Перефразирование терминов в романе «Минувшие дни» Абдуллы Кадыри

Авторы

  • Узбекский государственный университет мировых языков
Перефразирование терминов в романе «Минувшие дни» Абдуллы Кадыри

Аннотация

Как бы ни была важна роль терминов, считающихся объектом терминологического исследования, в развитии современного узбекского литературного языка, в узбекском литературоведении XX века термины играли ведущую роль в сохранении чистоты языка, осознании новых открытий, концепций и тенденций, возникших в результате общественно-политических изменений, обогащении словарного состава языка. В романе «Минувшие дни» Абдуллы Кадыри также можно встретить множество терминов и выражений, связанных в основном с религией, архитектурой и строительством, а также другими областями науки. Анализ специальной терминологической литературы показывает, что отраслевыми экспертами высказано множество мнений относительно уточнения терминологии. В статье рассматриваются трудности и методы их преодоления при переводе терминов на английский язык в романе «Минувшие дни» Абдуллы Кадири, одним из представителей узбекского джадидского движения, и считающимся жемчужиной узбекского национального романизма, в какой степени термины нашли свои эквиваленты в английских переводах романа, а также проблемы классификации терминов. В статье представлены методы перевода, используемые для решения сложностей перевода терминов на английский язык с использованием сравнительно-аналитического метода, на основе примеров из всех трех вариантов перевода произведения.

Ключевые слова:

Термин транслитерация английский язык историзм исторические слова методы перевода терминология

Zamonaviy oʻzbek adabiy tili taraqqiyotida terminologiyaning tekshirish obyekti hisoblangan terminlarning oʻrni qay darajada ahamiyat kasb etsa, XX-asr oʻzbek adabiyotshunosligida ham til sofligini saqlash, ijtimoiy-siyosiy oʻzgarishlar natijasida yuzaga kelgan yangi kashfiyot, tushuncha va yoʻnalishlarni voqelantirish va til lugʻat tarkibini boyitishda terminlar yetakchi vazifalarni bajarib kelgan. Abdulla Qodiriyning “Oʻtkan kunlar” romanida ham, asosan, diniy, arxitektura va qurilishga doir va boshqa fan sohalariga ta’luqli termin va atamalarni koʻplab uchratish mumkin.

Termin soʻzi lotincha terminus – “chegara, chet, had” ma’nolarini anglatib, muayyan faoliyat turi yoki maxsus sohaga oid tushunchani anglatuvchi soʻz yoki soʻz birikmasiga nisbatan qoʻllanadi. Terminologiyaga doir maxsus adabiyotlar tahlili shuni koʻrsatadiki, termin istilohini yoritishga oid soha mutaxassislari tomonidan talaygina fikr-mulohazalar bildirilgan. Quyida termin ta’rifi xususida ayrim olim va mutaxassislar tomonidan ilgari surilgan qarashlarni bayon etamiz.

  1. P. Danilenkoning fikricha, “terminologiya umumadabiy tilning mustaqil funksional qatlami hisoblanib, ilm-fan va texnika tili sifatida izohlanadi” (Danilenko, 1977). Termin tilga ma’lum terminologik tizim orqali oʻzlashib, tildagi leksik qatlamni toʻldiradi hamda boshqa funksional leksemalardan oʻz terminologik maydonida bir ma’nolilikka moyilligi, oʻzida expressivlik xususiyati yuklanmaganligi va uslubiy jihatdan betarafligi bilan ajraladi. U. Yuelning ta’kidlashicha, “termin ilm-fan va texnika sohasiga doir tushunchalarni ifodalaydigan soʻzlar yigʻindisi sanaladi” (Whewell, 1967). Bundan tashqari, terminlar inson faoliyati doirasining maxsus maydonidagina voqelanadi. H. Dadaboyevning qayd etishicha, “Terminologik leksika oʻz tarkibiga tor mutaxassislik doirasidan ommaviy muloqot doirasiga koʻchgan noprofessional nutqiy kontekstda keng qoʻllanadigan soʻz va soʻz birikmalarini qamrab oladi. Umumadabiy til doirasiga oʻtgan termin oʻz terminologiyasi, terminologik maydoni va sistemasidan yiroqlashadi, terminlik xarakteristikasidan ajralib qoladi” (Dadaboyev, 2020). Demak, muayyan terminologik sistemadan muhtahkam oʻrin egallagan ayrim soʻz yoki soʻz birikmalari ma’lum vaqtdan soʻng umumiste’mol doirasi koʻchgach, terminologik xususiyatini yoʻqotadi. Shuningdek, kundalik iste’moldagi ayrim soʻzlar ayni paytda boshqa sohalarga oid termin sanalishi ham mumkin. H. Dadaboyevning e’tirof etishicha, termin soʻzini ta’riflashda substansional, funksional hamda derivatsion tamoyillar hukm suradi (Dadaboyev, 2020).

