MA’NAVIY-AXLOQIY TARBIYANI RAQAMLI TEXNOLOGIYALAR ORQALI QO‘LLAB-QUVVATLASH: BOSHLANG‘ICH TA’LIMDA KANADA VA O‘ZBEKISTON TAJRIBASINING TAQQOSLANISHI

Authors

  • O'zbekiston davlat jahon tillari universiteti
MA’NAVIY-AXLOQIY TARBIYANI RAQAMLI TEXNOLOGIYALAR ORQALI QO‘LLAB-QUVVATLASH: BOSHLANG‘ICH TA’LIMDA KANADA VA O‘ZBEKISTON TAJRIBASINING TAQQOSLANISHI

Abstract

Maqolada boshlang‘ich ta’limda ma’naviy-axloqiy tarbiyani raqamli texnologiyalar orqali shakllantirish masalasi O‘zbekiston va Kanada ta’lim tizimlari misolida tahlil qilingan. Raqamli transformatsiya jarayonlari kuchaygan bir davrda kichik yoshdagi o‘quvchilarning raqamli muhitda mas’uliyatli va axloqiy xulq-atvorni egallashi muhim ahamiyat kasb etadi. Tadqiqot davomida O‘zbekistonning “Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonuni, “Raqamli O‘zbekiston – 2030” strategiyasi va maktab ta’limini rivojlantirish milliy dasturlari mazkur sohada normativ asos yaratib berayotgani aniqlangan. Kanada tajribasi esa raqamli texnologiyalarni media savodxonlik, demokratik qadriyatlar, onlayn xavfsizlik va global fuqarolik bilan integratsiya qilishga asoslanadi. Taqqoslash natijalari raqamli vositalar orqali tarbiyaviy mazmunni interaktiv, vizual va tahliliy shakllarda yetkazish o‘quvchilarda empatiya, mas’uliyat, tanqidiy fikrlash va ijtimoiy faollikni rivojlantirishini ko‘rsatdi. Shu bilan birga, infratuzilma tafovutlari, kontent sifati va pedagoglarning AKT kompetensiyasi jarayon samaradorligiga ta’sir qilishi aniqlandi. Tadqiqot yakunida raqamli axloqiy tarbiyaning besh asosiy tamoyili – integrallik, balans, nazorat, inklyuzivlik va qadriyatga yo‘naltirilgan yondashuv – ishlab chiqildi.

Keywords:

raqamli texnologiyalar ma’naviy-axloqiy tarbiya boshlang‘ich ta’lim raqamli fuqarolik media savodxonlik O‘zbekiston tajribasi Kanada ta’lim tizimi axloqiy kompetensiyalar.

KIRISH. Zamonaviy ta’limda ma’naviy-axloqiy tarbiya bolani har tomonlama rivojlantirishning strategik omili sifatida qaralmoqda. Raqamli transformatsiya jarayonlari tezlashgani sari boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining raqamli muhitda to‘g‘ri va mas’uliyatli xulq-atvor ko‘nikmalarini shakllantirish zaruriyati ortmoqda. Aynan boshlang‘ich bosqichda shaxsning qadriyatlar tizimi, norma va me’yorlari barqarorlashadi.

O‘zbekistonning “Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonuni, “Raqamli O‘zbekiston – 2030” strategiyasi va maktab ta’limini rivojlantirish bo‘yicha davlat dasturlarida raqamli texnologiyalarni tarbiyaviy jarayonga integratsiya qilish muhim vazifa sifatida belgilangan. Biroq amaliyotda multimedia platformalar ko‘proq bilim yetkazishga yo‘naltirilgan bo‘lib, axloqiy mazmun yetarlicha tizimlashtirilmagan, o‘qituvchilarning metodik tayyorgarligi ham bir xil emas. UNICEF tahlillarida AKT infratuzilmasi kengaygani, ammo media savodxonlik va raqamli fuqarolik bo‘yicha izchil dasturlar yetishmayotgani qayd etiladi (Ribble, M., 2015).

Kanadada raqamli texnologiyalar demokratik qadriyatlar, media savodxonlik, raqamli odob va global fuqarolik tushunchalari bilan integratsiya qilingan holda o‘rgatiladi. Ontario va Kvebek dasturlarida bu yo‘nalishlar boshlang‘ich ta’lim mazmunining ajralmas qismi hisoblanadi (Government of Quebec., 2024). UNESCO tavsiyalari ham raqamli texnologiyalarni tarbiyaviy mexanizm sifatida qo‘llash zarurligini ta’kidlaydi.

