AI GA ASOSLANGAN VOSITALARNI TALABALARNING TIL KO‘NIKMALARINI TAKOMILLASHTIRISHDA AHAMIYATI

Authors

  • Nizomiy nomidagi O‘zbekiston milliy pedagogika universiteti
  • Nizomiy nomidagi O’zbekiston milliy pedagogika universiteti
AI GA ASOSLANGAN VOSITALARNI TALABALARNING TIL KO‘NIKMALARINI TAKOMILLASHTIRISHDA AHAMIYATI

Abstract

Ushbu maqolada AI asoslangan vositalar talabalarning til ko’nikmalarini takomillashtirishda o’ta dolzarb va muhim ahamiyatga egaligi ochib berishga harakat qilingan. Shuningdek, ushbu vositalar shaxsiylashtirilgan o’quv tajribasini ta’minlaydi, har bir talabaning individual ehtiyojlariga moslashgan materiallar va tezkor, aniq fikr-mulohazalar berishi ochib berilgan. Bundan tashqari, nutqni aniqlash texnologiyalari orqali talaffuzni takomillashtirish, interaktiv chatbotlar bilan muloqot qilish va yozma nutqni rivojlantirish imkoniyatlari til o’rganish jarayonini samarali va jozibador qiladi. Globallashgan va raqamli davrda bu vositalar mustaqil o’rganishni rag‘batlantirib, talabalarni ko’p tilli muhitga tayyorlashda ajralmas yordamchiga aylanyotgani ham hech kimga sir emas.

Keywords:

AI (Sun’iy intellekt) til ko’nikmalari talaba motivatsiya individual ta`lim.

Kirish. AI (Sun’iy intellekt) asoslangan vositalar talabalarning til ko’nikmalarini takomillashtirishda juda katta ahamiyatga ega. Ular an’anaviy o’qitish usullarini to’ldirib, o’quv jarayonini yanada samarali va qiziqarli qilishga yordam beradi. AI har bir talabaning o’quv tezligini, qiyinchiliklarini va kuchli tomonlarini aniqlay oladi. Shu asosda u talabaning ehtiyojlariga mos keladigan materiallar, mashqlar va vazifalarni taqdim etadi. Bu har bir talaba o’z darajasiga mos ravishda rivojlanishini ta’minlaydi. Bundan tashqari, til o’rganishda zaif bo’lgan joylar (masalan, grammatika, lug‘at, talaffuz) aniqlanadi va aynan shu sohalarga e'tibor qaratilgan mashqlar beriladi. O’yinlashtirilgan o’quv dasturlari (gamification) orqali til o’rganishni yanada qiziqarli va motivatsion qiladi. AI vositalari talabalarga o’z taraqqiyotini kuzatish, maqsadlar qo’yish va ularga erishishda yordam beradi. Bu esa mustaqil o’rganish motivatsiyasini oshiradi, shuningdek, talabalar xato qilishdan qo’rqmasdan, o’z tezligida o’rganishlari mumkin.

Mavzuning dolzarbligi. AI asoslangan vositalarning talabalarning til ko’nikmalarini takomillashtirishdagi ahamiyati hozirgi kunda juda dolzarb hisoblanadi. Bugungi globallashgan dunyoda turli xalqlar va madaniyatlar o’rtasidagi aloqalar har qachongidan ham mustahkam. Xalqaro savdo, turizm, ta’lim va ilm-fan sohalarida faol ishtirok etish uchun kamida bir, ko’pincha esa bir nechta chet tilini bilish zaruriyatga aylandi. AI vositalari bu talabni qondirishda samarali va tezkor yechim taklif qiladi. Shuningdek, COVID-19 pandemiyasi davrida masofaviy ta’lim butun dunyo bo’ylab keng tarqaldi va bu jarayon bugungi kunda ham davom etmoqda. AI asoslangan til o’rgatish platformalari masofadan turib ham yuqori sifatli va interaktiv til ta’limini ta’minlashda ajralmas vositaga aylandi. Ular jismoniy sinf xonasining cheklovlarini yengib, talabalarga istalgan vaqtda va istalgan joyda til o’rganish imkonini beradi.