  Substansional tamoyil tarafdorlari fikricha, terminlarda tildagi boshqa leksik birliklarga qaraganda bir ma’nolilik (monosemantikliligi), sistemlilik, aniqlik, kontekstga bogʻliq boʻlmaslik va emotsional-expressiv boʻyoqqa (konnotatsiyaga) ega emasligi ustunlik qiladi.

  Funksional qarashga koʻra, termin muayyan til leksikasi doirasidagi barcha soʻzlar kabi teng huquqli birlik sanaladi, ya’ni istalgan soʻz termin boʻlishi mumkin.

  Derivatsion gʻoya tarafdorlarining ta’kidlashicha, termin ma’lum spetsifik belgi-xususiyatga xos, maxsus yaratilgan soʻz boʻlib, u tilda yangi realiyani ifodalash ehtiyoji natijasida hosil boʻladi. Shuningdek, tilda termin, soʻz, atama va istiloh tushunchalari oʻzaro bogʻliq boʻlib, ularni bir-biridan ajratuvchi xususiyatlar mavjud.

Termin – xususiy va tor, ilmiylik semasiga ega, tilda faol va harakatchan, expressivlik va emotsional boʻyoqdorlikka ega emas, ilm-fan va tor mutaxassislikka oid, konkret va aniq, kelib chiqishiga binoan ikkilamchi, jamiyat taraqqiyotining ma’lum davrida ma’lum fan taraqqiyoti tufayli yuzaga keladi; 

Soʻz – ilmiylik tushunchasiga ega emas, qoʻllanish troyektoriyasiga nisbatan mavhum va noaniq, emotsional-expressiv yuklamaga ega, sohaviy qoʻllanish qobiliyatiga koʻra universal, kelib chiqishiga binoan birlamchi, 

Atama – umumiy va keng, nisbatan abstrakt, ilmiylik semasiga ega emas, faol va harakatchan emas, koʻchma ma’noda qoʻllanmaydi; 

Termin soʻzdan shunisi bilan farqlanadiki, terminning qoʻllanish doirasi cheklangan boʻlib, uning ma’nosi kontekstga bogʻliq boʻlmaydi. Termin tilda zarurat tufayli yaratiladi.

Istiloh – aranchadan oʻzlashgan mazkur leksema esa “tarixiy terminologiya aspektidagi izlanishlar, tarixiy manbalar matnidagi tushunchalarga nisbatan” (Madvaliyev, 2017) qoʻllanadi. Misol uchun, “аtamaterministiloh soʻzlaridan birgina atama soʻzi atamadir. Shuningdek, talabastudenttolib soʻzlari ichida faqatgina talaba soʻzi atama sanaladi. Xuddi shunday, shakldosh soʻzlaromonimlar, ma’nodosh soʻzlarsinonimlar, zid ma’noli soʻzlarantonimlar juftligining birinchilari atamalar ikkinchilari esa terminlardir” (Suyunov, 2024).

