The Socio-Cultural Origins of Cursing Expressions

Authors

  • Uzbek state world languages university
Социокультурное происхождение слов проклятий

Abstract

This article investigates the historical and cultural roots of imprecations, tracing their evolution from the religious, political, and mythological frameworks of ancient civilizations such as Mesopotamia, Egypt, and Greece to their modern manifestations in Uzbek, Russian, and English-speaking societies. Far from being merely spontaneous linguistic expressions of anger, frustration, or vengeance, imprecations are examined as deeply embedded discursive tools that have historically served as mechanisms of social control, moral enforcement, and even divine justice. Drawing from a wide array of mythological, religious, and folkloric sources, the study explores how curses operate within collective memory and cultural identity, often reflecting broader structures of power, belief, and tradition. Through anthropological and sociolinguistic perspectives, the paper reveals the performative and symbolic functions of imprecations in both historical and contemporary contexts, illustrating their adaptability to shifting communicative norms while preserving their connection to emotion, resistance, identity, and social cohesion. Curses remain culturally meaningful, potent, and ideologically charged expressions across time.

Keywords:

Imprecations curse speech oral tradition mythology sociolinguistics social sanctions moral control linguistic anthropology

Kirish

Til insoniyat sivilizatsiyasining eng murakkab va ko‘p qatlamli ijtimoiy hodisalaridan biridir. U nafaqat aloqa va axborot almashinuvi vositasi, balki ong, e’tiqod, madaniyat va hokimiyatni aks ettiruvchi ijtimoiy tuzilma sifatida namoyon bo‘ladi (Foucault, 1980). Har bir til birliklari, xususan, normativ chegara ostida qolgan yoki chetda turgan nutq aktlari – jumladan, qarg‘ishlar – o‘z jamiyatining ijtimoiy ongi, qadriyatlari va tarixi haqida chuqur ma’lumot beradi (Butler, 1997; Gulomova, 2023).

Qarg‘ishlar ko‘pincha jamiyatda marginal yoki normadan og‘ish sifatida ko‘rilsa-da, ularning mavjudligi, shakllari va ishlatilish kontekstlari aslida jamiyatdagi ijtimoiy tuzumlar, kuch munosabatlari va axloqiy normalarning til orqali qanday nazorat qilinishini ochib beradi (Foucault, 1980; Ivanits, 1989).

Tarixan qarg‘ishlar nafaqat shaxsiy g‘azab yoki alahsirashning ifodasi, balki rasmiy hokimiyat, diniy marosimlar va jamoaviy axloqiy tartibni mustahkamlovchi vosita bo‘lgan (Teeter, 2011; Dalley, 1991). Masalan, qadimgi Mesopotamiyada “Curse of Agade” (Dalley, 1991) kabi eposlarda shahar hokimi tomonidan dushmanlarga qarshi qarg‘ishlar yog‘dirilishi diniy-siyosiy institutlar tomonidan legitimlashtirilgan og‘zaki jazo shakli sifatida ishlatilgan. Xuddi shunday, qadimgi Misrda “Execration texts” (Teeter, 2011) deb ataluvchi diniy matnlar dushman nomlari bilan to‘ldirilgan idishlarga solinib, marosimiy tarzda sindirilgan – bu orqali qarg‘ishlar og‘zaki sehr, diniy ishonch va jamoaviy jazolash mexanizmlarini birlashtirgan kuchli akt sifatida ishlatilgan.

Bunday holatlar shuni ko‘rsatadiki, qadimgi jamiyatlarda so‘z – ayniqsa qarg‘ish – rasmiy hokimiyat vositasiga aylangan nutqiy performans bo‘lgan (Foucault, 1980). Bundan tashqari, qarg‘ishlarning mifologik asoslari ham ularning ijtimoiy rolini yanada kuchaytirgan. Yunon mifologiyasida xudolar (Zeus, Hera, Afina) tomonidan aytilgan qarg‘ishlar (Luck, 2006), slavyan mifologiyasidagi jinlar (Domovoy, Kikimora) orqali amalga oshirilgan la’natlar (Ivanits, 1989), yoki o‘zbek xalq og‘zaki ijodida Alvasti va Yalmog‘iz (Propp, 1968) kabi obrazlar bilan bog‘liq iboralar – bularning barchasi so‘zning sehrli, jazolovchi va tartib o‘rnatuvchi kuchiga bo‘lgan ishonchni aks ettiradi.

