Uilyam Shekspirning tarixiy xronikalarida tarixiy shaxs obrazi konsepsiyasi

Mualliflar

  • Namangan davlat chet tillari instituti
Uilyam Shekspirning tarixiy xronikalarida tarixiy shaxs obrazi konsepsiyasi

Annotasiya

Ushbu maqolada Uilyam Shekspirning “tarixiy xronikalari”da tarixiy shaxslar obrazining shakllanishi masalasi tahlil qilinadi. Muallif tarixiy obrazlarni yaratishda ta’sir ko‘rsatgan subyektiv va obyektiv omillarni ajratib ko‘rsatadi. Shekspir dramatik asarlarida tarixiy faktlar va tarixiy shaxslarning xarakterlarini sahnaviy talablarga mos tarzda qayta talqin etgan. Xususan, Genrix VIII va Genrix VI kabi shaxslar obrazining tarixiy manbalar bilan solishtirilgan holda qanday o‘zgartirilgani ochib beriladi. Tadqiqotda Renessans davri istoriografiyasi, siyosiy tsenzura, vatanparvarlik kayfiyatlari va dramaturgning shaxsiy pozisiyasi kabi omillar tarixiy obrazlarning shakllanishiga qanday ta’sir ko‘rsatgani ko‘rsatib beriladi. Maqolada Shekspir dramatik uslubining tarixiylik prinsipiga asoslanganligi alohida ta’kidlanadi.

Kalit so‘zlar:

Shekspir tarixiy xronika tarixiy obraz Genrix VIII Genrix VI Yelizaveta davri istoriografiya dramaturgiya siyosiy tsenzura subyektiv omillar obyektiv omillar

Badiiy adabiyotda tarix va shaxs obrazining ifodalanishi muhim estetik va ideologik ahamiyatga ega. Ayniqsa, tarixiy drama janrida tarixiy shaxs obrazining konseptual talqini muallifning estetik qarashlari, davr mafkurasi va siyosiy kontekstlari bilan chambarchas bog‘liq bo‘ladi. Uilyam Shekspirning tarixiy xronikalari ingliz adabiy merosining muhim qismidir va ularda tarixiy shaxslar obrazi chuqur psixologik tahlil, dramatik ziddiyat va ijtimoiy-falsafiy qatlamlar asosida yaratilgan.

Shekspir o‘z xronikalarida tarixiy voqealarga sodiqlik bilan yondashgan bo‘lsa-da, u dramatik ta’sirchanlikni oshirish va ma’naviy-estetik g‘oyalarni ilgari surish maqsadida tarixiy shaxslar obrazini san’atkorona qayta talqin qilgan. Masalan, “Richard III”da zolim hukmdor, “Henrix V”da esa vatanparvar va kuchli lider obrazining yaratilishi orqali muallif nafaqat tarixga badiiy yondashuvni namoyon etgan, balki o‘z zamonasining siyosiy-ijtimoiy muammolariga ham ishora qilgan.

Tarixiy mavzu badiiy adabiyotga yangi kirib kelgan fenomen emas. Tarixiy voqealarga bag‘ishlangan badiiy asarlarning ildizlarini Antik adabiyotlar davridayoq kuzatish mumkin. Masalan, bu davrda Iskandar Zulqarnaynning jasoratlari haqida romanlar yaratilgan bo‘lib, ular keyinchalik O‘rta asrlar davrida bir necha bor qayta ishlangan. Ingliz adabiyotida esa tarixiy voqealar asosida yaratilgan badiiy asarlarning eng yorqin ilk namunalaridan biri bu – Uilyam Shekspirning “tarixiy xronikalari” hisoblanadi. Shekspirning “tarixiy xronikalari” Angliyaning siyosiy tarixidagi voqealarni tasvirlaydi. Ular qirol Jon (XII asr) hukmronlik davridan boshlanib (“Qirol Jon” dramasi), Shekspir uchun zamondosh bo‘lgan qirol Genrix VIII (XVI asr) davrigacha bo‘lgan tarixiy davrni qamrab oladi (1599-yilda yozilgan “Genrix VIII” pesasi Shekspirning so‘nggi “tarixiy xronikasi”dir). Mazkur asarlarda asosiy qahramonlar sifatida ingliz qirollari hamda ularni qurshab turgan muhim tarixiy shaxslar tasvirlangan.

Zamonaviy tadqiqotchilar Shekspirning xronikalarida tasvirlangan voqealarning ildizlarini o‘sha davr tarixnavislari Holinshed va Hollning asarlaridan topishadi.