  1. Ochilovning ta’kidlashicha, terminlarni tarjima qilishda uch tamoyil hukm suradi (Ochilov, 2012):
  2. Muayyan termin tarjima matnida shaklan oʻzgarishsiz qoʻllaniladi. Masalan, matematika, astronomiya, biologiya, printer, mashina va boshqalar. Mazkur usulning afzalligi terminning bir ma’noliligi va dunyoning deyarli barcha mamlakatlari tillarida bir xilda ifoda planiga egaligi bilan izohlanadi. Bundan tashqari, istifoda qilinayotgan termin orqali ifodalangan tushunchani yetkazib berishda murakkablik kuzatilmaydi.
  3. Asliyatdagi terminni tarjima tilidagi muqobili bilan almashtirish usuli. Misol uchun, original – asl, haqiqiy, psixolog – ruhshunos, tekst – matn, semantik – ma’noviy, lingvistik – lisoniy va shu kabilar. Ammo, bu har qanday terminni tarjima tilidagi muqobili bilan almashtirish mumkin ekanini anglatmaydi. Masalan, ruchka soʻzini olaylik. Oʻzbek tiliga rus tilidan oʻzlashgan ushbu leksema qoʻlcha, dastak, tirgak, dasta kabi ma’nolarni beradi. Rus tilidagi рука (r. qoʻl) soʻzini kichraytirilgan shakli hisoblangan mazkur yozuv qurolini oʻzbek tilidagi qoʻlcha muqobili bilan almashtirib boʻlmaydi. Qoʻllangan taqdirda ham oʻzbekzabon soʻzlashuvchilari tomonidan tushunilmaydi. Shu sababli, mazkur leksema rus tilidagi ruchka shaklida istifoda qilinadi.
  4. Soʻzma-soʻz tarjima qilish, kalkalash usuli. Misol uchun, metodist – uslubchi, differensial – farqlovchi, ekvivalent – muvofiq keluvchi, teng qiymatli, abzats – hatboshi va h.k.

Tahlilimizni adibning “Oʻtkan kunlar” romanida qoʻllanilgan terminlar asarning inglizcha tarjimalarida qay darajada oʻz muqobillarini topgani, terminlarning inglizcha oʻgirmalarida qanday tarjima usullaridan foydalanilgani hamda ekvivalentlik darajasi qay yoʻsinda qaror topgani xususida davom ettiramiz. Romanning II-qismi, “Navo kuyi” nomli faslida muallif oʻsha davrning ijtimoiy-maishiy vaziyatini qalamga olib, aksariyat qismi musulmonlardan iborat boʻlgan oʻlkada yashovchi aholining haqqoniy turmush tarzi, fe’l-atvorini xolis chizgilar yordamida yoritishga harakat qiladi. Mazkur faslda shunday jumlani uchratish mumkin:

“Zoni bilan zoniyalar ham peshtoqdan tashlanadirlar, ichkulik ichkan uchun qirq darra uriladir. Rais afandi mulozimlariga darra koʻtartirib, namozsizlarni tekshiradir, farzi ayn bilmaganlami urdiradir edi”(Qodiriy, 2004).  

Mazkur jumlada arxitekturaga oid peshtoq va rais, farzi ayn, zoni, zoniya singari diniy terminlar koʻzga tashlanadi. Ushbu arxitekturaga doir va diniy terminlar inglizcha tarjimalarda quyidagicha ifoda etilgan.

  1. Tuxtasinov, O. Moʻminov, A. Hamidovlar talqinida:

Adulterers were thrown from the top of the tower and those who drunk alcohol were pummeled with special sticks forty times. Keepers of morals together with their servants got the people pummeled who did not pray and observe the rules of Islam” (Tuxtasinov, 2017). Tarjimaning mazmuni: Zinokorlar minora tepasidan uloqtirilar va spirtli ichimlik ichganlar esa qirq marta maxsus tayoqlar bilan urilardi. Ma’naviyat himoyachilari oʻz xizmatkorlari bilan birga namoz oʻqimagan va islom ahkomlariga rioya qilmaganlarni urardilar (Tarjima muallifdan).

  1. Riz tarjimasi:

Zoni and zoniya, prostitutes and adulteresses alike, were thrown to their deaths from high arches. Drunkards were given forty lashes. The rais afandi, who enforced morality, and their minions conducts searches and interrogated suspects, whip in hand” (Riz, 2019). Tarjimaning mazmuni:  Fohishalar va zinokorlar baland arklardan uloqtiriladilar. Ichkilik ichganlarga qirq darra uriladilar. Axloq posbonlari boʻlgan rais afandi va ularning xizmatkorlari tintuv oʻtkazib, gumondorlarni soʻroq qilishadi va qoʻllariga urishadi (Muallif tarjimasi).

