The concept of ethnography and the role of ethnographisms within national realities
Abstract
This article discusses the key concepts of ethnography and culture, focusing on the study of various ethnic groups, their origins, lifestyles, and values. Ethnography, as a scientific field, emerged in Europe during the 19th century but began earlier with travelers and researchers documenting different peoples. The article also highlights the relationship between ethnography and anthropology, explaining that while anthropology focuses on human biological characteristics, ethnography examines cultural aspects. It delves into the concept of “realities,” defining them as cultural elements embedded in language that reflect the unique characteristics of a nation. The article emphasizes the role of ethnographic methods, such as participant observation, in understanding a society’s cultural practices. Furthermore, it illustrates how ethnography and cultural studies contribute to understanding specific traditions, such as the Uzbek Navruz holiday or social rituals through linguistic analysis.
Keywords:
ethnography culture tradition methodology participant observation method.Etnografiya – turli xalqlarning etnik birliklari, ularning kelib chiqishi, turmush tarzlari, qadriyatlari, moddiy va ma’naviy hayotidagi taraqqiyot darajalarini o‘rganuvchi maxsus fan sohasi hisoblanadi. Etnografiya xalqlarning ijtimoiy hayot tarzi, madaniyati, turmush hayoti, urf-odatlari, qadriyat va an’analarini chuqur tahlil qilish bilan shug‘ullanadi. Shu bilan birga, turli xalqlarning bir-biridan farqlanuvchi jihatlari va ularni bog‘lab turadigan umumiy xususiyatlarini aniqlashda muhim o‘rin tutadi. Ushbu fan jamiyatning ma’naviy merosi va milliy o‘ziga xosligini saqlash va ularni kelajak avlodga yetkazish jarayonida ham ahamiyatlidir.
Manbalarga ko‘ra, etnografiya atamasi qadimgi yunon tilidan olingan bo‘lib, “ethnos” (xalq) va “grapho” (yozmoq) so‘zlaridan tarkib topgan bo‘lib, “xalqlarni tasvirlash” ma’nosini anglatadi (Korotov, 2006). Ya’ni, u xalqlarning hayot tarzini yozib hujjatlashtirish va tahlil qilish bilan bog‘liq fan sifatida shakllangan. O‘zbekiston Milliy Ensiklopediyasida qayd etilishicha, etnografiya hozirgi kunda mavjud bo‘lgan etnoslarning kelib chiqishi, ularning shakllanishi, etnik tuzilishi va joylashuvi, madaniyati va milliy xususiyatlarini tarixiy voqealar hamda jarayonlar bilan bog‘liq holda o‘rganadi. Shu boisdan, etnografiya faqat o‘tmishni tadqiq qilibgina qolmay, hozirgi zamonaviy jamiyatning etnik va madaniy xususiyatlarini tahlil qilish uchun ham muhim hisoblanadi.
Etnografiya fani turli xalqlarning hayot tarzi va qariyatlarini tasvirlash orqali ularning madaniy merosini saqlab qolishga, avloddan avlodga yetkazishga ham xizmat qiladi. Masalan, o‘zbek xalqining qon-qniga singib ketgan mehmondo‘stlik an’analari, liboslaridan do‘ppilar va atlas matolari bilan bog‘liq milliy kiyimlari, Navro‘z, sunnat to‘yi, beshik to‘yi kabi bayram va marosimlari etnografiyaning o‘rganish ob’ektlaridan biridir. Shuningdek, qariyib 85.000 so‘zni oz’ ichiga qamrab olgan 5 tomlik O‘zbek tilining izohli lug‘atida ham turli xil etnografizmlar qayd etilgan bo‘lib, ular o‘zbeklarning milliy hayot tarzi va turli sohalarida ishlatiladigan terminlar va tushunchalarni o‘z ichiga oladi.
