Эдьютейнмент-технология – как интенсивное средство обучения иностранце

Авторы

  • Ташкентский государственный университет узбекского языка и литературы имени Алишера Навои
Эдьютейнмент-технология – как интенсивное средство обучения иностранце

Аннотация

В данной статье анализируются возможности и преимущества технологии эдьютейнмента в процессе обучения иностранцев узбекскому языку. Психологические особенности учащихся и студентов, а также их высокий интерес к современным технологиям требуют организации учебного процесса на основе новых подходов. С этой точки зрения концепция эдьютейнмента, объединяющая образовательные и развлекательные элементы, рассматривается как одно из актуальных направлений современных научно-педагогических исследований. Формирование понятия «эдьютейнмент» связано с использованием учебных анимационных фильмов, компьютерных игр, мультимедийных CD-дисков и интерактивных программ; с широким распространением интернета и цифровых технологий данное направление вышло на новый уровень благодаря онлайн-платформам, видеоконтенту и мобильным приложениям. В статье анализируется применение этого исторического опыта эдьютейнмента в современном процессе обучения узбекскому языку. Показано, что использование аудиовизуальных материалов, анимационных роликов, интерактивных заданий, игровых элементов и сценарных диалогов делает обучение более естественным, мотивирующим и интенсивным. Статья завершается выводами о роли методов эдьютейнмента в системе интенсивного обучения, значимости адаптированных мультимедийных ресурсов для иностранных обучающихся и эффективности их использования в практической коммуникации.

Ключевые слова:

Эдьютейнмент иностранный язык интерактив мотивация онлайн мультимедиа

Zamonaviy taʼlim jarayoni o‘zining dinamikligi va mobil xususiyati bilan ajralib turadi. Raqamli texnologiyalarning jadal rivojlanishi, ularni ta’lim tizimiga integratsiya qilish zaruratini yuzaga keltirmoqda. Shu boisdan, ko‘plab maktab va oliy ta’lim muassasalari o‘qituvchilari dars jarayonlarida zamonaviy texnologik yechimlardan samarali foydalanish yo‘llarini izlashmoqda.

So‘nggi yillarda ayniqsa xorijiy tillarni o‘qitish sohasida edyuteynment – ya’ni ta’lim va o‘yin elementlarini uyg‘unlashtiruvchi yondashuv keng omma e’tiborga tushmoqda. Ushbu konsepsiya nafaqat ta’lim oluvchilarning motivatsiyasini oshiradi, balki o‘quv jarayonining interaktivligi va samaradorligini ham ta’minlaydi.

Edyuteynment (o‘yin va ta’lim uyg‘unligi) kategoriyasiga mansub mahsulotlarning dastlabki formatlaridan biri sifatida amerikalik animatsion film “Private Snafu” ko‘riladi (Private Snafu, 1940). Ushbu animatsiya asari tomoshabinlarga ekstremal vaziyatlarda omon qolish bo‘yicha ko‘rsatmalar berar edi va tez orada keng omma orasida mashhurlikka erishdi. Ustalik bilan yaratilgan ushbu format auditoriya uchun nihoyatda foydali bo‘ldi.

Bunday muvaffaqiyatli tajribadan so‘ng, hujjatli filmlar yo‘nalishida keng miqyosli loyihalar paydo bo‘la boshladi. Xususan, “National Geographic Society” hamda “Millennial” loyihalari ilk bor san’at va ta’limni birlashtirishga uringan dasturlar sifatida tarixda muhim o‘rin egalladi (Jenkins, 2009). Ular keng auditoriyaga mo‘ljallangan bo‘lib, ta’limiy maqsadlarni ommaviy axborot vositalari orqali yetkazishga qaratilgan edi.

So‘nggi yillarda ta’lim sohasida innovatsion yondashuvlarga ehtiyoj sezilarli darajada ortib bormoqda. Zamonaviy o‘quvchi va talabaning psixologik xususiyatlari, texnologiyaga bo‘lgan qiziqishi, informatsion muhitda yashashi o‘quv jarayonini qayta ko‘rib chiqishni taqozo etadi. Shu munosabat bilan edyuteynment – ta’lim(education) va ko‘ngilochar(entertainment) komponentlarni birlashtiruvchi konsepsiya ilmiy-pedagogik mavzulardan biriga aylandi. Edyuteynment atamasi ilk bor 1970-yillarda AQShda paydo bo‘lgan bo‘lib, dastlab ko‘proq bolalar va yoshlar auditoriyasiga mo‘ljallangan teleko‘rsatuvlar va ommaviy-madaniyat ko‘rsatuvlar orqali shakllandi. Bu yondashuvning asosiy maqsadi – o‘quvchini o‘rganish jarayoniga chuqur jalb etish, uni faollikka undash va bilim olishni qiziqarli hamda mazmunli jarayonga aylantirishdir.

