Sun’iy intellekt vositalari va akademik yozuv: lingvistik muammo va yechimlar

Mualliflar

  • Toshkent axborot texnologiyalari universiteti
Использование инструментов искусственного интеллекта в академическом письме: лингвистические проблемы и пути их решения

Annotasiya

Maqolada akademik yozuvda sunʼiy intellekt vositalaridan foydalanish va ularning lingvistik muammolarni hal etishga taʼsiri ko‘rib chiqiladi. Eʼtibor, avvalo, maʼno aniqligi, muallif uslubini saqlab qolish, ko‘p tilli manbalar bilan ishlash hamda generativ tizimlardan foydalanganda yashirin plagiatning oldini olish masalalariga qaratiladi. Sunʼiy intellekt servislariga tayanilganda yuzaga keladigan tipik leksik, grammatik va uslubiy xatolar tahlil qilinadi, ularni o‘quv jarayonida qo‘llashning metodik cheklovlari muhokama etiladi. Mashina va inson tomonidan yaratilgan matnlarni taqqoslash asosida o‘qituvchilar va talabalar uchun ilmiy ishlarni rejalashtirish, dastlabki matnni yozish va tahrirlashda SI’dan masʼuliyatli hamda ongli foydalanish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqiladi. Muallifning til shaxsiyati, ilmiy obyektivlik, dalillilik va mantiqiy izchillikni saqlash zarurati alohida taʼkidlanadi. Shuningdek, maqolada akademik halollik, qo‘lyozma tayyorlashda mashina ishtirokining ochiq tasviri, SI yordamida yaratilgan matn sifatini baholash mezonlari va talabalarda raqamli natijalarga tanqidiy munosabatni shakllantirish yondashuvlari yoritiladi.

Kalit so‘zlar:

Sun’iy intellekt akademik yozuv lingvistik muammo lingvistik aniqlik mantiqiy tuzilish sun’iy intellekt vositalari

Kirish

So‘nggi o‘n yilliklarda sun’iy intellekt (SI) texnologiyalari nafaqat texnika va ishlab chiqarish sohalarida, balki ta’lim, ilmiy izlanish va akademik yozuv jarayonlarida ham faol qo‘llanila boshladi. Akademik yozuv – bu ilmiy bilimlarni ifodalash, dalillash va asoslashning eng muhim vositalaridan biri bo‘lib, uning sifat darajasi ilmiy natijalarni xalqaro miqyosda qabul qilinishini ta’minlaydi. Shu bois, SI vositalarining ilmiy matn yaratish, tarjima qilish, tahrir qilish va stilistik yaxlitlikni taminlashdagi imkoniyatlari jadal sur’atlarda kengaymoqda.

Biroq SI texnologiyalarining afzalliklari bilan bir qatorda, lingvistik va metodologik muammolar ham yuzaga kelmoqda. Jumladan, akademik matnlar mantiqiy izchilligi, uslubiy xolisligi, mualliflik mas’uliyati va plagiat xavflari bilan bog‘liq masalalar ilmiy jamoatchilikda keng muhokama qilinmoqda.

Xususan, SI yordamida yozilgan matnlarning insoniy uslubdan uzoqligi”, ba’zan sun’iy tuzilgan frazeologik birliklar yoki milliy til normalariga zid konstruksiyalar qo‘llanishi lingvistik sifat muammolarini yuzaga chiqaradi. Bu esa akademik halollik tamoyillariga ham bevosita ta’sir ko‘rsatadi.

Bugungi kunda dunyo ilmiy hamjamiyatida SI vositalaridan foydalanishning huquqiy va etik normalarini belgilash masalasi ham dolzarb bo‘lib turibdi. Ta’lim va tadqiqot muassasalari, xalqaro ilmiy jurnallar, ilmiy rahbarlar va tadqiqotchilar oldida SI vositalaridan foydalanishda ma’lum chegaralar, qoida va me’yorlarni ishlab chiqish zarurati paydo bo‘ldi. Shu sababli, SI vositalari orqali yaratilgan ilmiy matnlarda tilning ilmiy uslubiy xususiyatlari, lingvistik aniqlik, mantiqiy tuzilish va milliy til me’yorlariga rioya qilish masalalari chuqur tahlil etilishi lozim.

