The imperative mood in “Bulghat al-mushtaq” and “Tarjumon turki”

Authors

  • Namangan State University
Повелительное наклонение в произведениях “Bulghat al-mushtaq” и “Tarjumon turki”

Abstract

This article presents a comparative analysis of verbs used in two ancient manuscripts created during the Mamluk period of the 14th century – “Tarjumon Turkiy” and “Bulghat al-Mushtaq.” The study mainly focuses on the morphological and structural comparison of verbs in the imperative mood. It comprehensively examines the formation of verb forms, the means of constructing the imperative mood, and the grammatical meanings expressed through them. It was determined that in “Tarjumon Turkiy” the imperative mood is used as a main form in verb conjugation, whereas in “Bulghat al-Mushtaq” these forms are not provided as separate explanations but are given alongside each verb entry. The article also reveals, based on reliable sources, the principles of verb arrangement in the dictionaries, the alphabetic ordering system based on the Arabic script, and the interaction between Turkic and Arabic grammatical structures.

Keywords:

Buyruq mayli fe’llar Tarjumon turki Bulg’atil Mushtaq qiyosiy tipologiya mamluklar masdar o‘zak fe’l qoliplari

Kirish

Har bir tilda so‘z yasashning usullari va vositalariga yetarlicha e’tibor qaratilsa-da, mazkur masalani qiyosiy o‘rganish nisbatan kam ishlangan. Hatto yaxshi o‘rganilgan tillarda ham so‘z yasovchi vositalar atroflicha o‘z ifodasini topmagan. Bundan tashqari, bu sohada qilingan ishlar turli tadqiqot metodlarini qo‘llash orqali, har xil maqsadni ko‘zlagan va o‘rganilayotgan hodisaga turlicha yondashgan holda amalga oshirilganligi ma’lum tillar guruhi uchun tadqiqot natijalarini qiyoslash imkoniyatini qiyinlashtiradi yoki umuman iloji bo‘lmaydi. Tipologik tahlil muammolari, asosan, turli tillarning morfologik xususiyatlarini tadqiq etishda vujudga keladi. Til strukturasining boshqa tomonlari bu nuqtai nazardan nisbatan kam o‘rganilgan. Masalan, leksika va semantika sohasida universal hodisalar tadqiqi birinchi bosqichda turibdi(Bushuy, Ruziqulov, 2007; 12). Bir davrga oid qo‘lyozmalar orasida “Bulg’atil mushtaq[1]” va “Tarjumon turki[2]” asarlarini qiyoslab o‘rganishni bir necha jihatlar taqozo etadi. Xususan, bu qo‘lyozmalarning har ikkisi Mamluklar davlatida va XIV asrda yozilgan. Shuningdek, har ikki asar ham ilmiy maqsadda yozilgan bo‘lib, lug’at hamda tilshunoslikka oid ayrim qoidalarni qamrab olgan. Tadqiqotimiz davomida ma’lum bo‘ldiki, qo‘lyozmalarning leksik tarkibi ham juda o‘xshash va ular asosan asarlardagi so‘zlar va ularning tarjimalari, izohlarning berilish usullari bilan farqlanadi.

Adabiyotlar tahlili

“Bulg‘atil mushtaq” hamda “Tarjumon turkiy” qo‘lyozmalarini ko‘plab olimlar turli jihatlarini tadqiq qilishgan. Ulardan “Bulg’atil mushtaq” obidasini ilk bor o‘rgangan polshalik olim A. Zayonchkovskiy (1954; 1958) o‘zbek olimasi A. Fayzullayeva (1969), qozoq olimasi G. Gaynutdinova (2005), turk olimasi Gulhan at-Turk (2012) kabi olimlarning tadqiqotlari qimmatli ahamiyat kasb etadi.

