Temuriylar sulolasi hukumronligi davrida tibbiyot

Mualliflar

  • Namangan davlat texnika universiteti
Temuriylar sulolasi hukumronligi davrida tibbiyot

Annotasiya

Ushbu maqolada Temuriylar davrida tibbiyot fanining rivojlanishi, uning tarixiy asoslari va ijtimoiy ahamiyati tahlil qilinadi. Amir Temur va uning avlodlari tomonidan tibbiyot sohasiga ko‘rsatilgan e’tibor, ilm-fan taraqqiyotiga qo‘shilgan hissa, shuningdek, davrda faoliyat yuritgan taniqli tabiblar va ularning ilmiy merosi haqida ma’lumotlar keltirilgan. Maqolada tibbiy muassasalar, shifoxonalar, daru-shshifolarning tashkil etilishi, tibbiyot ta’limi va amaliy faoliyatning o‘ziga xos jihatlari ilmiy asosda yoritiladi. Temuriylar davri tibbiyotining tarixiy ahamiyati va uning keyingi avlodlar uchun ma’naviy meros sifatidagi o‘rni ham ko‘rsatib berilgan.

Kalit so‘zlar:

Temuriylar davri tibbiyot tarixi shifoxona tabiblar ilmiy meros tibbiy ta’lim Markaziy Osiyo.

 

Markaziy Osiyo xalqlari qadimdan boy ilmiy va madaniy merosga ega bo‘lib, bu merosning ajralmas qismi sifatida tibbiyot fani ham alohida o‘rin tutadi. Ayniqsa, Temuriylar sulolasi hukmronligi davrida (XIV–XV asrlar) tibbiyot ilmning rivoji jadal sur’atlarda kechgan bo‘lib, bu davr nafaqat mahalliy, balki jahon ilmi va fani tarixida ham o‘ziga xos iz qoldirgan. Amir Temur va uning avlodlari ilm-fanga, xususan, tibbiyotga alohida e’tibor qaratgan, zamonasining ilg‘or tabiblarini saroyga jamlagan va ularning faoliyatini qo‘llab-quvvatlagan.

Temuriylar davrida barpo etilgan daru-shshifo, madrasalar va kutubxonalar tibbiy bilimlarni ommalashtirishda va yangi avlod tabiblarini tayyorlashda muhim rol o‘ynagan. Shu bilan birga, bu davrda yaratilgan ko‘plab tibbiy asarlar nafaqat nazariy bilimlarni, balki amaliy tajribalarni ham o‘z ichiga olgan bo‘lib, bugungi kunda ham tarixiy va ilmiy jihatdan katta ahamiyatga ega. Temuriylar davridagi tibbiyot va tibbiyot ilmi somoniylar yoki qoraxoniylar davridagi tibbiyotni to‘g‘ridan to‘g‘ri takrorlamadi. Chunki somoniylar va qoraxoniylar davlati bilan temuriylar davlati o‘rtasidagi butun bir asr davomiyligida siyosiy inqirozlar bo‘lib o‘tgan edi.

Tarixdan ma’lumki, XII asr boshlarida Movarounnahrga mo‘g‘ul bosqinchilarining kirib kelishi ko‘plab shaharlar va qishloqlarni vayron qildi. Bu bosqin ayniqsa ekin maydonlarini yaroqsiz holatga keltirar ekan, barcha moddiy va madaniy boyliklarning yo‘q bo‘lishiga sabab bo‘ldi. Xususan, vayronachiliklar qatorida ko‘plab inshoatlar, jumladan kasalxonalar, dorixonalar va kutubxonalar ham yo‘q qilindi. Mashhur tabiblar quvg‘in qilinib qatl etildi. Ilm fanning boshqa sohalar kabi tibbiyot va tibbiyot ilmida ham tushkunlik  boshlandi. Aholining turmush darajasi pasayib, mamlakatda kasalliklar avj oldi. Bularning oqibati bir asrdan ortiqroq davom etdi.