Mavzudagi muammoning dolzarbligi shundan iboratki, SI vositalarining akademik yozuvdagi o‘rni va ulardan foydalanishda paydo bo‘ladigan lingvistik muammolarni aniqlash, shuningdek, bu muammolarning yechimlarini ilmiy asosda ko‘rsatish bugungi ta’lim va tadqiqot jarayonlari uchun zaruriy ehtiyojdir.

Adabiyotlar tahlili va Metodlar

So‘nggi yillarda sun’iy intellekt vositalarining ta’lim va ilmiy faoliyatda qo‘llanilishi bo‘yicha qator ilmiy izlanishlar olib borilgan (Anderson, 2021; Brown, 2020; Wang, 2023). Xalqaro miqyosdagi tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, SI texnologiyalari nafaqat matn yaratish, balki ilmiy ishlarni tahrir qilish, tarjima qilish, havola va bibliografiya tuzishda ham keng imkoniyatlarga ega (Anderson, 2021). Masalan, Yevropa va AQShdagi ayrim universitetlarda olib borilgan izlanishlarda SI vositalari yordamida yozilgan maqolalarning stilistik jihatdan qulayligi e’tirof etilgan, ammo ularning “insoniy uslubdan uzoqligi” va ba’zan “tilning milliy me’yorlariga zid” ifodalar uchrashi ham alohida qayd etilgan (Smith, 2022).

O‘zbekistonda ham bu borada ayrim ilmiy kuzatuvlar amalga oshirilmoqda (Laptev, 2019; Mamatova, 2022; Pardayeva et al., 2023). Pedagogik texnologiyalar, lingvistika va tarjimashunoslik sohalarida olib borilgan tadqiqotlarda SI vositalarining ilmiy yozuvga ta’siri haqida muhim xulosalar berilgan (Mamatova, 2022). Jumladan, ayrim maqolalarda bu texnologiyalar “tezkor va qulay yordamchi vosita” sifatida baholansa-da, boshqa tadqiqotlarda esa “ilmiy halollik tamoyillariga putur yetkazish ehtimoli” mavjudligi ta’kidlanadi (Brown, 2020; Smith, 2022; Wang, 2023). Shu sababli SI vositalaridan foydalanishda lingvistik sifat, akademik halollik va metodologik xolislik muammosi ilmiy jamoatchilikda keng muhokama qilinmoqda (Anderson, 2021).

Adabiyotlar tahlili shuni ko‘rsatadiki, mavjud tadqiqotlar asosan texnologiyaning texnik imkoniyatlarini yoritishga qaratilgan bo‘lib, uning lingvistik oqibatlari yetarli darajada tizimli tahlil qilinmagan (Anderson, 2021; Mamatova, 2022). Ayni paytda SI vositalari orqali yozilgan matnlarning til me’yorlariga mosligi, milliy adabiy til qoidalarini saqlashi, shuningdek, ilmiy uslubiy yaxlitlikni ta’minlashi masalalari hali ham ochiq qolmoqda (Mamatova, 2022). Demak, bu tadqiqot ana shu bo‘shliqni to‘ldirishga qaratiladi.

