Metrical inequivalence in poetic translation

Authors

  • Uzbek State World Languages University
Метрический диссонанс в поэтическом переводе

Abstract

The article analyzes metrical dissonance in poetry translation using Yusuf Khass-Khаjib’s poem “Kutadgu Bilig” (11th century; one of the first monuments of Turkic writing). The study examines two English translations (W. May and R. Dankoff) and aims to identify inconsistencies in the prosodic structures of the original and the translations, classify the types of metrical transformations, and methods of conveying the rhythmic expressiveness of the text. A comparative analytical method is used, specifically comparing the poetic structure, rhythm, and stress in the original and translations. The theoretical section discusses approaches to poetic translation, in particular the concept of “functional equality” – the desire to achieve a similar poetic effect. The analysis reveals that, although May and Dankoff sought to harmonize meter and meaning during translation, their choice of meter differs. May relied more on iambic pentameter, thereby preserving the inherent musical rhythm of the aruz. Dankoff, on the other hand, used a semi-free tonic meter, ensuring a natural rhythm and intonational freedom.

Keywords:

Prosodic dissonance metrical dissonance metric transformation iambic pentameter semi-free tonic functional equality

Metrik dissonans poetik tarjimada original asarning metr tizimidan ongli ravishda chetga chiqish yoki ritmik strukturadagi nomutanosiblik orqali badiiy ta’sirni kuchaytirish usuli hisoblanadi. Bu atama musiqa nazariyasidan kelib chiqqan bo‘lib, dissonare, ya’ni hamohanglikdan chetga chiqish ma’nosini anglatadi. She’rshunoslikda esa u ritm va ma’no o‘rtasidagi ziddiyat orqali poetik ta’sirchanlikni yaratish vositasi sifatida talqin etiladi.

Metrik dissonans tarjimada, ayniqsa, ikki tilning prosodik tizimlari farq qilganda paydo bo‘ladi. Masalan, ingliz tilidagi yambik pentametr o‘zbek yoki rus tilidagi tonik-aksentli metr bilan to‘liq mos kelmaydi. Shu sababli tarjimon yo ritmni saqlab, ma’noni qisman o‘zgartirishga, yoki ma’noni saqlab, o‘lchovdan chetga chiqishga majbur bo‘ladi. Bu holda vazn bilan nutqiy urg‘u o‘rtasidagi munosabat dissonans ta’sirini yaratadi. Asliyat tili vazni tarjima tiliga yot bo‘lgan hollarda hamma vaqt prosodik dissonans yuzaga keladi. Prosodik dissonans – bu asliyat va tarjima matnidagi ritmik-fonetik tuzilish o‘rtasidagi nomutanosiblik bo‘lib, u originalning urg‘u, cho‘ziqlik va vazn tizimini saqlay olmaslik hisoblanadi. Dissonansni yumshatish uchun tarjimonlar metrik transformatsiyalardan foydalanadilar. Tarjima jarayonidagi metrik dissonans ko‘pincha qisman ekvimetriklik bilan bog‘liq holda yuzaga keladi. Tarjimon funksional ritmni saqlagan holda, urg‘ularning yoki bo‘g‘inlarning joyini o‘zgartiradi. Bu orqali u original asardagi hissiy intensivlikni o‘z tilida qayta yaratadi. Gasparov buni “poetik tizimlar o‘rtasidagi funksional tenglik” deb atagan (Gasparov, 1974).

Ushbu faslda biz Mey va Denkof tomonidan ingliz she’riyatiga xos bo‘lgan an’anaviy vaznlarda tarjima qilingan maqollar aks etgan baytlarni tahlilga tortdik.

Quyida keltirilgan mutaqoribi musammani maqsur vaznidagi maqolning Mey tomonidan qilingan tarjimasi sillabo-tonik sistemada keltirilgan.