Adabiyotshunos Leonid Pinskiy Shekspir xronikalaridagi “asosiy syujet yo‘nalishi” quyidagicha belgilaydi: “Shekspir va uning zamondoshlari uchun xronikalarning o‘ziga xosligi – avvalo, ularning mavzusida, ya’ni davlat va tarixiy mazmundagi syujetidadir. Bu – millatning siyosiy hayoti, milliy davlat rivojlanishidagi muhim tarixiy daqiqalar, voqealar va qahramonlar – davlat arboblari orqali ifodalanadigan dramatik voqealar bo‘lib, komediyalarda shaxsiy tuyg‘ular to‘qnashuvi orqali tabiat hayoti, tragediyalarda esa shaxs va jamiyat o‘rtasidagi ziddiyatlar orqali ijtimoiy hayot tasvirlansa, xronikalarda siyosiy qarama-qarshiliklar orqali millat hayoti butunligicha aks ettiriladi” (Пинский, 1971).

Garchi “tarixiy xronikalar”da ingliz monarxlarining shaxsiy hayotiga ham e’tibor qaratilgan bo‘lsa-da, baribir ular qilgan har qanday harakat oxir-oqibatda Angliya siyosiy tarixiga qaysidir bir yo‘l bilan ta’sir qiladi. Uilyam Shekspir “tarixiy xronikalar”ni yozar ekan, asar oldiga qo‘ygan asosiy maqsad – Angliya tarixidan muayyan bir epizodni haqqoniy tarzda qayta yaratish va bu tarixiy jarayonga alohida shaxslar (xususan, asarning nomi bilan atalgan ingliz qirollari) qanday ta’sir ko‘rsatganini yoritish bo‘lgan. Aynan shu sababli Shekspir xronikalarining syujetida komediyalar va tragediyalarga nisbatan g‘ayritabiiy hodisalar ancha kam uchraydi. Bu holat esa ushbu asarlardagi obrazlarni tarixiy ishonchlilik nuqtayi nazaridan tahlil qilishni maqsadga muvofiq qiladi.

Agar Shekspir “tarixiy xronikalari”da, umuman olganda, tarixiy ishonchlilik masalasini va, xususan, ingliz qirollari obrazining tarixga muvofiqligini ko‘rib chiqsak, bu jarayonga ta’sir qiluvchi bir qator omillarni ajratish mumkin. Ushbu omillarni ikki toifaga bo‘lish mumkin: birinchisi – muallifning shaxsiy yondashuvi bilan bog‘liq subyektiv omillar, ikkinchisi esa – u yashagan davrning tarixiy xususiyatlari bilan bog‘liq obyektiv omillar.

Uilyam Shekspir xronikalarida tarixiy shaxs obrazining shakllanishiga ta’sir ko‘rsatgan ob’yektiv omillar haqida gapirganda, avvalo Shekspir yashagan davr – Yelizaveta davridagi Angliya ijtimoiy-siyosiy vaziyatiga e’tibor qaratish lozim. Aynan shu davrda Angliyada tarixiy drama janri yoki ingliz tilida aytilgandek, “history” janri shakllandi va keng tarqaldi.

Ushbu janrning ommalashuvi mamlakatda kuchayib borayotgan vatanparvarlik kayfiyatlari bilan bevosita bog‘liq edi. Bu kayfiyatlar esa, o‘z navbatida, Angliyaning siyosiy nufuzining oshishi bilan bog‘liq bo‘lib, bu jarayonda 1588-yilda Ispaniyaning “Yengilmas Armada”si ustidan qozonilgan g‘alaba muhim rol o‘ynagan edi. Shundan kelib chiqib, asarlar omma tomonidan iliq kutib olinishi uchun, ayniqsa, xorijiy urushlar yoki tashqi qarama-qarshiliklar tasvirlanganda, tarixiy xronikalar mualliflari Angliya tomonida qatnashgan tarixiy shaxslarni asosan ijobiy obrazda tasvirlashga intilganlar. Aksincha, Angliyaga qarshi bo‘lgan raqiblar esa             sahnada salbiy qahramonlar sifatida gavdalangan.

