Morphological Features of Sports Terms in English and Uzbek Languages
Abstract
This article presents a comparative linguistic analysis of the morphological features of sports terms in the English and Uzbek languages. The study examines word-formation processes of sports-related terminology, including affixation, compound words, and abbreviated forms, as well as their grammatical structure. It is revealed that sports terms in English are mainly formed through affixes and compound constructions, whereas in Uzbek the development of sports terminology is largely enriched through affixation and translation-based borrowings. In addition, the article highlights issues related to the adaptation of international sports terms into the Uzbek language, their morphological transformations, and integration into national linguistic norms. The research findings are of significant scientific and practical value for the systematic study of sports terminology, translation practice, and linguistic research.
Keywords:
Sports terminology morphology word formation affixation compound words English language Uzbek language term adaptation comparative analysisKirish
Tilshunoslikda sport terminlari va tilini tadqiq qilish jarayonida talabalar va mutaxassislar lug‘at boyliklarini tez sur’atlarda oshirib borishmoqdalar. Bundan tashqari, lug‘at boyligini faqat miqdoriy jihatdan emas, balki sifat jihatdan ham boyitish, mavjud so‘z boyligidan har qanday vaziyatda faol foydalanish ko‘nikmasini rivojlantirish zarur. Har qanday tilida so‘zlovchilar o‘z tilidagi barcha so‘z yasash vositalari va modellardan erkin foydalanib, chet tilini o‘rganuvchilar esa faqat o‘zlashtirgan lug‘at birikmalari bilan cheklanadi va so‘z yasash qoidalari asosida yangi leksik birliklar yaratishi juda kam uchraydi. Shu bois, sport terminologiyasi tadqiqida ham tilining so‘z yasash modellari va qoidalarini egallash – o‘rganilayotgan til lug‘atini muvaffaqiyatli o‘zlashtirishning zaruriy shartlaridan xabardor bo‘lish zarurati tug‘iladi. Sport sohasi bilan bog‘liq atamalarni chuqur o‘rganish, so‘z yasash usullarini egallash va lug‘at boyligini ko‘paytirish ko‘p sonli so‘zlarni yod olishdan ko‘ra tezroq va samaraliroqdir. Shuningdek, notanish so‘z yoki iboraning mazmunini tushunish, uning so‘z yasash namunasi (prefiks, suffiks yoki infiks) til instinktini rivojlantirishda yordam beradi (Cabre, 2003).
Asosiy qism
Bugungi kunda dunyodagi barcha sport turlari o‘ziga xos leksik birliklar va soha terminlariga ega to‘liq ro‘yxatga ega. Bu o‘rganuvchiga mavjud so‘z yasash vositalaridan foydalanib, o‘z bilim doirasida mustaqil tarzda ayrim leksik birliklarni (lug‘atdan foydalanmasdan) shakllantirish imkonini beradi, so‘z yoki ibora yaratish jarayonida ishtirok etishga undaydi. Bundan tashqari, chet tilini o‘rganishni qiziqarli va ijodiy jarayonga aylantiradi va o‘quvchining til o‘rganishga bo‘lgan motivatsiyasini oshiradi.
Sportga oid leksika va terminologiya tilshunoslikda yangilik bo‘lmagan mavzudir. Yangi sport turlarining paydo bo‘lishi natijasida sport lug‘atining mazmuni doimiy ravishda yangilanib boradi, turli xil sport lug‘atlari yaratilmoqda (bir, ikki yoki undan ortiq tillardagi leksik birliklarni o‘z ichiga olgan lug‘atlar). Sport leksikasining mazmuni juda xilma-xildir. Birinchidan, bu umumiy foydalaniladigan leksikadir (ona tilida so‘zlovchilarning barchasiga tushunarli va ular tomonidan kundalik hayotda faol qo‘llaniladi), ikkinchidan, bu professional terminologiyadir, uchinchidan, faqat shu sport turi bilan shug‘ullanadigan tor doiradagi kishilargagina tushunarli bo‘lgan leksikadir(scientists.uz).