“Tarjumon turki” qo‘lyozmasini ham M. Houtsma(1894), obidaning mo‘g’ulcha qismi bo‘yicha tadqiqot olib borgan olim Yashio Saito (2006), A. Garkavets (2019), A. Yunusov (1973), A. Qo‘rishjonov (1970) kabi juda ko‘plab olimlar tomonidan o‘rganib chiqilgan. Xususan, qo‘lyozmani aynan qiyosiy jihatdan o‘rgangan o‘zbek olimi B. Jafarov (2023) “Kodeks kumanikus” va “Tarjumon turkiy“ qo‘lyozmalarining qiyosiy tahliliga doir bir qator ishlari alohida e’tiborga molik.

Tadqiqot metodologiyasi

Ushbu tadqiqotda qiyosiy–tarixiy va morfologik tahlil usullaridan foydalanildi. Tadqiqot jarayonida har ikki qo‘lyozmadagi fe’llar tizimi, xususan buyruq maylining shakllanishi, qo‘shimchalar tizimi va ularning semantik xususiyatlari solishtirildi. Qo‘lyozmalardagi materiallar alifbo tartibi, grammatik shakl va morfologik qurilish nuqtayi nazaridan tahlil qilindi. Tahlil jarayonida lingvistik kuzatuv, tavsifiy va qiyosiy usullar birgalikda qo‘llanib, arab va turkiy tillari grammatik tizimlar o‘rtasidagi o‘xshashlik hamda tafovutlar aniqlab berildi.

Muhokama va Natijalar

“Tarjumon turki” qo‘lyozmasida muallif an’anaviy tarzda fe’llarni alohida bob sifatida tasniflagan: “Ikkinchi bob. Feʼlning buyruq mayli, yaʼni soʻzlovchi murojaat qilayotgan bir kishiga murojaat shaklidagi soʻzlar; feʼl nomlarining shakllanishi va kelasi zamon shakllarining yasalishi”. Ushbu asarning fe’llarga oid bobida buyruq mayli fe’l tuslanishi uchun asos sifatida izohlanadi, ya’ni turkiy tildagi fe’llar buyruq maylidagi fe’l asosiga shakl yasovchi qo‘shimchalar qo‘shish orqali yasalishi haqida ma’lumot berilgan:

“Turkiy tildagi feʼllarni tuslashda asos qilib olinadigan narsa buyruq feʼlining II shaxs birligidir. Men har bir buyruq feʼliga xos boʻladigan va soʻz tuslashda II shaxs birligi uchungina ishlatiladigan “istirohat” qoʻshimchasini belgiladim. Buyruq feʼlining II shaxs birligidan uni tushurib qoldirilsa ham boʻladi. U uch xil shaklda keladi: -ğil, -qıl va -kil / -gil lardir. Ushbu qoʻshimchalarni bu yerda berilishidan maqsad – masdarni bildirishdir. Masdar deb harakat nomiga aytiladi. Ikkinchi maqsad esa, kelasi zamon feʼllari toʻgʻrisida maʼlumot berishdir. Harakat nomi – masdarini topmoqchi boʻlsang, oʻzing xohlagan buyruq feʼlini olib koʻrasan. Agar undagi “istirohat lafzi”[3] - ğil boʻlsa, oʻsha - ğil ni tashlab, buyruq feʼlini undan oldingi qismiga -mağ qoʻshimchasini qoʻshasan, shunda buyruq feʼlining masdari (infinitiv shakli) hosil boʻladi. Agar qo’shilgan qo‘shimcha -qıl boʻlsa, oʻsha -qıl ni tashlab, buyruq feʼlining undan oldingi qismiga -maq qoʻshimchasini qoʻshasan, shunda buyruq feʼlining masdari hosil boʻladi. Mana shu ixtiro etilgan ajoyib qoidani ilgari lugʻat va ularning tarjimalari haqida yozgan mualliflardan hech biri qoʻllamagan edi. Bu qoidani kelasi zamon feʼllarida ishlatilishining bayoni, keyinchalik oʻz oʻrnida zikr qilinadi. II shaxs koʻplikning boʻlishli va boʻlishsiz shaklini yasashda boshqa usul ham bor, shu usul hozir ularda koʻproq ishlatiladi. U yoʻl quyidagicha: avval oʻzak çız- dagi “ز”ga kasra “زِ” berib, so‘ngra sukunli “نْ” qo‘shasan, shunda çız-ıŋ, yaʼni yozing hosil boʻladi. Boʻlishsiz shaklini yasash uchun oʻsha çız- oʻzagiga fatxali “مَ” va sukunli “نْ” qo‘shasan, o‘zakdagi “ز” esa “زْ” qolaveradi. Çızmaŋ, ya’ni yozmang hosil bo‘ladi. Mana shu bo‘lishli va bo‘lishsiz shakldagi “ن” ozgina g‘unna bilan aytiladi. U tomoq teppasidan burunning yuqori qismigacha bo‘lgan yerdan chiqadi. Agar buyruq feʼli III shaxs birligini yasamoqchi boʻlsang, yana asos çız- ni olib unga -sin lafzini qoʻshasan, çızsin, yaʼni yozsin hosil boʻladi. Uning boʻlishsizlik shaklini istasang çız oʻzagiga masin qoʻshimchasini qoʻshasan, shunda çızmasin, yaʼni yozmasin hosil boʻladi. III shaxs birlikdagi boʻlishli va boʻlishsiz shakllariga -lar qoʻshimchasi qoʻshish orqali yasaladi. Mana shu yuqoridagi qoidalar II shaxsning birlik va koʻpligida ham III shaxs birlik va koʻpligida ham, shuningdek, ularning boʻlishli va boʻlishsiz shakllari uchun umumiy va doimiydir(Jafarov, 202; 167)”.