An’anaviy sinf sharoitida o’qituvchining har bir talabaga individual yondashuvi cheklangan. Biroq, AI algoritmlari har bir talabaning o’ziga xos o’rganish uslubini, tezligini va zaif tomonlarini aniqlay oladi. Bu esa o’quv materiallari va mashqlarini talabaning shaxsiy ehtiyojlariga moslashtirish imkonini beradi va o’rganish samaradorligini keskin oshiradi. Hozirgi zamonda har bir shaxsga mos ta’lim muhim.

Tilni o’rganishda doimiy amaliyot juda muhim. AI chatbotlar va virtual suhbatdoshlar talabalarga 24/7 rejimida tilni amaliyot qilish imkonini beradi, bu esa o’qituvchining doimiy ishtirokisiz ham til ko’nikmalarini mustahkamlashga yordam beradi. AI asoslangan vositalarning til ko’nikmalarini takomillashtirishdagi ahamiyati nafaqat mavjud imkoniyatlar bilan, balki globallashuv, texnologik o’zgarishlar va shaxsiylashtirilgan ta’limga bo’lgan ortib borayotgan ehtiyoj bilan ham belgilanadi. Bu vositalar zamonaviy ta’limning ajralmas qismiga aylanib bormoqda va ularning dolzarbligi kelajakda yanada ortib borishi kutilmoqda.

Materiallar va tadqiqot usullari. AI-ga asoslangan vositalarni talabalarning til ko’nikmalarini takomillashtirishda katta salohiyatga ega, ammo ularning ta’siri bir vaqtning o’zida ham ijobiy, ham salbiy bo’lishi mumkin. Ularning har birining yozma nutq, og‘zaki nutq va grammatika ko’nikmalariga ta’sirini alohida ko’rib chiqamiz:

Ma`lumki, talabalar istalgan vaqtda va istalgan joyda amaliyot o’tkazishlari mumkin. Bu o’qituvchi bilan yuzma-yuz uchrashish imkoni bo’lmaganlar yoki qo’shimcha amaliyotga muhtojlar uchun juda foydali.Shuningdek, inson o’qituvchisidan farqli o’laroq, AI vositalari bir zumda tuzatishlar va tushuntirishlar beradi. Bu o’z o’zidan o’rganish jarayonini tezlashtiradi. Bundan tashqari, ba’zi vositalar foydalanuvchining individual kamchiliklarini aniqlab, shaxsiy o’rganish rejalarini taklif qiladi. Xatolardan qo’rqmasdan amaliyot o’tkazish imkoniyati talabalarning o’ziga ishonchini oshirishi mumkin, chunki sun`iy intellekt qilgan xatosi uchun o’quvchiga dakki bermaydi.

Yozma nutq ko’nikmalariga kelsak, xususan, Grammarly kabi vositalar ta’siri imlo, tinish belgilari va grammatik xatolarni avtomatik ravishda aniqlaydi va tuzatadi. Bu talabalarning yozma ishlarini sifatini oshiradi. Bu vositalar jumla tuzilishini, so’z tanlashni va umumiy yozish uslubini yaxshilash bo’yicha takliflar beradi, matnni aniqroq, ixchamroq qilishga yordam beradi. Sinonimlar va yaxshiroq so’z tanlash bo’yicha takliflar talabalarning lug‘at boyligini kengaytiradi.

ChatGPT kabi generativ AI vositalari insho, maqola yoki hisobot uchun g‘oyalar yaratish, hatto dastlabki qoralama matnlarini yozishda yordam berishi mumkin. ChatGPT yordamida talabalar turli uslublarda (rasmiy, norasmiy, ilmiy) matn yozishni mashq qilishlari yoki mavjud matnlarni tahlil qilishlari mumkin.

Ammo hozirgi texnologiyalar dunyosida AIga asoslangan vositalarni talabalarning til ko’nikmalarini takomillashtirishda salbiy ta’sirlar va xavflar ham mavjudligini inkor eta olmaymiz. Jumladan, talabalar AI vositalariga haddan tashqari ishonib, o’zlarining tahrirlash va tuzatish ko’nikmalarini rivojlantirmasliklari mumkin. Agar talabalar AI takliflarini shunchaki qabul qilib, ularning asosini tushunishga harakat qilmasalar, ularning til qoidalari bo’yicha chuqur tushunchalari rivojlanmaydi. ChatGPT kabi vositalardan to’liq matnlarni yaratish uchun foydalanish akademik halollikka jiddiy putur yetkazishi mumkin. Ushbu ta`sirga hozirgi kunda tez-tez duch kelayotganimiz hech kimga sir emas.

