Суть обучения студентов на основе образовательных веб-ресурсов

Авторы

  • Узбекский государственный университет мировых языков
Суть обучения студентов на основе образовательных веб-ресурсов

Аннотация

В данной научной статье разъяснено определение образовательных веб-ресурсов. Образовательные веб-ресурсы анализируются как совокупность действий, реализующих учебно-познавательную деятельность обучающихся, направленную на формирование определенной системы знаний и умений и профессиональной компетенции, и анализируются семь видов: Hotlist (Хотлист), Multimedia Scrapbook (Мультимедийный Скрэпбук), Treasure Hunt (Трежа Хант), Subject Sampler (Сабджект Сэмпла), Insight Reflector (Инсайт Рефлектор), Concept Builder (Консепт Билдер), Web-Quest (Веб-квест)

Ключевые слова:

английский язык профессиональная компетенция студенты будущие преподаватели образовательные интернет-ресурсы критерии оценки

Kirish. Dunyo hamjamiyatida yetakchi o‘rinlarda turuvchi San-Diyego davlat Universiteti (San Diego State University), Sharqiy London Universiteti (University of East London), Pablo de Olavide Universiteti (Pablo de Olavide University) kabi oliy ta’lim muassasalari va ilmiy markazlari tomonidan olib borilayotgan tadqiqotlarda bo‘lajak mutaxassislarning kasbiy kompetensiyasini shakllantirishda raqamli texnologiyalar hamda ta’lim veb-resurslarining qo‘llanilishiga alohida ahamiyat qaratilmoqda. Ta’lim veb-resurslari (Hotlist, Multimedia Scrapbook, Treasure Hunt, Subject Sampler, Insight Reflector, Concept Builder, Web-Quest)ni eng so‘nggi pedagogik qonuniyatlar asosida ishlab chiqib, talabalarda o‘ziga ishonch, mustaqil kasb tanlash, fanga qiziqish, zamonaviy bilim olish, kreativlik xislatlarini rivojlantirish hamda mustaqil faolligini takomillashtirish jihatlariga e’tibor berish dolzarbligini oshirmoqda.

Tadqiqot metodlari. Ta’lim veb-resurslarini matn, audio, video va vizual materiallarini o‘ziga qamragan, shuningdek, bo‘lajak ingliz tili o‘qituvchilarining kasbiy kompetensiyasini shakllantirishga qaratilgan turli mavzulardagi Veb 2.0 ijtimoiy xizmatlari, deya tushunamiz.

Mavzu bo‘yicha ilmiy adabiyotlar tahlili shuni ko‘rsatdiki, hozirgi vaqtda ta’lim veb-resurslaridan foydalanish orqali bo‘lajak ingliz tili o‘qituvchilarining kasbiy kompetensiyasini shakllantirishga bag‘ishlangan ishlar kam: olimlar faqat bir jihatiga to‘xtalib o‘tadilar – oliy o‘quv yurtlari talabalarining kasbiy kompetensiyasini shakllantirish jarayoni yoki chet tillarini o‘qitishda internet texnologiyalarining didaktik imkoniyatlari o‘rganilgan (G.S. Sabirova, A.A. Dragunova, Yu.M. Orexova, P.V. Sisoyev, T. March, B. Dodge).  Biroq, ta’lim muassasalarida ingliz tili darslarida ta’lim veb-resurslaridan foydalangan holda kasbiy kompetensiyani shakllantirishning batafsil algoritmini taqdim etadigan tadqiqotlar mavjud emas.

Bo‘lajak ingliz tili o‘qituvchilarining kasbiy kompetensiyasini shakllantirish uchun internet tarmog‘i resurslari o‘rganilayotgan chet tili mamlakatining madaniyati, kundalik hayoti va urf-odatlari haqidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan qo‘shimcha materiallar hisoblanadi. Talabalar, shuningdek, har ikki tomon uchun ham dolzarb bo‘lgan mavzularda haqiqiy suhbatdoshlar bilan muloqot qilish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Internet tarmog‘ida joylashtirilgan ma’lumotlar har doim ham to‘g‘ri emasligini va ko‘pincha boshqa foydalanuvchilar tomonidan tekshirilmaganligini tushunish muhimdir. Veb-saytlarda ko‘pincha grammatik, leksik, daliliy va madaniy xatolar bo‘lgan materiallar uchraydi; shu sababli, talabalarda ma’lum bir mamlakat aholisi haqida noto‘g‘ri tasavvur paydo bo‘lishi mumkin. Shunday qilib, darslar uchun tanlangan internet tarmog‘i materialiga mos keladigan mezonlarni ishlab chiqish zarurati mavjud.