“Tarjumon turki” qo‘lyozmasining “Ikkinchi qismi”da fe’llar alifbo tartibidagi 26ta boblarga ajratilgan holda tartiblangan. Ushbu qismda feʼllarning buyruq mayli shaklidagi fe’llar va ularning masdarlari arab alifbosiga asoslangan tartibda 457 ta fe’l berilgan. Bunda fe’llar arab harflari nomi bilan atalgan boblar tarkibida alifbo bo‘yicha tartiblangan va ikki harf – Kaf(ك) va Yo (ي) harflari bilan boshlanuvchi fe’llar berilmagan. Ma’lumki, ko‘pchilik lug‘atlarda arabcha so‘zlar o‘zak e’tibori bilan alifbo tartibida beriladi. “Tarjumon turki” qo‘lyozmasida fe’llarning tartiblanishida muallif asosan, so‘zning o‘zagining bosh harfiga emas, balki tuslangan holatida birinchi harfiga ko‘ra tartiblaganligi ko‘zga tashlanadi. Xususan, “Alif harfi(35a-40a sahifaga qadar “alif” bilan boshlanuvchi fe’llar, ja’mi 227ta fe’l berilgan)” bobida so‘zning o‘zagi “alif(ا)” harfi bilan boshlangan fe’llar emas, balki turli harflar bilan boshlanuvchi buyruq mayli qolipidagi fe’llar berilgan. Arab tilida buyruq maylining shaxs-son, ikkilik shakli, jinsda hamda noto‘g‘ri fe’llarda turli qoliplarda tuslanadi, biroq turkiy tillarda bu kabi tuslanishlar mavjud emas. Jumladan, “Tarjumon turkiy” qo‘lyozmasining fe’llarga bag‘ishlangan qismida “Alif bobi”da asosan, “Af’alu( افْعلُ)” qolipi ya’ni, I bob fe’lining ikkinchi shaxs buyruq mayli shaklidagi fe’llar berilgan va ushbu fe’l qolipi “alif(ا)” harfi bilan boshlanganligi bois bu kabi so‘zlarning qo‘lyozmadagi o‘rni “Alif bobi” tarkibidadir: “aktabu(اكتَبُ)”- çaz, çizg‘il, turkmanchada yazg‘ilTT35a/11; “Absaru(ابْصَرُ)”-kürgilTT35b/1, “uxruj(اُخرُجْ)”-çiq qil kabi so‘zlarning o‘zagidagi birinchi harf (“kaf(ك)”, “ba(ب)”, “xo(خ)”) turlicha bo‘lsa-da, ular buyruq maylining “Af’alu” qolipida bo‘lganligi uchun ular “Alif bobi(حَرفُ الأَلِفِ)” tarkibida kelgan. “Ba harfi”, “Ta harfi” boblarida ham buyruq maylining turli shakllarida tuslanishlari yuqoridagi kabi berilgan. Shuningdek, arab tilidagi lug‘atlarda odatda so‘zlarning infinitiv shakli o‘rniga III shaxs birlik o‘tgan zamon shakli beriladi va turkiy tillarda esa aksincha, lug‘atlarda so‘zlar harakat nomi shaklida keladi. “Tarjumon turki”da esa muallif fe’llarning buyruq mayli bilan bir qatorda fe’llarning masdar(harakat nomi) shakllarini ham keltiradi: “ألعدَد” (masdar)dan “عُده” – sanag‘il 44a/6 kabi . Muallif har bir o‘rinda batafsil izohlar keltirgan bo‘lib, ularda turkiy tilda buyruq mayli yasovchi – “-gil”, “-kil”, “-g‘il”, “-qil” qo‘shimchalarga ham to‘xtalgan.