Nihoyat XIV asrning 60-70 yillariga kelib, Markaziy Osiyo hududlarida yirik saltanat Amir Temur va undan keyingi vorislari temuriylar davlati vujudga keldi. Yurt obodonchiligi va aholi sog‘ligiga alohida e’tibor bergan Temur o‘zining “Temur tuzuklari” asarida shunday ma’lumotlarni eslab o‘tadi. “Yana amr etdimki, katta-kichik har bir shahar, har bir qishloqda masjid, madrasa va xonaqohlar bino qilsinlar, faqiru miskinlarga langarxona (yo‘lovchilar qo‘nib o‘tadigan joy; kambag‘al yetim-yesirga ovqat beriladigan joy; g‘aribxona) solsinlar, kasallar uchun shifoxona qurdirsinlar va ularda ishlash uchun tabiblar tayinlansinlar”[7].

Asardan ko‘rinib turibdi-ki, Amir Tyemur davrida har bir shaharda shifoxonalar tashkil etilgan bo‘lib, ularda bilimli va tajribali tabiblar faoliyat yuritgan. Xususan, Samarqand shahrida “Dor ush-shifo” nomli yirik shifoxona bo‘lib, uni o‘z davrining taniqli tabibi bo‘lgan Mir Sayyid Sharif Sheroziy (1330–1414 y.y.) boshqargan. Asli Jurjonlik bo‘lgan Mir Sayyid Sharif Sheroziy Amir Temurning taklifi bilan Samarqandga kelib, shu kasalxonani boshqargan. Shuningdek, tadqiqotchi olima M.Sulaymonova o‘z maqolasida mashhur tabibilardan Xisomiddin Ibrohim Kirmoniy, Mavlono Fayzulloh Tabriziy, Mansur ibn Muhammad kabi tajribali tabiblar haqida ma’lumotlar berib o‘tadi[6]. Uning ta’kidlashicha, Amir Temur davrida har bir shaharda shifoxona bo‘lgan, ularda bilimli va tajribali tabiblar ishlagan. Amir Temur davrida rivoj topgan tibbiyot fani temuriylar davrida ham yuksaldi. Amir Temur o‘z zamonasidagi ijtimoiy guruhlarni o‘n ikki toifaga bo‘lar ekan, shular ichida hakimlar, tabiblar, munajjimlar va muhandislarni sakkizinchi toifaga kiritadi. Bu haqida tuzuklarda aniq ma’lumot keltirilib, jumladan tabiblar haqida shunday deyiladi: “Hakimlar va tabiblar bilan ittifoqda bemorlarni davolatar edim”[1].

Shu o‘rinda fransuz temurshunos olimlaridan Marsel Brionning “Menkim, sohibqiron jahongir Temur” kitobi va shu kabi tadqiqotlarida Amir Temur  va temuriylar davridagi aholiga xizmat ko‘rsatuvchi tabibilar yoki qo‘shin tabiblari faoliyati bo‘yicha ma’lum bir ma’nodagi ma’lumotlarni tahlil qilib berishga harakat qiladi[3]. Tadqiqotlar mazmunidan ko‘rinadiki, Temur qo‘shinlarida jarohat olgan va bemor jangchilarni davolash uchun alohida tabiblar ham bo‘lgan. Shuningdek, Temur aholi o‘rtasida har xil kasalliklar paydo bo‘lishi va tarqalishiga qarshi turli choralar ko‘rgan. Uning farmoni bilan mamlakat bo‘ylab shaharlar va boshqa aholi yashaydigan joylarni ozoda saqlash, xalqni toza ichimlik suvi bilan ta’minlash choralari amalga oshirilgan. Odatda aholi ichimlik suvini toza saqlash uchun usti yopiq suv quvurlardan foydalangan. Shahar va qishloqlar o‘rtasida kesishgan yo‘llarda sardobalar tashkil etilgan. Xususan, bunday sardobalar Samarqand va Toshkent yaqinidagi Shohruhiya shaharlarida olib borilgan arxeologik qazishma ishlari vaqtida arxeologlar tomonidan ko‘plab ochilgan. Ayrim tadqiqltchilar Amir Temur davriga oid sardobalar haqida manbalarda aniq ma’lumotlar berilmagan bo‘lsa-da, lekin Markaziy Osiyoga tashrif buyurgan sayyohlar asarlarida va aholi tomonidan avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan rivoyatlar orqali bilib olish mumkinligini ta’kidlab o‘tadi[4].