Hozirgi kunda etnografik tadqiqotlar turli usullar, jumladan, kuzatish, suhbat, tarixiy va arxiv manbalarini tahlil qilish orqali amalga oshirilmoqda. Shuningdek, turizmni rivojlantirish va antropologik izlanishlarda etnografik ma’lumotlardan keng foydalanilmoqda. Masalan, O‘zbekistonda mehmonxona biznesining rivojlanishi natijasida uy-mehmonxona modeli ommalashib bormoqda. Bu turdagi mehmonxonalarda sayyohlar mahalliy aholining turmush tarzi va urf-odatlari bilan bevosita tanishish imkoniyatiga ega bo‘lib, bu jarayon etnografik tadqiqotlar olib borish uchun ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Garchi etnografiya Yevropada XIX-asrdan boshlab mustaqil fan sifatida shakllana boshlagan bo‘lsa-da, uning dastlabki namunalari XVII-asrda paydo bo‘lgan. Ushbu davrda tadqiqotchilar va sayohatchilar turli xalqlarga qilgan safarlari davomida o‘z taassurotlari va kuzatuvlarini yozib qoldirganlar. Shuni ham alohida ta’kidlash joizki, etnografiya antropologiya fani bilan chambarchas bog‘liq bo‘lib, har ikkala fan ham inson va jamiyat haqida ma’lumotlarni yig‘ish va o‘rganish bilan shug‘ullanadi. Biroq, antropologiya insonning tabiiy va biologik xususiyatlarini tadqiq etib o‘rgansa, etnografiya uning madaniy jihatlariga e’tibor qaratadi. Aslida, tabiiy va madaniy omillar o‘zaro bog‘liq bo‘lib, masalan, Markaziy Osiyo xalqlari kiyim-kechaklari, ularning shakli va rangi iqlim sharoitlariga moslashgan. O‘zbeklarning milliy chopon va do‘ppilari, arablarning bosh kiyimlari – ghutra, imama, meksikaliklarning panomalari nafaqat madaniy xususiyatlarni aks ettiradi, balki o‘sha mamlaktning iqlimiga moslangan buyumlar hisoblanadi.
Darhaqiqat, geografik sharoitlar ham har bir xalqning hayot tarziga o‘z ta’sirini ko‘rsatadi. Tog‘li va tog‘oldi hududlarida yashovchi xalqlarning turmush tarzi va madaniyati vodiy va vohalarda yashovchilarnikidan sezilarli farq qiladi. Masalan, chorvachilik bilan shug‘ullanuvchi xalqlar – qozoqlar (kiyiz uy), qirg‘izlar (güyö), turkmanlar (boz uy) – yashash joylarini istalgan vaqtda yig‘ishtirib ko‘chirishga qulay bo‘lgan o‘tovlarda yashaydi. Ularning iqlim sharoitiga moslashgan ko‘chmanchi turmush tarzi, ovullari va lo‘lilarning shunga o‘xshash urf-odatlari (romani shab- lo‘li qonunlari, bo‘yi to‘lash – kelinning oilasiga to‘lov to‘lash) ularning etnografik xususiyatlarining keng ko‘lamda mavjudligini ifodalaydi. Bu esa geografik omillarning madaniyatga ta’sirini yaqqol namoyon qiladi. Shu bilan birga, ushbu etnografik ma’lumotlarning til orqali ifodalanishi etnografizmlar qatlamini shakllantiradi va ular mazmun-mohiyatiga ko‘ra milliy realiyalar deb ataluvchi leksik qatlam tarkibiga kiradi.
O.S. Axmanovaning izohicha, “realiyalar an’anaviy grammatikada tashqi tilshunoslik tomonidan muayyan mamlakat davlat qurilishi, tarixi va mazkur xalqning madaniyati, til sohiblarining boshqa tillar bilan aloqalari va hokazolarni tilda aks etishi nuqtai nazaridan o‘rganiladigan turli-tuman omillardir” (Axmanova, 1966). “Realiya” so‘zi lotin tilida ko‘plik sondagi otlashgan sifat realis-e so‘zidan olingan bo‘lib, “buyumga xos, mavjud” degan ma’noni bildiradi. G.D. Tomaxinning izoh berishicha, realiyalar – bu “muayyan millat va xalqlargagina taalluqli moddiy madaniyat buyumlari, tarixiy dalillar, davlat institutlari, milliy qahramonlar, afsonaviy mavjudotlar va hokazolarning nomlaridir” (Tomaxin, 1997). Ye. I. Shumagerning ta’kidlashicha esa, birinchi qarashda mutlaqo odatiy, boshqa tilga oson tarjima qilinadigan leksik birliklardek ko‘rinsa-da, ular milliy madaniyatning boshqa xalqlarda uchramaydigan o‘ziga xos jihati yuzasidan qimmatli ma’lumot berishi bilan alohida ahamiyatlidir (Shumager, 1990).
