Linguistic Features of Social Media Language
Abstract
This scientific article provides an in-depth analysis of the linguistic environment of social media, the influence of digital communication tools on the language system, and the structural, semantic, and pragmatic features of newly emerging lexical-grammatical units in internet discourse. The study explores, primarily based on contemporary scholarly sources, the hybrid nature of social media language, the linguocultural factors influencing code-switching processes, and the evolution of neologisms. The author analyzes the transformational impact of internet communication on language norms, including the novel usage of abbreviations, emojis, memes, and lexical borrowings. The article also addresses the shift in the meaning and function of linguistic units in the digital environment, the interaction between traditional forms of speech and new internet communication styles, and the normative aspects governing linguistic processes. In conclusion, the research constitutes a valuable contribution to the development of digital linguistics and a highly relevant in the field of modern linguistics.
Keywords:
Social media visual-symbolic communication abbreviations emojis netiquette linguocultural factors neologismsKirish
Hozirgi vaqtda internetdagi muloqot tili lingvistlarning tobora ko‘proq e’tiborini qaratmoqda, chunki muloqotning bu turi zamonaviy jamiyat hayotining ajralmas qismiga aylandi. “Ijtimoiy media” atamasi internetga asoslangan saytlar va xizmatlarni o‘z ichiga oluvchi umumiy tushunchadir. Bu sayt va xizmatlar ulardan foydalanuvchi shaxslar o‘rtasidagi ijtimoiy aloqalarni yo‘lga qo‘yish yoki rivojlantirish uchun xizmat qiladi va ular orasidagi shaxslararo kommunikatsiyaning muhim qismiga aylanadi. Ijtimoiy tarmoqlar bugungi ko‘rinishida 1980-yillarda rivojlana boshlagan bo‘lib, bulletin board system (BBS), UseNet va Internet relay chat shakllarida paydo bo‘lgan. Bu xizmatlar ijtimoiy media deb atalmagan bo‘lsa-da, zamonaviy ijtimoiy mediaga olib kelgan dastlabki ko‘rinishlar hisoblanadi. Hozir biz “ijtimoiy media” deb ataydigan narsa esa 1990-yillarda paydo bo‘la boshlagan turli vositalar va platformalardir. 1995-yilda paydo bo‘lgan dastlabki saytlardan biri eBay edi. Keyingi yetti yil davomida hozirgi kunda keng qo‘llaniladigan bir nechta xizmatlar paydo bo‘ldi. Masalan, 2001-yilda Wikipedia va TripAdvisor yaratildi. So‘ngra 2003-yilda Skype va WordPress ishga tushirildi. Shundan keyin, 2004-yilda Facebook – ehtimol ijtimoiy tarmoqlarning eng ommaviy va eng ko‘p ishlatiladigan xizmati – taqdim etildi. 2005-yilda YouTube vujudga keldi va undan keyingi yili Twitter faoliyatini boshladi.
Audio fayllar uchun mp3, shuningdek brauzerlar uchun videolarni ancha oson ijro etish imkonini bergan flash plagin kabi ikkita ma’lumot formati paydo bo‘lgani ushbu saytlar va xizmatlarning shakllanishiga asos yaratdi. Aynan shu ikki format yordamida foydalanuvchilar raqamli animatsiya va audio materiallarni yaratish hamda ulashishni ancha oson amalga oshiradigan bo‘ldi.
Qisqacha qilib aytganda, ana shu omillar internetning asosan matnga asoslangan muhitdan zamonaviy, interaktiv shaklga o‘tishiga sabab bo‘lgan (Boyd & Ellison, 2007).
Xususan, ingliz tilidagi internet-muhitida muloqot bugungi kunda birinchi navbatda ijtimoiy tarmoqlarda amalga oshiriladi, va bugungi kunda ularning eng mashhurlari “Twitter”, “Facebook” “Telegram” va “Instagram” hisoblanadi. Ushbu elektron resurslar turli ijtimoiy guruhlar – jins, yosh, kasb, ma’lumot darajasi va boshqalarga ko‘ra farqlanadigan shaxslar o‘rtasida mulqot qilish uchun platforma vazifasini bajaradi. Shu munosabat bilan, ushbu maqolaning maqsadi ijtimoiy tarmoqlar diskursini internet-diskursining bir turi sifatida ko‘rib chiqish va uning lingvistik xususiyatlarini aniqlashdir.