“Bulg’atil mushtaq” qo‘lyozmasida ham Fe’llar alohida bob sifatida kelgan. “Bulg‘atil mushtaq” qo‘lyozmasidagi “Fe’llar bobi” (21a betdan 89a betgacha) – 67 ikki tomonlama “a” va “b” sahifalarni egallagan bo‘lib , ja’mi 135( so‘nggi bir tomonlama sahifa bilan) betni tashkil etadi . Qo‘lyozmadagi Fe’llar bobi “Ba’b ul-Af’al” o‘z navbatida kichik boblarga va fasllarga bo‘lingan va har bir kichik bob arab alifbosi tartibidagi arab harflari nomi bilan atalgan va shu harf bilan boshlanuvchi arabcha fe’llar va ularning qipchoqcha tarjimasi berilgan. “Bulg’atil Mushtaq” asari tarkibida ja’mi 338ta fe’l mavjud bo‘lib, har bir fe’lning tuslanishlari bilan hisoblaganda 4010 ta fe’l mavjud. Muallif har bir fe’lning ko‘pi bilan 17xil tuslangan shaklini keltirgan. Bular fe’llarning zamoni, mayl, shaxs-soni, bo‘lishli bo‘lishsizlik shakllarida tuslanishini o‘z ichiga olib, ularni izchil tartibda keltiradi. Fe’llarning birinchisi har bir o‘rinda o‘tgan zamon, III shaxs, birlik shaklida kelgan bo‘lib, bu haqida muallif “Fe’llar bobi”ning boshida ta’kidlab o‘tgan: “Fe’llarning birinchisi o‘tgan zamondadir” (BM 21a). Lug‘atlarda arab tilidagi fe’llar infinitiv shaklda emas balki, III shaxs, birlik, o‘tgan zamon shaklida keladi va shunga ko‘ra qo‘lyozma arab tili qoidalariga mos tuzilgan. Shuningdek, “Tarjumon turki”dan farqli ravishda fe’llarning tartiblanishi o‘zak e’tibori bilan arab alifbosi tartibida tuzilgan. So‘zladi va so‘yladi – o‘tgan zamon, birlik, III shaxs (-di); so‘zlar – kelasi zamon (sifatdosh emas), birlik, III shaxs (-ar); So‘zlamoq – harakat nomi shakli, masdar (-moq, ayrim o‘rinlarda –mak); So‘zladim – o‘tgan zamon , I shaxs, birlik(-dim); So‘zlarman – kelasi zamon, I shaxs, birlik(-(a)rman); So‘zlarmiz – kelasi zamon I shaxs , ko‘plik (-(a)rmiz); So‘zladik – o‘tgan zamon, III shaxs , ko‘plik(-dik); So‘zlading – o‘tgan zamon II shaxs birlik(-ding); So‘zlarsan – kelasi zamon, II shaxs , birlik (-(a)rsan); So‘zlarsiz – kelasi zamon II shaxs , ko‘plik(-(a)rsiz); So‘zladingiz – o‘tgan zamon II shaxs ko‘plik(-dingiz); So‘zladilar – o‘tgan zamon, III shaxs, ko‘plik (-dilar); So‘zlarlar – kelasi zamon, III shaxs ko‘plik(-(a)rlar); So‘zlagin – buyruq mayli, birlik(-gin); So‘zlamagin – buyruq mayli, birlik , bo‘lishsizlik(-magin); So‘zlangiz – buyruq mayli, ko‘plik(-ngiz); So‘zlamangiz – buyruq mayli, ko‘plik, bo‘lishsizlik(-mangiz).

