Изменения лексических единиц в современном английском языке: основные тенденции и факторы
Аннотация
В данной статье всесторонне проанализированы основные изменения, происходящие в лексической системе современного английского языка. Основное внимание уделяется семантическим сдвигам, неологизмам, архаизмам и лексическим заимствованиям, каждое из которых рассматривается с точки зрения их роли в развитии языка, причин появления, использования в современной речи и функционального значения в социокультурном контексте. Основываясь на исследованиях известных лингвистов, автор применяет классификационный и сравнительный методы анализа, рассматривая каждую лексическую единицу с точки зрения её формирования, семантической нагрузки и контекстуального употребления. Такой подход позволяет выявить социолингвистические причины лексических изменений и осмыслить их значение в современном английском языке.
В исследовании представлены ключевые особенности каждого лексического явления – изменение значения слова, способы образования новых единиц, роль архаизмов в поэтических и исторических текстах, а также высокая способность английского языка заимствовать слова из других языков. Особое внимание уделяется тому, как неологизмы отражают новые социальные реалии: технологическое развитие, интернет, экологические проблемы и пандемию. Статья представляет собой междисциплинарный анализ, охватывающий лингвистику, социологию и культурологию, и способствует более глубокому пониманию современного состояния и динамики английского языка. Полученные результаты демонстрируют адаптивную природу языка и объясняют, как лексические единицы эволюционируют в ответ на общественные потребности.
Ключевые слова:
Английский язык лексические изменения семантический сдвиг неологизм архаизм заимствование лексическая системаKirish
Til – bu nafaqat aloqa vositasi, balki jamiyatdagi ijtimoiy, madaniy, siyosiy va texnologik o‘zgarishlarning bevosita aks etuvchi hodisasidir. Tildagi har qanday leksik o‘zgarish aslida inson faoliyati va tafakkuridagi o‘zgarishlar natijasidir. Ayniqsa, zamonaviy ingliz tili global aloqa vositasi sifatida jahonning turli burchaklarida faol qo‘llanilayotgani bois, uning tarkibida yuz berayotgan o‘zgarishlar yanada keskin va tez sur’atlarda kechmoqda.
Bugungi kunda ingliz tilida yangi so‘zlarning (neologizmlarning) tez-tez paydo bo‘lishi, mavjud so‘zlarning ma’nosining o‘zgarishi (semantik siljishlar) yoki ularning umuman qo‘llanmay qo‘yilishi (arxaizmlar) kuzatilmoqda. Ushbu leksik jarayonlar tilda yuz berayotgan dinamik o‘zgarishlarning asosiy ko‘rinishlaridir. Bunday o‘zgarishlar ko‘pincha texnologik taraqqiyot, madaniy almashinuv, globallashuv, siyosiy-ijtimoiy hodisalar hamda internet va ijtimoiy tarmoqlarning ta’siri bilan chambarchas bog‘liq.
Mavzuning dolzarbligi shundan iboratki, leksik o‘zgarishlar tilning zamonaviy sharoitlarga moslashuvi, yangilanishi va boyishini ta’minlaydi. Tilshunoslikda bu o‘zgarishlarni o‘rganish orqali nafaqat tilning hozirgi holatini tahlil qilish, balki uning kelgusi rivojlanish yo‘nalishlarini ham taxmin qilish mumkin.
Ushbu maqolada zamonaviy ingliz tilidagi leksik birliklarning o‘zgarishiga olib kelayotgan asosiy omillar tahlil qilinadi. Shuningdek, bu o‘zgarishlarning qanday shakllarda namoyon bo‘layotgani va tildagi umumiy rivojlanish jarayonlariga qanday ta’sir ko‘rsatayotgani yoritiladi.
