Проблема близости к оригиналу и адекватности в переводческих версиях одного рассказа

Авторы

  • Узбекский государственный университет мировых языков
Проблема близости к оригиналу и адекватности в переводческих версиях одного рассказа

Аннотация

В статье анализируется степень сохранения авторского стиля, художественных образов, национально-культурных элементов и семантических нюансов в процессе перевода. Исследование посвящено сравнительному анализу различных переводческих версий одного рассказа с целью выявления проблем близости к оригиналу и адекватности перевода. Кроме того, рассматриваются теоретические основы понятий эквивалентности и адекватности, а также изучается индивидуальный стиль переводчика и степень его интерпретации по сравнению с оригиналом. Результаты исследования показывают, что в процессе перевода наряду с верностью оригиналу важную роль играет культурная адаптация, способствующая сохранению коммуникативной и художественной ценности текста.

Ключевые слова:

Перевод оригинал адекватность эквивалентность интерпретация семантическое соответствие стилистическая точность культурная адаптация стиль переводчика художественный текст

Tarjima tarixida shunday hodisalar            borki, bir asarning bir nechta tarjima           nusxalari yaratilgan. Masalan, zamonaviy Amerika adabiyotining yirik namoyondalari         E. Xemingueyning “The cat in the rain” (“Yomg‘irda qolgan mushuk”),  “Old Man at the Bridge” (“Ko‘prikdagi chol”) hamda Mark Tvenning “The Mysterious Stranger” (“O‘xshatish”; “G‘alati o‘xshashlik”) hikoyalarini katta avlod (Olim Otaxon, Shoir Usmonxo‘jayev)  va yosh avlod tarjimonlari (Qulmon Ochil, Q.Yusupova, Umid Ali, O‘roq Ravshan) o‘zbekchalashtirishgan. Katta avlod bilvosita til orqali, yosh avlod esa asliyatdan o‘g‘irishgan. 

Tadqiqotchi K. Yusupova E. Xemingueyning “Ko‘prikdagi chol” hikoyasining O‘. Ravshanov va Q.Ochil tarjimasidagi ikki tarjima nusxasini monografik tadqiqotida biroz tahlil qilgan (Yusupova, 2023). Biz mazkur faslda birdan ortiq tarjima nusxalariga ega bo‘lgan M. Tven va                           E. Xeminguey hikoyalarining tarjima sifati hamda adekvatlikga yaqinlik muammosini       tahlil qilamiz.

Bu farqni Ernest Xemingueyning “Old Man at the Bridge” (Ko‘prikdagi chol) hikoyasi asosida amalga oshirilgan ikki tarjima – 1938 yilda Qulmon Ochilov tomonidan rus tilidan bilvosita tarjima, va 1991 yilda O‘roq Ravshanov tomonidan ingliz tilidan bevosita tarjima misolida tahlil qilish mumkin.

E.Xeminguey “Old Man at the Bridge” (“Ko‘prikdagi chol”) hikoyasini 1938-yilda yozgan. Ma’lumotlarga ko‘ra 1937-yilda Ispan fuqorolar urushi haqida Shimoliy Amerika gazetasida yoritib berish uchun journalist muxbir sifatida Ispaniyaga yo‘l oladi. Shu tahririyat topshirig‘i bilan Ispaniyadan Floridaga safar uyushtiradi. Ana shu safar chog‘ida E.Xeminguey o‘z ko‘zi bilan dushman tomonidan tor-mor qilingan shahar va qishloqlardagi urush vayronalarini hamda g‘am chekkan odamlarni ayniqsa, boshpanasiz qolgan g‘arib kimsalarni ko‘rib qattiq ta’sirlanadi. Yozuvchini junbushga keltirgan bu hayotiy tafsilotlar “Ko‘prikdagi chol” hikoyasi “Alvido, qurol!”, “Fiesta” romanlarida urush lavhalari hamda urush yetkizgan qalb jarohatlari qalamga olinadi.

“Ko‘prikdagi chol” hikoyasida juda katta syujet va hayotiy tafsilot yo‘q. Ismi ham no‘malum bir chol va uning dushman talofat yetkazib, uyidan bosh olib chiqib ko‘prik ustida uy hayvonlari haqida (ikki echki, bir mushuk va to‘rt juft kaptar) haqida qayg‘urishi tasvirlanadi. Hikoyada E. Xeminguey badiiy uslibiga hos aniqlik, qisqalik ixchamlilik, telefon-telegraf usuli ko‘zga tashlanadi. Aytish mumkinki, cholning chuqur dard bilan qayg‘urayotgan ikki echki, bir mushuk va to‘rt juft kaptar timsoli aslida Vatanga ramziy ishoradir. Chol yolg‘iz o‘zi yashaydi, lekin chog‘roq bo‘lsada kichkina uyi va u mehr qo‘ygan uy hayvonlari bor. U urush tufayli uyini, ona vatanini tashlab ketishga majbur bo‘ladi. Chol yetmish sakkizga kirgan. Qishloqdoshlari dushman zarbasidan so‘ng o‘z uylarini tashlab qochishgan. Chol majburan, majolsiz bir qiyofada hammadan oxirida uyini tark etadi. E. Xemingueyning badiiy mahorati shundaki, qarib qolgan chol va uning uy hayvonlari haqidagi ko‘prik ustidagi dialogini berish orqali vatanidan ajralgan g‘amgin kishi ruhiyatini teran ochib beradi.

“Ko‘prikdagi chol” hikoyasi rus tiliga 1959-yilda T. Ozerskoy tomonidan ingliz tilidan tarjima qilingan. Uning tarjima nusxasi o‘zbek mutarjimi Q. Ochilga asos bo‘lgan. Mazkur hikoyadagi xemingueyona badiiy psixologik mahoratini o‘zbek tarjimonlari qay tarzda o‘gira oldi. Buni tubandagi misollarda kuzatamiz:

Asliyat: “An old man with steel rimmed spectacles and very dusty clothes sat by the side of the road. There was a pontoon bridge across the river and carts, trucks, and men, women and children were crossing it. The mule-drawn carts staggered up the steep bank from the bridge with soldiers helping push against the spokes of the wheels. The trucks ground up and away heading out of it all and the peasants plodded along in the ankle deep dust. But the old man sat there without moving. He was too tired to go any farther.” (Hemingway, 1991).

Ruscha tarjima nusxa (tarjimon                           T. Ozerskoy):

“Старик в очках с железной оправой сидел у края дороги; его одежда была покрыта пылью. На реке был понтонный мост, и по нему переправлялись повозки, грузовики, мужчины, женщины и дети. Запряженные мулами повозки ползли с моста на крутой берег, солдаты подталкивали их, упираясь в спицы колес. Грузовики с грохотом взбирались наверх и исчезали, вырываясь из толчеи, крестьяне тащились, утопая в пыли по щиколотку. Но старик сидел неподвижно. Он слишком устал, чтобы идти дальше.” (Хемингуей, 2006).

