Поэтическая структура немецких народных сказок и её выражение через эстетические критерии

Аннотация
В статье системно исследуются немецкие народные сказки, записанные братьями Гримм, в синтезе их поэтической структуры и эстетических критериев. Цель работы – выявить механизмы, благодаря которым формульные выражения, тройное повторение, ритмическая организация и стереотипные образы формируют устойчивую художественную конструкцию и передают дуализм красоты и справедливости. Автор сочетает структурный, эстетический и символический анализ, опираясь на теории Макса Люти и Владимира Проппа. Вводные и заключительные формулы «Es war einmal …» и «… und wenn sie nicht gestorben sind, dann leben sie noch heute» выводят сказку за пределы историко-пространственных рамок и придают ей универсальность, а трёхчастная композиция сюжета обеспечивает психологическую готовность слушателя. Противопоставление добра и зла, волшебные предметы и говорящие животные символизируют моральный идеал и эстетические устремления народного сознания. Результаты подтверждают, что система награды и наказания восстанавливает эстетическое равновесие и закрепляет нормы красоты. В заключение поэтические единицы корпуса Гриммов соотносятся со структурами и мотивами узбекских сказок, выявляя универсальные черты народного поэтического мышления. Итоги представляют собой методически надёжное пособие по эстетике фольклора и важный источник для дальнейших исследований.
Ключевые слова:
Поэтика сказки эстетические критерии сказки Гримм тройное повторение формульные выражения ритмическая композиция эпический сюжет типология сюжета символические образы олицетворение метафора эпитет архетипические символы дидактическая функция волшебные элементы структурная эстетикаXalq ertaklari og‘zaki ijodning qadimiy va universal shakli bo‘lib, ular poetik struktura va estetik mazmunni o‘zida mujassam etgan badiiy matnlardir. Bu ertaklarda voqea syujeti qat'iy tartibda tuzilgan bo‘lib, iboralar, takroriylik, dramatik vaziyatlar va obrazlarning stereotiplashuvi orqali xalqning estetik qarashlari ifoda etiladi. Aka-uka Grimlar tomonidan yozib olingan nemis xalq ertaklari bu jarayonni ilmiy asosda tahlil qilish imkonini beradi.
Nemis ertaklari tarixi ko‘p asrlarga borib taqaladi va og‘zaki adabiyotni hikoya qilish va yetkazish an'anasi bilan bog‘liq (Tajigalieva, 2024). Xalq ertaklari og‘zaki ijod mahsuli sifatida qat’iy poetik strukturaga ega bo‘ladi. Bu qurilish, avvalo, an’anaviy syujet strukturalari, syujet bosqichlarining tartibiyligi va obrazlar tizimi orqali shakllanadi. Ertaklar odatda formulalik iboralar bilan boshlanadi (“Es war einmal...”) va shunga o‘xshash yakun bilan tugaydi (“...und wenn sie nicht gestorben sind, dann leben sie noch heute”), bu esa ertakning ritmik va esda qolarli bo‘lishini ta’minlaydi.
Poetik qurilmaning markazida uch martalik takror, tovush o‘xshashliklari, dialogik ifoda, monolog va dramatik pauzalar, obrazlarning stereotiplashuvi mavjud bo‘lib, ular ertakni estetik jihatdan mukammal qiladi. Shuningdek, qahramonlik, sinov, g‘alaba va mukofot singari komponentlar poetik struktura orqali estetik mazmun bilan boyitiladi.
Estetik mezonlar esa ertaklarda axloqiy-psixologik qarashlar bilan bog‘liq tarzda ifodalanadi. Yaxshi va yomonning qarama-qarshiligi, go‘zal va xunuk obrazlarning kuchli farqlanishi, adolatli yakunlar – bularning barchasi xalqning estetik didi va dunyoqarashi bilan uzviy bog‘liq. Grimm ertaklarida masalan, halol, kamtar, sabrli qahramon mukofotga sazovor bo‘ladi; yolg‘onchi, manman, yovuz obraz esa jazolanadi – bu estetik adolatning muhim ko‘rinishidir.
Tadqiqot maqsadi: Nemis xalq ertaklari misolida poetik va estetik xususiyatlarni tahlil qilish
Ushbu maqola nemis xalq ertaklari asosida xalq og‘zaki ijodining poetik ifoda shakllarini va estetik mazmunini aniqlashga qaratilgan. Tadqiqotning asosiy maqsadi-Aka-uka Grimlar tomonidan yozib olingan mashhur ertaklar misolida poetik struktura (formulalik, takroriylik, obraz qurilishi) va estetik mezonlar (go‘zallik, adolat, axloqiy ideallar) qanday ifodalanganini tahlil qilishdan iborat. Shuningdek, ertaklardagi poetik vositalar va estetik g‘oyalarning xalq madaniy xotirasi va ma’naviy qadriyatlari bilan qanday uyg‘unlashgani o‘rganiladi. Bu maqsadga erishish uchun ertaklar struktural tahlil, estetik yondashuv, ramziy qatlam orqali o‘rganiladi va qahramonlarning harakati, obrazlar tili hamda ertak syujeti orqali qanday estetik hissiyotlar uzatilishi aniqlanadi.