Adabiyotlar tahlili va metodologiya
Zamonaviy ingliz tilidagi leksik o‘zgarishlar masalasi ko‘plab tilshunoslar tomonidan keng o‘rganilgan. D. Kristal ingliz tilining dinamik rivojlanishini global ijtimoiy va madaniy jarayonlar bilan bog‘laydi (Crystal, 2010), E.C. Trogott va R.B. Dasher esa semantik o‘zgarishlarning tarixiy-muntazam xarakterini tahlil qiladi (Traugott, Dasher, 2002). Neologizmlar yuzasidan D.Yu. Peshkova va E.V. Semenova tadqiqotlarida yangi so‘zlarning shakllanish sabablari va usullari yoritilgan (Peshkova, 2019; Semenova, 2021). Arxaizmlar va o‘zlashmalar bo‘yicha esa M.A. Grinko, V.E. Broda, B.S. Pantia kabi mualliflar tarixiy va zamonaviy aspektlarni qamrab olgan holda tahlillar o‘tkazganlar (Broda, Malseva, Fomenko, 2019; Grinko, 2025; Pantia, Danilova, 2016).
Ushbu maqolada tildagi leksik o‘zgarishlar – semantik siljishlar, neologizmlar, arxaizmlar va o‘zlashmalar – tasnifiy va taqqoslamali metod asosida tahlil qilindi. Misollar tanlashda zamonaviy ingliz tilidagi yozma va og‘zaki manbalar, internet nashrlari, lug‘atlar (Merriam-Webster, Etymonline) hamda ilmiy maqolalar asos qilib olindi. Har bir leksik birlik o‘zining shakllanish mexanizmi, kontekstda qo‘llanishi va funksional yuklamasi nuqtai nazaridan tahlil qilindi. Bu yondashuv leksik o‘zgarishlarning mazmuni va sabablarini aniqlashga, ularning zamonaviy ingliz tilidagi roli va ahamiyatini ko‘rsatishga xizmat qildi.
Natijalar
Zamonaviy ingliz tilining rivojlanishida leksik tizimdagi o‘zgarishlar muhim o‘rin tutadi. Tilning leksik tarkibi doimiy harakatda bo‘lib, u zamonaviy hayotning barcha jabhalaridagi o‘zgarishlarga tezda moslashadi. Leksik o‘zgarishlar, asosan, quyidagi shakllarda namoyon bo‘ladi: semantik siljishlar, neologizmlar, arxaizmlar, hamda leksik o‘zlashmalar. Har bir tur til rivojida alohida funksional ahamiyatga ega bo‘lib, bu jarayonlarni tushunish tilda yuz berayotgan umumiy dinamikani to‘g‘ri baholashga yordam beradi (Crystal, 2010).
- Semantik siljishlar
So‘zlarning ma’nosi vaqt o‘tishi bilan turli omillar ta’sirida o‘zgarib boradi. Bu hodisa semantik siljish deb yuritiladi va ingliz tilida keng tarqalgan til hodisasi hisoblanadi (Traugott, Dasher, 2002).
Masalan, ingliz tilidagi “literally” so‘zi dastlab “so‘zma-so‘z” ma’nosini bildirgan bo‘lsa, bugungi ingliz tilida u ko‘proq hissiy kuchaytiruvchi vosita sifatida ishlatilmoqda: “I was literally dying of laughter” (Merriam-Webster, 2025). Bu yerda so‘z asl, lug‘aviy ma’nosida emas, balki mubolag‘ali, hissiy ta’sir kuchini oshiruvchi vosita sifatida qo‘llangan.
Shuningdek, “awesome” so‘zining ham ma’nosi tarix davomida o‘zgarishga uchragan. Dastlab u “vahimali, dahshatli” (ya’ni, qo‘rquv uyg‘otuvchi) ma’nosini bildirgan bo‘lsa, hozirgi zamonaviy ingliz tilida bu so‘z ko‘proq “zo‘r, ajoyib” degan ijobiy konnotatsiyada qo‘llanadi (Etymoline, 2025).
