The role of health journalism in society: impact and development challenges

Authors

  • Uzbek State World Languages University
Роль медицинской журналистики в обществе, её влияние и проблемы развития

Abstract

Mass media play a crucial role in communicating medical information to the public. However, the accuracy and reliability of health-related content vary widely across different sources. Information disseminated through the media can significantly influence patients’ health-related decisions – from vaccination choices to the selection of medications. At the same time, such information shapes public perceptions and attitudes toward the healthcare system as a whole. Reporting on health issues requires a high level of professionalism. This involves the use of credible and evidence-based sources, as well as ensuring the confidentiality and independence of both information providers and recipients. Misinterpreted or inaccurately presented health information may create unfounded expectations or excessive fear, leading to negative consequences for public awareness and behavior. This article analyzes the positive and negative impacts of health journalism on society. It also discusses key challenges within the field, including the difficulties journalists face when preparing health-related news. The author outlines essential measures necessary for the accurate and effective dissemination of medical information.

Keywords:

Health journalism public health COVID-19 specialization healthcare online media

Kirish

Tibbiy jurnalistika bu salomatlik va tibbiyotga oid ma’lumotlarni ommaviy axborot vositalari orqali yoritish jarayoni boʻlib, uning asosiy maqsadi axborotni tibbiyot yoki sogʻliqni saqlash sohasi mutaxassislariga emas, balki keng jamoatchilikka etkazishdir. Buning uchun turli axborot vositalari – bosma va onlayn gazetalar, televidenie, radio, internetdan foydalaniladi.

Zamonaviy davrda ijtimoiy tarmoqlar, jumladan Twitter kabi platformalar, yangiliklarni ommaga etkazishda katta rol oʻynamoqda. Tibbiy va sogʻliqqa oid masalalar koʻpchilikni qiziqtiradi, undan tashqari bu kabi ma’lumotlar odamlarning xulq-atvori va sogʻliqqa boʻlgan munosabatiga ta’sir koʻrsatadi.

Tibbiy jurnalistika nafaqat odamlarning axborotga boʻlgan ongli munosabatini shakllantiradi, balki tibbiy amaliyotlar, sogʻliqni saqlash tizimidan foydalanish darajasi va davlat siyosatiga ham ta’sir koʻrsatadi (Keshvari va boshq., 2018; Leask va boshq., 2010).

COVID-19 pandemiyasi sharoitida millionlab odamlar hayotidagi eng katta sinovni yengib oʻtishda yordam beruvchi ishonchli, faktlarga asoslangan jurnalistik ma’lumotlarga muhtoj boʻldi. Ishonchli axborotga boʻlgan ehtiyoj hech qachon hozirgidek muhim va dolzarb boʻlmagan.

Global salomatlik inqirozi, xususan COVID-19 pandemiyasi davrida, oʻz vaqtida va sifatli ma’lumotlarga ega boʻlish muhim ahamiyatga ega. Bu ma’lumotlar virusning tarqalishini sekinlashtirish, uning salbiy ta’sirini kamaytirish va jamiyatni toʻgʻri hamda mas’uliyatli harakatlarga undash uchun hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi (Higgins, 2020).

Raqamli texnologiyaning jadal rivojlanishi axborotga boʻlgan talabni va global aloqalarni kuchaytirdi. Har bir yangi texnologik qurilma kashf qilinishi bilan ommaviy axborot vositalari tomonidan yangiliklarni yaratish, tayyorlash va tarqatish jarayoni tubdan oʻzgarmoqda (Lawson-Borders, 2011). Internet, mobil qurilmalar va ijtimoiy tarmoqlar global media aloqalar hamda tibbiy ma’lumotlarni butun dunyo boʻylab tarqatishda katta rol oʻynaydi. Facebook va Twitter kabi platformalarda ijtimoiy tarmoq orqali xabar berishning ortishi sogʻliqqa oid ma’lumotlarning tez tarqalishiga kuchli ta’sir koʻrsatdi.

Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti (JSST), Kasalliklarni nazorat qilish markazi, Oziq-ovqat va dori-darmon ma’muriyati kabi global sogʻliqni saqlash tashkilotlari ham jamoatchilikka yangi tibbiy va salomatlikka oid ma’lumotlarni yetkazishda internet va ijtimoiy tarmoqlardan faol foydalanmoqda.