Pedagogika nuqtayi nazaridan qaraydigan bo‘lsak, edyuteynment tushunchasi quyidagi funksiyalarni bajaradi:

  • Didaktik: bilimni interaktiv, tushunarli va qulay shaklda yetkazadi;
  • Motivatsion: o‘quvchilarda o‘rganishga qiziqish uyg‘otadi;
  • Kommunikativ: o‘zaro muloqot va fikr almashinuviga asoslanadi;
  • Emosional: ijobiy hissiyotlar orqali ta’lim samaradorligini oshiradi.

Shuningdek, edyuteynment konsepsiyasi Vigotskiy, Piaget, Bruner kabi psixolog va pedagoglarning ijtimoiy-aktiv ta’lim nazariyalari bilan uzviy bog‘liq. Ayniqsa, Vigotskiyning “Yaqin rivojlanish zonasi” konsepsiyasiga asoslangan holda, edyuteynment o‘quvchining real imkoniyatlariga yaqin, ammo murakkabroq materialni interaktiv tarzda yetkazishga xizmat qiladi.

Edyuteynment konsepsiyasi rivojlanishida bir nechta muhim bosqichlarni ajratishimiz mmkin. Dastlab, 1940-1950-yillar edyuteynment ilk namunasi sifatida “Private Snafu” (AQSh armiyasi uchun yaratilgan animatsion film) tarixga kirdi. Bu format ommaga murakkab mavzularni(urush, xavfsizlik) soddalashtirilgan, qiziqarli tarzda yetkazish imkonini berdi. 1980-1990-yillarda esa, kompyuter o‘yinlari, multimediali CD-disklar va interaktiv dasturlar keng ommalashdi. Aynan shu davrda ta’limiy kompyuter o‘yinlari(edugames) ommaviylashdi. Keyinchalik 2000-yillardan internet va raqamli texnologiyalar keng tarqalishi bilan edyuteynment onlayn platformalar, video-kontent va mobil ilovalar orqali yangi bosqichga chiqdi. “National Geographic”, “BBC Learning”, “Khan Academy” kabi platformalar nafaqat ko‘ngilochar, balki yuqori sifatli ta’limiy kontentni ham ommalashtira boshladi. Bugungi kunda edyuteynment nafaqat maktab va oliy ta’lim tizimida, balki til o‘rgatish, kasbiy tayyorgarlik, shuningdek, ijtimoiy-ma’rifiy dasturlarda ham keng qo‘llanilmoqda.

Xorijiy tillarni o‘rgatishda edyuteynment tushunchasining nazariy asoslari. Xorijiy tilni o‘rganish – bu nafaqat grammatik qoidalarni o‘zlashtirish, balki madaniyat, muloqot va kontekstual tafakkurni shakllantirish jarayonidir. Shu bois edyuteynment yondashuvi bu sohada ayniqsa samarali hisoblanadi. U o‘quvchilarga til muhitini his qilish, nutqiy vaziyatlarni real sharoitga yaqin tarzda tasavvur qilish imkonini beradi.

Til o‘rgatishda edyuteynment texnologiyasi quyidagi nazariy yondashuvlarga asoslanadi:

  • Kommunikativ yondashuv (CLT – Communicative Language Teaching): til o‘rganish jarayoni muloqotga asoslanadi, ya’ni o‘quvchi tilni amalda qo‘llash orqali o‘zlashtiradi;
  • Konstruktivistik pedagogika: bilimlar tayyor shaklda emas, balki o‘quvchining o‘z faoliyati jarayonida quriladi;
  • Multimodal ta’lim: video, audio, matn, interaktiv topshiriqlar orqali turli sensor tizimlar orqali o‘rganish samaradorligini oshirish.

Shunday qilib, edyuteynment xorijiy tillarni o‘rganishda o‘quvchilarning motivatsiyasini oshiruvchi, til muhitini imitatsiya qiluvchi va mustahkam kommunikativ kompetensiyani shakllantiruvchi zamonaviy ta’lim vositasi sifatida e’tirof etiladi.

