Лингвопоэтический и функциональный анализ диалектных единиц в узбекских народных сказках

Авторы

  • Термезский государственный университет
Лингвопоэтический и функциональный анализ диалектных единиц в узбекских народных сказках

Аннотация

Настоящее исследование посвящено изучению языковых особенностей текстов народных сказок, которые воплощают национальную историческую память, духовность предков, традиции и ценности. Сказки признаны фундаментальным источником, отражающим мировоззрение и этнические ценности народа. В статье обосновывается, что активизация лингвокультурологических исследований – нового направления в языкознании – является прямым результатом эффективного использования возможностей по сохранению и продвижению национальной культуры и обычаев.

Основное внимание уделено глубокому лингвопоэтическому и функциональному анализу диалектных единиц, встречающихся в текстах узбекских народных сказок. Анализируется роль диалектизмов в сказках, с примерами доказывая, что они являются важным средством создания художественно-эстетической выразительности, народного колорита и регионального своеобразия. В рамках исследования научными методами раскрываются функционально-семантические, лингвопоэтические (стилистические) и социолингвистические функции диалектных единиц. Они классифицируются по частям речи, обосновывается их участие в обеспечении коммуникативной, идентификационной и эстетической функций текста. В заключение научно доказывается, что диалектизмы являются важными лингвистическими единицами, которые укрепляют народный дух сказок и освещают этнолингвистический пласт языка. Статья представляет ценность для специалистов в области диалектологии, лингвопоэтики, социолингвистики и культурологии.

Ключевые слова:

Диалектные единицы народные сказки лингвопоэтика функция диалектизма узбекские диалекты лингвокультурное исследование лексический пласт язык сказки

Kirish

“O‘z milliy madaniyati, an’ana va urf-odatlarini saqlash, har tomonlama rivojlantirish uchun barcha imkoniyatlar yaratilgan” (Мирзиёев, 2017). Ushbu yaratilgan imkoniyatlardan samarali foydalanish natijasida milliy qadriyatlarni rivojlantirish borasida, xususan, tilshunoslik sohasida ham keng qamrovli ilmiy izlanishlar olib borilmoqda. Jumladan, so‘nggi yillarda xalq og‘zaki ijodi namunalarini, ayniqsa qadimiy urf-odat va an’analarimizni lingvistik va lingvomadaniy jihatdan tadqiq etishga bag‘ishlangan ilmiy izlanishlar jadallashgani mavjud imkoniyatlarning samarali amaliy ifodasidir. Shu ma’noda o‘zbek xalq ertaklarining       madaniy qadriyatlarni saqlovchi muhim manba deb qarasak, ushbu manbaning lingvistik xususiyatlarini tadqiq qilish muhim hosblanadi. Chunki xalq ertaklarda o‘zbek xalqining tarixiy xotirasi, dunyoqarashi, hayotiy tajribasi va milliy qadriyatlari mujassam bo‘ladi.

Ajdodlarimizning jonli xalq tili ertaklarda o‘ziga xos tarzda namoyon bo‘lib, unda adabiy til unsurlari bilan bir qatorda dialektal birliklar ham muhim rol o‘ynaydi. Qayd etishimiz mumkinki, dialektal qatlam ertaklarning badiiy-estetik ta’sirchanligini kuchaytirish, ularni xalqona ohangda ifodalash va hududiy koloritni berishda vosita sifatida xizmat qiladi. Shunday ekan xalq ertaklari tilida uchraydigan dialektal birliklarni lingvopoetik hamda funksional jihatdan tadqiq etish zamonaviy tilshunoslik oldida turgan dolzarb vazifalardan biri hisoblanadi.