Fe’llarning bunday tuslanishi tartibi qo‘lyozmadagi barcha qipchoqcha fe’llar uchun umumiy bo‘lib, ayrim shakllar mavjud bo‘lmaganda ham tartib o‘zgarmagan. “Bulg‘atil mushtaq “ qo‘lyozmasining “Fe’llar bobi” qismida berilgan qipchoq- turkiy tildagi fe’llarning barchasi uchun yuqoridagi shakl yasovchi qo‘shimchalar tartibi amal qiladi va bu tartib so‘nggi sahifaga qadar o‘zgarishsiz kelgan. Qiziqarli tomoni shundaki, qipchoq- turkiy tilda berilgan fe’llardagi grammatik shakllarning barchasi bugungi kunda ko‘plab turkiy tillar xususan, o‘zbek tilida ham aynan bir shakl va mazmunda qo‘llaniladi (G’aniyeva, 2025; 482).

Qo‘lyozmada buyruq maylidagi so‘zlarning birlik va ko‘plik shakllari hamda ularning bo‘lishli va bo‘lishsiz shakllari quyidagi tartibda berilgan:

1.     Tutqil– Tutgin

2.     Tutmaqil– tutmagin

3.     Tuttun(ɳ)uz– Tutinglar

4.     Tutman(ɳ)iz– Tutmanglar

Qo‘lyozmada buyruq maylidagi fe’llarga doir alohida qoida izoh sifatida kelmagan bo‘lsa-da, har bir fe’lga oid so‘zning buyruq maylining birlik va ko‘plik, bo‘lishli va bo‘lishsiz shakllari berilgan. Qo‘lyozmada -ğil, -qil, -kil, -gil, -niz kabi qo‘shimchalar yordamida fe’llarning buyruq mayli shaklining bo‘lishli shakllari yasalgan bo‘lsa, ularga -ma qo‘shimchasini qo‘shish orqali ularning bo‘lishsiz shakli hosil qilingan. Masalan, olğil – olgin, olmağil – olmagin, Assi aylağil – Daromad olgin, Assi aylamağil – Daromad olmagin, Assi aylamaniz –Daromad olmangiz, Assi aylaniz – Daromad olingiz kabi.

Qo‘lyozmalarda buyruq mayli qo‘shimchalaridan asosan -kil shakli qo‘llanilgan va bu shakl fe’l o‘zagi jarangli tovush bilan tugagan holda -gil shaklida o‘qiladi va qolgan o‘rinlarda -kil o‘qiladi ammo bir xil shaklda yozilgan. Har ikkala qo‘lyozmada ham asosan fe’lning o‘zagi “lom” va “ro”, “za” harflari bilan tugagan so‘zlarga - ğil qo‘shimchasi qo‘shilgan: çağır+ğıl TT 36a/11, çağir+ğil BM55a/3.5 – “Qichqirgin”; buyur+ ğil TT37a/5, buyur+ğil BM 45b/1.4 – “Rasm chizgin”; uz+ğil TT37a/9, uz+ğil BM 86a/4.5– “Uzgin” kabi. Ushbu misollardan ko‘rinib turibdiki, har ikkala qo‘lyozmada fe’llar tuslanganda o‘zak ham qo‘shimchalar ham bir xil kelgan.