  MySpace, Facebook, LinkedIn kabi ijtimoiy tarmoqlar hamda Skype va MSN singari muloqot platformalarining paydo bo‘lishi bilan talabalar va yoshlar o‘rtasida global muloqot muhitiga kirish yanada osonlashdi. Shu bilan birga, o‘qituvchilar va metodistlar tomonidan xorijiy tilni o‘rganish jarayonida ijtimoiy faoliyatni kuchaytirish maqsadida talabalarga turli xalqaro onlayn hamjamiyatlarning bir qismi bo‘lish tavsiya etila boshlandi (Jenkins, 2006). Bunga do‘stlar bilan yozishmalar olib borish, audio va video qo‘ng‘iroqlar orqali suhbatlashish, madaniy almashinuvga kirish kabi usullar kiradi. Bu davrda global miqyosda ta’limiy va iqtisodiy yuksalish davri kuzatildi. Millionlab foydalanuvchilar ijtimoiy tarmoqlarga qo‘shilib, qiziqishlar asosida onlayn guruhlar tashkil etdilar, va mustahkam, uzoq muddatli tanishuvlarni yo‘lga qo‘ya boshladilar. Shu orqali ta’lim faqat sinf doirasida emas, balki real hayotga yaqin ijtimoiy muhitda ham amalga oshiriladigan, interaktiv va kommunikativ jarayonga aylandi. Internet muhitining rivojlanishi nafaqat ta’limga, balki jamiyatdagi muammolarni hal etishga ham xizmat qildi. Foydalanuvchilar o‘zlarini muhim ijtimoiy jarayonlarning bir qismi sifatida his qila boshladilar: ijtimoiy tarmoqlar orqali ular kerakli sohadagi vaziyatlar haqida xabardor bo‘lishdi, petisiyalarga imzo qo‘yishdi va global muammolarning yechimiga o‘z hissalarini qo‘shishga intildilar. Boshqacha qilib aytganda, globallashuv jarayoni aynan shu bosqichda yaqqol namoyon bo‘la boshladi. Odamlar har bir fuqaroning pozitsiyasi va bilim darajasi, ayniqsa xorijiy tillarni bilishi, global jarayonlarga ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini anglab yetdilar.

Instagram, Snapchat kabi yangi avlod platformalarining ommalashuvi onlayn OAV(ommaviy axborot vositalari)ning ta’sir kuchini yanada oshirdi. Aynan shu bosqichda xorijiy tillarni egallash ehtiyoji individual o‘sish, professional muvaffaqiyat va ijtimoiy faollik bilan chambarchas bog‘liq bo‘lib qoldi.

Zamonaviy mehnat bozori sharoitida raqobatbardosh mutaxassis bo‘lish uchun xorijiy tillarni egallash zaruratga aylangan. Xususan, O‘zbekiston talabasi yoki boshqa millat vakili bo‘lishidan qat’iy nazar, xalqaro mehnat bozorida muvaffaqiyatga erishishni maqsad qilgan yoshlar shuni anglab yetmoqdaki, deyarli barcha dolzarb va ishonchli axborot manbalari xorijiy tillarda mavjud. Faqat o‘zbek tilini bilish orqali global kasbiy maydonda yetakchi o‘rin egallash, o‘z sohasi bo‘yicha malakali mutaxassis sifatida e’tirof etilish imkoniyatlari cheklangan.

Ushbu holat til o‘rganishga bo‘lgan ehtiyojni keskin oshirdi. Boz ustiga, xorijiy tillarni o‘rganish masalasi faqatgina an’anaviy o‘quv kurslari bilan cheklanib qolmay, quyidagi savollarni ham o‘rtaga chiqardi:

  1. Chet tilini tez va samarali o‘rganishning eng maqbul usuli qanday?
  2. Mustaqil o‘rganish mumkinmi?
  3. Guruhli darslarga qatnashish majburiymi?

Mazkur ehtiyojga javoban, xorijiy tillarni o‘qitish bozori misli ko‘rilmagan darajada faollashdi. Yangi texnologiyalar, tezkor natijalarga erishishni ta’minlovchi metodikalar va interaktiv dasturlar yaratilishi orqali xorijiy tilni qisqa vaqt ichida o‘zlashtirishga bo‘lgan talab oshdi. Ikki yoki uchta tilni bilish ijtimoiy norma sifatida qabul qilina boshladi. Dastlab, so‘z yodlashga oid onlayn metodikalar paydo bo‘ldi. Oradan ko‘p o‘tmay, dasturchilar til o‘rganuvchilarga yangi imkoniyatlar beruvchi ilovalarni ishlab chiqishdi: bu ilovalar orqali foydalanuvchilar so‘zlarning talaffuzini eshitishlari, oddiy grammatik qiyinchiliklarni onlayn tarzda interaktiv mashqlar orqali yechishlari mumkin bo‘ldi.