Tibbiyot ilmi rivojiga temuriy shahzodalardan Mirzo Ulug‘bek munosib hissa qo‘shgan. U Samarqandda shifoxona bino ettirib, Eronning Kirmon shahridan mashhur tabib Burhonuddin Nafis ibn Avaz Hakim al-Kirmoniyni taklif etadi. Kirmonlik bu tabib Ulug‘bek saroyining bosh tabibi lavozimiga tayinlangan. Tabib bemorlarni davolash bilan birga, tibbiyotga oid bir qancha asarlar ham yozgan. Uning “Dori tayyorlash sa’nati” nomli kitobida dorilar tayyorlash va ishlatish usullarini sodda qilib tushuntirib berilgan. Mirzo Ulug‘bek davrida tabiblar o‘rtasida mohir jarrohlar ham bo‘lgan.

Ulardan biri Tojiddin Hakim bo‘lib, u ancha murakkab bo‘lgan jarrohlik amaliyotlarini ham amalga oshirgan. Xususn, ko‘z kataraktasini jarrohlik yo‘li bilan muvaffaqiyatli davolagan. Shuni alohida ta’kidlash lozimki, bu tabib jarrohlik amaliyotidan oldin jarrohlik asboblarini o‘t (olov) ustida qizdirib olib, so‘ng ishlatgan. Jarrohlik amaliyoti vaqtida esa qo‘lini tez-tez mayda qilib to‘g‘ralgan piyozga botirib olgan. Bu esa (piyozda mikroblarni o‘ldiruvchi fitosidlar mavjud) yuqumli kasalliklarni tarqlib ketishini oldini olgan. Olovda toblangan tibbiyot uskunalari esa tamomila mikrobdan holi bo‘lgan (sterilizatsiyalanadi). Shuningdek, Tojiddin Hakim jarohatni kengaytiruvchi (mikrob) jonzodlar mavjudligidan habardor bo‘lgan. Tabib jarohatni rivojlanishiga yo‘l qo‘ymaslik o‘z tajribasidan foylangan. Tajriba jihatdan mashho‘r bo‘lgan tabib Tojiddin Hakimni Markaziy Osiyoda antiseptik usuldan unumli foydalangan deyish mumkin.

Yuqorida keltirilgan tarixiy dalillardan ham bilishimiz mumkinki, Amir Temur va temuriylar tabobat faniga homiylik qilib, mazkur fan tarmog‘ining keng rivojlanishiga ko‘maklashdilar[2].

Temuriylar sulolasining yana bir vakili – Husayn Boyqaro hukumronlik qilgan davrda ham tibbiyot ilmiga e’tibor har doyimgidek davom etdi. Bu borada bosh vazir Alisher Navoiyning xizmati katta bo‘lgan. Tadqiqotchi olimlardan Mahmud Hasaniy va Surayyo Karimovalar tomonidan yozilgan “Navoiy davri tabobati” nomli asarda Alisher Navoiyning tibbiyot sohasiga qo‘shgan hissasi to‘liq tahlil qilib berilgan[8]. To‘g‘ri, Alisher Navoiy o‘zi tabib bo‘lmasa ham o‘tmishdagi buyuk tabiblarning asarlarini chuqr o‘rgangan va ushbu asarlarga o‘z munosabatini bildirgan. Ayniqsa Ibn Sinoga juda yuksak baho berib, uni aql-idrok va tafakkur ramzi, deb ataydi. Saroy va o‘zining shaxsiy kutubxonasida zamonasining buyuk tabibilaridan Abu Ali ibn Sino, Abu Bakr ar-Roziy va shu kabi tabiblarning bir qator asarlarini saqlaydi.