Xalq ertaklari o‘z mohiyatiga ko‘ra xalqning og‘zaki ijod mahsuli bo‘lib, ular tilda xalq tafakkuri, urf-odatlari, qadriyatlari va             nutq madaniyatining rang-barang qatlamlarini mujassamlashtiradi. Ertakchining nutqi ko‘pincha adabiy til me’yorlaridan chekinib, mahalliy shevalar asosida shakllanadi. Shu bois ertak matnida dialektal qatlam unsurlari hududiy leksik birliklar, fonetik, morfologik va semantik farqlanuvchi shakllar keng uchraydi. Bu hodisa nafaqat ertakning realistik fonini yaratadi, balki uning badiiy-estetik ekspressivligini kuchaytiradi, xalqona ohangni ta’minlaydi va tinglovchiga yaqinlashtiradi.

Mavzuga oid adabiyotlarning sharhi

So‘nggi yillarda o‘zbek shavalarining hududiy xoslanishi va o‘ziga xos jihatlarining areal tasnifi S. Po‘latova, Z. Xidraliyeva,                        F. Nurmanov, M. Usmonov, A. Allaberdiyev ishlarida ko‘zga tashlandi. S. Po‘latova o‘z tadqiqotlarida Vobkent tumani o‘zbek xalq shevasining shakllanishi va rivojlanish tarixini izchil yoritishga alohida e’tibor qaratadi. Olimaning izlanishlari tuman shevasining hududiy jihatdan yondosh bo‘lgan boshqa shevalar bilan o‘zaro ta’sirini aniqlash, fonetik, leksik-semantik va grammatik xususiyatlarini tahlil qilishga qaratilgan. Shuningdek, u Vobkent shevasi leksikasidagi keng iste’mol so‘zlarning qo‘llanish darajalarini belgilash, arealogik xususiyatlarini tadqiq etishda            adstrat hodisasining ta’sirini ko‘rsatish hamda shevaga xos til birliklarining areal tarqalishini aniqlab, ularni lingvistik xaritalar asosida tizimlashtirishni asosiy ilmiy maqsad qilib qo‘yadi. (Po‘latova, 2023). Z.Xidraliyeva esa Iqon shevasining o‘ziga xos xusisyatlari, leksik-semantik qatlamdagi dialektizmlar va ularning adabiy til bilan munosabatini tahlil qilib, hududiy farqlarning ahamiyatini ko‘rsatib beradi (Xidraliyeva, 2023).