Kerol Ermakova oʻgirmasi:

Fornicators and whores were hurled from towers; those who drank were sentenced to forty lashes. Aided by mulazims, the moral guardians carried out their investigations and interrogations bearing barbed whips” (Ermakova, 2019). Tarjimaning umumiy mazmuni: Zinokorlar va fohishalar minoralardan uloqtirilar edilar; ichkilik ichganlar qirq darraga hukm qilinar edilar. Mulazimlar koʻmagida axloq posponlari tikanli qamchi koʻtarib tergov va soʻroqqa tutardilar (Tarjima muallifdan).

 

 

Asliyat matnidagi realiyalar

I. Tuxtasinov, O. Moʻminov, A. Hamidov tarjimasi

Mark Riz tarjimasi

Kerol Ermakova tarjimasi

 

Zoni bilan zoniyalar ham peshtoqdan tashlanadirlar, ichkulik ichkan uchun qirq darra uriladir. Rais afandi mulozimlariga darra koʻtartirib, namozsizlarni tekshiradir, farzi ayn bilmaganlami urdiradir edi (Qodiriy, 2004).

 

 

 

Adulterers were thrown from the top of the tower and those who drunk alcohol were pummeled with special sticks forty times. Keepers of morals together with their servants got the people pummeled who did not pray and observe the rules of Islam (Tuxtasinov, 2017).

 

Zoni and zoniya, prostitutes and adulteresses alike, were thrown to their deaths from high arches. Drunkards were given forty lashes. The rais afandi, who enforced morality, and their minions conducts searches and interrogated suspects, whip in hand (Riz, 2019).

Fornicators and whores were hurled from towers; those who drank were sentenced to forty lashes. Aided by mulazims, the moral guardians carried out their investigations and interrogations bearing barbed whips

(Ermakova, 2019).

 

 

 

Jadval 1. Tadqiq etilayotgan parcha tarkibidagi terminlarning inglizcha tarjimalari chogʻishtirma tahlili

 