Alisher Navoiyning “Mahbub ul-qulub” asarida tabiblar va tibbiyot haqidagi fikrlari bayon etilgan. Asarning 15 bobi aynan tibbiyot va tabiblar masalasiga  bag‘ishlanadi. Uzoq yillar tajriba mahsuli bo‘lgan asar Alisher Navoiy hayotining so‘nggi yillarida yozilgan. Alisher Navoiy tibbiyotga bag‘ishlangan faslni bayon etishga kirishar ekan, avvalo tabibning o‘zi qanday kishi bo‘lishi kerak, u qanday fazilatlarga ega bo‘lishi lozimligi haqida to‘xtab o‘tadi. Bundan ko‘rinib turibdiki, Navoiy tabiblar oldiga juda mas’uliyatli talablar qo‘ygan. Darhaqiqat, tabib o‘z kasbining mohir bilimdoni bo‘lishi kerak ekanligi uqtirilgan.

Tibbyotga oid asrlardan tajriba to‘plagan shoir tabiblar oldiga qo‘ygan talablardan ikkinchisida bemorlarga rahm-shafqat bilan muomila qilish lozim ekanligini ta’kidlab o‘tadi. Qizig‘i shundaki, tabiblar orasida bemorlarga nisbatan beshafqat va befarq munosabatda bo‘luvchilar ham uchraydi. Bunday tabiblarni Navoiy jallodga o‘xshatadi va shunday yozadi: “Tabobat fanida savodsiz tabib xuddi jallodning shogirdi kabidir. U tig‘ bilan o‘ldirsa, bu zahar bilan azoblaydi. Shubhasiz, jallod bunday tabibdan yaxshiroqdir. Zero u gunohsizlarni o‘ldiradi, bu esa gunohkorlarni halok qiladi. Hech bir gunohkor jallod qo‘lida xor bo‘lmasin, hech bir begunoh kasal bo‘lmasin, bunday noshud tabibga zor bo‘lmasin”[9]. Manbalarda xususan, Sharafuddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma”, Fasih Xavofiyning “Mujmali Fasixiy”, Xondamirning “Xulosat al-axbor” va boshqa asarlarida keltirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, o‘sha davr shifoxonalarida madrasa va boshqa o‘quv yurtlarida bilim olgan yuzlab tabiblar ishlar edi. Bu davrning yetuk shifokorlari shifoxonalarda bemorlarni davolash bilan birga madrasalarda mudarrislik ham qilishgan. Buni hozirgi kun zamonaviy tibbiyot ilmi bilan taqqoslasa  ham bo‘ladi[5].

Temuriylar davrida yashagan mashhur hakimlar yana biri Darvesh Ali ham katta tajribaga ega bo‘lgan tabiblardan biri edi. Tarixiy manbalarda uni kamtarin, xushfe’l ekanligi bayon etiladi. Ayrim tabablar qalami o‘tkir shoir ham bo‘lib, Darvesh Alida shunday iste’d bo‘lgan. Shuning uchun uning ba’zi tibbiyotga oid asarlari nazm bilan yozilgan. Darvesh Ali “Dor ush-shifoh” (“Davo maskani”)da (Hirotdagi kasalxona) rahbarlik qilib, shu yerda talabalarga tibbiyotdan dars ham bergan. Uning “Kishilarga eslatma” nomli tibbiy asari mavjud. Bu asarda muallif salomatlikni saqlash va kasallikni davolash haqida so‘z yuritadi. Navoiy "Majolis un-nafois" asarida Darvish Ali haqida "...tabobatqa mashg‘uldur va bu fanning hoziq va mohirlari aning tab’in ta’rif qiladurlar. Muolijasin ham ko‘rganlar uqodurlar. Tab’i ham yaxshidur. Ammo muammog‘a ko‘prak mashg‘uldir", deydi[12].