  1. Nurmanovning tadqiqot ishi o‘zbek tilining lahja va shevalaridagi yordamchi so‘zlarning genezisi, morfologik tuzilishi, semantik va sintaktik vazifalarini ilmiy tahlil etishi bilan ajralib turadi. Tadqiqotchi, xususan, qipchoq lahjasida qo‘llanadigan mïnän, üčïn, arqali, qarši, qarap, qaraγanda, arqa, jan, orta, ara, jaq (tomon), sari, sajin, ilgari, tarap, burin kabi yordamchi birliklarning funksional-semantik xususiyatlari, lingvomadaniy mazmuni va kelib chiqish manbalarini aniqlab, ularning o‘zbek shevalaridagi o‘rnini yoritib beradi. Qarluq lahjasi misolida yordamchi so‘zlarning shakllanish jarayoni va qo‘llanish xususiyatlari turli taksonomik yondashuvlar, ya’ni geterogen va gomogen taksonlar, ekstensional va intensional taksonlar, shuningdek, til massivi, landshaft va dialektal zonalar nuqtayi nazaridan izchil asoslaydi. Shuningdek, o‘g‘uz lahjasidagi yordamchi so‘zlarning joylashish tartibi ham dialektologik, arealogik va geografik-kartografik mezonlar asosida tadqiq etilib, ular atrof tillarning ijtimoiy-madaniy ta’siri hamda tilning tarixiy rivojlanish jarayonlari bilan bog‘liq holda izohlaydi. Shu jihatdan qaraganda, F.Nurmanovning mazkur ishlari nafaqat o‘zbek tilidagi yordamchi so‘zlarning lahja va shevalardagi holatini ochib beradi, balki ularning tarixiy shakllanish jarayonini, funksional-semantik tabiatini va lingvomadaniy ahamiyatini keng ilmiy asosda dalillab beradi. Ushbu tadqiqotlar o‘zbek dialektologiyasi uchun dolzarb bo‘lib, tilimizning tarixiy qatlamlarini aniqlashda va lingvistik xaritalar tuzishda metodologik asos vazifasini bajaradi (Nurmanov, 2024).
  2. Usmonovning tadqiqoti o‘zbek dialektologiyasidagi muhim ilmiy yangiliklar bilan ajralib turadi. Xususan, Mingbuloq shevasining lingvistik xaritalari yaratilishi, uning shakllanishida etnik tarkib turlicha­ligining omillari va migratsion jarayonlarning ta’siri aniqlanadi. Shevaning ijtimoiy-madaniy hamda etnik-lisoniy xususiyatlari tadrijiy taraqqiyot jarayonida baholanib, izoglossa chiziqlarining o‘rni va areolingvistik belgilar asosida tasnifi ishlab chiqiladi. Tadqiqotda sheva fonetik-fonologik tizimi – tovushlar paradigmasi, artikulyatsion-akustik belgilari, fonematik qonuniyatlari atroflicha o‘rganilib, uni qarluq, qipchoq va aralash tip guruhlarga ajratish tamoyillari faktik materiallar yozrdamida asoslanadi (Usmonov, 2024)
  3. Allaberdiyev o‘z dissertatsiya ishida Buxoro o‘g‘uz shevalarining fonetik, leksik, morfologik va sintaktik xususiyatlarini har tomonlama tadqiq etishni maqsad qilgan. Tadqiqotda, avvalo, sheva tizimidagi unlilar va undoshlarning fonetik xususiyatlari hamda ular bilan bog‘liq hodisalarning yuzaga kelish sabablari yoritilgan. Shuningdek, Buxoro o‘g‘uz shevalarining leksik qatlamining        adabiy til bilan o‘xshash va farqli jihatlari aniqlanib, yig‘ilgan material leksik-semantik guruhlarga ajratilgan. Bu jarayonda ma’no torayishi, kengayishi, yangi ma’no hosil bo‘lishi kabi semantik hodisalar ham alohida tahlil qilingan. Morfologik jihatdan esa Buxoro     o‘g‘uz shevalaridagi affikslarning fonetik o‘zgarishlari, faqat mazkur shevaga xos morfologik ko‘rsatkichlar aniqlanib, ularning lingvistik tabiatiga ilmiy izoh berilgan. Sintaktik qatlamda esa sodda gap, gap bo‘laklari, uyushiq bo‘laklar, undalma, to‘liq va to‘liqsiz gaplarning qo‘llanishi adabiy til bilan qiyosiy tahlil qilingan (Allaberdiyev, 2025). Usbu tadqiqotlarda xalq tilining jonli ifodasi,      shevaga oid birliklarning qadimiy ildizlari turli aspektlarda o‘z ifodasini topgan bo‘lib, xalq ertaklarida mavjud dialektizmlarning lingvistik tadqiqini amalga oshirish uchun yetarlicha manba borligini ta’kidlash joiz.

O‘zbek xalq ertaklari xalq og‘zaki ijodining eng qadimiy va serqatlam janrlaridan biri sifatida nafaqat badiiy mazmuni, balki        tili bilan ham alohida ahamiyatga ega. Ertak matnining til xususiyatlarini o‘rganishda dialektal qatlamni lingvopoetik nuqtayi nazardan tahlil qilish muhim ahamiyat kasb etadi.