  1. Сѳзуңни кѳдǝзгил башың бармасун

Тилиңни кѳдǝзгил тышың сынмасун (Karimov, 1971)

V – – V – – V – – V ~

V – – V – – V – – V ~

  1. So bridle your speech – and thus good health you choose,

So bridle your tongue – and your teeth you won’t lose (May, 1998)

ᴗ – |ᴗ – |ᴗ ᴗ| – – |ᴗ –

ᴗ – |ᴗ – |ᴗ ᴗ| – ᴗ |ᴗ –

Mutarjim ushbu bayt tarjimasida ingliz she’riyati uchun an’anaviy va eng ko‘p qo‘llanadigan vazn yambik pentametr (5 stopa)ga murojaat qiladi. Uning o‘ziga xos xususiyati shundaki, bu vazn ingliz tilidagi so‘z va iboralarning tabiatiga mos keladi (Cuddon, 2013). Garchi maqolning 1- va 2-baytida tsezuradan keyingi 3-4-stopalar qorishiq (1-misra pirrix-spondi; 2-misra pirrix-xorey) bo‘lsa ham, vazn yambik pentametrligicha qoladi. Bunday holatlar ingliz she’riyatida ko‘p uchraydi. Maqolda bunday qorishiq bo‘g‘inning yuzaga kelishi tarjimonning vertikal leksik takrorlar yordamida misradagi ta’sirchanlikni oshirishga bo‘lgan harakati tufaylidir. Baytning mantiqiy oxirgi bo‘lagidagi you takrorisiz ham anafora (so bridle your)ni qo‘llagan Mey bu orqali asliy yambik pentametrdan biroz uzoqlashadi. Shuni aytish lozimki, baytning musiqiy ritmi misralarni ikkiga bo‘lish tufayli yo‘qolgan. Yambik pentametrlarda tsezurani qo‘llash 2 ta bir xil bo‘lmagan bo‘laklarni yuzaga keltiradi, xususan, yuqoridagi baytda tarjimon tireni qo‘llash orqali bunga yaqqol ishora qilmoqda. Maqolda choose-lose fe’l tarkibli qofiyalarning tanlanishi asliyatdagi бармасун-синмасун qofiyalariga sintaktik jihatdan mos kelgan. Maqol tarjimasidan ko‘rinib turibdiki, mutarjim ushbu bayt tarjimasida faqatgina ingliz an’anaviy she’riyatining o‘ziga xos qirralarini ko‘rsatishni maqsad qilgan.

Mey asarni tarjima qilish jarayonida xilma-xil she’riy tizimlarga murojaat qiladi. U maqollarni tonik (accented) she’riy sistemasida ham o‘girishga harakat qiladi. Bu o‘lchovdagi tarjimalar juda ham sanoqli.

  1. Ѳгуш сѳздǝ артуқ асығ кормǝдим

Йана сѳзлǝмишидǝ асығ булмадым (Karimov, 1971).

V – – V – – V – – V –

V – – V – – V – – V –

  1. Don’t be boring, but say what you must straight and plain

Dark words, muddle-headed, a puzzle remain (May, 1998).

ᴗ ᴗ – ᴗ ᴗ – ᴗ ᴗ ᴗ – ᴗ –

– ᴗ ᴗ – ᴗ – ᴗ –

Yuqoridagi tarjima “Oz so‘zla soz so‘zla” maqoliga mos keladi. Ikkala misrada ham to‘rtta urg‘u mavjud, ammo bo‘g‘inlar soni nomutanosib: birinchi misrada 12 ta, ikkinchisida esa 9 ta bo‘g‘in bor. Bu farq ritmning jonliligini ta’minlagan. Ingliz tilida urg‘ular bo‘g‘in uzunligidan ko‘ra muhim bo‘lgani uchun Mey aruzni to‘liq saqlay olmay, uning ritmik ta’sirini tonik tizim orqali qayta yaratgan. Attridj ta’kidlaganidek, ingliz she’riyatida ritmni tashkil etuvchi asosiy omil bo‘g‘in uzunligi emas, balki urg‘uning takrorlanishi va ohangdagi izchillikdir (Attridge, 1982). Tarjima misralarida ritmdagi farq sillabik dissonans sifatida namoyon bo‘ladi. Urg‘ular soni barqaror bo‘lsa-da, bo‘g‘inlar sonidagi nomutanosiblik natijasida yengil “siljish” hosil bo‘ladi. Bu she’rdagi jonli intonatsiyani ta’minlaydi. Shu tariqa, Mey aruzning ritmik ta’sirini saqlagan. U ingliz tilidagi tabiiy ritm orqali aruzning ichki musiqasini qayta jonlantirishga harakat qilgan. Birinchi misradagi urg‘ular qat’iy va keskin, nasihatomuz ohangda (“Don’t be boring…”), ikkinchisida esa urg‘ular sustlashgan, fikrning xulosasiga mos ravishda tinchlanish ohangi paydo bo‘ladi (“Dark words… remain”).