Jadvaldan koʻrinadiki, har uchala tarjima variantlarida ham tarjimonlar parchada tahlilga tortilayotgan terminlarni tarjima matnida imkon qadar toʻliq qayta tiklashga uringanliklariga guvoh boʻlamiz, ammo tarjimada xomtamalik, noaniqlik va mavhumlikka yoʻl qoʻyib boʻlmaydi. Jumla tarkibidagi zoni leksemasi arab tilidagi zoniy (OʻTIL, 2005) [arab. – zino qiluvchi] leksemasining xalq soʻzlashuv tilidagi morfologik oʻzgargan shakli hisoblanib, zino qiluvchi erkakka nisbatan qoʻllaniladi. Arab tilida jins kategoriyasi ikki toifaga ajratiladi: muannas (ayol, jenskiy) va muzakkar (erkak, mujskoy) jins (Amonov, 2023). Muannas jinsga oid soʻzlar morfologik xususiyatiga koʻra muzakkar jinsidagi leksemalardan soʻz oxiridagi – a suffiksi bilan farqlanadi. Demak, zoni(y) zinokor erkak, zoniya esa zinokor, buzuqi ayolni anglatuvchi diniy terminlardir. I. Tuxtasinov, O. Moʻminov, A. Hamidovlar tomonida amalga oshirilgan tarjimada ushbu terminlar adulterers (zinokor erkaklar) shaklida, M. Riz talqinida esa zoni and zoniya, prostitutes and adulteresses (zoni va zoniyalar, fohishalar va fohisha ayollar) shaklida, K. Ermakova tarjimasida esa fornicators and whores (zinokor erkaklar va fohishalar) koʻrinishida qayta tiklangan. Masalaning qiziq jihati shundaki, ingliz tilida bu terminlarga toʻliq muvofiq keladigan adulterer (zinokor erkak) va adulteress (zino qiluvchi, fohish, buzuqi ayol) leksemalari mavjud boʻlsa-da, negadir romanning har uchala inglizcha tarjimalarida mazkur leksik birliklar turlicha (ayrim hollarda noaniq) oʻgirilgan. Masalan, M. Riz ushbu terminlarni transliteratsiya qilib, inglizcha muqobillarini berishga urinadi, ammo zoniy soʻzini prostitute shaklida, zoniya leksemasini esa adulteress deb ifodalaydi. Muammo shundaki, ingliz tilining izohli lugʻatlaridan biri Oksford lugʻatida prostitute leksemasiga “a person, typically a woman, who engages in sexual activity for payment (ODE, 2010) (biror toʻlov uchun jinsiy aloqa (buzuqilik) bilan shugʻullanadigan inson, odatda ayol kishi) deb ta’rif beriladi. Demak, prostitute leksemasi zoniy soʻziga ekvivalent boʻla olmaydi. Umuman olganda, har uchala tarjimalarda mazkur ikki termin yoki jinsiy neytral soʻzlar yordamida yoki notoʻgʻri jinsga oid soʻz oʻrqali oʻgirib ketilaverilgan. Keyingi peshtoq leksemasi [forscha “pesh” – old, arabcha “toq” – qubba, arka, gumbaz] madrasa, masjid, maqbara, karvonsaroy kabi binolarning old tomondagi serhasham yuqori qismi, mehrob shaklli baland darvoza, arkka (OʻTIL, 2005) nisbatan qoʻllaniladigan arxitekturaga oid termindir. Q. Rajabov va S. Inoyatovlarning ma’lumot berishlaricha (Rajabov, 2016), yaqin oʻtmishda baland minora va peshtoqlar musulmonlarni azonga chaqirish, kuzatuv punkti, oʻlchov vazifasini hamda, ayrim hollarda, aholi ichida buzuqilik yoki xoinlik qilgan insonlar tomoshaviy qatl qilinadigan joy boʻlib, ularni minora peshtoqidan tashlab yuborish orqali jazolash usuli qoʻllanilgan. Mazkur leksema inglizchaga portal shaklida oʻgiriladi. I. Tuxtasinov, O. Moʻminov, A. Hamidovlar talqinida ushbu termin inglizchaga tower (minora) shaklida, M. Riz tomonidan high arches (baland ravoqlar) va K. Ermakova tarjimasida esa towers (minoralar) tarzida agʻdarilgan. E’tiborlisi shundaki, minora va ravoq arxitekturaviy oʻzlarining yechimi va qurilish jihatidan peshtoqdan tubdan farqlanadi. Toʻgʻri, jazolanuvchini minoraning ustki qismidan tashlab yuborish mumkin, ammo ravoqdan emas, chunki    ravoq  “toqning bir turi, bino devorlaridagi deraza va eshik oʻrinlarining yuqori qismiga qoʻyiladigan mehrobiy yoysimon qurilma” hisoblanib, bunoning old tomonida peshtoq va ustunlar bilan ziynatlangan qismdir. Oʻzbek tilining izohli lugʻatida rais terminiga “diniy marosim va urf-odatlarning bajarilishini kuzatib boruvchi, shuningdek, oʻlchov va tosh-tarozilarning toʻgʻriligini tekshiruvchi mansabdor shaxs” (OʻTIL, 2005), shaklida ta’rif berilgan. Adib jamiyatda oʻz mas’uliyatiga nisbatan sovuqqon, zimmasi yuklangan vazifani toʻliq bajarmaydigan, ikkiyuzlamachi, munofiq kimsalarni chuqur satira va yumorga olib, kinoya tarzida ularni shaxsiyati va lavozimiga mos kelmaydigan soʻz va atamalar bilan “jazolaydi.” Jumla tarkibidagi afandi leksemasi ham kishi ismiga tirkalib, hurmat bildiruvchi yoki vazifasidan yanglishib doim odamlar orasida kulgu va mazax qilinadigan insonlar ismi oldidan keladigan mazkur termin rais soʻziga qoʻshilin oʻziga xos kinoyaviy, satirik yuklama hosil qilingan. Bu kabi soʻzlarni translitaratsiya qilinib, izohlab ketilsa maqsadga muvofiq boʻladi. Jumla davomida qoʻllanilgan farzi ayn termini mukallaf har bir musulmon bajarishi shart boʻlgan farzni anglatuvchi diniy termin sanaladi.  I.Tuxtasinov, O. Moʻminov, A. Hamidovlar mazkur termini inglizchada rules of Islam (Islom dini qoidalari) shaklida qayta tiklagan boʻlsa, M. Riz tomonidan esa ushbu diniy termin morality (odob, ahloq) tarzida oʻgirilgan. K. Ermakova tomonidan amalaga oshirilgan tarjimada terminga mos keladigan muqobil soʻz qoʻllanmagan. Tadqiqotimizda tahlil etilayotgan ushbu diniy terminni farzi ayn koʻrinishida transliteratsiya qilib, individual religious obligation (har bir shaxsning oʻzi bajarishi kerak boʻlgan diniy vazifa) tarzida izohlab tarjima qilish usulidan foydalanishga jazm etdik.