Adabiy matnlarning badiiy qiymatini belgilovchi eng muhim jihatlardan biri-bu poetik ifodadir. Xalq og‘zaki ijodi, xususan ertaklar, o‘zining ko‘p asrlik tarixiy rivojida shakllangan poetik vositalar va badiiy qurilmalari bilan nafaqat axborot manbai, balki estetik hodisa sifatida ham qadrlanadi. Og‘zaki ijod mahsulida poetik ifoda faqatgina san’atkorlik elementi emas, balki xalqning dunyoqarashi, axloqiy qadriyatlari va madaniy xotirasining estetik shaklidir.
Poetik ifodaning nazariy asoslari: Maks Lyuti va Vladimir Propp qarashlari
Folklor matnlarining poetikasini o‘rganishda Maks Lyuti va Vladimir Propp ilmiy merosi alohida o‘rin tutadi. Maks Lyuti xalq ertaklarini "axloqiy-estetik soddalikda qurilgan san’at asarlari" deb ta’riflab, ular poetikasining asosiy belgilarini ko‘rsatib bergan:
- ertak voqealarining joy va zamondan uzilganligi;
- obrazlarning ideallashtirilganligi;
- harakat markazidagi qat’iylik;
- hamda an’anaviy formulalarning takrorlanuvchanligi.
Lyuti fikricha, xalq ertaklarida poetik ifoda o‘z-o‘zidan badiiylik emas, balki tinglovchida hayajon, kutish va ishonch hissini uyg‘otuvchi qat’iy tuzilma va estetik muvozanatdir (Lyuti,1997). Ertak poetikasi bu og‘zaki rivoyatning san’atga aylangan shaklidir.
Vladimir Propp esa “Xalq ertagining morfologiyasi” asarida ertak matnining funksional strukturasini o‘rganadi (Propp, 1968). U ertakdagi voqealarni ketma-ket sodir bo‘ladigan 31 ta funksiyaga ajratib, bu strukturaning deyarli barcha ertaklarda takrorlanishini ilmiy asoslaydi. Propp nazariyasiga ko‘ra, poetik ifoda-bu syujet mexanizmidagi ritmik va ma’naviy strukturaviylikni anglatadi. Shu bilan birga, xalq ertaklaridagi poetika nafaqat tashqi struktura, balki axloqiy-ramziy obrazlar tizimi, estetik go‘zallik ideali va badiiy muvozanatdir.
Og‘zaki ijod mahsullari yozma adabiyotdan farqli ravishda eshitish, yodlash, ifoda qilish asosida shakllangani sababli, ular o‘ziga xos poetik qurilishga ega. Xalq ertaklari hamisha an’anaviy kompozitsiya asosida tuziladi: muqaddima, rivoj, avj nuqtasi va yakun.
- Formulalik – ertakning poetik tuzilmasida muhim rol o‘ynaydi. Masalan, "Es war einmal..." kabi kirish iborasi voqeani real hayotdan ajratadi va uni afsonaviy fazoga ko‘chiradi. Yakunda esa “...und wenn sie nicht gestorben sind, dann leben sie noch heute” iborasi yordamida ertakning vaqt doirasidan tashqariligi ta’kidlanadi.
- Takroriylik – ertaklarda, ayniqsa uch martalik sxema keng tarqalgan: uchta sinov, uchta qahramon, uchta muvaffaqiyatsizlik va nihoyat, g‘alaba. Bu struktura og‘zaki matn esda qolarli bo‘lishi, ritmik tarzda eshitilishi va tinglovchini ruhiy tayyorgarlikka olib borishiga xizmat qiladi.
- Ritm – ertakning harakatiga dinamiklik va muvozanat bag‘ishlaydi. Har bir harakatdan keyin bo‘ladigan pauza, dialoglar, syujetlik burilishlar ritm vositasida boshqariladi. Bu tinglovchi yoki o‘quvchi e’tiborini uyg‘otishda estetik vosita sifatida ishlaydi.
Shunday qilib, og‘zaki matnning poetik tuzilmasi – bu mazmunni shakllantiruvchi estetik qolip, u ertakning ta’sirchanligini oshiradi va tinglovchini badiiy dunyoga olib kiradi.
