Фразео-семантическое поле на примере узбекского языка
Аннотация
В данной статье системно изучаются состав, структура и семантические особенности фразео-семантического поля в узбекском языке. Исследование направлено на выявление механизмов формирования фразеологических единиц по смысловым группам, а также на определение их разделения на семантические слои, включающие ядро, центр и периферию. В процессе анализа структурано-семантический подход позволяет раскрыть принципы смысловой сочетаемости узбекских фразеологизмов, содержащих лексемы, выражающие значение «радость». Полученные результаты показывают, что фразеологическая система узбекского языка представляет собой сложную семантическую структуру, организованную на основе смысловых полей.
Ключевые слова:
Поле фразео-семантическое поле ядро периферия идеограммаFrazeo-semantik maydon tilning milliy-madaniy mazmunini yorituvchi eng murakkab qatlamlardan biri bo‘lib, unda barqaror iboralar, metaforik birliklar, majoziy tasavvurlar va xalq tafakkuriga xos konseptlar o‘zaro uyg‘unlashgan holda namoyon bo‘ladi. O‘zbek tili frazeologiyasi ana shunday boy madaniy qatlamga ega bo‘lib, undagi frazeologik birliklar insonning ichki dunyosi, xulq-atvori, emotsional holati, ijtimoiy mavqei va hayotiy qadriyatlari bilan uzviy bog‘liq semantik maydonlarni shakllantiradi. Frazeo-semantik maydonni tizimli tadqiq qilish o‘zbek tilining obrazli tafakkuri, metaforik tizimi va milliy konseptual makonini yanada chuqur yoritishga xizmat qiladi.
Bugungi kunda o‘zbek frazeologiyasining semantik tuzilishini ilmiy asosda o‘rganish nafaqat lingvistik, balki madaniy va tarjimashunoslik nuqtai nazaridan ham dolzarbdir. Frazeologizmlar orqali xalqning qadriyati, dunyoqarashi va milliy tafakkuri ifodalanadi. Shuning uchun frazeo-semantik maydonni aniqlash, uning tarkibini, markaz-periferiya modelini va boshqa semantik maydonlar bilan o‘zaro aloqasini belgilash o‘zbek tili tilshunosligining muhim masalalaridan biri hisoblanadi. Ayniqsa, hissiyot, aql, taqdir, mehnat, boylik, ijtimoiy mavqe kabi asosiy konseptlar atrofida shakllangan iboralarni ilmiy jihatdan tahlil qilish ahamiyatli sanaladi.
Frazeo-semantik maydon tushunchasi maydon nazariyasi bilan o‘zaro aloqador ekanligini ko‘rish mumkin. Y. Trir semantik yoki tushuncha maydoni ostida “konseptual soha”, “tilning konseptual mazmun doirasi” degan ma’noni anglatishini, L. Vaysgerber “tilning konseptual tarkibining bir qismi”, V. Portsig “ma’nolarning muhim bog‘lanishlari” (Ufimtseva, 1962) tarzida bergan ta’riflarini A.A. Ufimseva tasvirlab beradi. M. Mirtojiyevning fikriga ko‘ra, Y. Trir va L. Vaysgerberlar biror so‘zga oid ma’noni shu so‘zdan kelib chiqib emas, balki tushunchalar maydonidan kelib chiqib baholaydi (Mirtojiyev, 2010). Mazkur olimlarning qarashlaridan kelib chiqib shuni aytish mumkinki, maydon tushunchasi umumiy xususiyatga ega bo‘lgan, mazmunan o‘zaro aloqador so‘zlar guruhidir.
T.I. Yakunina o‘z tadqiqotida L.I. Antropova frazeo-semantik maydonga umumiy g‘oya va uslubiy noaniqlikka ega bo‘lgan leksik birliklar va barqaror o‘g‘zaki majmualar to‘plami sifatida ta’rif bergan (Yakunina, 2018). I.V. Sherstyanix ham frazeo-semantik maydonni tadqiq qilar ekan, u haqida shunday deydi: “Biz frazeo-semantik maydonni alohida mustaqil tizim sifatida qaraymiz, u frazeologik semantik va formal tuzilish xususiyatlaridan kelib chiqib, ma‘lum bir semantik xususiyat bilan birlashgan va ichki jihatdan tasniflangan frazeologik birliklar yig‘indisidir” (Sherstyanikh, 2022). Frazeo-semantik maydon, biror tilning frazeologiyasini o‘rganish davomida ularni tushuntirish va izohlash uchun muhimdir. Ushbu maydon frazeologik birliklar, ularning ma’nosi va qo‘llanish ko‘lamini oydinlashtirishga ham xizmat qiladi.
