INGLIZ IMO-ISHORA TILI MOHIYATI VA TURLARI
Abstract
Ushbu maqolada imo-ishora tili, daktilologiya nutqiga oid ilmiy qarashlar tahlil qilinadi. Shu bilan birga ingliz imo-ishora tili rivojlanish tarixi, turlari va ularning xususiyatlari haqida ma’lumot beriladi. Xususan, Amerika imo-ishora tili va Britaniya imo-ishora tili o`rtasidagi tafovutlar va ularning foydalanish mintaqalari haqida so`z yuritiladi.
Imo-ishora tili - muloqot vositasi shakli bo`lib, zaif eshituvchilar va kar-soqovlarga eshitish orqali tushuniladigan so`zlarni yuz ifodasi, qo`l-harakatlari orqali muloqot yordamida tushunish imkoniyatini yaratadi. Dunyo bo`ylab imo-ishora tillarining 300 dan ortiq turi mavjud. Muloqot egalari umrlari davomida 3000 ga yaqin imo-ishoralarni o’rganishlari mumkin.
Dr. Tamar Makharoblidzening “The Georgian Dactyl Alphabet” kitobida keltirilishicha, zaif eshituvchilar va kar-soqovlar tomonidan og`zaki muloqot jarayonida qo`llaniladigan vositalardan yana biri – Daktil alifbosidir. Daktil so`zi grekcha “Δάκτυλοι” - “barmoqlar” va “λόγος” – “nutq shakli” so`zlaridan olingan bo`lib, harflarni barmoqlar va qo`l harakatlari orqali ifodalash ma’nosini anglatadi [Makharoblidze, 2013:1]. Bundan tashqari, dunyoda daktil alifbolarining 40dan ortiq turi mavjudligi haqida ham ma’lumot berilgan [Zaitseva, 2004:12]. Aytish joizki, bu alifbolar o`z so`zlashadigan tillari alifbosini takrorlaydi. Shu bilan birga, ularning yozma shakli mavjud emas, ular asosan og`zaki muloqot uchun qo`llaniladi va yozma muloqot uchun bunga hojat yo`q. Bu alifbolar zaif eshituvchilar va kar-soqovlar uchun muloqot vositasi bo`lib xizmat qiladi [Makharoblidze, 2013:1].
Z.N.Mamarajabova, M.M.Abdullayevalarning ilmiy izlanishlariga ko`ra, Daktilologiya kar va zaif eshituvchilarning qo`l barmoqlari yordamida o`zaro muloqotga kirishish shaklidir. Qo`l barmoqlari orqali ifodalanadigan harf shakllari ko`proq yozma nutqdagi harf shakllarini eslatadi. Eshitishda nuqsoni bo’lgan bolalarni normal eshituvchi bolalar bilan qiyoslaganda, daktil alifbosini o`rganishida sustkashlikni kuzatish mumkin. Lekin zaif eshituvchi bolalarda, aksincha, og`zaki nutqni bayon qilishda daktillash tempi yuqoriligi kuzatilgan [Z.N.Mamarajabova, M.M.Abdullayeva, 2024].
Hozirgi zamonda imo-ishora tillarining turli ko`rinishlari mavjud. Shu sababli dunyoning bir mamlakatida istiqomat qilayotgan zaif eshituvchi inson boshqa bir davlatda yashovchi eshitishida nuqsoni bo`lgan kishini tushunmasligi mumkin. Ya’ni o`zi foydalanib kelayotgan daktilologiya nutqi orqali ifodalayotgan so`zlari boshqa tilda butunlay boshqa ma’noni anglatadi. Masalan, rus imo-ishora tilidagi “yomon” so`zi Amerika imo-ishora tilida “kechirasiz” ma’nosida tushuniladi. Yana bir misol tariqasida ingliz tilidagi “to go” fe’lini olishimiz mumkin. Bunda bu fe’lning rus imo-ishora tilidagi ma’nosi qaysi so`z (vaqt, shaxs, yomg`ir kabi so`zlar) bilan kelayotganiga qarab turlicha ifodalanishi mumkin. Yoki “flame, bonfire, fire” kabi sinonim so`zlar umumiy bir imo-ishora orqali aks ettiriladi. Albatta, imo-ishora tili non-verbal aloqa vositalari ya’ni artikulyasiya, mimika kabi yuz ifodalari hamda his-tuyg`u va kayfiyatni ifodalash orqali aniqlanadi [D.A.Galieva, L.V.Naurazbaeva, 2021].