Tadqiqot davomida sport terminologiyasiga oid leksikani tasniflash to‘rtta mezonga asoslanishini ko‘rdik:
- morfologik tuzilma;
- tarkibiy qismlar soni;
- semantik xususiyatlari;
- sintaktik bog‘lanish.
Sport terminlarini morfologik jihatdan tahlil qilishdan oldin, ularni tuzilishiga qarab term so‘z va term-so‘z birikmalari sifatida ajratib o‘rganish zarur deb topdik. Avvalo, sportga oid term-so‘z leksik birliklarini (ular sport terminologiyasining 45 foizini tashkil etadi) morfologik tuzilmasi nuqtayi nazaridan tadqiq qilinganda – bunda oddiy (43%), yasama (39%) va murakkab (11%) leksik birliklar ajratib olindi. Oddiy leksik birliklar – bu bitta morfemaga ega bo‘lgan birliklardir. Masalan: ball – koptok, king – qirol, queen – qirolicha, bishop – fil (shaxmat donasi), side – maydonning biror tomoni, cue – kiy (snuker va bilyardda ishlatiladigan tayoqcha), fin – suzgich, final – final, back – bel, punt – to‘pni urish harakati, blade – pichoq, deck – paluba, star – yulduz (mashhur sportchi) va hk.
Sport terminlarini so‘z turkumlariga qarab tasniflaganimizda, ularning aksariyati ot so‘z turkumiga mansub ekanini ko‘rdik (90 %). Bundan tashqari, grammatik jihatdan ot so‘z turkumiga mansub bo‘lgan quyidagi otlar har doim ko‘plik shaklida qo‘llanadi. Masalan: doors – darvozalar, boards – tomonlar, corners – burchaklar, laces – bog‘ichlar, pants – reytuz (tor, sirma, yopishib turadigan shim), shorts – shortiklar, kalta ishtonlar, socks – getralar, paypoqlar.
Qolgan 8 foizini esa boshqa so‘z turkumlari tashkil etadi.
Keyingi navbatda yasama atamalar va leksik birliklar ko‘rib chiqiladi. T.I Vendina ta’kidlaganidek, har qanday tilning lug‘at boyligida asosiy va yasama so‘zlarning o‘zaro bog‘liqligi xalqning turli sohalarga bo‘lgan qiziqishini anglash imkonini beradi (Вендина, 2002). Har qanday soha terminologiyasida ko‘p komponentli atamalar va leksik birliklarning o‘rni beqiyos ekanligini aytish mubolag‘a bo‘lmaydi. Ularning paydo bo‘lishi ma’lum bir sohada qo‘llanilishi va ilgari mavjud bo‘lgan tushunchalar asosida mantiqan yangi tushunchalarni ifodalash zarurati bilan bog‘liq.
Tuzilishi nuqtayi nazaridan, yangi atama odatda asosiy mohiyatni ifodalovchi atama bilan bog‘liq bo‘ladi, ya’ni yangi atama tarkibiga asosiy atama komponent sifatida kiradi. Shuning uchun, biz yangi atama fundamental va shakliy-tuzilma jihatdan shakllangan deb hisoblaymiz. Derivatsiya – bu affikslar (qo‘shimchalar) yordamida yangi so‘z yasash jarayonidir (masalan: sport – sportchi). Derivatsiya – bu ikkilamchi shakllanish hodisasi bo‘lib, uning natijasida yangi birliklar til tizimidagi boshqa birliklar bilan turli paradigmatik munosabatlarga kiradi. Terminologiya doirasida bu hodisa avvalo mantiqiy munosabatni shakllantiradi(Aronoff, 2011).