Mey tarjimasida sillabik tizimda qayta yaratilgan misralarning ham ora-sira mavjud ekanligini e’tirof etish lozim. Sillabik sistemada ritmiklik nazmdan ko‘ra nasrga yaqin, misralardagi bo‘g‘inlar sonida umumiylik mavjud, ingliz sillabikasida urg‘u hamda pauza tartibsizdir. Xususan, quyidagi baytlar aynan sillabik tizim vositasida tarjima qilingan:

  1. Өзүң мәңү эрмәз атың мәңү-ул,

Атың мәңү болса өзүң мәңү-ул (Karimov, 1971.

V – – V – – V – – V –

V – – V – – V – – V –

  1. 229. And you who pass on through deaths dark final portal,

Your good name and wisdom will then be immortal (May, 1998).

Bu misralar shaklan 12 bo‘g‘indan iborat bo‘lsa-da, urg‘ularning joylashishi va soni turlicha: birinchi misrada 6 ta urg‘u mavjud bo‘lib, ritm yambik xarakterda, ikkinchi misrada esa 4 ta urg‘u bor va ritm nisbatan sustlashadi. Ingliz she’rshunosligida vazn va ritm o‘rtasidagi munosabat nisbatan erkin bo‘lib, urg‘uning sxemadan chetga chiqishi ritmik harakat va intonatsiya jonlanishini ta’minlaydi. Birinchi misradagi “death’s dark final portal” iborasidagi kuchli urg‘ular (death’s, dark, final, portal) dramatik kuchni oshiradi. Bu leksik jihatdan ham, fonetik jihatdan ham shiddatli intonatsiyani ta’minlaydi. Ikkinchi misrada urg‘ular soni kamayib, ritmning barqarorligi ma’naviy osoyishtalikni, abadiylik g‘oyasini aks ettiradi. Natijada urg‘ular soni va joylashuvidagi farq semantik ziddiyatni fonetik shaklda ifoda etadi: o‘lim va abadiy hayot mavzusi urg‘u ritmidagi nomutanosiblik orqali yoritiladi. Attridj ta’kidlaganidek, urg‘ularning metrik sxemadan chetga chiqishi she’rdagi “ritmik hayot” manbai hisoblanadi (Attridge, 1982). Bu holat she’rni sun’iy ravishdan holi qilib, tabiiy nutqqa yaqinlashtiradi va ma’noni kuchaytiradi. Pol Fassl ritm va ma’no munosabatini “semantic rhythm” deb ta’riflagan (Fussell, 1979). Bu nazariyaga ko‘ra, urg‘ularning kamayishi yoki ko‘payishi ma’noning emotsional kuchayishi bilan bog‘liq.

Shuning uchun birinchi misradagi kuchli urg‘ular o‘lim mavzusining dramatik pafosini ifodalasa, ikkinchisidagi urg‘ularning kamayishi ma’noviy abadiylik holatini tasvirlaydi. Natijada tartibsiz urg‘ular nafaqat ritmik, balki semantik va intonatsion vositaga aylanadi.

 Tahlillar jarayonida Denkof tomonidan tarjima qilingan she’riy to‘rtliklarning 81 tasida maqol qo‘llanganligi aniqlandi. Amerikalik mutarjim to‘rtliklar tarjimasi haqida shunday yozadi: “ To‘rtliklarni tarjima qilish jarayonida men ularni matn (bu o‘rinda tarjimon o‘zi o‘girgan nasriy matnga ishora qilmoqda – T.D.)dan ajratib ko‘rsatishni maqsad qildim, asliyatda to‘rtliklar faqat qofiyalanish tartibiga ko‘ra farqlanadi. Men har vaqt asliyatga sodiqlikka amal qilgan bo‘lsam-da, bu to‘rtliklar tarjimasida anchayin erkinlikni tanladim.” (Dankoff, 1983). Demak, Denkofda na kvantitativning musiqiy jozibasini, na ingliz an’anaviy vaznining namunalarini ko‘ramiz.