Doimiy ravishda AI takliflariga amal qilish o’quvchining o’ziga xos uslubi, o’z mustaqil fikrini yo’qotishiga olib kelishi mumkin. Ushbu vositalar mukammal emas va ba’zan noto’g‘ri takliflar berishi mumkin, bu esa talabalarni noto’g‘ri yo’lga olib borishi mumkin.

Sun`iy intellektga asoslangan vositalar ravonlikni oshiradi, muntazam amaliyot talabalarning nutq ravonligini va tabiiyroq gapirish qobiliyatini yaxshilaydi.AI bilan mashq qilish xuddi inson suhbatdoshi kabi xato qilishdan qo’rqmasdan erkinroq gapirishga imkon beradi. Xatolar uchun qo’rquvni kamaytirishga yordam beradi.Ammo bu bir vaqtning o’zida AI inson suhbatdoshi bilan bo’ladigan tabiiy suhbatni to’liq takrorlay olmaydi. Bu suhbat ko’nikmalari, masalan, savol berish, tushuntirish, so’rash, tana tili va noverbal ishoralarni rivojlantirishga to’sqinlik qiladi. U ma’lum bir kontekstdagi tushunmovchiliklarni inson kabi tushunib, tushuntira olmaydi.

AI vositalarining eng kuchli tomonlaridan biri - xatolarni tezkor aniqlash va tuzatish. Ular talabalar tomonidan tez-tez takrorlanadigan grammatik xatolarni aniqlab, ularni tuzatishni taklif qiladi, nafaqat xatoni tuzatish, balki nima uchun xato ekanligini va to’g‘ri qoida nima ekanligini tushuntirib berishi mumkin. Bu tushunchalarni chuqurlashtirishga yordam beradi. Takroriy xatolarning tuzatilishini ko’rish talabalarga qoidalarni o’zlashtirishga yordam beradi. Shuningdek, AI ba’zida matnning umumiy kontekstini to’liq tushunmasdan kontekstning noto’g‘ri talqin qilishi mumkin.

Pedagogik jihatdan yondashganda, Generativ AI ni ingliz tilini o’qitishda samaradorlikni oshirish uchun o’qituvchilar va talabalar quyidagi tavsiyalarga e'tibor berishlari kerak:

  • ChatGPT ni "hamkor" yoki "yordamchi" sifatida qabul qilish, tayyor javob beruvchi vosita sifatida emas. Masalan, birinchi qoralama matnni yaratish, g‘oyalarni rivojlantirish yoki o’z yozuvini tahrirlash uchun undan foydalanish kerak.
  • Talabalarni AI tomonidan yaratilgan matnlarni tanqidiy tahlil qilishga, ularni baholashga, tuzatishga va takomillashtirishga undash ularda tanqidiy fikrlashni rivojlantirish kerak.
  • Talabalarga aniq savol berishni o’rgatish zarur, chunki AI ning javob sifati unga beriladigan savolning qay darajada aniq bo’lishiga bog‘liq.
  • O’qituvchilar AI dan foydalanishning maqbul yo’llarini aniqlashi, talabalarni doimiy nazorat qilishi va ularga to’g‘ri yo’nalish berishi kerak. Qisqa qilib aytganda, o’qituvchi nazorati va ko’rsatmasi muhim hisoblanadi.
  • Integratsiyalashgan yondashuv, AI vositalarini an’anaviy o’qitish usullari bilan birgalikda, insoniy fikr-mulohazalar va og‘zaki muloqot bilan uyg‘unlashtirish zarur.

