Main areas of support for persons with disabilities in Uzbekistan
Abstract
The support of persons with disabilities in Uzbekistan has always been one of the issues at the level of Public Policy. The topic serves to identify the key measures needed to ensure the social integration of persons with disabilities and to seek ways to address the challenges faced in this area.
Keywords:
mentally retarded children social protection disability pensionMavzuning dolzarbligi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, bugun dunyoda 1 milliarddan ortiq odam nogironlikdan aziyat chekadi. Bu dunyo aholisining, taxminan, 15 foizini tashkil etadi. O‘zbekistonda ham bunday toifadagi odamlar soni kam emas. Nogironlarga qulay sharoit yaratish, ularga ta’lim berish, munosib ish o‘rinlari bilan ta’minlash masalasi nihoyatda dolzarbdir.
Bundaylar qatoriga: eshitish sezgisida buzilishlari mavjud insonlar (kar, zaif eshituvchi, orttirilgan kar insonlar); nutqida og‘ir buzilishlar mavjud insonlar (logopatlar);intellektual rivojlanishida og‘ir buzilishlar mavjud insonlar (aqli zaif insonlar);psixik rivojlanishida kompleksli buzilishlar kuzatiluvchilar (ko‘r hamda kar-soqov insonlar, ko‘r hamda aqli zaif insonlar va boshqalar); tayanch apparat tizimida kasalliklari mavjud psixopat xulqli insonlar kiradi. Bundan tashqari shunday qatlami borki, ular oʻrta ta’lim, maktabgacha ta’lim muassasalariga boradilar.Salbiy ijtimoiy omillar va ayniqsa shaxslararo munosabatlar ta’sirida diskomfort holatini boshdan kechiradilar, ushbu holat ularning ulg‘ayishi bilan oshib boradi. Keyinchalik psixojarohatlovchi ta’sirga ega bo‘ladi.
Shunga muvofiq, bunday insonlarga jamiyatda moslashishi uchun alohida yordam kerak bo‘ladi.[1]
Mavzuning oʻrganilganlik darajasi. Jahon tarixiga nazar solsak, dunyoning mashxur bastakori Betxoven tugʻma ojiz boʻlgan, AQSHning toʻrt marta prezidenti etib saylangan Franklin Ruzvelt esa bolalar falaji kasalligini boshidan oʻtkazgan. Mashxur ingliz yozuvchisi Jon Milton 43 yoshida koʻzlari ojiz boʻlib qolgan va shunga qaramay oʻzining shoh asari – “Yoʻqolgan jannat”ni yaratgan. Umuman bu kabi misollarni sanasak adogʻi yoʻq. Hammasi avvalo insonning oʻziga bogʻliq deysiz, toʻgʻri. Ammo hamma narsaning shakllanishi va rivojlanishi jamiyatdagi muhitga ham bir qadar bogʻliq. Nafaqat taʼlim tizimida tiflopedagogika (koʻr va zaif koʻruvchilarni oʻqitish), surdopedagogika (kar yoki zaif eshituvchi bolalarni oʻqitish) va oligofrenopedagogika (aqli zaif bolalarni oʻqitish) sohalarda malakali kadrlarni yetishtirishga jiddiy eʼtibor qaratish lozim, balki imkoniyati cheklangan insonlarning oʻzlaridan ham maʼlum sohalarda yetuk kadr boʻlib yetishishiga, faoliyat yuritishiga koʻmak berish kerak. Ana shunda biz ham jahonga oʻrnak boʻlamiz (Maqsudova, 2016).
Tadqiqot natijalari. Dunyo jamiyatida imkoniyati cheklangan boʻlishiga qaramay, turli sohalarda ulkan choʻqqilarni zabt etgan insonlar kam emas. Yuksak diniy maqomlarga erishgan yoki sportchi, mashxur sanʼatkor, hatto siyosiy yetakchi boʻlgan shaxslar ham talaygina. Bularning barchasi ichki olamning – qalb va ruhning salomatligida. Yurtimizda ham mana shunday insonlar uchun qulay shart-sharoitlar, bepul va sifatli taʼlim olish uchun imkoniyatlar mavjud. Shunga qaramay, yechimsiz muammolar ham borki, ularni nafaqat 3-dekabr – Xalqaro nogironlar kunida, balki muntazam ravishda taʼkidlasak ham baʼzan kamlik qiladiganday nazarimizda.