Shu bilan birga, COVID-19 pandemiyasi davrida asossiz yoki chalgʻituvchi xabarlarning ijtimoiy tarmoqlar orqali tez tarqalishi jiddiy muammoga aylandi. JSST bu holatni “infodemiya” deb atadi – ya’ni notoʻgʻri ma’lumotning favqulodda tez tarqalishi (Zarocostas, 2020).

Bu infodemiyaga qarshi kurash maqsadida JSST yangi axborot platformasini ishga tushirdi va dunyo boʻylab ijtimoiy tarmoqlar bilan hamkorlikda ish olib bordi. Shuningdek, WhatsApp mobil messenjeri, JSST, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bolalar jamgʻarmasi (UNICEF) va Taraqqiyot dasturi (UNDP) bilan hamkorlikda “Coronavirus Information Hub” loyihasini ishga tushirdi. Ushbu tashabbusning maqsadi – dunyo boʻylab milliardlab odamlarga salomatlikka oid ma’lumotni aniq va oʻz vaqtida taqdim etish hamda yolgʻon ma’lumot tarqalishining oldini olish edi (United Nations Development Programme, 2020).

Ommaviy axborot vositalari jamoat ishonchiga kuchli ta’sir koʻrsatadi va insonning tibbiy madaniyatini yangiliklar orqali shakllantirishi mumkin. Masalan, xolesterinni pasaytiradigan “statin” dorisining nojoʻya ta’sirlari haqidagi ma’lumotlar Buyuk Britaniya OAVda keng yoritilganidan keyin koʻplab bemorlar ushbu dorini qabul qilishni toʻxtatgan (Matthews va boshq., 2016; McCombs, 2013).

Statinlar yuqori xolesterinni davolash uchun ishlatiladi, ammo 2013 yil oktyabr oyida British Medical Journal jurnalining bir nechta maqolalarida (Abramson va boshq., 2013; Malhotra, 2013) ular qattiq tanqid qilingan. Ushbu maqolalarda ayrim bemorlar uchun statinlarning zarari foydasidan koʻra koʻproq ekani ta’kidlangan. Shundan soʻng, bir guruh tadqiqotchilar OAVdagi muhokamalar odamlarning xatti-harakatiga qanday ta’sir ko`rsatishini oʻrganishga qaror qildi. Ular 2013 yil oktyabridan 2014 yil martgacha boʻlgan davrda Buyuk Britaniya tibbiy yozuvlarini tahlil qildilar. Natijada, statistik tahlillar koʻrsatishicha, oʻrtacha olti oylik davrda taxminan 200 000 kishi statin qabul qilishni toʻxtatgan (Matthews va boshq., 2016). Shu tariqa, “statin” voqeasi tibbiy jurnalistikaning ahamiyatini namoyon qildi – tibbiy yangiliklar insonlarning sogʻligʻi haqida qaror qabul qilish jarayoniga bevosita ta’sir koʻrsatadi.

Yana bir misol – 1998 yilda britaniyalik shifokor Endryu Ueykfild tomonidan The Lancet jurnalida chop etilgan maqola boʻlib, unda bolalardagi autizm bilan MMR vaksinasi (qizamiq, parotit va qizilchaga qarshi) emlovi oʻrtasida sababiy bogʻliqlik borligi haqida da’vo qilingan (Taylor va boshq., 1999). Bu maqola dunyo boʻylab ota-onalar orasida katta qoʻrquv uygʻotdi va vaksinalar xavfsizligiga shubhalar keltirib chiqardi. Natijada, koʻplab mamlakatlarda qizamiqqa qarshi emlanish darajasi keskin pasaydi (DeStefano va Chen, 1999). Garchi keyingi yirik tadqiqotlar Ueykfildning natijalarini tasdiqlamagan boʻlsa ham ushbu qoʻrquv va ishonchsizlik yillar davomida saqlanib qoldi. Faqat 2003 yilda britaniyalik salomatlik boʻyicha jurnalist Brayan Dir mazkur tadqiqotni chuqur oʻrgangach, uning soxtaligi oshkor qilindi (Deer, 2011). Demak, ommaviy axborot vositalari vaksinalarning xavfsizligi va samaradorligi toʻgʻrisidagi jamoatchilik fikrini shakllantirishda ulkan rol oʻynaydi. Shuningdek, OAV ta’siri nafaqat aholiga, balki shifokorlar, siyosatchilar va sogʻliqni saqlash mutaxassislarining qarorlariga, hatto bozor iqtisodiyotiga ham ta’sir koʻrsatadi (Larsson va boshq., 2003).

