Ingliz tilidagi ilmiy terminlarni idrok etishning psixologik jihatlari
Annotasiya
Ushbu maqolada o‘quv jarayonida bilishni shakllantirish va yangi ma’lumotlarni o‘zlashtirishning psixologik hamda lingvistik asoslari tahlil qilinadi. Matnda idrok, diqqat, appertseptsiya kabi kognitiv jarayonlarning chet tilidagi leksik birliklarni o‘zlashtirishga ko‘rsatadigan ta’siri yoritiladi. Bilimni egallashning bosqichlari – idrok etish, tushunish, yodda saqlash va faol qo‘llash – turli tadqiqotchilar yondashuvlari asosida izohlanadi. Shuningdek, leksik birliklarni o‘rganishda transpozitsiya, semantizatsiya va vizualizatsiya kabi usullarni qo‘llashning samaradorligi ko‘rsatiladi. Tadqiqotda reproduktiv darajadagi o‘zlashtirish muhim o‘rin tutib, talabalarning yangi so‘z va iboralarni notanish vaziyatlarda qo‘llay olishi aqliy rivojlanishning asosiy ko‘rsatkichlaridan biri sifatida baholanadi. Maqola chet tilini o‘qitishda psixologik mexanizmlarni hisobga olish va talabalarning leksik kompetensiyasini rivojlantirish uchun samarali didaktik yondashuvlarni aniqlashga qaratilgan.
Kalit so‘zlar:
Usul texnik o‘ziga xos ko‘p tilli terminologiya ikki tilli terminologiya potentsial lug‘at yondashuvlarO‘quv jarayoni bir necha bosqichlardan tashkil topgan. Ulardan biri obyektni idrok etish bo‘lib, bu obyektni boshqalaridan ajratib olish va uning muhim xususiyatlarini aniqlash bilan bog‘liq. Idrok etish bosqichi tushunish bosqichi bilan almashadi, bunda o‘rganuvchining tashqi va ichki idrok etish munosabatlari ishga tushadi. Bilim hosil qilishning keyingi bosqichi tanlangan xususiyat va munosabatlarni takroran idrok etish va mahkamlash natijasida eslab qolish jarayonini o‘z ichiga oladi. Keyin mazkur bosqich o‘rnini talaba tomonidan idrok etilgan va tushunilgan muhim xususiyat va munosabatlarni takroran faollashtirish bosqichi egallaydi.
Zimnyaya (2003) taʼkidlashicha, o‘quv faoliyati yangi maʼlumotlarni o‘zlashtirish bilan bir xil bo‘lmay, mazkur faoliyat o‘rganishning asosiy mazmuni bo‘lib, uning tuzilishi va rivojlanish darajasi bilan belgilanadi. Talabaning o‘quv faoliyati murakkab va tizimli bilimlarni o‘zlashtirishga va ularni turli vaziyatlarda qo‘llashga oid usullari ishlab chiqishga qaratilgan.
Bundan farqli o‘laroq, Jeromi Bruner yangi til yoki tildagi yangi so‘zlarni “o‘zlashtirish”ni bir vaqtning o‘zida sodir bo‘ladigan uch jarayon bilan bog‘laydi: yangi maʼlumotni qabul qilish, uni qayta tahlil qilish hamda muayyan muammoni hal qilishda undan foydalanish (Bruner, 1977).
Zimnyaya (2003) bilim hosil qilish bo‘yicha uchta yondashuvni taklif qiladi. Birinchidan, bilim va ko‘nikma hosil qilish inson hayoti davomida o‘zlashtirib boradigan tajribalar majmuasini, shakllantiriladigan axloqiy meʼyorlar, umumlashtirilgan harakat usullari va ijtimoiy-tarixiy tajribani egallash orqali shaxsning individual tajribasini boyitish mexanizmini aks ettiradi. Ikkinchidan, Zimnyaya (2003) bilim hosil qilishni materialni qabul qilish, mazmunan qayta ishlash, saqlash va qayta foydalanishga yordam beradigan barcha kognitiv (aqliy) jarayonlarni o‘z ichiga olgan murakkab intellektual faoliyat sifatida talqin qiladi. Uchinchidan, u bilim hosil qilishni o‘rganish faoliyati natijasi sifatida izohlaydi.