Nogironning hayoti sog‘lom odamning hayotidan tubdan farq qiladi. Misol uchun ular ta’lim olishda muayyan muammolarga duch kelishmoqda. Nogironlar uchun ish topish ancha qiyin, chunki aksariyat hollarda ular mehnatga layoqatli odamning ishini bajara olmaydi. Afsuski, bu toifadagi odamlar jamiyat tomonidan yaratilgan to‘siqlarga ham duch kelishadi. Shularni inobatga olgan holda O‘zbekistonda ham nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, to‘siqsiz muhit yaratish, jamiyatning to‘laqonli a’zosi qilish borasida izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Masalan, ularni ishga qabul qilgan ish beruvchilarga (budjet tashkilotlari, davlat korxonalari, ustav jamg‘armasida davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan yuridik shaxslar bundan mustasno) har bir xodim uchun 6 oy davomida har oyda bazaviy hisoblash miqdorining 1,5 baravari miqdorida subsidiya ajratilmoqda. Bunda, 2022 yilda mingga yaqin ish beruvchilarga 1805 nafar nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga qabul qilganligi uchun subsidiya ajratilgan bo‘lsa, joriy yilning 1 sentabr holatiga 659 ta ish beruvchilarga 1412 nafar nogironligi bor shaxslarni ishga qabul qilganligi uchun 6 oygacha BHM 1,5 baravari miqdorida subsidiya berildi. Nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida, nogironlik pensiya va nafaqalarining eng kami miqdori 747 ming so‘mga yetkazilib, 2017 yilning boshiga nisbatan 5,1 baravarga o‘sgan. Shuningdek, 2022 yilning 1 aprelidan boshlab o‘zgalar parvarishiga muhtoj nogironligi bo‘lgan 18 yoshgacha bolalari bo‘lgan oilalarga har oyda yangi turdagi parvarishlash nafaqasi joriy etildi. Bugungi kunda ushbu nafaqa miqdori 568 ming so‘mni tashkil etmoqda. Uning joriy etilishi natijasida, 64 mingga yaqin oilalarga parvarishlash nafaqasi to‘lab beriladi.
2023 yil 1 yanvardan boshlab I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarga pensiya tayinlanganidan keyin kamida 1 yillik ish staji mavjud bo‘lgan taqdirda ish staji va ish haqini inobatga olgan holda har 2 yilda bir marotaba qayta hisoblab chiqiladi. Natijada, 2023 yilda 75 mingdan ziyod nogironligi bo‘lgan shaxslarning pensiyalari qayta hisob-kitob qilinib, o‘rtacha 300 ming so‘mgacha oshirildi. Shuningdek, kelgusida nogironlik pensiyasi tayinlanganidan keyin mehnat faoliyatini olib borgan 43 mingdan ziyod nogironligi bo‘lgan shaxslarning pensiyalari har 2 yilda (ish staji va oylik ish haqidan kelib chiqib) bir marotaba qayta hisoblab boriladi. Ushbu tadbirlarni amalga oshirish uchun 2023 yil 1 yanvardan e’tiboran Pensiya jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qo‘shimcha ravishda 275 mlrd so‘m mablag‘ ajratildi.
2024 yil 1 yanvardan boshlab nogironligi bo‘lgan shaxslarning sayohat qilishlari uchun qulay muhit yaratishga qaratilgan «To‘siqsiz turizm» dasturi amalga oshiriladi. Dastur doirasida har yili «Sayohat barcha uchun!» loyihasi bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida ming nafardan nogironligi bo‘lgan shaxslarning respublikaning turizm salohiyati yuqori bo‘lgan shaharlariga bepul sayohatlari tashkil qilinadi.[3]
Bugungi kunda mamlakatimizda «Inson qadri uchun» g‘oyasi va joriy islohotlarning bosh tamoyili bo‘lgan «Inson – jamiyat – davlat» degan yondashuv barcha sohalardagi yangilanishlarning mazmun-mohiyatiga chuqur singib bormoqda.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tasdiqlagan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida belgilangan keng qamrovli islohotlar mantiqiy ketma-ketlikda va samaradorlik bilan amalga oshirilmoqda. Bularning barchasi, o‘z navbatida, yurtimizda inson qadrini ulug‘lashga, inson manfaatlariga, shu jumladan, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini qo‘llab-quvvatlashga xizmat qilmoqda.
Ayniqsa, kam ta’minlanganlar, nogironligi bo‘lgan shaxslar, yoshlar, xotin-qizlar va keksalarni ijtimoiy himoya qilish inson huquqlari va erkinliklari sohasidagi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi sifatida belgilangani katta ahamiyat kasb etadi. O‘zbekistonda 2021 yil 7 iyunda ratifikatsiya qilingan BMTning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi qoidalari izchil amalga oshirilmoqda. Konvensiya talabiga ko‘ra, ishtirokchi davlatlar nogironligi bo‘lgan shaxslar imkoniyatini oshirish bo‘yicha zarur choralarni ko‘rishi va bu haqda dastavval 2 yil, so‘ngra 4 yilda kamida 1 marta BMTning Konvensiya bo‘yicha qo‘mitasiga keng qamrovli ma’ruza taqdim etishi lozim. Mamlakatimizning c bajarilishiga oid dastlabki ma’ruzasi 2023 yil 28 iyulga qadar BMTning tegishli Qo‘mitasiga taqdim etilishi ko‘zda tutilgan.