Tibbiy yangiliklar aholining sogʻligʻiga oid qarorlariga jiddiy ta’sir koʻrsatishini inobatga olgan holda, jurnalistika va tibbiyot sohasida faoliyat yurituvchi shaxslar aniq, toʻliq va ishonchli axborot tayyorlash uchun javobgar hisoblanadilar. Biroq, ommaviy axborot vositalarida tarqatilayotgan salomatlikka oid ma’lumotlar ilmiy nashrlarda chop etilgan ma’lumotlar bilan taqqoslaganda, koʻp hollarda mazmun yoki samaradorlik jihatidan yetarlicha baholanmaydi (Bandiwadekar va boshq., 2014; Grilli va boshq., 2002).

Axborot manbasini toʻgʻri koʻrsatish va uning ishonchliligini tekshirish jurnalist hamda OAV muassasalarining bevosita vazifasi hisoblanadi. Masalan, COVID-19 pandemiyasi davrida ayrim OAVda gidroksixloroxin va remdesivir dorilari kasallikni davolashda samarali vosita sifatida tavsiya etilgani natijasida jamoatchilik orasida ularning zaruriyat boʻlmagan hollarda qoʻllanilishi kuzatilgan. Shuningdek, nufuzli tibbiy jurnallar ham bahs-munozaralardan xoli boʻlmadi: The Lancet va The New England Journal of Medicine jurnallari taniqli boʻlmagan “Surgisphere” kompaniyasi ma’lumotlariga asoslangan maqolalarni chop etgandan soʻng bekor qilishga majbur boʻlgan, ammo bu ma’lumotlar allaqachon koʻplab OAV orqali tarqatilgan edi (Gallagher, 2020). Bunday tarzdagi ya’ni avvaliga da’vo qilib, keyin uni inkor qilishga majbur boʻladigan tibbiy xabarlarning notoʻgʻri tarqatilishi jamoatchilik uchun foydadan koʻra koʻproq zarar keltiradi.

Shu bilan birga, ommaviy axborot vositalari nafaqat xabardorlikni oshiradi, balki odamlarni ma’lum bir salomatlik masalalari boʻyicha oʻqitadi va tarbiyalaydi. Jamoatchilikni turli salomatlik muammolari haqida xabardor qilish va ta’lim berish orqali OAV sogʻlom turmush tarzini shakllantirishga va ijobiy xulq-atvor oʻzgarishlariga hissa qoʻshadi (Abroms va Maibach, 2008). Sifatli tibbiy jurnalistikaning yana bir muhim afzalligi shundaki, u jamiyatda tarqalayotgan yolgʻon yoki notoʻgʻri ma’lumotlarga qarshi kurashishning eng samarali usullaridan biri hisoblanadi. COVID-19 pandemiyasi ilk marta Xitoyda qayd etilgan paytdan boshlab jurnalistlar virus bilan bogʻliq xavflarni kamaytirishda muhim rol oʻynadi: ular yangi epidemiya oʻchoqlarini aniqladilar, himoya choralari haqida ma’lumot berdilar, soxta ma’lumotlarni fosh etdilar va hukumatlarning siyosatini javobgarlikka chaqirdilar.

Tibbiy jurnalistikadagi muammolar

Shu bilan birga, tanqidiy tahlilga asoslangan tibbiy jurnalistika mavjud muammolarni xolis yoritishga, aholida sogʻlom axborot muhitini shakllantirishga yordam beradi.

Tibbiy yangiliklarni etkazish jarayonida jurnalistlar duch keladigan asosiy qiyinchiliklar turli mamlakatlarda deyarli oʻxshash hisoblanadi. Umuman olganda, bu muammolar quyidagilarni oʻz ichiga oladi: sogʻliqni saqlash idoralarining axborot berish yoki jurnalistlar bilan uchrashishdan bosh tortishi, ortiqcha byurokratik toʻsiqlar, qisqa muddatli muhlatlar, yangilangan statistik ma’lumotlar yetishmasligi, statistik ma’lumotlarni talqin qilishdagi muammolar hamda jurnalistlarning tibbiyot yoki sogʻliqni saqlash sohasida yetarlicha tayyorgarlikka ega emasligi (Veloudaki va boshq., 2014).