O‘zbekchada birinchi nusxa (tarjimon Qulmon Ochilov):

“Yo‘l chetida o‘tirgan temir gardishli ko‘zoynak taqqan cholning kiyimlarini qalin chang bosgan edi. Yuk tashuvchi aravalar, avtomobillar, erkaklaru ayollar, bolalar daryoga o‘rnatilgan muvaqqat ko‘prik orqali narigi qirg‘oqqa shoshilinch o‘tkazilmoqda edi. Xachir qo‘shilgan aravalar qiya sohilga yetganda yo‘lidan og‘ib ketar, askarlar ularni g‘ildiraklari kegayidan itarib bazo‘r to‘g‘rilar edi. Yuk mashinalari tiqilinchdan otilib chiqib, taraqa turuq qilgancha tepalikka o‘rmalar va darhol ko‘zdan g‘oyib bo‘lardi, to‘pig‘igacha turpoqqa botgan dehqonlar esa zo‘rg‘a sudralib borar, faqat chol qilt etmasdi. Uning qadam tashlashga majoli qolmagan edi.” (Hemingway, 1991).

O‘zbekchada ikkinchi nusxa (tarjimon O‘roq Ravshanov):

“Gardishli ko‘zoynak taqqan, juldur kiyingan chol yo‘l chetida o‘tirardi. Daryoga qurilgan ponton ko‘prikdan esa aravalar, yuk ulovlari, erkagu ayol, bola-baqra o‘tib turardi. Xachirga qo‘shilgan aravalar askarlar nazoratida ko‘prikdan sohilga chiqarib qo‘yilar, vakillarga topshirilardi. Goho dehqonlar, to‘piqlarigacha changga botib, sudralib o‘tardilar. Faqat cholgina joyida qimirlamay o‘tirar, yurishga majoli yo‘qdek tuyulardi.” (Hemingway, 1991).

Hikoyaning ekspozitsiya qismidan olingan mazkur parchada chuldur kiyingan chol, uyini tashab ketayotgan yuk ulovlari, erkagu-ayollar, bolalar, chollar, dehqonlar tasvielanadi. Shu mayus manzara orasida ko‘prik ustida qimirlamay o‘tirgan chol tasvirlanadi.

Rus tarjimoni T. Ozerskoy Xeminguey badiiy matnini ruscha tarjimada aniq, ishonarli va jonli chiqishi maqsadida asliyat ruhini saqlagan holda so‘zma-so‘z va erkin ijodiy tarjima prinsiplaridan unumli foydalangan. O‘zbek tarjimoni Q. Ochilov bilvosita tarjimani T. Ozerskoy tarjima nusxasi asosida amalga oshiragan bo‘lsada, asliyat ruhini Xeminguey matniga ancha yaqin tarzda shu bilan birga o‘zbek kitobxonini nazarda tutgan holda                 milliy mentalitetga xos uslubda qayta yarata olgan. Masalan, asliyatda “pontoon bridge”            so‘z birikmasi T. Ozarskoy va O. Ravshanov tarjimasida “понтонный мост” va “ponton ko‘prik” tarzida so‘zma-so‘z va hijjalab tarjima prinsipi asosida o‘girilgan. Faqatgina Q. Ochil “pontoon bridge”ni “muvaqqat ko‘prik” deb o‘zbekchalashtirgan. Q. Ochil tarjima jarayonida asliyatdagi rus tarjimoni kabi             aynan so‘zma-so‘z, aniq tarjima va hijjalab tarjima prinsiplaridan unumli foydalangan holda erkin ijodiy tarjimaga kuch bergan.               Ya’ni Q. Ochil  “pontoon bridge” o‘xshagan so‘zlar tarjimasida sof o‘zbekona so‘zlarga             yo‘l ochgan. Shuningdek, hikoyada      tasvirlangan syujetni jonli, obrazli o‘zbekcha tarjima nusxada katta mahorat bilan yaratib bera olgan. Masalan, asliyat matnda uchraydigan “dust” (chang)          so‘zi ishtirok qilgan jumlani T. Ozerskoy “пыл”; O‘. Ravshanov “chang” shaklida aynan o‘girgan bo‘lsa, Q. Ochil badiiy matndagi bu so‘zni “turpoq” shaklida beradi. Demak, Q. Ochil hikoya matniga ancha ijodiy va erkin yondoshgan. Shu bilan birga adabiy tildagi “tuproq”so‘zini og‘zaki ifodadagi singari “turpoq”shaklida tarjimada aks ettiradi. Ma’lumki, “turpoq” tilshunoslik fanida tovush almashish hodisasi bo‘lib, tarjimon bu hodisa yuz bergan so‘zni qo‘llash orqali hikoyaning o‘qimishlilik darajasini oshiradi.

Qolaversa, “chang” (dust) so‘zi o‘rniga “turpoq” (tuproq)ni berish orqali hikoya tarjimasida leksik transformatsiya usulini qo‘llaydi.

 Bu tarjimada muhitning grafiklik asosida vizual tasviri, inson va texnika kontrasti, hamda urushning ifodaviy intensiteti juda ifodali uzatilgan.  Asliyatdagi “ground up”  so‘z birikmasini tarjimon rus tilidagi variantdagi “вырываясь из толчеи” deb rus tiliga o‘girgan.

 O‘zbek tarjimoni Q. Ochilov esa “tiqilinchda otilib chiqib” deb mahorat bilan o‘zlashtirgan, bu esa matnga estetik ta’sirchanlik baxsh etgan.

Bu holatda asosiy fe’l struktura – “trucks ground up and away” butunlay tarjimada ishtirok etmagan. Ya’ni, semantik segmentatsiya yuzaga kelgan, ya’ni matnning bir qismi tarjimada mavjud emas. Natijada, muallifning voqea manzarasini ochib beruvchi kuchli tasviriy vositasi o‘quvchiga yetkazilmagan.

Asliyat: “I did this and returned over the bridge. There were not so many carts now and very few people on foot, but the old man was still there.” (Hemingway, 1991).

Ruscha tarjima nusxa (tarjimon                             T. Ozerskoy):

Но старик сидел неподвижно. Он слишком устал, чтобы идти дальше.” (Хемингуей, 2006).

O‘zbekchada birinchi nusxa (tarjimon Qulmon Ochilov):

Topshiriqni bajarib, yana koprik osha ortga qaytdim. Endi aravalar ham, piyodalar ham ancha kamayib qolgan, cholning o‘tirishi esa o‘sha-o‘sha edi.” (Hemingway, 1991).

O‘zbekchada ikkinchi nusxa (tarjimon O‘roq Ravshanov):

 “Ko‘prikda ulovlar siyrak edi, piyodalar ham kamayib qolishgandi, ammo chol hamon shu yerda o‘tirardi.” (Hemingway, 1991).