O‘zbekistonning milliy qadriyatlarga yo‘naltirilgan modeli ham, Kanadaning demokratik tamoyillarga asoslangan yondashuvi ham raqamli axloqiy tarbiyaning dolzarbligini ko‘rsatadi. Ushbu ikki tajribani taqqoslash boshlang‘ich ta’lim uchun samarali raqamli tarbiya strategiyalarini belgilash, raqamli kontent yaratish va o‘qituvchilar faoliyatini takomillashtirishda muhim amaliy ahamiyat kasb etadi.

METODOLOGIYA. Ushbu tadqiqot maqsadiga erishish uchun komparativ pedagogika yondashuviga tayangan holda bir nechta ilmiy metodlar uyg‘un holda qo‘llandi. Metodologiya O‘zbekiston va Kanada boshlang‘ich ta’limi misolida ma’naviy-axloqiy tarbiyani raqamli texnologiyalar orqali tashkil etishning umumiy va farqli jihatlarini chuqur tahlil qilish imkonini berdi.

  1. Normativ-huquqiy hujjatlar tahlili

Tadqiqotning birinchi bosqichida O‘zbekiston ta’lim siyosatini belgilovchi asosiy normativ-huquqiy hujjatlar – “Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonun, “Raqamli O‘zbekiston – 2030” strategiyasi, maktab ta’limini rivojlantirish milliy dasturi va “Taraqqiyot strategiyasi” o‘rganildi. Ushbu hujjatlar ta’limning maqsadlari, raqamlashtirishning ustuvor yo‘nalishlari, boshlang‘ich ta’limda raqamli vositalar qo‘llanilishining rasmiy asoslarini aniqlash imkonini berdi.

Kanada bo‘yicha esa Ontario Ta’lim vazirligining rasmiy o‘quv dasturi, Kvebekning “Culture and Citizenship in Québec” konsepsiyasi va provinsiyalar ta’lim siyosati tahlil qilindi. Ular raqamli fuqarolik, media savodxonlik, demokratik qadriyatlar va axloqiy tarbiyaning mazmuniy asosini ochib berdi.

Bu bosqich ikki mamlakatning normativ asoslarini solishtirish, umumiy va farqli yo‘nalishlarni aniqlash, raqamli tarbiyaning davlat siyosatidagi o‘rnini baholash uchun imkon yaratdi.

  1. Xalqaro konsepsiyalar va nazariy asoslarning tahlili

Tadqiqotning nazariy poydevorini UNESCOning “Global Citizenship Education” bo‘yicha metodik ko‘rsatmalari, Yevropa Kengashining “Digital Citizenship Education” modeli hamda Mike Ribblening raqamli fuqarolikning to‘qqiz elementi haqidagi konsepsiyasi tashkil etdi.

Bu manbalar yordamida tadqiqot uchun quyidagi nazariy kategoriyalar ajratib olindi: raqamli savodxonlik, raqamli xavfsizlik, axborotni tanqidiy tahlil qilish, raqamli muhitda axloqiy me’yorlar, ijtimoiy va global fuqarolik, emosional-ijtimoiy kompetensiyalar, media savodxonlik.

Mazkur kategoriyalar O‘zbekiston va Kanada tajribasini baholashda mezon sifatida tanlandi.

  1. Taqqoslash (komparativ) tahlil

Komparativ tahlil usuli O‘zbekiston va Kanada tajribalarining umumiy tamoyillari va farqli jihatlarini aniqlashda asosiy metod bo‘ldi.

Tahlil quyidagi yo‘nalishlarda olib borildi:

Ta’lim maqsadlari – milliy qadriyatlar va demokratik qadriyatlar,

Raqamli siyosat – markazlashgan (O‘zbekiston) va viloyatlar bo‘yicha (Kanada),

Raqamli tarbiya mazmuni – ma’naviy kontent va media savodxonlik,

Integratsiya modeli – ma’naviyat darslari va fanlararo integratsiya,

Xavf va imkoniyatlar – raqamli tafovut, ekran vaqti, yoshga moslik, xavfsizlik.

Komparativ yondashuv raqamli axloqiy tarbiyada qaysi elementlar universal, qaysilari esa madaniyatga xos ekanini ko‘rsatdi.