Masalan, “Genrix VI”ning birinchi qismida fransuz xalqining milliy qahramoni bo‘lgan Janna d’Ark jodugar sifatida tasvirlanadi. U o‘z vataniga yordam berish uchun qora kuchlarni chaqiradi, biroq unga adolatli jazo tahdid solgan paytda, o‘z jonini saqlab qolish uchun o‘zining oliynasab kelib chiqishini isbotlash maqsadida oilasidan voz kechadi.

“Tarixiy xronikalar”da tarixiy shaxslar obrazining shakllanishiga ta’sir qilgan yana bir muhim obyektiv omil – bu Yelizaveta davridagi Angliya ijtimoiy-siyosiy vaziyati bilan bog‘liq syenzura mavjudligi edi. Hukmron qirolicha Yelizaveta I ning otasi va bobosi bo‘lgan Tyudorlar sulolasi vakillari – qirollarni salbiy tarzda tasvirlash nafaqat xavfli, balki bunday obrazlar tomoshabinlar tomonidan ham ijobiy kutib olinmasligi aniq edi. Axir aynan Yelizaveta I boshchiligida Angliya “Yengilmas Armada”ni yengib, kuchli imperiyaga aylangan edi.                   Shu bois, Genrix VIII Ann Boleynga va                  Tomas Morning qatl etilishiga sabab bo‘lganligi uchun yomon obro‘ga ega bo‘lsa-da, Shyekspirning “Genrix VIII” nomli pyesasida saxiylik ko‘rsatishga qodir, o‘z fuqarolari uchun soliqni kamaytiruvchi hukmdor sifatida tasvirlangan.

Shunga qaramay, adabiyotshunos Valentina Komarova fikriga ko‘ra, Uilyam Shekspir “Genrix VIII” nomli pesasida tasvirlagan Genrix VIII zamonaviy umuminsoniy qarashlar nuqtai nazaridan kamchilik deb hisoblanishi mumkin bo‘lgan sifatlardan             xoli emas. U Uilyam Shekspir ijodiga bag‘ishlangan ishida, pesaning bosh qahramoni sifatida Genrix VIII ga baho berar ekan, “Genrix o‘z injiqliklarini mohirlik bilan oqlay oladi va eng g‘ayriqonuniy harakatlarga ham go‘yoki qonuniylik va davlat manfaatlariga g‘amxo‘rlik tusini bera oladi. Bu – aqlli, ayyor, balandparvoz so‘zlar bilan niqoblangan zolimlikdir. Yaltoqilik va itoatkorlik despotni mehribon va adolatli hukmdor sifatida ko‘rsatadigan nufuz yaratadi. Genrix xalq azob-uqubatlariga o‘z vaqtida hamdardlik ko‘rsatishni, soliqni kamaytirishni, tantanali tomoshalar bilan xalqni ko‘nglini ko‘tarmoqni va parlamentni qirol har narsadan avval              davlat manfaatlarini ustun qo‘yishiga ishontirishni yaxshi biladi”, – deb yozadi (Комарова, 2001).

 Shuningdek, Shekspirning Genrix VIII ga bo‘lgan munosabati unchalik ham biryoqlama emasligidan yana bir holat dalolat beradi.                Bu holat Komarovaning yuqorida keltirilgan ishida alohida ta’kidlangan. Xususan, Genrix VIII farmoni bilan qatl etilgan qahramonlar           pyesada hech qanday sezilarli salbiy sifatlarga ega emas kishilar sifatida tasvirlanadi. Adabiyotshunosning fikriga ko‘ra, bu obrazlar ataylab pyesaga kiritilganki, aynan shu yerda tarixiy obrazlar muallifning o‘ziga, ya’ni subektiv omillariga bog‘liq tarzda shakllana boshlaydi (Комарова, 2001).