“O‘zlashtirish” tushunchasi psixologiya lug‘atida tor maʼnoda “shaxsning ijtimoiy-tarixiy tajribani egallashining asosiy yo‘li” sifatida talqin qilinadi. Psixofiziologiya muammolarini o‘rganishda yirik ruhshunos Zhinkin (1982)ning alohida xizmatlari bor. Olimning fikricha, nutqni idrok etib tushunish va idrok etishga tayyorlikni nazorat qilish uchun analizdan sintezga o‘tish jarayonini o‘rganish zarur (Zhinkin, 1982).
Yuqorida keltirilgan manbalarga ko‘ra matnni o‘qib tushunishning quyidagi bosqichlarini ajratishimiz mumkin (1.3-rasmga qarang):
- diqqatni markazlashtirish – focusing attention;
- idrok etish – perception;
- tanib olish (xarf, so‘z, so‘z birikmasi va jumlalarni yaxlit holda) – recognition;
- tushunish (matndagi axborotni mazmun sifatida) – comprehension.
1-rasm. O‘qib tushunishning psixofiziolgik bosqichlari
Antisipatsiya (oldindan fahmlash) o‘qish uchun muhim hisoblanadi (gap mazmunini emas balki strukturani oldindan fahmlash to‘g‘risida so‘z yuritiladi). O‘qishda amal qiladigan tahminiy fahmlash mexanizmi ham katta o‘rin tutadi. Chunki xotirada yaxshi saqlanmagan yoki ilk marta uchragan lug‘atning maʼnosini fahmlashga to‘g‘ri keladi. Bu xususiyatni muallim tegishli mashqlarda shakllantiradi. O‘quvchining faol aqliy harakati (kognitiv yondashuvni) taxminan fahmlash uchun zaruriy shartlardan hisoblanadi (Bogoyavlenskiy & Menchinskaya, 1959; 256).
Leksikani nutqda idrok etish xususiyatlari borasida fikr yuritishdan oldin umuman idrok etish va nutqda idrok etish deganda nima tushunilishi leksikaga berilgan taʼriflarga oydinlik kiritib olish lozim. Diqqat – ongning muayyan obʼektga yo‘naltirilganligini bildiradigan psixik faoliyat shaklidir. Idrok – aniq maqsadni ko‘zlovchi anglash jarayoni. Narsa va hodisalar tashqi belgilarining inson ongida aks etish jarayoni idrok deyiladi. Shaxsning to‘plagan tajribasi bilan idrok bevosita bog‘liq bo‘ladi, bu hodisani ruhshunoslar tilida appertseptsiya deyiladi. Ushbu hodisa tufayli chet til o‘rganishda til tajribasiga alohida eʼtibor beriladi (Bogoyavlenskiy & Menchinskaya, 1959; 27).
Matn mazmunini tushunish – tafakkur jarayoni, yangi mazmunni o‘zlashtirish va uni mavjud g‘oya hamda tasavvurlar tizimiga qo‘shish singari ilmiy bilishning asosiy funksiyalaridan biri sanaladi. Bilish–obʼektiv borliqning inson ongida aks etish shakli, ilmiy bilimlarni o‘zlashtirish jarayoni. Bilish quyidagi turlarda o‘rganilgan: Hissiy bilish – sezgilar, idrok, tasavvur orqali. Ratsional bilish – tushunchalar, mulohazalar, aqliy xulosalardan o‘tib nazariyalarda o‘rin oladi. Talabalarda leksikani o‘rganish jarayonida sodir bo‘ladigan ijobiy taʼsir yaʼni transpozitsiya jarayoni til tajribasida mavjud imkoniyatdan asosiy nutq faoliyati turlarida unumli foydalana bilishida sodir bo‘ladi (Bogoyavlenskiy & Menchinskaya, 1959; 145).
