Diskursiv-semantik tahlilning nazariy-metodologik asoslari

Авторы

  • Узбекский государственный университет мировых языков
Diskursiv-semantik tahlilning nazariy-metodologik asoslari

Аннотация

Tilshunoslikda diskurs va semantika tushunchalari til va ma’no oʻrtasidagi murakkab oʻzaro bogʻliqlikni oʻrganishda muhim ahamiyat kasb etadi. Diskurs faqatgina matn va kontekstni emas, balki ularning ijtimoiy-madaniy va kommunikativ omillar bilan bogʻliqligini ham oʻz ichiga oladi. Semantika esa ma’no va tushunchalarni tahlil qilishga qaratilgan soha boʻlib, diskurs jarayonida matnning dinamik oʻzgaruvchanligini ochib beradi. Diskursiv semantika bu ikki sohaning birlashmasi boʻlib, matn va diskursni kontekstual va interkontekstual jihatdan ma’noli qilish jarayonlarini tadqiq etadi. Shu asosda metodologiyada diskursiv-semantik tahlil katta ahamiyat kasb etadi. Ushbu maqola diskursiv semantikaning nazariy asoslari va amaliy qoʻllanishiga bagʻishlanadi.

Ключевые слова:

diskurs semantika diskursiv semantika diskursiv-semantik tahlil milliy identiklik intertekstuallik

KIRISH Diskursiv semantika konsepsiyasi oʻzaro bogʻliq boʻlgan gʻoyalar, qadriyatlar hamda identiklikni ifodalashni oʻz ichiga olib, turli mafkuraviy nuqtai nazarlar asosida talqin qilinadi. Ushbu nazariya real va potensial matnlar toʻplami sifatida intertekstual bogʻlanishlarni aks ettiradi, introlingvistik va ekstralingvistik bilimlarni oʻzida mujassam etadi va koʻpincha eksplitsit ravishda ifodalanadi. Ushbu koʻlamli yondashuv diskurs va semantikaning birlashmasi sifatida alohida ilmiy ahamiyat kasb etadi.

Tilshunoslikda diskurs ikki asosiy yoʻnalishda – kommunikativ-diskursiv va kognitiv-diskursiv nuqtai nazardan tadqiq qilinadi. Kommunikativ-diskursiv yondashuv vakillari diskursni gapiruvchi va tinglovchi oʻrtasidagi kommunikativ hodisa sifatida koʻrib, uni Ferdinand de Sossyur ta’riflagan “nutq” tushunchasi bilan tenglashtiradilar. Kognitiv-diskursiv yondashuv esa til va tafakkur munosabatlarini kompleks konsepsiya sifatida oʻrganishga qaratilgan. Masalan, V. Petrov insonning kognitiv strukturasi (qabul qilish, til, tafakkur, xotira, harakat) bir butun tizim ekanligini va bu tizim bilishni oʻzlashtirish, qayta ishlash va transformatsiya qilish kabi jarayonlar bilan bogʻliqligini ta’kidlaydi.

Xorijiy olimlardan H. Kalsamigliya, A. Tuson, M. Eskandell Vidal, D. Howarth, V. Karasik, N. Boldirev, G. Slishkin va A. Kibriklar diskursning turli jihatlarini, jumladan, uning nazariy tasnifi, pragmatik va semantik xususiyatlarini oʻrganganlar. Oʻzbek tilshunosligida esa Sh.Safarov diskursiv tahlil, S.Moʻminov oʻzbek muloqot xulqining ijtimoiy-lisoniy xususiyatlari, M.Saidxonov noverbal vositalar va ularning oʻzbek tilidagi ifodasi, L.Raupova dialogik diskurs, M.Hakimov, A.Pardayev, N.Mahmudov kabi olimlar esa pragmatik tilshunoslik doirasida diskursning oʻrni va ahamiyatini oʻrganishga katta hissa qoʻshganlar.