Raqamli kommunikatsiya globallashuvning eng faol ko‘rinishi hisoblanib, ijtimoiy tarmoqlarda shakllanayotgan til, lingvistika olamida yangi tadqiqot yo‘nalishini vujudga keltirdi. D. Crystal ta’kidlaganidek, internet tili – an’anaviy og‘zaki va yozma nutqning o‘ziga xos sintezi bo‘lib, unda matnning multimodalligi yetakchi ahamiyat kasb etadi (Crystal, 2019).
Dunyo tilshunosligida internet-diskursini o‘rganish faqat XXI asrning boshlarida boshlandi, shuning uchun ushbu turdagi diskurs yetarli darajada o‘rganilmagan va uning asosiy parametrlari va xususiyatlariga nisbatan yagona fikr hali shakllanmagan. Biz internet-diskursi tuzilishida alohida muhim tarkibiy qismni – ijtimoiy tarmoqlar diskursini ajratib ko‘rsatishimiz mumkin deb hisoblaymiz. Ijtimoiy tarmoqlar shaxsiy ma’lumotlarni joylashtirish va boshqa foydalanuvchilar bilan muloqot qilish imkonini beruvchi internetdagi ma’lum platforma sifatida tushunilishi kerak. Bugungi kunda ko‘p odamlar aynan shu kabi internet-platformalari tufayli ijtimoiy aloqalarni o‘rnatmoqda. Shunday qilib, ijtimoiy tarmoqlar diskursi elektron belgilar va signallar orqali internet-muhitida mulqot qilish sifatida talqin qilinishi mumkin.
Ijtimoiy tarmoqlar diskursining asosi virtual mulqotdir. Ma’lumki, mulqot doimiy va virtual turlarga bo‘linadi. Doimiy muloqot – bu haqiqiy odamlar bilan o‘zaro munosabat (telefon orqali, shaxsan uchrashuvda va boshqalar), virtual mulqot esa, aksincha, noma’lum shaxslar yoki guruhlar, ya’ni mulqotning xayoliy ishtirokchilari bilan o‘zaro munosabatdir. Shu munosabat bilan ijtimoiy tarmoqlar diskursining asosiy xususiyati virtual muloqot jarayonida xayoliy suhbatdoshning maqomini haqiqiysiga o‘zgartirish sifatida belgilanishi mumkin.
Ijtimoiy tarmoqlar diskursini bitta funksional uslub sohasiga kiritib bo‘lmaydi, chunki u bir nechta uslublarning til vositalarini birlashtiradi. So‘nggi bir necha yil ichida xabarlar va nashrlarda nafaqat harfli belgilar, balki foto, video yoki audio fragmentlardan foydalanish tendensiyasi qayd etilmoqda. Shuning uchun ijtimoiy tarmoqlar diskursining xarakterli xususiyatlari yetarlicha ko‘p qirrali bo‘lib, uning diskurslar tizimidagi noyob o‘rnini belgilaydi.
Ijtimoiy tarmoqlardagi diskurs - bu haqiqiy muloqot vaziyatlarida qo‘llaniladigan bayonotlar va matnlar; shuningdek, mulqotning axborot vositasi sifatida ijtimoiy tarmoqlar yozma va og‘zaki mulqot turlarini birlashtirishga imkon beradi; bundan tashqari, ijtimoiy tarmoqlardagi barcha matnlar turli havolalar va o‘zaro o‘tishlar bilan bog‘liq bo‘lib, natijada o‘zaro bog‘langan mulqotning o‘zaro ta’sir tizimining paydo bo‘lishiga olib keladi.
Ba’zi lingvistlar ijtimoiy tarmoqlar diskursini og‘zaki va yozma variant xususiyatlarini, ya’ni og‘zaki-yozma nutqni o‘zida birlashtirgan yangi, gibrid nutq shakli sifatida tavsiflaydilar. Shaklan yozma bo‘lgan internetdagi mulqot sinxronlik, so‘zlashuv uslubi va hissiyotlarning doimiy o‘sib borayotgan darajasi tufayli tilning og‘zaki turiga yaqinlashadi. Ba’zi tilshunoslar vaqti-vaqti bilan ijtimoiy tarmoqlarning til makonining salbiy tomonlari haqida gapirib kelishadi. Masalan, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining til me’yorlari va nutq madaniyati haqidagi tasavvurlarining o‘zgarishi; qo‘pollik, tarbiyasizlik, hissiyot va his-tuyg‘ularga yo‘naltirilganlik qayd etiladi, ular foydalanuvchi shaxsiga, uning ma’naviy-ma’rifiy holatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishidan darak beradi (Zappavigna, 2012).
