XIX–XX asr ingliz va amerika adabiyotida asosiy yo‘nalishlar: romantizm, realizm va yangi oqimlar

Mualliflar

  • Namangan davlat chet tillari instituti
XIX–XX asr ingliz va amerika adabiyotida asosiy yo‘nalishlar: romantizm, realizm va yangi oqimlar

Annotasiya

Ushbu maqolada XIX asrning ikkinchi yarmi va XX asr adabiyotida yuzaga kelgan asosiy badiiy-estetik yo‘nalishlar – romantizm, realizm, modernizm va postmodernizm – mazmun-mohiyat jihatidan tahlil etiladi. Har bir oqimning tarixiy-falsafiy asoslari, g‘oyaviy-estetik xususiyatlari hamda ularning ingliz va amerika adabiyotidagi yirik namoyandalari ijodi orqali aks etishi ko‘rib chiqiladi. Romantizmda inson ruhiyati va tabiat uyg‘unligi, realizmda esa ijtimoiy haqiqat va shaxsiy muammolar yoritilgan bo‘lsa, modernizm va postmodernizmda shakl va mazmun darajasidagi tajriba va yangilanishlarga urg‘u beriladi. Maqolada adabiy tafakkurning evolyutsiyasi zamonaviy nazariy qarashlar asosida baholanadi.

Kalit so‘zlar:

Romantizm realizm modernizm postmodernizm adabiy oqimlar estetik qarashlar badiiy tafakkur Vordsvors Edgar Allan Po Charlz Dikkens Herman Melvil Jeyms Joys Tomas Pinchon shakl va mazmun intertekstual aloqa zamonaviy adabiyot

XIX–XX asr ingliz va amerika adabiyoti jahon adabiy merosining shakllanishida muhim bosqich hisoblanadi. Bu davr adabiyotida yuzaga kelgan asosiy yo‘nalishlar – romantizm, realizm va modernizm kabi yangi oqimlar – nafaqat badiiy ifoda vositalarining boyishiga, balki inson ruhiy dunyosining chuqur tahliliga, ijtimoiy, falsafiy va estetik qarashlarning kengayishiga olib keldi. Romantizm oqimi insoniy tuyg‘ular, individual erkinlik va tabiat go‘zalligini ulug‘lagan bo‘lsa, realizm hayotiylik, ijtimoiy tengsizlik va oddiy inson hayoti orqali haqiqatni ifodalashga intilgan. XX asrga kelib esa modernizm va postmodernizm kabi yangi adabiy tendensiyalar avvalgi an’analarni tanqidiy qayta ko‘rib chiqib, shakl va mazmun jihatidan innovatsion yondashuvlarni taqdim etdi. Ushbu maqolada ingliz va amerika adabiyotining ushbu davrlaridagi yetakchi yo‘nalishlari, ularning tarixiy ijtimoiy kontekstdagi roli, badiiy xususiyatlari va namoyondalari tahlil qilinadi.

Adabiyot insoniyat tafakkurining eng muhim ifoda vositalaridan biri bo‘lib, u inson ruhiy kechinmalari, estetik qarashlari, axloqiy ideallari va ijtimoiy-madaniy muhitining badiiy in’ikosi sifatida jamiyat hayotida alohida o‘rin egallaydi. Badiiy matnlar orqali har bir tarixiy davr o‘ziga xos falsafiy-intellektual qarashlarini, ijtimoiy ziddiyat va muammolarini, axloqiy-estetik mezonlarini, madaniy kodlari va ma’naviy izlanishlarini ifodalaydi (Levine, 2015). Shu sababli adabiyot nafaqat san’at sohasi, balki jamiyat va tafakkur taraqqiyotining kompleks ko‘zgusi sifatida ham qaraladi. Adabiy jarayonni tahlil qilish va uni muayyan tarixiy-sivilizatsion kontekstda anglash, jamiyatning ichki dinamikasini, ideologik siljishlarini, mentalitetdagi o‘zgarishlarni va zamonaviylikka o‘tish mexanizmlarini chuqur anglash imkonini beradi. Bunday yondashuv adabiy tafakkurni muayyan vaqt oralig‘ida faqat estetik hodisa sifatida emas, balki ijtimoiy ongning tarixiy shakli sifatida tahlil qilish imkonini yaratadi.