Ushbu maqolamizda internetning ta’lim jarayonidagi o‘rnini, shu bilan birgalikda, uning ingliz tilini o‘rganishda yoxud o‘rgatishda samarali bo‘lishi mumkin bo‘lgan veb-resurslardan foydalanish usullarini ko‘rib chiqdik.

Internet-resurs (sinonimlari “veb-resurs, veb-sayt”) – bu integrallashgan texnik va dasturiy-apparat vositalari, shuningdek, butunjahon o‘rgimchak to‘rida nashr etish uchun mo‘ljallangan ma’lumotlar majmuyidir. Veb-resurs matn, grafik va multimedia shaklidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga olishi mumkin. Har bir veb-resurs uni internetda topish imkonini beruvchi o‘ziga xos manziliga ega bo‘lishi kerak. Xususan, kompyuterdagi har qanday qurilmaga resurs sifatida qaralishi mumkin.

G‘arbiy va mahalliy o‘quv-uslubiy adabiyotlarda veb-resurslarni tanlashda qo‘llaniladigan yagona mezonlarni ishlab chiqish masalasi bir necha bor ko‘tarilgan. P.V. Sisoyev, M.N. Yevstigneyev ishlarini tahlil qilish, veb‑resurslarini baholashning quyidagi mezonlarini ajratib ko‘rsatishga imkon beradi (Sysoyev, & Evstigneev, 2008; 367-371). Ushbu 1-jadvalga qarang:

 1-jadval.

Veb-resurslar bo‘yicha baholash mezonlari

Materialning til murakkabligi

Materialning madaniy murakkabligi

Veb-resurslarning matnli ma’lumotlari talabalarning tilni o‘zlashtirishi darajasiga mos bo‘lishi va matn mazmunini anglashi uchun ham, aniq ma’lumotlarni tanlash uchun ham mos bo‘lishi kerak

Darsda ishlash uchun tanlangan veb-resurslarda ilgari o‘rganilgan yoki talabalar tushunishi mumkin bo‘lgan madaniy materiallar bo‘lishi kerak

 

Axborotning obyektivligi

Axborotning dolzarbligi

Veb-resurslarni qo‘llashni taqozo qiladigan vazifalarni ishlab chiqishda talabalarga bir voqea/hodisa/muammo bo‘yicha har xil nuqtayi nazarlarni ko‘rsatish va ularning har biri qanday asoslanganligini tushuntirish va isbotlash maqsadga muvofiq bo‘ladi

Foydalaniladigan veb-resurslar ishlarning hozirgi holatini aks ettirishi kerak. Tarmoqning vazifasi – talabalarni oxirgi ma’lumotlar va ekspertlar xulosalari bilan tanishtirish

 

Materialning axborot uchun berilganligi

Axborotning ishonchliligi

Tanlangan manbalar talabalarga internet tarmog‘i bilan ishlashni ko‘zda tutadigan vazifalarni bajarishda yordam berishi zarur, ya’ni ularda berilgan savollarga javoblar yoki mavzu doirasida loyihani tayyorlash uchun muhim bo‘lgan ma’lumotlar bo‘lishi kerak

Veb-saytlarni tanlashda maqola/matn/blog muallifi, boshqa manbalarga havolalar mavjudligi, foydalanuvchilar izohlari, reklama bannerlari/spamlarining mavjudligiga va h.k. e’tibor qaratish lozim

 

 

Demak, veb-resurslardan foydalangan holda o‘quv jarayonini tashkil etish, nafaqat talabalarning darsda faol, qiziqish bilan ishlashiga, balki mustaqil ravishda o‘qishi, o‘z ishining natijalarini ko‘rishi va ularni baholay olishiga ham imkon beradi.

Natijalar va munozara. A.A. Dragunova, S.V. Titova va P.V. Sisoyevning fikrlariga ko‘ra, ta’lim veb-resurslari – bu kommunikativ kompetensiyaning barcha tarkibiy qismlarini shakllantirish va talabalarning muayyan kommunikativ va kognitiv ko‘nikmalarini rivojlantirish uchun foydalaniladigan internet tarmog‘idagi haqiqiy o‘quv materiallari hisoblanadi.

