam lisoniy manzarasiga bergan quyidagi ta’rifi haqiqatga yaqindir: “Olam – bu odam mavjud bо‘lgan muhit. Olamning ongdagi akslanishi va odamning olam haqidagi tasavvuri. Odamning olam haqidagi tasavvurlarining tilda qayd etilishi olamning lisoniy manzarasidir (Goncharova, 2012).
Yuqorida keltirilganidek, har bir nutqiy ifoda millatning olamning milliy lisoniy manzarasini hosil qilish barobarida umumiy va yagona olamning lisoniy manzarasi bilan uygʻunlashadi. Muayyan nutqiy faoliyat ma’lum bir millat kishisi ongida siyosiy olamni qanday tushunish bilan bogʻliq konseptual tizim asosida shakllanadi. Shundan kelib chiqib kо‘pgina olimlar о‘z tadqiqotlarida olamni “Olamning siyosiy manzarasi (Samarkina, 2011)”, “Olamning ilmiy manzarasi”(Stepin, 1994), “Olamning tibbiy manzarasi”, “Olamning gastronomik manzarasi”(Olyanich, 2004), “Olamning frazeologik manzarasi”(Petrenko, 2008)larga bо‘lib о‘rganmoqdalar.
Mazkur olam tasavvurlari asosida esa nutqiy ifoda yotadi. Nazarimizda, bunday tadqiq asosli, sababi, muayyan nutqiy ifodaga tegishli tushunchalar milliy tafakkurdagi olamning milliy manzarasi xaritasida о‘sha nutq chizgilari asosida hosil bо‘lgan mikroolamni paydo qiladi. Shu mikroolamlar, turli yaxlit olamning milliy lisoniy manzarasini yuzaga chiqaradi.
Lingvistikada oziq-ovqat bilan bogʻliq lisoniy tushunchalar tadqiqi “glyuttonik tahlil” deb ataladi. Glyuttonik istilohining о‘zagi qadimgi fransuz va о‘rta ingliz tillaridagi glutonie, lotincha gluttire – “yutish” sо‘zidan olingan, bu sо‘z asosi gula “tomoq” degan ma’noni anglatadi. Glyuttoniya istilohi oziq-ovqat jarayonini yaxlit holatda, ya’ni uni topishdan tortib, yarim fabrikatlarni qayta ishlash va iste’molga yaroqli mahsulot tayyorlashgacha bо‘lgan jarayonni о‘z ichiga oladi (Derjavetskaya, 2013).
Natijalar
Odam paydo bо‘libdiki, oziq-ovqat – uning kundalik ehtiyoji, yashash uchun kurashishini ta’minlovchi asosiy vosita. Insoniyat evolyutsiyasining dastlabki pogʻonalaridayoq individ har kuni yuzlashadigan fiziologik hodisaga aylanib ulgurgan taom tayyorlash va uni iste’mol qilish jarayoni tildagi muayyan lisoniy “hudud”ni egallaydi. Har bir millatning olamning milliy lisoniy manzarasida “taom” konsepti alohida о‘rin tutadi. Och odamning tafakkurida olam – iste’mol qilinadigan va iste’mol qilinmaydigan mavjudlik. Bu global kognitiv murojaat insonning maishiy olamni iste’mol qilish, sarflashga bо‘lgan urinishi asosini tashkil qiladi (Olyanich, 2004). Yuqorida keltirganimizdek, zamonaviy tilshunoslikda ogʻzaki va yozma nutqqa tegishli leksik birliklarni kichik guruhlarga bо‘lib tadqiq qilish keng yoyilmoqda.
Xususan, konseptual nuqtayi nazardan oʻzbek tilida non konsepti eng qadimiy, eng ulugʻ, eng noyob, eng tanqis, eng muqaddas ne’mat va u bilan bogʻliq tushunchalar, qadriyatlar majmuini ifodalashi bilan alohidalik kasb etadi. Non konsepti zamirida oʻzbek xalqiga xos mehmondoʻstlik, mehnatkashlik, tantilik, oʻziga xoslik, soddalik kabi odamiylik xislatlari, oʻzbekona urf-odatlar, an’analar bilan bogʻliq qadriyatlar sirasi jamlanganki, bu oʻz navbatida, bir qator lingvomadaniy xususiyatlarga ham ega. Nonga boʻlgan hurmat, ehtirom hissi va uni e’zozlash bilan bogʻliq oʻzbekona milliy qadriyat hamda an’analarning ildizlari qadimiy davrlardan beri avloddan-avlodga, asrlardan asrlarga oʻtib kelmoqda. Bunday buyuk xislatlar qadimiy ma’naviy-ma’rifiy, madaniy merosimiz xalq ogʻzaki ijodi namunalari, xususan, afsona va rivoyatlar, matal va maqollar, diniy manbalar, yozma adabiyot namunalari asosida shakllangan. “Non toʻliq boʻlsa, hayot toʻliq” kabi an’anaviy ifodalar, nonning hayotiy ahamiyatini ta’kidlaydi va oʻzbek xalqining qadriyatlarini aks ettiradi.