I.V. Sherstyanix N.A. Saburovaning tadqiqotiga amal qilib, frazeo-semantik maydonni yadro va periferiyadan iborat deb hisoblab, yadro dominant komponent atrofida birlashgan bo‘lib, yadro hududini tashkil etuvchi birliklar maydon funksiyalarini bajarish uchun muntazam ravishda ishlatilishini, periferiya esa qo‘shimcha ma’nolar bilan murakkablashgan va bir nechta funksiyalarni bajarishga qodir bo‘lgan birliklardan iboratligini nazarda tutib, tahlil qiladi (Sherstyanikh, 2022). Demak, frazeo-semantik maydon shar holatida tasavvur qilinsa, uni tashkil etuvchi yadro, markaz, periferiyalar joylashuvi qatlamlar holatida aks etadi. Periferiyalar markaz va yadrodan farqli hisoblanib, ular qo‘shimcha ma’no va vazifalarni o‘z ichiga olishi mumkin.
Shuningdek, G.S. Mullagayanova M. Vsevolodovani ishida maydonni markaz (yadro) va asta-sekin periferiya tomon zaiflashib borayotgan hududlarga ega bo‘lgan doimiy shakllanish sifatida ta’rif berilganligini qayd etadi (Mullagayanova, 2010). Shunday ekan, maydon hududlarga bo‘linadi va ushbu hududlar yadro, markaz, periferiyalar hisoblanadi.
Z.D. Popova va I.A. Sternin maydon markazi haqida so‘z yuritar ekan, yadroda markaz aniq ajralib turishini, yadro markaziga kirgan leksemalarning chastotasi boshqa birliklarning chastotasiga qaraganda ancha yuqori ekanligini ta’kidlashadi (Popova & Sternin, 2010). Shunday qilib, maydon markazi yadrodan keyingi qatlamda turuvchi va yadroda aks etadigan dominant nuqtai nazariga ko‘ra eng ko‘p qo‘llaniluvchi birliklardan tarkib topadi.
T.I. Yakuninaning periferiya xususida fikrlari quyidagicha: “Yaqin va uzoq hududlarga ega bo‘lgan maydon periferiyasi – maydon yadrosidan “uzoqda” joylashgan qiymatlarga ega bo‘lgan birliklar. Semantik maydonning chetida joylashgan birliklar qo‘shni maydonlar birliklari bilan o‘zaro bog‘langan” (Yakunina, 2018). Z.D. Popova va I.A. Sternin ekstremal periferiya birliklarini past chastota bilan tavsiflaydi, shuningdek, eskirgan so‘zlarni ekstremal periferiyaga tegishli hisoblaydi, chunki ular kam qo‘llaniladi yoki asosiy ma’noda ishlatilmaydi (Popova & Sternin, 2010). Olimlarning mazkur fikrlaridan kelib chiqib shuni aytish mumkinki, Yaqin periferiyadagi birliklar markazdagilarga yaqin bo‘lsa, uzoq periferiyadagi birliklar ko‘p ma’noligi bilan ajralib turadi. Ekstremal periferiyadagi birliklar yadrodagi birliklar doirasida solishtirilganda juda kam qo‘llanilishi kuzatiladi. Tilning semantik tavsifida ideogramma asosiy rol hisoblanadi. N.N. Kirillovaning fikricha, ideogrammaning ma’nosi elementardir, chunki u eng yuqori umumlashtirish darajasini saqlab qoladi” (Sinelnikova, & Androsova, 2014). Shuning uchun frazeo-semantik maydonda ideogramma ahamiyatli sanaladi.
Tadqiqotda frazeologik birliklarni semantik maydon doirasida o‘rganish uchun deskriptiv metod iboralarning tuzilishi va ma’nosini tasvirlashda; struktur-semantik tahlil frazeologizmlar tarkibidagi komponentlararo bog‘liqlik va maydonning markaz-periferiya modelini aniqlashda; kognitiv yondashuv frazeologik birliklarning konseptual asoslarini, milliy mental obrazlarni aniqlashda qo‘llaniladi.