Yuqoridagi adabiyotlar tahlili natijalariga asoslanib, ushbu muammoning metodologiyasi sifatida asosiy maqsadni – SI vositalari yordamida yaratilgan ilmiy matnlarni lingvistik mezonlar asosida baholash va ularni inson yozuvi bilan qiyoslab tahlil qilishga qaratish muhim deb topildi (Anderson, 2021; Smith, 2022). Hamda quyidagi metodlar asosli ekani qayd etildi:

  1. Taqqoslama tahlil metodi. Inson tomonidan yozilgan maqolalar bilan SI vositalarida yaratilgan matnlar qiyoslanadi. Bu orqali til birliklarining qo‘llanish chastotasi, sintaktik tuzilmalardagi o‘xshashlik va farqlar, hamda uslubiy uyg‘unlik darajasi aniqlanadi.
  2. Diskurs tahlili. SI vositalari qo‘llagan ifodalar, frazeologik birliklar va ilmiy uslub elementlari tahlil qilinadi. Asosiy e’tibor gaplarning izchilligi, ilmiy mantiqning qat’iy saqlanishi va uslubiy yaxlitlikka qaratiladi.
  3. Sotsiologik so‘rov. Doktorant va magistrantlar o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazilib, ularning SI vositalaridan foydalanish tajribasi, bu jarayonga bo‘lgan munosabatlari va lingvistik sifat haqidagi fikrlari o‘rganiladi.
  4. Nazariy tahlil. Mavjud ilmiy manbalar, xalqaro maqolalar hamda milliy normativ hujjatlar asosida SI vositalarining akademik yozuvdagi afzallik va kamchiliklari tizimlashtiriladi (Brown, 2020; Wang, 2023). Bu jarayonda ilg‘or xorijiy tajribalar va milliy o‘quv-amaliy yondashuvlar birgalikda ko‘rib chiqilishi ayni muddaodir.

Adabiyotlar tahlilidan ko‘rinadiki, sun‘iy intellekt vositalarining akademik yozuvdagi qo‘llanilishiga oid tadqiqotlarda bir qator afzalliklar bilan birga muammolar ham mavjud (Brown, 2020; Smith, 2022). Ushbu muammolarni nazariy jihatdan sharhlashning o‘zi yetarli emas, chunki ular turli yo‘nalishlarda namoyon bo‘ladi va ularning ilmiy yechimlari ham turlicha metodlarga asoslanishi zarur (Wang, 2023). Shu sababli, mazkur muammo doirasida o‘rganilgan adabiyotlar hamda qo‘llangan metodlarni yagona tizimda ko‘rsatish uchun quyidagicha jadval keltirildi:

 

 

Yo‘nalish

Adabiyotlarda aniqlangan muammo yoki bo‘shliq

Qo‘llanilgan metod

Kutilgan natija

Lingvistik sifat

 

 

SI matnlarida milliy til me’yorlariga to‘liq rioya qilinmasligi, “insoniy uslub”ning yetishmasligi

Taqqoslama tahlil

 

 

Inson yozuvi va SI yozuvi o‘rtasidagi farqlarni aniqlash, uslubiy uyg‘unlikni baholash

Sintaktik izchillik

 

SI matnlarida murakkab gap qurilishida mantiqiy ziddiyat va ortiqcha rasmiylik holatlari

 

Diskursiv tahlil

 

 

Gap tuzilmalari, frazeologizmlar va ilmiy mantiqning izchilligini aniqlash

Plagiat va mualliflik mas’uliyati

SI vositalaridan foydalanish akademik halollik tamoyillariga xavf solishi mumkin

Nazariy tahlil

 

 

Plagiat xavflari, huquqiy va etik cheklovlarni aniqlash

 

Tadqiqot-chilar munosabati

 

Talaba va yosh olimlar orasida SI vositalariga bo‘lgan ishonch va ehtiyoj darajasi to‘liq o‘rganilmagan

Sotsiologik so‘rov

 

 

SI vositalaridan foydalanish tajribasi va munosabatini empirik tarzda aniqlash

 

Ilmiy-uslubiy yaxlitlik

 

Adabiyotlarda texnologiyaning texnik jihatlari ko‘proq yoritilgan, lingvistik oqibatlar esa yetarli tahlil qilinmagan

Kompleks metod (umumlashtirish)

 