Kengroq maʼnoda esa muayyan bir maʼlumotni o‘zlashtirish deganda shaxs tomonidan avvaldan shakllangan, ijtimoiy rivojlangan xulq-atvor, bilim, ko‘nikma va malakalarni “qayta yaratish” jarayoni; ularning subyektiv faoliyat shakllariga aylanish faoliyatidir. Muayyan bilimni o‘zlashtirish jarayoni bir necha bosqich yoki darajalardan tashkil topadi. Bu darajalarni tavsiflash bo‘yicha bir necha yondashuvlar taklif etilgan:
- o‘zlashtirish quyidagi komponentlarni o‘z ichiga oladi: materialni idrok etish, tushinish, yodlash va o‘zlashtirish (Bagramova, 1994; 261);
- mazkur tadqiqot ishida bilimlarni o‘zlashtirish jarayonining birinchi komponenti hisoblangan yangi materialni idrok etish bosqichi haqida so‘z boradi;
- qidirish va qayta ishlash; tushuntira olish va mashg‘ulot yordamida mustahkamlash;
- yangi maʼlumotni qabul qilish, qayta ishlash, boshqarish, idrok etish, qayta ishlash, taʼriflash;
- yangi bilimlar va obʼektli faoliyatni o‘rganish; qayta ishlash, bilim va faoliyatni egallash;
- o‘quvchilarning ijobiy munosabati, tanishtirish, qayta ishlash, yodlash va saqlash; yangi o‘quv materialining muhim jihati va xususiyatlarini aniqlashtirish, uni o‘zlashtirish (Bagramova, 1994; 261).
Shunday qilib, bilim birlamchi tushunish va takroran qayta ishlash jarayonidan o‘tadi, keyingi bosqichlarda u tushuniladi, tanish va yangi vaziyatlarda qo‘llanadi va uning afzalligi o‘quvchi tomonidan baholanadi. Maʼlumki, agar bilim birinchi bosqichda qolib ketsa, u rivojlanmaydi. Agar talaba uni notanish vaziyatlarda qo‘llasa va unga baho bersa, bu aqliy rivojlanish yo‘lida qo‘yilgan muhim qadamdir. Bilim turli darajada o‘zlashtirilishi mumkin: 1) reproduktiv daraja, yaʼni ko‘rsatma yoki namunalarga muvofiq model bo‘yicha qayta ishlanish; 2) reproduktiv daraja, yani yangi bilimlarni izlash va topish, faoliyatning nostandart ko‘rinishi. Tahlilda bilimlarni o‘zlashtirish darajasini belgilash muhim ahamiyat kasb etadi, sababi ushbu darajalar fikrlash sifatiga, fikrlashning muayyan qolipga solinganligiga yoki asliyligi va o‘ziga xosligiga taʼsir ko‘rsatadi. Bilimlarni o‘zlashtirishning yuqoridagi darajalari pedagogik amaliyotda va taʼlim sifatini baholashda keng qo‘llaniladi. Mazkur tadqiqot ishidan ko‘zlangan asosiy maqsad maʼlumotni (materialni) o‘zlashtirishning reproduktiv darajalariga erishishning eng samarali usullarini topish bo‘lganligi sababli (bo‘lajak iqtisodchi talabalarning ilmiy va kasbiy so‘z boyligini oshirish), o‘quv jarayonining dastlabki bosqichlarini hisobga olish, yaʼni yangi maʼlumotni avvalgilaridan farqlay olish va yodlash darajalari va shunga mos ravishda maʼlumotni esda saqlash va idrok etishning psixologik xususiyatlaridan iborat. Chet tildagi yangi so‘z va iboralar ustida ishlashning asosiy bosqichlariga quyidagilar kiradi: yangi material bilan tanishish (shu jumladan semantizatsiya), birlamchi mustahkamlash, og‘zaki va yozma muloqotning turli shakllarida lug‘atdan foydalanish ko‘nikma va malakalarini rivojlantirish. Endi, muhokamani chet tildagi yangi so‘zlar ustida ishlashning birinchi bosqichini, yaʼni talabalarga yangi so‘zlarni taqdim (tanishtirish) etish bilan davom ettiramiz. Ushbu bosqichda yangi so‘zlar ustida ishlash uchun quyidagilarga eʼtibor berish lozim:
- talabalarga yangi so‘zning maʼnosi tanishtiriladi, shuningdek, o‘rganuvchilar so‘zning shakli va qo‘llanilishi bilan tanishadi;
- talabalarning muayyan leksik birlikni to‘g‘ri tushunishini va uning shaklini idrok etishini nazorat qilish;
- boshlang‘ich faollashtirish bosqichi, uning maqsadi talabalarga materialni eslarida saqlab qolishiga imkon berish.