Golland tadqiqotchisi T. van Deyk esa diskursni faqat matn yoki ogʻzaki suhbat doirasida emas, balki til, jamiyat va mafkura bilan bogʻliq murakkab fenomen sifatida koʻradi. Olimning fikricha, diskursni retsipiyentlar bilan muloqot jarayonining mahsuloti sifatida talqin qilish kerak. Ushbu yondashuv diskursni lingvistik va sotsial kontekstlarda oʻrganishga imkon beradi.

Mazkur maqola lingvistika doirasidagi nisbatan yangi yoʻnalish – diskursiv semantikaga bagʻishlanib, uning markaziy va perifirik qatlamlarini tahlil qiladi. Diskursiv semantika diskursni semantik jihatdan anglashga imkon beruvchi nazariy asoslarni aniqlashni maqsad qiladi.

Diskursiv semantika – bu tilshunoslikning juda muhim va jadal rivojlanayotgan sohalaridan biridir, u til va mantiqni oʻrganishning yangi va keng qamrovli yoʻnalishlarini oʻz ichiga oladi. Diskursiv semantika, asosan, matnlarni va nutqni tahlil qilish orqali ma’noviy xususiyatlarning qanday shakllanishini, sema va maqsadning qanday uzviy ifodalanishini oʻrganadi. Bu yoʻnalish tilning nafaqat sintaktik yoki morfologik jihatlarini, balki uning kontekstual va kommunikativ elementlarini ham inobatga oladi. Diskursiv semantika, shuningdek, til orqali xabar berish jarayonidagi insonlarning fikrlash, qaror qabul qilish, his-tuygʻularini ifodalash kabi mental jarayonlarni oʻrganishni ham qamrab oladi.

Diskursiv semantikaning mohiyati va vazifalari Diskursiv semantika, ilk bor, Fransiyadagi strukturalistlar maktabi ilmiy doirasida muhokamaga tortilgan. Struktural tahlil, asosan, tilning strukturasini (soʻzlar, gaplar va ularning oʻzaro bogʻlanishini) oʻrganishga qaratilgan edi. Diskursiv semantika esa bu konseptlarni yanada kengroq – butun matn va nutq jarayonida qamrab olib, semantik ma’nolarni qanday yuzaga kelishi va kontekstual jihatlarni qanday inobatga olish kerakligini koʻrsatib berdi.

Diskursiv semantikaning asosiy vazifasi til orqali ma’no va maqsadlar qanday yaratiladi, ular tinglovchi yoki oʻquvchi tomonidan qanday qabul qilinadi, degan savollarga javob izlashdir. Har bir matn yoki nutq oʻziga xos semantikaga ega boʻlib, bu ma’no tinglovchining yoki oʻquvchining shaxsiy tajribalari, bilimlari va dunyoqarashiga qarab farqlanadi. Diskursiv semantika bu farqlarni, matnlar orasidagi aloqalar va tahlilni oʻrganishga yordam beradi.

Diskurs va semantika: oʻzaro bogʻliqlik. Diskursiv semantikaning asosiy tushunchalari “diskurs” va “semantika”dir. Diskurs – bu nutq jarayoni, ya’ni muloqot, fikr almashish va til orqali ma’no ifodalash jarayonidir. Semantika esa til birliklari – soʻzlar, jumlalar va ular qurilihsidagi mazmun-mohiyatni tizimli oʻrganadi, ma’noviy bogʻlanishining oʻziga xosligini tahlil qiladi. Bu ikki tushunchaning qoʻshma hosilasi boʻlgan “diskursiv semantika” til (nutq) orqali ma’no qanday yaratiladi va qanday qilib u jamiyat tomonidan tushuniladi, talqin qilinadi, degan savollarga javob izlaydi. Bu oʻrinda, diskurs va semantika oʻrtasidagi bogʻliqlikni tushunish uchun, avvalo, tilning nafaqat grammatik yoki sintaktik, balki kontekstual jihatlari ham muhimligini ta’kidlash joiz. Diskursiv semantika nafaqat soʻzlarning oʻzi, balki ularning muayyan jamiyat tomonidan qoʻllanilishi va ijtimoiy vaziyatlarga bogʻliq holda qanday ma’no kasb etishiga ham e’tibor qaratadi.