Tarixiy jarayonlar adabiyotda doimo estetik shaklga solingan holda aks etgan. Har bir davrning badiiy tafakkurida ustuvorlik qilgan adabiy oqimlar, janrlar, poetik uslublar va ifoda vositalari o‘z davrining ijtimoiy-siyosiy, madaniy-falsafiy kayfiyati bilan chambarchas bog‘liq bo‘lgan. Ayniqsa, XIX va XX asrlar adabiyoti adabiy tafakkurda mazmun va shakl jihatidan chuqur o‘zgarishlar, estetik mezonlarning qayta ko‘rib chiqilishi va badiiy tajribaning kengayishi bilan ajralib turadi.

XIX asrda shakllangan romantizm va realizm oqimlari adabiyotda shaxsiy kechinmalar va ijtimoiy ong uyg‘unligining badiiy timsolini yaratgan bo‘lsa, XX asrda vujudga kelgan modernizm va postmodernizm oqimlari bu mezonlarni rad etgan holda, shakl va mazmunga doir yangi izlanishlar, tilda eksperiment, metamatnlik va dekonstruktsiyaga asoslangan adabiy paradigmalarning shakllanishiga zamin yaratdi. Bu oqimlar orqali adabiyot shaxs va jamiyat o‘rtasidagi munosabatlarni yanada murakkab va ko‘p qatlamli tahlil ob’ekti sifatida qayta talqin qila boshladi (Michelle, 2024).

XIX asr adabiyoti taraqqiyotining asosiy bosqichlaridan biri sifatida romantizm va realizm yo‘nalishlarining shakllanishi alohida e’tiborga molikdir. Romantizm, eng avvalo, inson ruhiy olamining murakkabliklarini, shaxsiy kechinmalar va hissiyotlarning chuqur qatlamlarini badiiy ifoda qilishga intilgan oqim bo‘lib, u individualizm, tabiat manzaralari va orzularga bo‘lgan ideallashtirilgan munosabat orqali o‘z estetik printsiplarini shakllantirdi. Ushbu yo‘nalish vakillari – Yoxann Volfgang Gyote, Jorj Bayron, Viktor Gyugo singari ijodkorlar – insoniyatning metafizik izlanishlari, his-tuyg‘ular dinamikasi va ong ichki iztiroblarini badiiy obrazlar orqali ifodalab, romantik dunyoqarashni falsafiy chuqurlikda taqdim etdilar. Ayni vaqtda realizm adabiyoti o‘z e’tiborini tashqi haqiqatga, kundalik hayotning ijtimoiy-iqtisodiy va ma’naviy muammolariga qaratdi. Realist yozuvchilar, jumladan, Fyodor Dostoевskiy, Lev Tolstoy, Charlz Dikkens, Gyustav Flober kabilar, inson va jamiyat o‘rtasidagi ziddiyatlar, ijtimoiy adolatsizlik, axloqiy tanlov va shaxsiy erkinlik kabi dolzarb masalalarni ob’ektiv va tahliliy yondashuv asosida badiiylashtirdilar. Realizmda inson hayoti tasodiflardan emas, balki aniq ijtimoiy va psixologik sabablar zaminida shakllanadi, degan tamoyil asos bo‘lib xizmat qildi.

XX asr adabiyoti esa o‘z navbatida yanada murakkab, ko‘p qatlamli va eksperimental yo‘nalishlar bilan ajralib turadi. Ushbu davrda modernizm adabiy-estetik paradigmasi vujudga kelib, badiiy ifodaning yangicha shakllarini izlab, an’anaviy kompozitsion tuzilma, vaqt va makon tushunchalarini tubdan qayta ko‘rib chiqdi. Modernist yozuvchilar – Jeyms Joys, Virjiniya Vulf, Frans Kafka – tilning semantik imkoniyatlarini kengaytirish, ong oqimi texnikasi, sub’ektiv dunyoqarash va insonning ichki ekzistensial kechinmalari orqali adabiy matnga yangi poetik ko‘lam olib kirishga muvaffaq bo‘ldilar.

Shuningdek, XX asr ikkinchi yarmida postmodernizm fenomeni yuzaga keldi, bu yo‘nalish matnlar o‘rtasidagi intertekstual munosabatlar, ironiya, pastij (pastiche), dekonstruktsiya, simulyakrlik (simulacra) kabi nazariy tushunchalar asosida adabiyotni o‘z-o‘zini anglash vositasi sifatida talqin qildi. U. Eko, T. Pinchon, J.-F. Lyotar singari postmodernistlar an’anaviy adabiy shakllarni inkor etmay, balki ularni parodiya va qayta kontekstualizatsiya orqali yangicha ma’no doirasida ifodaladilar. Postmodernizmda haqiqat nisbiy, tarix – rekonstruksiya qilinadigan matn, shaxs esa ko‘plikdagi identifikatsiyalar yig‘indisi sifatida ko‘riladi. Bu esa adabiyotda tarixiy va madaniy narativlarning ishonchliligi va barqarorligini shubha ostiga qo‘yishga olib keldi.