Talabalarga chet tilda kasbiy yo‘naltirilgan so‘zlarning taqdim etishning turli usullari borligini hisobga olish zarur, qaysi usulni tanlash muayyan vaziyatga qarab belgilanadi. Yangi leksik birliklar maʼnolarini aniqlash usullari N.I. Gez, О.Е. Kagan va G.А. Kitaygorodskayalar tomonidan yozilgan asarlarda berilgan bo‘lib ular quyidagicha amalga oshiriladi.
So‘z maʼnosini aniqlash usullari:
- vizualizatsiya usuli (so‘z maʼnosini ko‘rsatmali tarzda tushuntirish (predmetlarni ko‘rsatish, rasm va shu kabilardan foydlanish);
- chet tildagi leksik birliklar maʼnosini ochib berish.
Shunday qilib, lisoniy belgining mustahkam qaror topmagan davри bo‘ladi, bunda tushunча mazmunи hali shakllanmagan, uning tashqi olam bilan munosabati aloqasi beqaror bo‘ladi. Bunda qo‘shimcha qiyinchilik, bir tomondan, hayotiy tushunchalarning, boshqa tomondan, asosiy qismi mavhum xarakterga ega ilmiy tushunchalarning mavjudligi va shakllanishi bilan bog‘liq. Ilmiy tushunchalar hayotiy, maʼlum vaziyat bilan bog‘langan, g‘ayriixtiyoriy va ko‘p hollarda, noverbal tushunchalardan farqli o‘laroq inson aql-idroki yordamida anglashiladi va maʼlum bilimlar tizimiga taalluqlidir.
Bibliografik manbalar
Bagramova, N. V. (1994). Leksicheskie navyki i umeniya pri obuchenii inoiazychnoi rechi [Lexical skills and abilities in teaching foreign-language speech]. In Optimizatsiya protsessa obucheniya inostrannym yazykam v srednei shkole i vuze. 81–86. Ekaterinburg.
Bogoyavlenskiy, D. N., & Menchinskaya, N. A. (1959). Psikhologiya usvoeniya znanii v shkole [Psychology of knowledge acquisition in school]. Moscow.
Bruner, J. (1977). Psikhologiya poznaniya. Za predelami neposredstvennoi informatsii [On knowing: Beyond the immediate information]. Progress.
Zhinkin, N. I. (1982). Rech’ kak provodnik informatsii [Speech as a conduit of information]. Nauka.
Zimnyaya, I. A. (2003). Klyuchevye kompetentsii – novaya paradigma rezul’tata obrazovaniya [Key competencies: A new paradigm of educational outcomes]. Vysshee obrazovanie segodnya, (5), 34–42.
Maksudova, G. O., et al. (2022). Research of modern technologies of education. Journal of Pharmaceutical Negative Results, 2483–2485.
Ruzmetova, D. A., & Muratova, N. V. (2020). About comparative analysis of economic terms in English and Uzbek languages. Theoretical & Applied Science, (5), 777–779.
Nashr qilingan
Yuklashlar
Qanday qilib iqtibos keltirish kerak
Nashr
Bo'lim
Litsenziya
Mualliflik huquqi (c) 2025 Дилдора Рузметова

Ushbu ish Creative Commons Attribution 4.0 Worldwide.