Ayniqsa, ayollar tomonidan aytilgan qarg‘ishlar – masalan, “Ko‘nglingda yomonlik bo‘lsa, o‘z boshinga urilsin” kabi iboralar – og‘zaki nazoratning, axloqiy regulyatsiyaning va jamoviy jazolashning muhim shakli bo‘lgan (Butler, 1997). Zamonaviy sotsiolingvistikada qarg‘ishlar shunchaki “yomon so‘zlar” emas, balki kuch, identitet, jins va jamiyat o‘rtasidagi murakkab diskursiv maydonga oid ifodalar sifatida qaraladi (Foucault, 1980; Butler, 1997). Judith Butlerning performativlik nazariyasi asosida qarg‘ishlar jinsiy roldagi ekspressiyani, Michel Foucault tahlil qilganidek, hokimiyat va senzura o‘rtasidagi diskursiv nizolarni bildiradi (Butler, 1997; Foucault, 1980).

Ayniqsa, ayollar nutqida uchraydigan “bolamga yomonlik tilaganing o‘ziga aylansin” kabi iboralar, nafaqat emotsional ekspressiya, balki ijtimoiy-hokimiy pozitsiyaning bayoni hamdir (Gulomova, 2023). Bunday qarg‘ishlar orqali ayol kishi, ayniqsa ona, ma’naviy kuchga ega subyektga aylanadi – bu esa o‘z navbatida og‘zaki hokimiyat konsepsiyasi shakllanishining til orqali namoyon bo‘lishidir.

Tadqiqot usullari

Ushbu tadqiqotda sifat (qualitative) yondashuv asos qilib olindi. Qarg‘ish fenomeni o‘z mohiyati bilan chuqur semantik va kontekstual qatlamlarga ega bo‘lgan ijtimoiy-til hodisasi bo‘lganligi sababli, u faqat statistik yoki miqdoriy ko‘rsatkichlar bilan emas, balki madaniy, tarixiy va diskursiv kontekstlarda holistik yondashuv orqali tahlil qilindi (Finnegan, 1970; Gulomova, 2023). Sifat metodlari orqali qadimgi va zamonaviy jamiyatlarda qarg‘ishlarning funktsional yuklamasi, ularning ijtimoiy rol va ma’nodagi o‘zgarishlari aniqlashtirildi.

Tadqiqotda asosan quyidagi uchta sifatli metodologik yondashuvdan foydalanildi:

Tarixiy-solishtirma tahlil

Bu metod yordamida qadimgi yozma manbalar – xususan, miloddan avvalgi Mesopotamiya (“Curse of Agade”) (Dalley, 1991), Misr (“Execration Texts”) (Teeter, 2011), Gretsiya (Prometey va Meduza afsonalari) (Luck, 2006), yahudiy diniy matnlari (“Levitlar kitobi”) (The Holy Bible, 1978), shuningdek, o‘zbek va slavyan og‘zaki ijodi (“Qissai Rabg‘uziy”, “Dede Korkut”, rus xalq marosimlari) (Propp, 1968; Ivanits, 1989) o‘rganildi. Bu manbalar o‘zaro madaniy va ijtimoiy kontekstda taqqoslanib, qarg‘ishlarning mifologik va diniy asoslari aniqlashtirildi. Shuningdek, har bir madaniyatda qarg‘ishning qanday ijtimoiy institutlar – hokimiyat, din, oilaviy tartib – bilan aloqador bo‘lganligi tarixiy evolyutsiya orqali ochib berildi.

Diskursiv tahlil

Qarg‘ishlar ijtimoiy hokimiyat, jinsiy tengsizlik, madaniy kodlar va kuch munosabatlari bilan bevosita bog‘liq nutq akti sifatida tahlil qilindi. Foucault (1980) tomonidan ishlab chiqilgan hokimiyat va til o‘rtasidagi aloqadorlik nazariyasiga tayangan holda, qarg‘ishlar orqali ijtimoiy nazoratning qanday amalga oshirilgani ko‘rsatildi. Judith Butler (1997) tomonidan ilgari surilgan performativlik nazariyasi asosida esa qarg‘ishlarning jinsi, emotsional kuchi va jamoviy sanksiya shakllariga aylanishi tahlil qilindi. Nutqdagi qarg‘ishlar shunchaki hissiy portlash emas, balki ijtimoiy tuzumlar doirasidagi hokimiyat aloqalarining diskursiv ifodasi sifatida baholandi.