O‘zbek tilida “xursandchilik” leksemalari ishtirok etgan frazeo-semantik maydon o‘rganilganda uning bir qator mikromaydonlari aniqlandi: xursand, quvonch, zavq, xushvaqt, chog‘, vaqtixushlik, sevinch, baxt, kulgi, omad, hazil, iqbol, shodlik. Ushbu mikromaydonlar quyidagi frazeologik birliklarni o‘z ichiga oladi:
- Xursand – xursandlig(i) ich(i)ga sig‘maydi;
- Quvonch – quvonchi ichiga (yoki diliga) sigʻmaydi, quvonch(i) olamga sig‘maydi, ko‘zi quvnamoq, ko‘zlari quvonchdan porlab ketmoq;
- Zavq – zavqini keltirmoq;
- Xushvaqt – xushvaqt bo‘ling;
- Chog‘ – dimog‘i chog‘, kayfi chog‘, ko‘ngli chog‘, chog‘ bo‘lib turmoq, vaqti chog‘, vaqti chog‘lik qilmoq, kayfi chog‘lik qilmoq;
- Vaqtixushlik – vaqtixushlik qilmoq;
- Sevinch – sevinch(i) ich(i)ga sig‘maydi, sevinch(i) yurag(i)ga sig‘maydi, sevinch(i)ni yurag(i)ga sig‘dirolmaslik, sevinch-quvonch(i) ich(i)ga sig‘maydi, o‘zida yo‘q sevinmoq;
- Baxt – baxti kulmoq, baxti ochilmoq, baxtingni bersin, baxti qora (yoki qaro), baxt qushi (baxti humoyun) boshiga qo‘ndi, baxtdan ko‘rdim (baxtimdan ko‘raman), baxti bog‘lanmoq, baxtiga kuya tushmoq, baxti chopmoq, baxtash tavakkal;
- Kulgi – kulgilikka olmoq;
- Omad – omad qushi boshiga qoʻndi, omadi gap, gapning omadi, omad(i) kelmoq, omad(i) yurishmoq, omadi ketmoq, omadi kulib boqmoq;
- Hazil – hazilakam emas, hazil (gap) emas;
- Iqbol – iqboli chopmoq;
- Shodlik – shodlig(i) ich(i)ga sig‘maydi.
Ushbu frazeologik birliklarni o‘zi ichiga olgan frazeo-semantik maydon “xursandchilik” ma’nosini ifodalashiga ko‘ra yadro, markaz, yaqin periferiya, uzoq periferiya, ekstremal periferiyalarga ajratilgan holda tahlil qilinadi. Mazkur hududlarni tarkibiga kirgan frazeologik birliklarda “xursandchilik” leksemasining mohiyati markazdan ekstremal periferiyaga qadar kuchsizlanishi va yo‘qolib borishi kuzatiladi.
Frazeo-semantik maydon yadrosi xursand, quvonch, zavq, xushvaqt, chog‘, vaqtixushlik, sevinch, baxt, kulgi, omad, hazil, iqbol, shodlik singari frazeologik birliklarning ideogrammalarini tashkil etadi.
Frazeo-semantik maydon markazi yadroni ifodalovchi “xursandchilik” semalariga ega frazeologik birliklarni o‘z ichiga olib, ular quyidagicha izohlanadi:
Quvonchi ichiga (yoki diliga) sigʻmaydi frazeologik birligi “juda ham xursand, gʻoyat shod” ma’nolarini ifodalaydi. Bu iboralarning tarkibida ishtirok etgan so‘zlarning umumiy ma’nosi ko‘chma ma’noga qo‘shilib ketishi natijasida ma’no anglashilgan.
O‘zida yo‘q sevinmoq frazeologik birligi “nihoyatda, juda ham xursand bo‘lmoq” (O‘zbek tilining izohli lug‘ati, 2006) ma’nosini ifodalaydi. Ushbu iborada o‘zida yo‘q ko‘chma ma’noda qo‘llanilib, sevinmoq o‘z ma’nosini saqlab qolgan.
“Xursandchilik qilmoq, dilxushlik qilmoq” ma’nolarni anglatuvchi vaqti chog‘lik qilmoq (Rahmatullayev, 1978), kayfi chog‘lik qilmoq kabi iboralar tarkibida qo‘llanilgan so‘zlarning umumlashgan ma’nosi iboralarning ma’nosi bilan bog‘liq.
Ko‘zi quvnamoq frazeologik birligi “xursand bo‘lmoq” ma’nosini, ko‘zlari quvonchdan porlab ketmoq frazeologik birligi “juda xursand bo‘lmoq” ma’nosini ifodalaydi hamda ular tarkibida qo‘llanilgan so‘zlarning umumlashgan ma’nosi iboralarning ma’nosi bilan bog‘liq.