Bitta terminologik tizimdagi hosila so‘zlar va asosiy atamalar o‘zaro mantiqiy bog‘liqlikka ega bo‘lganligi sababli, ular shaklan ham bog‘langan bo‘ladi. Shu sababli, yangi birlik va asl birlik o‘rtasidagi hosila munosabatlarini o‘ziga xos paradigmatik munosabat sifatida ko‘rish mumkin. Agar ikki tildagi birliklar shakl va semantika (mazmun) nuqtayi nazaridan umumiy elementga ega bo‘lsa, ulardan biri ikkinchisi bilan chambarchas bog‘liq bo‘ladi.
Sport sohasiga oid so‘zlarni yasashda qo‘shimchalar yordamida hosil qilingan leksik birliklar. Bu usulda -ing, -ion, -er/-or qo‘shimchalari so‘z yasashda sermahsul hisoblanadi. Masalan:
- -ing. dribbling – dribling, running – yugurish, bowling – bovling, autoracing – avtopoyga, diving – suvgа sho‘ng‘ish, yachting – yelkanli sport, jumping – uzoqlikka sakrash, boxing – boks, mountaineering – toqqa tirmashib chiqish..
- -ion: competition – musobaqa, substitution – o‘yinchi almashinuvi, suspension – diskvalifikatsiya, intermission – muzni ta’mirlash uchun xokkeyda tanaffus, obstruction – to‘sqinlik, rotation – o‘yinchi o‘rnini almashtirish, navigation – navigatsiya.
- -er / -or: flipper – oyoq uchun rezina suzgich, diver – g‘avvos, runner – yuguruvchi, batter – zarbani qaytaruvchi (beysbol), bowler – boulingchi, server – xizmat ko‘rsatuvchi sportchi, climber – toqqa tirmashib chiquvchi (alpinist), leader – musobaqadagi yetakchi, attacker – hujumchi, neck and throat protector – iyak va tomoq himoya vositasi (xokkey).
Yuqoridagi misollardan ko‘rinib turibdiki, -ing, -ion, -er/-or qo‘shimchalari bilan yasalgan atamalar va leksik birliklar ingliz tilida so‘z yasashda sermahsul (produkt) hisoblanadi. Quyida esa sport sohasiga oid so‘zlarni yasashda kamroq mahsuldor (kam qo‘llaniladigan) qo‘shimchalarni keltirish zarur deb topildi:
- -ist: cyclist – velosipedchi, canoeist – kanoechi (eshkak eshish sporti bilan shug‘ullanuvchi), judoist – dzyudochi, alpinist – alpinist.
- -ship: championship – chempionat, membership – a’zolik
- -ment: equipment – anjom, placement – joylashuv o‘rni, movement – harakatlanish.
- -ee: referee – hakam, absentee – biron sabab bilan jamoa tarkibida bo‘lmagan o‘yinchi.
- -ance: appearance – paydo bo‘lish, (make an appearance – muz maydonida ko‘rinish berish, o‘yin maydoniga chiqish), attendance – jamoaning musobaqada qatnashuvi.
Sport sohasi bilan bog‘liq so‘zlarni prefikslar yordamida yasash.
Masalan:
- out-: outsprint – sprint yugurishida o‘zib ketmoq, outplay – o‘yinda g‘alaba qozonmoq, outclass – ustunlikka ega bo‘lmoq;
- over-: overjump – sakrab o‘tmoq, overhand – to‘pni qo‘ldan tepada oshirib uzatish, overall – mutlaq, absolyut, overtime – qo‘shimcha vaqt;
- up-: upright – darvoza to‘sini;
- inter-: interchange – o‘yinchilarning almashinuvi;
- mid-: midfielder – yarim himoyachi, midgame – o‘yinning yarmi, musobaqaning o‘rtasi;
- dis-: dismount – (otdan yoki jihozdan) tushmoq;
- fore-: forecheck – xokkeyda raqibning himoya hududida bosim o‘tkazish, himoyaviy harakatlar;
- back-: backcourt – himoya maydoni (basketbol), backhand – chap qo‘ldan yoki chap tomondan berilgan zarba (tennis);
- under-: undergrasp – pastdan ushlab olish;
- mis-: miscue – mo‘ljaldan adashmoq, noto‘g‘ri zarba berish.