Uyg‘onish davri Angliyasidagi “tarixiy xronikalar” hamda umuman tarixiy voqealarni tasvirlovchi badiiy adabiyotda tarixiy shaxs obrazining shakllanishiga ta’sir qiluvchi                  yana bir muhim obyektiv omil – bu muayyan asar yaratilgan davrdagi tarix fanining rivojlanish darajasidir. Shuni alohida ta’kidlash kerakki, “tarixiy xronikalar” faqat Angliyada kuchaygan vatanparvarlik kayfiyatlari tufayli emas, balki aynan ingliz istoriografiyasining rivojlanishi natijasida ham yuzaga kelgan. Shekspir ijodi bo‘yicha tadqiqot olib borgan olim Irving Ribnerning (2004) fikriga ko‘ra, aynan Angliyada istoriografiyaning yangi bir turi shakllangan. Bu yangi yo‘nalish vakillari – masalan, Tomas Mor va Rafael Holinshed – tarixda yuz bergan voqealarni shunchaki               bayon qilish bilangina cheklanmasdan, balki o‘sha davrning mashhur shaxslarini harakterlash, sodir bo‘lgan voqealarni               ularning shaxsiy xususiyatlari orqali izohlashga harakat qilganlar. Shekspirshunos Yuriy Shvedovning (1977) ta’riflashicha, Holinshed xronikalari “voqealarni subektiv va ixtiyoriy talqin qilishga qarshi o‘ziga xos qarshi vosita” bo‘lgan. Shunday qilib, Uilyam Shekspir               ijodida tarixiy jarayonlarga yondashishda                 asos bo‘lib xizmat qilgan “tarixiylik prinsipi” aynan Renessans istoriografiyasining xususiyatlariga tayangan. Bu prinsipga                   ko‘ra, tarix – bu shaxslar va ular tushib qolgan tarixiy sharoitlar o‘rtasidagi o‘zaro ta’sir mahsulidir. Biroq shuni ham unutmaslik lozimki, Yelizaveta davridagi Angliyada kitob chop etish jarayoni davlat tomonidan qat’iy nazorat qilinar edi. Shu sababli, Shekspir, shuningdek, u tayanayotgan tarixiy asarlar mualliflari uchun ham ma’lum bir davrga                    oid barcha hujjatlar, tarixiy manbalar to‘liq mavjud bo‘lmagan bo‘lishi mumkin.                    Bundan tashqari, tarixiy asarlar mualliflari ba’zida muhim tarixiy faktlarni e’tiborsiz qoldirgan yoki o‘z fikrlarini boshqa manbalarga tayanmasdan, haqiqat sifatida bayon etgan bo‘lishlari ehtimoldan holi emas. Bu holat ayniqsa Tomas Morning “Richard III tarixi” asarida va unga asoslangan Shekspirning “Richard III” tarixiy xronikasida yaqqol namoyon bo‘ladi.

Yuqorida keltirilgan qirol Genrix VIII obraziga oid misol, Uilyam Shekspirning              “tarixiy xronika”sining asosiy qahramoni sifatida, muallifning tasvirlanayotgan shaxsga nisbatan subektiv munosabatini ochiq-oydin namoyon etadi. Ya’ni, muallif ayrim tarixiy faktlarni yoki shaxsning xarakteriga oid jihatlarni asarda ataylab keltirmasligi, ularni chetlab o‘tishi mumkin. Bu esa, o‘z                 navbatida, obrazning yanada esda qolarli bo‘lishiga xizmat qiladi. Bunday holat, ya’ni obrazning tarixiy prototipdan farqlanishi, adabiyotning o‘ziga xos turi – drama janrining ob’yektiv cheklovlari bilan ham bog‘liqdir. Dramaturg, istasa ham, sahna talablari, vaqt              va voqea zichligi sababli, tasvirlanayotgan tarixiy shaxsning biografiyasidagi barcha jihatlarni to‘liq qamrab ololmaydi.                     Natijada, esda qoladigan bo‘lsa-da, bu                    obraz tarixiy hujjatlar va xronikalarda aks               etgan asl tarixiy shaxs siymosidan farq qilishi mumkin. Afsuski, Uilyam Shekspir o‘z “xronika”lariga biror sharh qoldirmagan. Shuning uchun biz dramaturgning muayyan tarixiy shaxslarga nisbatan shaxsiy munosabatini u foydalanayotgan tarixiy manbalardagi qaysi faktlar asarda tushirib qoldirilgani yoki o‘zgartirilganiga qarab                 taxmin qila olamiz. Bu faktlar mavjudligi                     yoki yo‘qligi, o‘z navbatida, tarixiy shaxs obrazining sahnadagi talqini bilan real tarixiy prototip o‘rtasida qanday tafovutlar borligini aniqlashga yordam beradi. Masalan, Tomas Mor o‘zining “Richard III tarixi” asarida qirol Genrix VI haqida ijobiy fikr bildiradi. U shohni quyidagicha tavsiflaydi: “U yaxshi inson edi, qirollarga xos salobatga ega, yuragi jasur, maslahatda dono, falokatda ruhini yo‘qotmasdi, omadli damlarda esa g‘ururlanmasdan xursand bo‘lardi, tinchlik davrida – adolatli va rahmdil, urush chog‘ida – qattiqqo‘l va shafqasiz, jang maydonida – jasur va qo‘rqmas, xavf oldida – dadil, biroq bu dadillik aql chegarasidan oshmas edi” (Mor, 1973).  Ammo Shekspirning asarida biz bu qirolni dindor, ammo butunlay irodasiz, zaif, passiv shaxs sifatida ko‘ramiz. Asardan anglashilishicha, dramaturg aynan shu                zaiflikni Angliyaning Yuz yillik urushdagi mag‘lubiyati va yangi boshlangan ichki urushlarning asosiy sababi deb biladi. Demak, muallif o‘z qarashlariga qarab, tarixiy manbalarda bir shaxs haqida berilgan turli xil tavsiflardan aynan o‘zi uchun muhim                 bo‘lgan, obrazga muvofiq jihatlarni tanlab olgan.