Diskursiv semantikaning yana bir muhim elementi intertekstuallikdir. Intertekstuallik – bu bir matnning boshqa matnlar bilan bogʻlanishi, oʻzaro aloqasi va ta’siri, ya’ni bir matn mohiyati boshqa matn orqali toʻliq anglashilishidir. R.Kasimova “intertekstuallik nazariyasi zamonaviy gʻarb postmodern madaniy mafkuraviy tendensiyasi ta’sirida yuzaga kelgan matn nazariyasining bir turi boʻlib, keng qamrovlidir. Ushbu nazariya zamonaviy gʻarb madaniyatining asosiy strukturalizm, semiotika, poststrukturalizm singari nazariyalaridan tashqari yangi tarixshunoslik, feminizm, tarjimashunoslik amaliyotiga ham kirib bormoqda”, deb ta’kidlaydi. Intertekstuallik nazariyasi 1969-yilda fransuz semiotiki, strukturalist, psixoanalitik va feministik gʻoyalar targʻibotchisi Yulia Kristeva tomonidan fanga kiritilgan. Intertekstuallik diskursning asosiy tushunchasi ekanligini H.Hu ham ta’kidlagan. Uning fikricha, matn yaratish jarayonida turli korpuslarning bir-biri bilan kesishishi va oʻzaro ta’sir koʻrsatishi diskursning gibrid xususiyatidir. Ushbu matn oʻzidan avvalgi yoki keyingi boshqa matnlarga ta’sir oʻtkazadi va ular bilan oʻzaro aloqada boʻladi. Diskursiv semantikada ham intertekstuallik juda muhim ahamiyatga ega, chunki bir matnning ma’nosi boshqa matnlar yoki madaniyatlar bilan bogʻliq boʻlishi mumkin. Masalan, bir asar yoki nutqning ma’nosi boshqa bir asarning kontekstida oʻzgarishi, bir madaniyatdagi tushuncha boshqa madaniyat prizmasida koʻzgudagidek akslanishi, ravshanroq tushunilishi mumkin. Demak, diskursiv semantika, shu tarzda matnlar orasidagi aloqalarni tahlil etish orqali kengroq madaniy va ijtimoiy kontekstlarni oʻrganadi, mohiyatni oydinlashtirib beradi.

Diskursiv semantikaning metodologiyasi koʻplab ilmiy metodlarga tayanadi. Birinchi navbatda, bu metodologiya tilning semantik jihatlarini oʻrganish orqali amalga oshiriladi. Bu usulda, nutq va matnlar tahlil qilinadi, soʻzlar va jumlalar oʻrtasidagi aloqalar va ularning ijtimoiy, madaniy, kognitiv va psixologik kontekstdagi ma’nosi aniqlanadi. Bundan tashqari, diskursiv semantika tahlilining bir usuli – bu soʻz va gaplarning oʻzaro bogʻlanishini va qanday qilib ular kommunikativ jarayonlarda ishlatilishini oʻrganishdir. Bu jarayonda, har bir soʻz va ibora oʻzining semantik ma’nosidan tashqari, ma’lum bir ijtimoiy vaziyatda qanday ishlatilishini ham koʻrib chiqadi.

Diskursiv semantikaning tilshunoslikdagi oʻrni salmoqlidir. U tilshunoslikda yosh soha boʻlishiga qaramay, ilmiy jamiyatda katta e’tibor qozondi. Ayniqsa, lingvomadaniyatshunoslik, sotsiolingvistika va psixolingvistika fanlari uchun diskursiv semantika alohida ahamiyat kasb etadi. U nafaqat tilni, balki ijtimoiy munosabatlarni, madaniyatlarni, fikr va shaxs individualizmini oʻrganishga yordam beradi. Diskursiv semantikaning til, tilning oʻziga xos xususiyatlari, kommunikativ va kognitiv jarayonlar yoritishdagi ulkan hissasini ham ta’kidlash joiz.