Veb-resurslarda turli tillarda turli mavzulardagi matnli, audio va vizual materiallar mavjud. Ta’lim veb-resurslari nafaqat ma’lumot olish va bilim olishda emas, balki foydalanish vositasi sifatida ta’lim maqsadlarida shakllanadi. Ular yordamida o‘qitish kabi zamonaviy pedagogik texnologiyalar ta’limga shaxsiy yondashuvni amalga oshirishga, o‘quvchilarning qobiliyati, bilim va ko‘nikmalar darajasini hisobga olgan holda ta’limning individuallashuvi va differensiasiyasini ta’minlashga yordam beradi (Umarova, Yunusova, & Isakova, 2020). Qayd etish mumkinki, zamonaviy texnologiyalar xorijiy tillarni o‘qitish jarayoniga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Demak, ta’lim veb-resurslari deganda, biz kasbiy kompetensiyalar va muayyan shaxsiy, tartibga soluvchi, ko‘rgazmali va kommunikativ universal ta’lim faoliyatlarini shakllantirishga qaratilgan o‘quv masalalarini hal qilish va topshiriqlarni bajarish uchun talabalar tomonidan foydalaniladigan, taqdim qilingan algoritm va ishlab chiqilgan mezonlarga muvofiq ma’lum bir ish formati uchun o‘qituvchi tomonidan oldindan tanlangan haqiqiy matnli va multimedia materiallarini o‘z ichiga olgan ta’lim veb-resurslarini tushunamiz.

Xorijiy va mahalliy uslubiy adabiyotlarda ta’lim veb-resurslarining asosiy beshta turi (formatlari) mavjud: Hotlist, Multimedia Scrapbook, Treasure Hunt, Subject Sampler, Web-Quest. Ularning barchasi bir-biriga chambarchas bog‘liq va har biri keyingisining davomi bo‘lib, u yanada murakkab vazifani amalga oshirishni o‘z ichiga oladi. Turni tanlash darsning maqsadi, uning ta’lim, tarbiyaviy, rivojlantiruvchi jihatlariga bog‘liq bo‘ladi.

Olima Yu.M. Orexova ushbu beshta veb-resurslarni tavsiflaydi va ular bilan ishlash muayyan shaxsiy, tartibga soluvchi, kognitiv va kommunikativ universal ta’lim faoliyatlarini rivojlantirishga yordam beradi, deb hisoblaydi (Orekhova, 2018; 270).

A.A. Dragunova esa yettita ta’lim veb-resurslari formatlarini keltiradi (Dragunova, 2013): Hotlist (Xotlist), Multimedia Scrapbook (Multimediali Skrepbuk), Treasure Hunt (Treja Xant), Subject Sampler (Sabdjekt Sempla), Insight Reflector (Insayt Reflektor), Concept Builder (Konsept Bilder), Web-Quest (Veb-kvest) Bundan tashqari, har bir veb-resurs o‘z ahamiyatiga ega, xususan:

Hotlist “havolalar ro‘yxati” – bu mavzu bo‘yicha matnli materiallar bilan saytlar ro‘yxati. Uni yaratish uchun siz qidiruv tizimiga kalit so‘zni kiritishingiz kerak. Ushbu format talabalarning axborot bilan ishlash ko‘nikmalarini rivojlantirishga yordam beradi (muammo, asosiy g‘oyani aniqlash, kerakli ma’lumotlarni qayd qilish va umumlashtirish). 

Maqsad: talabalarda internet bilan ishlash, o‘rganilayotgan mavzu (veb‑saytlar) bo‘yicha matnli ma’lumotlarga ega manbalarni nazorat qilish va tasniflash ko‘nikmalarini rivojlantirish.

Multimedia Scrapbook “Multimediali to‘plam” – multimedia resurslari ro‘yxatini anglatadi. Xotlistdan farq qilgan holda Skrepbuk fotosuratlar, audio va videokliplar, grafikalar, animatsiyalar, videofragmentlarni o‘z ichiga oladi. Yuqoridagi fayllarni talabalar qulay yuklab olishi va ma’lum bir fanni o‘rganish jarayonida ma’lumot beruvchi yoki ko‘rgazmali material sifatida foydalanishi mumkin.

Maqsad: chet tilini mustaqil o‘rganish, o‘rganilayotgan mavzu bo‘yicha matnli ma’lumotlar va ko‘rgazmali materiallardan (veb-saytlar, rasmlar, grafiklar, chizmalar, videolar va h.k.) foydalanish qobiliyatini rivojlantirish.