Etnosemantik va og‘zaki madaniyat tahlili

Qarg‘ish iboralari tildagi milliy obrazlar, qadriyatlar va e’tiqodlar bilan bevosita bog‘liqligi sababli, ularning semantik maydoni etnosemantik tahlil orqali o‘rganildi (Finnegan, 1970). O‘zbek, rus va ingliz tillarida ishlatilgan qadimiy va zamonaviy qarg‘ish iboralari semantik jihatdan tahlil qilinib, ularning metaforik tuzilishi, adresatga nisbatan yo‘naltirilganligi, marosimiylik darajasi va ijtimoiy vazifalari aniqlashtirildi. Shuningdek, folklor materiallari orqali bu iboralarning qadimiy ildizlari va og‘zaki ijoddagi ekspressiv kuchi ochib berildi (Propp, 1968; Ivanits, 1989; Gulomova, 2023).

Muhokama

Tadqiqot davomida olingan natijalar qarg‘ish fenomenining nafaqat emotsional ifoda shakli, balki ijtimoiy, madaniy va hokimiyatga oid murakkab hodisa ekanini tasdiqladi (Gulomova, 2023). Qarg‘ishlar har doim ham “normadan chetga chiqqan” yoki “tajovuzkor” nutq aktlari sifatida emas, balki jamiyatda kuch muvozanatini ifodalovchi, axloqiy chegaralarni belgilovchi va marosimiy nutqning tarkibiy qismi sifatida namoyon bo‘ladi (Foucault, 1980; Butler, 1997).

Tahlil qilinayotgan turli madaniyatlar – qadimgi Mesopotamiya, Misr, Yunoniston, Slavyan, yahudiylik va turkiy dunyo – qarg‘ishlar orqali o‘zining ijtimoiy tuzilmasini muvofiqlashtirishga uringanini ko‘rsatadi (Dalley, 1991; Teeter, 2011; Luck, 2006; Ivanits, 1989). Ayniqsa, qadimgi jamiyatlarda qarg‘ishlar shaxsiy darajadagi ifodadan ko‘ra, marosimiy va kollektiv institutga aylangan: hokimlar, ruhoniylar va shamanlar tomonidan aytilgan qarg‘ishlar diniy va siyosiy hokimiyatning og‘zaki sanksiyasi sifatida ishlatilgan (Teeter, 2011).

Judith Butler (1997) tomonidan ilgari surilgan jins va nutqning performativ tabiati haqidagi nazariyadan kelib chiqqan holda, qarg‘ishlar jinsiy roldagi hokimiyat ifodasi sifatida ko‘riladi. Ayniqsa ayollar og‘zidan chiqqan qarg‘ishlar – bolaga, erga yoki jamoa a’zolariga nisbatan aytilgan – ayol subyektining axloqiy va marosimiy hokimiyatga egaligini ifodalaydi (Gulomova, 2023). Bu hodisa o‘zbek va rus madaniyatida yaqqol ko‘zga tashlanadi. “Ona qarg‘ishi bolani yondiradi” degan naql yoki “Мать твою” kabi ruscha qarg‘ishlar jins va tanaga oid kuchli semantik yuklama orqali kuch va g‘azabni jamiyatga aks ettiradi (Ivanits, 1989).

Foucault (1980) tahlil qilganidek, qarg‘ishlar diskursiv kuch orqali ijtimoiy senzura va hokimiyat o‘rtasidagi ziddiyatli maydonni ifodalaydi. Qarg‘ishlar senzura ostida bo‘lsa-da, aynan ularning taqiqlanganligi ularni kuchliroq qiladi. Zamonaviy jamiyatda bu iboralar ommaviy axborot vositalarida, ijtimoiy tarmoqlarda va musiqiy janrlarda – ayniqsa rap, stand-up va teatrda – stilistik vosita sifatida ishlatiladi (Gulomova, 2023). Bu esa qarg‘ishlarning zamonaviy stilizatsiyasi orqali sinfiy, jinsiy va emotsional farqlilikni ifodalovchi vositaga aylanishini ko‘rsatadi.