NATIJALAR.O‘zbekiston ta’lim tizimida raqamli texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha qabul qilingan davlat dasturlari o‘quv jarayonining tarbiyaviy komponentiga sezilarli ta’sir ko‘rsatmoqda. “Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonun va “Raqamli O‘zbekiston – 2030” strategiyasi ta’limning ma’naviy yo‘naltirilgan mazmuni bilan raqamli transformatsiyani uyg‘unlashtirishni ustuvor vazifa sifatida belgilaydi. Maktab ta’limini rivojlantirish milliy dasturi esa raqamli ta’lim resurslari orqali o‘quvchilarning axloqiy qaror qabul qilish, tanqidiy fikrlash va ijtimoiy xulq-atvor normalarini shakllantirishga xizmat qiluvchi mexanizmlarni yaratish zarurligini ko‘rsatadi.

Boshlang‘ich sinflarda joriy etilgan elektron darsliklar, videodarslar, interaktiv simulyatsiyalar o‘quvchilarni ma’rifiy kontent bilan tabiiy ravishda tanishtirishga yordam bermoqda. Masalan, ekologik muammolar, tozalikka rioya qilish, oila qadriyatlari, milliy meros, halollik, yordam, birdamlik kabi mavzular multimedia shaklida taqdim etilganda, o‘quvchilarning qiziqishi ortgani kuzatilmoqda. Bu jarayon o‘qituvchiga axloqiy tushunchani faqat og‘zaki emas, balki vizual, kinestetik va interaktiv formatlarda yetkazish imkonini beradi.

UNICEFning sektor tahlillarida ham raqamli kontentdan foydalanish o‘quvchilarning mustaqil o‘rganish darajasini oshirayotgani qayd etiladi. Ayni paytda ayrim maktablarda internet tezligi pastligi, kompyuterlar yetishmasligi, o‘qituvchilarning AKT kompetensiyasidagi tafovutlar raqamli tarbiya jarayonini to‘liq amalga oshirishni sekinlashtirayotgani ko‘rsatiladi. Bu holat boshlang‘ich ta’limda raqamli axloqiy tarbiya masalasini infratuzilma bilan bir qatorda metodik yondashuvni ham takomillashtirish zarurligini ko‘rsatadi.

Shu tariqa, O‘zbekiston ta’limida raqamli vositalar nafaqat dars sifatini oshirish, balki ma’naviy-axloqiy mazmunni chuqurroq o‘zlashtirish, real hayotiy vaziyatlarga asoslangan tarbiyani qo‘llash, bolalarda ijtimoiy mas’uliyatni kuchaytirish kabi imkoniyatlar yaratmoqda.

Kanadada raqamli texnologiyalar boshlang‘ich ta’limda faqat vosita emas, balki demokratik qadriyatlar, ijtimoiy adolat, tenglik va media savodxonlikni shakllantiruvchi pedagogik mexanizm sifatida qaraladi. Ontario o‘quv dasturi raqamli fuqarolikni o‘quvchining kundalik ta’lim faoliyatiga integratsiya qilishni ko‘zda tutadi.

Kvebekning “Culture and Citizenship in Québec” dasturi esa texnologiyalarni bolalarda tanqidiy fikrlash, madaniy identitet, ijtimoiy munosabatlar va axloqiy mulohaza qila olish qobiliyatini shakllantirish uchun qo‘llaydi. Dasturda raqamli vositalardan foydalanib o‘quvchilarga axloqiy dilemmalarni hal ettirish, jamiyatdagi adolatsizlik holatlarini tahlil qildirish va turli nuqtai nazarlarni solishtirish kabi metodlar keng qo‘llaniladi.

Kanadadagi maktablarda o‘qituvchilar Ribble modelining raqamli fuqarolik bo‘yicha 9 elementi  va Yevropa Kengashining raqamli demokratiya kompetensiyalariga tayangan holda o‘quvchilarda onlayn axloqiy mas’uliyatni shakllantirishga alohida e’tibor beradi. Raqamli muhit odob-axloqi, shaxsiy ma’lumotlarni himoyalash, kiberxulq normalari, raqamli iz qoldirmaslik, onlayn konfliktlarni boshqarish kabi mavzular boshlang‘ich sinfdanoq muntazam ko‘rib chiqiladi.

Natijalar shuni ko‘rsatadiki, Kanada boshlang‘ich ta’lim tizimi axloqiy tarbiyani alohida predmet sifatida emas, balki barcha fanlar va ta’lim faoliyatlari mazmuniga integratsiya qilgan. Bu yondashuv o‘quvchilarda raqamli texnologiyalarni faqat texnik vosita sifatida emas, balki ijtimoiy mas’uliyatni talab qiluvchi muhit sifatida anglashga yordam beradi.