Oʻzbeklar uchun: non – muqaddas, ona, rо‘zgʻor, muqaddas – onam yopgan nonlar. Tо‘kislik ramzi – uyda bir tishlam non yо‘q; qadrli narsa – “Yegani noni bо‘lmaslik” – о‘ta nochor ahvol, non topolmaslik qо‘rquvi: “Bir qishloqda, qashshoq yashar edik, yegani nonimiz, ichgani suvimiz bо‘lmas edi” (“Qismat”, Isajon Sulton); Non о‘ta lazzatli, shirin, mazali, tо‘yimli ne’mat, uning har bir ushogʻi ham mazali va qadrli: Ayvonda chо‘psavat. Chо‘psavatda non. Juda shirin, suvi qochgani undan ham shirin (“Qismat”, Isajon Sulton); Non yegan joyga qaytib kelinadi: “Toshkentning nonini yegan chumchuq Makkatullodan qaytib keladi” (Xalq naqli); Non – mifologik taom: Non hech qachon teskari qо‘yilmagan, bir qо‘llab non ushatilmagan. Har kim о‘zi tishlagan nonini о‘z rizqi-nasibasini qoldirmasligi ma’nosida oxirigacha yegan; Non yangi hayotning muqaddimasi: Keldi keldi, hali-hozircha eskichasiga non sindirib qо‘ydik. Non sindirdilaringizmi? Ha-da, о‘ylab о‘tiramizmi. Sindirdik-qо‘ydik (“Otamdan qolgan dalalar”, Togʻay Murod); Nonning dasturxonda bо‘lishi kо‘ngilni tо‘q qiladi, non yо‘qligi kayfiyatni buzadi: Dasturxonda zogʻora nonmi, arpa nonmi bо‘lgan kuni hammamizga bayram. Kо‘pincha unisiyam bо‘lmaydi, bunisiyam. Biroq tutmayiz, albatta, bо‘ladi (“Dunyoning ishlari”, О‘tkir Hoshimov)(Odilova, 2020).
Inglizlar uchun: non asosiy ozuqa vositasi, non ishlab topiladi, non tilab olinadi, kundalik tirikchilik uchun non topiladi. Non – tiriklik manbai. Yaratgan ayolni yubordi, u bir bо‘lak non sindirdi. Qadimgi grekcha “sitos” bugʻdoy boshogʻi, “non”, “ovqat” degan ma’nolarni anglatgan. Gomerdagi “eaters of bread” (sо‘zma-sо‘z: non yeguvchilar) “bandalar” ma’nosida qо‘llangan (Odyssey), while to be alive is to eat bread (sо‘zma-sо‘z: toki tirik bо‘lish, non yeyishdir). “To break bread’’ is a New Testament phrase for eating or feasting (sо‘zma-sо‘z: “nonni sindirish” Bibliyaning, ikkinchi, yangi qismida “yeyish va xursandchilik qilish” deganidir. Bibliyaning birinchi qismida non ‘‘Bread’’ jom ma’nosida qо‘llangan. The Lord feeds the people with ‘‘bread of tears” (Maykl Ferber,2007) ( sо‘zma-sо‘z: Yaratgan kishilarni “kо‘z yoshlar noni” bilan siyladi.) Breaking bread – kim bilandir nonini bо‘lishib yemoq, kim bilandir gina-arazni unutib yarashmoq.