Ibn Sino o‘z davrida asarlarini arab tilida yozgan bo‘lib, “Tib qonunlari” va undan keyingi tibbiyot va tibbiyotga oid bo‘lmagan asarlari ham arab tilida yoziladi. Lekin tyemuriylar davrida tibbiyot va boshqa turdagi asarlar Movarounnahr va Xurosonda yozilganligi sababli asosn fors tilida bitilgan. Ilmiy atamalardagi so‘zlar ham, mahalliy o‘simlik va dorilarning nomlari ham fors tilida bitilib ularing nomlari ham fors tilida kiritila boshlangan. Aynan temuriylar davrida fors tilida bitilgan “Tib qonunlari” asarining turli qismlaridagi ko‘plab sharhlari, qisqartmalari ham shu davrning o‘ziga xos hislatlari hisoblanadi.

Mavlono Nizomiddin Abdulxay, bu tabib o‘z zamonasida amaliy tibbiyotda yuksak tajribali va bilimdon mutaxassis bo‘lgan. Ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, u Navoiyning shaxsiy tabibi va yaqin kishisi edi.

Shayx Husayin, mohir jarroh bo‘lgan. U marakkab jarrohlik amaliyotlarini amalga oshira olgan. Mashhur hakim bemorda jarrohlik amaliyotini o‘tashda og‘riqsizlantiruvchi giyohlardan foydalangan. Jarrohlik amaliyotini qilingan joyni tikishda qo‘y ichagidan tayyorlangan tor (ip) ishlatgan.

Sharq mamlakatlarida xususan Markaziy Osiyo shaharlarida shifoxonalar qoshidagi dorixonalardan tashqari alohida joylashgan dorixonalar ham bo‘lgan. Ularda tabiblarning reseptlari bo‘yicha bemorlarga dori tayyorlab berilgan. Shunday dorixonalardan biri haqida Alisher Navoiy bunday ma’lumot bergan: “Hirotda Hoji Ali Hasan Kirmoniy ismli dorishunos yashaydi. Uning dorixonasi bor. U o‘z kasbiga juda mas’uliyat bilan qaraydi. Dorilarni mohirlik bilan tayyorlaydi”[10].

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, Husayn Boyqaro davrida mamlakatda ilm-fan, ayniqsa tibbiyotning rivojlanishi bevosita Alisher Navoiy nomi bilan chambarchas bog‘liqdir. Bu haqida Zahiriddin Muhammad Bobur o‘zining mashhur “Boburnoma” asarida quydagicha yozgan edi: “Fan va sa’nat ahllarini Alisherbekdek qo‘llab-quvvatlagan odam bo‘lmagan. ... Xalq uchun foydali binolarni Navoiydek ko‘p qurdirgan odam bo‘lmasa kerak[11].

Umuman olganda, yuqorida bayon etilgan tarixiy ma’lumotlar asosida Amir Temur va temuriylar davrida hukmdorlarning mamlakatdagi umumiy yuksalish jarayonida tibbiyot va tibbiyot ilmiga ham e’tibor qilganligini guvohi bo‘ldik. Shaharlarda kasalxonalar, tibbiy maktablar, kutubxonalar qurildi. O‘nlab mashhur tabiblar yetishib chiqdi. Ular bemorlarni davolash bilan birga, tibbiyotga oid ilmiy asarlar ham yozishgan. Albatta, bu nodir va noyob asarlarni o‘rganib, ularni bugungi kun zamonaviy tibbiyotiga qo‘llash va uning rivoji uchun tatbiq etish ham mumkin bo‘ladi.