Xalq ertagi har doim faqat syujetli hikoya emas. U xalq tafakkurining, orzu-umidlarining, axloqiy qarashlarining poetik va estetik shaklidir. Ertak matni o‘z ichiga qahramonlik, sarguzasht, xavf, adolat va halollik g‘oyalarini jamlagan holda, tinglovchining nafaqat aqliga, balki qalbiga ham ta’sir qiladi. Masalan, "Kuloyim" (Aschenputtel) ertagida qizaloqning sabr-toqati va sadoqati orqali mukofotga erishishi, yoki “Qizil qalpoqcha”da xavfga duch kelgan qizaloqning najot topishi – bularning barchasi estetik katarsis (ruhiy tozalanish)ni keltirib chiqaruvchi poetik stsenariylardir.
Ertaklardagi mo‘jizaviy vositalar (gapiradigan hayvon, sehrli buyumlar) tinglovchining tasavvur olamini jonlantiradi. Qahramon har doim ruhiy yoki axloqiy jihatdan yuksak bo‘ladi. Bu-go‘zallik idealining poetik shakli, ya’ni estetik mukammallik ramzidir.
Xalq ertaklarida poetik ifoda vositalari syujetni tashkil qilishdan tashqari, axloqiy-estetik qadriyatlarni uzatish, xalq madaniyatini estetik shaklda aks ettirish vazifasini ham bajaradi. Maks Lyuti va Vladimir Proppning nazariy ishlari shuni ko‘rsatadiki, ertaklar o‘z strukturasi, ritmi va badiiy vositalari orqali tinglovchini go‘zallik, ezgulik va adolat haqidagi umumiy insoniy qarashlarga yetaklaydi. Shu bois ertaklarda poetika faqat badiiy texnika emas, balki madaniy estetik tizim sifatida talqin qilinishi lozim.
Xalq ertaklari o‘ziga xos strukturaviy qat’iylik va poetik uyg‘unlikka ega og‘zaki matnlar tizimidir. Ularning poetik tuzilmasi – ertakni oddiy hikoyadan farqlovchi muhim belgi bo‘lib, tinglovchiga emotsional va estetik ta’sir ko‘rsatadi. Bu strukturaviy elementlar orasida formulalik, uch martalik ritmik qurilish va dramaturgik rivojlanish ajralib turadi.
Formulalik – bu xalq ertaklariga xos barqaror, stereotipik iboralar tizimi bo‘lib, ular ertakning poetik ohangini, uslubini belgilaydi va uni boshqa janrlardan ajratib turadi. Har bir ertak an’anaviy tarzda formulali boshlangan va formulali yakunlangan.
Boshlanish formulalari:
“Es war einmal...” (“Bir bor ekan...”)-bu ibora ertak voqeasini real zamon va makondan ajratadi, uni afsonaviy, umumbashariy va ramziy makonga ko‘chiradi. Bu boshi noaniq ifoda orqali ertak tinglovchisida mistik intizorlik va ajralganlik tuyg‘usi hosil bo‘ladi.
Yakun formulalari:
“...und wenn sie nicht gestorben sind, dann leben sie noch heute” (“Agar ular haligacha o‘lmagan bo‘lsa, demak hanuzgacha yashashmoqda”)-bu ibora ertakning tugashini bildiradi, ammo bu yakun chegaralanmagan vaqtni ifodalaydi, voqeaga abadiylik va xayoliylik bag‘ishlaydi. Shuningdek, formulalik dialoglarda, sinovlarda, so‘rov-javob shakllarida ham uchraydi. Bularning barchasi og‘zaki ijodning yodda saqlanishini osonlashtiradi va poetik ritmni mustahkamlaydi.
Xalq ertaklarining eng qadimiy poetik xususiyatlaridan biri bu-uch martalik strukturadir. Bu element ritmik tuzilmani belgilaydi va voqealar rivojiga ichki tartib beradi.
Masalan:
- Qahramon uchta sinovdan o‘tadi (masalan, akalarning muvaffaqiyatsiz urinishlari, kichik o‘g‘ilning g‘alabasi).
- Uchta dushman yoki to‘siqdan o‘tiladi (uchta dev, uchta eshik, uchta hayvon).
- Uch martalik takroriy harakatlar (“uch marta uriladi, uch marta yordam so‘raladi” va h.k.).
Bunday strukturaviy takrorlar tinglovchida kutilganlik, ishonch va estetik zavq hissini uyg‘otadi. Maks Lyuti bu hodisani “ritmik barqarorlik orqali psixologik tayyorgarlik hosil qilish” deb ta’riflaydi. Bu uslub orqali ertaklar ritmik, ohangdor va emotsional ta’sirchan bo‘lib qoladi.