Ushbu tarixiy davrlar davomida shakllangan adabiy oqimlar – romantizm, realizm, modernizm va postmodernizm – o‘ziga xos badiiy-estetik qarashlar tizimini shakllantirdi. Har bir yo‘nalish adabiyotga yangi mazmun, shakl va uslubiy yondashuvlarni olib kirdi. Quyida ushbu oqimlarning mazmun-mohiyati, asosiy xususiyatlari hamda ingliz va amerika adabiyotidagi namoyondalari misolida tahlil qilinadi.

XIX asr boshlarida Yevropa adabiyotida inqilobiy o‘zgarishlar yuz berdi. Ma’rifatparvarlikning aqliy asosga tayanuvchi yondashuvlariga qarshi ravishda, romantizm inson hissiyoti, ichki dunyosi va tabiat bilan uyg‘unligiga e’tiborni kuchaytirdi. Ushbu adabiy oqim o‘z davrining madaniy, falsafiy va siyosiy o‘zgarishlariga nisbatan badiiy javob sifatida shakllandi (Levine, 2023).

Romantizm adabiy yo‘nalishi XVIII asrning oxiri va XIX asr boshlarida yuzaga kelgan bo‘lib, tabiatga, individualizmga hamda inson hissiyotlarini ifodalashga katta e’tibor qaratgan. Bu yo‘nalish vakillari jamiyatdagi muayyan illatlarga, ayniqsa, sanoat inqilobining shaxsiyatga ko‘rsatgan salbiy ta’siriga qarshi chiqqan holda, insonning ichki kechinmalari va tabiat bilan bo‘lgan munosabatini yoritishga intildilar (Levine, 2017). Romantizm adabiyotida tabiat go‘zalligi va inson ruhiy holatlari markaziy o‘rinda turadi. Asarlarda ko‘pincha shaxsiy erkinlik, o‘zlikni anglash, insoniy dramalar va ruhiy kurashlar tasvirlanadi. Ingliz shoiri Uilyam Vordsvors tabiat va uning inson qalbiga ta’sirini poetik ifodalagan bo‘lsa, amerikalik yozuvchi Edgar Allan Po o‘zining sirli, qorong‘i mavzulari bilan romantik adabiyotning yorqin vakillaridan biri sifatida e’tirof etiladi.

XIX asrning ikkinchi yarmiga kelib, romantik idealizm o‘rnini hayot haqiqatlarini aks ettiruvchi realizmga bo‘shatdi. Jamiyatda sanoatlashuv, urbanizatsiya va sinfiy tafovutlarning kuchayishi adabiyotni real hayot muammolarini yoritishga undadi. Realizm badiiy ijodda ijtimoiy voqelik, oddiy inson taqdiri va zamonaviy jamiyatdagi ziddiyatlarning tasviriga asoslandi.
Realizm, romantizmga qarshi yo‘nalish sifatida yuzaga kelgan bo‘lib, hayotni haqqoniy va to‘laqonli tasvirlashga intilgan. Realist yozuvchilar ijtimoiy va siyosiy muammolarni, oddiy odamlarning kundalik hayotini san’at vositasida ifodalash orqali adabiyotda yangi realizm estetikasini shakllantirdilar (Walker, 2025). Ushbu yo‘nalishda ijtimoiy haqiqat, jamiyatdagi tengsizliklar va inson hayotidagi ziddiyatlar keng ko‘lamda tasvirlangan. Angliyalik yozuvchi Charlz Dikkens "Oliver Tvist", "Devid Koperfild" kabi romanlarida sanoatlashgan jamiyatdagi ijtimoiy adolatsizliklarni keskin tanqid qilgan. Amerikalik adib Herman Melvil esa "Mobi Dik" romanida insonning ichki kurashi, ma’naviy izlanishlari va ekzistensial muammolarini yoritgan.