Temuriylar davrida tibbiyot fanining rivojlanishi nafaqat Markaziy Osiyoda, balki butun islom olamida ilmiy taraqqiyotning yuksak darajada bo‘lganini ko‘rsatadi. Amir Temur va uning avlodlari tomonidan ilm-fan, jumladan tibbiyot sohasiga ko‘rsatilgan e’tibor, bu sohaga katta sarmoya va muhimi, muhit yaratib berilgani natijasida qator buyuk tabiblar yetishib chiqqan. Ular tomonidan yaratilgan asarlar, amaliyotda qo‘llangan tabobat usullari va tibbiy muassasalarning faoliyati bugungi kunda ham o‘rganish va baholashga loyiqdir.

Mazkur davrda tibbiy bilimlarni sistemalashtirish, tibbiy ta’limni tashkil etish va aholi salomatligini ta’minlashda shifoxonalar hamda daru-shshifolarning tutgan o‘rni alohida ahamiyatga ega bo‘lgan. Temuriylar zamonidagi tibbiyot tarixi nafaqat ilmiy nuqtai nazardan, balki ma’naviy va madaniy meros sifatida ham muhim ahamiyatga ega. Ushbu merosni o‘rganish orqali zamonaviy tibbiyot ta’limi va amaliyoti uchun ilhom va tajriba olish mumkin.

Bibliografik manbalar

Amir Temur (1991). Temur tuzuklari. Gʻ.Gʻulom nomidagi nashriyot matbaa birlashmasi. 66.

Amir Temur jahon tarixida [Amir Temur in world history]. (1996). Sharq. 54.

Brion, M. (2018). Menkim, sohibqiron – jahongir Temur [I am Sahibqiran - The world conqueror Timur]. Yangi asr avlodi. 378–384.

Mahmudova, M. (2005). Amir Temur va temuriylar davrida Movaunnahr va Huroson viloyatida qurilgan sardobalar tarixi. Oriental Journal of Social Sciences. 91-96. https://doi.org/10.37547/supsci-ojss-02-01-11

Qurbonova, D. (2009). Temuriylar davrida tibbiyot yoxud ash’orlar bitgan tabiblar haqida. yuz.uz. https://yuz.uz/news/temuriylar-davrida-tibbiyot

Sulaymanova, M. (2007). Amir Temurning shaxsiy shifokori kim bo‘lgan? zamon.uz. https://zamon.uz/uz-to/detail/amir-temurning-shaxsiy-shifokori-kim-bolgan-ozbekiston

Amir Temur (2012). Temur tuzuklari. O‘zbekiston. 184.

Xasaniy, M., & Karimova, S. (1991). Navoiy davri tabobati [Medicine of the Navoi era]. Ibn Sino nomidagi nashriyot. 128.

Xasaniy, M., & Karimova, S. (1991). Navoiy davri tabobati [Medicine of the Navoi era]. Ibn Sino nomidagi nashriyot. 80.

O‘rolov, A. (1990). O‘tmishdagi davolash va shifobaxsh muassasalar [Past treatment and healing institutions]. Fan nashriyoti. 21-22.

Zahiriddin Muhammad Bobur (1989). Boburnoma. Yulduzcha. 368.

https://uz.wikipedia.org/wiki/Darvesh_Ali

Nashr qilingan

Muallif biografiyasi

Alisher Otaxanov ,
Namangan davlat texnika universiteti

katta o‘qituvchi

Qanday qilib iqtibos keltirish kerak

Otaxanov , A. (2025). Temuriylar sulolasi hukumronligi davrida tibbiyot. Lingvospektr, 4(1), 1138–1142. Retrieved from https://lingvospektr.uz/index.php/lngsp/article/view/751

Tegishli maqolalar

1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 > >> 

Bundan tashqari, ushbu maqola uchun shunga o'xshash maqolalar uchun kengaytirilgan qidiruvni boshlang mumkin.