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

Asosiy vazifa turi

Mazmuni

Misollar

Izoh

Funksional-semantik

 

 

So‘z ma’nosining kengayishi, torayishi yoki o‘zgarishi orqali mazmuniy farqlanish

boshi bo‘sh (boshi ochiq), suluk (nozik)

 

 

Shevada qo‘llanishida qo‘shimcha semantik yuklama kasb etadi

 

Lingvopoetik

 

 

 

Obraz yaratish, ekspressivlikni kuchaytirish, xalqona ohang berish

bo‘ldiqlatay (cho‘ktirib yuborish), unnab ko‘rmoq (urinib ko‘rmoq)

Ertak nutqiga emotsional ta’sirchanlik va xalqona ruh bag‘ishlaydi

Sotsiolingvistik

 

 

 

Nutqning hududiy va ijtimoiy xususiyatlarini belgilash, lokal kolorit yaratish

cho‘p-cho‘mak (o‘tin), antaxur (taom turi)

 

Qahramonlarning yashash muhiti va mintaqaviy xususiyatini ifodalaydi

1-jadval. Dialektal birliklarning ertak tilidagi asosiy vazifalari

 

 

Ko‘rinib turibdiki, dialektal birliklar ertak matnida nafaqat mazmuniy, balki badiiy va ijtimoiy-funksional vazifalarni ham birgalikda bajaradi. Shu bois ertaklarda qo‘llanilgan dialektizmlar adabiy til me’yorlaridan chekinish sifatida emas, balki badiiy-estetik maqsadga yo‘naltirilgan, xalqning nutqiy tafakkur modelini ifodalovchi vosita sifatida namoyon bo‘ladi.

Dialektal birliklarning ertak matnidagi funksional xususiyatlari uch yo‘nalishda ko‘zga tashlanadi. Birinchidan, kommunikativ vazifa, ya’ni ertak tinglovchilari uchun tushunarli bo‘lgan hududiy leksik qatlamni ifodalaydi va ertakchining nutqini tabiiylashtiradi. Ikkinchidan, identifikatsiya vazifasini bajaradi. Dialektal birliklar qahramonning qaysi hududga mansubligini hamda uning ijtimoiy-ma’naviy dunyoqarashini ko‘rsatishga xizmat qiladi. Uchinchidan, estetik vazifa bajaradi. Ular voqeani badiiy-estetik jihatdan ta’sirchan qiladi, obrazlar nutqiga individual xususiyat bag‘ishlaydi. Shunga asoslanib xalq ertaklaridagi dialektal birliklarning lingvopoetik tahlili ularning faqatgina hududiy nutqiy xususiyat sifatida emas, balki badiiy-estetik mazmun yaratishda muhim vosita ekanini ko‘rsatadi.

 

 

Dialektal birlik

Adabiy til shakli

Lingvopoetik funksiyasi

Izoh

bo‘ldiqlatay

 

chayqatmoq (O‘rinbayeva, 2017)

Dinamik harakatni kuchliroq ifodalaydi

Qo‘pol, ta’sirchan ohang beradi

unnab ko‘rmoq

 

urinib ko‘rmoq

 

Obrazning harakatini jonli ifodalaydi

Og‘zaki nutqqa xoslik

 

cho‘p-cho‘mak

 

o‘tin

 

Hududiy rang-baranglik yaratadi

Xalqona atama

 

boshi bo‘sh

 

boshi ochiq

 

Semantik torayish orqali badiiy aniqlik

Qizning tusrmushga chiqmaganligini bildiradi

2-jadval. Xalq ertaklaridagi dialektal birliklarning lingvopoetik tahlili

 

 

O‘zbek xalq ertaklaridagi dialektal birliklarning aksariyatini ertak matnining jonli va xalqonaligini ta’minlovchi leksik qatlam tashkil etadi. Bunday birliklar, avvalo, ertak matniga tabiiylik va xalqona ruh bag‘ishlaydi, voqealarning xalq hayoti va dunyoqarashiga yaqin tarzda ifodalanishini ta’minlaydi. Dialektal leksikalar yordamida ertak qahramonlarining nutqi jonliroq va ta’sirchanroq bo‘lib, ular tinglovchiga yanada ishonchli ko‘rinadi. Shu bilan birga, hududiy dialektizmlar ertakning yaratilgan ijtimoiy-madaniy muhitini ochib beradi, xalqning turmush tarzi, urf-odatlari, ma’naviy qadriyatlarini ifodalashda muhim vosita sifatida xizmat qiladi. Ertaklarda qo‘llangan bunday leksemalar nafaqat badiiy-estetik maqsadga xizmat qiladi, balki xalq og‘zaki ijodining lingvopoetik xususiyatlarini ham namoyon etadi. Natijada, dialektal birliklar ertaklarning xalqchil ruhini mustahkamlaydi, ularning asrlar davomida og‘izdan og‘izga o‘tib kelishida muhim rol o‘ynaydi va adabiy tilning boyishiga ham sezilarli ta’sir ko‘rsatadi.