Yaqin periferiyadagi frazeologik birliklar quyidagicha izohlanadi:
- Zavqini keltirmoq frazeologik birligi “kayfiyatini yaxshilamoq, ruhini ko‘tarmoq” ma’nolarini bildiradi. Zavqini keltirmoq iborasi tarkibida qo‘llanilgan so‘zlarning umumiy ma’nosi ko‘chma ma’noni ifodalagan.
- Vaqtixushlik qilmoq frazeologik birligi “yaxshi kayfiyatli, xursand holatni kechirmoq, xursandchilik qilmoq” (O‘zbek tilining izohli lug‘ati, 2006) ma’nolarni anglatadi.
- Xushvaqt bo‘ling! iborasi mehmon kelganda aytiladigan “Xush kelibsiz!” iborasiga javoban aytiladi (O‘zbek tilining izohli lug‘ati, 2006). Ushbu frazeologik birlikda xushvaqt hamda bo‘lmoq so‘zlarining ma’nolar umumlashmasi majoziy ma’noda ifodalanadi.
“Kayfiyati juda yaxshi” ma’nosini ifodalovchi dimog‘i chog‘, kayfi chog‘, ko‘ngli chog‘, vaqti chog‘ kabi frazeologik birliklarning ma’nosi ulardagi so‘zlarning umumiy ma’nosi bilan bog‘liq.
Uzoq periferiyada mavjud bo‘lgan frazeologik birliklarning ma’nosi ko‘p ma’nolilik jihati, shuningdek, yadroda ifodalangan “xursandchilik” tushunchasiga nisbatan past chastotaligi bilan farqlanib, ular quyidagicha izohlanadi:
- Baxtingni bersin iborasi yoshlarga muhabbat va shirin oilaviy turmush tilash shakli hisoblanadi. Baxti ochilmoq iborasi esa baxtli, baxtiyor bo‘lmoq; turmushga chiqmoq, oilali bo‘lmoq kabi ma’nolarni anglatadi (O‘zbek tilining izohli lug‘ati, 2006). Ushbu frazeologik birliklarda qo‘llanilgan so‘zlar ma’nosining umumlashmasi ko‘chma ma’noni ifodalaydi.
- Iqboli chopmoq iborasi “baxti kulmoq, omadi yurishmoq” (O‘zbek tilining izohli lug‘ati, 2006) ma’nolarini ifodalaydi. Mazkur ibora frazeologik birlikda qo‘llanilgan chopmoq so‘zi yugurmoq yoki biror narsani kesmoq ma’nosida emas, balki ko‘chma ma’noda qo‘llanilgan, iqbol so‘zi esa o‘z ma’nosini saqlagan.
Mazkur frazeo-semantik maydonning ekstremal periferiya hududi tarkibida mavjud bo‘lgan frazeologik birliklarning ma’nolari “xursandchilik” ma’nosi bilan bog‘liq emas va asosan boshqa maydonlar bilan mos keladi. Ular quyidagicha izohlanadi:
- Chog‘ bo‘lib turmoq iborasi “tayyor, shay bo‘lib turmoq” (O‘zbek tilining izohli lug‘ati, 2006) ma’nolarini ifodalaydi, unda mavjud bo‘lgan so‘zlarning birinchi qismi xursand ma’nosini emas, tayyor ma’nosini anglatishi frazeologik birlikning ko‘chma ma’nosi ekanligini ifodalaydi.
- Baxti qora (yoki qaro) iborasi “turmushdan yolchimagan; baxtsiz” (O‘zbek tilining izohli lug‘ati, 2006) ma’nolarini anglatadi. Bu frazeologik birlikning birinchi qismi o‘z manosini saqlagan va ikkinchi qismida ifodalangan qora yoki qaro so‘zi baxt so‘zini inkor qilgan holda majoziy ma’noda ifodalangan.
- Baxtdan ko‘rdim (baxtimdan ko‘raman) frazeologik birligi “tavakkal, nima bo‘lsa bo‘lar” (O‘zbek tilining izohli lug‘ati, 2006) ma’nolarini anglatadi, frazeologik birlikning ma’nosi bilan unda qo‘llanilgan so‘zlarning ma’nosi mos kelmaydi.
- Omadi gap, gapning omadi iboralari “xolisona aytilgan gap; gapning toʻgʻrisi, oʻrni, maqomi” (O‘zbek tilining izohli lug‘ati, 2006). Kabi ma’nolarni ifodalaydi. Bu frazeologik birliklarda qo‘llanilgan gap leksemasi o‘z ma’nosini saqlagan, omad so‘zi ko‘chma ma’noda ya’ni to‘g‘ri, xolisona singari ma’nolarni ifodalagan. Bu iboralarning bir qismi o‘z ma’nosini yo‘qotib, majoziy ma’noda qo‘llanilgan.