Demak, diskursiv semantika – bu tilning ijtimoiy, madaniy, va kommunikativ oʻrnini hamda til vositasida fikr va ma’no ifodalash jarayonlarini oʻrganadigan muhim ilmiy soha. Ushbu yoʻnalish nafaqat soʻzlarning lugʻaviy ma’nosini tahlil qiladi, balki ularning ijtimoiy muloqotda qanday ishlatilishini, qanday sharoitlarda yangi ma’nolar hosil qilishini ham oʻrganadi. Diskursiv semantika intertekstual va kontekstual jihatlarni hisobga olib, matnni kengroq kommunikativ muhitda talqin qilishga imkon yaratadi. Bunda matn nafaqat lingvistik birlik, balki muayyan jamiyatning ijtimoiy va madaniy konteksti bilan chambarchas bogʻliq muloqot jarayonining mahsulidir.

Diskurs va matn munosabati haqida gapirganimizda, matnni diskursning lingvistik shakli sifatida koʻrish mumkin, ya’ni diskurs muloqot jarayonida yuzaga kelgan va axborotni yetkazuvchi roli bilan bogʻlangan lingvistik shakldir. Shu bilan birga, diskurs faqatgina lingvistik xususiyatlar bilan chegaralanib qolmaydi; u insonning psixologik, ijtimoiy va kognitiv jarayonlarini ham oʻz ichiga oladi. Bu jarayonlarni tahlil qilish orqali diskursiv semantika soha sifatida oʻziga xos ahamiyatga ega boʻladi. Masalan, V.Chernyavskaya ta’kidlaganidek, diskursiv semantika faqatgina matndagi tor kontekstual ma’nolarni emas, balki intertekstual va intradiskursiv munosabatlarni ham oʻrganadi. Ushbu nuqtai nazar matnlararo bogʻliqlikni aniqlash, ma’no oʻzgarishlarini tushunish va ularning madaniy hamda kognitiv aspektlarini yoritishga imkon beradi.

Koʻrinib turibdiki, diskursiv semantikaning nazariy ahamiyati zamonaviy lingvistika tadqiqotlarida muhim oʻrin tutadi. Bu sohaning asosiy vazifasi ma’noni qanday qilib til, kontekst va jamiyat orqali shakllantirishni tahlil qilishdan iborat. Diskurs semantikasini tahlil qilishda uning turli jihatlarini, jumladan, leksik birliklarning intertekstual ahamiyatini, matnning pragmatik funksiyasini va muloqot jarayonidagi rolini aniqlash zarur hisoblanadi. Diskursiv semantikaning muhim xususiyati shundaki, u faqat mavjud matnlarni emas, balki potensial matnlar toʻplamini ham qamrab oladi. Bu jihat ilmiy tadqiqotlar doirasini kengaytiradi va diskurs tahlilining kompleks yondashuvini ta’minlaydi.

Shuningdek, diskursning turli koʻrinishlari, masalan, ekskursiya diskursi, reklama diskursi yoki psixologik diskurs, turli kommunikativ va kontekstual parametrlar asosida tahlil qilinadi. Bunday tahlil, masalan, turistik kontekstda madaniy va tarixiy ahamiyatga ega joylar haqida axborot yetkazish yoki psixologik matnlarda insonning ichki dunyosini talqin qilishda qoʻllanilishi mumkin. Bu esa diskursiv semantikaning universal tadqiqot usullari va mavzulariga moslashuvchanligini koʻrsatadi.