Lingvistik va metodologik jihatlarni yagona tizimda ko‘rib chiqish

 

1-jadval. Adabiyotlar tahlili va tanlangan metodlarning asosiy yo‘nalishlari

 

Natijalar

Adabiyotlar tahlili va qo‘llangan metodlar asosida bir necha muhim jihatlarni ko‘rsatish mumkin. Avvalo, sun’iy intellekt vositalarining akademik yozuvdagi o‘rni ijobiy va salbiy tomonlari bilan namoyon bo‘lishini. Bir tomondan, SI yordamida tezkor matn yaratish, bibliografiya tuzish, tahrir qilish va tarjima jarayonlarini yengillashtirish imkoniyati mavjudligi tasdiqlanadi. Shu jihati bilan SI vositalari talaba, doktorant va yosh olimlar uchun qulay yordamchi sifatida o‘z ahamiyatini ko‘rsatmoqda.

Biroq, ikkinchi tomondan, lingvistik sifat bilan bogliq muammolar ham bor. Xususan, SI vositalari orqali yaratilgan matnlarda ba’zan:

  • milliy til me’yorlaridan chetlanish;
  • ortiqcha rasmiylashtirish yoki mantiqiy ziddiyatlarga yo‘l qo‘yish;
  • insoniy uslub”ning yetishmasligi;
  • sintaktik izchillikning buzilishi;
  • ayrim hollarda plagiat xavfi kuchayishi kuzatiladi.

Taqqoslama tahlil natijalari SI matnlari va inson tomonidan yozilgan matnlar o‘rtasida sezilarli farqlarni ko‘rsatadi. Inson yozuvida milliy ifodalar, uslubiy rang-baranglik va o‘ziga xos mantiqiy izchillik ko‘proq bo‘lsa, SI yozuvida umumiy va shablon ko‘rinishlar ustunligi mavjud. Bu esa ilmiy yozuvning jonliligi va muallif individualligiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Diskurs tahlil asosida SI tomonidan tuzilgan matnlarda ba’zi hollarda frazeologik birliklarning sun’iy qo‘llanishi, ortiqcha ta’kidlar yoki noaniq terminlardan foydalanish holatlarini, bunday misollar ilmiy matnning izchil mantiqiy oqimiga putur yetkazishi mumkinligi qayd etish mumkin.

Sotsiologik so‘rov natijalari SI matnlarini faqat yordamchi vosita sifatida ko‘rishini, ilmiy matnni yakuniy shaklda inson tomonidan qayta ishlash zarurligini ta’kidlaydi. Bu esa SI vositalarining hozircha inson tafakkuri va ijodiy salohiyatini to‘liq almashtira olmasligini ko‘rsatadi.

Nazariy tahlil natijalari esa, hozircha ilmiy jamoatchilikda SI vositalaridan foydalanishga oid yagona me’yoriy tartib mavjud emasligini isbotlaydi. Xorijiy tajribalar bu borada aniq qoidalar ishlab chiqish zarurligini ko‘rsatsa-da, mahalliy sharoitda ham til me’yorlari, akademik halollik tamoyillari va mualliflik mas’uliyati bo‘yicha qa ‘iy standartlar ishlab chiqilishi lozim.

Umuman olganda, natijalar shuni ko‘rsatadiki:

  1. SI vositalari akademik yozuvda samarali yordamchi bo‘la oladi, ammo mutlaq ishonchli manba sifatida qaralmaydi.
  2. Lingvistik sifat va milliy til me’yorlariga rioya qilish SI vositalari matnlarida yetarlicha ta’minlanmagan.
  3. Akademik halollik, plagiatning oldini olish va muallifiy individuallikni saqlash SI vositalaridan foydalanishda eng muhim muammo bo‘lib qolmoqda.
  4. Inson tafakkuri va ijodiy yondashuv SI vositalarini nazorat qilish va to‘ldirish orqaligina ilmiy yozuvning mukammalligini ta ‘minlaydi.