Shuningdek, tahlil shuni ko‘rsatadiki, og‘zaki madaniyatda qarg‘ishlar axloqiy normalarni mustahkamlovchi regulyator rolini o‘ynaydi (Finnegan, 1970). Ular ogohlantiradi, jazolaydi, qo‘rqitadi, hatto ijtimoiy islohot qilishga da’vat etadi. Masalan, ibtidoiy jamiyatlarda aytilgan “Urugʻing qurisin” yoki “Uying kuysin” kabi iboralar nafaqat jazoni bildirgan, balki jamiyat tomonidan ma’qullanmagan xatti-harakatga qarshi kollektiv bosim vositasiga aylangan (Propp, 1968; Ivanits, 1989). Bu antropologik jihatdan qarg‘ishlarning ijtimoiy chegarani himoya qiluvchi mexanizm sifatida ishlatilganini ko‘rsatadi.

Sotsiologik tahlil esa qarg‘ishlarning sinfiy va jinsiy ierarxiyalar bilan qanday uzviy bog‘liq ekanini ochib beradi. Masalan, rus va ingliz madaniyatida past tabaqalardagi guruhlar o‘z noroziligini qarg‘ish orqali bildirgan; ba’zan bu ifodalar siyosiy norozilik tiliga aylangan (Ivanits, 1989). Mayakovskiy, Yesenin kabi rus yozuvchilari bu iboralarni badiiy ekspressiyaga aylantirgan; zamonaviy ingliz madaniyatida esa “damn you” yoki “go to hell” kabi iboralar ijtimoiy norozilik yoki isyonkor ruhning nutqiy aksi sifatida yashab qolgan (Gulomova, 2023).

Ko‘rib chiqilgan materiallar asosida aytish mumkinki, qarg‘ishlar ijtimoiy ong, axloqiy tafakkur va madaniy muvozanatni belgilovchi asosiy nutqiy mexanizmlardan biridir (Foucault, 1980; Butler, 1997; Gulomova, 2023). Ular ijtimoiy voqelikni og‘zaki sehr, mifologik kod va axloqiy sanksiyalar orqali nazorat qilish, muvofiqlashtirish va ba’zan isloh qilish vositasi sifatida ishlatilgan.

Tadqiqot natijalari

Tadqiqot natijalari qarg‘ishlarning turli madaniyatlarda nafaqat til birliklari, balki ijtimoiy tuzilma, axloqiy me’yor va madaniy ongning refleksiyasi sifatida shakllanganligini yaqqol namoyon qildi (Gulomova, 2023). Ushbu hodisaning tarixiy qatlamlari, marosimiy xususiyatlari va zamonaviy ekspressiv vazifalari quyidagi asosiy yo‘nalishlarda tahlil qilindi:

Mesopotamiya va Misr madaniyatlarida qarg‘ishlar ijtimoiy-huquqiy sanksiyaning nutqiy shakli sifatida ishlatilgan. “Curse of Agade” akad eposida shahar hokimi dushmanlariga qarg‘ish yog‘dirishi orqali til orqali jazolash marosimi bajarilgan (Dalley, 1991). Misrda esa “Execration texts” papiruslariga yozilgan la’natlar idishlarga solinib sindirilgan – bu esa jismoniy harakat bilan og‘zaki sehrning uyg‘unligini bildirgan (Teeter, 2011). Bu hodisalar so‘zning rasmiy, marosimiy va hokimiyat vositasi sifatidagi maqomini tasdiqlaydi (Foucault, 1980).