Realiyalarning tilda to‘g‘ri anglanishi va tarjimasi etnografik bilimga bog‘liq bo‘lib, bu jarayonda etnografiyaning o‘rni ahamiyatlidir. Chunki u xalqning madaniyati, urf-odatlari, turmush tarzi va ijtimoiy hayotini o‘rganadi. Til esa ushbu madaniyatning ifodasi sifatida xizmat qiladi. Etnografik realiyalar xalqning o‘ziga xosligini aks ettiruvchi til birliklari hisoblanadi. Masalan, o‘zbek tilidagi “soya” so‘zi ma’lum bir ijtimoiy tuzilmani ifodalaydi va boshqa tillarda aynan unga mos keladigan tushuncha bo‘lmasligi mumkin. (Gemilyov, 1967).
Biroq, realiya – so‘zlar va realiya – buyumlarni bir-biridan farqlash muhim. Realiyalarning asosiy xususiyati shundaki, ular moddiy jihatdan mavjud bo‘lgan narsa va buyumlar bilan bog‘liq. Ya’ni, realiyalar – moddiy madaniyat predmetlaridir (Tomaxin, 1997).
So‘nggi yillarda tilshunoslikda realiyalar atamasi bilan bir qatorda lingvokulturema va ekzotizm kabi tushunchalardan keng foydalanilmoqda. Ekzotik leksika yoki ekzotizmlar – boshqa tillardan o‘zlashtirilgan so‘zlar bo‘lib, ular “begona” realiyalarni ifodalaydi va boshqa xalqlarning turmush tarzi hamda madaniyatini aks ettiradi. Maqsadi jihatidan, ya’ni mahalliylikni ifodalashi nuqtai nazaridan, ekzotizmlar etnografizmlar yoki regionalizmlar bilan yaqinlikka ega. Lingvistik adabiyotlarda bu ikki atama ko‘pincha sinonim sifatida qo‘llanadi. Biroq, kelib chiqishiga ko‘ra, etnografizmlar asosan tub so‘zlardan va shevaga oid leksik birliklardan (dialektizmlardan) iborat bo‘lsa, ekzotizmlar aksincha, adabiy tilning passiv leksik qatlamiga kiradi. Realiyalarning madaniyatshunoslik va antropologiya sohalaridagi o‘rni ancha chuqurroqdir, chunki ular millatning milliy o‘ziga xosligini, turmush tarzini va an’analarini aks ettiruvchi lingvistik vosita sifatida xizmat qiladi. Har bir xalqning madaniyati va urf-odatlari o‘ziga xos so‘zlar va tushunchalar orqali ifodalanadi. Masalan, o‘zbek xalqidagi ko‘pkari, sumalak, kelin salom, do‘ppi kabi tushunchalari bu xalqning qadimiy bayramlari va marosimlari nomlarini ifodalash bilan aks ettiriladi. Ushbu so‘zlar faqat til birligi bo‘libgina qolmay, balki xalqning dunyoqarashi, qadriyatlari va ijtimoiy munosabatlari haqida ma’lumot beradi. “Navro‘z” bayrami esa o‘zbeklarning yil boshida nishonlaydigan qadimiy bahor bayrami nomini ifodalab, u inson va tabiat o‘rtasidagi uyg‘unlikni, yangilanishni va yangi yilning boshlanishini aks ettiradi. Shu sababdan, bu realiyani boshqa tillarga tarjima qilinganda uni o‘z mazmunida saqlaydigan ma’naviy va madaniy ma’nosini yo‘qotmaslikka ahamiyat qaratish zarur.