Muhokama

Olib borilgan o‘rganish, izlanish va tahlil natijalari shuni ko‘rsatadiki, sun’iy intellekt vositalaridan foydalanish akademik yozuv jarayonida ikki tomonlama xususiyat kasb etadi: bir tomondan, u ilmiy matnlarni tezkor yaratish, tahrirlash va tarjima qilish imkonini berib, tadqiqotchilarga vaqt va kuch jihatdan katta qulaylik yaratadi; ikkinchi tomondan esa, lingvistik sifat, akademik halollik va muallifiy individuallik nuqtai nazaridan sezilarli muammolarni yuzaga chiqaradi.

Natijalar tahlili asosida shuni aytish mumkinki, SI vositalari inson tafakkuriga asoslangan ijodiy jarayonni to‘liq almashtira olmaydi. Inson tomonidan yozilgan matnlar mazmuniy teranlik, milliy uslubiy rang-baranglik va shaxsiy yondashuv bilan ajralib turadi. SI vositalarida esa ko‘proq shablonli ifodalar, umumlashtirilgan jumlalar va sintaktik izchillikning buzilishi kuzatiladi. Demak, SI hozircha inson ijodkorligi uchun yordamchi vosita sifatida qaralishi lozim.

Sotsiologik so‘rov natijalari ham bu xulosani mustahkamlaydi. Tadqiqotchilarning ko‘pchiligi SI vositalaridan foydalanishni qulay yordamchi deb baholasa-da, yakuniy ilmiy matn inson tomonidan qayta ko‘rib chiqilishi zarurligini ta’kidlash mumkin. Bu esa shuni ko‘rsatadiki, SI vositalari o‘z-o‘zidan ilmiy yozuv sifatini kafolatlay olmaydi, balki u inson tafakkuri bilan uyg‘unlikda samarali natija beradi.

Shu bilan birga, natijalar SI vositalarining akademik halollikka ta’sirini ham ko‘rsatadi. Plagiat xavfi, manba ko‘rsatishdagi aniqlik yetishmasligi va muallifiy mas’uliyatning susayishi – bu jarayonning eng muhim salbiy jihatlaridir. Xorijiy ilmiy adabiyotlarda ham bu masalalar dolzarb bo‘lib, SI vositalaridan foydalanishda qat’iy qoidalar ishlab chiqilishi zarurligi ta‘kidlanadi. Shu nuqtai nazardan, mahalliy ilmiy muhitda ham aniq me’yoriy tartiblar belgilanishi talab etiladi.

Deamk, bulardan anglashadiki, SI vositalarini inkor qilish emas, balki ularni to‘g‘ri va nazorat ostida qo‘llash eng maqbul yo‘ldir. Chunki texnologiya taraqqiyotidan butunlay chetlashish mumkin emas, ammo uni inson tafakkuri va ijodiy salohiyati bilan uyg‘unlashtirish orqali lingvistik sifatni, akademik halollikni va ilmiy yozuv madaniyatini saqlab qolish mumkin.

Xulosa

Yuqoridagi tahlil va muhokamalar shuni ko‘rsatadiki, sun’iy intellekt vositalari akademik yozuv jarayonida muhim yordamchi sifatida namoyon bo‘lsa-da, ular inson tafakkurining o‘rnini to‘liq bosa olmaydi. SI vositalarining tezkorlik, matnni tahrirlash, tarjima qilish va bibliografiya tuzishdagi qulayliklari inkor etib bo‘lmaydi. Biroq ularning lingvistik sifati, milliy til me’yorlariga rioya qilish darajasi, shuningdek, mantiqiy izchillikni ta’minlashdagi kamchiliklari hali ham dolzarb muammo bo‘lib qolmoqda.