“Non/bread” konseptini lingvokognitiv va lingvokulturologik nuqtayi nazardan oʻrganish bugungi kunda milliy mentalitet, mafkura va ijtimoiy qadriyatlarni anglashda muhim ahamiyat kasb etadi. “Non” soʻzi oʻzbek xalqining turmush tarzida markaziy oʻrin tutib, ma’naviy va moddiy madaniyatda keng qoʻllanadi. Ushbu konseptni lingvokognitiv yondashuvda oʻrganish, eng avvalo, soʻzda ifodalangan konseptual ma’nolar tizimini aniqlash va tahlil qilishni talab etadi. Lingvokulturologik yondashuv esa “non” bilan bogʻliq madaniy-ma’naviy kodlarni, urf-odat va an’analarni, tarixiy jarayonlarga xos voqeliklarni aks ettiradi. Bu ikkala yondashuv birgalikda “non”ning nafaqat lugʻaviy, balki ramziy, kognitiv va madaniy ma’nolarini chuqurroq tushunishga xizmat qiladi. Avvalo, lingvokognitiv nuqtayi nazardan “non” konsepti inson dunyoqarashida shakllanuvchi turli tasavvurlar, hayotiy tajribalar va milliy ongdagi umumiy “non” haqidagi tasavvurni oʻzida jamlaydi. “Non” soʻzi asosida vujudga kelgan metafora, metonimiya kabi lingvistik vositalar, shuningdek, turli iboralar va maqollarda nonning hayot manbayi sifatidagi ahamiyati namoyon boʻladi. Masalan, “non topmoq” iborasi nafaqat tirikchilik, balki mehnat, harakat va sa’y-harakat bilan bogʻliqlikni aks ettiradi. Demak, “non” konsepti kognitiv modelda moddiy ta’minot, baraka, mehnat va hayotiy zaruratni ifodalaydi. Bunda “non” soʻzi orqali shakllangan kognitiv xarita millatning umumiy tajribasini oʻz ichiga oladi. Har bir millat oʻzining hayotiy ahamiyatga molik obyektlariga alohida urgʻu berar ekan, “non”ning nafaqat oziq-ovqat sifatida, balki inson ongida xavfsizlik, farovonlik va mustahkam hayot kafolati sifatida ham idrok etilishi aniq ifodaga ega boʻladi.
Munozara
О‘zbek milliy gastronomik olam manzarasida oshxona, sо‘ri, xontaxta, kо‘rpacha kabilar о‘zbek oilasidagi nutqiy faoliyatning о‘chogʻi hisoblanadi. Shu yerda kundalik glyuttonik faoliyat olib boriladi, glyutonnik kommunikatsiyaga kirishiladi. Mamlakatimizga mehmonga kelgan xorijlik о‘zbekona lutf, oziq-ovqat nutqi bilan yuzma-yuz keladi. Bu jarayonda kommunikatsiya vositasi sifatida choy asosiy о‘rin tutishini anglab yetish uchun yuqorida sanab о‘tilgan lingvomadaniy tushunchalardan xabardor bо‘lishi kerak. Zotan “choy ichasizmi?” gapidagi choy glyuttonimi shunchaki birgina chanqoqbosdi ichimlikni anglatmaydi, balki “qorningiz ochmi?”, “ovqat yeysizmi?” kabi ma’nolarni ham bildiradi. “Keling, choy ichamiz” gapi faqatgina choy ichish emas, balki ovqat yeyishga taklif ma’nosida ham qо‘llanadi. О‘zbekistonda choy xalq maishiy turmush tarzining an’anaviy bir bо‘lagi, odamlar о‘rtasida о‘zaro munosabat vositasi, kо‘pgina kasalliklar uchun dori-darmon, chanqoqbosdi ichimlik hisoblanadi (Odilova, 2020).
Shuning uchun ham choy о‘zbek kishilarining tafakkurida quyidagicha assotsatsiyalanadi:
- Chanqoq bosdi ichimlik: chanqaganda ichiladigan, hattoki yozning chillasida ham ichiladigan issiq koʻk choy.
- Mehmondoʻstlikning ifodasi: uyga mehmon kelganda nondan keyin dasturxonga tortiladigan eng asosiy mahsulot. Kishilar tanishini uyga taklif etish uchun “bir payola choy ichib keting” iborasini ishlatishadi.
- Bosh ogʻrigʻini qoldiruvchi malham: bosh ogʻriganda koʻpchilik, ayniqsa, yoshi kattalar achchiq choy damlatib ichishadi.