Treasure Hunt “Xazina qidirish” – mavzu bo‘yicha turli saytlarga havolalardan tashqari, har bir saytning mazmuni bo‘yicha savollarni o‘z ichiga oladi. Bu savollar asosida o‘qituvchi talabalarning izlanish va bilish faoliyatini yo‘naltira oladi. Oxirida talabalarga mavzuni (dalilga asoslangan material) umumiy tushunish va o‘zlashtirish uchun hal qiluvchi savol beriladi.

Maqsad: o‘rganilayotgan mavzu bo‘yicha dalilga asoslangan bilimlarni olish va belgilangan savollarga internet tarmog‘idagi turli manbalardan javob topish qobiliyatini rivojlantirish.

Subject Sampler “Misollar to‘plami” – saytlar mazmuniga asoslangan savollar, havolalar, shuningdek, internet tarmog‘idagi matnli va multimediali materiallarini o‘z ichiga olgan Treja Xantga nisbatan qiyinchilikning keyingi darajasi. Mavzuni chuqur va batafsil o‘zlashtirish jarayonida talabalar materialni dalil asosida o‘rganishga emas, balki munozarali mavzularni muhokama qilishga qaratilgan, o‘rnatilgan savollarga javob berishlari kerak.  Talabalar nafaqat material bilan to‘liq tanishishlari, balki o‘rganilayotgan munozarali masala bo‘yicha o‘z nuqtayi nazarlarini ifodalashlari va asoslashlari lozim.

Maqsad: internet tarmog‘idagi turli manbalardan foydalangan holda kognitiv qobiliyatlar va o‘rganilayotgan mavzu bo‘yicha savollarga asosli javob berish qobiliyatlarini rivojlantirish.

Insight Reflector “Mohiyatning aksi” – havolalar ro‘yxati, yozish ko‘nikmalarini talab qiladigan savollar va olingan bilimlar, shaxsiy taassurotlar va tajribalar asosida insho-mulohaza yozish. Ushbu format kognitiv qobiliyatlarni shakllantirishning amaliy vositasi sifatida xizmat qiladi. Agar ta’limning asosiy maqsadi tanqidiy fikrlash ko‘nikmalarini shakllantirish bo‘lsa, o‘qituvchi Insayt Reflektor formatini tanlaydi.

Maqsad: o‘rganilayotgan muammoga qiziqishni rivojlantirish va tanqidiy yozish ko‘nikmalarini shakllantirish, o‘rganilayotgan muammo bo‘yicha talabalarning keng ko‘lamli dunyoqarashlarini takomillashtirish.

Concept Builder “G‘oya quruvchisi” – talabalarga mavzu tushunchasi va savolning saviyasini aniqlash taklif qilinganda induktiv yondashuvni tuzish uchun analitik savollarni o‘z ichiga olgan resurslar ro‘yxati. Bu format mavhum tushunchalar o‘rganilganda, ularni tasvirlash uchun internet tarmog‘ida manbalar yetarli bo‘lganda, eng muhim xususiyatlarni mustaqil idrok etish mumkin bo‘lganda, o‘rganuvchilarni yuqori fikrlash darajasiga olib chiqish zarur bo‘lganda qo‘llaniladi. Taklif qilingan format bilan mashg‘ulotning boshlang‘ich bosqichida o‘qituvchi tushunchaning o‘ziga xos xususiyatlarini ochib beradigan aniq savollarni berish orqali talabalarga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatishi mumkin.

Maqsad: talabalarning konseptual tafakkurini rivojlantirish, ularni ma’lumotlar bilan tanishtirish va vaziyatning dastlabki shartlarini aniqlash.

Web-Quest “Veb loyiha” – ta’lim veb-resurslarining murakkab turlaridan biridir. Bu har qanday mavzudagi loyiha bo‘yicha veb-resurslardan foydalanadigan faoliyat rejasi hisoblanadi. U yuqoridagi materiallarning barcha oltita tarkibiy qismini o‘z ichiga oladi va barcha talabalar ishtirokida rejani amalga oshirishni nazarda tutadi. Ingliz tilidan tarjima qilinganda “Quest” – bu sarguzasht yoki o‘yin shakliga monand qiziqarli voqea-hodisalar va boshqotirmalar bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin bo‘lgan uzoq muddatli, maqsadli qidiruvni o‘z ichiga oladi. Ta’lim muhitining zamonaviy talablari va xususiyatlariga javob beradigan bilim, ko‘nikma va malakalarni o‘rgatish va tekshirishning ushbu usuli 1995-yilda San-Diego Shtati universiteti (AQSh)  ta’lim texnologiyalari professori Berni Dodj (Bernie Dodge) hamda Tom March (Tom March) tomonidan ishlab chiqilgan (Nurmiyeva & Pershina, 2018).