Xulosa qilib shuni aytish mumkinki, o‘zbek tili frazeologiyasi milliy dunyoqarash, qadriyatlar, ijtimoiy munosabatlar va madaniy tajribaning ko‘p qatlamli in’ikosini aks ettiruvchi murakkab tizim bo‘lib, frazeo-semantik maydon bu tizimning mazmuniy va tasnifiy jihatdan izchil o‘rganilishiga imkon yaratadi. Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, o‘zbek tilidagi frazeologik birliklar semantik jihatdan bir nechta maydonlarga, ular esa mikromaydonlarga bo‘lib o‘rganiladi. Frazeo-semantik guruhlar ichida yadro, markaz va periferiyaning mavjudligi o‘zbek frazeologiyasining tizim sifatida barqarorligini va shu bilan birga dinamik rivojlanishini ko‘rsatadi. Yadroda ma’nosi aniq, keng qo‘llanadigan va milliy o‘ziga xoslikni kuchli aks ettiruvchi iboralar to‘plansa, periferiyada kam qo‘llanuvchi, kontekstdan kelib chiqib yangi ma’no yuklanadigan birliklar joylashadi. Umuman olganda, o‘zbek tilida frazeo-semantik maydonni tahlil qilish frazeologik birliklarning ichki tuzilishi, semantik rivoji, qo‘llanish xususiyati va madaniy belgilanganligini chuqur anglashga yordam beradi. Mazkur yondashuv tilshunoslikda frazeologik tizimni yanada izchil tavsiflash, yangi tematik maydonlarni aniqlash va ular o‘rtasidagi semantik munosabatlarni belgilash uchun keng imkoniyatlar yaratadi.
Библиографические ссылки
Mirtojiyev, M. (2010). O‘zbek tili semasiologiyasi (Monografiya). Toshkent: Mumtoz so‘z.
Mullagayanova, G. S. (2010). Polevye podkhody k izucheniyu emotsiy v lingvistike. Vestnik Chelyabinskogo gosudarstvennogo universiteta, 29(210), Filologiya. Iskusstvovedenie, 47, 103–106.
Popova, Z. D., & Sternin, I. A. (2001). Ocherki po kognitivnoy lingvistike. Voronezh.
Rahmatullayev, Sh. (1978). O‘zbek tilining izohli frazeologik lug‘ati. Toshkent: O‘qituvchi.
Sinelnikova, I. I., & Androsova, S. A. (2014). Sostav frazeosemanticheskogo polya “emotsional’nye sostoyaniya cheloveka” (na materiale frantsuzskogo yazyka). Nauchnye vedomosti. Seriya Gumanitarnye nauki, 6(177), 21, 122–127.
Ufimtseva, A. A. (1962). Opyt izucheniya leksiki kak sistemy. Moskva: AN SSSR.
Sherstyanikh, I. V. (2022). Frazeosemanticheskoye pole “temporal’nost'” v sovremennom russkom yazyke. Filologicheskiye nauki. Voprosy teorii i praktiki, 15(2), 443–448.
Yakunina, T. I. (2018). Frazeosemanticheskoye pole “povedeniye” (na materiale frazeologizmov s komponentom-fitonimom angliyskogo yazyka). Filologicheskiye nauki. Voprosy teorii i praktiki, 9(87), Ch. 2, 414–419.
O‘zbek tilining izohli lug‘ati. (2006). 1-jild. Toshkent: O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi.
O‘zbek tilining izohli lug‘ati. (2008). 1-jild. Toshkent: O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi.
O‘zbek tilining izohli lug‘ati. (2006). 2-jild. Toshkent: O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi.
O‘zbek tilining izohli lug‘ati. (2008). 2-jild. Toshkent: O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi.
O‘zbek tilining izohli lug‘ati. (2006). 3-jild. Toshkent: O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi.
O‘zbek tilining izohli lug‘ati. (2006). 4-jild. Toshkent: O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi.
O‘zbek tilining izohli lug‘ati. (2008). 4-jild. Toshkent: O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi.
O‘zbek tilining izohli lug‘ati. (2006). 5-jild. Toshkent: O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi.
Опубликован
Загрузки
Как цитировать
Выпуск
Раздел
Лицензия
Copyright (c) 2025 Шахноза Джумакулова

Это произведение доступно по лицензии Creative Commons «Attribution» («Атрибуция») 4.0 Всемирная.