O‘zbekistonda nogironligi bo‘lgan shaxslarga jamiyat va davlat tomonidan ko‘mak va yordam berish, ularni ijtimoiy-siyosiy hayotga faol jalb etishga qaratilgan keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Hozirgi vaqtda ushbu toifaga mansub fuqarolarni qo‘llab-quvvatlashga ixtisoslashgan bir qator tuzilmalar, xususan, O‘zbekiston nogironlar jamiyati, Nogironlar assotsiatsiyasi, Ko‘zi ojizlar jamiyati, Karlar jamiyati samarali faoliyat ko‘rsatmoqda.
Nogironligi bor fuqarolarning huquq va manfaatlarini ta’minlash, mehnat va turmush sharoitlarini yaxshilash maqsadida keyingi yillarda mamlakatimizda bir qator qonunlar hamda 25 dan ortiq boshqa me’yoriy-huquqiy hujjatlar qabul qilinib, mustahkam qonuniy baza yaratildi.[4]
Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasining 66-maqsadi: “Nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlashning samarali tizimini shakllantirish, ularning hayot sifati va darajasini oshirish” deb nomlanadi. Ayni vaqtda ushbu dasturilamal hujjatda belgilab berilgan ustuvor vazifalar hayotimizga chuqur tatbiq etilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 28 fevraldagi Farmoni bilan tasdiqlangan 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturida ham nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun bir qator qo‘shimcha kafolatlar belgilandi. Jumladan, bundan buyon nogironlik idoralararo elektron ma’lumotlar almashinuvi asosida, fuqarolarning ishtirokisiz belgilanadi. Jahon standartlari asosida nogironlikni belgilash hamda ular uchun qulay formatlardagi axborot texnologiyalaridan, imo-ishora tilidan hamda muloqotning boshqa muqobil shakllaridan foydalanish imkoniyatlari yaratiladi. Shu ma’noda, BMT Barqaror rivojlanish maqsadlarining “Hech kimni ortda qoldirmang” tamoyiliga hamohang kechayotgan ayni jarayonla kuni kecha yangi, yanada yuksak bosqichga ko‘tarildi. Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya ijrosi bilan o‘zaro uyg‘un holda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 27 fevralda matbuotda e’lon qilingan “Nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bu borada ulkan ahamiyat kasb etganini e’tirof etish o‘rinlidir.
Prezidentimiz qarorida nogironligi bo‘lgan shaxslar o‘z huquqlaridan foydalanishlari asnosida duch keladigan byurokratiya va ortiqcha qog‘ozbozlik holatlariga barham berish borasida ham ta’sirchan choralar belgilangan. Bunda, avvalambor, birinchi va ikkinchi guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar, nogironligi bo‘lgan bolalar hamda ularga g‘amxo‘rlik qiluvchi fuqarolarga davlat idoralari va tashkilotlari tomonidan ko‘rsatiladigan davlat xizmatlaridan navbatsiz foydalanish hamda davlat idoralari rahbarlari va mansabdor shaxslari qabuliga navbatsiz kirish bo‘yicha imtiyozlar berish nazardan tutilganini qayd etish darkor. Shuningdek, 2023 yil 1 sentyabrdan boshlab protez-ortopediya moslamalari va reabilitatsiya qilishning texnik vositalari bilan ta’minlashda nogironligi bo‘lgan shaxslardan tibbiy xulosa talab qilish bekor qilinmoqda. Sodda qilib aytganda, bunday tibbiy xulosaning mavjudligi mas’ul idoralar tomonidan elektron ma’lumot almashinuvi orqali aniqlanadi.
Bundan tashqari, pediatriya tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalari tomonidan bolalarning nogironligi bo‘lgan shaxs deb topilishi asosli ekanligini aniqlash maqsadida ularni Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi tuman yo shahar bo‘limlarining yo‘llanmasiga asosan qaytadan tibbiy-ijtimoiy ekspertizaga yuborish tartibi bekor qilinmoqda.