Jurnalistlar va OAV uchun yana bir jiddiy muammo – deyarli barcha mamlakat hukumatlarining soʻz erkinligiga aralashuvi boʻlib, ular koʻpincha jurnalistlarni haqiqiy ma’lumotlarni tarqatishdan tiyilishga majbur qiladilar.

AQShda 22 oy davomida oʻtkazilgan tadqiqotda 500 ta salomatlik haqidagi maqolalar tahlil qilingan boʻlib, natijada ma’lum boʻlishicha, 62–77% holatlarda xabarlarda sogʻliqni saqlash xizmatlarining qiymati, afzallik va kamchiliklari yoki sifat darajasi yetarlicha yoritilmagan (Schwitzer, 2008). Ushbu tadqiqotda aniqlangan asosiy muammolardan biri – jurnalistlar uchun nashr maydonining cheklanganligi va ilmiy izlanishlar uchun vaqt yetishmasligi edi. Shuningdek, sogʻliq va tibbiy mavzular boʻyicha tayyorgarlik kurslari hamda tibbiy statistika boʻyicha malaka oshirish imkoniyatlarining kamligi ham muammo sifatida qayd etilgan.

Koʻplab rivojlanayotgan mamlakatlarda boʻlgani kabi Ganada ham ilmiy mavzular boʻyicha maqolalarni asosan umumiy yoʻnalishdagi jurnalistlar tayyorlaydilar (Appiah va boshq., 2015). Garchi mazkur tadqiqot kichik namuna doirasida oʻtkazilgan boʻlsa-da, olimlar koʻplab jurnalistlar tibbiy va ilmiy ma’lumotlarni asosan soha mutaxassislari orqali olishlarini aniqladilar. Shuningdek, ilmiy jurnalistika boʻyicha maxsus tayyorgarlik dasturlarini joriy etish va tadqiqot natijalariga osonroq olish imkoniyatini yaratish jurnalistlarni salomatlik va ilm-fan mavzusida koʻproq yozishga ragʻbatlantirishi mumkinligi qayd etildi.

Yana bir muhim muammo – axborotni tezkor taqdim etish zarurati tufayli material sifatiga putur yetish holatidir. Shu kabi holatlar Evropa mamlakatlarida ham kuzatiladi. Bu yerda tibbiy yangiliklar manbalari asosan soha mutaxassislari, tibbiy jurnallar, ilmiy nashrlar va ba’zan shaxsiy tanishlar orqali shakllanadi (Dentzer, 2009). Salomatlik yangiliklari muharriri Dentzer tibbiy jurnalistika sohasida bir qator muammolarni ta’kidlab, quyidagicha yozgan:

Biroq bu sohada faqatgina sogʻliqni saqlash mavzusida yozuvchi jurnalistlarning malakasini oshirish bilan cheklanmaslik kerak. Jurnalistika kasbi shuni ham talab etadiki, salomatlik haqidagi maqolalar faqat oq va qora ranglarda emas, balki turli boʻyoqlar orqali, murakkab voqelikning barcha jihatlarini qamrab olgan mukammal manzara sifatida yoritilishi lozim.

Bu misollardan koʻrinib turibdiki, jurnalistlar duch keladigan asosiy muammolardan biri – ularning ilmiy va tibbiy bilimlari yetarli emasligidir. Bu holat tibbiy jurnalistlar kamida asosiy tabiiy fanlar boʻyicha bilimga ega boʻlish zarurligini yana bir bor koʻrsatadi. Koʻp hollarda jurnalistlar sogʻliqqa oid mavzuda chuqur ilmiy tadqiqot olib borishga vaqt yetishmasligidan shikoyat qilishgan va natijada ular axborot manbasi sifatida sogʻliqni saqlash mutaxassislariga tayanishgan. Biroq, ularga berilgan ma’lumotning aniqligi tekshirilmagan va bu axborot uchun jurnalistlar javobgar ham hisoblanmagan. Bu esa amaldagi tizimda muhim kamchilik hisoblanadi.