Qadimgi yunon mifologiyasida xudolarning (Zeus, Hera, Hades) qarg‘ishlari insonlarga nisbatan abadiy jazoni keltirgan (Luck, 2006). Bu esa qarg‘ishlar orqali ilohiy adolat, axloq va jazoni asoslashning og‘zaki-mifologik shakli mavjud bo‘lganini ko‘rsatadi. Xuddi shunday, slavyan mifologiyasida jinlar va uy ruhlari orqali aytilgan ogohlantiruvchi qarg‘ishlar axloqiy buzilishlarga javob sifatida shakllangan (Ivanits, 1989). O‘zbek mifologiyasida “Alvasti” va “Dev” obrazlari orqali ifodalangan qarg‘ishlar ayniqsa ayollar og‘zidan chiqqan sanksiya shakli bo‘lib, axloqiy nazorat va oilaviy ijtimoiylashuvni ko‘zlagan (Propp, 1968; Gulomova, 2023).

Yahudiylikdagi “Tanax” va “Levitlar kitobi”da qarg‘ishlar diniy jazolovchi formulalar sifatida normallashtirilgan. Bunday formulalar orqali gunohkorlar “naslsiz qolish”, “yeridan badarg‘a qilinishi” kabi ijtimoiy jazolarga uchratilgan (The Holy Bible, 1978). Bu esa qarg‘ishning diniy va huquqiy sanksiya shakli bo‘lganligini ko‘rsatadi. Boshqa tomondan, Afrika xalqlarida – xususan, Ibo jamiyatida – katta yoshli ayol yoki shaman jamiyat nomidan aytgan qarg‘ish ijtimoiy tartibni tiklash va axloqiy chegaralarni himoya qilish vazifasini bajargan (Finnegan, 1970).

O‘zbek, rus va ingliz tillarida og‘zaki ijodda uchraydigan “Ko‘zing ko‘r bo‘lsin”, “Boshingga yetsin”, “damn you”, “чтоб ты сдох” kabi iboralar shunchaki nafrat emas, balki marosimiy va sanksiyaviy kuchga ega ekspressiv formulalardir (Gulomova, 2023; Ivanits, 1989). Ular bolaning tarbiyasi, jamoa ichida tartib, yoki dushmanga ijtimoiy “jazoni” uzatish vositasi sifatida ishlatilgan. Ayniqsa o‘zbek tilida “Ona qarg‘ishi bolani yondiradi” degan maqol nafaqat emotsional ta’sirni, balki ijtimoiy strukturadagi onaning marosimiy hokimiyatini ifodalaydi (Butler, 1997).

Bugungi zamonda qarg‘ishlar ommaviy madaniyatda (rap musiqasi, kinodialoglar, internet memlari) stilistik vositaga aylangan. Ingliz tilidagi “bloody hell”, “go to the devil”, “God damn it” kabi iboralar tarixan diniy jazoni bildirgan bo‘lsa-da, bugun ular stilistik ohang va sinfiy emotsional ekspressiyaning belgisi sifatida ishlatilmoqda (Gulomova, 2023). Rus tilidagi “мать твою”, “выродок” kabi iboralar esa senzura ostida bo‘lishiga qaramay, ijtimoiy g‘azab va norozilik kodlarini saqlab qolmoqda (Ivanits, 1989; Foucault, 1980).

Xulosa

Yuqoridagi tahlillar asosida aniq ko‘rinadiki, qarg‘ishlar oddiy so‘z akti yoki hissiy portlashdan ko‘ra ancha murakkab, ko‘p qatlamli va ko‘p funksiyali til hodisasidir (Butler, 1997; Foucault, 1980; Gulomova, 2023). Ular o‘zining tarixiy shakllanish jarayonida marosimiy hokimiyat, diniy jazo, mifologik sehr, axloqiy sanksiya va ijtimoiy nazorat vositasi sifatida ishlatilgan. Har bir madaniyatda qarg‘ishlar o‘ziga xos diskursiv struktura va semantik yuklamaga ega bo‘lib, ularning shakli, ishlatilish konteksti va sotsial ma’nosi jamiyatdagi ijtimoiy tuzum va e’tiqodlar bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan (Dalley, 1991; Teeter, 2011; Luck, 2006).