The measure of a man is his manliness;

Humanity require moral purpose too.

Acquire these two qualities in equal measure:

The vile and the wicked will flee from you (Dankoff, 1983).

Bu to‘rtlik ma’naviy-axloqiy mazmunda bo‘lib, urg‘ular soni 3–4–4–4, umumiy bo‘g‘inlar soni 11–11–12–10, urg‘usiz bo‘g‘inlar esa 8–7–8–6. Garchi to‘rtlik ingliz ballada vazniga xos a-b-c-b tartibida qofiyalangan bo‘lsada, qat’iy ballada vazn emas. Ballada vazni bo‘lishi uchun to‘rtlikning birinchi va uchinchi qatorlarida 4 tadan urg‘u, ikkinchi va to‘rtinchi qatorlarida 3 tadan urg‘u bo‘lishi hamda ikkinchi va to‘rtinchi misralar qofiyadosh bo‘lishi shart qilinadi. Yuqoridagi to‘rtlikda esa urg‘ular soni ballada metriga mos emas, ammo qofiya tartibi shu vazndagi kabidir. To‘rtlik sof erkin she‘r talablariga ham to‘g‘ri kelmaydi, chunki qat’iy qofiyalanish bor; jami bo‘g‘inlar sonidagi farq katta emas, shu sabab satrlar uzunligi tartibsiz emas. Demak, bu oraliq vaznda o‘girilgan yarim erkin tonik (semi-free tonic) tizimdir, ya’ni bo‘g‘inlar soni o‘zgaruvchan, urg‘ular barqaror. Attridge nazariyasiga ko‘ra, bunday she’rlar qat’iy metrikadan chiqib, erkin tonik ritmga o‘tadi (Attridge, 1982).

Keyingi to‘rtlik tarjimasida ham qat’iy metrga amal qilmaslik kuzatilgan:

Outward form bears witness to inward,

The in corresponds to the out;

The man who is comely of features

Is comely of soul, without doubt (Dankoff, 1983).

Bu to‘rtlik tashqi va ichki go‘zallik uyg‘unligi haqida. Metrik tahlil natijasida urg‘ular 4–3–3–4, jami bo‘g‘inlar 9–8–9–8, urg‘usiz bo‘g‘inlar 5–5–6–4 qofiyalanish tartibi a-b-c-b ekanligi aniqlangan. Bu tarjima ham xuddi yuqoridagi kabi qat’iy ballad metriga to‘liq mos emas, balki yarim erkin tonik tizimdir.

With heart and tongue straight

And character sound,

Live safe and content:

Good fortune you have found (Dankoff, 1983).

Tahlil natijasida ushbu to‘rtlikda ham yarim erkin tonik vaznga murojaat etilgani aniqlangan. Jami bo‘g‘inlar 5-5-5-6. Urg‘ular 3-2-3-2, urg‘usiz bo‘inlar 2-3-3-4, qofiyalanish a-b-c-b. Ritmning bir tekis emasligi ushbu to‘rtlikni tabiiy nutq ohangiga yaqinlashtirgan.

Be hot and hasty and you’ll get

Regret and sorrow;

Be calm and cool and you’ll become

A prince tomorrow (Dankoff, 1983).

Yuqoridagi misralar axloqiy-didaktik qiyos asosida qurilgan bo‘lib, u na faqat ma’no jihatdan, balki o‘lchov jihatidan ham qarama-qarshilik va muvozanat prinsipiga bo‘ysungan. Birinchi va uchinchi misralar, ikkinchi va to‘rtinchi misralar o‘zaro urg‘ular 8-8; 5-5, urg‘u olmagan 5-5; 3-3 va jami bo‘g‘inlar 3-2; 3-2 soni jihatidan teng. Qofiyalanish tartibi a-b-c-b. Bu parchada ritm va mazmun chambarchas bog‘langan. Ilk ikki misrada tezlik va shoshqaloqlik, keyingi ikki misrada orom va barqarorlik ruhi namoyon bo‘ladi.