Ijtimoiy tarmoqlar diskursi zamonaviy kommunikatsiya jarayonining asosiy maydonlaridan biri sifatida tilning dinamik rivojlanishiga kuchli ta’sir ko‘rsatmoqda. Shuning uchun internet tilining lingvistik xususiyatlarini ilmiy asosda tahlil qilish, uning struktur, semantik va pragmatik tabiatini anglash zamonaviy tilshunoslikning dolzarb vazifalaridan biridir. Zamonaviy internet matnlari lingvistik jihatdan gibrid tusga ega ekanligini yuqorida aytib o‘tgan edik. Ular yozma nutqning grafik tizimi, og‘zaki nutqning sintaktik soddaligi hamda vizual-belgili kommunikatsiyaning (emoji, gif, stiker) uyg‘unlashuvi natijasida yuzaga keladi. Herringning kompyuter vositali diskurs haqidagi nazariyasida multimodal matnning kommunikativ vazifani kuchaytirishi alohida qayd etiladi (Herring, 2015).
Ijtimoiy tarmoqlar diskursining bir qancha o‘ziga xos xususiyatlari mavjud bo‘lib, quyida ularning ba’zilarini ko‘rib chiqamiz. Masalan, internetda qisqartmalar ko‘payishining asosiy sababi informatizatsiya sharoitida tezkor muloqotga ehtiyojning ortishidir. Crystal fikricha, qisqartmalar internet tilining “ekonomiya prinsipi”ni aks ettiradi (Crystal, 2019). Ingliz tilida: OMG, ASAP; o‘zbek tilida esa: bilan-bn, kerak-kk, qiziq-qzq kabi. Keyingi o‘ziga xos xususiyat bu kod-almashinuvi va uning lingvokulturologik talqini bilan bog‘liq. Ijtimoiy tarmoqlarda kod-almashinuvi (code-switching) ijtimoiy omillar – yosh, kasb, madaniy moslashuv bilan bog‘liq bo‘lib, ko‘p hollarda inglizcha-o‘zbekcha aralashuv kuzatiladi. Masalan:
- “Bugun online meeting juda samarali bo‘ldi.”
- “Like bosib qo‘ying, please.”
Ijtimoiy tarmoqlar diskursini keying ko‘zga ko‘ringa o‘ziga xosligi bu – emojilar va piktogrammalardan keng foydalanishidir. Danesi emojilarni “yangi vizual grammatik tizim” deb ataydi (Danesi, 2016). Emojilarning asosiy vazifalari sifatida quyidagilarni ko‘rsatishimiz mumkin:
- ijtimoiy tarmoqlarda hissiy ma’lumot tashiydi,
- kommunikatsiyada nonverbal signallar oʻrnini egallaydi,
- matnning semantik maydonini kengaytiradi.
Masalan: suhbat jarayonida gapdan keyin uning mazmuniga mos qo‘llanilgan emoji gapni semantik kuchaytiruvchi vosita sifatida qo‘llanadi.
Shuningdek, bugungi kunda ijtimoiy tarmoq diskurslari muayyan tilda yangi neologizmlarning paydo bo‘lishi va ko‘payishiga ham sezilarli hissa qo‘shmoqda. Internet tilida yangi leksik birliklar ikki asosiy manbadan kelib chiqadi:
- ingliz tilidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘zlashuv: story, post, trend, follower;
- o‘zbekcha so‘z yasash modellari asosida paydo bo‘lgan birliklar: postlash, story qo‘yish, scroll qilish, likelamoq.
O‘zlashuvlar ko‘proq kommunikativ qulaylik sabab yuzaga keladi. Va bu o‘zlashmalar natijasida internet slengi tushunchasi ham tilshunoslikda o‘z o‘rniga ega bo‘lib boryapti. Internet slengi (CMC–Computer-Mediated Communication til birliklari) o‘z tabiatiga ko‘ra ijtimoiy guruhni identifikatsiya qiluvchi marker sifatida xizmat qiladi. “kringe”, “viral bo‘ldi”, “edit qilmoq”, “kontent yaratuvchi” kabi birliklar raqamli kommunikatsiya ishtirokchilarining umumiy til hamjamiyatini shakllantiradi. Sotsiolingvistik nuqtayi nazardan, Sleng in-group solidarity, ya’ni “guruh ichki birdamlik”ni kuchaytiradi. Bundan tashqari, birliklardan foydalanish orqali foydalanuvchi: zamonaviylikni, yoshlar submadaniyatiga mansubligini, raqamli madaniyatdan xabardorligini namoyish qiladi. Bu hodisa Eckert tomonidan “communities of practice” nazariyasi orqali izohlangan: til guruh vakillarining o‘zaro aloqasi jarayonida shakllanadi va guruh identiteti bilan mustahkamlanadi (Eckert, 2000).