Maqsad: izlanish va lingvistik qobiliyatlarni rivojlantirish, o‘rganilayotgan mavzu bo‘yicha bilimlarni chuqurlashtirish, talabalarning kreativ qobiliyatlarini rivojlantirish, internet tarmog‘ining axborot imkoniyatlarini jalb qilgan holda loyiha ishlarini tashkil etish.

Shunday qilib, ta’lim veb-resurslarining yettita turlari asosida topshiriqlarning tizimli bajarilishi bo‘lajak o‘qituvchilarning bilim va ko‘nikmalarini chuqurlashtirish va kengaytirish bilan bir qatorda kasbiy kompetensiyasini ham rivojlantirishga xizmat qiladi. Bundan tashqari, ta’lim veb-resurslari bilan ishlash chet tilini o‘rganishda muayyan, mantiqiy fikrlash, shuningdek, shaxsiy, kognitiv, ijodiy va kommunikativ o‘quv faoliyatini rivojlantirishga yordam beradi. Ularning yettita turining har biri asta-sekin murakkablashib, avvalgisiga tayanadi, va shu bilan yanada murakkab ta’lim muammolarini hal qilish imkonini beradi. 1-rasmga qarang:

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

1-rasm. Ta’lim veb-resurslari turlari.

Dastlabki ikkitasi ma’lumotlarni nazorat qilish va tizimlashtirishga qaratilgan. Qolganlari muammoli o‘rganish elementlarini o‘z ichiga oladi va talabalarning qidiruv va kognitiv faoliyatini faollashtirishga yo‘naltirilgan.

Xulosa. Demak, raqamli ta’lim talablarini amalga oshirish sharoitida ushbu veb-resurslar talabalarda mustaqil bilim olish, o‘z yo‘lini o‘zi belgilash hamda bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirish imkonini beradi. Bu formatlar maktabgacha ta’lim yo‘nalishida o‘qiyotgan 3-4 kurs talabalarning kasbiy kompetensiyasini shakllantirish, shaxsiy, kognitiv, tanqidiy fikrlash va kommunikativ qobiliyatlarini rivojlantirishga yordam beradi hamda ularning axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi ko‘nikma va malakalarini oshiradi.

Библиографические ссылки

Dragunova, A. A. (2013). Uchebnye Internet-resursy kak sredstvo formirovaniya professional'noy inoyazychnoi kommunikativnoi kompetentsii studentov. Yaroslavskiy pedagogicheskiy vestnik, 1, 163-167.

Moydinova, E. (2023). RAQAMLI TA’LIM MUHITIDA VEB-RESURSLARNING DIDAKTIK XUSUSIYATLARI. Interpretation and researches, 1(22).

Moydinova, E. (2024, June). EFFECTIVE STRATEGIES FOR TEACHING IN THE DIGITAL AGE. In Fergana state university conference.

Nurmiyeva, R. R., & Pershina, N. O. (2018). Ispol'zovanie veb-kvest tekhnologiy v obuchenii inostrannym yazykam. Kazanskiy vestnik molodykh uchyonikh, 2(5), 187-191.

Orekhova, Y. M. (2018). Tekhnologiya formirovaniya sotsiokul'turnoy kompetentsii cherez primenenie uchebnykh internet-resursov pri obuchenii inostrannomu yazyku v sredney shkole (Dis. kand. ped. nauk). Yaroslavl'.

Sysoyev, P. V., & Evstigneev, M. N. (2008). Ispol'zovanie novykh uchebnykh internet-tekhnologiy v obuchenii inostrannomu yazyku (na materiale kul'turovedeniya SShA). Vestnik Tambovskogo universiteta. Seriya 2: Gumanitarnye nauki, 2(58), 363-371.

Umarova, M. B., Yunusova, U. M., & Isakova, M. B. (2020). Modern internet resources in teaching English. Nauka i mir, 6-2(82), 72-74.

Опубликован

Загрузки

Биография автора

Эльмира Мойдинова ,
Узбекский государственный университет мировых языков

PhD, доцент

Как цитировать

Мойдинова , Э. (2025). Суть обучения студентов на основе образовательных веб-ресурсов. Лингвоспектр, 1(1), 297–302. извлечено от https://lingvospektr.uz/index.php/lngsp/article/view/352

Похожие статьи

1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 > >> 

Вы также можете начать расширеннвй поиск похожих статей для этой статьи.