Tarixiy voqealarga bag‘ishlangan adabiy asarda, jumladan, Shekspirning “tarixiy xronikalari”da tarixiy shaxs obrazining shakllanishiga ta’sir ko‘rsatadigan omillardan yana biri bu muallifning o‘ziga, ya’ni             subyektiv pozisiyasiga bog‘liq omildir. Tarixiy obrazlar orqali muallif nafaqat o‘tgan voqealarga, balki o‘z zamonasidagi haqiqatga ham munosabatini, shuningdek, bu voqealarning yuzaga kelishiga sabab bo‘lgan shaxslar haqidagi qarashlarini ifodalashi mumkin.

Uilyam Shekspirning tarixiy xronikalari ingliz dramaturgiyasi va tarixiy adabiyotining rivojida muhim bosqich sanaladi. Asosan tarixiy dramalarda u tarixiy shaxslarni faqatgina voqelikni ifodalovchi obraz sifatida emas, balki ijtimoiy-psixologik, siyosiy va axloqiy mohiyatga ega murakkab individual shaxs sifatida yoritadi. Bu esa Shekspir asarlarining dramatik strukturasida psixologik realizm, politologik kontekst, ideologik tashxis va metaforik ifoda vositalari orqali amalga oshiriladi.

Shekspir tarixiy shaxs obrazlarini yaratishda rasmiy tarixiy faktlar bilan bir qatorda badiiy talqin, xarakter yaratishdagi dramatik kuchlanish, shaxsiy ichki kurashlar va axloqiy tanlovlarga urg‘u beradi. Bu yondashuv o‘z davri uchun innovatsion bo‘lib, zamonaviy tarixiy dramaturgiyada individualizatsiyalashgan tarixiy konstruksiya, dramaturgik biografizm va tarixiy narrotivning subyektivlashtirilishi kabi nazariy yondashuvlarga asos solgan.

Shuningdek, Shekspirning tarixiy dramaturligida tarixiy shaxs obrazi xalq va davlat o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlar, siyosiy legitimlik, adolat va vijdon kabi konseptual to‘qnashuvlar bilan uzviy bog‘liq holda shakllanadi. Bu esa uning tarixiy xronikalarini nafaqat badiiy, balki ijtimoiy-falsafiy qiymatga ega manba sifatida o‘rganish imkonini beradi.

 

Bibliografik manbalar

Ribner, I. (2004). The English history play in the age of Shakespeare. Routledge.

Комарова, В.П. (2001). Творчество Шекспира. Санкт-Петербург.

Мор, Т. (1973). Эпиграммы. История Ричарда III. Москва: Наука.

Пинский, Л. (1971). Шекспир. Основные начала драматургии. Москва: Художественная литература.

Шведов, Ю.Ф. (1977). Вилям Шекспир: исследования (Я. Н. Засурский, ред.). Москва: Издательство Московского университета.

Nashr qilingan

Yuklashlar

Muallif biografiyasi

Olimjon Dadaboyev ,
Namangan davlat chet tillari instituti
PhD, dotsent

Qanday qilib iqtibos keltirish kerak

Dadaboyev , O. (2025). Uilyam Shekspirning tarixiy xronikalarida tarixiy shaxs obrazi konsepsiyasi. Lingvospektr, 7(1), 133–138. Retrieved from https://lingvospektr.uz/index.php/lngsp/article/view/983

Tegishli maqolalar

1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 > >> 

Bundan tashqari, ushbu maqola uchun shunga o'xshash maqolalar uchun kengaytirilgan qidiruvni boshlang mumkin.

Муаллифнинг (муаллифоарнинг) энг кўп ўқилган мақолалари