Xalq ertaklari tilida qo‘llangan dialektal birliklarning salmoqli qismini hozirgi o‘zbek adabiy tili va shevalarida uchraydigan umumiy leksemalar tashkil etadi. Ushbu leksemalarning aksariyati narsa-predmet nomlari bilan bog‘liq bo‘lib, ular xalqning turmush tarziga, moddiy madaniyatiga, an’anaviy xo‘jalik faoliyati va maishiy hayotiga oid atamalarni ifodalaydi. Masalan, cho‘mak, kadi, otoz, otov, sazaq, sonoch, antaxur, shakasha, arja kabi leksemalar xalqning etnografik-madaniy xotirasini saqlovchi til birliklari sifatida diqqatga sazovordir.

Leksik-semantik tasnif nuqtayi nazaridan qaralganda, ertaklarda uchraydigan dialektizmlar turli turkumlarga mansub bo‘lib, ularning asosiy qismini otlar tashkil etadi. Bu holat xalqning nutqiy tajribasida real predmet va voqeliklarni nomlash zaruriyatining kuchliligini ko‘rsatadi. Shuningdek, ertak matnida sifat va fe‘l turkumiga oid dialektal birliklar ham faol qo‘llanadi, ular esa personajlarning xususiyatlarini tasvirlash, voqealarning dinamikasini ifodalashda muhim lingvopoetik vazifani bajaradi. Qisman bo‘lsa-da, ravish turkumiga oid dialektizmlar ham uchrab, ular nutqqa obrazlilik, aniqlik va ekspressivlik bag‘ishlaydi. Demak, xalq ertaklaridagi dialektal birliklarning turkumlar kesimidagi taqsimoti ularning lingvopoetik funksiyalarini ham belgilab beradi.

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

1-diagramma.

 

 

Xalq ertaklaridagi dialektal birliklarning turkumlar kesimidagi taqsimoti ularning lingvopoetik vazifalari

Ot turkumiga oid dialektizmlar odatda narsa-predmet nomlari, kasb-hunar faoliyatiga daxldor leksik birliklar orqali namoyon bo‘ladi. Bunday birliklarning qo‘llanishi o‘zbek xalq og‘zaki ijodida, xususan ertaklarda, hududiy differensiallik tamoyiliga asoslangan holda shakllangan bo‘lib, ular xalq tilining geolingvistik qatlamlarini o‘rganishda muhim til faktlari vazifasini bajaradi. Bu jarayon, bir tomondan, turli hududlarda vujudga kelgan so‘z shakllari va ularning semantik differensiasiyasini aniqlash imkonini bersa, ikkinchi tomondan, ertak matnlarining etnolingvistik va lingvomadaniy qadimiy qatlamlarini tadqiq etishga asos yaratadi. Ot turkumidagi dialektizmlar, ayniqsa, tarixiy-etnografik terminlar, an’anaviy hunarmandchilikka yoki dehqonchilikka oid nomlar orqali folklor matnlarining kognitiv asoslarini yoritishda alohida ahamiyat kasb etadi.