Hikoyaning ekspozitsiya qismidan olingan yuqoridagi asliyatdagi parcha ruscha va ikki o‘zbekcha tarjima nusxada qaysi tarjimon adekvatga yaqinroq o‘girganligiga diqqat qaratamiz. Q. Ochil rus tarjimoni T. Ozerskoy tarjimasiga asoslangan bo‘lsada, O‘. Ravshanov va hatto o‘zi suyangan tarjimondan ham         o‘zib asliyatga yaqin badiiy jihatdan baquvvat tarjimani yaratgan. Xususan, bu Q. Ochilning hikoya badiiy ruhini va muallif E.Xeminguey badiiy niyatini to‘g‘ri anglagan holda oddiy, ravon va xalqchil ruhda tarjimani amalga oshirganligida ko‘rinadi. Chunki, tarjimon               Q. Ochil ko‘prik ustida qilt etmay o‘tirgan cholning ruhiy holatini “cholning o‘tirishi esa o‘sha-o‘sha edi” –  deb o‘girilishida ham qahramon ruhiyati, ham hikoya mohiyati xalqchil tarzda ifodalangan. Shu nuqtai nazardan qaralganda, T. Ozerskoy va                        O‘. Ravshanov tarjimasi Q. Ochil tarjimasi oldida anchayin g‘arib ko‘rinib qoladi.

Asliyat: “I was watching the bridge and the African looking country of the Ebro Delta and wondering how long now it would be before we would see the enemy, and listening all the while for the first noises that would signal that ever mysterious event called contact.” (Hemingway, 1991).

Ruscha tarjima nusxa (tarjimon                             T. Ozerskoy):

“Я смотрел на мост и на местность вокруг устья Эбро, напоминавшую мне Африку, и соображал, как скоро может показаться неприятель, и все время прислушивался, поджидая тех первых звуков, которые возвещают о вечно таинственном явлении, именуемом соприкосновением фронтов, а старик все еще сидел там.” (Hemingway, 1991).

O‘zbekchada birinchi nusxa (tarjimon Qulmon Ochilov):

“Afrikani yodimga solgan Ebro daryosi etaklariga va ko‘prikka dam-badam ko‘z yugurtirib, muhoraba deb atalmish mangu sinoatdan dalolat beruvchi ilk shovqinlardan dog‘da qolmay deb atrofga sergak quloq solar ekanman, dushman nechog‘li tez paydo bo‘lishini tahmin qilar edim. Chol esa hamon o‘sha yerda o‘tirardi” (Hemingway, 1991).

O‘zbekchada ikkinchi nusxa (tarjimon O‘roq Ravshanov):

“Men ko‘prikka qarab turardim. Amriqolik esa Ebro Dalta qishlog‘i tomon termulardi. U dushmanni o‘ylardi, tiq etgan tovush eshitilsa, vujudi quloqqa aylanardi.” (Hemingway, 1991).

“Ko‘prikdagi chol” hikoyasidan olingan yuqoridagi uch tarjima nusxa (T. Ozerskoy,               Q. Ochil, O‘. Ravshanov) asliyat bilan solishtirilganda tarjimonlarning adekvatga ne qadar yaqin variantni yaratganligini aniqlash mumkin. Buni quyidagi tahlillarda dalillaymiz. Asliyatga T. Ozerskoy va Q. Ochil ancha yaqin nusxani rus hamda o‘zbek tillarida qaytadan yarata olgan. O‘. Ravshanov esa ingliz tilidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri “Ko‘prikdagi chol” ning tarjima nusxasini amalga oshirgan bo‘lsada, asl matndan biroz uzoqlashgan. Jumladan, yuqoridagi parchada O‘. Ravshanov inglizcha parchani ancha ixcham shaklda yo‘zuvchining ayrim fikrlarini tarjimada tushirib qoldirgan. Bu balki asliyat matnni chuqur anglamaganligidan kelib chiqqan bo‘lishi mumkin. O‘. Ravshanov asliyatdagi  I was watching the bridge and the African looking country of the Ebro Delta”               (Men ko‘prik ustida  turib Afrikaning Ebro Delta qishlog‘ining manzarasini tomosha qilar      edim. -  Tarjima bizniki. – B.Y.) “Men ko‘prikka qarab turardim. Amriqolik esa Ebro Dalta qishlog‘i tomon termulardi.” – deb o‘girgan. Asliyat bilan solishtirilganda O‘. Ravshanov inglizcha jumlani parchalab ikki gapga bo‘lib tarjima qilgan. Albatta tarjima jarayonida tarjimon o‘zining shaxsiy uslubini yaratib original matnga yaqinlashishga harakat           qiladi. Mutarjim hatto asliyatdagi katta va murakkab jumlalarni parchalab, grammatik transformatsiya, semantik transformatsiya, leksik transformatsiya qilishi mumkin. Ammo yuqoridagi tarjimada O‘. Ravshanov badiiy kontekstdan biroz chiqib ketgan. Asliyatda “Amriqolik” so‘zi bo‘lmasa ham tarjima nusxada bu so‘zni o‘zi qo‘shib yuborgan. Shuningdek, asliyatdagi joy nomi “Ebro Delta”ni “Ebro Dalta” deb o‘girgan.

Rus tarjimoni T. Ozerskoy va Q. Ochil O‘. Ravshanovga nisbatan asliyatga ancha yaqin tarjima nusxani yaratishga muvaffaq bo‘lgan. Ayniqsa, Q. Ochil tarjimasida “Ko‘prikdagi          chol” hikoyasi o‘zbek tilida sof o‘zbekona tarzda chiroyli jaranglagan. Aytish mumkinki,       Q. Ochilning tarjima nusxasi asliyatdan ham o‘zib ketgan. Masalan, yuqoridagi parchada          Q. Ochilning hikoya badiiyatini va o‘zbek auditoriyasini nazarda tutgan holda                         E. Xeminguey matnini tarjimada milliylashtirib bergan.

 Yuqoridagi qiyosiy tahlil shuni ko‘rsatadiki, bilvosita tarjima bo‘lishiga qaramay, Qulmon Ochilov tomonidan amalga oshirilgan tarjima stilistik, poetik, va            semantik adekvatlik darajasi yuqori bo‘lgan.              U asliyatdagi yozuvchining badiiy niyatini, hikoya ruhini, ko‘prikdagi cholning psixologik holati va urush manzarasini aniq tasvirlashga erishgan.

O‘roq Ravshanovning bevosita tarjimasi esa ayrim jihatlarda erkinlikka asoslangan, lekin segmentatsiya, omissiya (matn elementlarini tushirib yuborish) va leksik beqarorlik kabi kamchiliklarga ega bo‘lib, hikoyaning umumiy estetik va tematik yaxlitligiga zarar yetkazgan. Bu hol tarjimonning bevosita tarjimada lingvistik kompetensiyaga ega bo‘lishi bilan birga stilistik sezgirlik va kontekstual tushunchaga ham ega bo‘lishi zarurligini ko‘rsatadi.