Asarlarda fe’llarning tartiblanish tamoyillarida ham farqlar kuzatildi. Tarjumon Turkiyda fe’llar buyruq shakli asosida arab alifbosi tartibida joylashtirilgan bo‘lib, bunda fe’lning o‘zak tovushi emas, balki tuslangan shakldagi birinchi tovush asos qilib olingan. Bulg’atil Mushtaqda esa fe’llar arab alifbosiga muvofiq tarzda o‘zak harfi asosida tartiblangan. Bu ikki yondashuv o‘rta asr turkiy leksikografiyasining o‘ziga xos yo‘nalishlarini namoyon etadi. Tadqiqot davomida aniqlanishicha, har ikki qo‘lyozmada buyruq mayli shakllarining arab tili fe’l qoliplari bilan o‘xshashliklari mavjud. Tarjumon Turkiyda arab tilidagi af‘alu qolipi asosida keltirilgan buyruq shakllarining turkiy tarjimalari berilishi arab grammatik tizimining turkiy fe’l yasalishiga ma’lum darajada ta’sir etganini ko‘rsatadi. Shuningdek, qo‘lyozmalarda buyruq mayli shakllarining masdarlar bilan bir qatorda berilishi va ularning arabcha izohlar bilan bog‘langan holda keltirilishi turkiy til leksikografik an’analar rivojining muhim bosqichini aks ettiradi.

Xulosa

Ushbu tadqiqot XIV asr turkiy yozma yodgorliklari orasida fe’l shakllari, xususan buyruq maylining morfologik shakllanish jarayonini o‘rganishda beqiyos ahamiyatga egadir. Har ikki qo‘lyozmada buyruq mayli faqat grammatik shakl sifatida emas, balki fe’l paradigmasining markaziy kategoriyasi sifatida namoyon bo‘ladi. “Tarjumon Turkiy” asarida buyruq maylining II shaxs birlik shakli fe’l tuslanishining asosiy manbai sifatida talqin qilinib, muallif uni fe’l yasalishining markaziy bazasi deb hisoblagan. “Bulg’atil Mushtaq”da esa buyruq mayli fe’lning semantik qamrovini kengaytirish bilan birga grammatik tizimdagi faol shakllardan biri sifatida qo‘llangan. Mazkur tadqiqot buyruq maylining yasalish usullari, fe’l paradigmasidagi o‘rni va arab tilidagi qoliplar bilan o‘zaro aloqalarini aniqlash orqali turkiy tilining tarixiy-grammatik tuzilishini yanada chuqurroq anglash imkonini beradi.

 

[1] Keyingi o’rinlarda BM shaklida beriladi. Qo’lyozmaning aslida berilgan raqamlar BM 10a/5.2 shaklida keltirildi. Bunda BM qo’lyozma nomi, 10 sahifa raqami, “a” yoki “b” sahifa beti, 5 qator tartibi, 2 satr tartibini bildiradi.

[2] Keyingi o’rinlarda TT shaklida beriladi. Qo’lyozmaning aslida berilgan raqamlar TT 10a/5.2 shaklida keltirildi. Bunda TT qo’lyozma nomi, 10 sahifa raqami, “a” yoki “b” sahifa beti, 5 qator tartibi, 2 satr tartibini bildiradi.

[3] Муаллиф бу ерда қўшиладиган қўшимчани назарда тутмоқда.