 

 

Asliyat matnidagi realiyalar

I. Tuxtasinov,     O. Moʻminov,        A. Hamidovlar tarjimasi

Mark Riz tarjimasi

Kerol Ermakova tarjimasi

Biz taklif etayotgan tarjima varianti

peshtoq

tower

high arches

towers

portal

rais (afandi)

 

keepers of morals

 

rais afandi

 

moral guardians

 

rais afandi (moral guardian)

farzi ayn

 

rules of islam

 

morality

 

 

farzi ayn (individual (religious) obligation)

zoni(y)

adulterers

zoni (prostitutes)

fornicators

adulterers

zoniya

 

 

zoniya (adulteresses)

whores

 

adulteresses

 

Jadval 2. Tahlil etilayotgan terminlarning inglizcha tarjimalarining chogʻishtirma tahlili

 

Demak, butun jumlani ingliz tilida quyidagicha qayta ifodalash mumkin:

Adulterers and adulteresses were hurled off the portal, and those who drank were whipped forty lashes. The Rais Effendi (moral guardian) would tell his minions to hold (belt) lashes, keep a watchful eye on those who did not pray, and beat those who did not perform their farzi ayn (individual obligations). (tarjima muallifdan)

Xulosa oʻrnida ta’kidlash joizki, terminologiya tilshunoslikning muntazam oʻrganib kelinayotgan tadqiqot obyektlaridan biri sanalib, umumadabiy tilning mustaqil funksional qismidir. Terminologiy ilm-fan va texnikaga oid soʻz va soʻz birikmalari majmui hisoblanib, umumabadiy til strukturasi asosida shakllanib boradi. Termin, atama, soʻz hamda istiloh tushunchalari ilmiylik semasiga, muayyan mutaxassislikka tegishliligiga, tilda dinamik, faol va harakatchanligiga, kelib chiqishiga, expressivligiga va boshqa qator parametrlariga koʻra bir-birlaridan farqlanadi. Abdulla Qodiriyning “Oʻtkan kunlar” romanida ham diniy, arxitekturaviy va boshqa sohalarga ta’luqli terminlardan koʻplab qoʻllanilganiga guhov boʻlamiz. Terminlarni boshqa tillarga oʻgirishda mazkur terminlarni shaklan oʻzgarishsiz koʻchirib oʻtkazish (atronomiya, agronom, matematika kabi), transliteratsiya qilish, asliyat matnidagi terminga tarjima matnida mos keluvchi muqobili bilan almashtirish hamda soʻzma-soʻz tarjima usullari keng istifoda qilinadi. A. Qodiriyning “Oʻtkan kunlar” romani inglizcha tarjimalari chogʻishtirma tahlili shuni koʻrsatadiki, I. Tuxtasinov, O. Moʻminov, A. Hamidovlar talqinida diniy sohaga oid terminlar tarjimasida soʻzma-soʻz tarjima usulidan foydalanilgani, tarjima matnida oʻz ekvivalentlarini qisman topgani koʻriladi. M. Riz tomonidan amalga oshirilgan tarjima variantida termin va atamalar transliteratsiya qilinib, izohlash usuli yetakchilik qiladi, ammo ayrim terminlar, asosan, arab tilidan oʻzlashgan, diniy sohaga tegishli xos leksemalar inglizchada jins kategoriyasiga nisbatan notoʻgʻri qayta ifoda etilgani koʻzga tashlanadi. Bu esa tarjimonning arabchadan oʻzlashgan terminlar etimologiyasidan behabarligi yoki soʻz ma’nosini notoʻgʻri tahlil etilgani bilan izohlanadi (masalan, zoniy va zoniyalarprostitutes and adulteresses), deb hisoblaymiz. K. Ermakova tarjimasida esa ayrim islomiy tushunchalar va diniy atama va terminlarni asliyat matnida nazarga tutilganidan farqli shaklda, boshqa soʻz va terminlar bilan almashtirish, ayrim oʻrinlarda esa, jins kategoriyasiga nisbatan neytral soʻz bilan qoʻllash holatlari kuzatiladi. Umuman olganda, romanning uchala tarjimalari orasida K. Ermakova tomonidan amalga oshirilgan tarjimada terminlarni tarjima matnida nisbatan oʻz muqobillarini topgan, deb oʻylaymiz.