Bunday semantik siljishlar, odatda, ijtimoiy-madaniy kontekstlarning o‘zgarishi, nutqdagi metaforik ifodalar, yoki so‘zning yangi funksional yuklamalar olish jarayoni bilan bog‘liq bo‘ladi (Crystal, 2010).
- Neologizmlar
Neologizm (yunoncha neo – yangi, logos – so‘z) – tilga yangi tushuncha, hodisa yoki predmetni ifodalash zarurati natijasida kirib kelgan yangi so‘z yoki ibora. Neologizmlar tilning rivojlanishi va yangilanishida muhim rol o‘ynaydi, ayniqsa texnologik taraqqiyot va internet tili bunga kuchli turtki beradi.
Neologizmlarning paydo bo‘lishi til evolyutsiyasining dalilidir. Shuni ta’kidlash lozimki, har bir yangi so‘z tilga doimiy ravishda kirib qolmaydi. Dastlab, bu so‘z okkazionalizm hisoblanadi, keyinchalik asta-sekin til tomonidan qabul qilinib, neologizmga aylanadi, u esa so‘ngra leksik tizimda mustahkamlanadi yoki yo‘qolib ketadi (Peshkova, 2019).
Neologizmlar ijtimoiy munosabatlarning rivojlanishi yoki o‘zgarishi, shuningdek, odamlarning turmush tarzi va yashash sharoitlaridagi o‘zgarishlar natijasida tilga kirib kelgan va so‘zlovchilar tomonidan yangi deb qabul qilinadigan so‘zlar hamda frazeologik birikmalar sifatida ta’riflanadi. Ular til tizimida barqarorlikka erishayotgan yangi so‘zlar yoki yangi ma’nolar bo‘lib, yangi fikr predmetlarini ifodalaydi. Neologizmlarning xususiyatlarini aniqlashda uchta asosiy parametr ajratiladi: birinchidan, “vaqt” parametri – neologizmlar ma’lum bir davrga nisbatan yangi so‘zlar hisoblanadi; ikkinchidan, “til fazosi” parametri – ularning qo‘llanilish sohalari va janrlari (umumiy tillar, ma’lum milliy til, badiiy til yoki ma’lum dialekt doirasida); uchinchidan, “yangilik” parametri – bu neologizm turini aniqlashga yordam beradi, ya’ni yangi ma’noga ega bo‘lgan semantik neologizm, yangi shakldagi sinonim neologizm yoki ikkalasining kombinatsiyasi bo‘lgan asl neologizm (Semenova, 2021).
Neologizmlar hosil bo‘lish usullariga ko‘ra semantik, leksik va leksiko-grammatik turlarga bo‘linadi. Semantik usul – eski so‘zning ma’nosini o‘zgartirish yo‘li. Leksik neologizmlar – boshqa tillardan olingan yangi so‘zlar. Leksiko-grammatik neologizmlar esa mavjud asosdan affiksatsiya, o‘zgartirish, so‘z birikmasi yoki qisqartirish yo‘li bilan hosil qilingan yangi so‘zlardir (Barannikova, 1973).
Neologizm yangi hosil qilingan yoki o‘zlashtirilgan so‘z (so‘z birikmasi) yoki yangi realiyalarni ifodalash uchun ilgari mavjud so‘zdan hosil qilingan so‘zdir. So‘z yasashning turli usullari – affiksatsiya, so‘z birikmasi, so‘zlarni birlashtirish, qisqartirish va boshqalar – orasida so‘z birikmasi va so‘zlarni birlashtirish yangi so‘zlar hosil qilishda eng samarali usullar hisoblanadi.