Bugungi kuda yozilayotgan ijtimoiy tarmoqlar matnlariga inglizcha fe’l asosiga o‘zbekcha affikslarning qo‘shilishi keng tarqalgan:
- save + qilmoq → save qilmoq
- block + la → blockladi
- delete + qilib → delete qilib yubordi
Bu hodisa morfologik moslashuv (morphological accommodation) deb yuritiladi. Bunda qarz til birligi (loan verb) qabul qiluvchi tilning flektiv yoki agglutinativ tizimiga moslashadi. O‘zbek tili agglutinativ bo‘lgani uchun inglizcha asosga o‘zbekcha affikslar oson integratsiya bo‘ladi.
Internet nutqining bir qancha asosiy pragmatik xususiyatlari ham mavjud bo‘lib, misol sifatida quyidagilarni keltirishimiz mumkin:
- ortiqcha tinish belgilari (!!!, ???),
- katta harflar bilan ta’kidlash (JUDA ZO‘R),
- qisqa, tezkor gaplar.
Bu xususiyatlar paralingvistik vositalarning kompensatsiyasi sifatida talqin qilinadi. Ya’ni internetda mimika, ohang bo‘lmagani bois, foydalanuvchi ushbu vositalar orqali emotsiyani kuchaytiradi.
Online muloqotda etik me’yorlarga amal qilish raqamli madaniyatning muhim tarkibiy qismidir. Netiket jamiyatdagi umumiy axloqiy normalarning raqamli shakli sifatida izohlanadi. Shea birinchi bo‘lib netiket qo‘llanmasini ilmiy muomalaga kiritgan (Shea, 1994). Netiket quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
- hurmatli muloqot,
- agressiyani cheklash,
- anonimlikni mas’uliyat bilan qo‘llash kabi tamoyillar mavjud.
Ijtimoiy tarmoqlar tili global madaniyat va milliy mentalitetning kesishgan nuqtasidir. Inglizcha atamalar orqali global raqamli madaniyat o‘zbek tiliga kirib kelmoqda: challenge, stream, content, update.
O‘zbek internet diskursida quyidagi birliklar milliylikni saqlab qolmoqda:
- diniy iboralar: “duo qiling”, “Alloh rozi bo‘lsin”
- odob-axloq iboralari: “iltimos”, “rahmat sizga”
- milliy madaniyatga xos murojaatlar: “opajon”, “ukajon”, “mehmon bo‘ling”
Bu elementlar internet tilini to‘laqonli milliylashtirib turadi.
Ijtimoiy tarmoqlar tili o‘zining gibrid, dinamik va multimodal tabiati bilan an’anaviy til tizimiga sezilarli ta’sir ko‘rsatmoqda. Raqamli kommunikatsiyada neologizmlar, sleng, kod-almashinuvi, grammatik innovatsiyalar tez sur’atda rivojlanib, tilning lug‘aviy boyligini kengaytirmoqda. Shu bilan birga, internet diskursi milliy va global madaniyatning o‘zaro integratsiyasi uchun yangi imkoniyatlar yaratmoqda. Ijtimoiy tarmoqlar tili zamonaviy lingvistikaning alohida tadqiqot sohasi sifatida shakllandi va kelajakda yanada chuqur o‘rganilishni talab qiladi.
References
Baron, N. (2010). Always on: Language in an online and mobile world. Oxford University Press.
Boyd, D. M., & Ellison, N. B. (2007). Social network sites: Definition, history, and scholarship. Journal of Computer-Mediated Communication, 13(1), 210–230.
Crystal, D. (2019). Language and the Internet (2nd ed.). Cambridge University Press.
Danesi, M. (2016). The semiotics of emoji. Bloomsbury.
Eckert, P. (2000). Linguistic variation as social practice. Blackwell.
Herring, S. C. (2015). Computer-mediated discourse. In The handbook of discourse analysis (2nd ed.). Blackwell.
Shea, V. (1994). Netiquette. Albion Books.
Zappavigna, M. (2012). Discourse of Twitter and social media: How we use language to create affiliation on the Web. Continuum.
Published
Downloads
How to Cite
Issue
Section
License
Copyright (c) 2025 Гузаль Холматова

This work is licensed under a Creative Commons Attribution 4.0 International License.