Diskursiv semantika yoʻnalishi doirasida diskursiv-semantik tahlil kelib chiqqan boʻlib, bugungi kunda ilmiy tadqiqotlar usuli sifatida fanga jadal kirib kelmoqda. Diskursiv-semantik tahlil, bu matnning leksik, semantik, pragmatik va kontekstual jihatlarini oʻrganish orqali til birliklarining oʻzaro bogʻliqligini aniqlashga qaratilgan lingvistik tadqiqot usuli hisoblanadi. Ushbu tahlil til birliklarining nafaqat grammatik va semantik xususiyatlarini, balki ular jamiyatda qanday ishlatilishini, ijtimoiy-madaniy kontekstni aks ettirishini va intertekstual aloqalarini ham tahlil qiladi. Diskursiv-semantik tahlil matnni statik hodisa sifatida emas, balki dinamik jarayon sifatida koʻradi, bunda til orqali ma’no yaratiladi va uzatiladi. Bu tahlil usuli orqali matnning ma’nosi va uning kommunikativ vazifasi oʻrtasidagi murakkab bogʻliqlik, shuningdek, matnning madaniy kodlari, ijtimoiy konnotatsiyalari va psixologik ta’siri oʻrganiladi. Diskursiv-semantik tahlilning asosiy jihatlariga quyidagilar kiradi: a) Intertekstual aloqalar: diskursiv-semantik tahlil matn ichidagi va boshqa matnlar bilan bogʻlanishlarni tahlil qiladi; b) Pragmatik vazifa: matnning tinglovchi yoki oʻquvchi auditoriyasiga qanday ta’sir qilishini tahlil etadi; c) kontekstual koʻlam: matnning ijtimoiy, tarixiy va madaniy kontekstdagi oʻrnini ochib beradi; d) til va ma’no munosabati: soʻz va iboralar oʻz ma’nolarini faqat lingvistik tizimda emas, balki kommunikativ jarayonda qanday oʻzgarishini oʻrganadi. Masalan: Beshikdan qabrgacha ilm izla, naqlida madaniy kodlar orqali milliy identiklikni diskursiv-semantik tahlil qilish mumkin. Ushbu iborada “beshik” va “qabr” leksemalari oʻzbek xalqining madaniy kodlarini aks ettirib, hayotning boshi va oxirini anglatadi, hamda nafaqat bilim olish zaruriyatini, balki uni inson hayotining ajralmas qismi sifatida qabul qilishni ta’kidlaydi. Kontekstual tahlil orqali bu naqlning tarbiyaviy va milliy identiklikni shakllantiruvchi xususiyati oydinlashadi.

Antonio Machadoning “Sobre la tierra amarga” she’ri intertekstuallik diskursiv-semantik tahlilida “tierra – yer” konsepti insonning ichki iztiroblari va tashqi dunyoning shavqatsizligi oʻrtasidagi murakkab bogʻliqlik sifatida ishlatilgan. Tierra - Yer nafaqat geografik obyekt, balki milliy va madaniy identiklikning ramzi sifatida oʻz intertekstual ma’nosini ochib beradi. Shu bilan birga, boshqa poeziya namunalari bilan oʻzaro bogʻliqlikni tahlil qilish orqali Machadoning individual kognitiv strategiyalari ham aniqlanadi.

Diskursiv-semantik tahlil 1) adabiy tahlil (matnlarning badiiy qiymatini va ularning kognitiv xususiyatlarini ochib beradi); 2) til oʻqitish (chet tillarida milliy identiklikni aks ettiruvchi matnlar orqali til oʻrgatishda foydalaniladi); 3) marketing va reklama (reklama matnlarining semantik xususiyatlarini oʻrganish orqali ularning auditoriyaga ta’sir qilish darajasi va jozibadorligini oshirish imkonini beradi); 4) ijtimoiy tadqiqotlar (ijtimoiy va siyosiy diskurslarni tahlil qilish orqali jamiyatdagi qadriyatlarni aniqlashga yordam beradi) va hk.

Umuman olganda, diskursiv semantika fani hosilasi boʻlgan diskursiv-semantik tahlil – bu matn va ma’nolarni chuqur tahlil qilish uchun muhim vosita boʻlib, u lingvistik, ijtimoiy va madaniy omillarni birlashtiradi. Ushbu tahlil jamiyatdagi nutqiy va madaniy aloqalarni chuqurroq tushunish, shuningdek, matnlarning ijtimoiy va semantik ahamiyatini dallilashga xizmat qiladi.