Ertakning ichki dinamizmini tashkil qiluvchi asosiy poetik komponent bu-dramatik konflikt va syujetdagi kuchlanish-avj-mukofot strukturasidir. Bu qatlam o‘z-o‘zidan estetik zavq bag‘ishlaydi, chunki u qahramonning ichki va tashqi kurashi orqali ifodalanadi.
Syujet odatda quyidagicha quriladi:
- Qahramon yo‘lga chiqadi – sababi: g‘am, iztirob, adolatsizlik.
- Sinovga duch keladi – odatda uchta to‘siq yoki sinov mavjud.
- Yengiladi yoki muvaffaqiyatsiz bo‘ladi – ilk urinishlar ko‘pincha yakun bermaydi.
- Yordam oladi (ko‘pincha mo‘jizaviy) – qahramonga sehrli hayvon yoki buyum yordam beradi.
- Yakuniy g‘alaba va mukofot – qahramon baxtli bo‘ladi, ko‘pincha to‘y, taxt, yoki oilaviy baxtga erishadi.
Masalan, Grimm ertaklaridagi “Oltin sochli qiz”da uchta aka-ukadan faqat eng kichigi, halol va kamtarin bo‘lgan qahramon sinovlarni yengadi. Bu dramaturgik tuzilma orqali ertaklarda adolat, sabr, halollik kabi g‘oyalar poetik shaklda aks ettiriladi. Konflikt-ertakning poetik yuragi. Qahramon bu to‘qnashuvdan o‘tgan sayin, uning qiyofasi, ichki kuchi va estetik ideali boyiydi. Shu orqali ertak inson ruhining kurashi va go‘zallik idealining tasviriga aylanadi.
Ertak strukturasi bu poetik ifoda vositalarining barqaror tizimi bo‘lib, u matnni nafaqat badiiy, balki estetik jihatdan mukammal qiladi. Formulalik, ritmik takroriylik va dramatik kurashlar ertak tinglovchisiga nafaqat voqeani tushunish, balki estetik zavq olish va axloqiy fikrlash imkonini yaratadi. Shunday qilib, ertak strukturasining poetik elementi xalq ijodining nafaqat ifoda shakli, balki estetik tafakkuri va tarbiyaviy mezonlarining aksidir. Xalq ertaklari og‘zaki ijod mahsuli bo‘lishiga qaramay, ularning matni chuqur badiiy qatlamga ega bo‘lib, epik poetikaning ifodali vositalariga boydir. Ertak poetikasi faqat syujet asosida emas, balki badiiy uslub va obrazli ifoda vositalari orqali ham namoyon bo‘ladi. Aka-uka Grimlar tomonidan to‘plangan nemis xalq ertaklari bu borada juda boy misollarni taqdim etadi. Bunday badiiy vositalar orqali xalq ertagi estetik zavq va axloqiy saboqni bir butun holda tinglovchiga etkazadi.
Xalq ertaklarining poetik boyligida epitetlar muhim o‘rin tutadi. Epitetlar obrazga estetik kuch baxsh etadi, uni xalq ideallariga yaqinlashtiradi. Masalan, Grimm ertaklaridagi “Oltin sochli qiz”, “aqlli qiz”, “yovuz o‘gay ona” kabi iboralar obrazning sifat jihatlarini xalqona baholash asosida belgilaydi. Bu epitetlar ertak obrazlariga katta-kichik, yomon-yaxshi, go‘zal-xunuk kabi estetik kategoriyalarni yuklaydi. Og‘zaki formulalar nazariyasining shakllanishi va shu doirada epitetlar ustida olib borilgan tadqiqotlarning deyarli barchasida she’riy asarlardan foydalanilgan (Bekki, 2012).
Matnlarning badiiy ifodasini poetik tropistika ochib beradi (Koval, 2020). Bunga ko‘ra metaforalar ertak matnining ramziy-estetik qatlamida muhim rol o‘ynaydi. Masalan, “oltin kalit”-sir va najot timsoli, “qora o‘rmon” – xavf va sinovlar makoni sifatida talqin etiladi. Bu obrazlar orqali ertakning ichki ma’naviy mazmuni va xalq fantaziyasi boyitiladi.
Parallelizm-og‘zaki matnga xos bo‘lgan poetik qurilma bo‘lib, qahramonlar harakatlarining yoki taqdirlarining takroriy yoki o‘xshash tarzda bayon etilishi orqali obrazlar o‘rtasida badiiy muvozanat yaratiladi. Masalan, bir-biriga o‘xshagan aka-ukalarning harakati, sinovdan qanday o‘tgani, faqat eng kichigining muvaffaqiyat qozonishi – bular parallel qurilgan epizodlar orqali beriladi.