Mey tarjimalarida yambik pentametrning klassik “intellektual” ritmi Yusuf Xos Hojibning “Qutadg‘u bilig”idagi xalqona uslubiga to‘liq mos tushmaydi; bu holda madaniy dissonans paydo bo‘ladi. Sillabik yoki tonik variantlardan voz kechish tufayli, ba’zi baytlarda intonatsion tengsizlik seziladi, ya’ni tarjima sun’iy tuyuladi. Ba’zi tarjimalarda yambik metrni saqlash maqsadida leksik ifodalar sun’iy tuzilgan, ya’ni ma’no sayozlashgan holatlar ham uchraydi. Tonik tizimdan foydalanib, tarjimada tabiiy ritm va ifoda erkinligini saqlashga harakat qilgan bo‘lsada, sillabikda qayta yaratilgan misralardagi tartibsiz urg‘u hamda ritm tarjimalarni nasriy ohangga yaqinlashtirgan.

Denkof tarjimalarining aksariyati yarim erkin tonik vaznda amalga oshirilgan. Bu uning to‘rtliklar tarjimasi xususidagi fikrlarini asoslaydi. Tarjimon sof tonik tizimdan erkinga tomon siljishida maqollarni aforistik ruhda berishga intilishini sifatida baholaymiz. Shu qorishiq vazn orqali mutarjim maqollarga xos ohangni tabiiy nutq ritmi vositasida berishga harakat qilgan, zotan Denkofga ko‘ra, shakldan ko‘ra ohang va ritmni saqlash muhimdir.

Mey ham, Denkof ham tarjimada metrni ma’no bilan uyg‘unlashtirishga intilgan, ammo har ikki tarjimon usulida ham ma’lum disbalans mavjud.

Har ikki tarjimonning vazn tanlovi tarjima strategiyasidagi ikki qarama-qarshi yo‘nalishni namoyon qiladi: Mey “shakliy sadoqat”ni, Denkof “semantik va intonatsion erkinlik”ni tanlaydi. Biroq har ikki holda ham metrik sistema tarjimaning poetik ekvivalentligiga ta’sir qilgan, ya’ni ularning vazn tanlovi to‘liq universal yechim emas, balki estetik muvozanatning turlicha shakli bo‘lib qolgan.

Qisman ekvimetriklik va metrik dissonans poetik tarjimada bir-birini to‘ldiruvchi ikki muhim kategoriya hisoblanadi. Ular birgalikda she’rning ritmik va badiiy qiymatini tillararo o‘tkazishda asosiy vosita bo‘lib xizmat qiladi. Bir qarashda, ekvimetriklik “moslashish”, dissonans esa “chetga chiqish” sifatida qaraladi, ammo aslida bu ikki jarayon poetik moslashuvning bir butun ikki qirrasidir.

Qisman ekvimetriklik tarjimon tomonidan original metrning funksional ta’sirini saqlash orqali amalga oshiriladi. Bu holda ritmning ichki musiqiyligi, urg‘u qatlamlari va intonatsion dinamika qayta yaratiladi, ammo satrdagi bo‘g‘in yoki urg‘u sonidagi kichik farqlar estetik qiymatni yo‘qotmaydi. Shu yo‘l bilan tarjimon tilning tabiiy ritmi bilan originalning metrik impulsini uyg‘unlashtiradi.

Metrik dissonans esa aksincha, moslashish emas, balki ritmik ziddiyat orqali tenglik yaratish usulidir. Unga ko‘ra, shoir yoki tarjimon vazndagi kutilgan ritmni buzib, hissiy ta’sirchanlik va ma’no uzviyligini kuchaytiradi.