Etnografik realiyalar xalqning turmush tarzi, an’analari va madaniyatini aks ettiruvchi muhim lingvistik birliklardir. Masalan, do‘ppi milliy bosh kiyimi sifatida nafaqat kiyinish madaniyatini, balki o‘zbekning milliylikka, san’atga, hunarmandchilikka bo‘lgan e’tiborini ham ifodalaydi. Samarqand noni esa nafaqat taom, balki ijtimoiy hayotda muhim o‘rin tutuvchi elementlardan biri sifatida qaraladi. Chunki u mehmondo‘stlik, oilaviy qadriyatlar va pazandalik an’analarining uyg‘un bir qismi sanaladi. Bu kabi realiyalar til orqali madaniy kodlarni yetkazishda muhim ahamiyatga ega. Shu o‘rinda, o‘zbek va ingliz tillaridagi o‘xshash realiyalarni taqqoslaydigan bo‘lsak, samarqand noni kabi english breakfast ham ingliz xalqining oshxona madaniyati va turmush tarziga oid muhim etnografizm hisoblanishini qayd etib o‘tishni lozim deb topdik.
Etnografiya boshqa ijtimoiy fanlar – sotsiologiya, tarix, antropologiya, madaniyatshunoslik va geografiya fanlari bilan uzviy bog‘liq bo‘lib, ushbu fanlar etnografiya fanining muayyan sohasini kengaytirishga va chuqurroq tahlil qilishga xizmat qiladi. Dastavval, etnografiya tarix fani bilan chambarchas bog‘liq va tarixiy etnografiya xalqlarning bir necha ming yilliklarga borib taqaluvchi o‘tmishlarini tiklashga xizmat qiladi. Masalan, qadimgi yunon va rimliklarning bayramlari va ushbu qadimgi xalqlarning diniy marosimlari haqida ma’lumotlar tarixiy manbalarda qayd etilgan bo‘lsa, etnografiya bu ma’lumotlarni turli xalqlarning zamonaviy urf-odatlari bilan taqqoslash orqali o‘rganadi (Bromley, 1973).
O‘zbek xalqining ko‘pkari o‘yinini bunga yaqqol misol qilib keltirishimiz mumkin. Ko‘pkari o‘zining tarixiy ildizlari bilan bir necha asrlik davrga borib taqaladi. Bunga nafaqat tarixiy manbalarda qolaversa, badiiy adabiyotda xususan, Tog‘ay Murodning “Ot kishnagan oqshom” asari surxon vohasida bu o‘yin an’anaviy qadriyat ekanligiga isbot bo‘la oladi: “Ko‘pkari boshlangan edi. Odamlar ot ustida go‘yo shamolday uchishardi. Har kim o‘z kuchini sinash, g‘olib bo‘lish ishtiyoqida edi” (Tog‘ay Murod, 1993). Etnografiya fani nuqtai nazaridan bu bayramining zamonaviy nishonlanish shakllari, uning ahamiyati va elementlarini o‘rganish mumkin. Masalan, Navro‘zdagi sumalak tayyorlash marosimi etnografik nuqtai nazardan xalqning an’anaviy jamoaviy mehnat va o‘zbek xalqining mehmondo‘stlik, mehr-oqibat, birodarlik va ahillik tamoyillarini aks ettiradi (Tursunov, 2000).
Tarixiy realiyalar xalqning ma’lum bir davrda yashagan ijtimoiy, siyosiy va iqtisodiy hayotini aks ettiruvchi so‘zlardir. Ular ma’lum bir davrning madaniy va iqtisodiy rivojlanishini o‘rganishda asosiy manba sifatida xizmat qiladi. Bundan tashqari, tarixiy realiyalar ko‘pincha xalqning ijtimoiy tuzilishini ham aks ettiradi. Masalan, o‘rta asrlarda mavjud bo‘lgan va o‘z navbatida ijtimoiy tabaqalanishni aks ettiruvchi so‘zlar: amir, boshqir, o‘lponchi, ingliz jamiyatida esa lord, baron, duke (gersog), duchess (gersogina), knight (ritsar) va hokazolar. Bu kabi realiyalar faqat lingvistik tushuncha bo‘libgina qolmay, balki tarixiy davrning siyosiy va ijtimoiy tuzilmasi haqida ham ma’lumot beradi. Ularni tarjima qilishda esa ularning o‘sha davrda qanday ma’nolarni ifodalaganligini hisobga olish zarur. Shu bois, S. Vlasov va S.Florinning tadqiqotlarida realiyalarni o‘rganish antropologik ma’lumotlar bilan birga olib borilishi kerakligi ta’kidlanadi. Ular realiyalarning milliy o‘ziga xoslikni aks ettirishi va xalqning turmush tarzini ko‘rsatishdagi ahamiyatini qayd etadi: “Antropologik tadqiqotlar milliy realiyalarning madaniy va ijtimoiy muhitdagi rolini o‘rganishda asosiy vositadir” (Vlaxov & Florin, 1980).