Leksikaning turli qatlamlari teng emas darajada rivojlanadi; eng ko‘p yangi so‘zlar ijtimoiy va kundalik hayot sohasida paydo bo‘ladi, bu so‘zlar gazeta va jurnallarda, internet nashrlarida, ijtimoiy tarmoqlarda va boshqa manbalarda qayd etilgan. Zamonaviy ingliz tilidagi neologizmlarda ko‘plab yo‘nalishlarni kuzatish mumkin: moda, ovqatlanish, hordiq chiqarish, siyosiy qarashlar va boshqalar (Mkrtchyan, 2017). Bunday neologizmlar jamiyatdagi inson faoliyatining turli jarayonlarini aks ettiradi va yangi tajribani kodlashtirish vazifasini bajaradi. Ushbu jarayonlarga ekologiya masalalari, ijtimoiy-siyosiy haqiqatlar, kundalik turmush tarzi kabi masalalar ham kiradi, bu esa inson xulq-atvori va uning munosabatlaridagi o‘zgarishlarni ko‘rsatadi. Bunday jarayonlar odamlarning fikrlash tarzini, iste’mol madaniyatini o‘zgartiradi va turli usullar bilan hosil qilingan yangi so‘zlarda aks etadi.
Zamonaviy ingliz tilida yuzaga kelayotgan neologizmlar ko‘pincha jamiyatdagi ijtimoiy, siyosiy va texnologik o‘zgarishlar natijasida paydo bo‘lmoqda. Ular yangi hodisa, tushuncha yoki realiyaga nom berish zarurati bilan bog‘liq bo‘lib, ko‘pincha so‘z yasashning innovatsion usullari orqali vujudga keladi: so‘z birikmasi, silliqlash (blend), affiksatsiya, konversiya va hokazo.
Xususan, so‘nggi yillarda ekologik mas’uliyat, shaxsiy ong va jamoaviy faollik bilan bog‘liq quyidagi neologizmlar shakllandi: climate emergency – iqlim bo‘yicha favqulodda holat, zudlik bilan choralar ko‘rishni talab qiluvchi vaziyat; plogging – yugurish vaqtida axlat terish (pick up + jogging). Shuningdek, internet, raqamli texnologiyalar va ijtimoiy tarmoqlarning ommaviylashuvi tilga yangi birliklar olib keldi. Masalan: cybercafe – internet xizmatlari mavjud bo‘lgan kafe; to tweet – twitterda ijtimoiy tarmogʻida qisqa xabar joylashtirish; to google – internet orqali ma’lumot izlash. Bundan tashqari, zamonaviy siyosiy hayot ham yangi leksik birliklarning shakllanishiga sabab bo‘lmoqda: Brexit – Buyuk Britaniyaning Yevropa Ittifoqidan chiqishi (Britain + exit); fake news – yolg‘on, manipulyativ yangiliklar. Soʻnggi yillarda esa butun dunyoda boʻlgani kabi ingliz tilida ham COVID-19 pandemiyasi tilga katta ta’sir ko‘rsatdi. So‘z yasash orqali pandemiya davridagi ijtimoiy holat, munosabatlar va psixologik holat ifodalandi: covidiot – pandemiya choralari va sog‘liqni saqlash qoidalariga amal qilmaydigan shaxs; covidol – namunali xulq-atvorga ega, mas’uliyatli fuqaro (COVID + idol) (Semenova, 2021).
Bu so‘zlar ommaviy madaniyat, ijtimoiy tarmoqlar va texnologiyalarning bevosita mahsulidir. Neologizmlar ko‘pincha avval ingliz tilida norasmiy (slang) ko‘rinishida paydo bo‘ladi va keyinchalik rasmiy tilga ham o‘tadi.
- Arxaizmlar
Arxaizmlar – bu zamonaviy til muomalasidan chiqib ketgan yoki juda kam qo‘llanadigan, eskirgan so‘zlardir. Ular ko‘pincha tarixiy matnlarda, adabiy asarlarda yoki uslubiy vosita sifatida poetik nutqda uchraydi.