Mo‘jizaviylikning ajralmas tarkibiy qismi animizmdir, ya’ni narsalar va jonsiz tabiatni jonlantirish yoki hayvonlarni insonlardek gavdalantirish bo‘lib, natijada ular inson bilan muloqotga kirisha olish qobiliyatiga ega bo‘ladilar (Roquet, 2015). Personifikatsiya – ya’ni jonli bo‘lmagan narsalarga jonli xususiyatlar berish ertaklarda keng qo‘llaniladi. Gapiradigan hayvonlar, o‘z-o‘zidan ovqat tayyorlaydigan dasturxon, uchuvchi gilam, gapiruvchi qush-bularning barchasi xalq ongidagi fantastik orzular, sehrli yutuqlar, axloqiy yengilmaslik g‘oyalarining badiiy timsollaridir.
Ertaklarda uchraydigan sehrli obrazlar xalq fantaziyasi, umidi va ezgulikka bo‘lgan ishonchining ramzidir. Ular syujetda faqat voqeani oldinga suruvchi vosita emas, balki ichki estetik muvozanatni ta’minlovchi kuchdir. Gapiradigan hayvonlar: Masalan, “Gapiruvchi qarg‘a”, “Do‘st bo‘lgan tulki”, “Qahramonni ogohlantiruvchi qush”-bular inson va tabiat o‘rtasidagi ramziy aloqa timsollaridir. Bu hayvonlar ko‘pincha aql, donishmandlik va sadoqatni ifodalaydi. Sehrli buyumlar Grimm ertaklarida juda keng tarqalgan. Masalan: sehrli kalit, ko‘z ilg‘amas qalpoq, o‘z-o‘zidan pishadigan dasturxon, yengilmas qilich. Bu obrazlar qahramonning ma’naviy fazilatlarini mukofotlovchi ramzlardir va xalq tasavvurida yaxshilikni yengilmas qilish funksiyasini bajaradi.
Sehrli obrazlar orqali fantastika estetik vositaga aylanadi. U real voqelikdan yiroq bo‘lsa-da, xalq idealining badiiy timsoli sifatida xizmat qiladi.
Ertaklarda mavjud bo‘lgan eng muhim estetik mezonlardan biri bu-qarama-qarshilik asosidagi poetik muvozanatdir. Har doim ezgulik va yovuzlik, go‘zallik va xunuklik, halollik va hiyla qarama-qarshi obrazlarda ifodalanadi. Bu esa ertakning estetik strukturasi va ma’naviy-g‘oyaviy asosini tashkil etadi. Yaxshi obrazlar – mehribon, halol, sabrli, odatda ijtimoiy zaif (yetim bola, kambag‘al o‘g‘il) bo‘ladi, lekin mukofotga sazovor bo‘ladi. Yovuz obrazlar – manman, yolg‘onchi, o‘g‘ri, o‘gaylar, shohlar yoki badjahl sehrgarlar bo‘ladi, ular ertak yakunida jazolanadi. Go‘zallik bu yerda faqat tashqi belgi emas, balki ichki axloqiy poklikning tashqi timsoli sifatida namoyon bo‘ladi. “Kuloyim” (Aschenputtel) ertagidagi qahramon tashqi go‘zallikka ega bo‘lishidan avval, sabr, sadoqat va poklik orqali sinovdan o‘tadi. Bunday obrazlar o‘rtasidagi qarama-qarshilik ertak poetikasiga dinamiklik, dramatizm va estetik ishonch olib kiradi. Tinglovchi, aynan mana shu muvozanatning tiklanishidan estetik zavq oladi va ichki axloqiy tozalanishga erishadi.
Xalq ertaklaridagi badiiy vositalar va obrazlar tizimi xalq ongining poetik ko‘zgusidir. Epitet, metafora, personifikatsiya kabi vositalar yordamida ertak matni emotsional va estetik jihatdan yuksaladi. Sehrli obrazlar esa xalq istak va ideallarining ramziy ifodasidir. Ezgulik va yovuzlik o‘rtasidagi poetik muvozanat esa tinglovchini go‘zallik, adolat va ma’naviy poklik haqida chuqur mulohazaga chorlaydi. Shu bois ertaklar poetikasi nafaqat badiiy, balki estetik va tarbiyaviy hodisa sifatida katta ilmiy ahamiyatga ega.