Tarjima – bu shunchaki matnni bir tildan ikkinchisiga ko‘chirish emas, balki muallifning niyatini, uslubini, va eng muhimi, ma’naviy va madaniy mazmunini to‘liq va xolis yetkazish jarayonidir. Birgina so‘zning noaniq qo‘llanishi yoki noto‘g‘ri talqini, ba’zan, butun matnning ruhini o‘zgartirib yuborishi, hattoki uni mutlaqo boshqacha, noto‘g‘ri kontekstga olib kirishi mumkin. Ayniqsa, ijtimoiy, diniy yoki siyosiy mazmunga ega matnlarda bu holat jiddiy oqibatlarga olib keladi.

Shuning uchun ham tarjimon doimo ehtiyotkorlik, aniqlik, mas’uliyat va xolislik bilan ish yuritishi zarur. Tarjima qilinayotgan har bir so‘z – bu oddiy semantik birlik emas, balki muallif fikrining tashuvchisi, muayyan davr, muhit va kontekstning izohchisi sifatida qaralishi kerak. Salomov aytganidek, tarjimada «xatolik» ko‘pincha til xatosi emas, balki ma’naviy yoki siyosiy mas’uliyatsizlik natijasi bo‘lishi mumkin. Shunday ekan, bu fikr har bir tarjimon uchun nafaqat nazariy ogohlantirish, balki ichki mas’uliyatni his qiluvchi kasb etikasining mezonlaridan biri bo‘lib qolishi lozim.

Tarjima san’ati insoniyat taraqqiyoti tarixida o‘zining uzluksiz rivojlanish jarayoni bilan ajralib turadi. U nafaqat tillar o‘rtasidagi vosita, balki madaniyatlararo muloqot va tafakkur almashuvining muhim omili sifatida shakllangan. Tarjimonlar esa ushbu muloqotning bevosita ishtirokchilari sifatida xalqlar o‘rtasidagi madaniy ko‘prikni barpo etishda alohida o‘rin egallab kelmoqda.

Tarjimon asarni badiiy tarjimada mazmun va shakl uyg‘unligini o‘ziga xos xususiyatini saqlab qolgan holda tarjima qilishi kerak bo‘ladi. Matnning asli bilan tarjima, shakl va mazmun-mohiyat jihatdan bir - biriga mos bo‘lishi kerak. Asar shakl va mazmun jihatdan bir biriga mos kelsa bu muvaffaqiyatli tarjima hisoblanadi. Tarjima muvaffaqiyati, asliyatda berilgan shakl va mazmun birligini, mosligini ifodalash  uchun boshqa tildan unga mos bo‘lgan  vositalar bilan to‘g‘ri ifodalanishidan iborat.  Tarjimaning asliyatga adekvatligi asl nusxadagi mazmunni unga munosib variantlar orqali o‘quvchini asliyat darajasiga olib chiqishdir.

  1. Xemingueyning ikkinchi hikoyasi ya’ni “Cat in the Rain” (“Yomg‘irda qolgan mushuk”) Olim Otaxon, Umid Ali, K. Yusupovalar tarjima qilishgan. Shular orasida katta avlod vakili bo‘lgan Olim Otaxon hikoyani rus tili orqali tarjima qilgan. Bu hikoya “Jahon adabiyoti” jurnalining 2014-yil 12-sonida chop qilingan. (Хемингуей, 2014). Mutarjim O. Otaxon, E. Xeminueyning ikkita hikoyasini tarjima qilib (“Qotillar”, “Yo‘mg‘irda qolgan mushuk”) “Sarhadlar” nomli hikoyalar haqida jurnal muxlislariga o‘zining badiiy talqinlarini ham taqdim etgan. “Aziz jurnalxon, “Jahon adabiyoti” jurnalining mazkur sonida ХХ asr adabiyotining eng yirik, novator adiblaridan biri,amerikalik nosir Ernest Xemingueyning bir juft hikoyasini e’tiboringizga havola qilmoqdamiz, zotan, Xemingueyning ijodi, xususan, har ikkala hikoyasi o‘z paytida yangilik bo‘lgan va XX asr adabiyotining kashfiyotlaridan, deya baho berilgan.

Xeminguey kashf  etgan “aysberg nazariyasi” yozuvchi ijodining boshlang‘ich davridayoq o‘z ifodasini topgan bo‘lsa, ushbu hikoyalarda bu yangilik yaqqol namoyon bo‘lgan. Adib shu uslubda yozilgan hikoyalarga mos dialoglar qura bilish lozimligini asarlarning o‘zi talab etayotganini his qilgan, pirovardida, u bu vazifani qoyilmaqom qilib ado etgan- qahramonlarning suhbati, o‘zaro muloqoti go‘yo keraksiz, ahamiyatsiz iboralardan tashkil topadi, go‘yo tasodifan uzib qo‘yiladi, umuman, bu iboralar bir qarashda yuzaki, o‘zaro suhbatga aloqasi yo‘qdek tuyiladi. Biroq o‘quvchi ularning zamirida muhim bir nima pinhon ekanligini his qilib, beixtiyor shundan ta’sirlanadi, ko‘ngli sezgan o‘sha narsaning yuzaga chiqishini sabrsizlik bilan kutadi, anglaydiki, qahramonlarning yuragida, yuragining tubida nimadur yashirin, faqat oshkor etishning ilojini topolmayapti ular. Mana shu holat dialoglarga diltang, asabiy kayfiyat baxsh etadi, kitobxon qalbini larzaga soladi va qahramonlar kechinmalariga uni sherik qiladi.” (Отахон, 2014).

  1. Otaxon tarjimaga yozilgan kirish so‘zida “Yomg‘irda qolgan mushuk” hikoyasining badiiyatiga ham to‘xtaladi: “Xeminguey bironta ortiqcha sifatlash, o‘xshatish, ishora ishlatmagan bo‘lsa…

Hikoyaga murojaat qilaylik. Amerikalik ayol mushukni olib chiqqani pastga tushayotganda mehmonxona xo‘jayini vestibyulning nimqorong‘u kunjagida joylashgan xona oldida turgan bo‘ladi. U odati bo‘yicha amerikalik ayolga uzoqdan ta’zim qiladi. Ayol uni yoqtirar, har xil shikoyatlariga quloq solib tinglayotganda o‘zini g‘ayrioddiy tarzda jiddiy tutishini, nuroniy chehrasini, doim ko‘ngliga qarashini yaxshi ko‘rardi. Mehmonxona xo‘jayini degan nomga aslo dog‘ tushirmasligini hurmat qilardi.