Imo-ishora tili va daktil alifbosi rivojlanish tarixiga nazar soladigan bo`lsak, uning qachon paydo bo`lganligi haqida ma`lumotlar topilmagan. XVI asrda qo`l barmoqlari, yuz ifodasi tana harakatlari yordamida muloqot qilish vositasi sifatida ifodalanishi haqida ilmiy izlanish, metodik tavsiyalar ishlab chiqish jarayoni boshlandi. Tadqiqotlarga ko`ra, bu jarayonni rohiblarning sukut saqlash uchun qilgan qasamyodi, yoki ispan faylasuflarining kar va zaif eshituvchi bolalarga daktil alifbosi orqali ta’lim berishi Yevropada tarqalishiga sabab bo`lgan. Xususan, Ispaniya va Fransiyada bir qo`lli daktil alifbosi va imo-ishora tili kar va zaif eshituvchi bolalarga o`qitila boshlagan. Bunga misol qilib, ispan rohibi Pedro Ponce de Lyonning kar zaif eshituvchi bolalarni o`qitishda daktil nutqidan foydalanganini misol qilib keltirish mumkin. Biroq, daktil alifbosi 100 yildan keyin Joan Pablo Bonetning “On the Nature of Sounds” va “The Art of Teaching the Deaf to Speak” kitoblarida nashr qilingan [D.A.Galieva, L.V.Naurazbaeva, 2021].
Shu tartibda Amerika imo-ishora tili ham Fransiya Daktilologiyasi asosida rivojlanib, hozirgi davrgacha foydalanib kelinmoqda. Amerikalik birinchi o`qituvchilar Parijlik mutaxassis Charles Mishel de l`Epee metodlari asosida eshitishda nuqsoni bor bolalar bilan ishlash jarayoni haqida ta`lim oldilar va buning natijasida Amerika daktil alifbosini joriy qildilar. 1817-yilda AQShning Konnektikut shtatidagi Hartford shahrida kar va zaif eshituvchi bolalarga fransuz o`qitish metodlaridan foydalangan holda ta’lim beradigan birinchi maktab tashkil etildi. Britaniya imo-ishora tili esa ikki qo`llik barmoq harakatlari asosida o`z alifbosini yaratdi. Uning muallifi Oksford universiteti geometriya fani professori Djon Vallisdir. Bundan tashqari Britaniya imo-ishora tilida kaftli daktil alifbosi ham ishlab chiqilgan. Ushbu alifbo Angliyada D.Dalgarno tomonidan yaratilgan. Uning o`ziga xos xususiyati shundaki, bir qo`lning barmoqlari ikkinchi qo`lning kaft va barmoqlari ustida harflarni hosil qilish orqali muloqot qilinadi.
Demak, ingliz tili daktil alifbosi va imo-ishora tili kelib chiqishiga ko`ra 2 turga bo‘linadi: Britaniya imo-ishora tili va Amerika imo-ishora tili. Britaniya imo-ishora tili Fransiya imo-ishora tili va Qadimgi Britaniya imo-ishora tili qo`shilishidan hosil bo`lgan. Amerika imo-ishora tili esa Amerika qit’asi mahalliy aholisi tomonidan qo`llanilgan imo-ishora tili va Fransiya imo-ishora tili ta’siri natijasida vujudga kelgan. Ular umumiy olganda bir tilni ifoda etishiga qaramay, mintaqaviy farq sababli har birining o`ziga xos xususiyatlari, o`xshashlik va farqlari bor. Ular orasidagi tafovutlar yuz ifodasidagi farqlar va qo`l harakatlari bilan bog`liq. Bunga Amerika imo-ishora tilida qo`l harakatlarini markazdan uzoqda ko`proq yon tomonga harakatlanishini, Britaniya imo-ishora tilida esa asosan tana markazida va yuqoriga-pastga harakatlanishini misol qilib keltirish mumkin.
Bular o`rtasidagi farqlarning yana bir e’tiborli jihati shundaki, Amerika imo-ishora tili Britaniya imo-ishora tiliga nisbatan murakkab shakl va lug`atga ega. Amerika imo-ishora tili kengroq tarqalgan bo`lib, asosan AQSH va Kanadada qo`llaniladi. Foydalanuvchlari soni 250ming-500mingdan ortiqligi va ular boshqa ingliz tilida so’zlashuvchi mamlakatlar aholisi tomonidan qo`llanilishi bilan Britaniya imo-ishora tiliga nisbatan ustunlikni namoyon qiladi.