Tadqiqotlar shuni koʻrsatadiki, OAVda sogʻliq haqidagi xabarlarni yaratishda jurnalistlar markaziy shaxslardir. Biroq ularning shaxsiy taxminlari va sub’ektiv talqinlari koʻp hollarda materialga kiritiladi, natijada notoʻgʻri yoki adashtiruvchi xabarlar yuzaga keladi. Bunday holatlar koʻpincha maqolani oʻquvchi uchun jozibador qilish maqsadida qoʻllaniladi.

Yana bir muammo – ayrim kasalliklarning muayyan mamlakatga xos boʻlishini inobatga olmagan holda ularni umumlashtirib yoritishdir. Masalan, denge va bezgak kabi hasharotlar (vektorlar) orqali yuqadigan kasalliklar asosan Shri-Lanka, Singapur va Tailand kabi tropik davlatlarda uchraydi. Shu sababli sogʻliqqa oid yangiliklarni mahalliy sharoitdan kelib chiqmagan holda yoritish jamoatchilik orasida notoʻgʻri tushunchalar va chalkashliklarga sabab boʻlishi mumkin.

Har bir ommaviy axborot vositasining muayyan auditoriyasi mavjud. Masalan, tadqiqotlar shuni koʻrsatdiki, jurnalistlar ayniqsa ehtiyojmand yoki himoyasiz aholi guruhlariga – masalan, OITS bilan yashovchi shaxslar yoki muayyan irqiy guruhlarning salomatligiga oid ma’lumotlardagi tafovutlarni toʻgʻri yoritishga tayyor boʻlmagan. Ular koʻproq oʻz auditoriyasiga yoqadigan ma’lumotni berishni afzal koʻrganlar, natijada ayrim aniq nomuvofiqliklar chetda qolgan (Wallington va boshq., 2010). Bu tafovutlar COVID-19 pandemiyasi davrida yanada yaqqol koʻrindi: koʻpgina xabarlarda afroamerikaliklar koronavirus tufayli koʻproq halok boʻlayotgani ta’kidlangan, biroq juda kam sonli OAV bu holatning asl sabablari — ya’ni mazkur jamoa sogʻliqni saqlash xizmatlariga teng kirish imkoniyatidan mahrum ekani haqida yoritgan (Brooks, 2020).

Tibbiy jurnalistikaning jamoatchilikka ta’siri

Bugungi kunda odamlarning koʻpchiligi salomatlikka oid ma’lumotlarni internet orqali oladi. Biroq jamoatchilikning onlayn tibbiy ma’lumotlarni qanday baholashi juda murakkab masala boʻlib, bu sohada tadqiqotlar soni ham kam. Shu turdagi tadqiqotlardan biri – British Medical Journal nashrida chop etilgan ilmiy ish boʻlib, unda ishtirokchilardan internetdan uy sharoitida foydalanib, sogʻligʻiga oid savollarga javob topish soʻralgan. Tadqiqot mualliflarining ta’kidlashicha, ishtirokchilar veb-sayt ishonchliligini baholashda asosan uning manbasi, professional dizayni, ilmiy yoki rasmiy koʻrinishi, til uslubi va foydalanish osonligiga e’tibor berganlar (Eysenbach va Köhler, 2002). Shu bilan birga, tadqiqotchilar aniqladilarki, internet foydalanuvchilari ma’lumot manbasini yoki uni kim va qanday tuzganini faol ravishda izlamaydilar. Bu tadqiqotning asosiy kamchiliklaridan biri – namuna hajmining kichikligi va tajriba laboratoriya sharoitida oʻtkazilganidir.

Ommaviy axborot vositalarining ta’siri, ayniqsa, gripp mavsumida shifokorlarga murojaat qilish holatlari bilan bogʻliq ravishda ham oʻrganilgan. Trumbo 2012 yilda olib borgan tadqiqotida 2002–2008 yillar oraligʻidagi gazetalarda gripp haqidagi maqolalar yoritilishi va aholi tomonidan shifokorlarga murojaatlar soni oʻrtasidagi bogʻlanishni tahlil qilgan. U 2002–2008 yillar orasida 32 ta gazetaning sarlavhalarini oʻrganib, AQShning Kasalliklarni Nazorat Qilish Markazi ma’lumotlaridan foydalanib, grippga oʻxshash kasallik hamda haqiqiy gripp holatlari boʻyicha shifokorga murojaat qilganlar sonini tahlil qilgan.