Yozuvchi mana shunday so‘z birikmalarini takrorlash va stilistik uslublarni qo‘llash orqali kitobxonga hikoyaning muhim o‘rinlarida asosiy g‘oyani qoyillatib yetkaza olgan. Zero, o‘quvchining satrlar orasidagi yashirin ma’nolarini o‘qib, anglab, sezib olishiga mana shu uslub yordam beradi, yosh amerikalik ayol bilan mehmonxona xo‘jayini o‘rtasidagi iliq munosabatlarni tasavvur qilishni yengillashtiradi. Ularning bir-birlarini so‘zsiz tushuna olishlarining tub sababini kitobxon aniq-ravshan his eta oladi.

Xulosa qilib aytganda, buyuk Xemingueyning hikoyasidagi amerikalik ayol oddiyina insoniy mehr-muruvvatga,  e’tiborga, sadoqatli yor-do‘stga, himoyachiga zor zaifa. Uning ruhiy holati, nafaqat ruhiy holati, o‘zi ham sharros quyayotgan yomg‘ir ostida qolgan mushukni eslatadi, desam mubolag‘a bo‘lmas. Aytgancha, asar sarlavhasi ma’nolar eshigini ochib, ichkariga kirish uchun kalit vazifasini o‘taydi. Men hikoyani mana shunday tushundim va qabul qildim.” (Отахон, 2014).

Ernest Miller Xeminguey “Yomg‘irda qolgan mushuk” hikoyasini 1925-yilda yozgan. Bu hikoya ilk bor Nyu Yorkda chop qilingan. “Bizning zamonda” hikoyalar to‘plamiga kiritilgan.  “Yomg‘irda qolgan mushuk” hikoyasi asliyatdan rus tiliga bir nechta tarjimonlar tamonidan o‘girilgan. Masalan, Lyudmila Kislova, M.Yu. Belkin, Voljina Natalya Albertovna va boshqalar tamonidan rus tilida “Кошка под дождём” nomi bilan o‘girilgan. Quyida mazkur hikoyaning asliyati bilan ruscha (Lyudmila Kislova tarjimasi) hamda o‘zbekcha (Olim Otaxon, Kandilat Yusupova, Umid Ali) tarjima nusxalarini solishtiramiz.

Asliyat: “There were only two Americans stopping at the hotel. They did not know any of the people they passed on the stairs on their way to and from their room. Their room was on the second floor facing the sea. It also faced the public garden and the war monument. There were big palms and green benches in the public garden. In the good weather there was always an artist with his easel. Artists liked the way the palms grew and the bright colors of the hotels facing the gardens and the sea. Italians came from a long way off to look up at the war monument. It was made of bronze and glistened in the rain. It was raining.” (Хемингуей, 2006).

Ruscha tarjima nusxa (tarjimon Lyudmila Kislova):

“В отеле было только двое американцев. Они не знали никого из тех, с кем встречались на лестнице, поднимаясь в свою комнату. Их комната была на втором этаже, из окон было видно море. Из окон были видны также общественный сад и памятник жертвам войны. В саду были высокие пальмы и зелёные скамейки. В хорошую погоду там всегда сидел какой-нибудь художник с мольбертом. Художникам нравились пальмы и яркие фасады гостиниц с окнами на море и сад. Итальянцы приезжали издалека, чтобы посмотреть на памятник жертвам войны. Он был бронзовый и блестел под дождём. Шёл дождь.” (Хемингуей, 2006).

O‘zbekchada birinchi nusxa (tarjimon Olim Otaxon):

“Mehmonxonada bor-yo‘g‘i ikki nafar amerikalik bor edi. Ular o‘z xonalariga chiqib ketayotganlarida zinada uchragan odamlarning birontasini tanimasdilar. Ularning xonasi ikkinchi qavatda joylashgan bo‘lib, derazalaridan dengiz ko‘rinib turardi. Undan tashqari odamlar dam oladigan bog‘ bilan urush qurbonlari xotirasi uchun o‘rnatilgan yodgorlik ham ko‘zga tashlanardi. Bog‘da baland-baland palmalar o‘sar, bu daraxtlarning tagida yashil rang o‘rindiqlar bor edi. Havo ochiq kunlari u yerda doim biron-bir molbertli rassom o‘tirgan bo‘lardi. Musavvirlarga palmalar bilan derazalari bog‘ va dengizga qaragan mehmonxonaning muhtasham ko‘rinishi yoqardi. Italiyaliklar urush qurbonlari xotirasi uchun o‘rnatilgan yodgorlikni ziyorat qilgani uzoq-uzoqlardan kelishardi. Bronzadan ishlangan bu haykal yomg‘irda yaltillardi. Yomg‘ir yog‘moqda edi.” (Хемингуей, 2014).

O‘zbekchada ikkinchi nusxa (tarjimon Kandilat Yusupova): “Mehmonxona oldiga kelib tushgan amerikaliklar atiga ikkitagina kishi edi: er-xotin muhojirlar. Ular o‘z xonalari tomon yo‘l olishar ekan, yo‘llarida, zinalarda uchratgan odamlaridan hech qaysisini tanimadilar. Muhojirlarning ko‘m-ko‘k dengiz tomon yuz tutgan xonasi ikkinchi qavatda joylashgandi. Yana katta bog‘ bilan bitta urush yodgorligi ham xonaga ro‘baro‘ yerda edi. Bu ulkan bog‘ ichida o‘sib yotgan bahaybat palma daraxtlari hamda yo‘lkalar chetiga o‘rnatilgan o‘rindiqlar bog‘ ko‘rkiga yana-da ko‘rk bag‘ishlab turardi. Havo soz bo‘lgan chog‘lar bu yerda kichkinagina ko‘rgazma stendini ko‘tarib olgan qandaydir rassom paydo bo‘lib qolardi. Osmonga behadik bo‘y cho‘zib ketgan salobatli palma viqori hamda bepoyon bog‘ bilan dengizga yuzlanib turgan mehmonxona binosining yarqiroq ranglari bu rassomga juda manzur bo‘lardi. Boyagi urush yodgorligini tomosha qilish uchun ham bu yerga uzoq-yaqindan ko‘plab italiyaliklar kelib turishardi. Haykal bronzadan ishlangan bo‘lib, yomg‘ir ostida u yana-da yarqirab ko‘rinardi. Ayni chog‘da havo tund, sharros yomg‘ir quyardi.” (Hemingway, 2014).

O‘zbekchada uchunchi nusxa (tarjimon Umid Ali):

“Mehmonxonada ajnabiylardan faqat ikki kishigina bor edi. Er-xotin amerikaliklar. Ularning xonasi ikkinchi qavatda joylashgan, bu yerda derazadan dengiz shundaygina ko‘zga tashlanar, beriroqda ko‘rkamgina bog‘ va urush qahramonlari sharafiga o‘rnatilgan haykal ham yastanib turardi. Bog‘da palmalar bo‘y cho‘zib turar, yashil skameykalar qator tizilgandi. Osmon qovoq-tumshuq qilmagan kezlar bu yerda, albatta birorta rassomga duch kelish mumkin edi. Rassomga palmalar, mehmonxonaning jilvalangan peshtoqi va jannatni eslatuvchi mana shu bog‘ ilhom bersa kerak-da.