Arxaizmlar har qanday tilning eng o‘zgaruvchan va dinamik sohasi bo‘lgan leksika qatlamiga mansubdir. Tilning leksik tizimi doimiy yangilanib boradi. Yangi hodisalar va tushunchalar paydo bo‘lib, ular nomlanishga muhtoj bo‘lganida, til boshqa tillardan so‘zlarni o‘zlashtiradi yoki so‘z yasash yo‘li bilan yangi birliklar yaratadi. Biroq, leksik birliklar abadiy emas: turli sabablarga ko‘ra ba’zi so‘zlar arxaiklashadi, til tarkibidan butunlay chiqib ketadi yoki ko‘proq qo‘llanadigan boshqa so‘zlar bilan almashtiriladi. Eskirish jarayonida leksik birliklar tildagi passiv lug‘at tarkibiga o‘tadi (Merriam-Webster, 2025).
Arxaizmlar eskirish darajasiga ko‘ra farqlanadi: eskirib borayotgan, eskirgan va to‘laqonli arxaik so‘zlar. Ular, shuningdek, l eksik va semantik arxaizmlarga bo‘linadi. Semantik arxaizmlar – bu ma’nosi eskirgan so‘zlar bo‘lib, ularning bir yoki bir nechta ma’nolari zamonaviy tildan chiqib ketgan. Masalan, ingliz tilidagi brave so‘zining hozirgi ma’nosi “jasur”, biroq ilgari u “ajoyib, hayratlanarli” degan ma’noni bildirgan. Yoki maid so‘zi ilgari “turmushga chiqmagan qiz” degan ma’noda ishlatilgan bo‘lsa, hozirda u “xizmatkor” yoki “qari qiz” ma’nolarida qo‘llanadi (Grinko, 2025).
Leksik arxaizmlar esa quyidagi turlarga bo‘linadi: 1) To‘laqonli leksik arxaizmlar – butunlay eskirgan va zamonaviy til tizimida mavjud bo‘lmagan tovush kompleksiga ega so‘zlar (to hearken, ere, to befall); 2) Leksik-so‘z yasovchi arxaizmlar – zamonaviy tildagi sinonimlariga nisbatan faqat eskirgan so‘z yasovchi elementi (odatda, qo‘shimcha) bilan farqlanadigan birliklar. Masalan: feedeth, readeth (bu yerda –eth qo‘shimchasi); 3) Leksik-fonetik arxaizmlar – hozirgi variantlaridan faqat bir nechta tovushlar bilan farqlanuvchi so‘zlar. Masalan: troth (zamonaviy truth), to forbode (zamonaviy to forbid) (Grinko, 2025).
Bu kabi arxaik birliklar ko‘pincha badiiy adabiyot, tarixiy asarlar va poeziyada tilning davriy xususiyatlarini aks ettirish uchun qo‘llaniladi.
Bugungi kunda arxaizmlar asosan badiiy adabiyotda qo‘llaniladi va ular turli stilistik funksiyalarni bajaradi. Ular o‘tgan davrga xos tarixiy rang-baranglikni yaratish, nutqqa baland, tantanavor ohang berish, yoki kinoya, istehzo, hazil effektlarini hosil qilishda ishlatiladi. Ba’zida arxaik so‘zlar stilistik maqsadsiz, faqat tarixiy realiyalarni nomlash uchun, masalan, ilmiy yoki tarixiy asarlarda, ishlatiladi.
Ba’zi arxaizmlar, stilistik yuklamaga ega bo‘lmasdan, ilmiy matnlarda yoki huquqiy hujjatlarda uchraydi (masalan: hereby, therewith, aforesaid). Bunday so‘zlar hujjat tilida qadimdan saqlanib qolgan. Shuningdek, arxaizmlar barqaror iboralar tarkibida (by dint of, short shrift) stilistik rol o‘ynamaydi. Ayrim dialektlarda esa, adabiy ingliz tilida arxaik hisoblangan so‘zlar (thou, ye) faol lug‘at birligi sifatida ishlatiladi (Grinko, 2025).