Библиографические ссылки

Amonov, M., Qosimova, O. (2023) Jins kategoriyasi va uning turli tizimli tillarda ifodalanishi. Oriental Renaissance: Innovative, educational, natural and social sciences. 3(3), March.

Dadaboyev, H. (2020) Oʻzbek Terminologiyasi. Toshkent. Yoshlar nashriyot uyi.

Dadaboyev, H. (2020) Oʻzbek Terminologiyasi. Toshkent. Yoshlar nashriyot uyi.

Ermakova, C. (2019) Days Gone By by A. Kadiriy. Nouveau Monde editions.

Ermakova, C. (2019) Days Gone By by A. Kadiriy. Nouveau Monde editions.

Madvaliyev, A. (2017) Oʻzbek terminologiyasi va leksikografiyasi masalalari. Toshkent. Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi.

Ochilov, E. (2012)Tarjima nazariyasi va amaliyoti. Toshkent.

Oxford Dictionary of English (2010) Oxford University Press.

Oʻzbek tilining izohli lugʻati. (2005) Oʻzbekiston Milliy Ensiklopediyasi.

Oʻzbek tilining izohli lugʻati. (2005) Oʻzbekiston Milliy Ensiklopediyasi.

Oʻzbek tilining izohli lugʻati. (2005) Oʻzbekiston Milliy Ensiklopediyasi.

Qodiriy, A. (2004) “Oʻtkan kunlar”. Sharq. Toshkent.

Qodiriy, A. (2004) “Oʻtkan kunlar”. Sharq. Toshkent.

Qodiriy, A. (2017) The Days Gone By: Novel. I, M. Tukhtasinov, O, M.Muminov, A, A. Khamidov. Toshkent. “Mashhur-press”.

Qodiriy, A. (2017) The Days Gone By: Novel. I, M. Tukhtasinov, O, M.Muminov, A, A. Khamidov. Toshkent. Mashhur-press.

Rajabov, Q., Inoyatov, S. (2016) Buxoro tarixi. “Tafakkur”. Toshkent.

Reese, M. (2019) Bygone Days by Abbullah Qodiriy. USA. Middletown.

Reese, M. (2019) Bygone Days by Abbullah Qodiriy. USA. Middletown.

Suyunov, B. (2024) Термин ва бошқа тил бирликлари масаласи. International scientific and practical conference “Science, Education and Innovation: Problems, Solutions and Prospects”. May 17-18.

Whewell W. (1967) The philosophy of the inductive sciences founded upon their history. Vo. (I-II). London.

Даниленко, В.П. (1977) Русская терминология. Опыт лингвистического описания. Москва.

Опубликован

Загрузки

Биография автора

Элмурод Турсунов,
Узбекский государственный университет мировых языков

Старший преподаватель

Как цитировать

Турсунов, Э. (2025). Перефразирование терминов в романе «Минувшие дни» Абдуллы Кадыри. Лингвоспектр, 5(1), 101–108. извлечено от https://lingvospektr.uz/index.php/lngsp/article/view/818

Выпуск

Раздел

Статьи

Похожие статьи

1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 > >> 

Вы также можете начать расширеннвй поиск похожих статей для этой статьи.