- Kelinlar odobining ifodasi. Oʻzbek madaniyatida choy uzatishning ham oʻz odobi bor, ya’ni oʻzbek oilalarida asosan kelinlar avval yoshi kattalarga, turgan holatda, chap qoʻllari koʻksida, oʻng qoʻllari bilan choy uzatishadi.
- Shunchaki suhbat chogʻidagi ermak.
Oʻzbek xalqida mehmondoʻstlikni ifodalovchi belgilar qatorida gastronomik belgilardan koʻp foydalanadilar. “Choy” dominanti mehmonga taklif qilishning emblematik formulasi hisoblanadi. О‘zbek xalqi turmush tarzidagi о‘zaro aloqalarning tarixiy takomili jarayonida mehmondо‘stlikning choy bilan bogʻliq ayrim shakllari ham mavjud. Chunonchi, “Choyxona bazmi” – bir choynak choyni rezalab, dо‘stlar bilan suhbat qurib hordiq chiqarish. “Kelinchakning qо‘lidan choy” – yangi turmush qurganlarning mazkur oila hayotidagi dastlabki mehmon kutish marosimi. “Bir piyola choy”ga taklif mehmonnavozlik shakli bо‘lib, dо‘stlarni choy bilan siylash. Barcha mehnat va bо‘sh vaqtimiz ham u yoki bu tarzda choy ichish bilan kechadi: nonushtada choy ichamiz, mehmondorchiliklar bir piyola choydan boshlanib, choy bilan yakunlanadi. Dо‘stlarni, tanish-bilishlarni, hamkasblarni uchratib qolsak, “Choy quyib beraman”, deb uyga yoki choyxonaga taklif qilamiz. Uyda yolgʻiz qolsak, zeriksak ham choy damlab ichamiz (Mahmudov, 1993).
Oʻzbeklarda “choyga marhamat”, “keling choy ichamiz”, “bir piyola choy ustida”, inglizlarda “come and have some tea”, “Will you come to tea tomorrow?” kabi etiket ifodalar tushunchalari mavjud. Milliy taomimiz, libosimiz va boshqa milliyligimizni bildiruvchi ehtiyojdagi narsalar qatoridan choy ham milliy ichimlik sifatida oʻrin olishga ulgurgan. Shuning uchun ham soʻzlashuvimizda ichimlik yoki boshqa ma’nolarni anglatadigan “choy” soʻzini koʻp ishlatamiz. Masalan, “bir piyola choy ustida suhbat”, “choyga marhamat”, “kelinning qoʻlidan choy”... deb umumiy ovqatlanishni nazarda tutishimiz mumkin. Chindan-da, choysiz kunimizni tasavvur qilolmaymiz. Shu ichimlik bilan bogʻliq tarixiy voqea – “Boston choyxoʻrligi” ham koʻpchilikka ma’lum.
Boʻston choyxoʻrligi (inglizcha: Boston Tea Party) – 1773-yil 16 dekabrda Amerika mustamlakasi Massachusets shtatining Boston shahrida Sons of Liberty tomonidan uyushtirilgan siyosiy va savdo norozilik harakati. Harakatning asosiy sababi ham 1773-yil 10-mayda qabul qilingan choy toʻgʻrisidagi qonun boʻlib, u Sharqiy Hindiston kompaniyasiga Xitoydan olib kelingan choyni Amerika koloniyalarida faqat Townshend qonunlari asosida belgilangan soliqlargina toʻlab sotishga ruxsat bergan. Sons of Liberty Townshend qonunlaridagi soliqlarni oʻz huquqlarining buzilishi deb bilib, ularga qat’iy qarshilik koʻrsatishgan. Shu sababli, ular oʻz noroziliklarini bildirgan holda, ba’zilari tub amerikaliklar kabi kiyinib, Sharqiy Hindiston kompaniyasi tomonidan joʻnatilgan choy yuklamasini yoʻq qilishgan (Smith,2012). Choyxoʻrlik davomida umumiy 45 tonnadan koʻproq choy suvga gʻarq boʻladi. Ularning bahosi bugungi kunda deyarli bir million dollarga teng keladi. Tarixga “Boston choyxoʻrligi” nomi bilan kirgan ushbu voqea amerikalik kolonistlarning Buyuk Britaniyaga qarshi ochiqdan-ochiq norozilik harakati edi. Norozilik aksiyasi koloniya aholisi tomonidan qoʻllab-quvvatlanadi va ingliz choyining boykot qilinishi tarixdagi eng katta qarshilik harakatlaridan biri boʻlib qoladi.