Tadqiqot natijalariga koʻra, “oʻtgan haftadagi axborot yoritilishi darajasi grippga oʻxshash alomatlar bilan shifokorga murojaat qilgan shaxslar sonidagi oʻsish yoki kamayishning statistik jihatdan ahamiyatli qismini tashkil etadi” (Trumbo, 2012, 718). Bu holat haqiqiy gripp holatlari soni nazorat qilinganidan soʻng ham saqlanib qolgan. Ya’ni ommaviy axborot vositalaridagi axborotning yoritilish darajasi odamlarning shifokorga murojaat qilish qarorlariga ta’sir qiladi. Masalan, agar gazeta va televidenieda gripp xavfi haqida koʻp xabarlar berilayotgan boʻlsa, odamlar ehtiyot boʻlib, alomatlar sezilsa, tezroq shifokorga borishadi.

Tadqiqotchi bu bogʻlanishni haqiqiy gripp holatlari sonini hisobga olgan holda ham tekshirgan va shundan keyin ham ommaviy axborotning ta’siri saqlanib qolganini aniqlagan – demak, xabarlar soni odamlarning xatti-harakatini real epidemiologik holatdan mustaqil ravishda ham oʻzgartira oladi.

Tadqiqotda bir nechta cheklovlar ham mavjud boʻlgan: birinchidan, barcha ma’lumotlar milliy darajada yigʻilgan, gripp esa hududiy xususiyatga ega boʻlgan mavsumiy kasallikdir. Ikkinchidan, barcha klinikalar boʻyicha grippga oʻxshash alomatlar bilan kelgan bemorlar soni aniq emas, balki taxminan baholangan. Uchinchidan, modelning soddaligi tufayli, shifokorga murojaat qilgan shaxslar ommaviy axborotdagi xabarlarga qanchalik duch kelganini yoki umuman kelmaganini aniqlash mumkin boʻlmagan.

Sogʻliqni saqlash mavzusida axborot tarqatish – bugungi jamiyatimiz uchun juda muhim vazifadir. Biroq bu jarayon ham jurnalistlar, ham axborot iste’molchilari uchun qator muammolarni keltirib chiqaradi. Ushbu tahliliy koʻrib chiqishda tibbiy jurnalistika sohasida hal etilishi zarur boʻlgan asosiy muammo va kamchiliklar aniqlandi. Sogʻliqqa oid ma’lumotlarning notoʻgʻri yoritilishi va sensasion qilib koʻrsatilishi, shaxsiy taxminlarning berilishi, ijtimoiy tarmoqlar orqali soxta xabarlarning jadal tarqalishi, shaxsiy ma’lumotlarni oshkor etish, media kompaniyalar va jurnalistlar tomonidan ochiqlik hamda homiylik haqida ma’lumotlarning berilmasligi shular jumlasidandir. Tadqiqotlar koʻrsatganidek, tibbiy jurnalistika jamiyatga ham ijobiy, ham salbiy ta’sir koʻrsatadi. Raqamli texnologiyalarning, jumladan internet, mobil qurilmalar va ijtimoiy tarmoqlarning rivojlanishi natijasida global aloqalar kuchaydi va salomatlikka oid yangiliklarni olish osonlashdi. Bu holat tibbiy jurnalistikaning samaradorligiga ijobiy ta’sir etgan boʻlsa-da, internetda nazorat va monitoringning qiyinligi tufayli yolgʻon ma’lumotlar va shaxsiy ma’lumotlarni tarqatish muammosi yanada kuchaydi.

Bir nechta ilmiy tadqiqotlar (Keshvari et al., 2018; Moynihan et al., 2000; Ransohoff & Ransohoff, 2001; Smith et al., 2005) shuni koʻrsatadiki, jurnalistlar uchun qisqa muddatli vazifalar (dedlaynlar), sogʻliqni saqlash idoralarining hamkorlik qilmasligi va etarli tayyorgarlikning yoʻqligi tibbiy jurnalistlarning faoliyatiga jiddiy toʻsiq boʻlmoqda.