Olingan natijalar O‘zbekiston va Kanada tajribalarining umumiy va farqli jihatlarini quyidagicha aniqlashga imkon berdi:

O‘xshashliklar

Farqli jihatlar

Axloqiy tarbiya raqamli resurslar bilan boyitilmoqda.

Kanadada demokratik qadriyatlar, global fuqarolik, inklyuzivlik va tanqidiy fikrlash yetakchi mavqe egallaydi,

O‘quvchilarda ijtimoiy mas’uliyat, empatiya, hamkorlikni shakllantirish ustuvor yo‘nalish sifatida qaralmoqda.

O‘zbekistonda raqamli ta’lim davlat markazlashgan siyosat asosida joriy etiladi,

 

Asosiy muammo – raqamli xavfsizlik, ekran vaqti va noto‘g‘ri axborot oqimi.

 

Kanadada har bir provinsiya o‘zining media savodxonlik va raqamli fuqarolik kurikulumi bilan ishlaydi,

O’qituvchilarda raqamli savodxonlik darajasining pastligi

O‘zbekistonda raqamli tarbiya ko‘proq maxsus darslar va tarbiyaviy tadbirlar orqali amalga oshiriladi,

Raqamli texnologiyalar bilan qamrab olish darajasi yetarli emasligi

Kanadada tarbiya barcha fanlarga integratsiya qilingan.

Bu jihatlar O‘zbekiston uchun Kanada tajribasining ayrim elementlarini moslashtirish imkonini beradi: xususan, media savodxonlikni boshlang‘ich darsliklarga kiritish, raqamli etika va fakt-cheking bo‘limlarini kengaytirish, interaktiv axloqiy muammolar asosida simulyatsiyalarni ishlab chiqish.

1-rasm Boshlang’ich ta’lim uchun ishlab chiqilgan umumlashtirilgan model

 

Model O‘zbekiston sharoitida milliy mazmunni raqamli vositalar bilan integratsiya qilish, Kanada tajribasida esa-media savodxonlik, global qadriyatlar va real hayotiy dilemmalarni raqamli muhitte tahlil qilish orqali shakllanadi.

MUHOKAMA. Boshlang‘ich ta’limda raqamli texnologiyalar orqali ma’naviy-axloqiy tarbiyani shakllantirish jarayoni ikki mamlakat tajribasida turli didaktik yondashuvlar asosida namoyon bo‘layotgani kuzatildi. O‘zbekiston ta’lim tizimida raqamli resurslardan foydalanish ko‘proq ma’naviyat darslari, tarbiyaviy mashg‘ulotlar va multimedia asosidagi o‘quv materiallari orqali amalga oshiriladi. Bunday o‘quv shakli o‘quvchilarga milliy qadriyatlar, tarixiy meros, oilaviy va ijtimoiy mas’uliyat kabi mavzularni interaktiv tarzda qabul qilish imkonini beradi. Interaktiv videolardan foydalanish, milliy ertaklar asosida yaratilgan animatsiyalar, virtual ekskursiyalar yoki veb-questlar bolalarda mazmunni vizual idrok etish orqali mustahkamroq anglashni ta’minlaydi. Bu jarayon ayniqsa kichik yoshdagi o‘quvchilar uchun muhim, chunki ular mavhum tushunchalarni ko‘proq real hayotiy misollar orqali o‘zlashtiradilar.

Kanadada esa raqamli axloqiy tarbiya alohida dars sifatida emas, balki fanlararo integratsiya tamoyili asosida amalga oshiriladi. Ontario va Kvebek dasturlarida har bir fan ichida media savodxonlik, ommaviy axborot vositalaridagi stereotiplar, axborotning haqiqiyligi, ijtimoiy adolat, farqlilik va inklyuzivlik masalalari qayta-qayta yoritiladi. Bu yondashuv o‘quvchilarda axloqiy mulohaza qilish, tanqidiy fikrlash va tashqi axborot oqimiga mas’uliyat bilan yondashish kompetensiyalarini shakllantiradi. Raqamli muhitdagi axloqiy masalalarni tushuntirish jarayonida o‘quvchilar nafaqat axloq me’yorlarini biladi, balki ularni real hayotiy vaziyatlar bilan bog‘lab qo‘llashni o‘rganadi.