Abu Rayhon Beruniyning hind xalqining an’ana va urf-odatlari haqida yozgan mashhur “Hindiston” asarini, Mahmud Koshg‘ariyning “Devonu lug‘atit turk”, Zahiriddin Muhammad Bobirning “Boburnoma” asarlari etnografiya fanining rivojlanishi uchun eng dastlabki noyob namunalar manbai hisoblanadi. Xususan, Beruniy “Hindiston” asarida hindlarning madaniy hayot tarzini boshqa xalqlar bilan taqqoslagan va qadimgi hind madaniyatiga xos bo‘lgan kasta tizimini qat’iy ijtimoiy tabaqalanish sifatida ta’riflab, braxmanlar (ruhoniylar) va shudralar (qullar) o‘rtasidagi farqlarni, hindlarning astronomiya va matematika sohalaridagi yutuqlarini, masalan, Quyosh va Oy tutilishlari, yulduzlar harakati bo‘yicha ma’lumotlarni keltirib o‘tgan va hind xalqining ilmiy ixtirolarini ham aks ettirgan. Asarda hindlarning urf-odatlari haqida, ularning diniy marosim va xudolarga, Ganga daryosiga sig‘inish odatini tasvirlab, bu ularning hayot tarzidagi diniy va maishiy ahamiyatini yoritadi. Ularning Ganga daryosida cho‘milishni poklanish deb tushunishlari diniy e’tiqod deb bilishlarini “Gangaga eng yaqin joylashgan ashram larda brahman rohiblari yashab, ruhiy poklanish marosimlarini boshqaradilar va bu joylarni ziyorat qilish muqaddas hisoblanadi” deya ta’riflaydi va boshqa xalqlarda ham shunga o‘xshash urf-odat mavjudligiga misol keltiradi (Beruniy, 1957).
“Hindiston” asari faqatgina qadimgi davr hind xalqi madaniyatini hujjatlashtirish bilan cheklanmay, ushbu xalqning turmush tarziga xos urf-odatlarni boshqa xalqlar turmush tarzi bilan taqqoslash, universal madaniy xususiyatlarni aniqlashga ham xizmat qiladi. Jumladan, hindlarning xudolarga sig‘inishi va o‘zbek xalqining ziyoratgoh va muqaddas qadamjolarni hurmat qilish odati o‘rtasidagi umumiylikni taqqoslash mumkin. Demak, ushbu asarda berilgan ma’lumotlar yordamida nafaqat tarixiy va etnografik ma’lumotlar balki turli madaniyatlar o‘rtasidagi o‘zaro munosabatni tahlil qilish imkoniyati mavjud.
Bundan tashqari, butun jahon adabiyoti hamda madaniyati uchun nodir manba hisoblanadigan, o‘zbek tilidagi ilk memuar-yodgorlik asar hisoblanadigan “Boburnoma” asari Zahiriddin Muhammad Bobur qalamiga mansub bo‘lib, ushbu asar faqatgina tarixiy yoki adabiy manba emas, balki o‘sha davrning etnografik xususiyatlarini yorituvchi noyob yodgorlik ekanligi bilan ahamiyatlidir. Ushbu asarda turli xalqlarning urf-odatlari, turmush tarzi va ijtimoiy hayoti haqida qimmatli ma’lumotlar yoritilgan. Z.M.Boburning Hindiston, Afg‘oniston va Movarounnahr xalqlari haqidagi kuzatuvlari madaniyatlararo tadqiqotlar uchun o‘ta qimmatli va muhim manbaadir. Xususan, Bobur to‘y marosimlarida qatnashgan hindlarning o‘ziga xos kiyinish tarzi haqida ham ma’lumot berilgan. Xususan, ayollar sari kiygan holda bo‘yinlari va bilaklarini turli zeb-ziynat bilan bezashgani, erkaklar esa maxsus turbanda ekanini yozadi. Ushbu kiyinish tarzi ularning urf-odati va madaniy qadriyatlarini ifodalashini ta’kidlaydi. Shu jumladan, sari (ayollarning milliy libosi, to‘y va bayramlarda kiyiladigan mato kiyim), turbanda (turli rang va naqshlar bilan bezatilgan hind erkaklarining bosh kiyimi), ghagra (odatda bayram va tantanalarda kiyiladigan hind ayollarining uzun yubkasi), choli (ayollar kiyadigan sari bilan birga ishlatiladigan yengsiz kiyim), mangal sutra (ayollar turmush qurishidan so‘ng taqadigan muqaddas marjon), sindur (ayollarning peshonalariga suradigan qizil kukun, u turmush qurganligini ifodalaydi) (Bobur, 2002).