Xalq ertaklari o‘zining badiiy-estetik tabiati bilan insonning go‘zallikka, adolatga va axloqiy yuksaklikka bo‘lgan ehtiyojini qondiradi. Ertakda go‘zallik tasviri nafaqat estetik zavq berish, balki axloqiy qadriyatlarni badiiy shaklda ifodalashga xizmat qiladi. Nemis ertaklarining tarbiyaviy qiymatining asosiy jihatlaridan biri bu axloqiy saboqlardir. Ertak syujetlari orqali bolalar va kattalar yaxshi va yomonni, to‘g‘ri va noto‘g‘ri xatti-harakatlarni farqlashni, do‘stlik, sadoqat, adolat va boshqa axloqiy fazilatlarning qadr-qimmatini tushunishni o‘rganadilar (Tajigalieva, 2024). Aka-uka Grimmlar tomonidan to‘plangan nemis xalq ertaklarida estetik mezonlar aniq ifodalanadi: qahramonning ichki pokligi tashqi go‘zallik orqali ramziylashadi, mukofot va jazolar esa xalq adolat tuyg‘usining estetik timsollariga aylanadi. Ertaklardagi estetik kategoriyalar bu xalq tafakkurida go‘zallik va axloqiylik o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlikni ifodalovchi mezonlar majmuasidir. Go‘zallik ertaklarda ikki ko‘rinishda tasvirlanadi:
- Tashqi go‘zallik – qahramonning jozibadorligi, libosi, harakati, ovozi orqali ifodalanadi (masalan: “oltin sochli qiz”, “mehribon va xushfe’l qizaloq”).
- Ichki go‘zallik – halollik, sabr, sadoqat, rahm-shafqat kabi axloqiy fazilatlar orqali namoyon bo‘ladi.
Ideal qahramon – faqat jismonan kuchli yoki chiroyli emas, balki ma’naviy yuksak fazilatlar egasi. Grimm ertaklarida bunday obrazlar odatda ijtimoiy jihatdan zaif: kambag‘al, yetim, yolg‘iz bo‘ladi, lekin oxirida u ideal mukofotga erishadi – podsholik, sevgi, baxt. Mukofot – ertaklarda go‘zallik va fazilatlarning ijtimoiy e’tirofidir. Bu nafaqat moddiy boylik, balki xalq orzusi, ideali sifatida tasvirlanadi: podshoning qizi bilan turmush, shohlik taxti, baxtli hayot. Estetik mukofot va jazolarning vazifasi bu axloqiy-ramziy ifoda. Ertaklar syujeti odatda axloqiy sinov asosida quriladi. Qahramon halollik, jasorat, sadoqat bilan sinovdan o‘tadi. Bu jarayonning yakunida esa estetik qiymatga ega mukofot yoki jazo yuzaga chiqadi. Bu elementlar axloqiy g‘oyalarni estetik shaklda ifodalovchi ramzlar sifatida ishlaydi. Mukofot-ideal xatti-harakatni tasdiqlovchi estetik bayramdir. U baxt, sevgi, boylik yoki shon-shuhrat ko‘rinishida beriladi. Masalan, “Kuloyim” ertagida qizaloq sabr-toqat evaziga shahzodaning muhabbatiga sazovor bo‘ladi. Jazo-ertakda yomonlik qilgan obrazning tan olinmasligi yoki yo‘q qilinishi orqali amalga oshadi. Bu jazo og‘ir emas, balki estetik tenglikni tiklashga qaratilgan ramziy amaldir.
Bunday mukofot va jazo tizimi orqali ertakda go‘zallik g‘oyasining axloqiy ildizi chuqurlashadi. Estetik mezonlar orqali xalq ertaklarida axloqiy g‘oya nafaqat tushuntiriladi, balki tasvir orqali his etiladi.
Grimm ertaklarining asosiy poetik tamoyillaridan biri-bu axloqiy-estetik dualizm, ya’ni ezgulik va yovuzlik, go‘zallik va xunuklik o‘rtasidagi badiiy qarama-qarshilikdir. Bu dualizm:
- Syujetning harakatlantiruvchi kuchi hisoblanadi;
- Qahramonlar tizimida aniq ajralib turadi;
- Tinglovchining estetik his-tuyg‘usini
Ezgu obrazlar: sabrli, halol, kamtar, ijtimoiy jihatdan zaif, ammo axloqan yuksak. Yovuz obrazlar: o‘g‘ri, hiylakor, manman, ochko‘z, soxta kuch egalari (masalan: yovuz sehrgar, o‘gay ona, yolg‘onchi aka). Bu ikki kuch to‘qnashuvi ertak davomida dramatik kuchlanish hosil qiladi va yakunda go‘zallik (ezgulik) g‘alabasi bilan tugaydi. Grimm ertaklaridagi har bir yakun bu xalq ongidagi adolat istagining badiiy timsoli, estetik idealning ramziy bayoni hisoblanadi.