Choy marosimi mehmondoʻstlikning elementi sifatida hayotda muhim oʻrin tutadi. Va choy tayyorlash hamda uni mehmonlarga ulashish mezbonning mutlaq vakolati hisoblanadi. Oʻzbek madaniyatida mehmonga tortishdan oldin, issiq choy idishda 3 marta chayqatiladi va toʻrtinchi marta toza piyolada mehmonga uzatiladi. Bunga ajablanmaslik kerak. Birinchidan, buning natijasida choy yanada mazaliroq boʻladi, mehmonga choy quyilgan toza idish esa chuqur hurmat va munosabatlar pokligining belgisidir.
Tadqoqotchi G.Odilova oʻzbek gastronomik olamning lisoniy manzarasida “choy”ning konseptosferasini ishlab chiqadi. Unda choy – huzur baxsh etuvchi ichimlik, choy ichish jarayoni – kommunikativ muloqotga kirishish, yaqinlik, iliqlik vositasi, choy – hazm qilish vositasi deb izohlaydi. Choynakni dasturxonga keltirib qо‘yishdan tortib choy qaytarish va uzatish adresantning ruhiy holati, kayfiyati va retsepiyentga munosabati haqida ham tо‘liq tasavvur berishi mumkin. Binobarin, о‘zbek madaniyatida choynakni dasturxonga qattiq ovoz chiqarib, “dо‘q” etib qо‘yish, piyolaga choyni shovqin chiqarib, “shopirib” qо‘yish, tо‘ldirib quyish kabilar mezbonning mehmonni xushlamasligini anglatadi (Odilova, 2020).
Choy deganda rus an’anasida achchiq damlangan qora, yapon va ingliz choyxо‘rligida kо‘k choy nazarda tutiladi. О‘zbek madaniyatida esa, mazkur freym yadrosi hududiy jihatdan farqlanadi. “Choyxо‘rlik” deganda toshkentliklar “qora”, Qashqadaryo, Surxondaryo hududlarida istiqomat qiluvchilar “kо‘k” choyni tasavvur qiladilar. Sababi, iqlim sharoitlaridan kelib chiqib, О‘zbekistonda ikki xil choy iste’mol qilinadi. Qashqadaryo, Surxondaryoda, asosan, quruq issiq iqlim va kо‘p miqdorda yogʻli va gо‘shtli taomlar iste’mol qilinishi natijasida qon bosimi kо‘tarilishi, yurak-qon tomir kasalliklari kо‘p uchraydi. Shu sababdan, mazkur hududlarda yashovchi kishilar, asosan, kо‘k choy iste’mol qiladilar va kiyik о‘tli choy ham ichadilar.
Choy ichish marosimidan turli xalqlar har xil maqsadlarda foydalanadilar. Masalan, inglizlarda choy ichish kun davomida 5-6-martagacha bо‘ladi. Kunduzgi choy ichishlar qisqa muddatli charchoq chiqarish uchun ishxona va ofislarda о‘tkaziladi va mazkur holatga idora rahbariyati tomonidan e’tiroz bildirilmaydi. Sababi, bu xodimlar bilan rahbariyat о‘rtasidagi sogʻlom muhitning buzilishiga olib keladi, deb hisoblashadi. Kechki choy ichish esa oila va dо‘stlar davrasida, turli xil yangiliklardan xabardor bо‘lish, kun qanday о‘tganligi muhokamasi va hokazolarni о‘z ichiga oladi. О‘zbek madaniyatida “choy ichish” hamma ish tugaganda, oyoqni uzatib charchoq chiqarish, gurunglashish, ayollar о‘rtasidagi choy ichishlar “gʻiybatlashish”, “dardlashish” kabilarni anglatadi. Shu sababdan ish vaqti idorada tushlik payti bо‘lmasa, choynakdan choy quyib, davra bо‘lib choy ichib о‘tirish ma’qullanmaydigan holat hisoblanadi. Biroq ish stoli ustida turgan bir finjon yoki piyoladagi issiq choy odatiy holat hisoblanadi. Choy ichishdan maqsad doim ham chanqoqni qondirish bо‘lmaydi. Masalan, ingliz madaniyatida dо‘stlari yoki yaqin tanishlarni uyga choyga taklif qilib, ingliz choyxо‘rligi an’analarini namoyish etish bu о‘sha oilaning aslzoda, ingliz qadriyatlariga sodiq ekanligini kо‘rsatish uchun ham qilinishi mumkin. Sababi, ingliz choy ichish marosimining ba’zi qat’iy qonuniyatlari dasturxon va sochiqlarning gulsiz oq rangda