Bu ikki jarayon amalda ko‘pincha bir vaqtning o‘zida namoyon bo‘ladi. Tarjimon avval qisman ekvimetriklik asosida ritmni funksional jihatdan yaqinlashtiradi, keyin esa metrik dissonans orqali ma’no va hissiyotni jonlantiradi. Masalan, ingliz yambini o‘zbek tilida tonik ritmda qayta berishda umumiylik saqlansa ham, ayrim urg‘ularning chetga chiqishi orqali ifodalash kuchayishi mumkin. Bu holatda ikki fenomen o‘zaro bog‘liq holda ishlaydi: ekvimetriklik garmoniyani, dissonans esa dinamik kuchlanishni ta’minlaydi.

  1. Gasparov bu jarayonni “poetik tizimlar o‘rtasidagi funksional tenglik” deb atagan. Uning nazariyasiga ko‘ra, metr va ma’no o‘rtasidagi ideal moslik real tarjimada deyarli imkonsiz, ammo funksional tenglik – ya’ni ekvimetriklik va dissonansning uyg‘unlashgan holati haqiqiy poetik ekvivalentni ta’minlaydi.

Shunday qilib, qisman ekvimetriklik va metrik dissonans bir-biriga qarama-qarshi emas, balki metrning ikki poetik qonuni sifatida faoliyat ko‘rsatadi. Birinchisi uyg‘unlikni, ikkinchisi ziddiyat orqali harakatni ta’minlaydi. Ular birgalikda she’rning tarjimadagi “jonli energiyasini” saqlaydi, tilning musiqiy imkoniyatlarini ochadi va originalning ichki ritmik impulsini yangi estetik shaklda qayta yaratadi.

Xulosa sifatida aytish mumkinki, poetik tarjimada ritmning formal emas, balki uning funksional harakati muhim. Qisman ekvimetriklik va metrik dissonansning uyg‘unlashuvi orqali tarjima qilingan she’riy asar nafaqat ma’noni, balki originalning ritmik ruhini ham saqlaydi. Bu jarayon tarjimonning poetik sezgisi, ritm hissi va ikki tilning musiqiy strukturasini chuqur anglash qobiliyati bilan belgilanadi.

Shunday qilib, aruz vazni inglizcha yoki o‘zbekcha tarjimalarda yangi tilning poetik imkoniyatlariga mos ravishda ma’no va musiqa uyg‘unligini saqlagan holda qayta yaratiladi. Zotan, “Tarjimon oldida ko‘ndalang bo‘ladigan eng katta to‘siqlardan biri – asl nusxa bilan tarjima tillaridagi she’riy sistemaniig monand emasligidir. Agar shu “nomonandlilik” yoki to‘siq qanchalik bartaraf qilinsa, boshqa tilda asl nusxaning adekvat namunasini yaratish shunchalik oson bo‘ladi” (Salomov, 1978).

References

Gasparov, M. L. (1974). Sovremennoe russkoe stikhoslozhenie. Nauka.

Cuddon, J. A. (2013). A dictionary of literary terms and literary theory (5th ed.). Wiley-Blackwell.

Attridge, D. (1982). The rhythms of English poetry. Longman.

Fussell, P. (1979). Poetic meter and poetic form (Rev. ed.). McGraw-Hill.

Yusuf Khos Khojib. (1971). Qutadg‘u bilig (Q. Karimov, Trans.). Toshkent: Fan.

Yusuf Khass Hajib. (1983). Wisdom of royal glory (Kutadgu Bilig): A Turko-Islamic mirror for princes (R. Dankoff, Trans.). University of Chicago Press.

Yusuf Balasaguni. (1998). Beneficent knowledge (W. May, Trans.). Moscow–Bishkek.

Salomov, G., Juraev, K., & Olimov, S. (1978). Tarjima san’ati va san’at tarjimasi. Tarjima san’ati (Vol. 4, p. 128). G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyoti.

Published

Downloads

Author Biography

Dildora Ikromjon qizi Toshpulatova ,
Uzbek State World Languages University

PhD candidate

How to Cite

Toshpulatova , D. I. qizi. (2026). Metrical inequivalence in poetic translation. The Lingua Spectrum, 12(1), 336–342. Retrieved from https://lingvospektr.uz/index.php/lngsp/article/view/1443

Similar Articles

<< < 6 7 8 9 10 11 12 13 > >> 

You may also start an advanced similarity search for this article.