Koʻrinib turibdiki, arxaizmlarning nutqdan chiqib ketishiga sabab ularning zamonaviy ekvivalentlari bilan almashinishidir. Bu esa tilning soddalashuvi va kommunikativ qulaylikka intilishini ko‘rsatadi.
- O‘zlashmalar
Tilga boshqa tillardan kirib kelgan leksik birliklar o‘zlashmalar deb ataladi. O‘zlashmalar paydo bo‘lishining sabablari ko‘p sonli va har bir holatda o‘ziga xos bo‘ladi (Breiter, 1997). O‘zlashgan leksika bir xilda emas, ya’ni bu sohalarda bir nechta tasniflash yondashuvlari mavjud. Chet tillardan kirib kelgan so‘zlar ko‘pincha fonetik-grafik, grammatik va semantik jihatdan o‘zgaradi va yangi til tizimiga moslashtiriladi. Shu bilan birga, ular ko‘pincha oʻzlashgan tiliga xos bo‘lmagan ayrim xususiyatlarni saqlab qoladi, bu esa tushunish va tarjimada qiyinchiliklar tug‘diradi.
Qaysi tilda bo‘lmasin, o‘zlashmalar tilning lug‘aviy tarkibini boyitishda turlicha rol o‘ynaydi. Ingliz tili leksikasida esa o‘zlashmalar inkor qilib bo‘lmaydigan darajada muhim ahamiyatga ega: bu til go‘yoki “begona” ildizlar, affikslar va prefikslardan hosil boʻlgan desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Shu boisdan ham o‘zlashmalar masalasi xorijiy til o‘rganuvchilari uchun nihoyatda dolzarb bo‘lib qolmoqda. Bu mavzu doimiy qiziqish uyg‘otadi va mavjud leksik materiallarning nihoyatda ko‘pligi sababli u yangi tadqiqot yo‘nalishlari, munozaralar va ilmiy bahs-munozaralarga sabab bo‘lishda davom etadi.
Ingliz tili dunyodagi eng ochiq tillardan biri bo‘lib, tarix davomida ko‘plab tillardan minglab so‘zlarni o‘zlashtirgan. Ingliz tilida o‘zlashmalar juda katta ulushni egallaydi – hozirgi lug‘aviy tarkibining taxminan 75 foizi boshqa tillardan kirib kelgan bo‘lib, ular turli tarixiy davrlarda, ijtimoiy, madaniy va siyosiy omillar ta’sirida yuzaga kelgan. Asosan, ingliz tiliga so‘zlar fransuz, lotin, yunon tillaridan, ba’zan esa bu tillar orqali bilvosita o‘zlashgan (Pantia, Danilova, 2025).
O‘zlashmalar quyidagi usullar bilan amalga oshadi: transkripsiya (so‘zning tovush shakli saqlanadi): football, trailer; transliteratsiya (so‘z yozuvi moslashtiriladi): café, genre; kalkalash (ma’nosi va tuzilmasi tarjima qilinadi): fatherland (nem. Vaterland); semantik o‘zlashma (mavjud so‘zga yangi ma’no beriladi): pioneer, brigade.
O‘zlashmalar natijasida iIngliz tilida ko‘plab yangi so‘zlar va affikslar paydo bo‘ldi (anti-, -ism, re-), ba’zi so‘zlar o‘z o‘rnini o‘zlashganlarga bo‘shatib berdi, sinonimlarning ma’no va uslubiy farqlari kuchaydi (start vs commence), Etimologik juftliklar yuzaga keldi (kingly vs royal), ingliz tilida internatsional so‘zlar shakllandi (information, music, democracy), imlo va talaffuzda muayyan noaniqliklar paydo bo‘ldi (Pantia, Danilova, 2025).