References

Al-Türk, G. (2012). Kitābu bulġatu’l-muştāḳ fī luġati’t-Turk we’l-Ḳifčāḳ üzerine dil incelemesi [Doktora tezi]. Gazi Üniversitesi Sosyal Bilimler Enstitüsü.

Atalay, B. (2006). Divanü Lûgat-it-Türk (Cilt III). Türk Tarih Kurumu Yayınları.

Bushuy, T., & Ruziqulov, F. (2007). Qiyosiy tipologioyaning dolzarb muammolari: Ma’ruzalar matni. Termez davlat universiteti.

Houtsma, M. Th. (1894). Ein Türkisch-Arabisches Glossar. E. J. Brill.

Ibrohimov, N., & Yusupov, M. (1997). Arab tili grammatikasi (I jild). O‘zME Davlat ilmiy nashriyoti.

Jafarov, B. (2023). Kodeks Kumanikus hamda “Tarjumon turkiy va ajamiy va moʻgliy va forsiy” qoʻlyozmalarining qiyosiy tahlili (Magistrlik dissertatsiyasi). Namangan State University.

Saito, Y. (2006). The Mongolian Words in Kitab Majmu‘ Turjuman Turki wa ‘Ajami wa Mugali: Text and Index. Shoukadoh.

Zajączkowski, A. (1954). Vocabulaire arabe-kiptchak de l’époque de l’état mamelouk: Bulġat al-muštāq fī luġat at-Turk wa-l-Qifžāq. II-e partie: Le Verbe. Państwowe Wydawnictwo Naukowe.

Zajączkowski, A. (1958). Vocabulaire arabe-kiptchak de l’époque de l’état mamelouk: Bulġat al-muštāq fī luġat at-Turk wa-l-Qifžāq. I-re partie: Le Nom. Państwowe Wydawnictwo Naukowe.

G‘aniyeva, B. (2025). “Kitabu bulg‘atil mushtaq fi lug‘at at-turk val qifchaq” yozma obidasi: Fe‘llar bobi. Namangan davlat universiteti ilmiy axborotnomasi, (2), 481–485.

Гайнутдинова, Г. Р. (2005). Историко-лингвистический анализ турко-татарского письменного памятника XIV века Джамал ад-Дина ат-Турки “Китабу булгат аль-Муштак фи лугат ат-Турк ва-ль-Кифчак”. Казанский государственный университет.

Гаркавец, А. Н., при участии О. О. Туякбаева. (2019). Китаб-и Маджму‛-и Тарджуман-и Турки ва ‛Аджами ва Мугали ва Фарси: «Сводная книга переводчика по-тюркски, и по-персидски, и по-монгольски, и на фарси» Халила бин Мухаммада бин Йусуфа ал-Кунави. Баур.

Курыжжанов, А. (1970). Исследования по лексике старо-кипчакского письменного памятника XIII в. “Тюркско-арабского словаря”. Наука.

Севортян, Э. В. (1978). Этимологический словарь тюркских языков: Общетюркские и межтюркские лексические основы (Том 2: Б). Наука.

Файзуллаева, Ш. (1969). Исследование языка памятника XIV в. “Китабу булг‘ат ал-муштак фи луг‘ат ат-Турк ва-ль-Кифчак” Джамал ад-Дина ат-Турки (Кандидатская диссертация). Ташкентский государственный университет.

Юнусов, А. (1973). Исследование памятника XIV в. “Таржуман турки ва ажами ва мугали” (морфология, лексика, словарь, перевод). Ташкентский государственный университет.

Published

Downloads

Author Biography

Barchinoy G‘aniyeva,
Namangan State University

Independent researcher

How to Cite

G‘aniyeva, B. (2025). The imperative mood in “Bulghat al-mushtaq” and “Tarjumon turki”. The Lingua Spectrum, 11(1), 151–157. Retrieved from https://lingvospektr.uz/index.php/lngsp/article/view/1155

Similar Articles

1 2 3 4 5 6 7 8 > >> 

You may also start an advanced similarity search for this article.