Yuqorida keltirilgan ikki usuldan tashqari, sportga oid ayrim atamalar va leksik birliklar noodatiy prefiks va suffikslar yordamida ham yaratilgan. Quyida sport sohasi bilan bog‘liq so‘zlar va atamalarning ba’zilari shunday prefiks va suffikslar asosida hosil qilinganiga misollar keltiramiz:
infighting – kurash, bellashuv, jang; outsider – autsayder (musobaqada eng orqada qolgan o‘yinchi yoki jamoa); outfielder – autfilder, himoyachi, tashqi maydon o‘yinchisi (futbol); all-rounder – ko‘pkurashchi, o‘nkurashchi (har tomonlama sportchi)( Abdumajitov, 2024).
Xulosa
Mazkur tadqiqotda ingliz va o‘zbek tillarida sport terminlarining morfologik xususiyatlari qiyosiy-lingvistik nuqtayi nazardan tahlil qilindi. Tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatadiki, sport terminologiyasi har ikki tilda ham tilning ichki qonuniyatlari hamda ijtimoiy-madaniy omillar ta’sirida shakllanib va rivojlanib bormoqda. Ingliz tilida sport terminlarining morfologik tuzilishida affiksatsiya, qo‘shma so‘zlar va qisqartmalar muhim o‘rin egallab, terminlarning ixchamligi va funksionalligini ta’minlaydi. O‘zbek tilida esa sport terminlari asosan affiksatsiya, so‘z birikmalari va tarjima asosidagi moslashuv jarayoni orqali boyib borayotgani aniqlandi.
Shuningdek, tadqiqot davomida baynalmilal sport terminlarining o‘zbek tiliga kirib kelishida fonetik va morfologik moslashuv jarayonlari muhim ahamiyat kasb etishi, bu jarayonda milliy til me’yorlarining yetakchi omil bo‘lib xizmat qilishi aniqlandi. Ingliz tilidan o‘zlashgan terminlarning o‘zbek tilidagi qo‘llanishida grammatik kategoriyalarga moslashuvi, affikslar orqali yangi hosila shakllarning yuzaga kelishi sport terminologiyasining tizimli rivojlanayotganidan dalolat beradi.
Umuman olganda, olib borilgan tahlillar sport terminlarining morfologik xususiyatlarini chuqur o‘rganish tilshunoslikda qiyosiy tadqiqotlar uchun muhim nazariy asos yaratishini, shuningdek, terminologiyani standartlashtirish, tarjima jarayonlarini takomillashtirish va sport sohasiga oid matnlarning lingvistik aniqligini ta’minlashda muhim ilmiy-amaliy ahamiyatga ega ekanini ko‘rsatdi.
References
Abdumajitov, K. A. (2024). Morphological formation of sports terms in English and Uzbek languages. Science and Innovation International Scientific Journal, 3(11), 53–54. https://scientists.uz
Aronoff, M., & Fudeman, K. (2011). What is morphology? (2nd ed.). Blackwell Publishing.
Cabré, M. T. (2003). Theories of terminology: Their description, prescription and explanation. Terminology, 9(2), 163–199. https://doi.org/10.1075/term.9.2.03cab
Scientists.uz. (2024). C-10 [PDF file]. https://scientists.uz/uploads/2024011/C-10.pdf
Vendina, T. I. (2002). Slovoobrazovanie kak istochnik rekonstruktsii yazykovogo soznaniya [Word formation as a source of reconstructing linguistic consciousness]. Voprosy yazykoznaniya, (4), 42–77.
Published
Downloads
How to Cite
Issue
Section
License
Copyright (c) 2026 Рашидбек Курбаниязов

This work is licensed under a Creative Commons Attribution 4.0 International License.