Shunga qaramay, ingliz tili o‘zining asosiy grammatik tuzilmasini saqlab qolgan bo‘lib, ko‘plab xalqaro ildizlarga ega bo‘lishiga qaramay, milliylik xususiyatini yo‘qotmagan. Globallashuv, madaniy almashinuv, migratsiya jarayonlari hamda xalqaro ommaviy axborot vositalarining kuchli ta’siri natijasida ingliz tiliga doimiy ravishda yangi so‘zlar kirib kelmoqda. Bunday o‘zlashmalar tilni leksik jihatdan boyitadi va uni zamonaviy kommunikativ ehtiyojlarga moslashtirishga xizmat qiladi.
Muhokama
Zamonaviy ingliz tilidagi leksik o‘zgarishlar tilning doimiy rivojlanish va moslashuvchanlik xususiyatini yaqqol namoyon etadi. Tahlil shuni ko‘rsatadiki, til leksikasi ijtimoiy, texnologik, siyosiy va madaniy omillar ta’sirida uzluksiz yangilanmoqda. Bu jarayonda semantik siljishlar, neologizmlar, arxaizmlar va leksik o‘zlashmalar o‘zaro murakkab tizimni tashkil etadi va har biri tilning kommunikativ imkoniyatlarini kengaytirishda muhim rol o‘ynaydi.
Semantik siljishlar so‘zning ma’no doirasini kengaytiradi yoki o‘zgartiradi, bu esa uni yangi nutq kontekstlariga moslashtirish imkonini beradi. Bu holat ko‘pincha metaforik ifoda, ijtimoiy nutq ehtiyojlari yoki stilistik zaruratlar bilan bog‘liq bo‘ladi. “Literally” va “awesome” kabi misollar tilning semantik moslashuvchanligini ko‘rsatadi.
Neologizmlar esa jamiyatda yuz berayotgan yangi hodisalar, texnologiyalar va g‘oyalarni ifodalash uchun zarur bo‘lgan yangi til birliklarini taqdim etadi. Ularning hosil bo‘lishi tilda bo‘shliqni to‘ldirish, aniq nomlash ehtiyoji va nutqiy innovatsiyalar bilan bog‘liq. Ayniqsa, raqamli texnologiyalar, ijtimoiy tarmoqlar va ekologik ong bilan bog‘liq neologizmlar bugungi til dinamikasining asosiy ko‘rsatkichidir. “Brexit”, “covidiot” yoki “plogging” kabi so‘zlar global voqeliklarning tilga qanday ta’sir qilganini yaqqol ko‘rsatadi.
Arxaizmlar esa til taraqqiyotining boshqa bir qirrasini – leksik eskirishni aks ettiradi. Ular muomala tilidan chekinayotgan bo‘lsa-da, badiiy, tarixiy va uslubiy kontekstlarda muhim estetik va stilistik vazifani bajaradi. Bu so‘zlar o‘z davrining ruhini saqlab qoladi, tilning madaniy qatlamlarini saqlab qolishga xizmat qiladi. Ba’zilarining yuridik va ilmiy diskursda saqlanib qolishi esa ularning funksional moslashuvchanligini ko‘rsatadi.
Leksik o‘zlashmalar esa ingliz tilining ochiqligi va adaptivligini namoyon etadi. Tarix davomida ingliz tili boshqa tillardan ko‘plab so‘zlarni o‘zlashtirgan, bu esa uning lug‘aviy boyligini oshiribgina qolmay, balki sinonimiya, uslubiy tafovut va semantik nozikliklarni ham yaratgan. Bugungi globallashuv sharoitida bu jarayon faollashgan va o‘zlashmalar tilning xalqaro kommunikatsiya vositasi sifatidagi rolini mustahkamlamoqda.
Umuman olganda, zamonaviy ingliz tilidagi leksik o‘zgarishlar tildagi statiklikdan ko‘ra, uning moslashuvchan, doimiy rivojlanishga yo‘naltirilgan tabiati ustuvorligini ko‘rsatmoqda. Bu jarayonlar nafaqat tilshunoslik nuqtayi nazaridan, balki madaniy va ijtimoiy jarayonlarni tahlil qilishda ham muhim ilmiy asos bo‘lib xizmat qiladi.