Shu bois, ommaviy axborot vositalari orqali jamoatchilikni soʻnggi tibbiy yangiliklardan xabardor qilish va aholining tibbiy madaniyatini oshirishning ahamiyatini hisobga olgan holda, hukumat, sogʻliqni saqlash tashkilotlari va ommaviy axborot vositalari birgalikda aniq choralar koʻrishi zarur. Bu choralar sogʻliqni saqlash sohasidagi axborotning aniqligi, ishonchliligi va axloqiy me’yorlarga muvofiqligini ta’minlaydi.

Xulosa

Tibbiy jurnalistika bilan shugʻullanuvchi jurnalistlar uchun ilmiy yoʻnalishdagi asosiy ta’lim (bakalavr darajasi) talabini joriy etish – bu sohadagi sifat va mas’uliyatni oshirishning muhim qadami boʻladi. Shu bilan birga, tibbiyot mutaxassislari va akademiklar tibbiy jurnalistikadagi nosogʻlom amaliyotlarni bartaraf etishda faol ishtirok etishlari lozim. Bu jarayon bir necha muhim yoʻnalishlarni oʻz ichiga oladi:

Birinchidan, ilmiy jamoatchilik va tibbiyot mutaxassislari OAVda chop etilayotgan sogʻliqqa oid ma’lumotlar sifati ustidan nazorat oʻrnatishda faolroq boʻlishlari kerak. Bu ma’lumotlarning ishonchliligi va ilmiy asoslanganligini ta’minlaydi.

Ikkinchidan, tibbiy jurnalistika boʻyicha maxsus tayyorlov va malaka oshirish dasturlarini joriy etish juda muhim. Ayniqsa, jurnalistlar uchun ilmiy kommunikasiya usullarini oʻrgatish hamda bu sohada ta’lim beruvchi akkreditasiyalangan muassasani tashkil etish zarur.

Uchinchidan, mamlakat miqyosida yolgʻon yoki adashtiruvchi tibbiy axborot tarqatishni oldini oladigan qonunchilik mexanizmlari ishlab chiqilishi kerak.

Toʻrtinchidan, jamoatchilikni notoʻgʻri ma’lumotlardan himoya qilish uchun anik va samarali siyosatlar qabul qilinishi lozim.

Nihoyat, tibbiy jurnalistika sifatini oshirish va ishonchli axborot muhitini yaratish uchun sogʻliqni saqlash organlari, olimlar, jurnalistlar, bosma va ijtimoiy OAV platformalari oʻrtasidagi hamkorlikni kuchaytirish hal qiluvchi ahamiyatga ega.

Bu choralar amalga oshirilganda, mamlakatda sifatli, ilmiy asoslangan va mas’uliyatli tibbiy jurnalistika shakllanishiga zamin yaratiladi.

References

Abramson, J. D., Rosenberg, H. G., Jewell, N., & Wright, J. M. (2013). Should people at low risk of cardiovascular disease take a statin? British Medical Journal (Clinical Research Ed.), 347, f6123.

Abroms, L. C., & Maibach, E. W. (2008). The effectiveness of mass communication to change public behavior. Annual Review of Public Health, 29, 219–234.

Appiah, B., Gastel, B., Burdine, J. N., & Russell, L. H. (2015). Science reporting in Accra, Ghana: Sources, barriers and motivational factors. Public Understanding of Science, 24(1), 23–37.

Bandiwadekar, A. S., Shanbhag, N., & Puranik, M. P. (2014). Oral health information in English newspapers: A content analysis study. Journal of Indian Association of Public Health Dentistry, 12, 33–37.

Brooks, R. A. (2020, April). African Americans struggle with disproportionate COVID death toll. National Geographic. Retrieved June 5, 2020, from https://www.nationalgeographic.com/history/2020/04/coronavirus-disproportionately-impacts-african-americans/

Deer, B. (2011). How the case against the MMR vaccine was fixed. British Medical Journal (Clinical Research Ed.), 342, c5347.

Dentzer, S. (2009). Communicating medical news – pitfalls of health care journalism. The New England Journal of Medicine, 360(1), 1–3.

DeStefano, F., & Chen, R. T. (1999). Negative association between MMR and autism. The Lancet, 353(9169), 1987–1988.