Britaniya daktil alifbosi Amerika daktil alifbosi
Amerika daktil alifbosi bir qo`l harakati bn ifodalanadigan 26ta harfni anglatuvchi qo`l shakllaridan iborat. Farqli ravishda Britaniya daktil alifbosini ifodalash uchun ikkita qo`l, ya`ni bir qo`l bilan qilinayotgan ishora ikkinchi qo`lning kafti ustiga qo`yilishi kerak bo`ladi. Shu bilan birga, zaif eshituvchilar va kar-soqovlarning ingliz tilida so`zlashuvi uchun qo`llaniladigan bu ikki tilning o`zaro grammatik, lug`at va tuzilish jihatdan ham farqlari bor. Masalan, ingliz tilidagi o`tgan, hozirgi va kelasi zamonlarni ifodalash uchun turli qo`l harakatlari va yuz ifodalaridan foydalaniladi.
Ikkala til ham qo`llar orqali muloqot qilish bilan cheklanib qolmay, boshqa vositalardan ham foydalanadi. Masalan, Amerika imo-ishora tili muloqot jarayonida ko`proq yuz ifodalaridan foydalansa, Britaniya imo-ishora tilida e’tibor tana harakatlari hamda qo`l shakllariga qaratiladi. Bunga misol tariqasida shuni aytish mumkinki, Amerika imo-ishora tilida yuqoriga ko`tarilgan qoshlar yoki jilmayish hissiyotni ifodalasa, Britaniya imo-ishora tilida esa bu qo`l harakati yo`llari bilan tushuniladi. Hattoki, lab ifodasi orqali aks ettiriladigan imo-ishoralarda ham ikki tildagi farq sababli ba’zi tushunmovchiliklar bo`lishi mumkin. Albatta, bunday farqlar madaniyatlaro tafovutlar sababli ham yuzaga keladi.
Bundan tashqari, imo-ishora tillari sheva va lahjalarga ko`ra turlanadi. Bunga misol tariqasida Britaniya imo-ishora tilini oladigan bo`lsak, u o`zida 3ta mamlakat, ya`ni Britaniya, Avstraliya, Yangi Zellandiya muloqot vakillarini mujassamlashtiradi. Bu lahjalar o`zaro etnik, hududiy va umumiy xususiyatlarga ko`ra turlarga bo`linadi. Amerika imo-ishora tili esa, turli-tumanlikdan ko`ra, umumiylikka qratilgan, ammo Kanada, AQSh va Markaziy Amerikaning ayrim hududlarida qo`llanilishiga ko`ra hududiy tafovutlarga ega. Shundan kelib chiqqan holda, har bir imo-ishora tili o'z nomiga ega: Amerika imo-ishora tili Amslen (AMerican Sign LANguage) deb ataladi; Britaniya imo-ishora tili esa o`z oilasiga ko`ra, “BANZSL” (British, Australian and New Zealand Sign Language) deb nomlanadi. Muxtasar qilib aytganda, ingliz imo-ishora tilining bu ikki shakli bir-biridan farq qilsa-da, ikkisi ham dunyo bo`ylab muloqot vositasi sifatida tan olinadi.
References
Galieva D.A., Naurazbaeva L.V. Comparative analysis of origin and evolution of sign languages. Современные исследования социальных проблем. Russian Social and Humanitarian Studies / Российские социогуманитарные исследования 2021.
Isakulova N.J. Inklyuziv tа’limning рsixоlоgik-реdаgоgik va tаshkiliy shаrtlаri. Inter education & global study. – 2025. – Т. 3. – №. 4 (1). – С. 91-100.
Isakulova N.J. Inkyuziv muhitdа mаshg‘ulоt ishlanmasini ishlan chiqish yo'llari. O'zbekiston davlat jahon tillari universiteti konferensiyalari. – 2025. – С. 81-85.
Isakulova N.J. Categories of children with defects in development. International Journal of Pedagogics. – 2024. – Т. 4. – №. 05. – С. 17-22.
Makharoblidze, T., “The Georgian Dactyl Alphabet”, Disability Studies Quarterly 33(3). https://doi.org/10.18061/dsq.v33i3.3318 2013.
Mamarajabova Z.N., Abdullayeva M.M. Daktilologiya va imo-ishora nutqi. O‘quv qo‘llanma. Toshkent. “Zebo Prints”, 2024. 3-5 betlar.
Yembergenov D.T. Imo-ishora, daktilologiya nutqi- kar bolalar nutqining alohida shakli. Proceedings of International Conference on Educational Discoveries and Humanities. Texas, USA. 2024. 36-40.
Zaitseva, G.L. Жестовая речь. Дактилология. (Sign speech. Dactylology.) Vlados. Moskva. 2004.
American Sign Language vs British Sign Language | InterpretCloud.
Published
Downloads
How to Cite
License
Copyright (c) 2025 Xilola Abdulmuratovna NABIYEVA

This work is licensed under a Creative Commons Attribution 4.0 International License.