Etnografiya metodologiyasi jamiyat va uning a’zolarining kundalik turmush tarzlari va ularga xos, takrorlanmas qadriyatlarni o‘rganish, tadqiq qilishga asoslangan bo‘lib, ularning madaniy muhitida o‘ziga xos bo‘lgan turli xil tushunchalar va an’analarni aniqlash mumkin. XIX asr oxirlariga kelib, Bronislaw Malinowski va Frans Boass kabi tadqiqotchilar etnografiyani mustaqil ilmiy soha sifatida rivojlantirishga o‘z hissalarini qo‘shganlar. Bronislav Malinowskining olib borgan tadqiqotlari hozirgi zamonaviy etnografiya faniga poydevor bo‘lib xizmat qilgan desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Tadqiqotlar davomida etnografiya sohasi orqali xalqlarning madaniyatini faqatgina ularga xos tashqi ko‘rinishlar orqali emas, balki ijtimoiy tuzilma, funksiyalar, normativ munosabatlar ham orqali tushunish ham mumkinligi ta’kidlanadi. Uning fikricha, madaniyatning haqiqiy mazmunini aniqlash uchun jamiyat hayotining chuqur qatlamlarini o‘rganish zarur. Ushbu soha doirasida, Malinowski o‘zining mashhur “qatnashish orqali kuzatish” (participant observation) metodini qo‘llagan bo‘lib, bu usul orqali tadqiqotchilar biror jamiyatning bevosita bir qismi sifatida, ularning hayoti va madaniyatini chuqur tushunishga harakat qilishgan (Malinowski, 1922). O‘zbekistonda ham bugungi kunda ko‘plab uy-mehmonxonalarning amal qilayotgani, ko‘plab sayyohlarning aynan shunday mehmonxonalarda turib, xalq hayoti bilan yaqindan tanishish niyatida, marosimlar va an’analarda shaxsan ishtirok etayotgani buning yorqin misolidir.
References
Axmanova, O.S. (1966). Tilshunoslik terminlarining lug‘ati. Moskva: Sovet Ensiklopediyasi.
Beruniy, A.B. (1957). Hindiston. Toshkent: Fan.
Bobur, Z.M. (2002). Boburnoma. Toshkent: Sharq.
Bromley, Y.V. (1973). Etnografiya asoslari. Moskva: Nauka.
Gumilyov, L.N. (1967). Etnogenez i biosfera Zemli. Moskva: Nauka.
Korotov, A.B. (2006). Vvedenie v etnografiyu. Moskva: MGU.
Malinowski, B. (1922). Argonauts of the Western Pacific. London: Routledge.
Murod, T. (1993). Ot kishnagan oqshom. Toshkent: Sharq.
Shumager, E.I. (1990). Fonovaya leksika, yeyo svoeobraziye i svyaz’ s kulturoy. In Leksika i kultura (p. 124). Tver: Tverskoy gosudarstvenny universitet.
Tomakhin, G.D. (1997). Realii v yazyke i kulture. Zh. IYASH, 3, 13-18.
Tursunov, A. (2000). O‘zbek xalqining etnografiyasi. Toshkent: Fan.
Vlahov, S., & Florin, S. (1980). Natsional'nye realii i ikh perevod. Moskva: Vysshaya shkola.
Published
Downloads
How to Cite
Issue
Section
License
Copyright (c) 2025 Хадиджа Мухитдинова , Эъзоза Сатторова

This work is licensed under a Creative Commons Attribution 4.0 International License.