Eysenbach, G., & Köhler, C. (2002). How do consumers search for and appraise health information on the world wide web? Qualitative study using focus groups, usability tests, and in-depth interviews. British Medical Journal (Clinical Research Ed.), 324(7337), 573–577.

Gallagher, J. (2020). Coronavirus: Malaria drug hydroxychloroquine ‘does not save lives’. BBC News. Retrieved June 5, 2020, from https://www.bbc.com/news/health-52937153

Higgins, J. (2020, June 25). Covering COVID-19: Reports, resources, and tools. Global Forum for Media Development. Retrieved May 30, 2020, from https://gfmd.info/reporting-on-covid-19-resources-and-tools

Jackson, R. (2020, May 12). Coronavirus treatments: Remdesivir, hydroxychloroquine and vaccines for COVID-19. CNET. Retrieved June 5, 2020, from https://www.cnet.com/how-to/coronavirus-treatments-remdesivir-hydroxychloroquine-and-vaccines-for-covid-19/

Keshvari, M., Yamani, N., Adibi, P., & Shahnazi, H. (2018). Health journalism: Health reporting status and challenges. Iranian Journal of Nursing and Midwifery Research, 23(1), 14–17.

Larsson, A., Oxman, A. D., Carling, C., & Herrin, J. (2003). Medical messages in the media – barriers and solutions to improving medical journalism. Health Expectations, 6(4), 323–331.

Lawson-Borders, G. (2011). Making the connection: Digital media and intelligent networking. Global Media Journal, 11(19), 1–15.

Matthews, A., Herrett, E., Gasparrini, A., Van Staa, T., Goldacre, B., Smeeth, L., & Bhaskaran, K. (2016). Impact of statin related media coverage on use of statins: Interrupted time series analysis with UK primary care data. British Medical Journal (Clinical Research Ed.), 353, i3283.

Moynihan, R., Bero, L., Ross-Degnan, D., Henry, D., Lee, K., Watkins, J., Mah, C., & Soumerai, S. B. (2000). Coverage by the news media of the benefits and risks of medications. New England Journal of Medicine, 342(22), 1645–1650.

Ransohoff, D. F., & Ransohoff, R. M. (2001). Sensationalism in the media: When scientists and journalists may be complicit collaborators. Effective Clinical Practice, 4(4), 185–188.

Schwitzer, G. (2008). How do US journalists cover treatments, tests, products, and procedures? An evaluation of 500 stories. PLOS Medicine, 5(5), e95.

Taylor, B., Miller, E., Farrington, C. P., Petropoulos, M. C., Favot-Mayaud, I., Li, J., & Waight, P. A. (1999). Autism and measles, mumps, and rubella vaccine: No epidemiological evidence for a causal association. The Lancet, 353(9169), 2026–2029.

Trumbo, C. (2012). The effect of newspaper coverage of influenza on the rate of physician visits for influenza 2002–2008. Mass Communication and Society, 15, 718–738.

United Nations Development Programme. (2020, March). COVID-19: WHO, UNICEF and UNDP partner with WhatsApp to get real time health information to billions around the world. Retrieved August 16, 2020, from https://www.undp.org/content/undp/en/home/news-centre/news/2020/COVID-19_WHO_UNICEF_UNDP_Partner_with_WhatsApp_to_Get_Real_Time_Health_Information_to_Billions_around_the_World.html

Veloudaki, A., Zota, D., Karnaki, P., Petralias, A., Saranti Papasaranti, E., Spyridis, I., & Linos, A. (2014). Reporting health in Europe: Situation and needs. Journal of Communication in Healthcare, 7, 158–170.

Wallington, S. F., Blake, K. D., Taylor-Clark, K., & Viswanath, K. (2010). Challenges in covering health disparities in local news media: An exploratory analysis assessing views of journalists. Journal of Community Health, 35(5), 487–494.

Zarocostas, J. (2020). How to fight an infodemic. The Lancet, 395(10225), 676.

Published

Downloads

Author Biography

Shahnoza Inomjonovna Haytalieva,
Uzbek State World Languages University

Uzbek State World Languages University

How to Cite

Haytalieva, S. I. (2026). The role of health journalism in society: impact and development challenges. The Lingua Spectrum, 12(1), 67–75. Retrieved from https://lingvospektr.uz/index.php/lngsp/article/view/1405