Ular daryo yoqasidagi bir sabza joyga gilamlar toshadilar, kundnol ko‘pacholarni daryo tomonga soldilar. (Bo‘ri bilan mergan. “Rustamzod va Sherzod”, 57.); ...ketishda, quruq ketmasin deb, bir arava cho‘p-cho‘makni ham yuklab ketishadi. (Bo‘ri bilan mergan. “Botir echki”, 22); Kadi shamoldan kunin taraqlab, tunin tarqalab turar ekan. (Bo‘ri bilan mergan. “Kiyik bilan kadi”, 25); Mayli bolmasa, xo‘bchi kim bo‘ladi? – debdi. (Bo‘ri bilan mergan. “Kiyik bilan kadi”, 27); Kunlardan bir kun qo‘ng‘iz bikach erga tegmoqchi bo‘lib, yo‘lga chiqibdi. (Bo‘ri bilan mergan. “Qo‘ng‘iz bikach”, 28) kabi parchalardagi sabza joy, kundnol, cho‘p-cho‘mak, kadi, xo‘bchi, qo‘ng‘iz bikach kabi birliklar xalqning turmush tarzini, maishiy-madaniy muhitini va ijtimoiy hayotini lingvistik jihatdan aks ettiradi. Shuningdek, bu turkumga oid dialektizmlarda etnografik xarakter yetakchilik qiladi. Masalan, “Oʻzbek xalqi shevalarida chavati yoki chapati deb nomlangan, yupqa qotirma non ham mavjud (Ўзбек тилининг изоҳли луғати, 2006-2007). Adabiy tilda lochira deb yuritiladi. Ertaklar tilida lochiraning “chavati” shaklida berilish holati mavjud. Ertak tilida lochiralarning tayyorlanishi uzoq safarga yoki ishga yoʻl olish bilan bogʻliq oʻrinda uchraydi (Bozorov, 2024). Masalan: Har kuni chol choʻlga oʻtinga chiqish vaqtida ikkita chavati qilib berar ekan. (Oyjamol. “Oʻtinchi chol bilan tulki”, 128)

Sifat turkumiga oid dialektizmlar esa, asosan, idrokiy-estetik baholov funksiyasiga ega bo‘lib, ertaklarda obrazlarning xususiyatlarini ifodalashda xalq dunyoqarashini, qadriyatlar tizimini til orqali namoyon etadi. Masalan: yugirak, suvashak, sulukkina, giranda, sari (sara) kabi sifat birliklari voqelikni baholashda hududiy-mintaqaviy nuqtayi nazarni ko‘rsatib beradi. Bunday holat, o‘z navbatida, dialektal birliklarning lingvopoetik strukturadagi semantik yukini kuchaytiradi va obrazli ifodaning badiiy-estetik imkoniyatlarini boyitadi.

Fe’l turkumiga oid dialektizmlar xalq ertaklari matnida, asosan, harakat-holatni ifodalash uchun qo‘llanadi va ular ko‘pincha lokal semantik xususiyatga ega bo‘ladi.      Bunday birliklar adabiy tilning faol qatlamida muntazam qo‘llanmasa-da, folklor matnlarida ular kommunikativ-semantik ahamiyat          kasb etib, voqelikning badiiy tasvirini tabiiylashtiradi hamda obrazli ifoda kuchini oshiradi. Masalan, unnamoq, ajab bo‘ladi, qichamoq, to‘mirmoq kabi fe’llar o‘ziga xos harakat tarzi, davomiylik yoki muayyan etnografik kontekstda ro‘y berayotgan jarayonni aniqroq ifodalaydi. Tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatadiki, xalq ertaklari tilida uchraydigan dialektizmlar turli so‘z turkumlarida har xil intensivlik bilan namoyon bo‘ladi. Bu jarayon, bir tomondan, tilning leksik boylik darajasi va tarixiy qatlamlarini aniqlash imkonini bersa, ikkinchi tomondan, ertak matnlarining etnolingvistik manbalari, estetik ta’sirchanlik darajasi va identitet mezonlarini ochib berishda muhim omil vazifasini bajaradi. Demak, fe’l turkumidagi dialektal birliklar nafaqat oddiy kommunikativ vazifani, balki folklor matnlarining lingvopoetik strukturasida markaziy ahamiyat kasb etadigan estetik-funksional yukni ham o‘z zimmasiga oladi.