Xulosa
Zamonaviy ingliz tilida leksik birliklarning o‘zgarishi – bu tildagi tabiiy rivojlanishning natijasidir. Semantik siljishlar, neologizmlar, arxaizmlar va qarzlanuvlar tilning zamonga moslashishini ta’minlaydi. Ushbu o‘zgarishlarga ilmiy-texnikaviy taraqqiyot, globallashuv, ijtimoiy-siyosiy jarayonlar va internet tarmog‘i kuchli ta’sir ko‘rsatmoqda. Bu jarayonni o‘rganish tilshunoslikda nafaqat tilni kuzatish, balki uning kelajakdagi yo‘nalishlarini aniqlashda ham muhimdir.
Библиографические ссылки
Barannikova, L. I. (1973). Vvedenie v yazykoznanie [Introduction to linguistics]. Saratov: Saratovskiy gosudarstvennyy universitet.
Breiter, M. A. (1997). Protsess yazykovogo zaimstvovaniya kak sposob realizatsii kommunikativnykh potrebnostey v ramkakh mezhkul'turnogo vzaimodeystviya. In Lingvokognitivnye problemy kommunikatsii (pp. 49–65).
Broda, V. E., Maltseva, D. S., & Fomenko, L. N. (2019). Arhaizmy v angliyskoy literature. International Journal of Humanities and Natural Sciences, 12(2), 184–186.
Crystal, D. (2010). The Cambridge encyclopedia of the English language (2nd ed.). Cambridge University Press.
Etymonline. (n.d.). Awesome. Online Etymology Dictionary. Retrieved September 13, 2025, from https://www.etymonline.com/word/awesome
Grinko, M. A. (2025). Arhaizmy v khudozhestvennoy literature (na materiale russkogo i angliyskogo yazykov). International Journal of Humanities and Natural Sciences, 5(2), 23–26.
Merriam-Webster. (n.d.). Literally. Merriam-Webster Dictionary. Retrieved September 13, 2025, from https://www.merriam-webster.com/dictionary/literally
Mkrtchyan, T. Yu. (2017). Sotsiokulturnaya kharakteristika noveyshikh neologizmov v sovremennom angliyskom yazyke. Filologicheskie nauki. Voprosy teorii i praktiki, 9(75, Ch.1), 142–144.
Pantia, B. S., & Danilova, M. A. (n.d.). Zaimstvovaniya i ikh vliyanie v leksike angliyskogo yazyka. Retrieved September 13, 2025, from https://izron.ru/articles/sovremennye-problemy-gumanitarnykh-nauk-v-mire-sbornik-nauchnykh-trudov-po-itogam-mezhdunarodnoy-nau/sektsiya-19-germanskie-yazyki-spetsialnost-10-02-04/zaimstvovaniya-i-ikh-vliyanie-v-leksike-angliyskogo-yazyka/
Peshkova, D. Yu. (2019). Angliyskaya neologiya: sposoby popolneniya vokabulyara na sovremennom etape. Izvestiya Volgogradskogo gosudarstvennogo pedagogicheskogo universiteta, (6)139, 155–160.
Semenova, E. V. (2021). Neologizmy v sovremennom angliyskom yazyke i prichiny ikh vozniknoveniya. Filologicheskiy aspekt: Mezhdunarodnyy nauchno-prakticheskiy zhurnal, 2(70).
Traugott, E. C., & Dasher, R. B. (2002). Regularity in semantic change. Cambridge University Press.
Опубликован
Загрузки
Как цитировать
Выпуск
Раздел
Лицензия
Copyright (c) 2025 Арзайым Бердиханова

Это произведение доступно по лицензии Creative Commons «Attribution» («Атрибуция») 4.0 Всемирная.