Xulosa qilib aytganda, diskursiv semantika, bu matn va muloqotning birligi, jamiyatning madaniy va psixologik konteksti bilan uygʻunlashgan ilmiy sohasidir. U til vositasida muloqotni oʻrganish va ma’no shakllanishi jarayonlarini tahlil qilishga yoʻnaltirilgan. Diskursiv semantika zamonaviy lingvistika tadqiqotlarida matn, til va fikrni ijtimoiy va kognitiv jihatdan tahlil qilishning samarali metodologiyasini taklif etadi. Shu tariqa, diskurs nafaqat tilshunoslikning, balki madaniyatshunoslik va sotsiologiyaning ham tadqiqot obyektiga aylanadi. Xususan, diskurs – bu jarayon, matn esa uning natijasi boʻlib, u nutq faoliyati turlari (gapirish, yozish, eshitish, oʻqish)ni emas, balki nutq va fikrlashga asoslangan ijodni aks etadi. Diskursiv semantikaning eng muhim xususiyatlaridan biri uning intertekstualligi, shu bilan birga ma’noga ega boʻlishi uchun muayyan belgi, qoida va cheklovlarga boʻysunishi, ya’ni tartibga solinuvchanlik qobiliyatidir.

Библиографические ссылки

Bakhtin, M. M. (1986). The Dialogic Imagination: Four Essays. University of Texas Press.

Baxronova, D., Ataxanova, S. (2024) Oʻqish va oʻrganishdagi muammolarni bartaraf etishda psixolingvistikaning oʻrni: disleksiya. “ISFT” Ilmiy-uslubiy jurnal 1/1-2024 (maxsus son). www.jurnal.isft-ilm.uz

Calsamiglia, H. y A. Tusón (1999). Las cosas del decir. Manual de análisis del discurso. Barcelona: Ariel.

Dalieva, M. Kh. (2023) Issues on studying conceptual meaning of a word in aliterary text. Thematic Journal of Applied Sciences. Vol-3, No-4, pp. 4-7.

Derrida, J. (1976). Of Grammatology. Johns Hopkins University Press.

Escandell Vidal, M. V. (1996). Introducción a la pragmática. Barcelona: Ariel.

Foucault, M. (1972). The Archaeology of Knowledge. Pantheon Books.

Halliday, M. (1994). An Introduction to Functional Grammar. Edward Arnold.

Howarth, D. (2000). Discourse. Philadelphia: Open University Press. ISBN 978-0-335-20070-2.

Hu, H. (2006) Inheritance and development of literature and culture from the perspective of intertextuality. Academia. – No. 5. – рр. 205-209.

Ismoil kizi, G. E., Shukurovna, K. F., & Bakhronova, D. (2024). The Constitutive Nature of Gender Mainstreaming Discourse: Uzbekistan Context. SPAST Reports, 1(2). https://doi.org/10.69848/sreports.v1i2.4891

Karasik V. I. Religious discourse. Linguistic personality: problems of linguoculturology and functional semantics// Volgograd: Peremena, 1999. – pp. 5-19.

Kasimova R. (2022) Tarjimaning mutarjim psixologiyasiga ta’siri // Oʻzbekistonda xorijiy tillar. – № 4 (45). – B. 110-122.

Van Dijk, T. A. (2008). Discourse and Context: A Sociocognitive Approach. Sage Publications.

Wodak, R., & Meyer, M. (2009). Methods of Critical Discourse Analysis. Sage Publications.

Ковалева, Е. А. (2009). Дискурсивная семантика поэтических текстов: место железнодорожного дискурса. Вестник Южно-Уральского государственного университета. Серия: Лингвистика, (25 (158)), 94-97.

Орлова, Н. В., Бутакова, Л. О. (2022) Дискурсивная семантика: онтологические основания и опыт реконструкции // Филологический класс. – 2022. – Т. 27, № 4. – С. 30–37. DOI: 10.51762/1FK-2022-27-04-03.

Опубликован

Загрузки

Биография автора

Дильрабо Бахронова,
Узбекский государственный университет мировых языков

professor, filol.f.d.

Как цитировать

Бахронова, Д. (2024). Diskursiv-semantik tahlilning nazariy-metodologik asoslari. Лингвоспектр, 2(1), 15–19. извлечено от https://lingvospektr.uz/index.php/lngsp/article/view/92

Похожие статьи

<< < 62 63 64 65 66 67 

Вы также можете начать расширеннвй поиск похожих статей для этой статьи.