Ravish turkumiga oid dialektizmlar xalq ertaklari matnida nisbatan kam uchrasa-da, ular harakat-holatning tarzini, joyini yoki vaqtini aniqlashda muhim vosita sifatida xizmat qiladi. Bunday birliklar ko‘pincha lokal semantik xususiyatga ega bo‘lib, voqea-hodisalarni hududiy rang-baranglik bilan boyitadi hamda ertak nutqiga tabiiylik baxsh etadi. Masalan, deshan (“tashqarida”) leksemasi nutqiy muloqotda makon kategoriyasini ifodalab, voqeaning qayerda sodir bo‘layotganini aniqlashtiradi. Xuddi shuningdek, mut (“bekorga”) ravishi natija va sabab munosabatlarini ko‘rsatishda ishlatiladi. Bu esa ertak matnida qahramonning ruhiy kechinmalarini yanada jonliroq ifodalaydi. So‘g‘in (“so‘ng, keyin”) ravishi esa temporallik (vaqt ketma-ketligi)ni belgilash orqali voqea-hodisalar o‘rtasidagi xronologik izchillikni ta’minlaydi. Bundan tashqari, olotos (ola – “kelishmovchilik, nizo” + tos – “parcha”) shaklidagi ravish o‘zida semantik kompozitsiya jarayonini mujassamlashtirgan bo‘lib, voqea-hodisalarni tartibsizlik, betizginlik ohangida tasvirlaydi.

Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, ravish turkumiga oid dialektizmlar, bir tomondan, ertak matnining lingvopoetik strukturasini boyitadi, ikkinchi tomondan, etnolingvistik ma’lumot manbasi sifatida ham qimmatlidir. Chunki ular xalq nutqidagi hududiy kolorit, madaniy semantika va kognitiv-pragmatik tafakkur modelini ochib beradi. Shu orqali ravish dialektizmlari xalq ertaklarining badiiy-estetik ta’sirchanligini oshiradi va folklor diskursida qahramonlarning nutqiy portretini tabiiylashtirishga xizmat qiladi.

Qayd etish joizki, o‘zbek xalq ertaklarida qo‘llanilgan dialektal birliklar bir qator muhim lingvopoetik va funksional vazifalarni bajaradi. Avvalo, ular qahramonlarning og‘zaki nutqini tabiiylashtiradi, voqealar rivojini hayotiy fon bilan ta’minlaydi hamda ertakning xalqchil ruhini kuchaytiradi. Shu bilan birga, dialektizmlar qahramonlarning hududiy mansubligini va ular yashagan ijtimoiy-madaniy muhitning o‘ziga xos xususiyatlarini aniqlashda ham muhim ko‘rsatkich vazifasini bajaradi.

Ertak matnlarida uchraydigan bunday til birliklari ko‘pincha ijtimoiy-dialektal differensiasiyaning ifodasi sifatida qahramonlar nutqida turlicha qo‘llanadi. Bu esa bir tomondan, obrazlarning ijtimoiy kelib chiqishini yoki geografik hududga daxldorligini ko‘rsatishga xizmat qilsa, ikkinchi tomondan, ertak tilining uslubiy ko‘lamini kengaytirishga zamin yaratadi. Shunday qilib, dialektizmlar ertak matnida nafaqat leksik boylikning tarkibiy qismi sifatida, balki lingvopoetik omil sifatida ham alohida ahamiyat kasb etadi. Ularning qo‘llanishi xalq tafakkurining etnolingvistik modelini yoritadi, xalqning turmush tarzi, qadriyatlari va madaniy merosini badiiy til vositasida jonlantiradi. Natijada, dialektal birliklar ertaklarning badiiy-estetik ta’sirchanligini oshiradi, adabiy til va xalq og‘zaki ijodi o‘rtasida o‘zaro lingvomadaniy aloqadorlikni ta’minlaydi hamda tilshunoslik uchun boy empirik material manbasi vazifasini bajaradi. Shu ma’noda “...oʻzbеk tili shevalari, tariхiy taraqqiyoti, uning istiqboli bilan bogʻliq ilmiy tadqiqotlar samarasini oshirish, kadrlar tayyorlash sifatini yaхshilash...” (Мирзиёев, 2019) zaruriyati ham oʻzbеk shevalarini ilmiy asoslarga tayanib, mukammal oʻrganishga qaratilgan dolzarb vazifalardan biri bo‘lib qolmoqda.