Yiroq-yiroqlardan italiyaliklar ataylab haykalni tomosha qilish uchun kelishardi. Haykal bronzadan yasalgan, yomg‘irda jilolanib, o‘zidan nur taratardi.

Mana hozir ham yomg‘ir sharros quyayapti.” (Hemingway, 2014).

Yuqoridagi asliyat va ruscha (bitta), o‘zbekcha (uchta) jami to‘rtta tarjima nusxani qiyoslash natijalari hikoyani o‘zga tillarga so‘zma-so‘z tarjima, xijjalab tarjima, aniq tarjima, erkin ijodiy tarjima prinsiplaridan Lydmila Kislova, O.Otaxon, K. Yusupova, U. Alining asliyatga qanday yaqin yoki uzoqlashgan tarjima nusxasini yartishga muvaffaq bo‘lganini ko‘rsatadi. Asliyatda amerikalik er-xotinning mehmonxona oldiga kelib to‘xtashgani, ular bu yerda hech kimni tanimasligi, ular joylashgan mehmonxona derazasidan dengiz ko‘rinib turishi, yana derazadan bog‘  va undagi urush qurbonlariga atab qurilgan haykal ko‘rinib turishi, bu bog‘ ichida rassomlar malbortini ko‘tarib, bog‘dagi  barq urib o‘sayotgan palma daraxti va haykal oldida bo‘lishni yoqtirardi. Yomg‘ir yoqqan paytda bronza haykal yaltirar, bu rassomlarga yoqardi. Bu haykalni ko‘rish uchun uzoqlardan italiyaliklar kelar edi. Ayni paytda yomg‘ir yog‘ayotgan edi. Asliyatdagi ana shu ma’noni rus tarjimoni biroz boshqacharoq ifodalagani ikki matnni qiyoslash jarayonida aniq ko‘rindi. Ya’ni rus tarjimoni L. Kislova hikoya ekspozitsiyasidagi “There were only two Americans stopping at the hotel” jumlasini “В отеле было только двое американцев” deb rus tiliga o‘girgan. Tarjimon to‘g‘ridan-tog‘ri mehmonxonada ikki amerikalik  borligi haqidagi informatsiya bilan hikoyani boshlaydi. Vaholanki, asliyatda mehmonxonaga endigina yetib kelgan ikki amerikalik ya’ni, er-xotinning kelib to‘xtaganligi haqida hikoya ekspositsiyasida muallif bayonida tafsilot berilgan. Demak, rus tarjimoni asliyatdagi yozuvchining badiiy ifodasini biroz o‘zgartirib yuborgan.

Endi rus tili orqali hikoyaning o‘zbekcha nusxasini yaratgan O.Otaxon tarjimasi e’tibor qaratsak, mutarjimning bilvosita til orqali tarjimani amalga oshirgani uchun ham rus tarjimonining xatosini aynan takrorlaganligini kuzatish mumkin. Masalan, “В отеле было только двое американцев” jumlasi O.Otaxon o‘girmasida “Mehmonxonada bor-yo‘g‘i ikki nafar amerikalik bor edi” – deb o‘zbekchalashtirgan. Natijada O. Otaxon asliyatni ko‘rmaganligi uchun ham rus tarjimoni yaratgan nusxaga tobe’ bo‘lib qolgan.

“Yomg‘irda qolgan mushuk” hikoyasini asliyatdan o‘girgan K. Yusupova hamda U. Ali tarjimasida biz tahlil qilayotgan ekpozitsiyadan olingan parcha original  tilga ancha yaqinlashgan. K. Yusupova tarjimasida “There were only two Americans stopping at the hotel” jumlasi “Mehmonxona oldiga kelib tushgan amerikaliklar atiga ikkitagina kishi edi: er-xotin muhojirlar” – deb o‘zbekchalashtirgan. Kuzatayotganizdek, tarjimon K. Yusupova original matndagi yozuvchini badiiy ifodasini aniq va asliyatga yaqin tarzda amalga oshirgan. To‘g‘ri asliyatdagi jumla qisqa va ixcham. Tarjimon esa izohli jumla bilan tarjimani amalga oshirgan, muhojirlar er-xotini bo‘lib, mehmonxona oldiga kelib tushgan mijozlar ikkita amerikalik ekanligiga urg‘u beradi. Bizningcha, K. Yusupova hikoyaning           o‘zbekcha nusxasini yaratishda anchagina muvaffaqiyatlarga erishgan. Shu bilan birga mutarjim asliyatni o‘zbekchalashtirishda erkin ijodiy tarjima prinsipiga amal qilgan.

  1. Ali esa “There were only two Americans stopping at the hotel” jumlasini “Mehmonxonada ajnabiylardan faqat ikki kishigina bor edi. Er-xotin amerikaliklar” – deb o‘girgan. Bizningcha, bu tarjimon hikoyani rus tili orqali o‘girgan chunki, u rus mutarjimining tarjima nusxasiga bog‘langan holda aynan uni takrorlagan. Asliyatdagi bitta jumlani ikkiga bo‘lib, sodda gapga aylantirgan. Tarjima nazariyasida grammatik transformatsiya haqida fikrlar bildirilgan. Mutarjim asliyatdagi jumlani ega-kesim nuqtai nazardan, yoki murakkab qo‘shma gaplarni sodda yig‘iq gaplarga aylantirib, o‘z milliy tiliga o‘girishi mumkin. U. Ali asliyatdagi bir jumlani o‘zbek tilida ikki sodda jumlaga aylantirgan. Albatta tarjimon bunday tarjima usulidan foydalanishi mumkin.

Yuqorida asliyat bilan tarjima nusxani qiyoslaganimizda, rus tarjimoni L. Kislova,                 O. Otaxon hikoya yechimini asliyatdagi singari bir xil ya’ni so‘zma-so‘z tarjima prinsipi asosida rus va o‘zbek tiliga o‘girishgan. L. Kislova, O.Otaxon, U. Ali hikoya matnida qo‘llanilgan italyancha “Il, piove”, “Si, si”, “Brutto tempo”, “perduta, qualque cosa”, “Si, il gatto”, “Avanti”, “padrone” kabi jargonlar italyan tilida qanday bo‘lsa shundayligicha qo‘llanilgan. O. Otaxon hikoya matnida uchraydigan italyancha jargonlarni matn ostida izohini bergan. Badiiy tarjimada transliteratsiya juda ko‘p bora sinovdan o‘tgan tarjima usuli xisoblanadi. Bunda “biror yozuv harflarini boshqa yozuv harflari bilan berish, ko‘rsatish transliteratsiya deyiladi. Tarjimada joy va kishi nomlari, atamalar, milliy o‘ziga xos so‘zlarni boshqa til belgilari yordamida aynan ifodalashdir. (Очилов, 2014).