Qarorning yana bir muhim jihati: 2023 yil 1 iyulga qadar nogironligi bo‘lgan muhtoj shaxslar ta’minlanadigan protez-ortopediya moslamalari va reabilitatsiya qilishning texnik vositalari ro‘yxati kengaytirilmoqda. Binobarin, hozirga qadar nogironligi bo‘lgan muhtoj shaxslar doimiy ravishda 8 turdagi protez-ortopediya va 10 turdagi reabilitatsiya vositalari bilan ta’minlab kelinayotgani hisobga olinsa, Hukumatning tegishli qarori asosida ushbu raqamlar miqyosi yanada ortadi.
Davlat rahbari tomonidan nogironligi bo‘lgan bolalarning huquq va manfaatlarini ta’minlashga jiddiy e’tibor qaratilgani alohida diqqatga sazovor. Qaror talabiga ko‘ra, 2023 yil 1 maydan boshlab tibbiyot muassasalarida davolanayotgan nogironligi bo‘lgan bolaga g‘amxo‘rlik qilish uchun shu muassasada uning otasi yoki onasiga yo ularning o‘rnini bosuvchi shaxsga yoxud oilaning bolani bevosita parvarishlayotgan boshqa a’zosiga nogironligi bo‘lgan bolaning yonida birga bo‘lish uchun sharoit yaratiladi.
Qarorga muvofiq, nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqiy kafolatlarini mustahkamlash va ularga yuridik yordam ko‘rsatish tizimi takomillashtiriladi. Bu haqda so‘z borganda, albatta, fuqarolarga yuridik yordam ko‘rsatish jarayonlarini raqamlashtirish, advokatura sohasini sudlar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamda boshqa davlat organlari faoliyati bilan integratsiya qilishni nazarda tutuvchi “Yuridik yordam” axborot tizimi ishga tushirilganligini ta’kidlash maqsadga muvofiqdir. Ayni chog‘da, qarorda nogironligi bo‘lgan shaxslarning ixtiyoriy bepul yordam olishlariga (pro bono) ko‘maklashish uchun “Yuridik yordam” axborot tizimida advokatlik tuzilmalari va advokatlar foydalanishi uchun ochiq bo‘lgan nogironligi bo‘lgan shaxslarning murojaatlari bo‘limi yaratilishi ko‘zda tutilgan.
Prezident qarorida tegishli vazirlik va tashkilotlarga nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun mavjud imtiyozlarning yagona ro‘yxatini shakllantirish va doimiy yangilab borishga doir vazifa ham yuklangan. Bunda imtiyozlarning yagona ro‘yxatini Adliya vazirligining “Advice.uz” huquqiy axborot portalida e’lon qilib, Internet tarmog‘i orqali doimiy yoritib borish ko‘zda tutilmoqda.
Tabiiyki, nogironligi bo‘lgan shaxslar bilan ishlovchi pedagoglar soni va salohiyatini oshirish ham dolzarb va mas’uliyatli masalalar sirasiga kiradi. Shu maqsadda 2023/2024 o‘quv yilidan boshlab “Maxsus pedagogika, defektologiya” magistratura mutaxassisligi bo‘yicha oliy o‘quv yurtlariga qabul davlat granti asosida amalga oshiriladi.
Qaror bilan “Nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar rejasi” tasdiqlandi. Reja 14 ta tashkiliy-huquqiy chora-tadbirdan iborat bo‘lib, ijro muddatlari va mas’ul ijrochilar aniq ko‘rsatilgan[5].
Xulosa. Xulosa qilib aytganda, Prezident qarorini bajarishga mas’ul tegishli vazirliklar va manfaatdor tashkilotlar, shu jumladan, ushbu huquqiy hujjatning ishlab chiqilishi tashabbuskorlaridan hisoblanuvchi Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi oldida ko‘plab xayrli va mas’uliyatli ishlar turibdi. Chunki davlatimiz rahbari ta’kidlaganlaridek, “Har qanday jamiyatning madaniyat darajasi, bag‘rikenglik va mehribonlik xususiyatlari imkoniyati cheklangan, nogironligi bo‘lgan, boquvchisini yo‘qotgan shaxslar va keksa avlod vakillariga munosabati bilan belgilanadi”.
References
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi. (2023, Mart 3). Xalq so‘zi, 44-son.
Maqsudova, N. A. (2016). Imkoniyati cheklangan oʻsmirlarni ijtimoiy hayotga tayyorlashning pedagogik asoslari [Dissertatsiya].
Nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida. (2023, Fevral 27). O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori.
Nogironligi bo‘lgan shaxslarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning bandligiga ko‘maklashish hamda ijtimoiy faolligini yanada oshirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida. (2021, Dekabr 22). O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori.
Nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida. (2023, Fevral 27). O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori.
Published
Downloads
How to Cite
Issue
Section
License
Copyright (c) 2025 Шодиёна Боллиева

This work is licensed under a Creative Commons Attribution 4.0 International License.