Natijalar shuni ko‘rsatadiki, O‘zbekiston tajribasining kuchli tomoni – milliy qadriyatlarga yo‘naltirilganligi, Kanada tizimining ustun jihati esa axloqiy tarbiyani global, universal va tanqidiy yondashuv bilan shakllantirishidir. Birinchi holatda milliy o‘zlik, madaniyat va tarixiy merosning mustahkamlanishi ta’minlansa, ikkinchi holatda o‘quvchi global axborot muhitining faol ishtirokchisiga aylanishi uchun zarur bo‘lgan kompetensiyalarni egallaydi. Bu ikki modelning umumiy jihati – raqamli texnologiyalar o‘quvchini passiv bilim oluvchidan faol axloqiy qaror qabul qiluvchi sub’ektga aylantirishidir. Texnologiya bu jarayonda maqsad emas, balki vosita sifatida ishlaydi.

Shuningdek, ikki tizimning tahlili raqamli xavfsizlik, ekran vaqtining me’yori, soxta axborot, kiberxavflar, psixologik charchash kabi masalalarning dolzarbligini ko‘rsatdi. Boshlang‘ich yoshdagi o‘quvchilar raqamli muhitning tezkor ta’siriga juda sezgir bo‘lgani uchun, ta’lim jarayonida texnologiyadan foydalanishning chegaralari aniq belgilanishi zarur. UNESCO tavsiyalarida raqamli taraqqiyot bolalarning emosional-ijtimoiy rivojlanishiga zarar yetkazmasligi uchun darsdagi faoliyatlar onlayn va oflayn shakllarda muvozanatli bo‘lishi kerakligi alohida ko‘rsatilgan. Kanadada bu me’yorlar amaliyotga chuqurroq joriy qilingan bo‘lsa, O‘zbekiston ta’lim tizimida hali ushbu yo‘nalishda takomillashtirish ehtiyoji mavjud.

Raqamli axloqiy tarbiyaning yana bir muhim jihati – raqamli tafovut. O‘zbekistonda shahar va qishloq maktablari o‘rtasidagi texnik ta’minot farqi, qurilmalarga egalik, internet tezligi va o‘qituvchilarning AKT kompetensiyasi raqamli tarbiya sifati va tengligiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Kanadada bunday tafovut provinsiyalar o‘rtasida sezilsa-da, mahalliy hamjamiyatlar va hukumat bu tafovutni yumshatish uchun qo‘shimcha resurslar ajratadi. Taqqoslash raqamli tarbiyaga oid tashabbuslarning muvaffaqiyati infratuzilma darajasiga emas, balki mazmun sifati, metodika va tizimli integratsiyaga ko‘proq bog‘liqligini ko‘rsatdi.

Olingan natijalar boshlang‘ich ta’limda raqamli texnologiyalarni etik asosda qo‘llash bo‘yicha umumiy tamoyillarni aniqlash imkonini berdi. Ular o‘quv jarayonining mazmuni, metodi va tashkiliy jihatlariga taalluqli bo‘lib, ta’limni ma’naviy-axloqiy maqsadga yo‘naltirishning asosiy strategiyalarini shakllantiradi.

XULOSA. Boshlang‘ich ta’limda raqamli texnologiyalar orqali ma’naviy-axloqiy tarbiyani shakllantirish O‘zbekiston va Kanada tajribalarida turlicha yondashuvlar asosida amalga oshirilsa-da, har ikkisi bolalarda mas’uliyat, ijtimoiy faollik va ongli xulq-atvorni rivojlantirishni maqsad qiladi. Tahlil natijalari raqamli vositalardan foydalanish axloqiy tarbiyaning mazmuni va shakllarini kengaytirayotganini ko‘rsatdi.

O‘zbekistonda raqamli platformalar milliy qadriyatlar, vatanparvarlik, birdamlik kabi g‘oyalarni zamonaviy shaklda yetkazish imkonini berayotgan bo‘lsa, texnik tafovutlar va pedagogik tayyorgarlik darajasidagi farqlar ushbu jarayonning samaradorligini cheklashi mumkin. Kanadada esa raqamli texnologiyalar axloqiy tarbiyaga to‘laqonli integratsiya qilinib, media savodxonlik, tanqidiy fikrlash, global masalalarga sezgirlik va onlayn madaniyatni shakllantirishga xizmat qilmoqda.