“Yomg‘irda qolgan mushuk” hikoyasida ham transliteratsiya usuli bilan o‘girishga muhtoj italyancha so‘zalar uchragani uchun            L. Kislova, O. Otaxon, K. Yusupova matn ostida yoki matn ichida bu so‘zlarga qavs ichida izoh bergan. Masalan, O. Otaxon matn ostida quyidagi so‘zlarga izoh berilgan. Bular quyidagilar:

O, yomg‘ir yog‘ayapti (italyan.).

Ha, ha, xonim. Havo rasvo juda ham (italyan.).

Biror nima qidiryapsizmi, xonim? (italyan.).

Ha, shunday, mushuk. (italyan.).

Xo‘jayin. Mehmonxona xo‘jayini ma’nosida. (tarj.).

Kiring, kiravering (italyan.).

Xuddi shuningdek ikkinchi tarjimon K.Yusupova matn ostida uchta so‘zga izoh bergan. Bular quyidagilar:

1 – “Lekin senora, havoning avzoyi buzuq”. (italyan.)

2 – “Biror narsangizni yo‘qotib qo‘ydingizmi, xonim?”

3 – “Ha, ha, mushuk bor edi”.

Uchunchi tarjimon U. Ali matn ostida     izoh bermagan. Aksincha, matn ichida “Ii piove (yomg‘ir haliyam yog‘yaptimi?, italyancha)”; “Si, si, signora, brutto tempo (Ha, ha, xonim, chelaklab quyapti o‘ziyam, italyancha)”; “ Ha,perduta qualque casa,signora? (Siz, biror narsangizni yo‘qotuvdingizmi”; “sinora, italyancha)”;  “Si, il qatto (Ha, mushuk, italyancha)”; “Avanti (Kiravering, italyancha)” ko‘rsatilgan beshta so‘zni oldin italyanchasini so‘ngra qavs ichida o‘zbekcha izohini bergan.

  1. Kislova, O. Otaxon, U. Alilar original matnda hikoyaning yechimi qanday bo‘lsa, aynan shunday holicha tarjima nusxada qaytadan yozuvchi uslubini adekvatga yaqin tarzda so‘zma-so‘z va transliteratsiya tarjima usuli bilan ifodalagan. Bu tarjimonlar orasida K. Yusupova asliyatdagi badiiy yechimga           erkin ijodiy yondoshuv qilgan. Asliyatdagi hikoya yechimidagi quyidagi parcha tarjimon       K. Yusupova (2022) tomonidan mutlaqo tushurib tashlanib, qisqa tarzda muallif bayoni bilan yakunlangan. Asliyatdagi  bu parcha: “George was not listening. He was reading his book. His wife looked out of the window where the light had come on in the square.

Someone knocked at the door.

“Avanti,” George said. He looked up from his book.

In the doorway stood the maid. She held a big tortoise-shell cat pressed tight against her and swung down against her body.

“Excuse me,” she said, “the padrone asked me to bring this for the Signora.”

  1. Yusupova (2022) original matndagi xotining gaplarini eshitmayotgan Jorj kitob o‘qishga berilgan er ruhiy holati, ayolning derazadan maydonchaga qarab turishi eshikning taqillashi, Jorgning kiravering deb taklif qilishi, ostonada mehmonxona xodiming katta ola- bula mushukni bag‘riga bosib turishi va xonimga uni mehmonxona egasi berib yuborganligi haqidagi o‘rinlarni o‘zbekcha nusxada tushurib qoldirib, hikoya yechimiga erkin ijodiy yondoshuv qilgan.
  2. Yusupova (2022) hikoya qahramonlarining o‘z vatanidagi urushdan qochib, Italiyaga kelgan himoyaga muhtoj er-xotinning ruhiy holatini biroz yanglish anglagan. Aslida, hikoyada tasvirlangan faqat ayol himoyaga muhtoj emas, balki har ikkisi urushdan qochib o‘z boshpanasidan ayrilgan insonlardir. Bog‘dagi o‘rindiq ostiga berkinib olgan yomg‘irga ivigan mushuk timsoli ramziy ma’noda amerikalik ikki muhojirlarning ham ramziy obraziga aylanadi. K. Yusupova xotiniga befarq, sovuqqon erkak obrazini va mehrga, e’tiborga, himoyaga muhtoj ayol obrazini qiyoslab tarjima qilar ekan, ayolning ruhan yolg‘izligiga urg‘uni kuchaytirib yuborgan.

Aslida esa original matn muallifi                    E. Xeminguey urush ketayotgan ona vatanidan qochib, boshqa mamlakatlarga boshpana izlab yurgan yuzlab muhojirlar obrazini bir kichik hikoyada mahorat bilan aks ettirgan.

Tarjimalarda biz bilvosita rus tilidan o‘zbek tiliga tarjima qilgan bo‘lsa ham Olim Otaxonning tarjima uslubini va adekvatlikka mos ravishda tarjima qilganini ta’kidlamasdan ilojimiz yo‘q.

Asliyat: “The sea broke in a long line in the rain and slipped back down the beach to come up and break again in a long line in the rain” tarzidagi tasviri, yozuvchining o‘ziga xos minimalist poetikasiga mos holda, vizual manzara, harakat davomiyligi va tabiiy kuchlarning dinamikasini o‘zida mujassamlashtiradi. Ushbu poetik jumla tarjimonlar tomonidan turli uslub va yondashuvlar orqali o‘zbek tiliga o‘girilgan bo‘lib, har bir tarjima variantida muallif uslubiga nisbatan turlicha munosabatni kuzatish mumkin.

Ruscha tarjima nusxa (tarjimon Lyudmila Kislova):

 “Море широким фронтом выплескивалось на берег и отступало чтобы снова пойти вперед сквозь пелену дождя.

O‘zbekchada birinchi nusxa (tarjimon Olim Otaxon):

 “Yomg‘ir ostida to‘lqinlar uzun tasma hosil qilib qirg‘oqqa borib urulib, parcha-parcha bo‘lib sochilib ketar, so‘ng orqaga qaytib yana yomg‘ir ostida oldinga yugurar hamda qirg‘oqqa to‘sh urib osmonga sapchirdi” (Хемингуей, 2014).

Ushbu tarjima asliyatdagi harakatning doimiy takroriy tabiati, vizual poetika, shuningdek, dinamik obrazni yetkazish borasida sezilarli yutuqlarga ega. Biroq bu variantda ruschadagi “широким фронтом” iborasi va “сквозь пелену дождя” poetik tasvirlarining izohsiz va betaraf o‘tkazilishi, tarjimada semantik kengayish natijasida ayrim obrazlarning (masalan, “osmonga sapchirdi”) muallif matnida mavjud bo‘lmagan holatda paydo bo‘lishiga olib kelgan. Bunday kengaytma avtorlik niyatining interpretatsiyasidan ko‘ra tarjimonning shaxsiy poetik didini aks ettiradi.