Bularning barchasiga asoslangan holda quyidagi xulosalarni taqdim etish o‘rinli:

  1. SI vositalarining ijobiy jihatlari – ular akademik yozuv jarayonini tezlashtiradi, tahrir qilishda qulaylik yaratadi, leksik va uslubiy variantlarni taklif etadi hamda ilmiy matnni dastlabki bosqichda shakllantirish imkonini beradi.
  2. Lingvistik muammolar – SI matnlarida insoniy uslub yetishmasligi, milliy ifodalar va tilning tabiiyligiga zid konstruksiyalar, sintaktik izchillikning buzilishi tez-tez uchraydi.
  3. Akademik halollik masalalari – plagiat xavfi, mualliflik mas’uliyatining susayishi va manba ko‘rsatishdagi aniqlik yetishmasligi SI vositalaridan foydalanishda eng katta xavf omillaridir.
  4. Inson omilining ahamiyati – SI vositalari yakuniy matn sifatini ta’minlab bera olmaydi. Ilmiy yozuvda inson tafakkuri, ijodkorligi va shaxsiy yondashuvi hal qiluvchi omil bo‘lib qoladi.
  5. Normativ tartiblar zarurati – xalqaro tajriba shuni ko‘rsatadiki, SI vositalaridan foydalanishda qa’ iy qoidalar va me’yorlar ishlab chiqilishi zarur. Mahalliy sharoitda ham akademik halollik, lingvistik sifat va muallifiy individuallikni himoya qiluvchi standartlar joriy etilishi lozim.

Umuman olganda, sun’iy intellekt vositalari ilmiy yozuvda samarali yordamchi vosita bo‘lib xizmat qilishi mumkin, ammo ularni faqat inson tafakkuri bilan uyg‘unlikda qo‘llashgina kutilgan natijani beradi. Ilmiy matnlarning asl qadr-qimmati – insoniy tafakkur, ijodiy yondashuv va milliy-uslubiy ruhni saqlab qolishdadir. Shuning uchun SI vositalaridan foydalanish chegaralangan, nazorat ostidagi va metodologik asoslangan bo‘lishi zarur.

Bibliografik manbalar

Anderson, M. (2021). The role of AI in academic writing: Benefits and risks. Journal of Educational Technology, 15(3), 201–215.

Brown, T. (2020). Ethical concerns in AI-based text generation. International Journal of Ethics in Education, 11(2), 77–89.

Laptev, V. A. (2019). Sun'iy intelekt tushunchasi va uning ishi uchun huquqiy javobgarlik. Qonun va Oliy iqtisodiyot maktabi, 2, 83.

Mamatova, G. (2022). Academic writing and AI: Linguistic analysis. Uzbek Journal of Pedagogy, 3, 120–128.

Pardayeva, D. N., Niyozov, F. X., & Xushboqov, I. U. (2023). Sun'iy intelekt tarixi, rivojlanish bosqichlari hamda insonlar hayotidagi o‘rni. Ekonomika i sotsium, 3,106–2.

Smith, J. (2022). Plagiarism in the age of AI: New challenges for academia. Journal of Academic Integrity, 18(1), 33–47.

Wang, Y. (2023). Artificial intelligence and plagiarism detection in higher education. Computers & Education, 195, 104–121.

Nashr qilingan

Yuklashlar

Muallif biografiyasi

Maxpuza Karaxodjayeva,
Toshkent axborot texnologiyalari universiteti

O‘zbek va rus tillari kafedrasi dotsenti, pedagogika fanlari nomzodi

Qanday qilib iqtibos keltirish kerak

Karaxodjayeva, M. (2025). Sun’iy intellekt vositalari va akademik yozuv: lingvistik muammo va yechimlar. Lingvospektr, 11(1), 216–222. Retrieved from https://lingvospektr.uz/index.php/lngsp/article/view/1165

Tegishli maqolalar

1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 > >> 

Bundan tashqari, ushbu maqola uchun shunga o'xshash maqolalar uchun kengaytirilgan qidiruvni boshlang mumkin.