Ushbu ikki modelning umumiy xulosasi shuki, raqamli texnologiyalar o‘quvchini passiv bilim oluvchidan faol ijtimoiy subyektga aylantiradi. Virtual vaziyatlar, media tahlil va interaktiv topshiriqlar o‘quvchilarda empatiya, halollik, mas’uliyat va raqamli odob kabi sifatlarni shakllantiradi. Shu bilan birga, raqamli xavfsizlik, ekran vaqtining me’yori va yoshga mos kontent kabi omillarni hisobga olish zarur.

Tahlil natijasida raqamli tarbiyaning besh asosiy tamoyili belgilandi: integrallik, balans, nazorat, inklyuzivlik va qadriyatga yo‘naltirilgan yondashuv. Kelgusida mazmunli raqamli kontent yaratish, media savodxonlikni fanlararo integratsiya asosida o‘rgatish, o‘qituvchilarning AKT kompetensiyasini oshirish va ta’lim muassasalari o‘rtasidagi texnik tafovutlarni kamaytirish boshlang‘ich ta’limda ma’naviy-axloqiy tarbiya sifatini oshirishga xizmat qiladi.

References

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi. (2020). Ta’lim to‘g‘risidagi Qonun (O‘RQ–637). Toshkent.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Qarori. (2020). Raqamli O‘zbekiston – 2030 strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida (PQ–6079). Toshkent.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni. (2022). 2022–2026 yillarda maktab ta’limini rivojlantirish milliy dasturi. Toshkent.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Strategik islohotlar agentligi. (2023). Ta’limni raqamlashtirish bo‘yicha tahliliy hisobot. Toshkent.

UNESCO. (2024). Global citizenship education in a digital age: Teacher guidelines. Paris: UNESCO Publishing.

Council of Europe. (2022). Digital citizenship education handbook (2022 Edition). Strasbourg.

Ontario Ministry of Education. (2018). The Ontario Curriculum: Canadian and World Studies (Grades 9–10). Toronto: Government of Ontario.

Government of Quebec. (2024). Culture and Citizenship in Québec Program. Québec City: Gouvernement du Québec.

UNICEF Uzbekistan. (2022). Education Sector Analysis: Digital transformation and equity. Tashkent: UNICEF.

Ribble, M. (2015). Digital citizenship in schools. ISTE: International Society for Technology in Education.

Latipov, R. I., Haydarov, B., & Nuridinov, B. (2002). Ta’lim samaradorligini oshirish yo‘llari. Toshkent: O‘MKHTRI.

Fayzullaeva, M. (2023). Boshlang‘ich sinf o‘quvchilari o‘quv-bilish faoliyatini modellashtirish metodikasini takomillashtirishning o‘ziga xos xususiyatlari. Farg‘ona davlat universiteti ilmiy jurnali, 3(4), 112–119.

ScienceDirect. (2023). Investigating the effectiveness of virtual reality in elementary moral education: South Korea case study. Computers & Education, 195, 104–121.

Frontiers in Education. (2024). Enhancing digital citizenship education in Saudi Arabian elementary schools. Frontiers in Education, 9, 1–15.

UNICEF APCEIU. (2022). Digital citizenship education: Global Citizenship Education Clearinghouse Review. Seoul.

Samarqand davlat universiteti. (2023). Pedagogik texnologiyalarning zamonaviy yo‘nalishlari. SamDU ilmiy axborotnomasi, 12(2), 45–52.

Chirchiq davlat pedagogika universiteti. (2023). Universitet Strategiyasi 2023–2030. Chirchiq.

DigitalDefynd. (2025). The importance of ethics in education: Digital environment challenges. Education Technology Review, 7(2), 55–67.

Hall of Congress. (2024). Civic Education Models in Canada. Washington, DC: Library of Congress.

Jizzax davlat pedagogika universiteti. (2023). Raqamli texnologiyalarni o‘quv jarayoniga joriy etishning dolzarb masalalari. Xalqaro ilmiy-amaliy anjuman materiallari, 2, 98–105.

Published

Downloads

Author Biography

Mahbuba Vali qizi IKROMOVA,
O'zbekiston davlat jahon tillari universiteti

tayanch doktoranti

How to Cite

IKROMOVA, M. V. qizi. (2025). MA’NAVIY-AXLOQIY TARBIYANI RAQAMLI TEXNOLOGIYALAR ORQALI QO‘LLAB-QUVVATLASH: BOSHLANG‘ICH TA’LIMDA KANADA VA O‘ZBEKISTON TAJRIBASINING TAQQOSLANISHI. The Lingua Spectrum, 12(2), 533–539. Retrieved from https://lingvospektr.uz/index.php/lngsp/article/view/1325