bо‘lishi, choynak turgan patnisni о‘ng tarafdan ushlab choy quyish, finjonni ushlaganda kо‘rsatgich barmoq bilan ilgakdan tutib turish hamda qolgan barmoqlarning qayirilgan holatda turishi kabilar asl ingliz choy ichish an’anasiga rioya etish elementlari sanaladi. Angliyada har qancha paketli choy ishlab chiqarilmasin о‘z qadriyatlariga rioya qiluvchi konservativ haqiqiy inglizlar bargli choy iste’mol qilishadi (Londonmania.ru/stories/tea-party). О‘zbek madaniyatida ham, choyxо‘rlikdan maqsad turlicha bо‘lishi mumkin: chanqoq bosish, ovqatlanish, suhbatlashish, muhim masalani muhokama qilish, yarashib olish va hokazo. О‘zbek tilidagi “yur, choy ichamiz”, “uyga kir, choy qilib beraman”, “choy-poying yо‘qmi?” kabi ibora va gaplarda asosiy maqsad chanqoq bosish emas, balki ovqatlanish hisoblanadi. Shu sabab “choy ichish” freymida “harakat maqsadi” slotining kiritilishi maqsadga muvofiq.
Oʻzbek va ingliz tilshunosliklarida “choy” tushunchasi iliqlik hissi bilan bogʻliq boʻlgan oilaviy va doʻstona uchrashuvlar, tinchlik va tartib ramzi hamdir. “Tea over and the tray removed, she again summoned us to the fire; we sat one on each side of her, and now a conversation followed between her and Helen, which it was indeed a privilege to be admitted to hear”.
Библиографические ссылки
Гончарова, Н.Н. (2012). Языковая картина мира как объект лингвистического описание. Известия Тульского государственного университета. Гуманитарные науки.
Гумилев, Л.Н. (2001). Этногенез и биосфера земли. Москва: Логос.
Державецкая, И.А. (2011). Ученые записки Таврического национального университета им. В.И. Вернадского. Серия «Филология. Социальные коммуникации», 26(65), 1, 466-470.
Mahmudov, N. (2012). Tilning mukammal tadqiq yo’llarini izlab. O’zbek tili va adabiyoti, (5).
Michael Ferber. (1999). Dictionary of literary symbols. New York: Cambridge University Press.
Odilova, G.K. (2020). Glyuttonik diskurs asoslari. Toshkent: Mumtoz soʻz.
Олянич, А.В. (2004). Презентационная теория дискурса. Монография. Волгоград: Парадигма.
Петренко, Е.Е. (2008). Фразеологическая картина мира в художественных текстах для младшых школьников: Дисс. канд. филол. наук. Тюменский государственный университет.
Пименова, М.В. (2011). Концептуальная картина мира. Языковая картина мира: Учебная пос. (3-е доп.). Санкт-Петербург: СПбГУ.
Попова, З.Д., & Стернин, И.А. (2007). Язык и национальная картина мира. Воронеж: Истоки.
Самаркина, И.В. (2011). Политическая картина мира: теоретическая модель и опыт эмпирического исследования. Краснодар: КубГУ.
Степин, В.С., & Кузнецова, Л.Ф. (1994). Научная картина мира в культуре техногенной цивилизации. Москва.
Smith, G. (2012). The Boston tea party. The institute for humane studies and libertarianism.org.
Черкашина, Е.В. (2011). Национальная картина мира и её репрезентация в повестях Н. В. Гоголя «Майская ночь, или утопленница», «Страшная месть». В мире науки и искусства: вопросы филологии, искусствоведения и культурологии: сб. ст. по матер. V междунар. науч.-практ. конф. Новосибирск: СибАК.
Shirinova, R.X. (2017). Olam milliy manzarasining badiiy tarjimada qayta yaratilishi. Filologiya fanlari doktori diss., avtoreferat, Toshkent.
Опубликован
Загрузки
Как цитировать
Выпуск
Раздел
Лицензия
Copyright (c) 2025 Раъно Гайратова

Это произведение доступно по лицензии Creative Commons «Attribution» («Атрибуция») 4.0 Всемирная.