XX asrga kelib, inson tafakkuri va madaniyatida chuqur siljishlar yuz berdi. Ikkala jahon urushi, ilm-fan taraqqiyoti va falsafiy qarashlarning yangilanishi adabiyotda ham o‘z aksini topdi. Shu asosda modernizm va keyinchalik postmodernizm kabi murakkab, ko‘p qirrali adabiy oqimlar vujudga keldi. Bu oqimlar an’anaviy adabiy shakllarni inkor etib, badiiy tajriba va tilda yangilik izlashga intildilar. Adabiyotda modernizm va postmodernizm kabi yangi adabiy yo‘nalishlar shakllandi. Modernizmda an’anaviy janr va shakllar parchalandi, estetik tajriba va uslubiy yangiliklar ustuvor ahamiyat kasb etdi. Modernist yozuvchilar inson mavjudoti, vaqt, xotira, haqiqat va anglash jarayoni kabi mavzularga chuqur falsafiy yondashdilar.

Postmodernizm esa real va fantastik unsurlarni birlashtirgan holda, metanarrativlarning parchalanishini, intertekstual bog‘liqlikni va adabiy o‘z-o‘zini inkor qilish uslubini taklif qildi. Irlandiyalik yozuvchi Jeyms Joys "Uliss" romanida xotira, til va anglashning murakkabligini o‘rganib, modernizmning eng muhim namoyandalaridan biri bo‘ldi (theguardian.com). Amerikalik yozuvchi Tomas Pinchon esa postmodernistik yondashuv orqali real va fantastik dunyolar o‘rtasidagi chegaralarni yo‘q qilgan holda, murakkab syujet va ko‘p qirrali matnlar yaratdi (Walker, 2025).

Xulosa qilib aytganda, adabiyot insoniyat tafakkurining tarixiy, madaniy va ruhiy evolyutsiyasini aks ettiruvchi murakkab san’at shaklidir. U har bir davrning estetik, falsafiy va ijtimoiy paradigmalari bilan bevosita bog‘liq holda rivojlanib, jamiyatdagi o‘zgarishlarni badiiy tafakkur orqali anglash imkonini yaratadi. XIX va XX asrlar adabiyoti bu jarayonning eng muhim bosqichlaridan biri bo‘lib, unda romantizm, realizm, modernizm va postmodernizm singari badiiy yo‘nalishlar orqali adabiyot shakl va mazmun jihatidan tubdan yangilandi. Romantizm va realizm adabiyoti inson ruhiy olami va ijtimoiy haqiqatni badiiy ifoda qilishda yetuk namoyandalar orqali mustahkam poydevor yaratgan bo‘lsa, modernizm va postmodernizm bu mezonlarni qayta ko‘rib chiqib, san’atda erkin izlanish, shakliy eksperiment va ideologik relativizmga asoslangan yangi adabiy konsepsiyalarni ilgari surdi. Ayniqsa, modernist va postmodernist matnlar inson mavjudotining ontologik va epistemologik noaniqliklarini, haqiqat va xotiraning nisbiyligini, shaxs va til o‘rtasidagi murakkab munosabatlarni ifodalash orqali adabiy tafakkurni yangi bosqichga olib chiqdi.

Shu boisdan, XIX–XX asrlar adabiy jarayoni – bu nafaqat badiiy shakllarning almashinuvi, balki inson tafakkurining badiiy-estetik shaklda qayta tashkil etilishidir. Bu adabiy oqimlar orqali adabiyot jamiyat, shaxsiyat va tafakkur o‘rtasidagi uzviy aloqalarni tahlil etuvchi kuchli ijtimoiy-madaniy fenomen sifatida o‘z mavqeini mustahkamladi.

 

Bibliografik manbalar

Levine, C. (2015). The serious pleasures of suspense: Victorian realism and narrative doubt. University of Virginia Press.

Levine, C. (2017). Forms: Whole, rhythm, hierarchy, network. Princeton University Press.

Levine, C. (2023). The activist humanist: Form and method in the climate crisis. Princeton University Press.

Michelle. (2024). Theory & practice. Text Publishing / Catapult.

Rayment, A. (2021). Literary realism, modernism and postmodernism: A comparative introduction. Chiba University.

Walker, E. (2025). Literary movements that changed the world: From romanticism to postmodernism. SBL Times.

Nashr qilingan

Yuklashlar

Muallif biografiyasi

Mohira Tursunova ,
Namangan davlat chet tillari instituti
PhD, dotsent

Qanday qilib iqtibos keltirish kerak

Tursunova , M. (2025). XIX–XX asr ingliz va amerika adabiyotida asosiy yo‘nalishlar: romantizm, realizm va yangi oqimlar. Lingvospektr, 7(1), 128–132. Retrieved from https://lingvospektr.uz/index.php/lngsp/article/view/982

Tegishli maqolalar

1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 > >> 

Bundan tashqari, ushbu maqola uchun shunga o'xshash maqolalar uchun kengaytirilgan qidiruvni boshlang mumkin.