Taxminan o‘n yil muqaddam YouTube platformasida dastlabki til blogerlari paydo bo‘la boshladi. Ular o‘z tillarining fonetik, grammatik va kommunikativ xususiyatlarini oddiy, tushunarli tarzda tushuntirar, shuningdek, masofaviy ta’lim bo‘yicha o‘z xizmatlarini taklif qilishar edi. Keyinchalik esa, bu blogerlar o‘zlarining mualliflik kurslari, elektron darsliklari va interaktiv ilovalari orqali kengroq auditoriyaga chiqishdi. Ushbu resurslar orqali foydalanuvchilar o‘zlashtirilgan bilimlarini mustahkamlash imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Vaqt o‘tishi bilan ushbu ilovalar nafaqat individual, balki maktab va universitetdagi guruhli mashg‘ulotlarda ham foydalanish uchun mos bo‘lib qoldi. O‘qituvchilar talabalarga uyda mustaqil ravishda ushbu ilovalarda ishlashni tavsiya eta boshladilar, biroq dars jarayonining o‘zida bunday vositalarga yetarlicha e’tibor qaratilmadi. Bu holat esa edyuteynment vositalarining o‘quv jarayoniga to‘liq integratsiyalashmaganidan darak beradi.

Xorijiy tillarni o‘rgatish jarayonida edyuteynment texnologiyalarining tobora kengayib borayotganini inobatga olgan holda, qator ilmiy tadqiqotlar olib borila boshlandi. Ushbu tadqiqotlarda edyuteynment yondashuvi joriy etilgan guruhlar natijalari va an’anaviy dars metodikasi saqlanib qolgan guruhlar o‘rtasida taqqoslash ishlari olib borildi. Maqsad – zamonaviy interaktiv yondashuvlarning o‘quvchilarning bilim darajasi va motivatsiyasiga ta’sirini aniqlash edi.

Edyuteynment yondashuvi Rossiyada ayniqsa 2008-yildagi moliyaviy inqiroz davrida faol tarqala boshladi, degan qarash mavjud (Ivanov, 2010). Bu davrda aholining xarid qobiliyati sezilarli darajada pasaydi, ko‘pchilik qimmatbaho ko‘ngilochar tadbirlardan voz kechishga majbur bo‘ldi. Shu bilan birga, arzonroq, ijtimoiy va madaniy jihatdan foydali mashg‘ulotlarga talab ortdi. Masalan, turli kafelarda, san’at galereyalarida o‘tkaziladigan til klublari va mahorat darslari keng ommalashdi. Yirik xalqaro brendlar, jumladan Starbucks kabi qahvaxonalar, xorijiy tilni o‘rganishga qiziqqanlar uchun ochiq klub yig‘ilishlarini tashkil eta boshladi(Петрова, 2013). Bu kabi yig‘ilishlarda ishtirokchilar o‘z tanishlari bo‘lgan chet elliklarni taklif qilib, hafta oxiri yoki kechki payt o‘zlari qiziqqan mavzularda xorijiy tilda muloqot qilishgan. Bunday faoliyatlar edyuteynment yondashuvining eng sodda, lekin samarali ko‘rinishlaridan biri sifatida baholandi.

Edyuteynment vositalari orqali bajarilgan topshiriqlarning o‘quv samaradorligi ko‘plab tadqiqotchilar tomonidan ilmiy jihatdan asoslab berilgan. Shu bilan birga, ba’zi mutaxassislar ushbu yondashuvning ayrim xavf-xatarlarini ham e’tirof etadilar. Ularning fikricha, edyuteynment asosida qurilgan ta’lim jarayoni o‘quvchilarda chuqur bilim emas, balki faqat yuzaki tasavvurlar hosil qilishi mumkin (Валлден, Соронен, 2008). Sari Vallden va Anna Soronen o‘zlarining “Edyuteynment: televizion va kompyuterlardan raqamli televizorgacha” nomli asarlarida o‘qituvchilar orasida mavjud bo‘lgan xavotirlarni atroflicha tahlil qiladilar. Ularning fikricha, edyuteynment pedagogik yondashuv sifatida ta’lim sifati va bilimlarning yaxlitligi nuqtayi nazaridan muayyan tahdidlarni yuzaga keltirishi mumkin. Talabalar faqat qisqa, fragmentar ma’lumotlarga ega bo‘lib, chuqur madaniy va til kontekstlarini tushunmasligi ehtimoli bor degan tushunchani ilgari surdi. Shunga qaramay, edyuteynment yondashuvining asosiy maqsadi faqatgina ko‘ngilochar komponentni emas, balki o‘quvchilarni o‘rganish jarayoniga jalb etish, ularni ichki motivatsiyaga ega qilishdir. Bu yondashuvni har doim “quvnoq” yoki “erkin” deb talqin qilish kerak emas – u, eng avvalo, jalb qiluvchi, mazmunli va kontekstual tarzda shakllantirilgan o‘quv jarayoni bo‘lishi kerak.