Qadimgi Mesopotamiya va Misrda qarg‘ishlar hokimiyat va din vakillari tomonidan marosimiy tarzda ifodalanib, dushmanlarga nisbatan real ijtimoiy ta’sir ko‘rsatgan (Dalley, 1991; Teeter, 2011). Yunon va slavyan mifologiyalarida ular xudolar, jinlar yoki tabiat kuchlari orqali jazo mexanizmiga aylangan (Luck, 2006; Ivanits, 1989). Yahudiy diniy matnlarida qarg‘ishlar qonuniy sanksiya vositasi sifatida kodlangan (The Holy Bible, 1978). O‘zbek va rus og‘zaki ijodida esa ular axloqiy ogohlantirish, emotsional nazorat va jamoviy axborot almashuv shakli sifatida shakllangan (Propp, 1968; Gulomova, 2023).

Sotsiolingvistik yondashuv bu hodisaning performativ va diskursiv mohiyatini ochib berdi. Judith Butler (1997) nazariyasiga tayanib, qarg‘ishlar jinsiy rol va ijtimoiy subyektivlikni yaratuvchi vosita sifatida baholandi. Michel Foucault (1980) tahliliga ko‘ra esa, qarg‘ishlar senzura va hokimiyat o‘rtasidagi ixtilofli maydonning til orqali ifodasidir. Ushbu nazariy yondashuvlar qarg‘ishlarni kuch, norma, jazo va ijtimoiy ong bilan uzviy bog‘liq hodisa sifatida talqin qilish imkonini berdi (Butler, 1997; Foucault, 1980; Gulomova, 2023).

Zamonaviy tilshunoslikda qarg‘ishlar senzura ostida bo‘lsa-da, ularning stilistik, emotsional va madaniy kuchi saqlanib qolgan (Ivanits, 1989). Ayniqsa, pop-madaniyat, ijtimoiy tarmoqlar va og‘zaki nutqda ular kommunikativ ekspressiyaning muhim shakliga aylangan. Bu holat shuni ko‘rsatadiki, qarg‘ishlar tarixiy o‘zgarishlarga qaramay, o‘z ildizlaridan uzilmagan holda yangi kontekstlarga moslashgan (Gulomova, 2023).

Ushbu tadqiqot o‘zbek, rus va ingliz til madaniyatlaridagi qarg‘ishlarning tarixiy, semantik va funksional jihatlarini qamrab olib, ularni jamiyatdagi axloqiy regulyatsiya, hokimiyat ifodasi va kollektiv xotiraning og‘zaki shakli sifatida tahlil qiladi. Shu sababli, qarg‘ishlar tilshunoslik, sotsiologiya, antropologiya va madaniyatshunoslik kesishmasida o‘rganilishi lozim bo‘lgan boy ilmiy obyekt hisoblanadi.

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, qarg‘ishlar insoniyat tarixining og‘zaki arxivi, jamiyatlarning ijtimoiy adolatga, hokimiyatga va axloqiy intizomga munosabatining lingvistik aksi sifatida tahlil etilishi zarur (Foucault, 1980; Gulomova, 2023). Ular til orqali ifodalangan madaniy ong, tarixiy xotira va ijtimoiy o‘zini anglashning yorqin ko‘zgusidir.

References

Butler, J. (1997). Excitable speech: A politics of the performative. Routledge.

Dalley, S. (1991). Myths from Mesopotamia: Creation, the Flood, Gilgamesh, and Others. Oxford University Press.

Finnegan, R. (1970). Oral literature in Africa. Oxford University Press.

Foucault, M. (1980). Power/knowledge: Selected interviews and other writings, 1972–1977. Pantheon Books.

Gulomova, R. (2023). Evolutionary history of cursing. Journal of Advanced Scientific Research, 3(12).

Ivanits, L. (1989). Russian folk belief. M.E. Sharpe.

Luck, G. (2006). Arcana Mundi: Magic and the occult in the Greek and Roman worlds. Johns Hopkins University Press.

Propp, V. (1968). Morphology of the folktale (2nd ed.). University of Texas Press.

Teeter, E. (2011). Religion and ritual in ancient Egypt. Cambridge University Press.

The Holy Bible, New International Version. (1978). Leviticus 20:9. Zondervan.

Published

Downloads

Author Biography

Rayxona G‘ulomova,
Uzbek state world languages university

Senior teacher

How to Cite

G‘ulomova, R. (2025). The Socio-Cultural Origins of Cursing Expressions. The Lingua Spectrum, 4(1), 1159–1164. Retrieved from https://lingvospektr.uz/index.php/lngsp/article/view/888