Shunday qilib, ertakdagi estetik mezonlar, mukofot-jazo tizimi va go‘zallik g‘oyasi xalqning axloqiy dunyoqarashi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘liq bo‘lib, ular poetik ifoda orqali badiiy voqelikka aylantirilgan.
Xalq ertaklari o‘z tabiatiga ko‘ra ikki qatlamli hodisadir: ular badiiy shakl (poetika) va “ichki mazmun (estetika)”ning barqaror uyg‘unligiga asoslangan. Bu uyg‘unlik orqali ertak nafaqat og‘zaki voqealarning jamlanmasi, balki xalqning go‘zallik, axloq, umid va ma’naviylik haqidagi qarashlarining badiiy ifodasiga aylanadi. Aka-uka Grimmlar to‘plagan nemis ertaklarida ayni uyg‘unlik – poetik strukturadagi aniqlik va estetik g‘oyalarning aniqligi orqali o‘z ifodasini topadi.
Ertaklarda poetik qurilma ya’ni syujet tuzilishi, formulalik, takroriylik, badiiy vositalar-faqatgina estetik bezak emas, balki estetik mazmunni yetkazish vositasi hisoblanadi. Masalan, ertakda qahramonning yo‘lga chiqishi, uchta sinovdan o‘tishi, oxir-oqibat mukofotga erishishi-bu syujet sxemasi go‘zallikning sinovdan o‘tgan shakli sifatida talqin qilinadi. Shakl orqali mazmun yetkaziladi: ertak syujeti axloqiy-estetik g‘oyani shakllantiruvchi ritmik-poetik vosita sifatida ishlaydi. Qahramonning safaridagi har bir sinov, har bir dialog, har bir uch martalik urinish tinglovchiga “ezgulik sabr, halollik va sadoqat orqali g‘alaba qozonadi” degan estetik xulosani singdiradi.
Ertakda ilgari suriladigan go‘zallik, adolat, sadoqat, jasorat kabi tushunchalar – bu shunchaki axloqiy tamoyillar emas, balki xalq uchun estetik qadriyatlardir. Bu qadriyatlar ertak poetikasining ichiga simvol, obraz, harakat va mukofot tizimi orqali joylashtirilgan. Grimm ertaklarida bu qadriyatlar ideal obrazlar orqali mujassam: halol dehqon o‘g‘li, mehribon qizaloq, sabrli yetim bola – bular xalq tasavvuridagi go‘zal inson timsollaridir.
Ertakda xalqning ichki dunyosi, axloqiy ideali va estetik didi obrazlar orqali ifodalanadi. Ayniqsa, “Qizil qalpoqcha” yoki “Kuloyim” kabi ertaklarda jasorat, poklik, iztirob va najot kabi tushunchalar estetik obrazlar tizimiga aylangan. Estetik qadriyatlar ertak orqali avloddan avlodga o‘tadi va ma’naviy meros shaklida saqlanadi. Shu bois ertaklar nafaqat bolalar uchun ko‘ngilochar janr, balki xalqning estetik va axloqiy o‘zini anglash modelidir. Ertaklar insonning ma’naviy va jismoniy kuchiga ishonch ruhi bilan sug‘orilgan bo‘lib, ijobiy kuchlar tabiat va ijtimoiy hayotda o‘ziga dushman bo‘lgan kuchlarga qarshi kurashda doimo g‘olib chiqadi (Usarova & Amonova, 2022).
Grimm ertaklari qahramonlari ko‘pincha syujet davomida tashqi voqealar orqali ichki o‘sishga erishadi. Ular ertak boshida zaif, kambag‘al, yolg‘iz yoki rad etilgan bo‘lsa-da, poetik syujet ularni sinovdan o‘tkazadi, va yakunida ular ichki go‘zallik, ruhiy poklik va axloqiy yuksaklik bilan ajralib turadigan timsollarga aylanadi. Masalan, “Oltin sochli qiz” ertagida eng kichik aka ko‘p hollarda tan olinmagan, kamsitilgan, ammo eng halol, sadoqatli va jasur obraz bo‘lib, aynan u syujet oxirida g‘alaba qozonadi. Bu orqali ertak shuni ifodalaydiki: go‘zallik-tashqi ko‘rinishda emas, balki qiyinchilikdan o‘tib, o‘zini topgan insonning ichki pokligidadir. Bunday rivojlanish bu xalq estetikasi doirasidagi ideal shakllanishdir. Qahramonning tashqi harakatlari ichki ruhiy yuksalishining poetik shakliga aylanadi. Ertakdagi poetika va estetika bir-biriga xizmat qiluvchi ikki asosiy qatlamdir. Poetik shakl estetik g‘oyani jozibali va ta’sirchan tarzda etkazishga yordam beradi. Estetik qadriyatlar esa bu shakl orqali go‘zallik, adolat, fazilat kabi tushunchalarni xalq ongida mustahkamlaydi. Grimm ertaklarida poetika va estetika o‘zaro uyg‘unlashib, xalqning ma’naviy ideallarini badiiy obrazlarda mujassam etuvchi san’at namunasini yuzaga keltiradi.