Xulosa takliflar

Xulosa qilib aytganda, o‘zbek xalq ertaklari tilidagi dialektal birliklarning lingvopoetik va funksional tahlili, ularning shunchaki hududiy nutqiy xususiyat emas,        balki matnning badiiy-estetik mazmunini yaratishda markaziy ahamiyat kasb etuvchi vosita ekanini yaqqol ko‘rsatadi. Ushbu birliklar ertak qahramonlarining nutqini tabiiylashtiradi, voqea-hodisalarga hayotiy fon beradi va xalqning etnolingvistik tafakkur modelini jonlantiradi. Kelgusidagi ilmiy izlanishlarda, mavjud ilmiy manbalarga tayanib, nafaqat leksik, balki fonetik va morfologik dialektizmlarning ham ertak janriga xos qo‘llanish mexanizmlari, ularning adabiy til me’yorlari bilan o‘zaro munosabati tizimli va qiyosiy-arealogik asosda chuqur tadqiq etilishi maqsadga muvofiqdir. Bu esa o‘zbek dialektologiyasi uchun yangi metodologik yondashuvlarni shakllantirishga va tilimizning tarixiy-madaniy qatlamlarini yanada to‘liq ochib berishga xizmat qiladi.

Библиографические ссылки

Mirziyoyev, Sh. (2017). Milliy taraqqiyot yo‘limizni qat’iyat bilan davom ettirib, yangi bosqichga ko‘taramiz.Toshkent: O‘zbekiston.

Mirziyoyev, Sh. (2019). Milliy o‘zligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli. Xalq so‘zi.

O‘zbek tilining izohli lug‘ati. (2006–2007). Toshkent: O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi. (Vol. IV).

Allaberdiyev, A. (2025). Buxoro o‘g‘uz shevalarining til xususiyatlari [Doctoral dissertation abstract, Qarshi State University]. Qarshi.

Bozorov, H. X. (2024). O‘zbek xalq ertaklarining lingvomadaniy tadqiqi. Toshkent: Grand Kondor Print.

Nurmanov, F. (2024). O‘zbek dialekt va shevalaridagi yordamchi so‘z turkumlarining areal tadqiqi [PhD dissertation abstract, Samarkand State University]. Samarqand.

Po‘latova, S. (2023). Vobkent tumani shevasining arealogik tadqiqi [PhD dissertation abstract, Bukhara State University]. Buxoro.

Usmonov, M. (2024). O‘zbek tilining Mingbuloq shevasi [PhD dissertation abstract, Namangan State University]. Namangan.

Xidraliyeva, Z. (2023). O‘zbek tilining Iqon shevasi [PhD dissertation abstract, Tashkent State University]. Toshkent.

O‘rinbayeva, D. B. (2017). Folklor asarlari tiliga xos so‘zlarning izohli lug‘ati. Samarqand.

Опубликован

Загрузки

Биография автора

Хамид Бозоров,
Термезский государственный университет

И.о. доцента, Доктор философии (PhD) по филологическим наукам

Как цитировать

Бозоров, Х. (2025). Лингвопоэтический и функциональный анализ диалектных единиц в узбекских народных сказках. Лингвоспектр, 10(1), 5–13. извлечено от https://lingvospektr.uz/index.php/lngsp/article/view/1081

Похожие статьи

<< < 45 46 47 48 49 50 

Вы также можете начать расширеннвй поиск похожих статей для этой статьи.