Biroq AI-ga asoslangan vositalarning to’liq samaradorligi uchun quyidagilarni hisobga olish kerak bo’ladi. Ilovalar insoniy o’zaro aloqani, o’qituvchining rahbarligini va haqiqiy muloqotni to’liq almashtira olmaydi. Ular til o’rganish strategiyasining bir qismi bo’lishi kerak. Shuningdek, talabalar nafaqat talaffuzga, balki nutq ravonligi, grammatik to’g‘rilik, lug‘at boyligi va muloqot strategiyalariga ham e'tibor qaratishlari kerak. Talabalar ilovalarga haddan tashqari tayanib qolsalar, inson o’qituvchilari yoki ona tili egalari bilan o’zaro aloqani cheklashi mumkin, bu esa ularning tabiiy muloqot qobiliyatlariga salbiy ta’sir ko’rsatadi. O’qituvchilar talabalarni bu ilovalardan samarali va tanqidiy foydalanishga yo’naltirishi, ularning cheklovlarini tushuntirishi va ularni insoniy muloqot amaliyotiga jalb etishi lozim. To’g‘ri qo’llanilganda, AI-ga asoslangan talaffuz ilovalari OTM talabalarining og‘zaki nutq ko’nikmalarini, xususan, talaffuzini sezilarli darajada yaxshilashda kuchli ittifoqchi bo’lib xizmat qilishi mumkin.

Xulosa. AI ga asoslangan vositalar talabalarning til ko’nikmalarini rivojlantirish uchun kuchli yordamchi bo’lishi mumkin. Ular tezkor fikr-mulohazalar, kengaygan amaliyot imkoniyatlari va shaxsiylashtirilgan o’rganishni taklif etadi. Biroq, ulardan foydalanishda muvozanatli va tanqidiy yondashuv juda muhim. Shundagina yangi biror narsani o’zlashtirishda ijobiy natijaga erishish mumkin bo’ladi. To’g‘ri foydalanilganda, bu vositalar talabalarning til o’rganish jarayonini sezilarli darajada yaxshilashi mumkin.

Xulosa qilib aytganda, generativ AI, agar to’g‘ri va mas'uliyatli ravishda ishlatilsa, ingliz tili talabalarining akademik yozish ko’nikmalarini sezilarli darajada yaxshilashda samarali bo’lishi mumkin. U g‘oyalar yaratish, tilni takomillashtirish va qayta yozish bo’yicha qimmatli yordam beradi. Ammo, agar undan noto’g‘ri, masalan, plagiat yoki tanqidiy fikrlashni cheklovchi tarzda foydalanilsa, u o’rganish jarayoniga putur yetkazishi va talabalarning mustaqil qobiliyatlarini rivojlantirishiga to’sqinlik qilishi mumkin. Samaradorlik kaliti – AI ni aqlli pedagogik vosita sifatida qo’llashda yotadi.

References

Mаmаtоvа, D. (2025). Sun’iy intellekt vositalaridan samarali foydalanishning ilmiy asoslari. Nordic_Press, 8(0008).

Habibjonovna, K. N. (2025). Chet tillarni o ‘qitishda sun’iy intellektdan foydalanishning tamoyillari va yondashuvlari. Hamkor konferensiyalar, 1(14), 557-561.

Ahmedovna, M. S. Ingliz tili ta’limida loyiha asosidagi o ‘qitishni integratsiya qilish: O‘zbekiston o ‘quvchilarida lug ‘at boyligi va motivatsiyani rivojlantirish tajribasi. Kasb-hunar ta’limi мундарижа, 131.

Xamdamov, A. N. Raqamli texnologiyalar asosida ta’lim jarayonini takomillashtirish. O ‘zbekiston respublikas oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, 5.

Published

Downloads

Author Biographies

Madina Abdumo‘min qizi RAXMATOVA,
Nizomiy nomidagi O‘zbekiston milliy pedagogika universiteti

tayanch doktoranti

Moxinur Temirboy qizi XOLBO’TAYEVA,
Nizomiy nomidagi O’zbekiston milliy pedagogika universiteti

tayanch doktoranti

How to Cite

RAXMATOVA, M. A. qizi, & XOLBO’TAYEVA, M. T. qizi. (2025). AI GA ASOSLANGAN VOSITALARNI TALABALARNING TIL KO‘NIKMALARINI TAKOMILLASHTIRISHDA AHAMIYATI. The Lingua Spectrum, 12(2), 229–232. Retrieved from https://lingvospektr.uz/index.php/lngsp/article/view/1252