O‘zbekchada uchunchi nusxa (tarjimon Umid Ali):

 “Bu payt dengizga ham kuch inib, pishqirar, to‘lqinlanar, qirg‘oqqa suv toshib chiqardi” (Хемингуей, 2014).

Bu erkin tarjima pragmatik moslashuvni ko‘zlaydi va semantik tafsilotlarni umumlashtirish orqali sodda, ammo badiiy ruhda ifodalashga urinadi. Tarjimon tomonidan qo‘llanilgan “pishqirar”, “kuch inib” singari frazalar asl matndagi “broke”, “slipped back”, “come up and break again” fe’llarining kuchli metaforik va fonetik ohangini to‘liq aks ettira olmaydi. Tarjimada perifraz (ya’ni so‘zlashuvni kengaytirish yoki o‘zgartirish) orqali badiiy ifoda yaratilgan bo‘lsa-da, Xemingueyga xos sodda, ammo kuchli obrazlilik xiralashgan.

O‘zbekchada ikkinchi nusxa (tarjimon Kandilat Yusupova):

 “Bir tomondan cheksiz dengiz betaskin to‘lg‘onib yotar, jala ostida qolgan asov to‘lqinlar dam o‘rindiqlargacha urilib kelar, dam o‘tmay shashlaridan qaytib, tag‘in ortga chekinib ketishardi.”

Ushbu tarjimada morfologik parallelizm, ritmik struktura va semantik inversiya orqali badiiy obrazlar yorqinlashtirilgan. Ayniqsa, “o‘rindiqlargacha urilib kelar” detali orqali dengizning cheksiz kuchi bilan inson makoni o‘rtasidagi to‘qnashuv estetik darajada aks ettiriladi. Bu tarjima uslubi dinamik ekvivalentlikka erishgan bo‘lib, o‘quvchida hissiy-estetik ta’sir uyg‘otadi.

Biroq tarjimon hikoyaning oxirgi qismini tarjima qilmaganligi sababli umumiy naratsiv yaxlitlik buzilgan. Bu hol tarjimaning tekstual kompozitsiyasi nuqtai nazaridan muhim kamchilik hisoblanadi.

Xulosa shuki, “Yomg‘irda qolgan mushuk” hikoyasining ruscha va o‘zbekcha tarjima nusxalari har bir tarjimon tomonidan katta mehnat va salohiyat bilan o‘z milliy ona tillariga o‘girilgan.

Xemingueyning yuqoridagi parchasini tarjima qilishda uch tarjimon har xil tarjima prinsiplaridan foydalangan. Xususan, Olim Otaxon – semantik to‘ldirish va tasviriy kengaytirish orqali badiiy obraz yaratishga uringan, ammo asosiy poetik maqsadni biroz buzgan. Umid Ali – erkin, soddalashtirilgan yondashuvni tanlagan, natijada matnning badiiy intensivligi pasaygan. Qandilat Yusupova – poetik tasvir va stilistik ritmni kuchaytirgan, ammo tarjimaning oxirini tugallamasdan qoldirgan. Ushbu qiyosiy-tahlil shuni ko‘rsatadiki, tarjimonning yondashuvi faqat grammatik yoki semantik aniqlik bilangina emas, balki mualliflik uslubini anglash, kontekstual tafakkur, madaniy kompetensiya, va estetik did bilan ham belgilanadi. Tarjimaning mukammalligi esa yuqoridagi omillarni uyg‘unlashtirish orqali ta’minlanadi.

Tarjimashunoslikda bevosita va bilvosita prinsiplari adabiy asarlarning semantik, stilistik va poetik adekvatligiga turlicha ta’sir         ko‘rsatadi. Ayniqsa, bevosita tarjimada     tarjimon matnning mualliflik uslubi, leksik-semantik qatlamlari va madaniy realiyalarini to‘g‘ridan to‘g‘ri manba tilidan oluvchi, bilvosita tarjimada esa oraliq (odatda rus) til orqali o‘girilgan matnga tayanuvchi o‘ziga xos xatarlarga duch keladi.

Библиографические ссылки

Hemingway, E. (1959). Izbrannye proizvedeniya v 2-kh tomakh [Selected works in 2 volumes] (I. Kashkin, Ed.; T. Ozerskaya, Trans.). Moscow: Gosudarstvennoye izdatel’stvo khudozhestvennoy literatury. OCR Longsoft. http://ocr.krossw.ru

Hemingway, E. (1991). Ko‘prikdagi chol [The Old Man at the Bridge] (Q. Ochilov, Trans. from Russian; U. Ravshanov, Trans. from English). Yoshlik, (6), 22.

Hemingway, E. (2014). Qotillar. Yo‘mg‘irda qolgan mushuk [The Killers. Cat in the Rain]. Jahon adabiyoti, (12), 124–138.

Hemingway, E. (2014). Yo‘mg‘irda qolgan mushuk [Cat in the Rain] (O. Otaxon, Trans.). Jahon adabiyoti, (12), 136–138. https://ziyouz.uz/jahon-nasri/ernest-xeminguey/yomgirda-qolgan-mushuk/

Otaxon, O. (2014). Sarhadlar [Borders]. Jahon adabiyoti, (12), 125–128.

Ochilov, E. (2014). Tarjimashunoslik terminlarining izohli lug‘ati [Explanatory dictionary of translation studies terms] (p. 123). Tashkent: Tashkent State Institute of Oriental Studies.

Rausch, R. (n.d.). The Old Man at the Bridge packet. https://rauschreading09.pbworks.com/f/The+Old+Man+at+the+Bridge+packet.pdf

Biblioklept. (2014, February 11). Cat in the Rain – Ernest Hemingway. https://biblioklept.org/2014/02/11/cat-in-the-rain-ernest-hemingway/

VK. (n.d.). Ernest Hemingway – Cat in the Rain. https://vk.com/wall-36852820_428

Yusupova, K. (2023). Ernest Xeminguey asarlarining ma’no xususiyatlari va ularning tarjimadagi talqini muammolari [Semantic features of Ernest Hemingway’s works and issues of their interpretation in translation] (Doctoral dissertation, Tashkent). pp. 101–103.

Опубликован

Загрузки

Биография автора

Якитжан Бабаджанова,
Узбекский государственный университет мировых языков

Старший преподаватель

Как цитировать

Бабаджанова, Я. (2025). Проблема близости к оригиналу и адекватности в переводческих версиях одного рассказа. Лингвоспектр, 10(1), 166–177. извлечено от https://lingvospektr.uz/index.php/lngsp/article/view/1106

Похожие статьи

<< < 19 20 21 22 23 24 25 26 > >> 

Вы также можете начать расширеннвй поиск похожих статей для этой статьи.