Nemis xalq ertaklari xalq og‘zaki ijodining badiiy-estetik namunasi bo‘lib, ularning shakllanishida poetik struktura va estetik mezonlar o‘zaro bog‘liq, uyg‘un tizimda namoyon bo‘ladi. Aka-uka Grimlar tomonidan yozib olingan va tizimlashtirilgan ertaklar bu borada noyob material hisoblanadi. Ushbu ertaklarda formulalik, takroriylik, uch martalik syujet harakati, obrazlarning stereotiplashuvi kabi poetik unsurlar barqaror ifoda topgan bo‘lib, ular tinglovchi va o‘quvchining estetik didini shakllantiradi.
Poetik qurilma ertak syujetining tuzilishiga ritm, ohang va kompozitsion uyg‘unlik baxsh etadi. Aynan shu poetik qatlam orqali estetik g‘oyalar-adolat, go‘zallik, jasorat, sadoqat kabi qadriyatlar obrazlar tizimi va syujet orqali ta’sirchan tarzda yetkaziladi. Shunday qilib, ertak matnining tashqi shakli (poetika) va ichki mazmuni (estetika) o‘zaro chambarchas bog‘langan va bir-birini to‘ldiruvchi ikki asosiy qatlam sifatida qaraladi.
Estetika va poetika ertaklarda bir butun san’at tizimi sifatida xizmat qiladi. Ertak voqealari orqali xalq nafaqat orzu-umidlarini ifodalaydi, balki go‘zallik, axloqiylik va hayotiy kurashlar haqidagi qarashlarini badiiy obrazlar vositasida taklif etadi. Qahramonning sinovdan o‘tib, mukofotga erishishi faqat dramatik g‘alaba emas-u xalq idealining shakllangan estetik modeli sifatida namoyon bo‘ladi. Shu nuqtai nazardan qaralganda, Grimm ertaklari nafaqat folklor namunasi, balki estetik-madaniy yodgorlik sifatida ham alohida ilmiy ahamiyat kasb etadi. Ular orqali nemis xalqining tarixi, axloqiy idealari, madaniy xotirasi va estetik tafakkuri o‘rganiladi. Shu bois, bunday ertaklarni faqat bolalar adabiyoti doirasida emas, balki estetik-falsafiy, madaniyatshunoslik va adabiyotshunoslik nuqtayi nazaridan ham chuqur o‘rganish zarur.
Библиографические ссылки
Adizova N. (2025) “Xalq og‘zaki ijodining didaktik va tarbiyaviy ahamiyati”. Zamonaviy ilm-fan va ta’lim istiqbollari. (Buxoro).
Berdiqulova N. (2023) “O‘zbek va nemis ertaklarining tarjimalari tahlili”, Ta’lim, fan va innovatsiyalar jurnali №4. (Buxoro)
Lüthi M. (1947) Das europäische Volksmärchen: Form und Wesen. Bern: Francke Verlag.
Propp V. (1969) Morfologiya skazki. (Moskva).
Usarova L., Amonova D., (2022) “Badiiy tafakkurning rivojlanishida aka-uka Grimmlar o‘rni va afsonaviy obrazlar talqini“, Ta`lim va innovatsion tadqiqotlar №7 (Buxoro)
Uther H.J. (2008) Handbuch zu den Kinder- und Hausmärchen der Brüder Grimm. (Berlin).
Zipes J. (2002) The Brothers Grimm: From Enchanted Forests to the Modern World. (New York)
http://www.grimmstories.com/de/grimm_maerchen/list
Kinder- und Hausmärchen : Ausgabe letzter Hand mit den Originalanmerkungen der Brüder Grimm : Grimm, Jacob, 1785-1863 : Free Download, Borrow, and Streaming : Internet Archive
Опубликован
Загрузки
Как цитировать
Выпуск
Раздел
Лицензия
Copyright (c) 2025 Хусанбой Мадолимов

Это произведение доступно по лицензии Creative Commons «Attribution» («Атрибуция») 4.0 Всемирная.