Vallden va Soronen shuningdek, ta’lim jarayonini kontekst va maqsadga ko‘ra quyidagi turlarga ajratishni taklif qiladilar:

  • Formal o‘qitish – rasmiy o‘quv darslari, muayyan reja va dastur asosida olib boriladi;
  • Noformal ta’lim – darsdan tashqari tashkil etilgan mashg‘ulotlar, to‘garaklar, til klublari va h.k.;
  • Tasodifiy (informal) o‘rganish – ijtimoiy tarmoqlar, kundalik muloqot, media vositalar orqali bilim olish.

Bu tasnif edyuteynment konsepsiyasini aniqroq tushunish va u orqali tashkil etiladigan mashg‘ulotlarni pedagogik jihatdan to‘g‘ri rejalashtirish imkonini beradi.

Xulosa qilib aytganda, zamonaviy ta’lim jarayoni raqamli texnologiyalar va innovatsion yondashuvlar yordamida dinamik va interaktiv shaklga ega bo‘lmoqda. Edyuteynment – ta’lim va ko‘ngilochar elementlarni uyg‘unlashtiruvchi konsepsiya – o‘quvchilarning motivatsiyasini oshirish, bilimlarni yanada qiziqarli va samarali tarzda yetkazish vositasi sifatida muhim ahamiyat kasb etadi. Edyuteynment pedagogik yondashuv sifatida didaktik, motivatsion, kommunikativ va emosional funksiyalarni bajaradi hamda Vigotskiy, Piaget va Bruner kabi olimlarning ijtimoiy-aktiv ta’lim nazariyalari bilan uzviy bog‘liqdir.

Tarixiy rivojlanishida edyuteynment 1940-yillarda “Private Snafu” animatsiyasi bilan boshlangan bo‘lsa, keyinchalik kompyuter o‘yinlari, multimediali dasturlar, internet platformalari va mobil ilovalar orqali kengayib bordi. Xorijiy tillarni o‘rgatishda edyuteynment o‘quvchilarga til muhitini his qilish, nutqiy vaziyatlarni real sharoitga yaqin tarzda tasavvur qilish va mustahkam kommunikativ kompetensiyani shakllantirish imkonini beradi.

Internet, ijtimoiy tarmoqlar va onlayn hamjamiyatlar ta’lim jarayonini maktab va universitet chegaralaridan tashqariga olib chiqdi, ta’lim interaktiv va global muhitga integratsiyalashdi. Shu bilan birga, edyuteynmentning ba’zi xavf-xatarlari mavjud: u chuqur bilim o‘rniga fragmentar ma’lumot berishi mumkin. Shu sababli edyuteynment yondashuvi pedagogik maqsadga muvofiq, mazmunli va kontekstual tarzda qo‘llanilishi lozim. Edyuteynment zamonaviy ta’lim jarayonini samarali, qiziqarli va interaktiv qilishga xizmat qiluvchi zamonaviy pedagogik vosita bo‘lib, xorijiy tillarni o‘rgatish va boshqa ta’lim sohalarida keng qo‘llanilishi mumkin.

Библиографические ссылки

Jenkins, H. (2006). Convergence culture: Where old and new media collide. New York University Press.

Jenkins, H. (2009). Confronting the challenges of participatory culture: Media education for the 21st century. MIT Press.

Private Snafu. (n.d.). Wikipedia. Retrieved from https://en.wikipedia.org/wiki/Private_Snafu

Валлден, С., & Соронен, А. (2008). Эдьютейнмент: от телевидения и компьютеров до цифрового телевидения. Хельсинки: Центр медиаобразования.

Иванов, А. (2010). Эдьютейнмент в России: кризис как точка роста. Образование и технологии.

Петрова, Е. (2013). Риски применения эдьютейнмента в образовании. Педагогика XXI века.

Опубликован

Загрузки

Биография автора

Шахло Зарпиллaева,
Ташкентский государственный университет узбекского языка и литературы имени Алишера Навои

Аспирант

Как цитировать

Зарпиллaева Ш. (2025). Эдьютейнмент-технология – как интенсивное средство обучения иностранце. Лингвоспектр, 11(1), 354–360. извлечено от https://lingvospektr.uz/index.php/lngsp/article/view/1186

Похожие статьи

<< < 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 > >> 

Вы также можете начать расширеннвй поиск похожих статей для этой статьи.